OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Latif Mahmudov. Mehr qolur... (hikoya)

Qumri xolaning echkisi podadan qaytmadi. Adashganmi, oyog‘i lat yeb yo‘lda yotib qolganmi – xudo biladi. Peshonasi kaftdekina qashqali sog‘in echki edi; tovoqdagi qaymog‘iga non botirib bamisoli nisholda yerdingiz, qatig‘ini xurmachadan pichoqda kesib olardingiz. Shundoq zotli to‘satdan g‘oyib bo‘lsa! Sovuq xabardan qo‘ni-qo‘shni yig‘ilishib, u deyishdi, bu deyishdi, podachi bolani qistovga ham olishdi, bola bechora o‘laman sattor, hech narsa payqamadim, deb jovdirab turaverdi. Bitta nogiron oyog‘ini taqimiga bosgancha, chekaroqda eshakdan tushmay o‘tirgan Mo‘mintoy akaning ko‘nglidan nimalar o‘tmadi: ming-ming qo‘y-qo‘zini kundasiga boshlab kelib, o‘zi chap berishni uddalagan echki zoti adashadigan anoyi emas. Yo‘lda qolib ketishi ham dargumon. Mayib echkini dorga chiqarib qo‘yilsami, ikki oyoqda ham pildirab xavf-xatardan eson-omon o‘tib oladi. Epchilligiyu, quvligi demasa, hammaga ilakishib ketadigan jonivor!
– Yo alhazar, – dedi yig‘ilganlardan biri Mo‘mintoy akaga yuzlanib, – osmonga uchdimi, yerga kirdimi?!
Mo‘mintoy aka qo‘llarini keng yozib, osmonga nigoh tashlab qo‘ydi. Har ehtimol, yosh-yalang vaqtni boy bermay yonlariga podachi bolani olishib izlagani ketishdi, ular ham ancha xayollab hafsalalari pir bo‘lib qaytishdi.
...Qumri xola devorga suyangancha dardiga qovrilib yolg‘iz qoldi.
– Qumri, qo‘rg‘onga kiraqol, – dedi Mo‘mintoy aka, – noumid shayton, hali zamon o‘zi kirib kelsa ajabmas.
Qumri xola yon-atrofi to‘kilib tovoqning og‘zidekkina joyi omon qolgan do‘nglikka cho‘qqayganda Mo‘mintoy aka mulzam tortdi: kimlarning hojatini deb shu joydan o‘tmaydi, xom sut emgan banda, supachaning ahvolini payqamayapti!
Eshakni og‘ilxonaga qamab peshayvon zinasida tizza uqalab o‘tirgan Mo‘mintoy akaga xotini oshxonadan ajablanib qaradi.
– Hoy, yuqoriga chiqing, osh lanj bo‘ldi.
– Erining qo‘zg‘almaganini ko‘rib, tavba, echkiga shuncha azami, bir tovoq sut chiqarib turaman, deb qo‘ydi.
– Aljirama, xotin, – o‘shqirdi Mo‘mintoy aka o‘girilib, – echki, bir mushtiparning ovunchog‘i, yolg‘izligi bo‘linmasdi; o‘t yulardi, tert qorardi, sut sog‘ardi... Ozib-yozib qorasini ko‘rsatgan shahardagi arzandasiga xalta-xalta qurt jo‘natardi...
– Hovuchlab pul berib turibdi-ku, arzandasi, – deya og‘zidan bexos chiqqan gapga izzat tortib xotini yoniga kelib cho‘qqaydi.
Eri xo‘rsindi.
– Sirasini aytay, xotin, odam bolasi, ayniqsa keksayganda bir hovuch – tillo tangaga emas, bir misqol mehrga muhtoj bo‘larkan.
– Muncha donosiz, – hazil-huzul bilan xotini qo‘zg‘aldi, – tura qoling,
ovqat mahal bo‘ldi. O‘zimning ham yurakkinam tuzday achidi, achiganda qandoq... Hovuringizni bosay degan edim.
