OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karimberdi To‘ramurod. Dilxiroj (hikoya)

- Menga qara, uka, sen o‘zi haqiqiy qo‘shiqchi bo‘lmoqchimisan yoki qishloqdagi to‘ylarda chiqib ikki- uchta ashula aytish bilan kifoyalanib yurmoqchimisan? - so‘rab qoldi pochcham bir kuni.
- Qo‘shiqchi bo‘lmoqchiman, - dedim va qarorim qat’iyligini bildirish uchun shosha- pisha orzularimni ham sanab tashladim. - Katta- katta to‘ylarni o‘tkazsam, deyman, bayramlarda chiqib qo‘shiqlarim bilan ming- minglab odamlarni qoyil qilsam, deyman. Men ham katta san’atkorlarday Toshkentga borib televizorlarga chiqsam, deyman. “Xalqlar do‘stligi” saroyida kontsert bersam, deyman.
- “Xalqlar do‘stligi”ni qo‘yib tur, - dedi pochcham. - Televizor, radioga chiqish ham qiyin ish emas. O‘zim yordam beraman. Qaroring qat’iy bo‘lsa hammasiga erishasan. Ammo eng qiyini to‘y. “Xalqlar do‘stligi”da kontsert berganing bilan, radio- televideniega har kuni chiqqaning bilan odamlar to‘yiga aytmasa bir pulda, uka. Ana, haligi semiz yigit, oti nimaydi? Ha, o‘sha. Qachon televizorni qo‘ysang shu chiqadi. Har bayramda shu chiqadi. Ammo birovning to‘yida ko‘rdingmi? Barakalla! Xalq tan olmasa qiyin-da, uka.
- Nima qil deysiz, pochcha?
- Xalqqa yoqadigan qo‘shiqlarni o‘rgan. Xalq degani bu faqat jalasoylik degani emas. Jalasoyni to‘yi “Enajon qa-rang- qarang» bilan, nari borsa “Yoram biyo” bilan o‘tadi. Ammo tumanimizning markaziga yoki G‘o‘s, Kamangaron, Vag‘ashti singari eng katta qishloqlariga borib bu qo‘shiqlarni aytsang urib o‘ldirishadi. Ular “Maqom”ni eshitishadi. Qa-dimgi ashulalarni eshitishadi. Yengil- yelpi ashulalarni eshitishmaydi. “Munojot”ni, “Ushshoq“ni so‘rashadi. “Kuygay”ni, “Girya”ni so‘rashadi. G‘o‘sga borsang “Beboqcha”yu “Nasrulloyi”ni so‘rashadi. Saksonga kirgan chollari ham sen aytgan, televizordan tushmaydigan hofizlaringdan ko‘p biladi “Maqom”ni. Yaxshiroq aytadiyam.
- To‘ylarida sho‘x qo‘shiqlar aytib raqsgayam tushishadimi yoki faqat maqom eshitishadimi?
- Endi, uka, ular san’at deb “Maqom”ni tan olishadi. O‘yin- kulgu qilishlariga kelsak, o‘yin- kulgu, bazm qilishadi. Ayollarining to‘yi alohida, erkaklarniki alohida. To‘yda ayollar o‘ynamaydi. Raqqosayam bo‘lmaydi. Erkaklar ashula aytadi. Erkaklar o‘ynaydi. Ashulayam erkakcha, raqs ham erkakcha. Ular qarsak chalib, ashula aytib hammani o‘ynatib yuboradigan “Beshqarsak” degan ansamblni tuzganda hozir chet elma- chet el yurgan ansambllaringdagi folklorchilaringning otalari ham tug‘ilmagan edi.
- Ha, ishqilib sho‘x ashula ham eshitar ekan- ku, - dedim yengil nafas olib.
- Sho‘x ashulaning ham ashulasi bor, uka, - dedi pochcham. - Sho‘x ashulada ham ma’no- matra bo‘lishi kerak. “Lazgi”ning so‘zlarini bir qara, qanday ulug‘ so‘zlar. “Jonon bo‘laman deb”, “Mustahzod”larning so‘zini qara, qanday purma’no so‘zlar. Ammo haqiqiy erkaklar o‘ynaydigan qo‘shiq qaysi, aytaymi? “Dilxiroj”! Ashulaning erkagiyam “Dilxiroj”, erkakning ashulasiyam “Dilxiroj”! so‘zni qara:

Davr javridan tanu jonimda rohat qolmadi,
Surati holimda osori farog‘at qolmadi. 
Mehnatu g‘am chekmakka minba’d toqat qolmadi, 
Rahm qil, davlatli sultonim, muruvvat chog‘idur.


