OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Karimberdi To‘ramurod. Maktub (hikoya)

Urushdan qaytmagan o‘g‘illarini so‘nggi nafasigacha kutib o‘tgan barcha momolarga bag‘ishlayman


1.

Mamlakatda urush boshlandi!
Ho‘lu-quruq baravar yondi!
Ayniqsa, Girmon degani Maskovga yetib qolganda yoppasiga “Ola-ol” boshlandi. Uljon momo tunu-kun Xudoga yolvorib, duo qiladigan bo‘lib qoldi:
− Xudoyo, Zokirjonimni olma!
− Xudoyo, bittagina o‘g‘limni olsang, men qanday qilaman?
Ammo hukumat Uljon momoning duosiga qararmidi? Maskovni nemis olaman deb turganda birovning bolasi bittaligiga qarab o‘tirarmidi? Istalin “Yo g‘alaba yo o‘lim!” deb turganda hukumat odam ajratib o‘tirarmidi? Hukumat odam ajratsa, rais boboning o‘g‘lini urushga olarmidi? Rais boboning o‘g‘li urushga ketib, Uljon momoning o‘g‘li qolarmidi? Hukumatga Uljon momo kim bo‘pti? Uljon momoning o‘g‘li kim bo‘pti?
Xullas, orqasiga qaray-qaray Zokirjon ham urushga ketdi. Uljon momo Zokirjonning orqasidan yuzlarini yulib, dodu-faryod solib qolaverdi. 
Uljon momo uch kecha-uch kunduz yig‘ladi. Uljon momoga qo‘shilib, yolg‘izgina akalarining ortidan uch uch qiz ham uch kecha-uch kunduz yig‘ladi. “Ko‘pga kelgan to‘y”, deb, noiloj momoyam ko‘ndi. Qizlarni ham yupatdi. Ishlash kerak, dalada ish ko‘p. Bug‘doyni o‘rish kerak, arpani o‘rish kerak. Urushga non kerak! Erkak zoti qolgan bo‘lmasa. Uljon momo qizlarini yoniga olib, bug‘doy o‘rishga chiqdi, arpa o‘rishga chiqdi. Ish bilan ovundi. Ish bilan bo‘lib, dardi ariganday bo‘ldi.

2.

Uljon momo tunu-kun Dilmurodnining yo‘lini poylaydigan bo‘ldi. Ana shu Dilmurodni kutib kunlar o‘tdi, oylar o‘tdi.
− Ko‘chang kuygur, Dilmurod po‘shta, Zokirjonimdan xat-xabar bormi? − deydi Uljon momo Dilmurodni uzoqdan ko‘rganidan.
− Qarg‘amang, momojon, qarg‘amang, kep qolar, − deydi Dilmurod “po‘shta”. − Bir kuni o‘zim yaxshi xabar olib kelaman. Har kuni yo‘limga chiqib o‘tirmang-da. Uyimizga ham xat so‘rab bormang, momo! Zokirjon akamdan xat kelmayotganiga o‘zim ham xijolat bo‘layapman. Xat kelsa, o‘zim chopib-chopib kelaman. Siz suyunchini tayyorlab qo‘yavering!
Uning yo‘liga chiqib o‘tiraveradi, Uljon momo, Dilmurodni kutib o‘tiraveradi. Dilmurod “po‘shta” o‘g‘lidan olib keladigan xatni kutib o‘tiraveradi.

3.

