OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karimberdi To‘ramurod. Ikki yillik muhabbat (hikoya)

Bugun yozmoqchi bo‘layotganlarimdan birortasi to‘qilgan emas. Qanday bo‘lgan bo‘lsa shunday yozmoqchiman. Bu gaplarga o‘ttiz yil bo‘ldi. Bularni oldinroq yozsam hikoyam qahramoni meni urib o‘ldirishi aniq edi. 
Negaligini esa hikoyani o‘qisangiz bilib olasiz.


1. Tanishuv

Universitetning birinchi kursida o‘qirdim. Germaniyadan maktub oldim.
«Assalomu alaykum Karimaxon. Sog‘-salomat o‘qib yuribsizmi? Xat yozayotgan kim ekan deb taajjublanayotgan bo‘lsangiz kerak? Taajjublanmang, men manzilingizni sinfdoshingiz, men bilan birga armiyada xizmat qilayotgan do‘stim Sirojiddin Rasulovdan oldim. «Nega manzilimni yigitlarga berdingiz?» deb u kishidan xafa bo‘lmang. Men Sirojiddinga bildirmay, u kishiga yozgan xatingizdan manzilingizni olib, sizga xat yozayapman. Maqsadim siz bilan tanishish. Bir-birimizga xat yozishib tursak, nima deysiz? 
Mening ismim O‘tkirjon. O‘zim Samarqandning Payariq tumanidanman. Ming to‘qqiz yuz oltmishinchi yil tug‘ilganman. Maktabni tugatib armiyaga chaqirildim. Mana, Germaniyada yigitlik burchimni bajarayapman. Armiyadan so‘ng albatta Samarqandga borib, institutga kirib o‘qiyman. Shunda siz bilan tez-tez uchrashib turamiz. Hozircha xat yozishib turaylik!
Soldatlik salomi bilan O‘tkirjon».
Hayron bo‘lib, xatni bir-ikki ag‘darib o‘qib chiqdim. Xatjildi (konverti)ga qaradim. Hammasi to‘g‘ri. Manzilim ham to‘g‘ri yozilgan. Ammo xatdan hech narsa tushunmadim. Gap shundaki, men Karimaxon emas edim. Karimjon, aniqrog‘i Karimberdi edim. «Birortasi qo‘polroq hazil qilibdi, shekilli?» dedim-u, unga e’tibor qilmay qo‘ya qoldim. 
Uch kun o‘tib, do‘stim Sirojiddindan xat oldim.
«Salom do‘stim Karimjon. Bizda qiziq voqea bo‘ldi. Menga yozgan xatingizni xizmatdosh bir o‘rtog‘im olib, konvertidagi «Ot kogo» degan joyidagi «Ot Turamuradova Karima» degan yozuvni o‘qib, «Sirojidinning To‘ramurodova Karima degan sinfdoshi bor ekan», deb o‘ylabdi. «Sinfdoshingizmi?» deb so‘radi. «Ha», dedim. «Hozir nima ish qiladi?» deb so‘radi. «Universitetning birinchi kursida o‘qiydi», dedim. «Chiroylimi?» dedi, «Qizlarni kuydirib yuribdi-ku?» dedim. «Yaxshi, yaxshi», deb ketuvdi. Bugun «Sinfdoshingiz Karimaxonga xat yozdim, u bilan tanishib olmoqchiman», deb qoldi. Avvaliga hayron bo‘ldim. «Qaysi Karimaxonga xat yozdingiz?» desam, «To‘ramurodova Karimaxonga-da, universitetda o‘qiydigan», deydi. «Tomingiz ketganmi?» desam «Javob yozsa yozar, bo‘lmasa mendan nima ketdi, yoki Karimaxon noz qilarmikan?» deydi. «U noz qilishni bilmaydiku-ya», deb haqiqatni aytay dedim-u, bir shumligim tutdi. Karimjon, ruschani bilmaydigan shu qishloqi jo‘ramizni bir boplamaymizmi? Karimaning nomidan xat yozib yuboring, bir ustidan kulaylik. Yanayam o‘zingiz bilasiz. Vaqtingiz bo‘lmasa shart emas.
Salom bilan do‘stingiz Sirojiddin».
Hammasini shundan so‘ng tushundim. Hazil bo‘lsa hazil-da. Kulish bo‘lsa kulish-da. Bitta xat yozishga vaqt topmay o‘libmizmi? Karimaxon bo‘lib yozish kerak bo‘lsa Karimaxon bo‘lib yozamiz-da. Ikkilanmay xat yozishga kirishdim.
«Assalomu alaykum O‘tkirjon aka. Sog‘-salomat o‘z yigitlik burchingizni ado etib yuribsizmi? Xizmatlar og‘ir emasmi? Germaniyada vatanimizni sog‘inib qolganingiz, zerikkaningiz yo‘qmi?