Pochcham to‘ylarda san’atkorlardan doim “Dilxiroj”ni  so‘rashi bejiz emas ekan-da. “Dilxiroj” kuylangan to‘ylarda pochchamning eshilib raqsga tushganlari, “Dilxiroj”ni qoyil qilib aytgan hofizlarga cho‘ntagidagi bor pulini qistirib yuborganlari ko‘z oldimga keldi. “Dilxiroj” aytganlar ichida Xayrulla Lutfullaevnigina tan olardi. Keyin “Beshqarsak”chilarni, Majidxonni, Tursunxonni.
“Shuhratni uylantirsam Xayrulla Lutfullaevni olib kelaman, o‘shanda ko‘rasizlar haqiqiy “Dilxiroj”ni, o‘shanda ko‘rasizlar mening qanday raqsga  tushishimni”, derdi suhbatlarda.
- Xullas, gap shu, maqomdan o‘n beshta, Sherali Jo‘raevdan yigirmata, Komiljon Otaniyozov, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqovlardan beshtadan ashula yodlaysan. “Dilxiroj”ni aytib berasan, bo‘ldi. O‘zim seni to‘ylarga olib chiqaman!

* * *

Pochcham va’dasida turdi. Meni o‘z “imtihoni”dan o‘tkazib olgach, qishlog‘imizdagi Qurbon ismli doirachini va Abdunazar ismli garmonchini olib, bir o‘rtog‘inikiga to‘yga olib bordi. O‘rtog‘i ham, to‘yxonadagilar ham xursand bo‘-lishdi. Pochchamning ham ko‘ngli to‘ldi. Biz ham xursand edik. Yigirma besh so‘mdan pul olganimizga emas, bizning qo‘shiqlarimizni eshitishganiga.
Pochchamning o‘rtoqlari judayam ko‘p edi. Biz ketma-ket to‘ylarga chiqa boshladik. Keyinchalik xizmat doiramiz kengayib, qo‘shni tumanlar, hatto boshqa viloyatlarga ham haftalab to‘ylarga bora boshladik. Menga maza edi, boshqa hofizlarga o‘xshab sozanda yo raqqosa izlab yurmas edim. Hammasini pochcham hal qilardi. Yaxshiroq sozanda chiqibdi, deb eshitsa topib to‘yga olib kelardi. San’ati, odobi yoqsa biz bilan birga yuraverardi.
To‘y qiluvchilar ham aksariyat hollarda pochcham bilan kelishib, to‘y kunini u kishining yon daftariga yozdirib ketishaverardi. Qolganini pochchamning o‘zi hal qilardi.
Xullas, to‘ylargayam bordik, orada radioga, televizorgayam chiqdik. “Xalqlar do‘stligi”da chiqish esa armon bo‘lib qoldi. Undan boshqa armonlar ham kam emasdi.