Olti oy deganda Dilmurod “po‘shta”ning hovliqib-hovliqib kelayotgani ko‘rinib qoldi. Uzoqdan qo‘lidagi xatni silkitib-silkitib kelayotgani ko‘rinib qoldi. Uljon momo unga qarab chopaverdi-unga qarab chopaverdi. Koshki, Dilmurod “po‘shta”ga yetolsa! Koshki, Dilmurod “po‘shta”ga yetib bo‘lsa! Nihoyat, Dilmurod “po‘shta” unga yetganda Uljon momo uning qo‘lidan xatni oldi-yu, oldin xatni, keyin Dilmurod “po‘shta”ni o‘pa ketdi-o‘pa ketdi.
− Aylanib ketay, senginadan! − dedi Dilmurod “po‘shta”dan ming aylanib-ming o‘rgilgan Uljon momo.
− O‘lay sengina bolamga! − dedi Dilmurod “po‘shta” uchun ming o‘lib-ming tirilgan Uljon momo.
“Qo‘ying, qo‘ying”iga qaramay Uljon momo Dilmurod “po‘shta”ning xat solib, ko‘tarib yuradigan xaltasini turshakka to‘ldirdi. Bir ko‘ziga mayiz-u, jiydalardan hovuchlab-hovuchlab soldi. Oxirida Uljon momo qizlariga ham bermay yashirib o‘tirgan sakkiz dona oq qandni Dilmurod “po‘shta”ning cho‘ntagiga soldi. Ana shu sakkiz dona qand Dilmurod tayinlagan suyunchi bo‘ldi.
− Choyga solib ichasan, bolam. Yarmini enangga ber! Enangga salom aytgin mendan, xo‘pmi? Ha, momoginang aylansin sendan!
Xat olib kelganidan o‘zi ham suyunib, yuzi yorug‘ bo‘lib ketdi, Dilmurod “po‘shta”.

4.

− Men o‘qiyman! − dedi katta qiz Zumrad.
− Yo‘q, o‘zim o‘qiyman! − dedi o‘rtanchasi Anzurat.
− Iltimos, men o‘qiyin! − yalindi kenjasi Zulxumor.
− Qaysing bo‘lsang ham o‘qi! − dedi sabri chidamay Uljon momo. − Ichim yonib ketdi-ku?
Xullas, navbat bilan o‘qidilar, Zokirjonning xatini. Navbat bilan yig‘ladilar.
“Assalomu alaykum, enajonim hamda singiljonlarim. Sog‘-salomat yuribsizlarmi?
Enajon, men sog‘-salomatman. Mendan aslo xavotir olmang! Xat jo‘nata olmaganimga xafa bo‘lib yurgandirsiz? Xat yozishga vaqt yo‘q. Urush-da, enajon, urush. Qirg‘in-barotga ham o‘rganib qoldim. Hatto bitta zo‘r medol ham berishdi, ena. “Jasurligi uchun”, degan medol. Ammo nemislardi dodini beryapmiz, ena. Endi Girmonga qarab yuryapmiz, hademay urush tugab qolsa kerak. Kamandirlar shunday deyapti. Endi nasib bo‘lsa, urush tugasa boraman. Ana shunda ko‘nglim kimdaligini ham aytaman, ena. Ungacha singillarimni ehtiyot qiling! 
Zumradxon, Anzuratxon, Zulxumorjonlarim, sizlar enamdi ehtiyot qilinglar! Hademay sog‘-salomat ko‘rishamiz. 
Salom bilan jangchi Zokirjon Davlatov”.
Uljon momo Zokirjon Davlatovdan xat kelganiga bir suyugan bo‘lsa, nemisning shashti qaytganiga ikki suyundi. O‘g‘lining sog‘-salomatligini bilib, uch suyungan bo‘lsa, bolasining birovda ko‘ngli borligini aytganiga o‘n suyundi. Xatni yana boshqatdan o‘qitdi. Har bir qiziga ikki martadan o‘qitgach, ko‘ngli joyiga tushdi.
− Xudoga shukr, sog‘-salomat ekan, − dedi Uljon momo. − Nasib bo‘lsa, kelganidan to‘yni ham boshlaydiganga o‘xshaymiz.
− Voy, akam “ko‘nglim kimdaligini ham aytaman”, debdi, ko‘ngli kimda ekan, sen bilmaysanmi, Anzurat? − dedi kulib Zumrad.
− Bilmadim-a, opa, hoynahoy birga o‘qiganlaridan birortasi bo‘lsa kerak, − dedi Anzurat.
− Men bilaman, u qo‘shnimiz Xosiyat, − dedi Zulxumor. − Akam ketganidan beri “Xat yozmadimi?” deb o‘n martalar so‘radi mendan.
− Hammasini sen bilasan, − dedi Zumrad unga yolg‘on po‘pisa bilan. − Kattalar gaplashganda aralashmay o‘tirishni bilmaysan, xolos!
Uljon momo xatni avaylab ko‘rpaning orasiga solar ekan, xatdagi ayrim jumlalarni takror-takror tilga oldi:
− Qirg‘in-barotga o‘rganib qoldim, deydimi? Tavba qildim-tavba qildim, qirg‘in-barotga o‘rganib bo‘lar ekanmi?
Nima bo‘lsa bo‘lsin, Zokirjondan xat kelgani hayit bo‘ldi, bayram bo‘ldi. Uljon momoning barcha qarindoshlari kechqurun yig‘ilib keldi, qo‘ni-qo‘shni keldi. Hamma xatni bir martadan o‘qib ko‘rdi. Hamma shod bo‘ldi, xurram bo‘ldi. Uljon momo o‘g‘li urushda qahramon bo‘lganday g‘o‘ddayib o‘tirdi. “Ana shunday o‘g‘ilni biz tug‘ib qo‘yganmiz”, deganday hurpayib o‘tirdi. Uljon momoga havas bilan qarab o‘tirgani nechov bo‘ldi, bolasidan xat olmayotganidan ko‘zi nami nechov bo‘ldi.