Er-xotinning gangur-gungur suhbatlari bugun qovushmadi. Xotini qavig‘i chala ko‘rpachani qo‘lga oldi. Mo‘mintoy aka mol-holga qarab, eshik tirqishidan ko‘chaga mo‘raladi. Qumri xola hamon supachada mushshayib o‘tirardi. Qishloqqa qo‘li egri odam oraladimi, yo‘g‘-e, g‘ashlanib yota-yota ko‘zi ilinsa echki, tushiga kiribdi. Qishloq etagida azim soyda bir hovuch eski uvadaday qalqib-qalqib kelarmish. Suvning o‘ramasidan chiqa olmay, sho‘rlik, yig‘lamsirab ovozining boricha ma’rarmish... Sho‘ng‘ib, qutqaribdi-yu, so‘loqmonday echkini quchoqlagancha halloslab yugurarmish. Suyunchiga Qumri xola bir xurma qatiq bilan tovoqda qurt olib chiqqanmish...
– Hoy, nafasingiz bejo, yonboshlang, – dedi xotin. Uyqu tortib Mo‘mintoy aka bitta ko‘zini arang ochdi.
– Yotmay, qayoqlarda sanqib yuripsan?!
– Qumrini zo‘r-bazo‘r qo‘rg‘onga kiritdim, – dedi xotini yoniga cho‘zilib.
...Qumri xola ostonadan nariga o‘ta olmadi. Oyoq ostida o‘rmalagan qurt-qumursqaning ham o‘rni bo‘ladi, deyishadi. Og‘ilxonaning lang ochiq eshigiga qarab olislardan echki ovozi kelaverdi-yu, kalovlab yana joyiga chiqib cho‘qqaydi. Jonivorning ta’rifiga til ojiz edi. Hamma narsani bilardi, hammasiga tushunardi. Podadan qaytganda oyoqlariga suykalib erkalansa xola bo‘ynidan quchoqlab silab-siypalashdan charchamasdi. Yelini tirsillab ketgan echki og‘ilxonaga borib xolani poylardi, xayollasa, ma’rab chaqirardi – gapiray desa til-og‘zi yo‘q edi jonivorning! Qaysi ovloqda cho‘kkalab qoldi, sho‘rlik, qayoqlarda tentirab yuribdi?! Xolaning termilib toliqqan ko‘zlari yoshlandi. Mo‘mintoy aka aytmoqchi, noumid shayton, zora yo‘l topib o‘z oyog‘i bilan kirib kelsa!
Xola allamahal ichkariga kirib yotgancha kun yoyilganda tursa! Echkini sog‘ay deb, shoshgancha tovoq ko‘tarib pastga tushganda huvillagan og‘ilxonaga qarab turib qoldi: kelmapti, jonivor, kelsa darrov ovoz bermasmidi?!
Kalovlab ko‘chaga chiqqanda suvalgan supachani ko‘rib xayoliga Mo‘mintoy aka keldi: voajab, tinib-tinchimagan odam qachon ulguraqoldi?! Munchalar mehr-oqibatli kimsa, munchalar-e, avvalam bor, Xudoyim, qolaversa, Mo‘mintoy aka sabab yolg‘izginasi bugun o‘ynab-kulib yurgan bo‘larmidi! Eslasa oyoq-qo‘li bo‘shashadi, eslasa vujudi sovuq titroq bosadi, yillar o‘tib ham, o‘ziga kelolmaydi.
Qariyu yosh yoppasiga dalaga chiqardi.