* * *

Pochcham kutilmaganda ozib keta boshladi. Avvaliga o‘qtin-o‘qtin o‘qchiydigan pochcham keyinchalik ovqat yesa qayt qiladigan bo‘lib qoldi.
Samarqanddagi eng nomdor kasalxonada uzoq davolandi. Har gal borsam kasallikdan, dori-darmondan, hatto turmush ikir-chikirlaridan ham deyarli gaplashmasdik. Suhbatlarimiz san’at haqida, qo‘shiqchilik haqida bo‘lardi. Ular uzoq, meni hamshira chiqarib yuborgunicha davom etardi.
- Haligi “Toybola”ni aytgan yigit yaxshi ashula qipti- ya, uka, “O‘g‘il bola” degan. Kecha radiodan eshitdim. Zo‘r qo‘shiq bo‘pti. Odamning o‘ynagisi keladi. Yotgan joyimda o‘ynadim. Sho‘x ashula qilsang ana shunaqa qil!
- Raisning to‘yi esingdami, - deb qoldi bir gal. - Ammo san’atkorlarini yomon uyaltiruvdim, esingdami? Toshkentdan kelgan hofizi “Dilxiroj”ni aytolmas ekan. Uch-to‘rt marta borib “Dilxiroj”ni ayting, hofiz, iltimos”, deb pul qistirib keldim. Oxiri, “Aka, u qo‘shiqni aytolmayman, bilmayman, zamonaviyroqlaridan so‘rang”, dedi. Achchig‘im chiqib ketdi. Shartta mikrofonni olib, “Rais bobo, “Dilxiroj”ni bilmaydigan artistni Toshkentday joydan olib keldingizmi? Undan ko‘ra Qamariddinni xizmatga aytsangiz durust emasmidi”, dedim. Keyin “E, sizga besh ketmadim”, deb bir dasta pulni Toshkentdan kelgan artistning ustidan sochib, to‘yxonadan chiqib ketuvdim.
- Ammo sening to‘yingda yayrovdik, - dedi pochcham picha o‘ylab yotib. - Sherali o‘g‘lingning sunnat to‘yida hofizman degani keluvdi. Ammo kechqurun “Beshqarsak”chilar kelishdi. O‘ziyam “Dilxiroj”ni besh marta ayttirdikmi, olti marta ayttirdikmi, esimda yo‘q. Ana o‘shanda raqsga tushishning xumoridan chiqqanmiz- a? Kun bo‘yi charchaganlarimiz ham chiqib ketuvdi o‘shanda. Opangga “Haqiqiy qo‘shiq “Dilxiroj”, o‘ynasang “Dilxiroj”ga o‘yna”, deb uniyam rosa raqsga tushirganman. Bir opkeb videosini qo‘yib berasan-da.
Bir safar borsam “Uyga olib ketinglar”, deb qoldi.
- Hali sog‘ayib ketmadingizku, - dedim judayam ozib ketgan pochchamning so‘lg‘in yuzlariga qarab.
- Endi bo‘ldi, - dedi pochcham. - O‘z uyimda, bola- chaqamning oldida jon beray.
- Nega unaqa deysiz, nafasingizni issiq qiling, - dedim xafa bo‘lib.
- Uka, xafa bo‘lishning, g‘amga botishning hojati yo‘q. Xudoga shukr, erkak bo‘lib dunyoga keldim, erkakday yashadim. Endi o‘limni ham erkakday qarshi olish kerak. Mening dardim bedavo, kelganimdayoq bilganman oshqozonim rak bo‘lganini. Uyga borganda opangga “Pochcham rak ekan”, deb aytib qo‘yma. “Biror hafta dam olib ketgani keldi”, deb qo‘yaver. Rak desang opang bu g‘amni ko‘tarolmaydi.
Pochchamni uyga olib bordik. Kechqurun oldiga kirayotsam opam yengimdan tortib tayinladi:
- Tag‘in pochchangga do‘xtirlar “Bu kishi rak, tuzalmaydi, bir haftalik umri qolgan”, deganini aytib qo‘yma. Rakligini bilsa umidsizlikka tushadi, bu dardning g‘amini ko‘tara olmaydi. 
O‘shanda o‘zimni tutolmadim. Ana o‘shanda yig‘ladim. Uzoq yig‘ladim. Pochchamning rak ekaniga emas, ko‘z oldimizda pochchamizning erib borayotgan shamdek umr nuri so‘nayotganiga ham emas, pochchamning o‘zi bilgan dardini opamga aytmay uni ayayotganiga, opam ham hammaga ayon haqiqatni eriga aytmay uni o‘zicha ayayotganiga yig‘ladim. “Olloh buncha irodani odamzotga qaerdan berdi” deb yig‘ladim. “So‘nggi nafaslarida ham opamni avaylash, ayash  uchun pochcham kuchni qaerdan oldi”, deb yig‘ladim. “Mehr- muhabbatning cheki- chegarasi  qaerda”, deb yig‘ladim.