5.

Ketgan Zokirjondan kelganiyam shu bo‘ldi. Uljon momoning o‘g‘lidan olganiyam shu bo‘ldi. Qaytib na xat keldi, na xabar.
Dilmurod “po‘shta” Uljon momoning uyi oldidan cho‘chib o‘tar bo‘ldi, Uljon momoni ko‘rsa, undan qochib o‘tar bo‘ldi. Uzoqdan ko‘rganidan xat so‘rar bo‘ldi-da, Uljon momoyam. “Yo‘q”, desa vajohati ham uradigan bo‘ldi-da, momoning. Koshki, Uljon momo urmagan bilan boshqalari urmay, tek turgan bo‘lsa? Necha-necha momolardan kaltak yedi, bechora Dilmurod “po‘shta”, necha-necha bobolardan hassa yedi. “... Unaqa xat kelsa, mening aybim nima?” deydi bechora. Necha marta tashlab qochdi, shu xat tashiydigan xaltasini otib. Necha marta “Shu ishni qilmayin”, deb yalindi Dilmurod boshlig‘iga.
− Kim qiladi? Sog‘lar urushda bo‘lsa. O‘rningga kimni olayin? − dedi boshlig‘i.
− Ha, hamma sog‘lar urushda, men esa bir cho‘loqman, − deb yig‘ladi, Dilmurod “po‘shta”. − Sog‘ bo‘lsam qani edi, urushga ketgan bo‘lsam qani edi, bundan ko‘ra.
− Xafa bo‘lma! − deydi boshlig‘i o‘zi Dilmurodni xafa qilib qo‘yganidan yuragi siqilib. − Sen Vatan uchun mehnat qilayapsan. Sen, ... sen g‘alabani yaqinlashtiryapsan!
Necha marta xat qopini otgan bo‘lsa, shuncha marta qaytarib olib, yelkasiga osadi, bechora Dilmurod “po‘shta”. Chunki bu ishni qiladigan boshqa odam haqiqatdan ham yo‘q qishloqda. Indamaygina xat qopini yelkasiga osib ... “G‘alabani yaqinlashtirgani” ketaveradi.

6.