Sirojiddindan ozroq xafa bo‘ldim. Manzilimni begona yigitlarga bergani uchun hali kelsin, mendan ko‘radiganini ko‘radi. Ammo sizdan xafa emasman. Qaytanga xursand bo‘ldim. O‘qishda qizlar hammasi o‘zlarining yigitlari haqida gapirishadi. Yigitlaridan kelgan xatlarni o‘qib berib, maqtanishadi. Suratlarini ko‘rsatib, odamning havasini keltirishadi. Mendan so‘rashsa jimgina, mung‘ayibgina o‘tirardim. Axir hali mening yigitim yo‘q-da. Endi sizdan kelgan xatlarni o‘qib beraman. «Yigitimdan», deyman. «U Germaniyada xizmat qilayapti, yaqinda komandir bo‘ladi», deyman. Endi dugonalarimdan kam yerim bo‘lmaydi. «Seni o‘zi birortasi sal yoqtirganmi?» deydigan anavi Guli tannozning ham, Sohibaning ham ovozi o‘chadigan bo‘ldi. 
O‘tkir aka, mayli, menga xat yozib turing. Men ham birorta xatingizni bejavob qoldirmayman. Keyingi xatingizda iloji bo‘lsa, harbiy kiyimda tushgan suratingizni yuboring, dugonalarimga ko‘rsatib maqtanaman.
Salom bilan Karimaxon».
Germaniya ham yaqin bo‘lgan ekan-da o‘sha paytlar. Shanba kuni xat yozgan bo‘lsam keyingi shanba kuni javob kelib turibdi-da. Tavba qildim. Germaniyadan-a? Hozir Toshkentga xat jo‘natsang, bir oysiz yetib bormaydi. 
«Salom Karimaxon! Men sizdan juda-juda xursand¬man. Xatimga javob yozmaysiz deb qo‘rqqan edim. Endi mendan baxtli odam yo‘q. Umrimda birinchi marta qiz boladan xat olishim. Rahmat sizga, Karimaxon! 
Ishonasizmi, xatingizni qayta-qayta o‘qiyman. Uning har bir so‘zini yodlab oldim. Baribir ochib o‘qiyveraman. Rotamizdagi deyarli hamma bolalarga o‘qib berdim. Ko‘plari menga hasad qila boshlashdi. Rost-da, axir hamma soldat ham qizlardan xat olavermaydi-ku?
Endi menga harbiy xizmat ham og‘ir emas, vatandan olisdaligim ham bilinmaydi. Chunki, endi siz borsiz, sizdan keladigan maktublar bor. Bu yog‘iga maktublaringizni kutib kunlar tez o‘tadi. Faqat siz tez-tez xat yozib turishni unutmang!
Karimaxon, siz uchun maxsus suratga tushdim. Ke¬yingi xatimda yuboraman. Xayr, sog‘ bo‘ling!
Soldatlik salomi bilan do‘stingiz O‘tkir».
Haqiqatdan keyingi xatida O‘tkirjon «akam» shapkasini qo‘rraytirib tushgan suratini yubordi. Binoyiday soldat ekan. Ammo xatida bir noqulay iltimosi bor ekan. U endi mendan ham surat so‘rayotgan edi. Men ham u kishim uchun maxsus suratga tushganimni, keyingi xatimda yuborishimni yozdim. 
Bir hafta ichida bir nima o‘ylab toparman-da.

2. Endi sizsiz yasholmayman

O‘tkirjonning keyingi xatidan ham surat chiqdi. Endi unga surat yubormasam insofsizlik bo‘lardi. Navoiylik kursdoshim Lolaxondan sochlarini oldiga tashlab tushgan bitta suratini berishini iltimos qildim. Uning sochlari nihoyatda uzun edi. Yo‘g‘on qilib o‘rib oladigan sochlari yerga tegay derdi. Lolaxonga ahvolni tushuntirdim. Avvaliga ishonmadi. Ertasiga   O‘tkirdan kelgan xatlarni ko‘rsatdim. Lola darrov Sohiba, Saida degan doimo birga yuradigan dugonalarini chaqirib, xatlarni ularga ham o‘qib berdi. Hammalari qotib-qotib kulishdi. 
— Bitta rasmingizni bering, Karimberdi «yigiti»ga jo‘natib yuborsin! — dedi kulgudan o‘zini to‘xtata olmayotgan Sohiba.
— Bitta surat bilan davlatingiz kamayib qolmaydi, — dedi kulaverib ko‘zlari yoshlangan Saida.
— Armiyadan kelib, suratimni ko‘rsatib, «Mana shu qiz ikki yil xat yozuvdi», deb boshimni garang qilsachi? — dedi Lola.
— Sizni garang qilmaydi, axir siz Karima emas-ku? Karima menman-ku? — dedim men.
— Mayli, rasmimni beraman, ammo bitta shartim bor, — dedi Lola. — Har safar xat kelsa birga o‘qiymiz. Bizlar ham bexabar qolmaylik. 
— Kelishdik! — surat unganiga xursand bo‘lib, darrov rozi bo‘ldim men.
Ertasiga Lola bitta qilib o‘rilgan bo‘liq sochlarini oldiga tashlab tushgan suratini olib keldi. Men uning orqasiga «O‘tkirjon akamga estalik uchun Karimaxondan», deb yozib, xatga solib, jo‘natib yubordim.
