OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karimberdi To‘ramurod. Cho‘mmoq (hikoya)

“Biz uning dumini kesdik”.
“Kavsar” surasidan


O‘n yillarcha burun Andijonda bir otaxon bilan tanishib qolgandim.
— Ota–onamning, ukam va singillarimning qabrini ziyorat qilgani kelganman, — degandi otaxon namlangan ko‘zini ro‘molcha bilan artib. — Qo‘rg‘ontepaning Savay degan joyida qolishgan ular. 
— O‘zingiz vodiylikka o‘xshamaysiz-a, ota? — degandim men u kishini gapga solish uchun.
— Yo‘q, Qashqadaryodanmiz, o‘g‘lim, Kasbi degan joyni eshitgan chiqarsiz, ana shu yoqdanmiz, — degandi otaxon. — Bu yoqqa o‘ttiz yettida quloq qilinganmiz. Men unda sakkiz yoshda edim. Shu Savayga bizning urug‘dan ellik kishini surgun qilishgandi. To‘rt-besh yilda shu kelganlardan bitta men qoldim. Qirq to‘qqizta bovurim Savayda yotibdi, bolam. Har yil bir marta kelaman, nima qilay? Dardimni eshitsa toshlar eriydi, bolam. E-e, qaysi birini aytay...


1.

G‘ulomning biri ikki bo‘lmadi bo‘lmadi. Umri mulla Sodiqning yerida chorikorlik bilan o‘tgan otasining ham biri ikki bo‘lmay o‘tdi. O‘ziga o‘xshagan bir chorikorning qiziga uylangan edi. Ayoli shu G‘ulomni tug‘di-yu, kasaldan chiqmay o‘lib ketdi. Otasi ham keyin ko‘pga bormadi. Otasidan G‘ulomga bitta yirtiq ko‘rpa, ikkita ko‘rpacha, ikkita yostiq, bitta po‘stak, nurabgina turgan bir uy, bir dahliz meros qoldi.
G‘ulom “Mening ham peshonamga xotin bitganmikan?” deb nolinib yurgan kunlarida baxtiga bosmachi degani chiqib qoldi. Bir to‘pi G‘ulomning kulbasida ikki kecha kunduz bazm qurgach, o‘g‘irlab kelgan ayollaridan birini G‘ulomga tashlab ketdi. Ana shu ayol bilan umrini o‘tkazdi G‘ulom.
G‘ulomning umidi sho‘rolardan katta edi. “Bosmachini tugatsak yer beramiz, un beramiz, kiyim beramiz”, degan edi sho‘rolar. 
Baloni berdi.
Bosmachi ham yo‘q bo‘ldi, boy ham yo‘q bo‘ldi, non ham yo‘q bo‘ldi. Qaytanga avval yaxshi edi, boyning eshigiga borsang, boy bir nima berardi, ochdan o‘lmasding. Endi tilanib boray desang boy yo‘q. Sho‘roga borsang, sho‘roning o‘zi och, ishtoni yirtiq. Qizil bayrog‘ini ko‘tarib ashula aytgani ortiqcha.
Ocharchilik ham kulfat ekanmi? Orqasidan qimmatchilik keldi. Qimmatchilik kulfat bo‘ptimi, orqasidan qahatchilik keldi. Endi buni hozirgi o‘quvchiga yo‘qchilik desak tushunar, yeb bo‘ladigan hech narsa topilmaydigan zamon desak tushunar.
Ana shu yo‘qchilikning uch yilida G‘ulomning xotini dam olmasdan uchta tug‘di. Kambag‘alning bolasi ham ko‘p bo‘larkan-da. Kambag‘alga bola bergani balo bergani ekan. Uchalasi uch tomondan enasining so‘lib qolgan emchagini tortqilaydi, koshki sut kelsa? O‘zi qurib borayotgan ayolning ko‘kragiga sut qayoqdan kelsin?
Odamlarning gunohi ortib ketganmikan, Xudoyam yerdan ham osmondan ham balolarni ustma-ust yog‘dirdi o‘sha yillari. Ana shu yo‘qchilikning ustiga, qahatchilikning ustiga qish ham biram qattiq keldi-ey. Uylarni isitib bo‘lmay qoldi. Sillasi qurib ko‘chada qolib ketgan odamlarning nechtasi sovuqdan qotib qoldi, nechtasini o‘sha yillari qishloqda izg‘ib qolgan bo‘rilar yeb ketdi.
Ana shu qishning qattig‘ida G‘ulomning “Cho‘mmoq” degan iti beshta tug‘di. Bostirmaning ostida bir necha kun bag‘ridan bo‘shatmagan kuchukchalari och qolib g‘ingshiyvergach, avval kelib egalarining eshigi oldida bir-ikki befoydaga ingillagan “Cho‘mmoq” ovqat qidirib hovlidan chiqib ketdi.
Jarga olib borib tashlangan o‘lib qolgan eshshakning go‘shtidan to‘yib yegan “Cho‘mmoq” yelini sutga to‘lib bostirmaning ostiga qaytganda beshala bolasi ham tarashadek muzlab yotardi. It yig‘lasa yomon yig‘larkan. Osmonlarga qarab yig‘larkan. Uvullab-uvullab yig‘larkan, ko‘zlaridan yoshlari shuvullab-shuvullab yig‘larkan... 
Uv-vv... Uv-vv...
Ammo odam ko‘ngan balolarga it ko‘nmasinmi? “Cho‘mmoq” bostirmaning ostini tirnab-tirnab go‘r kovladi. Beshta kuchukchasini ko‘mdi “Cho‘mmoq”. 
Bostirmaning ostidan chiqmay yotishni odat qildi “Cho‘mmoq”.
G‘ulomning kattasi Saydulla ukasini yetaklab, o‘ynagani bostirmaning ostiga kelib qoldi. “Cho‘mmoq” bilan o‘ynagisi keldi. Aka-uka ularga suykalgan “Cho‘mmoq” bilan o‘ynay-o‘ynay Saydullaning ko‘zi tirsillab turgan, suti oqib turgan “Cho‘mmoq”ning yeliniga tushdi. Saydullani ochlik yenggan emasmi, beixtiyor itning emchagini og‘ziga soldi. Issiqqina sutdan og‘zi to‘ldi. 
Og‘zidan sutlarni oqizib-oqizib, yutoqib-yutoqib itni emayotgan akasini ko‘rgan Jo‘naydulla ham shartta yotib itning yeliniga yopishdi.
Sutga to‘lgan yelinini bo‘shata olmay azob yeb yotgan “Cho‘mmoq” biram huzur qildi, biram huzur qildi-ey. Somonning ustida cho‘zilgan it maza qilganidan aka-ukalar qiynalmasin debmi yoki hamma emchaklarini emishini istabmi keyingi yog‘ini ko‘tarib oldi. Aka-ukalar ham sakkizta emchakni birin-ketin so‘rib olishdi.
