OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karimberdi To‘ramurod. Ilon ayol (hikoya)

Hasan ko‘p ichadigan bo‘lib qoldi. Bir zamonlar bir ho‘plam ham  ichmasdi. Yaxshi usta edi. Odamlarning uylarini yopib berardi. Ana shu yaxshi ustaligi sabab bo‘ldi bariga. Bitta uyni bitkazmasdan ikkinchi uyning egasi kelib, navbatda turardi Hasanning bo‘shashani poylab. Ana shu odamlar o‘rgatdi Hasanni ichishga. Avvaliga ish bitgan kuni uy egasi beradigan ziyofatda kam-kam quyib berishdi, keyiniga ko‘proq-ko‘proq quyib beradigan bo‘lishdi. O‘zlari har kuni ishdan keyin quyib beradigan bo‘lishdi. O‘zlari qo‘shilib ichishib, Hasanni shunday qilishdiki, sho‘rlik ishni boshlashdan oldin bir piyola ichmasa qo‘li titraydigan, mixni yog‘och qolib, qo‘liga qoqib qo‘yadigan bo‘lib qoldi. O‘zlari mayxo‘r qilib, o‘zlari unga “Hasan Kayfiy” deb laqab ham qo‘yib olishdi.
Hasan bariga chidaydi. Birgina Zulayhoning javrashlariga chiday olmaydi.
– Odamning har balo bo‘lgani yaxshi, – Hasan ko‘ringandan boshlaydi Zulayho. – To‘g‘ri-to‘g‘ri kelsangiz bo‘lmaydimi uyga, ko‘chamizni bo‘yiga-yu, eniga qanchaligini o‘lchamasdan?
Hasanning qo‘lidan narsalarini olar ekan, yana sannaydi:
– Uf-f! Nima balo berishdi bugun sizga-a? Solyarka ichdingizmi, deyman, traktorning isi kelayapti sizdan?
Kechasiyam uning javrashi tinmaydi:
– Tinchgina joyingizda yoting! Takaday sasib yotibsiz-u, yana “suhbat”ga balo bormi? Ichmay kelgan kuningiz suhbatlashamiz, xo‘pmi?
Koshki, Hasan ichmay kelsa-yu, suhbatga yetsa!
Bir kuni Hasan telefoniga yozib kelgan narsasini Zulayhoga ko‘rsatdi. Boshi odam, tanasi ilon bir ayol tinmay dod solardi. Zulayhoning esi chiqib ketayozdi.
– Bu nima balo, dadasi? – so‘radi ko‘kragiga “tuf-tuf”lagan Zulayho.
– Odam, – dedi Hasan xotirjam. – Ayol. Eri bir chaqiribdi, ikki chaqiribdi, uch chaqiribdi, kelmapti. Suhbatga. “Iloyo ilonga aylanib qol!” debdi eri. Ilonga aylanib qopti. Ana endi har kuni ana dod solib, eri kechirishini so‘rarmish.
– Yo‘g‘-e! – qo‘rqib ketdi Zulayho. – Nahotki?
– Ko‘rib turibsan-ku? – dedi Hasan. – Bilib qo‘y, men ham seni xuddi shunday qarg‘ayman!
– Piyanistalarning qarg‘ishi o‘tmaydi, mulla Ismoil bobo aytgan buni, – dedi Zulayho.
– Mulla Ismoil bobongning o‘zi ichadi, – dedi Hasan tirjayib. – Do‘xturlar urushda uning o‘tini olib tashlashgan, “Ovqatdan oldin elliktadan olib turmasangiz, ovqatingiz hazm bo‘lmaydi”, deyishgan. Ishonmasang, xotinidan so‘ra, har ovqatdan so‘ng bir piyola tozasidan ichadi, mulla bobong.
Zulayhoning mulla Ismoil boboga ixlosi pasaydimi, telefondagi tasvirdan qo‘rqdimi, ishqilib, o‘sha kechasi Hasan uni qarg‘amadi. Ammo boshqa xotinlardan surishtirsa, Zulayhodan boshqa hamma ayollar “ilonga aylanib qolgan ayol”ni ko‘rib bo‘lishgan, uning yasalgan bir qo‘g‘irchoq ekaniniyam bilib bo‘lishgan ekan.
