OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Luqmon Bo‘rixon. Kutilgan kun (hikoya)

Bir yorug‘lik izlaymiz hamon
Rauf PARFI


...Boyxon bu kunni ilhaq kutgan edi. Uzoq dashtda uloqib qolgan, iror o‘tkinchi ulov sharpasiga umidvor ko‘z tikkan yo‘lovchidan u ham shu kunga mushtoq edi.
Boyxon tanasi taram-taram bo‘lib ketgan daraxtga behol suyanib, chuqur-chuqur nafas oldi. Kulrang qorong‘ulikka cho‘mib borayotgan katta-kichik daraxtlar, baland-u past imoratlar, keng yo‘lda g‘iz-g‘iz  o‘tib qaytayotgan mashinalar ko‘z o‘ngida betinim chayqalardi. Oyoqlari ostida bo‘sh-bo‘sh aroq shishalari, kolbasa burdalari-yu g‘ijimlangan qog‘oz parchalari sochilib yotardi.
Boyxonning yuragi uvushdi. Barcha qilmishlari ko‘z oldidan  ayqash-uyqash bo‘lib o‘tdi-yu ko‘ngli g‘ashlandi. «Endi hech o‘ngarilmasligim, tayin, oxirgi umidim ham kul bo‘ldi, tamom», deb o‘yladi u ruhsizlanib.
...Boyxon bu kunni ixlos bilan kutgandi. Go‘yo bu kun u bir yumalab boshqa xil odamga aylanib qoladiganday, jikkak, tajang Boyxonning o‘rnida etli- so‘lli, kelishgan Boyxon taltayib turadiganday edi... Eh, bu kun, bu kun...
U bir quchoq sovg‘a keltirib, xotinini tug‘ilgan kuni bilan qutlamoqchi, uning lablarida shirin bir tabassum ko‘rmoqchi, so‘ngra esa o‘zi orzu qilgan o‘sha o‘rik gullari iforiga burkanib, hamma-hammasini – o‘z hayotini, turmushini qaytadan boshlamoqchi edi. Shu boisdan tong bo‘zarmasdanoq shoshilib, ammo tetik va allanechuk xush kayfiyatda ko‘chaga otilgan, xotini – ikki oylik kelinchak orqasidan ajablanib qarab qolgandi.
Boyxonning kasbi betayin edi. U bir vaqtlar motor zavodida xizmat qilar, ishga shirakayf kelsa-da, berilgan topshiriqlarni tuzukkina do‘ndirar edi. Biroq orada aroqxo‘rlikka qarshi kurash boshlanib ketdiyu, namunam sifatida uning kovushini to‘g‘rilab qo‘yishdi. Boyxon shu-shu hech joydan ish topolmadi. Oxiri mardikorlikka kuni qoldi.
U la’nati shu ichkilikbozlikni tashlashga necha marta so‘z berar, lekin uch-to‘rt kun o‘tmasdanoq, «o‘zi bilmay» yana echki qasamga aylanib – uyiga odatdagidek chayqalganicha kirib kelar, boshini xam qilgan ko‘yi keksa onasining beozorgina nolishlarini tinglar edi.
Boyxon yaqinda uylandi. To‘g‘rirog‘i, uni uylantirishdi. Aka-opalari –o‘lni-qo‘lga berib, onalari bilan obdon maslahatlashib kelin topdilar. Kelin – Yangi daha tomonda yashovchi ammasining qizi bo‘ldi. Ammasi to‘ydan so‘ng ularnikiga tez-tez kelib turar, biroq har tashrifida kuyovini ta’nayu tanbehlar toshbo‘ronida ezib tashlar edi: «Hoy, jiyan, soqol-poqolni mundog‘ qirtishlab yursangiz bo‘lmaydimi?.. Hoy, yigit, qachon siz ham mundog‘ odamga o‘xshab uyga oylik ko‘tarib kelasiz?.. Rahmatli akaning arvohlari hurmati, gulday qizimni bir yalangoyoqqa qo‘shdim, esam...»
Ammaning uzundan-uzoq oh-voyini Boyxon toqat bilan eshitardi-yu, biroq kelin, «Oyi, bo‘ldi, bas!» deganday ovozsiz iltijo qilardi.