Bo‘shanib, joni orom olgan “Cho‘mmoq” bir-ikki soat mudrab olgach, o‘zining gardaniga yangi vazifa tushganini itlarga xos ziyraklik bilan angladi va sekingina sudralib jar tomonga ketdi...
Aka-ukalarning qorinchalari gubdukday bo‘lib to‘yib kelib, uxlab qolganini ko‘rgan Halima avvaliga hayron bo‘ldi. Buning bolalariga bir burda non beradigan mehriboni bo‘lmasa? Erining na og‘a-inisi bor, na biror yaqini. O‘zining esa bu qora darada taniydigan odami ham yo‘q, elu-elati tog‘ning ortida, Boysun yoqda qolib ketgan.
Ertasiga barini bildi Halima. “Cho‘mmoq”ning ustiga yotib olib uni emib yotgan o‘g‘illarini siltalab erining oldiga olib keldi.
— Manov juvarmaklaringiz “Cho‘mmoq”di emib jotibdiykan, — javradi Halima. — Endi bag‘i nima bo‘ladi?
— Nima bo‘laydi, hech nima bo‘maydi, — dedi G‘ulom bamaylixotir. — Men kecha ko‘ruvdim bularing “Cho‘mmoq”di emib jotqanini. “Cho‘mmoq”qayam yaxshi, kuchukchalari o‘lib, suti jeliniga sig‘may jotuvdi. Seni bachalaringgayam yaxshi. Emib kelavursin-da. Yo sen o‘zing emizisanma? Senda sut borma?
— Jegani non jo‘q bo‘sa sut qaerdan bo‘sin?
— Ha, barakalla, bo‘masa jag‘urma. Innama, emib juravursin. Qaytamg‘a, kichkanangdiyam oborib qo‘y, “Cho‘mmoq”di suti uchovigayam jetadi.
— Eshitgan nima deydi?
— Sen chiqib bitta-yarimtaga aytmasang hech kim eshitmaydi.
Ertasiga “Cho‘mmoq”ning ustida uchta “asrandi” bola o‘ynar, uchalasining qorni ham “yangi ona”larining suti bilan to‘q edi...
Qishloqda sir yotadimi? Qishloqda gap yotadimi? 
Uch kunda G‘ulomning bolalari itni emayotgani hammaga oshkor bo‘ldi.
— Ha, rost, nima deysilar? — dedi G‘ulom ta’na qilganlarga. — Birortang ochdan o‘layotgan bachalarimga sut tugul bitta kulcha berolasanma?
Ta’na qilayotganlar butiga qaradi.
— Ana shunday, — dedi G‘ulom. — Shunday bo‘g‘annan ketin pildir-pis. Itti emgan meni bachalarim, boshqalardi men minam ishi bo‘masin!
Haqiqatdan hech kimning ishi bo‘lmadi G‘ulomning bolalari bilan.
Keyingi safar oltita tuqqan “Cho‘mmoq”ning bolalari bir kunda g‘oyib bo‘ldi. “Cho‘mmoq” G‘ulomdan shubha qilarmidi? “Cho‘mmoq” G‘ulomga “Bolalarimni topib ber”, dermidi? Buning o‘rniga indamaygina o‘z bolalari o‘rniga G‘ulomning bolalarini emizaverdi...
“Itning sutini ichgan baquvvat bo‘ladi”, deganlari unchalik to‘g‘ri chiqmadi. To‘g‘ri, Saydulla baquvvat bo‘lib o‘sdi. Balki bu uning “Cho‘mmoq”ni uch yildan ortiq emganidan bo‘lsa kerak. Ammo uning ukasi ham, singlisi ham maktab yoshiga yetmay o‘lib ketishdi. Keyinroq sil kasaldan onasi, sal o‘tib ichterlatmadan otasi ham o‘lib ketdi. Ammo bu vaqtda Saydullaning suyagi qotib qolgan edi.
Saydulla qahrli bo‘lib ulg‘aydi. U ko‘pam boshqa bolalarga qo‘shilib o‘ynayvermas, o‘ynasa ham albatta o‘yinni u buzardi. Kuchli bo‘lganidan uncha-muncha bolani mensimas, o‘ng kelib qolganini urib, og‘zi-burnini qon qilardi. Alamzada bolalar esa sal nariroqqa qochib borib, almini gap bilan olishardi:
— O‘g‘ri-o‘g‘ri o‘mmoq, bozordagi cho‘mmoq!
Bu gapdan bezor bo‘lgan Saydulla “Cho‘mmoq”ni urib o‘ldirdi va jarga olib borib tashladi.
“Saydulla modarkush bo‘ldi”,  degan gap chiqdi qishloqda. “Emizgan ona ham ona o‘rnida bo‘ladi. Saydulla o‘z onasini o‘ldirdi”, dedi odamlar.
Orqavorotdan Saydullaning oti Saydulla cho‘mmoq bo‘ldi. Odamlar o‘zaro gaplashganda birov Saydulla desa to Saydulla cho‘mmoq demaguncha boshqasi “Qaysi Saydulla?” deb turib oladigan bo‘ldi.
Ota-onasiz katta bo‘lgan Saydulla, emizgan “onasi”ni ham o‘ldirgan Saydulla, ta’nayu malomatlar bilan katta bo‘lgan Saydulla o‘zini kamsitgan qishloqdoshlaridan bir kuni to‘yib-to‘yib alamini oladi. Uni kamsitgan kamsitmagandan baravariga alamini oladi. U hali qishloqdoshlarining boshiga ko‘p sho‘rishlarni soladi, ko‘p g‘avg‘olarni soladi, ko‘p kulfatlarni soladi. Ammo bunga hali vaqt kerak. Hali o‘ttiz yettinchi yil kelishi kerak. Ungacha shaharga, internatga ketgan Saydulla, “o‘qib, odam bo‘lib” kelishi, hukumatga yaqin odam bo‘lib kelishi, hukumatning odami bo‘lib kelishi kerak...

2.

Mulla Sodiq hoji boboning shajarasi payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga borib taqaladi. Bobokalonlari Madinada payg‘ambarzodalarga zulm kuchaygan yillari shu Kasbiga kelib qolishgan ekan. Otasi rahmatli Qur’on hofizi edi. Hoji boboning o‘zi ham Qur’onni juda go‘zal ovozda tilovat qilar, butun qishloqqa ilm o‘rgatishdan charchamas, qishloqdagi savodxon odamning bari shu zotdan saboq olishgan edi.