– Ha, menginaning soddaligim qurib ketsin-a, – dedi Zulayho tutaqib. – Shu piyanista erim ham laqqillatdi-ya, meni. Shoshmay tursin hali!
Hasanning hunari boshqa o‘tmadi. Ammo har gal o‘ziga ajratilgan xonaga o‘tib ketar ekan, bir xilda g‘o‘dranardi:
– Iloyo ilonga aylanib qol!
Bir kuni ertalab o‘zi telefonda xotiniga qo‘yib bergan tasvirdagi ovozdan uyg‘onib ketdi. “Aroqni kamaytirimasam bo‘lmaydi, shekilli, qulog‘imga allambalolar eshitiladigan bo‘lib qoldi”, deb o‘ylab, biroz boshini qashlab, ko‘zini ishqalab turdi. Ammo diqqat bilan quloq solsa, xotini yotadigan xonadan aniq haligi ovoz kelayapti. Irg‘ib turib, o‘sha xonaga otilib kirdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, xotinining o‘rnida kattakon kobra iloni yotardi. Ilon Hasanga qaradi-yu, ovozi o‘chdi.
Hasan bolalarini chaqirdi. Hech kim javob bermadi. Bahodir ham, Barno ham maktabga ketishgan edi. Xotinini chaqirdi. Javob bo‘lmadi. Tashqariga chiqib, bir tayoq topib keldi. Uyga kirayotib, yana faryod urayotgan ayol tovushini eshitdi. Xonaga kirganda unga qarab turgan ilonning ovozi o‘chdi. Ana shunda Hasanning nima bo‘lganini anglab yetdi.
– E, bu xotinim-ku? Bu Zulayho-ku? – deb yubordi. – Rost ekan-da. “Piyanistaning qarg‘ishi o‘tmaydi”, degandi, o‘tar ekan-ku?
Hasan tayoqni otib yubordi va birpas nima qilishini bilmay, kalovlanib turdi. Keyin telefondagi tasvir esiga tushib, oshxonadan bitta patnis olib keldi.
– Zulayho, mana shunga chiqasan endi, – dedi patnisni ilonning oldiga qo‘ygan Hasan ilonga. – Qoidasi shunaqa bo‘ladi, shekilli? 
Buni qarang, ilon ham indamay patnisga chiqib, kulcha bo‘ldi va “Endi nima qilay?” deganday Hasanga javdirab qaradi. Ko‘pam javdiramagandir, ammo hech bo‘lmaganda Hasanga shunday tuyuldi.
– Ana, necha marta aytdim senga, erni norozi qilma deb, xotin, – dedi Hasan achinish bilan. – Aytganimga xo‘p desang, bunday javdirab o‘tirmas eding. Endi nima qilaman seni, Zulayho?
Hasan o‘ylay-o‘ylay mayda simto‘r olib kelib, ilonni haligi patnisi bilan simto‘rga soldi va chiroq iladigan ilgakka osib qo‘ydi.
– Men ishga ketganimda seni mushuk-pushuk yeb ketmasin, deyman-da, Zulayho, – dedi o‘zining topqirligidan xursand bo‘lib.
Hasan shundan keyin hali yuvinmagani ham esiga tushib, hovliga chiqdi va supa chetida turgan chelakdan hovuchlab suv olib, boshidan quyib, yuvingan bo‘ldi. Ichkaridan yana faryod ovozi keldi.
– Obbo! – yana ichkariga shoshildi Hasan.
Hasanni ko‘rib “tinchlangan” ilon tilini chiqarib, unga bir nimalar deganday bo‘ldi. Hech bo‘lmaganda Hasanga shunday tuyuldi.
