OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jovli Hushboq. Qayg‘uning surati (hikoya)

Qunduz Aliyorova xotirasiga
    
Sensiz o‘tgan yillar hayotimning eng qora kunlaridir. Butun vujudim qayg‘u bilan sug‘orilgandek harakatlarim sust. Karaxt. Tush ko‘rayotgandek ba’zan yurak larzaga keladi.
Dunyoga loqayd boqib: “Endi menga hammasi baribir” degandek ko‘p narsalardan ko‘ngil qolar ekan. Osmon uzilib yerga tushsayam sira parvoyimga kelmadi. “Axir, shunday oqila, shunday farosatli, shunday diyonatli insonga bu dunyo torlik qilganda men yashab nima karomat ko‘rsatar edim”. Ko‘ngil ko‘chasida turli xayollar, har xil xush, noxush o‘ylar...
Hayot deganlari nahotki shunchalik bevafo, be­rahm bo‘lsa? Kishi go‘yo bir lahza umr ko‘rib, yarq etgan yulduz kabi zum o‘tmay so‘nib ketaveradi!
Ba’zan kechalari uyqu uchadi. Harakat qilsang, qanchalik urinsang ham kiprik qoqmay, miq etmay turaverasan. Go‘yo seni birov bexosdan uyg‘otib yuborgandek o‘rningdan turib ketasanu atrofga olazarak boqasan... Keyin soatlab xayol daryosi uzra suza boshlaysan. Dunyo bunchalik keng, uzun bo‘lmasa? Qancha suzsang, qancha xayol sursang ham sira boshi- keti ko‘rinay demaydi.
Goho u bilan birga o‘tgan totli kechalarni eslab qolasan. Bunday daqiqalar esa cheksiz, nihoyasiz. Ularni bot-bot xotirlaging kelaveradi.
– Men qarigan chog‘da siz bilan birga yashamayman, qizlarim bilan o‘g‘illarimnikiga ketib qo­laman!
Kim u, avliyomi? Mana yigirma yildirki, yo‘q. Olis-olislarga – hali tug‘ilmagan bolalarinikiga jo‘nab yuborgandek.
– Men ham sening izingdan boraman. Axir o‘sha... farzandlaringnikiga ketsang, u yoqda sen bilan yashayman!
– Yo‘g‘-e, – u sharaqlab kular, quvonchidan butun uy larzaga kelar, kulgu nihoyatda samimiy, yurakdan otilib chiqar edi.
Nomardlik inson bilan yonma-yon yashaydi. Undan qochib qutulishning sira iloji yo‘q. Ayniqsa, kishida subut degan bir kalima so‘zga jo narsadan asar bo‘lmaganda.
Mana men, haliyam shu yerda qimirlab, xuddi telbalardek bor yoki yo‘qligim bilinmay yuribman. Uning orqasidan o‘zi aytgan joyga – u go‘zal sevgilim ketgan tarafga borganim yo‘q.
Ba’zan ko‘ngil ra’yiga qaraging, uning ko‘chasi­dan lip etib o‘tging, noxush o‘ylarga erk berging keladi; “bor-e, deb o‘z jonimga qasd qilsammikin? Ammo, bunday qilolmayman. Axir, undan qolgan to‘rt yodgorlik bor. Kim odam qiladi, kim o‘qitib, uyli-joyli qiladi? ”. Shunday o‘ylar taskin beradi, shashtimdan qaytaradi.
Yurakdagi qayg‘uni sira quvib yubora olmaysan. Quvishga nechog‘lik urinma, yana yopirilib kelaveradi, yuragim derazalaridan mo‘ralaydi. Se­ni ezg‘i­lab, g‘ijimlab, yamlab yutib yuborgudek bo‘la­veradi.
Bu, qayg‘u deganlari bunchalik cheksiz, nihoyasiz.
Yana...
Shunday kunlarda qahringni ming chandon oshiradigan odamlar borligiga kuyib o‘lging, bu dunyodan boshingni olib chiqib ketging keladi.
Nima emish deng, palonchiga , pismadonchiga, magazinchi qizga uylanayotgan emish. Yaqinda to‘yi...