Mulla Sodiq hoji boboni hamma e’zozlab “Hoji to‘ram” deb atardi. To‘ramning davlatlari behisob edi. Yerlari bisyor edi. Qir-adirlarda yilqisi, chorvasi, otarlari o‘tlab, o‘zidan ko‘payib yurar edi. Chorvasiga qaragan cho‘ponlari ham uncha-muncha boydan kam emas edi. Yerlarida ishlagan chorikorlari ham to‘q edi. Sababi to‘ramning qo‘llari ochiq, ko‘zlari to‘q zot edi. To‘ram mudom yetim-esirning boshini silaganidan davlati ziyoda bo‘lib borar edi. To‘ramning uyi oldida har tong hech bo‘lmaganda yigirma kishi tizilib turardi. Bobdod namozini o‘qib qaytgan to‘ram har birlarining arzini eshitib, nimaga muhtojligini bilib, ularning murodini hosil qilib yuborar edi. To‘ramning eshigiga ko‘z tutib keluvchilar orasida Qashqadaryoning eng chekka qishloqlaridan kelgan, hatto Dushanbadan kelgan muhtojlarni ham ko‘rish mumkin bo‘lardi.
Kasbining qishi qattiq bo‘ladi. Hoji to‘ram har yili qish kelishi oldidan qishloqdoshlarini yig‘ib, ust-boshi yupunroqlarga yuzta chopon, yuzta telpak, yuz juft kalish-mahsi, ehtiyojmandlarga ko‘rpalar ham ulashar edi.
Hoji to‘ram Ramazonning o‘ttiz kunida o‘ttiz qo‘yni so‘yib, har kuni miskinlarga iftor qilib berardi.
Xullasi kalom, qishloqda Hoji to‘ramning qozonidan nasiba yemagan odam yo‘q edi. Odamlarning Hoji to‘ramga ixlosi ham, e’tiqodi ham, hurmati ham beqiyos edi.
Sho‘ro kelib hammasining oyog‘i osmondan bo‘ldi. Sho‘ro deganlari Hoji to‘ramning mol-davlatini uch oy deganda tashib bo‘ldi. Sho‘ro bu mol-mulkni qaerga tashidi, Allohgagina ayon. Ammo Hoji to‘ramning na chorvasi qoldi, na yeri. Na mol-mulki qoldi, na bog‘i rog‘i-yu, na bog‘ hovlisi. Xotin, bola-chaqasi yashashi uchun yetarli deb topilgan birgina ichkari-tashqarili hovli, minib yurishi uchun bir oti, sog‘ib sutini ichib turishlari uchun bir ona-bola sigirlari qoldirildi.
Hoji to‘ramning katta o‘g‘li isyon qilmoqchi edi, uni to‘ram to‘xtatdi.
— Sayyid Olimxon hazratimiz Buxoroni tashlab ketayotganida unga ta’zim qilish o‘rniga uni masxara qilgan bir darvesh Buxoroga kirib kelgan sho‘rolarga sajda qilgudek ta’zim qilib, salom beribdi, o‘g‘lim, — dedi doimgidek rivoyat bilan gapiradigan Hoji to‘ram o‘g‘liga. — Odamlar uni “Amirimizga salom bermagan, ta’zim qilmagan eding, nega o‘rislarga ikki bukilib ta’zim qilding, Ollohning salomini zoe qilib, kofirga salom berding?” deb malomat qilishganda darvesh nima deb javob beribdi degin? “O‘rising bilan nima ishim bor, kofiring bilan nima dardim bor? Kattasi mingan otning jilovidan Bahovuddin Balogardon tutib kelayotgan edilar, men pirimizga salom berdim, o‘sha kishiga ta’zim qildim, nodonlar”, degan ekan. Bu ishlarning hammasi Alloh taoloning izni, irodasi bilan bo‘layapti, o‘g‘lim, “Sabr kerak balosig‘a, rizo kerak qazosig‘a”, deganlar, sabr qilinglar.
Ana shuning uchun amirzodalar, bekzodalar, boyzodalar kelib Hoji to‘ramning o‘g‘illarini ham o‘z saflariga qo‘shilishga da’vat qilishganda to‘ramning o‘g‘illari “Bu ishga otamiz izn bermaydilar”, deb rad qildilar. Bosmachi bo‘lmadilar. Sho‘roning g‘animi deb hisoblanib, sho‘rodan zulm ko‘rgan to‘razodalar bosmachi bo‘lmay bosmachiga ham g‘anim bo‘ldilar. Bosmachilardan ham malomat eshitdilar.
Hoji to‘ram haydab ketilayotgan mol-qo‘ylariga, otlariga qayrilib qaramadi. Aravalarga yuklab ketilayotgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, matolarga achinib qaramadi. O‘zi Qur’on mutolaa qilib o‘tiradigan xonasidan chiqmadi. Shu xonadagi yuzlab kitoblarga sho‘ro tegmaganiga shukur qildi. Sho‘roga u paytda kitob kerak emas edi. 
Hoji to‘ramning boshiga shu kitoblar bois kulfatlar tushishiga ancha bor edi. Ungacha sho‘ro oyoqqa turib olishi, yurtdan iymon, e’tiqod ko‘tarilib ketishi uchun, islomobod bo‘lgan yurtimiz farzandlari sho‘ro istaganidek, kofirlarning ashulasiga yo‘rg‘alaydigan bo‘lishi uchun ana shu kitoblarni ham, ana shu kitoblarni o‘qib tushunadigan odamlarni ham yo‘qotish kerakligini tushunib yetishi kerak edi...

3.

Ana shu kunlar yetib keldi.
Bir umr keti ishtonga yolchimaganlar “Galife” shim kiydilar. Charm kamzul kiydilar. Charm kamzul ustidan charm kamar taqdilar. Charm kamarga to‘pponcha taqdilar. Ana endi ularning aytgani aytgan bo‘ldi, degani degan bo‘ldi.
Qashshoqdan chiqqan bu “avliyo”lardan ma’nili gap chiqarmidi? Mantiqli so‘z chiqarmidi? Ma’ni qaerdan olinadi? 
Ma’ni Qur’ondan olinadi. Ma’ni Hadisdan olinadi. Ma’ni ulamoning suhbatidan olinadi. 
Sho‘ro amal bergan qaysi kambag‘alzoda kitob ko‘rgan? Qur’onni qo‘ying, Hadisni qo‘ying, Hofizni o‘qibdimi ular? Bedilni  yo Mavlono Rumiyni o‘qibdimi ular? Navoiyni tanibdimi ular? Jomiyni tanibdimi? Yassaviydan bir hikmat eshitgani bormidi ularning orasida? Ulamolar xizmatida-ku bo‘lmagan, ulamoning suhbatini olgani bormidi ularning ichida? 
Ularga bolshavoy Qur’on bo‘ldi, bolshavoy Hadis bo‘ldi. Bolshavoy olimi bo‘ldi, bolshavoy rahnamosi bo‘ldi. Bolshavoy ularning Xudosi bo‘ldi.