O‘tkirjondan kelgan navbatdagi xat butun fakultetda duv-duv gap bo‘lib ketdi. Uzundan-uzoq hol so‘rashlardan keyin mana bunday so‘zlar bor edi maktubda:
«Karimaxon suratingizga qarab to‘ymayman. Shunchalar chiroyli bo‘ladimi qiz bola degani? Sochlaringiz soch emas, sharshara ekan. Suratingizga qayta-qayta qarayman. Hech qarab to‘ymayman. Qaragan sayin yana qaragim keladi. Suratingizni gimnastyorkamning chap ko‘krak cho‘ntagida olib yuribman. U shundoqqina yuragimning ustida turadi. Yuragimni isitib turadi. Olib bir qarayman-u, mashinamni haydab ketaman. Suratingiz menga oq yo‘l tilayotgandek, «Oy borib omon qayting, O‘tkirjon aka», deyotgandek bo‘laveradi. Bilasizmi, Karimaxon, xatlaringizni o‘qiboq sizga muhabbatim bor edi. Endi suratingizni ko‘rib, menda hech ixtiyor qolmadi. 
Men sizni sevib qoldim, Karimaxon! 
Sevgim chin, ishoning! Chin soldatlik so‘zim! 
Xohlasangiz qasam ichaman. Endi men sizsiz yashay olmayman.
Sizni sog‘inib sevgilingiz O‘tkirbek».
Oradan ko‘p o‘tmay Sirojiddindan xat oldim.
Sirojiddin do‘sti mening «ishqimda» jinni bo‘lganini, yuborgan suratimni hammaga maqtanib ko‘rsatib chiqqanini, damba-dam ko‘krak cho‘ntagidan olib, tomosha qilib, bitta o‘pib, yana qog‘ozga o‘rab, avaylab cho‘ntagiga solib qo‘yishini yozibdi. Men endi sir ochilib qolmasin, deb Sirojiddinga ham Karima bo‘lib maktub yozdim. Bilamanki, bu maktubni Sirojiddin darrov O‘tkirga ko‘rsatadi. Shuni o‘ylab, xatimga sal-pal «nozlarim» dan aralashtirdim.
«Sirojiddin, hali keling, men sizni o‘ldiraman, begona yigitlarga manzilimni berganingiz uchun. O‘tkir akamga ayting, suratimni hammaga ko‘rsatmasinlar, axir qiz bolaman, uyalaman-da. Aytgancha, u kishiga ishonsam bo‘ladimi? Xatlarida menga sevgi izhor qilibdilar. Men ko‘ngil berib, aldanib qolmaymanmi? Bir kuni tashlab ketmaydilarmi? Men dugonalarimga u kishining suratlarini ko‘rsatib «yigitim», deb qo‘ydim. 
Salom bilan sinfdoshingiz Karimaxon».
Kutganimdek bo‘ldi. Bir hafta o‘tib-o‘tmay O‘tkirjondan xat oldim. U endi yettinchi osmonda uchib yurardi. 
«Garchi menga ochiq yozmagan bo‘lsangiz ham Sirojiddinga yozgan xatingizdan menda ko‘nglingiz borligini bilib oldim. Sizga katta rahmat, Karimaxon! Dugonalaringizga rasmimni ko‘rsatib, «yigitim» deganingizni o‘qib, boshim osmonga yetdi. Hali xizmatim tugasin, harbiy kiyimlarim bilan to‘ppa-to‘g‘ri o‘qish joyingizga boraman. Dugonalaringiz bir ko‘rib qo‘yishsin, mendek sadoqatli yoringiz borligini! Hammalari havas qilib qolishadi hali.
Ammo «O‘tkir akam aldamaydimi, tashlab ketmaydimi?» deb yozganingizni o‘qib ozgina ranjidim. Yaxshilab suratlarimga qarang, men hech aldaydigan yigitga o‘xshaymanmi? Men avval ham yozuvdim, qasam ichib aytaman, sizni ikki dunyoda ham tashlab ketmayman! Bir umrlik vafodor yoringiz bo‘laman!
Sizni g‘oyibona quchib, yoringiz O‘tkirjon».
Ana bo‘lmasa!
Hazillashamiz deb boshimga bir baloni orttirib olmasaydim. Bu yog‘i jiddiylashib ketdi-ku? 
Universitet hovlisidagi to‘rtinchi aloqa bo‘limidagi qizlar ham «Soldat maktublari» dan ogoh bo‘lishdi. Ular ham pochtaga kirganimdan menga maktub bo‘lsa darrov olib berishib, «O‘qib bering, bizlar ham eshitaylik», der edilar. O‘tkirjondan kelgan maktublarni poch¬tadayoq ochib o‘qiydigan bo‘ldim. Pochtadagi qizlar rosa kulishar, deyarli har bir xatda kelayotgan suratlarni tomosha qilishardi. 
O‘tkir «akam» ham erinmay suratga tushib yuborardi-da o‘ziyam. Bir gal suratini yurak shaklining ichiga joylashtiribdi. Yurak atrofiga esa «O‘tkirjon + Karimaxon = Lyubov» deb yozdiribdi. Bu narsalar kompyuter zamonasining bolalari bo‘lgan bugungi yoshlar uchun arzimas narsadir, ammo ming to‘qqiz yuz yetmish sakkizinchi yilda bu ish oddiy ish emas, «o‘n sakkiz yoshli qizni» anchagina hayajonga soladigan ish edi. 