– Eh, Zulayho, Zulayho, nima deyotganingni tushunsam ekan? – dedi Hasan kuyunib. – Bo‘ldi, ko‘p faryod uraverma! Ishga ketaman, deganimga qo‘rqdingmi yoki? Qo‘rqma, ishga bormayman. Bolalar maktabdan kelguncha o‘zim senga qarab o‘tiraman! Ular kelib, qo‘rqib ketmasin, tag‘in. Ey, Xudoyim, hali ularga qanday tushuntiraman? “Qarg‘agandim, ilon bo‘lib qoldi”, desam, “Nima uchun qarg‘agandingiz?”, deyishsa, nima deyman? Nima qilib qo‘yding, Zulayho?
Hasan choy qo‘ymoqchi bo‘lib, oshxonaga chiqqan ediki, faryod yana avjiga chiqdi. Hasan yana uyga otildi. Yana ilon tilini chiqarib, bir nimalar deganday bo‘ldi. Hech bo‘lmaganda Hasanga shunday tuyuldi. 
– Ha, uyda dimiqib ketdingmi? – dedi “xotinining” tiliga tushuna boshlagan Hasan. – Tashqariga olib chiqaymi?
Hasan simto‘rni tashqariga olib chiqib, hovlidagi o‘rik shoxiga osdi. Haqiqatdan, “xotinining” ovozi o‘chdi.
– Oldingidan endi yaxshi bo‘lib qolibsan, Zulayho, – dedi Hasan ilonga qarab. – Oldin ovozingni o‘chirish qiyin edi, endi darrov o‘chayapti.
Hasan choy damlab ichdi va birdan “xotini” ham nimadir yeyishi kerakligi esiga tushdi.
– Sen sho‘rlik ham nonushta qilmagandirsan-a? – dedi ilonga qarab. – Oldingiday ovqatlanaverasanmi, Zulayho? E, endi sen ilonsan-ku? Endi senga nima bersam ekan-a? Ilonlar nimani yaxshi ko‘rar edi? Ha, qushlarning bolasini olib kelib beraman. Qurbaqani ham yaxshi ko‘radi, deyishadi. Voy, sho‘rim qursin-a, qurbaqadan o‘zim qo‘rqaman, senga qanday ushlab beraman, endi?
Hasan dasturxondan non ushoqlarini terib, patnisga soldi. Keyin bir idishda suv olib kelib, uniyam simto‘r ichiga joylashtirdi. Ilonning suvdan darhol ichganini ko‘rib, achinish bilan dedi:
– Bechora, Zulayho, dodlayverib, tomog‘ing qurib ketibdi-da.
Hasan peshingacha ovora bo‘lib, simto‘rning ichini chigirtka, qo‘ng‘iz, pashsha kabi hasharotlarga to‘ldirdi. Og‘ildagi chumchuqlarning inini buzib, ikkita polapon ham olib kelib, to‘rga soldi.
– Ol, Zulayho, sening endi mendan boshqa mehriboning bormi?
Ilon polaponlarni paqqos tushirdi.
– Bechora Zulayho, ochqolib ketibsan-da? Tavakkal qilib, birorta qurbaqayam ushlab kelsammikan? – dedi Hasan va qo‘shib qo‘ydi: – Shu ko‘rguliklar kerakmidi senga, Zulayho? Bir kuni yana odamga aylansang, shu narsalarni yeganingni eslay olarmikansan?
Peshinda uydan chiqib ketar ekan, Hasan ilonga tayinladi:
– Men bolalarni maktabdan olib kelaman. O‘zim tushuntirib olib kelib, seni sekin ko‘rsatmasam, bolalar qo‘rqishadi. Sen men kelguncha voy-voylamay o‘tir, e, yotgin, xo‘pmi? Hamsoyalar eshitib, kirib qolishsa, seni ilon deb o‘ylab, o‘ldirib qo‘yishmasin, tag‘in? Ilon bo‘lsang ham xotinimsan, axir?
Hasan borib, maktabdagi bolalarini oldi. Kelguncha bolalarga qancha tushuntirgani bilan, darvozaga yetganlarida hovlidan eshitilayotgan faryod ovozidan qo‘rqib, ular yig‘lay boshlashdi.
– Qo‘rqmanglar, sizlarni ko‘rsa, tinchlanib qoladi.