Kasbiga ham rahnamo bo‘lib bolshavoy keldi. Jo‘rttaga qilganday shu bolshavoyning familiyasi Chumakov bo‘ldi. Uning yonida ertayu kech Saydulla yurdi. Endi Saydulla Chumakovning yordamchisi bo‘ldi. Endi Saydulla Chumakovning yugurdagi bo‘ldi. Endi Saydullaning familiyasi Cho‘mmoqov bo‘ldi. Xalq Saydullani Chumakovga o‘xshab Saydulla Gulyamovich demadi Saydulla cho‘mmoq dedi, Saydulla Cho‘mmoqov dedi.
Orqavarotdan aytilgan bo‘lsa-da, bu gaplarni Saydulla eshitmasmidi? Eshitganda qandoq? 
Saydulla cho‘mmoq alamini kattayu kichikdan, ayolu erkakdan, ochu to‘qdan baravar oldi.
— Hammaning ongini mana shu Hoji buzadi, — dedi Saydulla cho‘mmoq Hoji to‘ramni Chumakovga ko‘rsatib. — Uyida siz aytgan, “fuqarolarning ongini zaharlaydigan” kitoblar tiqilib yotibdi.
Bir arava qilib olib ketishdi kitoblarni. Hoji to‘ram o‘g‘illarini og‘ir bo‘lishga chaqirdi. 
— Qur’on kitoblarni olib ketishdi deb o‘kinmanglar. Ko‘pga kelgan to‘y. Buxoroda Purunza kitoblarni yoqqanda o‘n kun Qur’on yongan, Qur’onni olovdan olaman deb bir necha kishi Qur’onga qo‘shilib yonib ketgan ekan. Sizlar aql bilan ish qilinglar, bolalarim. Qur’on ketgani yo‘q, kitob ketdi. Qur’on menda, sizlarda qoldi-ku? Qur’on qalbimizda, bolalarim. Xudoga shukur, kofirlar kitobni bizdan olguncha men uni yodlashga ulgurdim. Xudo xohlasa, sizlar ham yodlab olasizlar. Ana shunda hech kim sizlardan Qur’onni ololmaydi. Qur’on sog‘-salomat avlodlarimizga yetib boradi, inshoolloh!
Sho‘roga mol-mulkini topshirib qutulmadi Hoji to‘ram, qo‘sha-qo‘sha hovli-joylarini topshirib qutulmadi Hoji to‘ram. Bog‘-rog‘larni topshirib qutulmadi Hoji to‘ram, kiyim-kechagini topshirib qutulmadi Hoji to‘ram. Qur’onlarini topshirib qutulmadi Hoji to‘ram, Hadislarini topshirib qutulmadi Hoji to‘ram. 
— Quloq qilishni mana shu Hojidan boshlaymiz, — dedi Saydulla cho‘mmoq. — Mening otam, mening otam-a, mana shu boyning qo‘lida chorikor bo‘lib o‘lib ketdi. Avval mana shu boyni quloq qilamiz.
— Saydulla Gulyamovich, u sho‘roga kup narsa bergan, o‘zida hech nima olib qolmagan, o‘z ixtiyori bilan bergan, balki quloq qilmasmiz? — dedi o‘ris bo‘lsa ham, kofir bo‘lsa ham Chumakov.
— Agar mana shu boyni birinchi bo‘lib quloq qilmasangiz, tegishli joyga borib shikoyat qilaman!
Chumakov “tegishli joy”dan qo‘rqar ekan, rozi bo‘ldi.
Yetmishdan oshib qolgan Hoji to‘ram bilan el “oyajon” deb e’zozlaydigan to‘ramning kampiri nevaralarini bag‘riga bosib, bir ot aravaga chiqdi. Hoji to‘ramning barcha o‘g‘il-qizlari, Hoji to‘ramning qaramog‘ida bo‘lgan singlisi va uning bolalari, Hoji to‘ramning ammasidan qolgan yetimlari, jami bo‘lib ellik kishi ko‘ch-ko‘ronini aravalarga ortib karvon bo‘ldi. 
Karvonga Andijonning Savay degan joyiga jo‘nashga farmon bo‘ldi. El Hoji to‘ram va u kishining ahli bayti bilan yig‘lab xo‘shlashdi. Yuzlab kambag‘allar o‘zi badarg‘a bo‘lib ketayotgan, o‘zi bevatan bo‘lib ketayotgan, o‘zi himoyaga, madadga muhtoj bo‘lib ketayotgan Hoji to‘ramdan duo so‘radi. 
— Yaxshi boring, Hoji to‘ram!
— Alloh panohida asrasin sizni, Hoji to‘ram!
— Duo qiling, Hoji to‘ram!
— Bolamning og‘ziga bittagina tuflab keting, Hoji to‘ram, bolam duongizni olib qolsin!
— Bizlardan rozi bo‘ling, Hoji to‘ram!
Ayollar oyamizdan rozichilik so‘rab faryod urdilar.
— Men barchangizdan roziman, sizlar ham rozi bo‘linglar, — dedi aravada mag‘rur o‘tirgan Hoji to‘ram. — Qaytib ko‘rishmasak kerak. Bizlarni unutmanglar! Har Ramazonda orqamizdan duoyi fotiha qilib tursangizlar bas. Sizlardan boshqa narsa umid qilmayman. Saydullani qarg‘ang dedilaring, men Saydullani qarg‘amayman. Otasi tuzimni yegan, xizmatimni qilgan, joyi jannatda bo‘lsin! Men Saydullani duo qilaman: Alloh taolo, unga judayam uzoq umr bersin! Hammangdan uzoq umr ko‘rsin Saydulla! Alloh uning niyati, amaliga yarasha beradiganlarining hammasini ko‘rsin Saydulla! Alvido, qibladoshlarim! Omin, Allohu akbar!
El besh-olti chaqirim yerga karvonga ergashib bordi. Saydulla cho‘mmoqning odamlari ularni urib-so‘kib qaytarmaganda Samarqandgacha birga borsalar ham ajab emas edi.

4.

Savay degan joyning o‘sha paytdagi ta’rifini yozsak bugungi savayliklar yoqamizdan olmasa koshkiydi.
Savay degani Alloh taoloning bandalariga yer yuzida tayyorlab qo‘ygan bir do‘zaxi ekan. Chor tomon botqoqlik, chakalakzor joylar. Odam kechasi tugul kunduzi bu yerlarda yurishga yuragi betlamaydi. Bo‘rilar, qashqirlar kuppa-kundazi gala-gala bo‘lib yurishadi. Turli joylardan quloq bo‘lib kelgan odamlarning bari g‘amboda, bari ma’yus. Barisi o‘tmishda boy bo‘lgan, ziyoli bo‘lgan, mulla bo‘lgan, sayyid bo‘lgan, ilmu ma’rifat tarqatgan, madaniyat tarqatgan bu odamlarga odamday yashashlari uchun eng bo‘lmag‘ur sharoit ham yo‘q edi Savayda. 