Men ham munosib javob qaytarmasam noinsoflik bo‘lar edi. Loladan iltimos qilib, «dars tayyorlab o‘tirgan holimdagi, shoirona o‘tirib, xayol surayotgan holimdagi suratlarimni» yubordim. Eh-he, bu suratlarim borgandan keyingi kelgan xatlarni so‘zma-so‘z ko‘chirsam hikoyam hikoya emas, roman bo‘lib ketadi. Ichagingiz uzilishi ham mumkin. Ammo men «yigitim»ning ustidan qattiq kulishingizni xohlamaganim uchun ham u maktublarni aynan keltirmayman.

3. Ota-onam nima derkan

Har shanba kuni qishlog‘imizga ketardik. Xatlar ham asosan hafta oxirida, ko‘pincha shanba kunlari kelgani uchun qishloqqa yangi xat ta’surotlari bilan ketardim. Rahimberdi akamiz bilan birga ijara uyda turardik, ko‘pincha qishloqqa ham birga borib, birga qaytardik. Bir gal oxirgi kelgan maktub judayam kulguli bo‘lganidan uyga borguncha kulib bordik va akam sirimizni otamga ochib qo‘ydi.
— Ha, ikkalang ham og‘izlaring quloqlaringda kelayapsizlar, stipendiya olibsizlar, shekilli? — dedilar otam.
— Stipendiya olganimiz yo‘q, baribir haftalik pulimizni berasiz, ammo Karimberdingiz qilib yurgan ishlarni eshitsangiz siz ham kulishingiz aniq, — dedi akam.
— Qani, Karimberdi nima ishlar qilib yuribdi ekan, eshitaylikchi? — dedilar otam.
Qancha turtmay, akam barini oqizmay-tomizmay aytib berdi. Otam kula-kula eshitar ekanlar, biriga ishonib, biriga ishonmay dedilar:
— Qani aytganlaring rost bo‘lsa, birorta xatini o‘qib beringlarchi!
Men o‘shanda urf bo‘lgan «Diplomat» deb atalgan sumkamdan O‘tkirning oxirgi uch-to‘rtta xatini olib, o‘qib berdim. Onamiz rahmatlik ham, singillarim ham qotib-qotib kulishdi. Otamiz rahmatli juda hazil-mutoyibaga o‘ch odam edilar. Vodiy tomonlarga borsalar o‘sha yoqlik otaxonlarning askiyalariga ham bemalol qo‘shilib ketaverar edilar. Uyimizda otamning sharofati bilan janjal-mojaro bo‘lmas, har qanday muammo ham hazil-mutoyiba bilan yengil hal qilinar, otam bor davrada g‘iybat gaplar, bema’ni so‘zlar gapirilmasdi.
— Ertaga bir kun xizmati tugagach, kelsa nima deysan? — dedilar otam kulgudan yoshlangan ko‘zlarini artib. — Bu bechora seni qiz bola deb o‘ylab g‘oyibona oshiq bo‘libdi. Ertaga bir kun sovchi qo‘ysa nima qilasan? «Xushvaqt boboning Karimaxon degan qiziga Payariqdan sovchi kelibdi», degan gap chiqib ketsa sen kim degan odam bo‘lasan-u, biz nima deb javob qilamiz?
Ish bunchaga borar deb o‘ylamaganim uchun javob berishga shoshib qoldim.
— Yo‘g‘-e, bunchalikka bormas, bu hazil-ku?
— Hazil hazil bilan-u, haziling qimmatga tushmasin-da, ishqilib. Ota-onasi kelib, «Karimangiz ikki yil o‘g‘limizni laqillatibdi, endi bitta qizingizni berasiz», deb turib olishib, yo‘q joydan bitta singling Payariqqa ketib qolmasin yana.
Otamning ozroq avliyolik sifati bor edi. Bir ishni bo‘ladi desalar bo‘lmay qolmas edi. Ikki hafta o‘tib, otamning bashorati to‘g‘ri chiqib qoldi-da. 
«O‘tkirim» dan xat oldim:
«Karimaxon, men bir qarorga keldim. Sizga uylanishga ahd qildim. Uyimdagilarga qarorimni yozib yubordim. Ikkalamiz bir-birimizni sevishimizni yozdim. Ular «Ko‘rmay-bilmay qanday kelin qilamiz?» deyishuvdi, sizning suratlaringizni, ishqiy maktublaringizni yubordim. Suratingizni ko‘riboq, ular sizni yoqtirib qolishibdi. «Sochlari uzun, o‘ziyam iboli, hayoli qzga o‘xshaydi», deb yozishibdi. «Bizlar rozimiz, sovchilikka boramiz, ammmo noumid bo‘lib qaytmaymizmi?» deb xat yozishibdi. «Karimaxon sizlarni uyaltirib qo‘ymaydi, men u kishiga oldindan yozib yuboraman, u kishi ota-onalarini ogohlantirib qo‘yadi, chiroyli kutib olishadi. Bitta qizlarini bersa menday yigitga berishadi-da! Nasib bo‘lsa, oqlik olib qaytasizlar. Fotiha to‘yini qilib qo‘yaveringlar, borganimdan katta to‘yni qilamiz», deb yozdim. Qalay, Karimaxon xursandmisiz?»