Ammasining qizi Sarg‘ishdan kelgan, yuzlari cho‘zinchoq, qoshlari siyrak, qo‘ng‘irtob ko‘zlari o‘ychan bo‘lib, ishqilib, gulday emasdi. Lekin, tillo ekan. U kelin bo‘lib keldi-yu, harobgina hovlichaga fayz kirib qoldi. Ammo Boyxonda hche bir o‘zgarish sezilmasdi. U har erta bir yoqLarga gumm bo‘lar, allakimlargadir yollanib,  ishlab topgan va besh-olti so‘mini kechqurun xotinining oldiga  uyalib, avaylabgina qo‘yar edi. Biroq ahr uch-to‘rt kunda gandiraklaganicha g‘o‘ddayib bo‘sag‘ada paydo bo‘lishini ham tashlamasdi.
Boyxon mast chog‘lari, negadir, ko‘proq iymanar, xotinining  ayuhannos solishini, «ketaman», deya po‘pisa qilishini, uvvos tortib yig‘lashini juda-juda istar edi. Xotini esa hech bir jirkanmay, hayiqmay, erining iflos kiyimlarini yechar, yuvintirardi.
Boyxon ko‘pincha kechki yemakdan so‘ng muzday deraza oynasiga tanglay tirab, mahzun qorong‘ulikka cho‘mgan torgina hovlidagi sovuq urgan o‘rik daraxtiga so‘zsiz tikilardi. Necha-necha bahorlardan beri gullamaydigan, g‘uj-g‘uj yaproqlari kuzning olovli dami yetmasdanoq Sarg‘ayib, qovjirab bitadigan bu daraxt, sertomir qadoq qo‘llardek shoxlarini ko‘kka cho‘zib, nelarnidir falakdan so‘rayotganday sovuq shamolda diydirab, chayqalib turar edi.
«Baribir meni tashlab ketadi», deb o‘ylardi u xotini haqida, derazadan horg‘in ko‘zlarini uzmay.
Lekin xotinida ketib qolish niyati yo‘qqa o‘xshardi. U ertayu kech hovlida ktsymalanar – supirib-sidirar, yuvib-tarar, keksa qaynonasiga girdikapalak bo‘lar edi. U g‘imir-g‘imirlari, Ayniqsa Boyxon uyda paytlari avjiga chiqar, hoynahoy, Eri bilan yuzma-yuz, bekorchi o‘tirishdan, gap topolmay qiynalishdan benihoya cho‘chir edi. Shu sababli harqalay Boyxon xotiniga tik qaramoqqa botinolmasdi. Ba’zan Boyxonning o‘z-o‘zidan zavqi jo‘shar, kelinchakni erkalagisi, mehribonliklar ko‘rsatgisi kelar, lekin bunga jur’at etolmas, to‘g‘rirog‘i bu xil yaqinlikda o‘zini mutlaqo haqsiz, deb hisoblar, butun bor-yo‘g‘i, yurish-turishi bilan xotini oldida o‘zini muttahamday his etardi!
Ammo kunlar ketidan kunlar o‘tarkan, yurak bag‘rida tosh bo‘lib yotgan kuz qatlamlari Allaqanday anglab bo‘lmas olov taftidan asta-sekin erib ketayotganni Boyxon payqab borardi. Mardikorlikdan qaytishda uy tomon ixtiyorsiz katta-katta qAdam tashlashi, tez orada ro‘y beradigan ko‘zlar to‘qnashuvini his qilib entikishi, uyida – yumshoq o‘ringa so‘zsiz cho‘zilisharkan, saharning yana uch-to‘rt barobar uzaymog‘ini istashi, xuddi shu antiqa qiliqlaridan dalolat berib turardi. Lekin  jamiki noumid va noshukur bandalar kabi Boyxon ham ko‘ngliga alangalanib kelayotgan orombaxsh olovga shubhayu gumonlar suvini purkar, o‘zini-o‘zi tushnkunlik, ruhsizlik tig‘iga tutib berar edi.
«U baribir men bilan yashamaydi, - deb o‘ylardi Boyxon. – Yana besh-olti kundan so‘ng onasinikiga jo‘navoradi...»
Biroq uch kuncha burungi bir hodisa uni butkul boshqa o‘zanga burib yubordi.
O’sha kuni omadi yurishmagan Boyxon tushdan so‘ng shalvirabgina uyiga qaytgandi. U hovli eshigidan oyog‘ini oshirdi-yu, ajoyib manzaraning guvohi bo‘ldi.