− Urush tugar emish!
− Ko‘p shaharni olishibdi, biznikilar!
− G‘alaba yaqin emish!
− Berlinga borib qolishganmish!
Dunyoda bundan ham katta xushxabar bo‘lar ekanmi?! Ana endi Uljon momolar bir joyda o‘tira olarmidi? Ikki qo‘li duoda bo‘lib qoldi, Uljon momolarning. Gitlerning o‘limini tilab qoldi, momolar. Bolalari bag‘rlariga tezroq qaytishini yolvorib tilandilar, momolar. Namozlarida yovga qiron tilandi, bobolar.
− Xudoyo, Gitliri tezroq o‘lsin!
Ana shunday kunlarda xat kep qoldi, Zokirjondan.
Ana endi ko‘rsangiz edi, Uljon momoning suyunganlarini! Momo xatni bir ko‘zlariga surtadi, bir boshiga. “O‘qib ber”, deb qizlarga navbat bilan tutadi. Koshki qizlar o‘qiy olsa! Xat o‘ris yozuvida bo‘ladi, o‘rischani o‘qiydigan odam qani qishloqda? O‘rischani o‘qishga birontada savod qani? Undan yaxshi xabar kutib, xatni takror-takror o‘padi, Uljon momo. “Kim o‘qib beradi”, deb qishloqni aylanib chopadi, bechora momomiz. U paytlari momomiz tengi bobolar-u, momolar arabchani o‘qiy olardi. Hukumat yozuvni arabchadan lotinchaga o‘tkazgan, lotinchani ham hijjalab o‘qiydi bu yozuvga endi o‘tgan bolalar. Ammo biron kishi o‘rischani bilmaydi. Biron kishi o‘qiy olmaydi, o‘rischani.
− Mayli, o‘qiydigan topilib qolar, − deydi Uljon momo. − O‘rischani biladigan bironta savobtalab kelib qolar.
Ungacha xatni qo‘ygani joy topolmaydi, Uljon momo. Ungacha xatni qo‘lidan qo‘ya olmaydi. Ungacha xat kelganini hammaga aytib yuraveradi, Uljon momo. Ungacha ko‘ringanga o‘sha xatni ko‘rsatib yuraveradi, Uljon momo. Baxmal nimchasining cho‘ntagiga solib yuradi, o‘sha xatni. Turibdimi, deganday har zamon-har zamonda ushlab-ushlab ko‘radi, o‘sha xatni.
Xatni o‘rtaga qo‘yib, oqshomlari doira chaladi, Uljon momo. Doira chalib, uch qizni o‘yinga ham soladi. Uch qiz xatni o‘pib-xatni o‘pib, raqsga tushadi. Raqsga tushib-raqsga tushib, o‘zlarini xursand qilib-xursand qilib, osmonlarga, falaklarga uchadi, uchta qiz.
− Qaytayapman, deb yo‘lga chiqqanini yozgan, − deydi Zumrad.
− Qaerga yetganini yozgan, − deydi Anzurat.
− Hech biringiz bilmadingiz, − deydi Zulxumor. − Unda akam o‘sha, sevgan qizining ismini yozgan.
− Hammasini sen bilasan, − deydi sevinib, Uljon momo. − Hammasini sengina puchuq bilasan.
Qizlar xatni biri olib, biri qo‘yib, ashula aytib, o‘ynaydi:
− Osmondagi samolyot, qanotingni pastlab o‘t,
Men akamni sog‘indim, akamdan xat tashlab o‘t!
Qizlarning ashulasiga doirasini chalib, Uljon momo ham jo‘r bo‘ladi:
− Osmondagi samolyot, mayliga pastlab o‘tsin,
Xati qo‘lda, akangni o‘zini tashlab o‘tsin!
Qizlar xatni o‘pib, ashula aytib, xatni o‘pib, raqsga tushib, necha-necha tonglarni ottirdilar, necha-necha kunlarni bottirdilar. Uljon momo xatni qizlar yo‘qotib qo‘yishidan qo‘rqib, hali u yoqqa yashiradi, hali bu yoqqa. Ko‘ringanga beradigan savoli bitta:
− O‘rischani o‘qiy olasanmi?
Koshki, qishloqqa bironta o‘rischani o‘qiy oladigan odam kelsa. Koshki, brigadir Uljon momoga bir kunginaga javob bersa-yu, momo shaharga, “vayankamat” degan joyga borib, xatni o‘qitib kelsa. Ammo brigadir javob bermaydi. Dalada ish ko‘p. Qishloqda erkak qolmagan. Hamma ish Uljon momoga o‘xshagan ayollar va o‘smirlarga qolgan. Bular ishlamasa, g‘alaba yaqinlashmaydi. 
Bular dalaga chiqmay qolsa, Gitler o‘lmaydi.