«Xursandligimdan» o‘zimni qo‘yarga joy topolmay qoldim. Shoshilinch chora ko‘rmasam bo‘lmaydi. «Salkam qallig‘im» ga xat yozdim:
«O‘tkir akajon, to‘g‘ri, men sizni sevaman. Ammo uyin¬gizdagilarni bekorga shoshiribsiz. Shartmidi mening maktublarimni, suratlarimni ularga yuborish? Meni sharmanda qilibsiz. Uyingizdagilar biznikiga borishsa va xatlarimni ko‘rsatishsa, otam meni so‘yib qo‘yadi-ku? «Hech kim bilan sevishmasang o‘qitaman», degandilar otam. Endi agar meni sevsangiz, uyingizdagilarga ayting, ular kelmay turishsin. Qolaversa, men endigina ikkinchi kursda o‘qiyapman, hali yana uch yil o‘qishim kerak. O‘zingiz keling, keyin o‘ylab ko‘ramiz to‘y haqida. Meni sevsangiz sovchilaringizni to‘xtatib turasiz. Bilib qo‘ying, sovchilaringiz biznikiga borsa, hammasi tamom!
Sevgilingiz Karima».
«Bilib qo‘ying», degan joyim ta’sir qilibdi, shekilli, O‘tkirjon «akam» darrov tushuna qoldilar. Sovchilarini to‘xtatdilar.
Ammo O‘tkir menga uylanish ahdidan qaytmadi. «Ikkinchi kursni bitirganingizda fotiha to‘yini qilib qo‘yamiz, to‘rtinchini bitirganingzdan katta to‘yni qilamiz», deb xatlarida takror-takror yozishda davom etdi.
Yana besh-olti marta to‘y haqida yozsa rozi bo‘lib yuborishdan qo‘rqdim.
«O‘zingiz kelguningizcha to‘y haqida yozsangiz, xatlaringizga javob yozmayman», deb xat yozdim.
Ana shundan keyingina O‘tkir to‘y haqida yozmaydigan bo‘ldi.
«Mayli, boraman, ikkalamiz Samarqandni aylanamiz. Menga o‘zingiz o‘qiyotgan shaharni, universitetni ko‘rsatasiz. Bizning «Volga» mashinamiz bor. Otam borganimdan keyin mashinani bir hafta menga beradigan bo‘ldi. Bir hafta sizni mashinada sayr qildiraman. Sizni  tog‘larga olib chiqaman. Qaerga desangiz ham olib boraman. Meni yaqindan bilib olasiz. Xohlaganingizcha sinab ko‘rasiz. Men har qanday sinovlaringizdan muvaffaqiyatli o‘taman. Ko‘rasiz, meni yanada ko‘proq sevib qolasiz. Ana shundan keyin... Keling, davomini yozmay qo‘ya qolay, sizning arazlab qolishingizni istamayman. O‘zi o‘tgan gal bitta xatimni javobsiz qoldirganingizga kasal bo‘lib qoldim».
«Ana shundan keyin...» deganda O‘tkir «akam» nimani nazarda tutgan ekan, bilmadim, ammo qiz bola arazlaydigan ish bo‘lsa yaxshi ish emas ekan. 

4. Singlim bilan dugona bo‘ling

Yoz oylari edi. O‘tkirdan navbatdagi maktubni oldim.
«Karimaxon, suyunchi bering, singlim Samarqandga, tibbiyot bilim yurtiga o‘qishga kirdi. Hamshira bo‘lmoqchi. Akusherka bo‘lar emish. Bitirgach, doya bo‘lar ekan. «Yaxshi o‘qigin, birinchi doyalikni Karimaxon kennoyingdan boshlaysan», deb xat yozib yubordim. U siz haqingizda hamma narsani biladi. Suratlaringizni ko‘rgan. U ham sizni juda yaxshi ko‘radi. «Kennoyim bilan tanishib olsak yaxshi bo‘lardi, bir-birimizdan xabar olib turardik», deb yozibdi. Rostdan, Karimaxon, siz singlim bilan tanishib oling. Keyingi xatimda suratini, qaysi uyda ijarada turishini yozib yuboraman. U siz bilan tanishib olsa, rosa xursand bo‘ladi. Siz har holda Samarqandni yaxshi bilasiz, unga ko‘z-quloq bo‘lib yurardingiz. Balki bitta yaxshi uyni ijaraga olib, singlim ikkalangiz birga turarsizlar. Otamga yozib yuboraman, ijara haqini ikkalangiz uchun ham otam to‘lab turadi. Nima deysiz?
Shunda mening ham ko‘nglim tinch bo‘lardi. U sizni sizga oshiq bo‘ladigan yigitlardan qo‘riqlab yurardi. Javobingizni intiq bo‘lib kutaman.