Sochini chiroyli turmaklab, duracha bilan tang‘ib olgan xotini o‘sha o‘rik daraxtining shoxlariga kir yoymoqda edi. Durrachasi tegidan chiqib turgan, shamolda hilpirayotgan uzun-uzun soch tolalariga daraxtning nurdek ingichka bir shoxi go‘yo o‘pmoqchiday ohista-ohista silanar, kelinchak esa shirin-shakar xayollar og‘ushida zavqlanib betinim iljayardi.
Boyxon bu  xushmanzarani to‘rt-besh daqiqa – to unga xotinining ko‘zi tushgunicha tomosha qilib turarkan, nogoh, dimog‘iga gup etib o‘rik gullarining ifori urilgandek tuyuldi. Boshi aylanib ketdi.
Xotini u tomon ilkis nazar tashladi-yu, ikkovlari baravar iljaydilar. Bu ularning bir-biroviga birinchi samimiy tabassumi edi.
O’sha kuni kechki taomdan so‘ng Boyxon odatdagidek derazaning sovuq oynasiga yuzma-yuz bo‘larkan xayolga chulg‘andi. «Yo‘q, bunday yashab bo‘lmaydi. Odamsifat bo‘lishim kerak, odam…»
U deraza yonida uzoq turmadi. Bir payt miyasiga kelgan ajoyib fikrdan sevinib, qalqib ketdi. Allanimalarni tikib-bichib o‘tirgan xotini bu holni sezmadi.
«Nahotki, uch kundan so‘ng uning tug‘ilgan kuni?! Balki adashayotgandirman?»
Boyxon zo‘r diqqat bilan xotirasini titkilab chiqdiv a adashmaganiga yana bir bor amin bo‘ldi.
O’sha choshgoh –hukumat nigohidan o‘tkazuvchi tannoz xodima o‘z qalin daftariga yosh kelin-kuyovlarning ism-shariflariyu tug‘ilgan yil, oylarini qayd etayotgan chog‘i u o‘z qallig‘ining tavallud kuniga negadir, qiziqsinib qaragan va yaxshigina eslab qolgandi.
...Boyxon bu kunni entikib kutgan edi. Miyasiga ajoyib fikr urilgan o‘sha oqshomdan boshlab uch kun betinim o‘zicha turli-tuman rejalar tuzdi. Hayajonlandi. Hovliqdi.
Nihoyat, o‘sha arzanda kun ham yetib keldi-yu tong qrong‘usida ikki oylik kelinchakni sarosimada qoldirib ko‘chaga  otildi. Ammo ko‘cha eshigi orqasida xotini yuvib-dazmollangan shimni obdon g‘ijimlashni unutmadi, unda-munda uchrab qoladigan o‘ziga o‘xshash betayin og‘aynilarining «po‘rim kuyov bola» deya masxara qilishidan uyaldi.
...Boyxon bu kunni shirin xayollar og‘ushida kutgan edi. Shuning uchun ham naq tushga dovur qora terga botib suvoq qilarkan, charchash o‘rniga tobora g‘ayrati qaynab, yuz-ko‘zidan tabassum arimadi. Nihoyat, mardikorining antiqa hatti-harakatlaridan lol bo‘lgan tepakal xo‘jayin qayta-qayta sanab uzatgan pulni changallaganicha hovliqib ko‘chaga otildi.
U xotiniga qanday sovg‘a olishini huv o‘sha oqshomdayoq diliga tugib qo‘ygan, har eslaganda to‘lqinlanib-talqinlanib yurgandi. Ko‘z ostidagi bu tortib – sopol ko‘zacha edi. Boyxon uni ilk marta, bir oycha avval, aroq qahatchiligi sabab arzon atir ilinjida mashhur do‘kon bo‘ylab ho‘b izg‘ib yurarkan, tepasiga «Podarki» deb yozilgan bo‘linma sotuvchisi iddao bilan ko‘rgazmaga qo‘yayotgan payt ko‘rib qolgandi. O’shanda u sopol ko‘zachaning bejirim va yaltiroqligiga, shunchaki qiziqsinib qarab turgan, so‘ngra badaniga Sarg‘ish bo‘yoq bilan tasivrlangan bir juft qushga siyrak  kipriklarini pirpirata-pirpirata uzoq vaqt angraygandi.
Uning nazarida qushlar qop-qora tun aro horg‘in uchib borishar, mitti ko‘zlarida shubha-yu hadik, umidsizlik va alamzadalik qalqib turar, chor-atrofda hech bir qo‘nalg‘a belgisi ko‘rinmas edi.