Haqiqatdan ham bolalar kirishi bilan ilon jim bo‘ldi, yaqiniga kelgan bolalarga qarab, tilini chiqardi.
– Assalomu alaykum, ayajon, – piqqilladi Bahodir.
– Bizlar kedik, a-ayajon, – dedi Barno ham qo‘rqa-pisa.
– Bo‘ldi, yig‘lamanglar, yig‘lasalaring ayang xafa bo‘ladi, – dedi Hasan. – O‘zi ilonga aylanib qolganidan uncha xursang emas. Boringlar kiyimlaringni almashtirib kelinglar!
Bolalar kiyimlarini almashtirib chiqqanda Hasan darvozaxonada edi.
– Men bir do‘konga chiqib kelay, sizlar ayangga ehtiyot bo‘lib o‘tiringlar! Choy-poy ichib olinglar! – tayinladi Hasan bolalariga. – Bahodir, sen og‘ilxonaga qopqon qo‘y, sichqonmi, kalamushmi tushsa, ayangga berasan. Ilon sichqon yeydi-ku, to‘g‘rimi?
Bahodir kallasini irg‘ab, ma’qulladi.
Hasan do‘kondan yuzta ichib qaytolmadi, Ashirmat kelib qoldi.
– Ha, Hasan Kayfiy, mashqing past? – so‘radi uning yoniga joylashgan Ashirmat va do‘konchiga “bitta” ishorasini qildi. – Kalbasangdan ham ber, Shahob!
Shahob bitta aroq va bir bo‘lak kolbasani ularning oldiga qo‘ydi.
– Bosh yorilay deyapti, ishga ham bormadim bugun, – dedi Hasan “dardi”ni aytgisi kelmay.
– Hasan Kayfiy, boshni mana bu peshlaydi, hozir ko‘rasan, – deb Ashirmat ikkovigayam piyolalarni to‘ldirib quydi.
– Menga bo‘ldi, boshqa ichmayman, – dedi piyolalardan ko‘zini uzolmayotgan Hasan. 
– Hali machitgayam boraman, dersan? – kuldi Ashirmat. – Ol, nozlanma, ko‘zing piyolani teshaman deyapti-yu, ichmayman deysan.
Hasan piyolani oldi. 
– Tinlik bo‘lsin! – piyolani ko‘tardi Ashirmat.
– Bo‘lsin! – ko‘tardi Hasan ham.
– Sog‘lik bo‘lsin! – dedi Ashirmat ikkinchi piyolani ko‘tarayotganda.
– Bo‘lsin! – dedi Hasan ham piyolani ko‘tarib.
Biroz keyin Hasan ham Shahobga ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘rsatdi. Shahob stolga yana bitta aroq va kolbasa qo‘ydi.
– Ana endi o‘zingga o‘xshading, Hasan Kayfiy, – dedi Ashirmat aroqni ocharkan.
Bunisini ham tugatishdi. Ashirmat yana Shahobga barmoq ko‘rsatmoqchi edi, Hasan uning qo‘lini ushladi.
– Bo‘ldi, men uyga bormasam bo‘lmaydi, – dedi tili sustlashib.
– Borasan-da, nima bor shu loydan bo‘lgan uyingda? – g‘o‘ldiradi Ashirmat.
– Uyimdami? – so‘radi Hasan. – Uyimda ilon bor.
– Menikidayam, – pixillab kuldi Ashirmat.
– Meniki boshqacha.
– Qanaqa?
– Meniki xotinim.
– Mening xotinim ham ilon.
– Meniki rostdan ilonga aylanib qoldi, ishonmasang yur, ko‘rsataman!
– Ha, seniki yetarli bo‘pti, – dedi uning qo‘ltig‘idan olgan Ashirmat. – Yur, ketamiz. Shahob, yozib qo‘y!
Tashqarida qorong‘u tushib qolibdi. Ular qo‘ltiqlashib, Hasanning uyiga qarab ketishdi. Yo‘lda kelgunlaricha nimalar bo‘lganini Hasan Ashirmatga aytib keldi.