Sizni sog‘ingan sevgilingiz O‘tkirbek».
Haqiqatdan O‘tkirbek keyingi maktubida singlisining rasmini va manzilini yubordi. Ismi Nastarin ekan. Bunaqa ismni oldin uchratmaganimdan hozirgacha ismi esimda qolgan. «Bir ko‘rsangiz yoqtirib qolasiz», deb yozgan O‘tkirbek mubolag‘a qilmagan ekan. Nastarin ismi jismiga monand go‘zal qiz ekan. 
Ammo Nastarin bilan tanishib olishga, dugona bo‘lishga, ayniqsa «bitta uyda birga turishga» haddim sig‘madi. Kim biladi, borib tanishib olsam, O‘tkirbekka kuyov bo‘lib ketarmidim? Ammo O‘tkirbekka bo‘lgan «muhabbatimni» suiste’mol qilmadim. Borib Nastarin bilan tanishib olmadim.
«Qanday tanishaman, — deb xat yozdim O‘tkir akamga. — Uyalaman-ku? Singlingiz nima deb o‘ylaydilar? «O‘lib turgan ekan kennoyim», demaydilarmi? Yaxshisi o‘zingiz keling, tanishtirib qo‘yasiz. Axir xizmatingiz tugashiga ham kam qoldi-ku? 
Sizning yo‘lingizda intizoringiz Karimaxon».
Kursdosh qizlar, ayniqsa, Sohiba O‘tkirbekning sing¬lisi bilan tanishib olishga ko‘p undadi. «Balki baxtingiz ochilib ketar?» dedi. Saida ham «Sir ochilmaydi, biz Lola bilan aytilgan manzilga borib tanishib kelamiz», deb Nastarin bilan tanishishga oshiqishdi. Ammo men vaziyat chigallashib ketishidan qo‘rqib, Lolaning borib tanishishiga ham ruxsat bermadim. Kim biladi, tag‘in Lolani birorta yigit bilan ko‘rib qolib g‘ippa tomog‘idan bug‘ib olmasin, «Nega mening kennoyim bilan yuribsan», deb.  
Xullas, men Nastarin bilan tanishmadim. Sodda akasi tufayli hayotida ko‘p o‘zgarishlar bo‘lib ketishini istamadim. 

5. Endi bir hiyla kerak

«Sevgilim» bilan xat yozisha-yozisha uchinchi kursga ham o‘tdim. «Diydor ko‘rishish onlari» ham yaqin qolgan edi. Uzog‘i bilan ikki-uch oydan so‘ng «O‘tkirjonim»ning xizmati tugab, vatanga qaytadigan bo‘lib qoldi. U mening hajrimda ado bo‘lib, oylarni emas, kunlarni, soatlarni sanar, «Visolingizga yetishimga falon soat, falon minut qoldi», deb xat yozar edi. 
Ana shunday «Visol onlari yaqin qolganda» Sirojiddindan maktub oldim:
«Salom Karimjon do‘stim. Mana, xizmat ham tugay deb qoldi. Ammo ketish onlari yaqinlashgani sari yuragimni vahima bosayapti. Sababi, bu O‘tkirjon do‘stim sizni deb, kechirasiz, Karimxonni deb jinni bo‘lgan. Tayyorlagan albomini bir ko‘rsangiz hayron qolasiz. Har bir betida sevgilisining rasmi yoki unga atab yozilgan she’r yoki unga deb chizdirilgan suratlar bor. Har bir betida Karimaxon degan ism bor. «Vatanga birga qaytamiz, men Payariqqa bormay, siz bilan avval Urgutga o‘taman, Karimaxonni ko‘raman, keyin ota-onamning oldiga boraman», deb yuribdi. Endi o‘zingiz bir hiyla ishlatib, buning chorasini topmasangiz, Urgutga borib xalqaro janjal chiqarishi turgan gap. Jon do‘stim, bir ilojini qiling! Hazilning tagi zil bo‘lib ketmasin. Agar haqiqatni bilsa, u sizni bilmadim-u, meni bir nima qilib qo‘yishi aniq. Bor umidim sizdan. 
Salom bilan do‘stingiz Sirojiddin».
Ana xolos. «Yetimning og‘zi oshga yetganda tishi sinar ekan-da». Nachora, hiyla bo‘lsa hiyla-da. O‘tkir «akam»ga nolayu fig‘on to‘la bir maktub bitdim:
«O‘tkir aka, o‘zimning akajonim! «Qiz bola palaxmon toshi», deganlari rost ekan. Nima qilay, taqdir ekan. Meni uydagilar tog‘dagi bir qarindoshimizning o‘g‘liga beraigan bo‘lishibdi. Kecha o‘qishdan borsam «Tog‘dagi Mahkamtosh ammangdan kelgan sovchilarga xo‘p deb yubordik», dedilar onam. Yig‘layverib, ko‘zlarim shishib ketdi. Men onamga «Hammasini bilar edingiz-ku, endi men O‘tkir akamga nima deyman? Kim degan odam bo‘ldim?» dedim. Onam bechora ham «Hammasini bilaman, qizim, ammo otangning fe’lini bilasan-ku, bir so‘zli odam, aytgan gapini ikki dunyoda ham qaytarib olmaydi. Seni deb yakkayu yagona singlisi bilan yuz ko‘rishmas bo‘lib ketmaydi. O‘tkir akang haqida bir og‘iz aytsak, ikkalamizni ham so‘yib tashlaydi», dedilar. Men qishloqdan yig‘lab-yig‘lab qaytib keldim.