Boyxon o‘shanda sopol ko‘zachaga tikilib turarkan tizzalariga, barmoq uchlariga titroq inayotganini, yuragi alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketayotganini sezdi. Beixtiyor qushlarning oyoqchalari tagiga oppoq gullagan o‘rik shoxi tasvirini tushirgisi va qushlarni shu yerga qo‘ndirib chek-chegarasiz parvozni butkul tugatgisi kelib ketgandi.
Shu-shu bo‘ldiyu, u bu mo‘‘jaz do‘konga tez-tez kelib turadigan, g‘oyat antiqa tuyulgan o‘sha sopol ko‘zachaga hiyla vaqt hayratlanib tikiladigan tashvish orttirdi. Biroq uning daydilarcha ivirsishi do‘konchilarni shubhalantirib qo‘ydi shekilli, kuni kecha Boyxon peshtaxta yonida paydo bo‘lishi bilanoq, «xizmat, ukaginam» deb so‘radi sotuvchi ayol pardoz-andozdan andak to‘xtab.
- Anavi ko‘zachangiz... - g‘o‘ldiradi Boyxon, - juda zo‘r ekan.
U, negadir sotuvchining «ha, judayam ajoyib, menga ham yoqadi», deyishini, so‘ngra o‘zi tasvirdagi uchib borayotgan qushlar haqida to‘lib-toshib gapirishini, xotiniga shu ko‘zachani sovg‘a qilmoqchi ekanligini aytib maslahatlashishni juda-juda istagan, hatto, shunday bo‘lishiga qattiq ishongan edi.
Ammo sotuvchi ayol allaqanday g‘ashlangan qiyofada hech gap-so‘zsiz u ishora qilgan matohni olib uzatmoqqa shaylandi.
- Yo‘q-yo‘q, hozirmas, - deb yubordi shosha-pisha Boyxon, xuddi qo‘qqis shirin uyqudan uyg‘ongandek. – ertaga olaman.
Sotuvchi ayol yelka uchirdi:
- Ixtiyoringiz, lekin shu oxirgisi...
...Boyxon bu kunni intiq kutgan edi. Shuning uchun ham xotinining kechqurun quvonch va mehrdan lov-lov qizarishini xayolida jonlantira-jonlantira entikkancha ketib borardi. Ammo...
Ammo katta chorraha biqinidagi har bir tosh-kesagigacha o‘ziga tanish bo‘lgan ichimliklar do‘konchasi yonidan o‘tayotganida qadamlari beixtiyor sekinlashdi. Axir u yerda baqaloq sotuvchi turli ichimliklarga limmo-lim yog‘och qutilarni g‘ayrat bilan ichkariga tashirdi-da.
«Ob-bo, zap ustidan chiqibman-u, deb yuborganini Boyxonning o‘zi ham sezmay qoldi. Lekin darov sergak tortdi. Qayga, ne sababdan ketayotganini esladi.
Ichimliklar do‘konchasi yonida odamlar daqiqa sayin ko‘payib, g‘ala-g‘ovur bilan navbat talashardilar.
Boyxon cho‘ntagidagi pullarni kaftida siqqancha yo‘lida davom etdi. «Ko‘proq pulim bo‘lganda, ikkoviga olib qo‘ysam yaxshi edida», deb o‘yladi u pullarini yanada mahkamroq siqimlab.
«Ozgina yutib olganimda charchoqlarim tarqab bir huzurlanardima», deb o‘yladi Boyxon negadir asabiylashib. Uning qadamlari o‘z-o‘zidan susaya-susaya, nihoyat, harakatdan to‘xtadi. Uch-to‘rt shisha aroq quchoqlab shodon ketayotgan ur-to‘polon bilan navbat talashayotgan kishilarga sarosimalanib termuldi.
«Bir shishaga-ku qurbim yetar-ov», deb o‘yladi Boyxon olomon tomon beixtiyor uch-to‘rt qAdam tashlab. – Bir donagina atirgul olsam ham bo‘ladi-ku, axir sovg‘aning katta-kichichi, yaxshi-yomoni yo‘q».
Boyxon cho‘ntagiga qo‘l soldi. Lekin, shu lahzayoq, xotinining huvv, o‘sha o‘rik tagidagi tabassumi «lop» etib ko‘z oldiga keldi-yu, shashtidan qaytdi.
«Yo‘q, buguncha ichmayman», deb o‘yladi u qo‘llarini musht qilib. Boyxon iziga qayrildi-da, yo‘liga ravona bo‘lishga chog‘landi. Shu payt olomon orasidan sirg‘alib chiqayotgan ikki sayoq og‘aynisiga ko‘zi tushdi-yu ko‘ngli ravshan tortib ketdi.