Ekskavator uzun bir ariqni kavlaganini tasavvur qila olarsiz? Ana shu ariqning ustini shox-shabba bilan yopib, uning ustidan chim bosib, qor-yomg‘irdan pana qilib olgan odamlar ana shu ariqning ichida yashashlarini-chi? O‘lay agar tasavvur qilolmaysiz. Ammo odamlar o‘sha sharoitda, o‘sha ariqning ichida yashashga, itdan-da xor bo‘lib yashashga mahkum etilgan edilar. Nafaqat yashashga, yana shu sharoitda og‘ir, mashaqqatli, azobli mehnat qilishga ham mahkum etilgan edilar.
Savayda bir pashsha bo‘lar ekan, ustma-ust ikki marta chaqsa odamni o‘ldirarkan. Borganlariga bir hafta bo‘lmay ana shu pashshalar chaqqan ikki go‘dakni yerga qo‘yishdi. Yer deganimiz yer bo‘lsa ekan? Bu yerda go‘r kavlab bo‘lmas edi. Go‘r kavlasang kavlangan joydan suv chiqib ketar edi. Suvki sho‘r, suvki qo‘lansa. Tavba, shunday joylar ham bo‘lar ekan-da? O‘liklarni balandroq bir yerga qo‘yib, ustini tosh-poshlar bilan berkitib, keyin tuproq bilan ko‘mishardi. Bo‘ri va qashqirlar shu qabrlarni ham titkilab, o‘liklarni yeb ketgan vaqtlar ham bo‘ldi.
Odamlar ariqdagi loyqa suvdan ichishga majbur bo‘ldilar. Suvni idishlarga olib tindirib qo‘yadilar, keyin ichadilar. Qani u suv tingan bilan ta’m kirsa, sho‘ri ketsa? Qaynatib-qaynatib ichasan, chanqog‘ing oshsa oshadi, bosilmaydi.
Cho‘milish yo‘q, kir yuvish yo‘q. Bu suvlarga kir yuvsang, yuvgan kiyiming oldingidan battar bo‘ladi.
Bu joylarda kattalardan eng avval Hoji to‘ramning ayoli jon taslim qildi.
— To‘ram, sabrning ham cheki bo‘ladi, bolalarimizning bari qirilib ketmasdan bu yerlardan keting, — bo‘ldi momomizning so‘nggi gapi.
Ammo ketishga iloj qani? Savaydan chiqib bo‘ladimi? Chor taraf qo‘riqchi, chor taraf ayg‘oqchi. Qorovullar itlari bilan har kuni aylanib yursa, har kuni uch mahal ro‘yxat olsa, bu yerlardan chiqib ketib bo‘ladimi?
Hoji to‘ram ketdi. Ammo boshqa yerga emas, kampirining yoniga ketdi.
— Nima bo‘lsa Allohdan, taqdirimiz shu ekan-da, — dedi Hoji to‘ram oxirgi nafaslarida. — Nahotki Madinada boshlangan shajaram Savayda barham topsa? Unday bo‘lmas? Alloh mehribon...
Qishdan siyraklashib chiqqan kasbiliklarning katta qismini bahorda boshlangan bezgak olib ketdi.
“O‘n kishigina qoldik, bu yerda hammamiz qirilib ketamiz”, deb bosh ko‘targan Hoji to‘ramning katta o‘g‘lini mirshablar urib o‘ldirib qo‘ydi.
Hoji to‘ramning kichkina o‘g‘li “kuzga borib qaytamiz”, degan gapni topib keldi, ammo kuzga yetmay urush boshlanib ketdi. Savaydagi qo‘liga qurol ushlay oladigan erkak zotini urushning boshidayoq frontga jo‘natishdi. Hoji to‘ramning kichkina o‘g‘lidan shu ketgan kuyi na xat keldi, na xabar.
Bolalar ko‘p o‘ldi va tez o‘ldi. Qizamiqdan ham o‘lib qolaverdi, sariqdan ham o‘lib qolaverdi. Hoji to‘ramning kichik kelini bilib qoldiki, duxturga olib borilgan bola omon qolmayapti. Duxtur ham o‘zlariga o‘xshab quloq qilinib keltirilgan kishi bo‘lgani uchun Hoji to‘ramning jiyani Abdulla kechasi uxlab yotgan yerida duxturni tappa bosdi va bo‘g‘ziga pichoq tirab, dangal haqiqatni aytishini talab qildi.
— Bolalaringizni mening qabulimga olib kelmangizlar, — dedi duxtur. — Kasal bo‘lgan har qanday kishiga mana bu dorini berishimni buyurishgan.
Duxtur bir qutidagi dorilarni ko‘rsatdi.
— Bu qanday dori? — so‘radi Abdulla.
— Ichgan odamning ichki a’zolarini hilviratib tashlaydi. Ichgan odam uch kunga bormaydi.
— Sen ham o‘zimiz qatori kelganlardansan-ku? Sen ham musulmonsan-ku? — ko‘zlari yonib ketdi Abdullaning.
— Boshimda nazorat qilib o‘tirishadi-ku? Men shu dorini bermasam o‘zimni o‘ldirishadi.
— Baribir o‘lasan, iflos!
Abdulla haligi dorilardan bir hovuchini duxturga majburlab yedirdi.
Ertasiga kechqurun duxtur ham gunohini ko‘paytirishdan xalos bo‘ldi.
Savaydagi voqea-hodisalarning, musofirlar boshiga solingan azob-uqubat, qiynoqlarning ta’rifi bu hikoyamizga sig‘maydi. Bir so‘z bilan xulosalanamizki, to‘rt yildan so‘ng Savayda quloq qilinib, haydab keltirilgan Hoji to‘ramning urug‘-aymog‘idan endigina o‘n ikkiga kirgan birgina nevarasi Abdulqodir qoldi. 

* * *

Kechasi Abdulqodirni qarshilik bir musofir kishi uyg‘otdi.
— “Yetti qaroqchi”ni ko‘rayapsanmi? Ana shu “Yetti qaroqchi”ga qarab to‘g‘ri ketaversang, o‘n ikki chaqirim yerda istansa bor. Sahargacha ulgursang, saharda o‘zimiz tomonga yuradigan poezd ana shu istansada bir to‘xtab o‘tadi, — dedi haligi kishi. — Hoji to‘ramning urug‘idan bitta sen qolding, bolam. To‘ramning urug‘i qirilib ketmasin! Sen qoch, bolam, endi seni bular ko‘pam quvib yurmasa kerak. Qarshida tushsang u yog‘ini bir iloj qilib topib borarsan.