7.

− Askar keldi!
− Askar keldi!
− Jo‘raqul boboning o‘g‘li Jo‘rabek bitta oyoqda kepti!
− Soppa-sog‘ ketgan sho‘rlik qo‘ltiqtayoqda kepti!
− Bir oyoqda bo‘lsayam bitta askar kelibdi, − dedi Uljon momo. − Ana endi urushi tugaydi, nasib bo‘lsa. Mening Zokirjonim, to‘rt muchasi sog‘ keladi.
Bir oyoqli Jo‘rabekni katta-kichik ko‘rishga keldi. Hovli momoyga to‘ldi. Hovli boboyga to‘ldi. Kelgan borki, ko‘risha solib, o‘zining odamini so‘rayverdi:
− O‘g‘limni ko‘rmadingmi, Shodmonqulni, birga ketgandilaring?
− Mening o‘g‘limni-chi, Ashurni, “Jo‘rabek bilan birgamiz”, deb xatida aytgandi?
− Jo‘rabek, mabodo Salimboy ukamni ko‘rmadingmi, urushda?
− Balki Abdusattor akamni ko‘rgan chiqarsiz, Jo‘rabek aka?
Miq etmaydi, bu Jo‘rabek. Birovning bolasini “Ko‘rdim”, demaydi. Nima balo, nemis bilan bir o‘zi urushganmi, bu Jo‘rabek? 
− Shuncha yil urushda yurib, birorta o‘zbek bilan ko‘rishdingmi, Jo‘rabek?
Jo‘rabek, gazeta qog‘oziga moxorka o‘rab, papiros chekishdan boshqani bilmaydi. Boshini sarak-sarak qilishdan boshqani bilmaydi. Qovog‘ini ochmaydi.
− Uni so‘rasang, ko‘rmadim, desa? Buni so‘rasang, ko‘rmadim, desa? Havoyi bo‘p qopti, bu Jo‘rabek!
− E, bu havoyi emas, yovvoyi bo‘p qopti!
− Boshqa gapni qo‘y, Jo‘rabekjon, bu momolaring har narsani gapiraveradi, − dedi Uljon momo. − Sen boshqa gapdan gapir! O‘rischani o‘rgandingmi? O‘rischa xatni o‘qiy olasanmi? Zokirjondan bir xat kelgan, shuni o‘qib bera olasanmi?
Jo‘rabek Uljon momoga biroz tikilib turdi. Umrida Uljon momoni endi ko‘rganday.
− Lojis, begom, istrilay. Boshqasini bilmayman, − dedi Jo‘rabek. − Ammo o‘rischa so‘kish kerak bo‘lsa, luboyini boplayman.
Cho‘ntagidan ro‘molcha, ro‘molchadan tuguncha, tugunchadan maktubni olib, avaylab uzatdi, Uljon momo. Jo‘rabek ustidagi yozuvlari o‘paverilganidan o‘chib ketgan uchburchak xatning buklamlarini ohista ochib, kafti bilan g‘ijimlarini yozdi. Sekin xatning tepasiga ko‘z yugurtirdi. Uljon momo uning og‘zidan bir xushxabar kutib, Jo‘rabekning rangu-ro‘yini diqqat bilan kuzatdi.
− “Zdrastvuyte, Uljon Davlatova”, − Jo‘rabek boshini ko‘tarib, Uljon momoga qarab bir kuldi. − Kamandiridan ekan.
Jo‘rabek kuldimi, uch kundan beri qorasini ko‘rsatmayotgan quyosh chiqdimi, Uljon momo bilmay qoldi. 
− Kamandiridan bo‘lsa, Zokirjonimdi maqtagan chiqar, − dedi xursand bo‘lib. − Yana bironta medol berdimikan? Balki ordin bergandir? Davomini o‘qi-chi, Jo‘rabekjon!
Jo‘rabek davomini o‘qiy boshladi:
− “Vash s?n geroicheski pogib”.
Ana shuni o‘qib, mung‘ayib qoldi Jo‘rabek, qorayib qoldi Jo‘rabek. Yana qog‘ozga moxorka soldi.
− Giroy bo‘libdimi? − so‘radi kimdir, “geroicheski” degan so‘zga sal tushungan bo‘lib. 
− Bizdan ham giroy chiqsin-da, − dedi boshqasi ko‘kragini bir ko‘tarib qo‘yib.
− Gapir, bolam, nima bo‘pti? − so‘radi, Uljon momo Jo‘rabekning avzoyi buzilganidan qo‘ynida sovuq bir ilon o‘rmalab. − Kamandiri nima depti?
Indamayin o‘rnidan turdi Jo‘rabek. Tayoqlariga suyanib, uyga qarab yurdi. Keyin qo‘ltiqtayog‘i bilan yagona oyog‘iga qarsillatib urdi. Keyin orqasidan baqrayib qolganlarga alam bilan tikildi. Kalovlanib turgan Uljon momoga qarab baqirdi:
− Pagib debdi, pagib, momo! Kamandiri pagib debdi. Nimaga tushunmaysiz, momo, axir ... sho‘ringiz qurib qopti-ku?!
Uljon momo baribir hech narsaga tushunmadi. Jo‘rabek qo‘ltiqtayoqlarini uloqtirib, bo‘sag‘aga o‘tirib oldi. Endi Jo‘rabekning ovozlari xirillab-xirillab chiqdi:
− Halok bo‘pti Zokirjoningiz! Qahramonlarcha halok bo‘pti, Uljon momo!
Uljon momo ana shunda bir uvvos tortdi:
− A-a-a-a-a! Bolamdan ayrilibma-a-a-an!
Keyin yerga o‘tirib, osmonga qarab nola qildi:
− Voy, do-od! Xudojo-o-o-on! Zokirjonimdan ayrilibma-a-an!
Qo‘shilib, dod deb yig‘layverdi, qolgan momolar. Faryod solib, o‘z o‘g‘illarining otlarini aytaverdi, qolgan momolar...