Istaraning yo‘q bo‘lsa berolmaydigan, bor bo‘l­sa ko‘rolmaydigan, umrini faqat g‘iybat deb atalmish bir bahaybat ajdahoni minib o‘tkazishni xush ko‘radigan kimsalariga ana shunday so‘zlarni ko‘cha-kuyda, odamlar to‘planib turadigan yerlarda og‘izdan bol tomib chaynash nechog‘lik yoqimli tuyular ekan?
Birdan yurak yorilay deydi, bu yoqda ko‘zyosh­laringni selday quyib, o‘z yog‘ingga o‘zing qovurilib yotsangu, u yoqda qishloqdagilar seni koptok qilib tepishni, ermak qilishni xush ko‘rishsa...
Hali umr yo‘ldoshim bu dunyoni abadul abad tark etganiga ancha bo‘layapti-yu, shunday sovuq, ilon kabi kishi badaniga vishillab o‘rmalayotgan so‘zlar bolalashiga tishni tishga qo‘yib chidashdan o‘zga cho­ra topolmas ekansan. Ba’zan: “Odamlar bunchalik berahm, kaltafahm, bunchalik loqayd va kishilarning yuragini ezib, suvini ichishni xush ko‘radigan hashoratlar kabi bo‘lmasa edi... Allaqachon yer yuzida adolat, yaxshilik urug‘lari nish urib, hayotimiz gullari olamni bezagan, turmush otlig‘ bir uqubat emas, shodu xurramlikka to‘liq bo‘lur edi” deya hay­qirging keladi.
Yana...
Yana tig‘ yurakka qadalgancha hali-hali sug‘u­ril­may azob berib turibdi. Shunday tig‘ki dashnom tig‘­lari.
Idorada bir necha kishi gurunglashib o‘tiribmiz. Begonalar ham bor. Shunda bir uzoq tanishim:
– Uylandingizmi? – dedi.
Til aylanmay qoldi. Yurak so‘zlashga tayyor edi. Ko‘ngil oynasi chil-chil, olam esa zimistonga aylangandek bo‘ldi. “Nega ko‘pchilikning o‘rtasida bunday dedi ekan? Yo sening xotining o‘lgan-ku de­moqchimikin?”.
 Ha, farosatni haqiqatdan Xudo ayamasdan bergan ekan. Ko‘nglidan o‘tgan gapi tiliga chiqdi. “Axir, sizning uyingiz singan-ku, shuning uchun uylandingizmi, deb so‘rayapman”.
“Bu azobdan qutilsam qutila qolay!”. Oson yo‘­lini tanladim.
– Ha,
– Qachon? – hamma yalt etib menga qaradi.
Shu bir og‘iz so‘z beshafqat badanga igna kabi sanchilayotgan so‘roqdan qutiltirdi.
Odam ba’zan shunday yo‘l bilan o‘zini g‘a­nim­lar hamlasidan omon saqlar ekan. Hozir ular hu­jum qilayotgan bo‘lsa-da, har qalay, o‘zimni qayonga urishni bilmay, muz kabi sovuq, tilsiz, zabonsiz gung devor orasida qolgandek edim.
... Nega sendan ko‘ngilni butunlay uzib ketolmayman, Qunduz? Kechalari tushlarimga kiraverasan. Yoki “Hech bo‘lmasa meni tushingizda ko‘rib turing” deya dalda bermoqchimisan? Axir, bular turgan bitgani azob, lekin nihoyatda shirin, totli azob-ku. Koshki edi bu savdolar umr bo‘yi davom etsa. Koshki edi o‘sha tushimdagi kabi birga bo‘lsak!”.
Ammo, afsus, ming afsus, bu ro‘yo. U bilan ha­qiqat orasiga tenglik alomati qo‘yib bo‘lmaydi. “Endi tushingda ko‘rasan!” degan ibora bekorga aytilmagan ekan.
Uy orqasidagi supachada soatlab o‘tirganim o‘tirgan. Xuddi sen hamishagidek kulib, miyi­g‘ing­da xiyol jilmayib uyimizning yonboshidan mo‘­ra­layotganga o‘xshayverasan. Men esa seni quvonch bilan, bir dunyo orzular bilan qarshi olaman...
– Ha, keldingmi, baribir meni tashlab ketolmasligingni bilar edim, – deyishga shaylanaman.