Abdulqodir “Yetti qaroqchi”ni ko‘zdan qochirmay to‘xtovsiz yugurdi. Botqoqqa botib qolgan chorig‘ini ham tortib olib o‘tirmadi. Yuz-ko‘zlarini chakalakdagi qamishlar tilib, qonab ketganlariga ham parvo qilmadi. Shox-shabbalar ishtonini, kuylagi etagini yirtib yuborganini ham sezmadi. Abdulqodir chopaverdi-chopaverdi. Charchab yiqilib tushsa ham turib chopaverdi, sillasi qurib, boshi aylanib ketsa ham chopaverdi. Ammo “bir to‘xtab o‘tadigan poezd”ga tirmashib chiqib oldi.
Yaxshi odamlar ham bor bu g‘addor dunyoda.
Tamburda behush yotgan Abdulqodirni ko‘rgan vagon kuzatuvchisi uni ko‘tarib xonasiga olib kirdi. Uni bir amallab o‘ziga keltirdi. Sillasi quriganini bilib, avval ozroq shakar choy, keyin ivitilgan non berdi. Abdulqodir sal o‘ziga kelgach, olib borib tilinib, qonagan yuzlarini, qorayib, yorilib ketgan qo‘llarini sovunlab yuvib keldi. Yarim kosa atalani ichgach, Abdulqodir pishillab uxlab qoldi.
Abdulqodir uyg‘ongach, Mashrab aka uning qaerga borishini so‘radi.
— Bilmayman, — dedi Abdulqodir. — Men Hoji to‘ramning nevarasiman. 
— Bobongni tanimas ekanman, — dedi Mashrab aka.
— Bobomni hamma taniydi, hamma hurmat qiladi, — dedi Abdulqodir.
— U kishi hozir qaerda? — so‘radi Mashrab aka.
— Savayda, — dedi Abdulqodir xavotir aralash. — U kishi... o‘lgan.
— Hammasi tushunarli, — dedi o‘ylanib qolgan Mashrab aka. — Bir o‘zing qochib chiqdingmi? Otang, onang yo‘qmi?
— Hammalari o‘lishdi, — xomush bo‘ldi Abdulqodir.
— Avval qaerda yashardinglar?
— Xo‘jaqishloqda.
— Hm-m, shunday degin. Xo‘jaqishloq, Xo‘jaqishloq, bu qaysi Xo‘jaqishloq bo‘lsa ekan? Atrofdagi qishloqlarning ham nomi esingdami?
— Ming, Katta ming, Ravot, ...
— Bo‘ldi, bo‘ldi, — dedi Mashrab aka. — Qaerdanligingni bildim. Men bilan oxirigacha borasan. U yog‘ini ko‘rsatib yuboraman. Ammo qaerdan chiqqaningni, kimning nevarasi ekaningni birovga zinhor ayta ko‘rma, aytsang ikkovimizga ham yomon bo‘ladi, tushundingmi?
— Tushundim.
Mashrab aka Qarshiga yetib kelganlaridan so‘ng Abdulqodirni uyiga olib keldi. Bir-ikki kun uyida saqlab, Abdulqodir o‘ziga kelishini kutdi. O‘g‘lining eski kiyimlarini kiydirib, beliga bitta kulchani tugib berib, vokzalga Kasbidan ot aravalarda yuk olib kelganlarning aravasiga mindirib yubordi.
Aravakash Xo‘jaqishloqdan ancha olisda turarkan, ammo Hoji to‘ramning tuzini yeganlardan ekan. Bularning boshiga tushgan kunlarni Abdulqodirdan eshitib, yo‘l bo‘yi yig‘lab ketdi bechora. Yo‘lda Abdulqodirni ovqatlantirib ham oldi. Aravakash otini to‘g‘ri Xo‘jaqishloqqa haydadi. 
Qishloqqa shom mahali yetib keldilar. Birpasda el-ulus yig‘ildi. Abdulqodirni aravadan ko‘tarib tushirgan odamlar uni qo‘lma-qo‘l qilishib, tavof qilishardi.
— Hoji to‘ramdan qolgan yodgorimiz, xush kelibsiz!
— Hoji to‘ramning nasli, jonimiz sizga fido bo‘lsin!
Abdulqodirning kelishi qishloqda bayram bo‘lib ketdi. Abdulqodir nimaga xalq buncha suyunayotganining sababini tushunmas, zero u Saydulla cho‘mmoqning “Hoji to‘ralaringning urug‘i quridi, bitta qolmay qirilib ketdi”, deb gap tarqatganini, Shahrisabzdan kelgan, Savayda bo‘lgan bir kishining ham bu gaplarni tasdiqlaganini, el Hoji to‘ram uchun qirq kun motam tutganini, Hoji to‘ramning urug‘-aymog‘i tugaganini eshitib, ohu-faryod urganini bilmas edi.
— Bitta bo‘lsayam nasli qolibdi-ku? — dedi el.
— Endi to‘razodamizni birovga bermaymiz! — dedi el.
— Hoji to‘ramning hurmati, naslini ko‘z qorachig‘imizday asraymiz, avaylaymiz! — dedi el.
— Kelibsan-da, ilonning bolasi? — dedi Saydulla cho‘mmoq. — Baribir tuxumingni quritaman.
Saydulla cho‘mmoq Abdulqodirni majburlab Qarshidagi internatga jo‘natib yubordi. Jo‘natib yubormadi, o‘zi borib joylashtirib keldi. Internat direktoriga uni so‘rab kelganlarga Saydulla cho‘mmoqning ruxsatisiz bermaslikni, berish nima emish, ko‘rsatmaslikni tayinlab keldi.
Kim biladi, o‘zi bilmay Saydulla cho‘mmoq Abdulqodirga katta yaxshilik qilgandir? Yaxshilik bo‘lishini bilsa, ikki dunyoda bu ishni qilmas ediku-ya, uni yaxshi ko‘rgan eldan uzoqda bo‘lsin, dedi. Kim biladi paytini topib, internatdan olib yo‘qotib yuboraman, degan bo‘lsa ajab emas.
Abdulqodir bir dam olish kuni Mashrab akaning uyini topib bordi. Mashrab aka ham, uni bir ko‘rishda suyub qolgan Mashrab akaning ayoli Sora opa ham, ularning bolalari ham uni ko‘rib benihoya suyunishdi.
— Shu bolaning taqdiri nima bo‘ldi ekan, deb yuruvdim, — dedi Sora opa. — Urug‘lari qolmagan bo‘lsa, kimnikida turdi ekan, nima yeb, nima ichayapti ekan, deb o‘ylab yuruvdim. Yaxshi bo‘libdi internatga kelganing. Hech bo‘lmasa ikki mahal ovqating tayin bo‘libdi.
— Men direktorlaringni yaxshi taniyman, Jo‘raqul domla, yaxshi odam, — dedi Mashrab aka. — Bugun biznikida qolaver, ertaga ertalab o‘zim olib borib qo‘yaman. Bir yo‘la domlaga mahkam tayinlayman, “Bizning odam, qarashisiz”, deyman.
Jo‘raqul domla Mashrab aka bilan bir soatdan ortiq suhbatlashdi.