Hasanning hovlisi odamga to‘lib ketibdi. Hamma ilon solingan sim to‘r atrofida uymalashgan, biri olib, biri qo‘yib, voqea tafsilotini aytishar, endi nima qilishni muhokama qilishardi.
– Qilg‘ilikni qilib qo‘yib, yana ichib keldingizmi, pochcha? – o‘dag‘ayladi qaynog‘asi Hasanni ko‘rganidan. – E, odam bo‘lmay o‘ling! Bir urib, boshingizni yoraymi?
– Boshim sensiz ham yorilay deyapti, – dedi Hasan. – Menga nima deysan? Men nima qildim, Xudoning ishi-da?
– E, rostdan ham ilon-ku? – dedi Ashirmat sim to‘rning ichiga qarab. – Rostdan xotiningmi shu?
– Rost, rost, shu Zulayho, – dedi Hasan.
Ashirmat darvozaga qarab yurdi:
– Men borib, Munirani chaqirib kelay, bir ko‘rib qo‘ysin! Uyam jonimdan bezor qilgan “Ichmang, ichmang”, deb.
– Endi nima qilamiz? – so‘radi qaynog‘asi. – Nima qilmoqchisiz endi?
– Endi, ... nima qilardik, – g‘o‘drandi Hasan. – Chumchuqning bolasini berdim, chigirtka, pashsha ushlab berdim. Yana nima qilay? Bahodirga tayinlovdim, sichqon ushlab ber, deb. Qani Bahodir?
– Iloyo qirg‘ining kelsin! Og‘zingdan qoning kelsin! – Hasanning ko‘ksiga qo‘shqo‘llab mushtladi qaynonasi. – Zulayhom sichqon yeydimi endi? Zulayhom chigirtka yeydimi endi?
– Bilmasam, – bo‘g‘ilib ketdi Hasan. – Har holda endi u ... ilon-ku?
– Yer yutsin seni, yergina yutsin, sen piyanistani, xo‘pmi? – yana mushtlamoqchi bo‘ldi qaynonasi.
Hasan uning qo‘llarini ushlab oldi: 
– Men nima qildim?
– Endi opmani nima qilamiz, shundan gapiring? – dedi yana qaynog‘asi.
– Ichkariga olib kiramiz, opang sovqotib qoladi, – dedi Hasan va sim to‘rni ko‘tarib, ichkariga yurarkan, odamlarga dedi: – Hammang uyingga bor, birovni xotini tomoshami sizlarga?
Ertasi kuni ertalabdan hovli odamga to‘ldi. Tuman markazidan do‘xtirlar kelishdi. Ilonning u yoq-bu yog‘idan aylanib o‘tishib, “Opketamiz, buni Toshkentda ekspertiza qildirib kelamiz, bu o‘ta noyob, sirli hodisa”, deyishdi. 
– Bekor aytibsizlar, xotin meniki, uni hech qanaqa “ekspirtiz” qildirmayman! – dedi Hasan.
Keyinroq tergovchi keldi. Nima bo‘lganini boshidan oxirigacha so‘rab, qog‘ozga tushirdi. Keyin qaergadir telefon qildi:
– O‘rtoq boshliq, hammasini aniqladim. Hammasiga Hasan Qodirov aybdor. Doimiy ravishda ichgan, xotini Zulayho Shokirovaga azob bergan va uni ilonga aylanishga majbur qilgan. Militsionerlarni yuboring, aybdor Hasan Qodirovni qamoqqa olish chorasini ko‘rmasak bo‘lmaydi.
Birpasda militsionerlar ham yetib kelishib, Hasanning qo‘liga kishan solishdi va uni mashinaga bosib, olib ketishdi.
Bir haftadan so‘ng “Jinoyat izlari yo‘q” degan xulosa bilan Hasanni ozod qilishdi. 
– Hammasi sehr-jodu emish. Shaharda bitta azayimxon bor emish, yana xotiningni o‘z holiga qaytarar emish.