Qarovchilari bo‘lmagan ba’zi juvonlar chaqaloqlarni choyshab bilan orqalariga bog‘lashib tong sahardan o‘toqqa tushishardi. Kun qiziqda eni kambar, tubi chuqur ariq bo‘yida tarvaqaylagan tutning quyuq soyasiga kelib bola emizishar, shu bahona o‘zlari ham nafaslarini rostlab, yana jazirama dalaga qaytishardi. Kattaroqlarining onalari yeguliklarini oldilariga qo‘yib, bolalarining bellariga bo‘shgina o‘ralgan chizimchani uzun tashlab uchini tutga bog‘lab qo‘yishsa ham olazarak bo‘lib olisdan qarab turishardi. Qumri xola ham kunning olovselidan asrab o‘g‘ilchasini soya-salqin joyda birpas-yarimpas qoldira boshladi. Qo‘shni egatda traktordan qolgan laxtak yerlarni yumshatib yurgan eriga jilla yoqmasa ham ilojsizlikdan indamas, alamini ketmondan olardi. Bola yangi joyga ko‘nikib tinchgina o‘ynayotgan kunlarning birida koptogi ariqqa yumalab ketdi. Belidagi tasmadan osongina sirg‘alib, orqasidan quvdi. Mo‘mintoy aka shu joydan o‘tayotib cho‘kayotgan bolakayni qutqardiyu, o‘zi muk tushgancha yotib qoldi. Jon-jahdda ariqqa sakraganda pichoqni damiday qirra toshga tizza bilan tushgan ekan, anchagacha suv betida qalqib-qalqib qon oqdi. Kasalxonada uch oy yotib hassaga tayanib chiqdi. Hali uzoq-yaqinga eshakda borib-kelib yurishining sababi ham shunda.
Erining sochlari tegirmonga kirib chiqqan odamday bir kechada oqardi. Ish-kuchiga yarab yurgan gungursday odam hapqirib, g‘alati entikadigan bo‘lib qoldi. Azim tup tut yon-atrofi chim bilan to‘silsa ham erining ko‘ngli to‘lmaydi.
– Qo‘rg‘on orqasi hayhotday maydon, – dedi bir kuni, – yarmiga olma, nok ekaylik, yarmiga paxsadan bostirma solay, eshitgan borki hasharga keladi. Dalaga chiqqan xotin-xalaj yosh bolasini shu yerga olib kelsin, o‘zlari galma-gal, oz-ozdan ko‘z-quloq bo‘lishsa, bola boladay o‘sadi, bog‘ hosilga kirsa, bolalarning tushligini ko‘taradi, nima deding?
Inson umrining misqoli ham o‘lchog‘lik ekan. Erta ko‘klam maydonga bir dunyo ko‘chat ekib... yoz chillada, zo‘riqdimi, eri dalada yiqildi. Toshday qotib qolgan changalidan ketmon dastani sug‘irib olishdi.
... Ko‘lmaklarda po‘pak bosgan loyqa suvlar oqib ketdi, ortga qaytmas oqib ketdi.
Og‘ilxonada qolgan ikki-uch tuyoqni xola bovlab-to‘shlab ko‘paytirdi. O‘g‘li qarchig‘ayday yigitcha bo‘lib, o‘qiyman deganda ovunchoqqa bitta uloqcha olib qoldi. Hamma mol-holni sotib pulini qo‘liga berdi. Bir qish qahrli kelib, betob o‘g‘lini ko‘rgani borsa rang-ro‘yi bir holatda! Qishloqqa olib keldi. Echki suti koni davo deb, yangi soqqanidan uch mahal tovoq-tovoq ichirsa, salda quvvatga kirib oliygohni ham tamomladi. Allaqaysi korxonaga hisobchilikka ham joylashdi. Qarangki, rahbarning bir yaqini o‘g‘lini yoqtirib qolib to‘y-tomosha bilan beva qizini bersa! Qumri xola to‘yga borolmadi. Nasib qilmagan ekan, betob edi. Mo‘mintoy aka bilan xotinini yubordi.