Nima qilamiz, akajon? Nahotki sevgimiz shunday fojeali yakun topsa? Nahotki, ikkalamizga ham diydor qiyomatga qolsa?
Sizni va faqat sizni sevguvchi Karimangiz».
O‘tkir «akam»ning xat yozishga sabri chidamapti. Undan telegramma oldim:
«Karimaxon tchk To‘yni nima qilib bo‘lsayam to‘xtatib turing tchk Biznikilar borishadi tchk To‘yni to‘xtatmasangiz men o‘zimni o‘ldiraman tchk».
Bechora O‘tkir «akam». Telegrammasini olib yig‘lagim kelib ketdi. O‘lay agar qiz bola bo‘lsam unga tegar edim. Ammo nachora, «meni tog‘dagi ammamning o‘g‘liga berishayapti-da».
O‘tkirga armonli bir maktub bitdim:
«Vidolashuv maktubi.
Qush edim, qanotimni qayirdilar,
Gul edim, bulbulimdan ayirdilar.
O‘tkir aka, akajonim. Kecha qishloqqa borsam fotiha to‘yimni qilishibdi. Ikki haftadan so‘ng meni, men sho‘rlikni kelin qilib olib ketishar ekan. Peshonam sho‘r ekan, O‘tkir akajon, peshonam sho‘r ekan.
«Qorli tog‘dan naridadir o‘zga diyor,
O‘zga yurtda kelin bo‘lib qolishing bor» 
deb Hofiz meni aytgan ekan, akajonim. Qorli tog‘dan oshib ketadigan bo‘ldim. Ammo sizni bir umr unutmayman, akajonim! Dunyoga kelib faqat siznigina sevdim. Shu sevgimga yuragimdan sodiq bo‘lib dunyodan o‘taman. 
Nima qilsam ekan-a? Kelin qilib olib ketishayotganda tog‘ning eng baland yeriga  chiqqanda bir narsani bahona qilib mashinadan chiqsam-u, o‘zimni qoyadan tashlasammikan-a?
Alvido, O‘tkir aka! Sizni unutmayman! Siz ham meni unutmang, jonim! Har Samarqandga kelganingizda «Shu shaharda men uchun jonini berishga ham tayyor bo‘lgan bir qiz bor edi, ismi Karima edi», deb bir borgina eslab qo‘ying, akajonim!
Vujudi qorli tog‘larniki, qalbi esa bir umr sizniki bo‘lgan Karimangiz».
O, bu xatim O‘tkirbek «akam»ning umidini mendan uzarmidi?
Maktubim uning yongan yuragiga benzin sepdi-ku?
«Karimaxon, dunyoni ostin-ustun qilaman, sizni kelin qilib olib ketgan tog‘liklarning uyiga ham, butun tog‘u toshlariga ham o‘t qo‘yaman, o‘t!
Germaniyadan to‘ppa-to‘g‘ri Urgutga uchaman. Qaysi tog‘ning orasida bo‘lsangiz ham sizni topib olib, Payariqqa olib ketaman. Mayli, to‘y bo‘lgan bo‘lsangiz ham, mayli, ... nima bo‘lgan bo‘lsa ham. Siz menikisiz, faqat meniki!
Siz uchun dunyoga o‘t qo‘yishga tayyor turgan O‘tkirbegingiz».
Odamlar «Sevgi, sadoqat kinolarda, kitoblarda qolgan», deyishadi, ishonmaymayman. Mana, sizga hayotdagi sevgi, chin sadoqat! O‘tkirbekning sadoqatiga qoyil qolmay ilojim yo‘q. Ko‘rdingizmi, tog‘larning orasidan topib, yana tog‘larga o‘t qo‘yib, meni Payarig‘iga olib ketmoqchi. Hatto menga «... nima bo‘lgan bo‘lsa ham».

6. So‘nggi maktub

«Alvido O‘tkirbek aka! 
So‘nggi maktubingiz yurak-bag‘rimni qovurib yubordi. Sizni o‘ylab tunlari uxlay olmayapman. Ammo nima qilay? Taqdirimga tan berdim. Qiz bolaning qo‘lidan yig‘idan boshqa ish kelmas ekan. Ko‘z yoshlarim daryo bo‘ldi sizdan ayrilib.
O‘tkir akajonim, endi xat yozmang, jonimni qiynoqqa solmang! Maktubimni olganingizda men... men sho‘rlik o‘zga yor qo‘ynida bo‘laman. Endi «Qo‘ynimda bir yor-u, ko‘nglimda bir yor», deganlari men bo‘laman. Bir umr sizni unutmayman!
Alvido O‘tkirbek aka!
Alvido sevgilim! 