Hasan sim to‘rdagi patnisni, patnisdagi ilonni, ilon qiyofasidagi xotini Zulayhoni ko‘tarib, shaharga jo‘nadi. Qaynog‘asi hamroh bo‘ldi. Qaynog‘asi azayimxonning uyini ko‘rsatdi.
– O‘qimayman, – dedi azayimxon. – Bu kishi ichar ekan. Ichadigan odamga duo kor qilmaydi.
– Duo menga emas, xotinimga kerak, u ... u ichmaydi, – dedi Hasan.
– Ichgan eri bilan yotgan xotinga ham duo o‘tmaydi, – dedi azayimxon. 
– E, unda nima qilamiz? – bosh qashladi Hasan.
– Ichishni tashlaysiz. Ichmayman deb qasam ichasiz. Shunda o‘qishim mumkin, zora foydasi tegsa. Shundayam qirq kun yaqin bormaysiz xotiningizning yoniga.
– Nima deb qasam ichay? – darrov ko‘ndi Hasan.
– “Ichsam ilonga aylanib qolay”, deb qasam ichasiz!
– E, sharti og‘ir bo‘ldi-ku? – dedi Hasan, ammo noiloj rozi bo‘ldi: – Endi ichmayman. Ichsam ilonga aylanib qolay!
Shundan keyin azayimxon ilonga va har zamonda Hasanning yuziga dam solingan suvdan sepa-sepa duo o‘qidi:
– Abrakadabra, suf! Abrakadabra kuf! Tavba qildi, ichmaydi, suf! Ichsa o‘zi ilonga aylansin, kuf! Endi aslingga qayt, ey, ilon!
– Aslingga qayt, Zulayho, deng! – tuzatdi Hasan.
Azayimxon qo‘lidagi har donasi yong‘oqdek keladigan tasbehi bilan Hasanning kallasiga urdi:
– Shakkoklik qilmay o‘tir, kuf! Ksi, psi, epsilon, suf! – Hasanning boshiga tupurib, dusini tugatdi: – Ichsa anakonda bo‘lib qolsin, tuf!
Oradan uch kun o‘tdi. Alaq-jalaq tushlar ko‘rib uxlayotgan Hasanning bo‘yniga sim to‘rdan chiqib ketgan ilon o‘rala boshladi. 
– Yana ichasizmi, vish-sh-sh? Yana ichasizmi, dedim, vish-sh-sh?
Hasan tushidan qo‘rqib uyg‘onib ketdi, ammo bo‘yniga rostdan ilon o‘ralayotganini ko‘rib, otilib o‘rnidan turdi va chiroqni yoqdi. Hasan hayratdan qotib qoldi. Yonida Zulayho yotar, bo‘yniga o‘ralgan ilon emas, Zulayhoning qo‘li ekan. Sim to‘rning ichiga qaradi. Patnisda ilonning po‘sti yotar edi.
– Yomon tush ko‘rdingizmi, dadasi? – uyqusiragan ko‘yi so‘radi Zulayho. – Yuztagina urib olasizmi yoki, yaxshi uxlaysiz-da?
– Endi bittayam urmayman, Zulayho, – dedi qo‘rqa-pisa xotinining yoniga o‘tirgan Hasan. – Endi ichsam, anakonda bo‘lib qolaman, ichmayman.
– Yaxshi. Chiroqni o‘chiring! Suhbat...
– Menga hali o‘ttiz yetti kun bor, Zulayho. Suhbat keyin.
Zulayho boshini ko‘rpaga o‘rab, piqqillab kuldi.
Zulayho nimaga kulganini eriga aytmadi. 
Zulayho eriga hech qachon aytmadi, hammasini ukasi bilan o‘ylab topganini ham, Alisher morbozdan chaqmaydigan, zahari tugagan, qari kobrani olib kelganiniyam, telefondagi “ilonga aylanib qolgan ayol”ning ovozini yozib olib, eriga eshittirganiniyam, do‘xturlar, militsionerlar, tergovchilar, hatto azayimxon domla ham ukasining jo‘ralari ekaniniyam. 
Ammo shundan keyin Hasan hech qachon ichmadi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.