O‘g‘li har kelganda, choldevorxonada echki quchoqlab o‘tirasizmi, oyi, hovli-joyni sotib, shaharga olib ketay, deyishini qo‘ymasdi. Qumri xola ma’yus jilmayib, ko‘p narsaga aqling yetmaydi, yoshsan, otang arvohi makonini izlab yurasinmi, deb ko‘nglidan o‘tkazdi. Avvallari tuzukkina kelib-ketib yurgan o‘g‘lining oyog‘i bora-bora tovsilib qoldi. Qumri xola uyli-joyli bo‘ldi, o‘zidan tinsin deb ovunar, voajab, ozib-yozib o‘g‘li eshikdan kelsa, jonivor darrov tanib yonidan jilmasdi. Qaytayotganda yugurgancha tepalikka chiqib, mashinasi o‘tgan yoz qad ko‘targan xashamatli maktab binosini aylanib soyni yangi semon ko‘prigidan o‘tguncha ajabtovur qarab qolardi!
Saxovatli odamlar hamqishloqlari armonini eslashib, qolaversa Qumri xolaning ra’yi bilan mo‘ljaldagi yangi bog‘cha binosiga qo‘rg‘on orqasidagi bog‘ni ma’qul ko‘rishdi. Maydonchaga ikki-uch mashina g‘isht to‘kilganda, xolaning xayoli ish deganlari bundoq bo‘pti, xotin, deb eri shu atrofda aylanib yurganday bo‘ldiyu cho‘qqaygancha nokka suyanib yum-yum yig‘ladi; yorug‘ kunlarga yetolmagan sho‘rlikning oxirati obod bo‘lsin!
– Oyi!!
Qumri xola yuragi qinidan chiqquday seskanib o‘girildi. Ko‘zlari bejo o‘g‘lini ko‘rib:
– Voy, bolam, – dedi bo‘shashib, – tinchlikmi, tinchmisan?!
– Sizdan so‘ray, oyi, – o‘g‘li titrab qaqshab g‘isht uyumlariga qaradi, – bu nima qilganingiz?!
– Hoy, shaytonga xay ber, nimalar deyapsan?!
– Begona odam uy-joyini, boyvachchalar mingan mashinani qiziga xatlab berdi, shu mashinada kelib holingizdan xabar olib turibman. Qaynotamning ishi g‘alvirdan o‘tib turgan paytda chaldevorxonangizning arzimas chaqasi yarasiga malham bo‘larmikan degan, edim! Uyimning yuqori qavatidan, xohlang besh xona ajratib bersam, qariganda, derazadan shaharni tomosha qilib o‘tirmasmidingiz?!
– Xax, nodon, bolam, – afsuslanib Qumri xola bosh tebratdi, – odam dunyoga tomosha qilgani emas, yashagani keladi – bandasining oyog‘i yerdan uzilmasin, bolam, jonimni so‘ra, ayamayman, ammo dadaginangning vasiyatini qandoq xatlab o‘tay, qandoq?!
– Qanaqa vasiyat, qani o‘sha vasiyat, ko‘rsating! – O‘g‘li qo‘l siltagancha burilib ketdi. Mashinaning titrab guvillagan ovozi bora-bora tindi. Qumri xola karaxt ahvolda qo‘rg‘onga o‘tganda peshayvon zinasida yotgan bir dasta pulga ko‘zi tushdi.
G‘am-tashvish qurg‘ur qo‘shaloq kelarkan; yakka yagona quvonchi dilini vayrona qildi, mana ovunchog‘i echki podadan qaytmadi.
...Xotinidan eshitgan-bilganlari Mo‘mintoy akani hayratga soldi.
– O‘sha kuni o‘g‘li kelgan ekanmi, nega arazlab ketipti?!
– Eski xarxasha shekilli, – deb qo‘yaqoldi xotini.
Mo‘mintoy aka kiyim-boshini almashtirib chiqdi.
– Ha, qayoqqa? – so‘radi xotini bezovtalanib, – ona-bola orasiga zinhor tusha ko‘rmang, o‘zlari murosaga kelishsin.