Meni unutmang, jonim, men sizni o‘lgunimcha unutmayman!
Dunyoda sizdan boshqaga ko‘ngil bermagan Karimangiz».
«Men baribir boraman. Baribir sizni u zolimning qo‘lidan qutqarib olib ketaman. Endi menga baribir...».
Men O‘tkirbek akamga so‘nggi maktubimni yozdim. (Shunday qilmasam hikoya ham cho‘zilib ketdi.) 
«O‘tkir aka, endi xat yozmang degandim-ku? Rahima opam sizdan kelgan maktubni olib kelibdi. Qo‘rqib ketdim. Axir erim bilsa meni o‘ldirib qo‘yadi-ku? 
Endi hammasi tamom! Siz bilmagan ko‘p ishlar bo‘lib o‘tdi. Ikki haftadirki, men birovning xotiniman, xasmi haloliman. 
Erim Tursunboy aka ham shu o‘tgan ikki haftaning ichida menga yoqib qoldilar. Bir zum tashqariga chiqarmasam deydilar. Ammo qaynonamning, ammajonimning xizmatlarini qilishim kerak. Bu mening kelinlik burchim. Hammalari mendan minnatdor. «Baxtli oilalardan birimiz». Xullas, baxtli yashayapman. 
O‘tkir aka, iltimos, endi meni unuting! Agar meni sevsangiz, boshqa maktub yozmang! Armiyadan keyin Urgutga yoki o‘qish joyimga izlab kelmang!
Bilaman, siz mard yigitsiz, «Bechora sevgilim eri bilan tinch-totuv yashasin», deb meni tinch qo‘yasiz va bosh¬qa maktub  yozmaysiz.
Agar maktub yozsangiz yoki, Xudo ko‘rsatmasin, kelsangiz qiyomat bo‘ladi, meni tirik ko‘rmaysiz!
Alvido!
Endi sizga nomahram, birovning ayoli bo‘lgan, Karima».

O‘v, birodarlar, bu O‘tkirbek degani mard chiqdi. Meni tinch yashasin, dedi. Yosh joniga javr bo‘lmasin, dedi. Bekorga o‘lib ketmasin, dedi. Meni tinch qo‘ydi. Boshqa maktub yozmadi. Oxirgi maktubining javobini Sirojiddinga og‘zaki aytibdi.
«Mayli, yorim baxtli bo‘lsa bo‘ldi. Karimaxon  xat yozma dedimi, endi xat yozmaganim bo‘lsin! Mayli, Urgutga ham bormaganim bo‘lsin! O‘qish joyiga ham izlab bormayman. Ammo bir kun uchrashasiz, Karimaxonga aytib qo‘ying, men uni bir umr unutmayman! Karimaxon so‘nggi nafasim chiqquncha qalb ardog‘imda bo‘ladi! Men uni abadiy sevaman!» debdi.
Armiyadan kelganidan so‘ng Sirojiddin bilan yarim soatcha quchoqlashib turibmiz-u, ikkalamiz ham biror so‘z aytolmay, nuqul kulamiz. Keyin kula-kula birinchi xatim borganidan oxirgi xatimni olgunicha va undan keyingi voqealarni birma-bir so‘zlab berdi.
— Bilasizmi, oxirgi xatingiz kelgunicha men bilan birga kelmoqchi bo‘lib yurgan edi. «Borib erini o‘ldirib bo‘lsayam Karimaxonni olib ketaman», derdi. Unga javob berishgan edi, Ammo menga ham javob berishlarini poylab, bir hafta kutdi. Ammo oxirgi xatingizdan keyin bola bechora adoyi tamom bo‘ldi. U yoqqa o‘tadi, o‘ylanadi, chekadi, bu yoqqa o‘tadi, chekadi, yig‘laydi. Nuqul sizdan kelgan xatlarni takror-takror o‘qiydi, suratlarga tikilgani-tikilgan. O‘zi bilan o‘zi gaplashadigan bo‘lib qoldi, bechora. Oxiri toqati toq bo‘lib menga buyruq chiqishiga uch kun qolganda ketib qoldi.
— Ishqilib bir kuni kelib, sirimiz ochilib, sharmanda bo‘lmaymizmi? — so‘rayman haliyam hadiksirab.
— «Urgutga oyog‘imni bosmayman», deb qasam ichdi, — deydi Sirojiddin. — Menimcha, kelmasa kerak, juda qattiq xafa bo‘ldi.
O‘tkirbek rostdan ham «Urgutga oyog‘ini bosmadi». 
Mana, oradan salkam o‘ttiz yil vaqt o‘tdi. O‘tkirbek o‘ziga munosib yor topib, uylanib, bolali-chaqali bo‘lib ketgandir. Balki, nevaralik ham bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. «Urgutga oyog‘imni bosmayman», deb qasam ichgan bo‘lsalar, Samarqandga bir kelsalar-u, bir uchrashib, tanishsak, bir kulishib, yoshlik yillarimiz va yoshlikdagi sho‘xliklarimizni eslashsak yomon bo‘lmasdi.
Yozganlarim esa O‘tkirbekni yoshlik xotiralariga qaytarganiga shubham yo‘q.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.