Biroq.... Yana qayta qarasam sen yo‘qsan. Qaer­larga g‘oyib bo‘lding, hozirgina xayolimda tiklangan, boyagina kulib, kulimsirab gapirayotgan edingku? Kim biladi, balki arvohingdir?
Hamon yuragimda muhrlangan voqealar tinchlik berishdan ojiz. Xuddi temir panjalari bilan bo‘g‘­zimdan mahkam ushlab olgan-u, sira qo‘yib yuborgisi kelmayotgandek. Xayol ko‘zgusida jonlanaveradi.
...Toshkentdagi birinchi klinik shifoxonadagi so‘nggi kunlaring edi. Palatadagi karavotlarda besh-olti ayol yotishibdi. Ulardan faqat sen, sen og‘ir ahvolda eding.
O‘shanda gapirish uchun yashayotgan kabi tinimsiz sayraydigan bir ayol senga qarab-qarab qo‘yar, qachon o‘lar ekan, degandek ijirg‘anib yotar edi. Yana birisi esa tinmay non, turli yeguliklarni kavshar, xuddi bu dunyoga kelib ko‘rgani shu taomlari, uni tezroq yeb qolishga shoshilayotgandek, shoshilmasa ulgura olmaydigandek og‘zini chapillatib yegani-egan edi. Yana birisi g‘iybat saqichini chaynagani-chaynagan edi.
Sen esa... Og‘ir-og‘ir xo‘rsinib qo‘yar, bunday lo­qayd, qayg‘usiz, bunday bachkana odamlarning us­tidan masxara qilgandek miq etmay yotar eding. Ular bilan birga yashashdan uyalgandek, tezroq ketsam edi, deyayotgandek bo‘laverarding. Shunda hay­ratdan lol bo‘lib, haykal misol qotib qoldim. O‘zing bir ahvolda-yu:
– Radioning ovozini balandroq qo‘ying, – deding.
Yugurib borib tilagingni bajo keltirdim. Shundan keyin dilrabo qo‘shiq yangray boshladi. Xonandaning ovozi biram yoqimli, biram shirali ediki, go‘yo bu sehrli navo: “Ketma, ey inson. Bu dun­yo­da faqat g‘amlar emas, farog‘at, o‘yin-kulgular, yaxshiliklar ham mo‘l” deya nola qilayotgandek edi. Ammo, sen esa.. Qo‘shiqni berilib tinglar edingu, nolayu-fig‘onlarga parvo qilmasding. “Bunday dun­yoda yashagandan ko‘ra... tinchgina abadiy uxlaganim ma’qul”, der eding go‘yo.
Qunduz, sensiz ham hayot davom etaveradi.Yer yuzida gohida yomonliklar bolalab ketaveradi. Hayot qanchalar shirin ekanligini bila turib, na­hotki abadul-abad tark etib ketsang...
Biroq ojiz eding. Orzularing mo‘l, hali yashashdan sira to‘ymagan bo‘lsang-da, tsirroz kasalligi, dard seni yengib butunlay adoyi tamom qilayotgan edi.
Afsuski, buni – so‘nggi manzil sari ilojsiz sa­farni to‘xtatadigan kuch hali olamda yo‘q, unday qudrat bo‘lsa edi, sening umr guling xazon bo‘lgandan beri meni qiynayotgan azob yetti uxlab tushimga ham kirmasdi. Afsus... Inson qanchalik zo‘r, botir, qanchalik aqlli bo‘lgani bilan faqat bir narsaga, yaxshi narsalarni bu dunyoda asray olishga qolganda xuddi daraxt yaprog‘i kabi nozik, ilojsiz. Odamlar, fidoyi va dono bo‘lgani bilan bu borada ojiz, sal shamol turganda chirt etib uziladi-yu, hayotning bepoyon yo‘llarida turli kimsalarning oyog‘i ostida ezg‘ilanib qoladi.
Qayg‘u, turqing bunchalik dahshatli, sovuq. Qun­duz, seni o‘ylayverib, o‘ylayverib, badbashara qay­g‘u­ning surati hayotda emas, yurakda tiklandi. Ammo u sening tirik suratingni berkita olmaydi.
Ajab, xunuk, badbashara qayg‘u suratiga termulib o‘tkazadigan keyingi hayot bunchalik notavon, g‘arib bo‘lmasa...

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 8-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.