8.

Eh-he, bu gaplarga oz ham emas, ko‘p ham emas, yetmish yilcha bo‘lib qoldi.
Uljon momoning kenjasi, Uljon momo puchuq deb erkalaydigan Zulxumor ham rosa sakson yoshga to‘lib qoldi. 
Uljon momoning o‘zi ham to‘qson beshda dunyodan o‘tdi. To‘qson beshida ham sho‘rlik ikki ko‘zi ochiq ketdi. To‘qson beshida ham sho‘rlik uyidan chiqib, o‘g‘li ketgan katta ko‘chaga termulib o‘tirdi. Kep qolar, deb Zokirjonni kutdi. Zokirjon deb yo‘l qaradi, Zokirjon deb qon yutdi.
O‘sha, Jo‘rabek “Pagib” deganidan keyin birov ko‘rmadi, Uljon momoning kulganini. O‘sha xatning “qora”ligini bilganidan keyin birov eshitmadi, Uljon momoning doira chalganini. Shundan keyin birov ko‘rmadi ko‘kdan boshqa kiyim kiyganini, momomizning. Shundan keyin birov ko‘rmadi, to‘y-hashamga borganini, momomizning.
Uljon momo to‘qson beshga kirganida nevaralarining soni roppa-rosa o‘ttizta bo‘lgan edi. Chevaralari bir kam yuzta edi, Uljon momoning.
Ammo jon chiqarda ko‘zi quyosh botar tomonda bo‘ldi, Uljon momoning. Shu tomonga ketgan edi-da, Zokirjoni.
Jon chiqarda Uljon momoning tilida o‘g‘lining oti bo‘ldi.
Bir o‘g‘ilning o‘rnini bosmadi, o‘ttiz nevara. 
Bir o‘g‘ilning o‘rnini bosmadi, to‘qson to‘qqiz chevara.
Aqalli uylanmagan edi, Zokirjon.
Ko‘nglidagi kimligini aytmagan ham edi, Zokirjon...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.