— Qarang-a, shunday palagi toza bola ekan. — Uni olib kelgan anavi G‘ulomov bo‘lsa “Xalq dushmanining bolasi, ota-buvalari xavfli odamlar edi, jamiyatni ulardan tozaladik, bunisiga ham ehtiyot bo‘lishimiz kerak, chayonning bolasi chayon bo‘ladi, ehtiyot bo‘lasiz, o‘zimdan boshqaga ko‘rsatmaysiz”, degan edi.
— Mayli, birovga aytib yotmang-u, aslida o‘sha dinsiz, iymonsiz G‘ulomovlardan ehtiyot bo‘lish kerak, — dedi uning huzuridan chiqayotib Mashrab aka. — Abdulqodir dam olish kunlari menikiga borib tursin, o‘zim ham ishdan bo‘sh paytlarim xabar olib turaman.
— Albatta, albatta, — dedi direktor. — Endi bu bolaga o‘zim ham qiziqib qoldim, unga o‘zim ham imkon qadar yordam qilaman. G‘ulomovlarga o‘xshaganlardan ehtiyot ham qilaman.
Urush ayni qaynagan, ota-onasiz qolgan bolalar ko‘paygan yillar edi. Ustiga urush bo‘layotgan joylardan ham poezdlar to‘lib-to‘lib bolalar kelardi. Urush tugaguncha Abdulqodir internatda ham tarbiyalanuvchi, ham Jo‘raqul damlaning yordamchisi bo‘lib yurdi. Abdulqodir besh yil shu internat ta’limini, Jo‘raqul domlaning tarbiyasini oldi. Keyin uni Jo‘raqul domla muallimlar tayyorlaydigan texnikumga joylashtirib qo‘ydi. Undan keyin Toshkentga borib, muallimlar oliygohini ham bitirib kelgan Abdulqodir otasidek xushsurat yigit bo‘lib, muallim bo‘lib qishlog‘iga qaytdi.
Urushdan keyin o‘zi ham soxta hujjat to‘g‘rilab, urushga bormay qolganligi uchun qamalib kelgan, endi ancha popugi pasayib qolgan Saydulla cho‘mmoqdan Hoji to‘ramdan qolgan ichkari-tashqarili hovlini odamlar tortib olishib, hovlining qonuniy egasi Abdulqodirga topshirishdi. “Hovlini supurib-sidirishga, to‘razodamizning issiq-sovug‘idan xabardor bo‘lishga bir tanmahram kerak”, deb  uni yana bir toza palakning guli bo‘lgan Mag‘firatoy ismli oy yuzli qizga uylantirib qo‘yishdi.
Abdulqodir o‘z qishlog‘idagi maktabning muallimi bo‘lib, Hoji to‘ram avlodining davomchisi bo‘lib, elda obro‘, e’tibor topdi.
Hoji to‘ram vali ekan. Uning aytgani bo‘ldi. Madinadan boshlangan shajara Savayda barham topmadi. Allohning Rahmonligini qarang, Abdulqodirga olti o‘g‘il, olti qizni berdi. Hoji to‘ramning nomi o‘chib ketmadi. Alloh Hoji to‘ramning urug‘iga baraka berdi. Abdulqodir Abdulqodir ota bo‘lib, oltmish nabiraga bobo bo‘lib, piru badavlat bo‘lib dunyodan o‘tdi.
— Sabrli bo‘linglar, Alloh sabrli bandasini xor qilib qo‘ymaydi, — bo‘ldi kenja nevarasiga Muhammad Sodiq deb ism bergan Abdulqodir boboning so‘nggi so‘zlari. — To‘g‘ri bo‘linglar, halol bo‘linglar. Hech kimga yomonlik qilmanglar. Sizga yomonlik qilganga siz ham yomonlik qilmang, Qozi tepada, O‘zi haqni botildan ajratadi. 

5.

Saydulla cho‘mmoq qamalganda hali tug‘magan xotini boshqa bilan qochib ketdi. Turmadan kelgandan keyin uylangan xotinidan ikki o‘g‘il bir qiz ko‘rdi. Bolalari bola bo‘lmadi, balo bo‘ldi. Topgan gaplari “Pul bering, pul bering”, bo‘ldi. Ustiga xotini ham “Bersang yeyman, ursang o‘laman”, deydigan xilidan chiqdi. Bolalari katta bo‘lguncha qishloqda urushmagan odamlari qolmadi. 
— Anovi Abdulqodir domlaning bolalariga o‘xshasalaring o‘lasanlarmi? — Saydulla qachon bolalarini urushsa oxiri shu gap bilan tugatardi. — Qara, bari biram aqlli, biram mehnatkash. Hammasi a’lochi. 
Sho‘ro zamonidan oldingi gaplar qaerdan yetib keldi, Saydulla bilmaydi, ammo bolalari ko‘chaga chiqdi deguncha uning bolalarini Chumakov, Chumakin deb masxara qilishar, ustiga mushtdekkina bolakaylar ham ularga eshittirib “O‘g‘ri-o‘g‘ri o‘mmoq, bozordagi cho‘mmoq”, degan ashulasini boshlab qolishardi.
— Shu “Cho‘mmoq” degan itlaringizni emib tirik qolganingizdan ko‘ra o‘lib ketsangiz yaxshi emasmidi? — dedi bir kuni o‘zidan ham bemehr o‘sgan katta o‘g‘li Marks. — Endi yetti pushtimiz bu “Cho‘mmoq” degan laqabdan qutulolmay o‘tadi, shekilli?
— Menga baribir, — dedi ichishdan, chekishdan boshqani bilmaydigan kichik o‘g‘li Melis. — Paxan bizga kayfu-safoga pul berib tursa bo‘ldi, eshshakni emmaydimi?
Saydulla cho‘mmoq bolalariga pul topib berib turish uchun nima ishlarni qilmadi deysiz? Olib-sotarlik ham qildi, tovlamachilik ham qildi, bozorda dallollik ham qildi. Eng oxirida sudxo‘rlikni kasb qildi. Odamlarga qarz berib, qarzdorlarning bo‘yniga foiz ustiga foiz urib boyib ketdi. 
Ammo Saydulla cho‘mmoqning topgan bu pullari unga huzur-halovat keltirmadi, qaytanga kulfat keltirdi. Qizi Avrora doimo qo‘lida pul bilan katta bo‘lgani uchun uncha-muncha pulga qanoat qilmaydigan bo‘ldi va bir kuni otarchilarga qo‘shilib, raqqosa bo‘lib ketdi. 
Marks mehmon bo‘lib borgan, ichib o‘tirgan bir to‘yda akasi borligini bilmay Avrora xirom etib qolibdi. Bir mehmon Marks Avroraning akasi ekanligini bilmagan shekilli, raqqosa haqida gapirib qolibdi.