* * *

“Bir haftalik umri qolganmish”.
Bu gap hamma yoqqa tarqaldi. Tez tarqaldi. Yoshu-qari, erkagu-ayol, qarindoshu begona kasalni ko‘rgani, aslida pochcham bilan vidolashgani kela boshlashdi. Zero, pochcham qishloqning erkasi edi. Uni hamma yaxshi ko‘rardi. Pochcham ham elga xizmati singgan yigit edi. Yoshu qarining xizmatini beminnat qilardi.
Oqsoqollar kengashdi. Mulla Safar boboning gapi jo‘yali keldi. Pochchamning fotihali qizini uzatishga qaror qilishdi.
“Qiz bola birovning omonati. Otasining ko‘zi ochiqligida olib ketishsin. Qizini kelinlik libosida ko‘rib ko‘ngli xotirjam bo‘lsin”.
Pochcham chiqolmadi. Oyog‘iga bosh qo‘ygan qizini yotgan joyida duo qildi.
Uch kun o‘tib biz tomonda talbon deyiladigan charlarni ham o‘tkazishga qaror qilishdi.
“Xursandchiliklarni ko‘rgani g‘animat. Qiziyam talbondan keyin emin-erkin kelib ketaveradi”
- Davrani o‘zing olib borasan, - tayinladi pochcham. - Men haqimda ko‘p gapirib yotma. Opangni maqta. Opang tillo ayol. Opangning o‘rnida tosh bo‘lsa erib ketardi. Opangni maqtayver. O‘ynab kulsin, bechora. Menga qarayverib siqilib ketdi o‘ziyam. Xizmatga Qamariddinni chaqiringlar, “Dilxiroj”ni yaxshi aytadi.
Charlar baribir charlar-da. Yoshlar o‘yin-kulguni yoqtirishadi. Kuy-qo‘shiq avjida edi...
Olloh pochchamga qaerdan kuch berdi, bilmayman.
- Meni to‘yxonaga olib chiqinglar, - dedi pochcham. - Qani, qizim qanday kelin bo‘pti?
Ikki kishi ikki yonidan suyab yosh bolani yurgizgandek avaylab ozib, quruq suyagi qolgan pochchamni davraga olib chiqdik. Pochcham to‘g‘ri kelin-kuyovning ro‘parasiga bordi. Kelin ham, kuyov ham pochchamga peshvoz chiqib ta’zim qilishdi.
- Baraka top, qizim, barakalla, - dedi pochcham ularga. - Iloyo baxtli bo‘linglar, qo‘sha qaringlar!
Pochchamning ko‘zlaridan ikki tomchi yosh dumaladi. Balki ular sevinch yoshlaridir, ammo qarab turganlar buni o‘zlaricha tushundilar. Chekka-chekkadan piqillagan yig‘i tovushlari eshitila boshladi.  Yig‘laganlarni ko‘rib boshqalar ham qo‘shildilar.
- To‘y to‘yday bo‘lsin-da, jo‘ralar, - dedi pochcham. - Qamariddinga ayt, “Dilxiroj”ni aytsin!
Qamariddin ham bir imodan tushundi. “Dilxiroj” chalindi. So‘zlari aytila boshlagan damda “Meni qo‘yib yuboringlar!”, dedi pochcham. Biz qo‘rqib-qo‘rqib qo‘llarimizni pochchamning qo‘ltig‘idan oldik. Pochcham qo‘llarini ko‘tardi. Oyoqlarini “qaychi” qilib raqs tusha boshladi.
Yo qudratingdan! Pochcham xuddi navqiron paytlaridagidek, soppa- sog‘ vaqtlaridagidek, to‘y-hashamlarni guldiratib yurgan damlaridagidek keng quloch yozib, erkakchasiga raqs tushardi.
Qamariddin bir qo‘lida mikrofon, bir qo‘li bilan ko‘z yoshlarini artib kuylardi:
Hosilim barqi havodisdan malomat dog‘idur, 
Masnadim ko‘yi malomatda fano tuprog‘idur...
Qaytar dunyo ekan. Bir vaqtlar “Dilxiroj”ni qoyil qilgan hofizning boshidan bor pulini sochgan pochchamning, “Dilxi-roj”ga erkakcha qilib o‘ynagan yigitlar boshidan bor pulini sochgan pochchamning boshidan pullar sochildi, bearmon sochildi.
Ana o‘shanda yomon yig‘ladim.
Ana o‘shanda tomog‘imga bir narsa yomon tiqildi.
Pochcham qizini va kuyovini duo qildi.
Biz kelin-kuyovni kuzatib, ichkariga kirdik. Opam pochchamning boshini tizzalari ustida ushlagancha jimgina ko‘z yosh to‘kardi.
Pochcham nimtabassum qilib yotar, u o‘zi aytgandek, o‘limni ham mardona, ya’ni, erkakchasiga qarshi olgan edi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.