Mo‘mintoy aka indamay, oqsoqlangancha chiqib ketdi va oqshomga yaqin ko‘zlagan manzilga yetib keldi.
Usti parcha-parcha qizil tunukali qubbasimon yopilgan uch qavat bino hashami ancha-muncha o‘zgargan edi. Yon-atrofi rang-barang marmar toshli darvoza peshtoqida qo‘lbola taqa, isiriq, bir shoda garmdori – hay-hay yomon ko‘zdan asrasin! Darvoza sahni ham bir tekis yo‘nilgan chorsi oppoq marmar toshdan. Ko‘chaning arig‘iyu, yo‘lkasi bino oldidagi gulzorga tushgan. Marmar ustunchalarga o‘rnatilgan cho‘yan panjaralar bilan har tomondan to‘silganiga odamlar qishin-yozin mashina tinmagan katta yo‘ldan qatnashsa kerak! Simyog‘ochning mashaladay yorug‘ida gulzordagi antiqa fonuslarni behuda yonishiga ajablanib turganda yoniga zulukday qop-qora mashina kelib to‘xtadi. Shoshqaloqlab darvozadan chiqqan uvoqqina odam eshigini ochdi. Kalta malla sochli, qalin kamaridan bir qarich yuqorisi yalang‘och ayol yarim yuzini to‘sgan qora oynakdan begona odamga bir qarab, yoniga o‘girilgan edi, qo‘l qovushtirib turgan xizmatkor Mo‘mintoy akani surishtira boshladi.
– Kechagina cho‘ntak qappaytirib pul tashlab keldi, shekilli, – ayol ajablanib darvozaga burilganda Mo‘mintoy aka bo‘lak yumushda kelganini eshitgach, yonida pildirab borayotgan xizmatkorga bir nima deb kirib ketdi.
– Otaxon-e, hamqishloqman deng, – xizmatkorning turqi-tarovati o‘zgarib, qarshidagi pastroq hovliga boshlab kirdi. Shox-shabbasi salqigan katta o‘rik ostidagi shinamgina chorpoyaga o‘tkazdi. Dasturxon yozdi. Shipillagancha tashqaridan yarim kosa ovqat olib keldi.
– Qaynotalarining muborak tavallud kunlarini dala hovlilarida nishonlashdi, supraqoqdisi kecha shu yerda o‘tdi, uch yuz bedana sixga tortildi, taraqa-turuq mushakbozlik bo‘ldi deng, oling, nasiba, qozonda bir cho‘mich sho‘rvasi qolgan ekan.
Xizmatkor dali-g‘uli odam ekan, birpasda ko‘nglini to‘kib soldi. Mehmon atoyi xudo, bemalol hordiq olsin, deb o‘zlari istiqomat qiladigan hovliga olib kiripti. Mo‘mintoy akaning yuz ifodasidan o‘zgacha ma’no anglab, bu joyning ozmuncha yumushi bormi, deya birma bir sanay ketdi. Jihozlari antiqa o‘n sakkiz xonani artib-tozalashning o‘zi bo‘ladimi?! Hovlidagi qator panjaralarning birida: ikki dona tovus, tovlanib yo‘rg‘alashlariga qarab to‘ymaysiz. Boshqasida uchta ohu, bittasi yaqinda bolaladi. Mashoyixlar ayol ko‘zlarini nechun jonivornikiga qiyoslashlarini endi payqapti. Yonidagi to‘tiqushlarni-ku qo‘yavering. Maxsus xonalarda boqilayotgan quloqlari supra xaltadek bahaybat zotli itlarning yemishi, qarovichi?
– Xudoyimdan o‘rgilay, – xo‘rsindi xizmatkor, – hammasini bir yo‘la bermas ekan, qani bittagina farzand ato qilsa...