— Shu qiz musulmon odamning farzandiga o‘xshaydi, otasi yo‘qmikan qaytaradigan? Oriyatli akasi yo‘qmikan urib, qilpanglagan oyoq-qo‘lini sindirib qo‘yadigan? Mening singlim bo‘lsa so‘yib tashlardim shu yerning o‘zida. Qaysi it emganning qizi ekan bu?
Oxirgi gap Marksning sabr kosasini to‘ldirib yuboribdi.
— “Qaysi it emganning qizi ekan?” dedingmi, oshna? “Shu yerning o‘zida so‘yib tashlardim”, dedingmi? Endi tomosha qil, bu qanjiq mening singlim edi, qara, endi nima bo‘ladi?
Marks shahd bilan o‘rnidan turib, Avroraning yoniga bordi. Avrora akasining vajohatini ko‘rib, haykaldek qotib qoldi. Yonidan qayirma pichog‘ini chiqargan Marksni biror kishi to‘xtatishga ham ulgurmadi. U pichoqni Avroraning qorniga kuch bilan suqib, naqd tomog‘ining tagigacha olib bordi. Odamlar nima bo‘lganini anglab yetganlarida Avroraning jonsiz tanasi yerda yotar, ko‘zlari qonga to‘lgan Marks haligi mehmonga qarab xirillardi:
— Ko‘rdingmi, so‘yib tashlash qanaqa bo‘ladi? U it emganning qizi edi. Men esa uning akasiman, it emganning o‘g‘liman!
“It emganning o‘g‘li”ni otuvga hukm qilishdi.
Saydulla cho‘mmoq itdek o‘lgan o‘g‘lining o‘ligini olib kelib ko‘molmadi ham. “Mumkin emas”, deyishdi. O‘zlari itni ko‘mgandek ko‘mishdi.
Ikki bolaning dog‘ini ko‘tara olmagan Saydulla cho‘mmoqning ayoli ham bolalarining ortidan ketib qoldi.
Saydulla cho‘mmoq birgina Melis o‘g‘li bilan qoldi. Ammo u bilan qolganiga pushaymonlar yedi. Melis uylanmadi ham, uylanishga rag‘bati ham bo‘lmadi. U nashavand bo‘lib qoldi. Saydulla cho‘mmoq endi shu o‘g‘lining chekishiga pul topib berishga majbur edi. Kunlik chekadigan nashasiga yetarli pul bermagan kuni Melis Saydulla cho‘mmoqni qo‘liga ilingan narsa bilan urar edi. O‘g‘li uni bir necha marta urib behush qilib qo‘yganda duxturlar olib ketib, Saydulla cho‘mmoqni yana odam qilishgan edi.
Xayriyatki, bu azoblari ham abadiy emas ekan, bir kuni ikki kun topib chekolmagan Melis birdaniga ko‘p chekib qo‘yib, tarashaday qotib qoldi.
Ana shundan keyin Saydulla cho‘mmoq hayhotday hovlida so‘ppayib bir o‘zi qoldi.
Oradan yillar o‘tdi. Saydulla cho‘mmoq qarib, munkillab qoldi. Ammo tiriklar safida bo‘lmaganidek, hali o‘liklar safiga ham olinmagan edi.
Tavba, qishloq tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Qishloqning yarmini Hoji to‘ramning avlodlari egalladi. Saydulla cho‘mmoq ko‘chada uchragan bolalarni tanimaydi, aqalli o‘zi tanigan birorta odamga o‘xshata olmaydi. Ammo ana shu mishiqi bolalar ham “O‘g‘ri-o‘g‘ri o‘mmoq, bozordagi cho‘mmoq”, deb ashula aytadi. Saydulla cho‘mmoq ular bu ashulani meni ko‘rib atay aytishayapti deydi. Ammo ularni urusha olmaydi. Ular endi Saydulla cho‘mmoqqa tutqich berishmaydi. 
— Eh, zamoni bo‘lganda edi... — deb qo‘yadi tishlari orasidan Saydulla cho‘mmoq.
Bolalar bilibmi, bilmaymi chaqimchilik qilgan, xoinlik qilgan bolalarni Chumakov, Chumakin deyisharkan. Ajabo, Chumakinni bu bolalar tugul, bularning otasi ham ko‘rmagan bo‘lsa, bolalar qaerdan oladi-a, bu gaplarni? 
Saydulla cho‘mmoqning yoshi qarg‘aning yoshiga yetay deb qoldi. Uni tanigan, qilg‘uliklarini bilgan odamlar o‘tib ketishdi. Do‘st tugul Saydulla cho‘mmoq o‘ziga dushman sanagan odamlar ham bu dunyodan o‘tib ketishdi. Saydulla cho‘mmoqqa yashashning qizig‘i qolmadi. Saydulla cho‘mmoqning yashagisi kelmay qoldi. 
Ammo qani u ajal? Qani u bezor bo‘lgan jonni oluvchi farishta?  
Ana shunda Saydulla cho‘mmoq Hoji to‘ramni eslab qoldi. Ana shunda Saydulla cho‘mmoq Hoji to‘ramning arava ustida o‘tirib Saydulla cho‘mmoqni duo qilganini eslab qoldi.
— Men Saydullani duo qilaman: Alloh taolo, unga judayam uzoq umr bersin! Hammangdan uzoq umr ko‘rsin Saydulla! Alloh uning niyati, amaliga yarasha beradiganlarining hammasini ko‘rsin Saydulla! Alvido, qibladoshlarim! Omin, Allohu akbar!
Saydulla cho‘mmoq yugurib ko‘chaga chiqdi. 
Arava olislab borayotgan edi. Uning ustidagi Hoji to‘ram nuqul “”Omin, Allohu akbar! Omin, Allohu akbar!” deb yuziga fotiha tortib-fotiha tortib ketar edi.
Saydulla cho‘mmoq aravaga yetib olish uchun yugurar, tili tinmay bir gapni takror qilardi:
— A-a! Hoji to‘ram, Hoji to‘ram, meni kechiring! Hoji to‘ram, gunohimdan o‘ting! Meni duo qilmang, jon Hoji to‘ram, meni duo qilmang! O‘tinaman sizdan, Hoji to‘ram, meni qarg‘ang! “O‘l!” deb qarg‘ang, Hoji to‘ram, “O‘l!” deb qarg‘ang! Xudoning menga atagan yana biror azobi qoldimi, Hoji to‘ram? Ko‘radiganim hali bormi, Hoji to‘ram?
Chopa-chopa yuz tuban yiqilib, og‘zi-burni qon bo‘lgan Saydulla cho‘mmoqqa odamlar hayron qarashar, Saydulla cho‘mmoq esa arava ortidan yalinib-yig‘lab sudralardi:
— Hoji to‘ram, meni qarg‘ang, “O‘l!” deb qarg‘ang, men ham o‘layin! Hoji to‘ram...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.