Boyxon darhol gumm bo‘lish o‘rniga beixtiyor odimlashi susaydi, anavilarning nazariga tushish uchun pinhona hujum boshladi.
«Do‘stlardan qochish yaxshimas», deya o‘yladi u o‘z-o‘zini aldab. Nihoyat, orqadan tanish hushtak ovozi yangradi. Shusiz ham toqati toq bo‘lib turgan Boyxon «yalt» etib o‘girildi.
Uch-to‘polonda terlab ketgan, soch-soqoli o‘siq, ko‘zlari qizargan og‘aynilar yetib kelishdi. QisqAgina hol-ahvol so‘rashdilar.
- Bu, deyman, tomoqlar qurib bitibdi-yov, a, - dedi sheriklardan biri Boyxonga qarata.
Boyxon aybdorona iljaydi.
- Yur, biz bilan, - sirli ko‘z qisishdi og‘aynilar.
Boyxon botinolmaygina ming‘illadi:
- Yo‘g‘-e, Ishim bor-da...
Ikkovlon barobariga xoxolashdi.
- Ha, endi, - dedi aroq qo‘ltiqlagani. – uylangandan so‘ng qiyin-da...
Sherigi LuqmA tashladi:
- Ayniqsa, xotinidan qo‘rqadiganga.
- Men hech kimdan qo‘rqmayman, - dedi Boyxon qo‘rslik bilan. Shu tobda barii shirin o‘y-xayollariyu, sovg‘a olish ko‘yida halloslab yurishlari o‘ziga erish tuyulib ketdi.
- Qo‘rqmasligingni hali isbotlagan emassan, - dedi og‘aynilar oldin-kuetin.
Boyxon bu qochiriqni deyarli eshitmadi, chunki u Ayni paytda g‘oyat parishon turib, xotinidan qo‘rqar-qo‘rqmasligini o‘zicha, rostakamiga o‘ylab ko‘rmoqda edi.
og‘aynilar betoqatlandi:
- Yuarsanmi, yo‘qmi?!
Boyxon bir cho‘chib tushdi-da, indamay ularga ergashdi. «Ozroq ichsam o‘lmasman», deb o‘yladi u o‘z-o‘zidan g‘azablanib. «Xotinni tabriklash qochmas...»
Ular o‘zlariga qadrdon daraxtzorga yo‘l olishdi.
Boyxon boshqa hech vaqoni ro‘yirost eslayolmaydi. Agar adashmasa, u boshi sal qizigach, odatdagiday sahiyligi tutib cho‘ntagidagi bor pulni o‘rtaga tashlagan, og‘aynilardan chaqqonrog‘i shartta olib,yana do‘konga yugurgan...
...Boyxon bu kunni zor-zor kutgan edi. Endi esa ko‘ngli aynib,  qaqshab-titrab, daraxtga madorsiz suyanib turar, kimgadir tinmay aljiragisi, ho‘ng-ho‘ng yig‘lagisi kelar, boyagina nafrat va masxaraga limmo-lim yuragi yana qurib-qovjirab, halim tortib borar edi.
«Ketgin, meni tashlab ketaqolgin. Shuncha xorlik, shuncha zorlik senga zarilmi? Yuzimga miriqib tufla, dunyoni boshingga ko‘tarib qarg‘a, lekin meni tashlab ket».
Boyxon xotiniga xayolan murojaat qilarkan, o‘sha o‘rik daraxti yonidagi mehrli tabassum, hovli bo‘ylab sassiz kuymalanishlar ko‘z oldidan lop-lop o‘tdi-yu o‘z-o‘zidan o‘pkasi to‘lib, xo‘rligi keldi. Lekin ho‘ngrab yubormaslik uchun gandiraklaganicha yurib ketdi.
Kech kuzning erta qorong‘uligi quyilib kelar, biroq, ko‘cha-ko‘yda odamlar hali gavjum, mashinalar vag‘illab o‘tib qaytar edi. Yog‘in-sochindan darak bo‘lmasa-da, havo xiyla sovuq.
«Yo‘q, men baribir o‘shani obboraman, - deb o‘yladi Boyxon gandiraklab yurib borarkan, - sovg‘a qilaman, sovg‘a...»
U qulab tushmaslikka tirishib, bir to‘xtab, bir yurib borar, unda-munda uchrab qoluvchilar shosha-pisha o‘zlarini chetga olishar, ba’zilari g‘ijinib, so‘kinib qolishar edi...