Mo‘mintoy aka ajab xayollarda qoldi. Eri-xotin ikki farzandlik ham bo‘lishsin, har besh xonada bir yildan turishsa, uch yarim yildan so‘ng yuqori qavatning oxirgi xonalarida istiqomat qilishar ekan! Odam dunyoga to‘la-to‘kis yashagani keladi, ammo...
– Ko‘zlarimga aslo ishonmayman, – quchoq ochib eshikdan kirgan arzanda xayollarini to‘zitib yubordi, – nega o‘jar onajonimni ham ola kelmadingiz?
Eshikka borib qolgan xizmatkorini to‘xtatdi.
– Hoy, ko‘sa, jannatmakonimizni ko‘rdilarmi?
– Muxtasar ta’rifini eshitdilar, tomoshasi ertaga qoldi.
– Shundoq qil, – arzandaning tuzukkina kayfi borga o‘xshardi.
Mo‘mintoy aka tutiriqsiz gap-so‘zlardan g‘ashlanib arzandaning ko‘zlariga tik qaradi.
– Echki qani?
– Nima?!
– Go‘llikka solma, echki qani, ovunchog‘idan ayrilgan onang jinni bo‘layozdi.
Arzanda hazilakam esankiramadi, o‘tirgan joyida bir necha bor qo‘zg‘alib qo‘ydi, nihoyat, Mo‘mintoy akaning qahrli nigohiga bardosh beraolmay:
– Obbo, qo‘tir echkini mashmashasi shunchami? – deb qo‘ydi. – Qishloqdan qaytayotsam, la’nati olisdan payqab qoldi. Podadan ajrab quvdi. Uzilib ketay desam, notekis yo‘l, mashina qiynaladi. Ancha joyda to‘xtab haydamoqchi bo‘ldim, yotib oldi, urdim, tepdim, qani yo‘l bo‘shatsa! Zora onamning ko‘ngillari yumshasa, degan yaxshi xayolda yukxonaga bosdim.
Keliningizning asablari bo‘shroq. Echkini ko‘rib “yo‘qot ajinani” deb turib oldi! Vaqt topib, podaga qo‘shaman, deyishimga qaramay, yo‘g‘imda dadasiga aytipti, qaynotam serzardoroq odam, keliboq qizining avzoyini ko‘rib, echkini shartta moshinaga bosibdi...
Arzanda kayfi tarqab xomushlanib qoldi.
– Ha?! – dedi sabri tugab Mo‘mintoy aka.
– Topshirib yuboripti.
– Qayoqqa?!
– Qushxonaga.
Mo‘mintoy aka birov tovoniga mix qoqqanday sapchib ketdi.
– Nima, nima deding?!
– Keliningiz... havo almashtirib kelishi hamon qishloqqa bitta emas, ikkita echki tashlab kelaman, qayoqqa?!
Qoling, deb arzanda ancha joyga ergashib bordi... Mo‘mintoy aka charog‘on ko‘chalarda tentiragancha ko‘ngli xufton tortib, ertalabki avtobus bilan qishloqqa qaytdi.
Qamti kelmay deb Qumri xola eshigini chetlab o‘tayotganda qo‘rg‘ondan o‘zi chiqib qoldi.
– Eson-omon keldingizmi, – dedi xomush – bilsam, yo‘ldan qaytarardim.
Xola boshqa ko‘rinmadi, yotib qoldi. Issiq-sovug‘iga xotini qarab turdi. Oradan hafta o‘tib Mo‘mintoy aka ziyoratga kirganda Qumri xola uni tanimadi. Er-xotin o‘g‘liga xabar berishsa, o‘g‘li dam olishdan qaytmapti...
Mudom xolanikiga kirib chiqib, oldida o‘ynab yuradigan uch-to‘rt yoshli qo‘shni bolakayning “buvim uxlab qolgan, amakijonlar, olib ketmang” deb tobutning orqasidan shaytonlab yugurganlari odamlarni larzaga soldi. Mo‘mintoy aka belbog‘ini bolaning beliga tang‘ib, qo‘lidan yetakladi.
O‘n kunlar o‘tib sho‘ppaygancha arzanda kirib keldi. Hovlining o‘rtasida cho‘qqayib, boshini peshayvon zinasiga qo‘ygancha, o‘ksib-o‘ksib yig‘ladi. Maydonda g‘isht terayotgan ustalar qo‘rg‘onga yig‘ilishib tilovat qilishdi.
Arzanda yuqoriga ko‘tarilmadi, joyida qola qoldi. Mo‘mintoy akaning xotini kichkina tuguncha bilan bo‘g‘zigacha to‘la bo‘z xaltani ichkaridan olib chiqib oldiga qo‘ydi.
– Bergan pullaringizni yig‘ib qo‘ygan ekanlar, – dedi tugunchani surib.
Arzanda qaramadi.
– Manavining xati bor, – deganiga bo‘z xaltadan olgan katak daftarning yarim varag‘iga xastalikda bitilgan harflari beo‘xshov xatga qarab lablari titray boshladi, qog‘ozni g‘ijimlab uloqtirdi, zinaning toshlariga boshini chunonam qarsillatib ursa, peshonasidan qon sachrab ketdi! So‘ng, gandiraklab turayotganda payqamay, tirsagi bilan bo‘z xaltani ag‘darib yubordi, yer bilan bitta qurt bo‘ldi. Dunyo mashmashalariga tushuna olmay, chekkaroqda turgan bolakay yerdan bitta qurt olib, og‘ziga soldi, qolganini cho‘qqayib do‘ppisiga yig‘a boshladi.
Mo‘mintoy aka g‘ijimlangan qog‘ozni tizzasida kafti bilan tekislab ko‘z tashladi.
– “Bolaginam, yolg‘izim, chiroqchim, vidolashish nasib etmasa... mingdan-ming sendan roziman. Onaga bola, bolaga ona shirin Dunyodan otaginangning yoniga yorug‘ yuz bilan ketsam ham ko‘nglim senda! Talabaligingda seni oyoqqa turg‘azgan echki sutidan bir xalta yog‘li qurt tayyorlab qo‘yganman, anchaga yetadi. Yoningda ikkita-ikkita olib yursang, ochiqqan-ochiqqanda og‘zingga solasan – koni foyda, bolam” – nimiqqan ko‘zlari xiralashib Mo‘mintoy aka qolganini o‘qiy olmay turganda arzanda orqaga qaytib qo‘lidan xatni oldi. Qog‘ozni avaylab ko‘krak cho‘ntakka solishdan avval bir-bir ko‘zlariga bosdi, lablariga tegizdi.
Mo‘mintoy aka supachada boshlarini changallagan arzandaning yoniga chiqib cho‘qqaydi, og‘ir sukutdan so‘ng uning so‘niq ayanchli ovozi eshitildi.
– Uydan ketdim, butunlay...
Sababini Mo‘mintoy aka so‘ramadi.
– Qaynotamning haligacha nabira ko‘rmadim degani... toshday botdi.
Arzanda alamli xo‘rsinib qo‘ydi; ming aylanib, ming aylanib, ming o‘rgilgan onasi, onajoni bo‘lganda, bag‘riga bosib, o‘ksigan ko‘nglini tog‘day ko‘tarmasmidi! Ko‘zlari ajabtovur javdirab quchoqlarini ochgancha qarshilashlarini qo‘msab, sog‘indiki! O‘kirib yig‘laguday bo‘lib o‘rnidan turdi. Mo‘mintoy aka hamroh bo‘lmoqchi edi, arzanda bosh chayqab, onasining qabriga ketdi.
Mo‘mintoy aka junbishga kelib qarab qoldi; hey, kim aytipti kim, ona ko‘ngli tog‘u toshni eritarkan. Olamdan o‘ta turib ham ona zoti beshafqat dunyoga mehrini tashlab ketarkan!

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.