Boyxon bir amallab o‘sha do‘konga yetib keldi. Ichkari kirdi. Do‘konning charog‘onligidan ko‘zlari qamashib, bir zum nafas rostlash dardida chetroqqa tisarildi.
Ichkarida odam gavjum. Sotuvchilarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. /ala-g‘ovur avjida.
Boyxon bir amallab peshtaxtaga yaqinlashdi. Yuragi nechundir, o‘z-o‘zidan Gurs-gurs ura ketdi.
«Hov, qushlar, - dedi xayolan u. – shoshmang, biz sizlarga qo‘nalg‘a chizib beramiz. Biz ham...»
Boyxon sotuvchi xotin va xaridorlarning o‘ziga ajablanib-ajablanib tikilayotganini ko‘rib sal sergak tortdi. Aftidan, u xayolida emas, tashida g‘uldiragandi.
Boyxon beo‘xshov ishshayib yana tasvirga suqlanib tikila boshladi.
- Xizmat, ukaginam. – deb so‘radi sotuvchi Xotin, shekilli, u «ukaginasini» tanigan edi.
Boyxon iljaya-iljaya:
- Opa, anovi... - dedi zo‘rg‘a.
Sotuvchi u gapini tugatmasdanoq o‘sha sopol ko‘zachani do‘qillatib pushtaxtaga qo‘ydi.
Boyxon ishshayib uni o‘ziga imladi:
- Opa, qulog‘ingizga bir gapim bor edi.
Sotuvchining ensasi qotdi:
- Aytavering.
- shu.. iltimos, - deb g‘o‘ldiradi Boyxon ko‘zachani qo‘li bilan silay turib, - shuningizni nasiyaga berib turing, jo-on opa, ertan pul opkelaman, xo‘p.
Sotuvchi Boyxonga qayrilib ham qaramay, ko‘zachani ko‘tardi-yu, joyiga qo‘ydi.
Shu chog‘ boshqa bir xaridor entikib turgan Boyxonni turtib yuborgudek bo‘lib o‘tdi-da:
- Ie, ko‘zachani bu yoqqa uzating, - dedi sotuvchiga qarata, - ko‘raylik-chi...
Boyxon sergaklanib yoniga qaradi.
- O’v, bu... meniki...
Xaridor hech vaqoga tushunmay bir Boyxonga, bir sotuvchiga hayron tikildi.
- Sal kayfi taroq, e’tibor bermang, - dedi sotuvchi qo‘l siltab. – xaridor oqilona bosh chayqab pul sanarkan, Boyxon peshtaxta ustida yotgan ko‘zachaga chang soldi.
- Bu meniki... meniki...
Xaridor odob bilan yopishqoqni orqaga surib qo‘ydi.
- Qanday tuzsiz odamsiz, - dedi u Boyxonning tirsagi tekkan kostyumini qoqa turib.
Boyxon shashtidan qaytmadi.
- Meniki... Sovg‘a qilaman...
Uning yoshdan xira tortgan ko‘zlari sopol ko‘zachadan boshqa hech nimani ko‘rmas, quloqlari hech qanday hay-haylashni eshitmas, Ayni chog‘da tinmay aljirashni, janjal-to‘polon ko‘tarishni juda-juda istar edi.
Bo‘linma oldida tomosha talablar to‘plana boshladilar.
Shu payt allaqaerdan ayiqday baquvvat erkak sotuvchi paydo bo‘ldi-da, Boyxonni osongina qo‘ltiqlab tashqarii tomon sudrab ketdi. Boyxon jon achchig‘ida tipirlab qarshilik qilishga urindi. Ammo zum o‘tmay o‘zini oynaband eshik orasida ko‘rdi. Sovuq havoda eti junjikdi.
- Yo‘qol! – dedi sotuvchi oyog‘i bilan yerni tapillatib, go‘yo yosh bolani haydaganday. – Yo‘qolmasang hozir melisa chaqiraman…
Barzangi mushti bilan yana bir bor po‘pisa qildi-yu o‘zini ichkari oldi.
Boyxon qayoqqa yurarini bilmay ancha vaqt eshik oldida garangsib turib qoldi. Uning qulab tushgday chayqalayotganini, g‘uldurab, tushunuksiz so‘kinayotganini ko‘rgan o‘tib-qaytuvchilar o‘zlarini darhol chetga tortishardi.
Qorong‘ulik tobora quyuqlashardi…

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.