OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Luqmon Bo‘rixon. Kutilmagan tashvish (hikoya)

Salim ASHURGA

Sherqo‘zi shoshilmay kiyinib, yasan-tusan qilib bo‘lgan ham ediki, tuyqus telefon jiringlab qoldi. Hasan qo‘ng‘iroq qilayotgan ekan.
— Ey, donishmand, — dedi u odatdagi hazilkashlik bilan, — uyingdan chiqdingmi? Yo o‘tiribsanmi lallayib?
Sherqo‘zi do‘stining nima demoqchi ekanligini bilsa-da, o‘zini butkul bexabar, beparvo odamdek tutdi.
— Uyda o‘tirmay qayoqqa borishim kerak? Axir bugun yakshanba, hamma es-hushi joyida odamlarga o‘xshab men ham dam olyapman, kitob o‘qib, madaniy hordiq chiqaryapman.
— Ey, — fig‘oni falakka chiqdi Hasanning, — sening es-hu¬shing joyida emas. Bugun kurs-doshlar uchrashuvi bo‘ladi-ku?! O‘zim senga necha marta tayinlab aytganman-a.
— E-e-ya... unutibman. Qaerda, qachon bo‘ladi uchrashuv?
— Hozir. Bir soatdan so‘ng “Visol” restoranida.
— Bo‘ldi, tushundim. Hozir kiyinib, yo‘lga chiqaman.
— Tez bo‘l, kutib qolmaylik. E, aytgancha...
— Yana nima gap?
 Hasan sirli bir sasda shivirlagan bo‘ldi.
— Maysara ham keladi... burun-murningni yaxshilab artib ol.
Sherqo‘zining a’zoyi badani jimirlab ketdi. Ko‘z o‘ngida kulcha yuz, olma yonoq, kokillari uzun-uzun qiz lip-lip jonlandi. Maysara! Sherqo‘zi uni tahsilning ilk kunlaridayoq sevib qolgan edi! Saboqlarga ham aslida shu qizni deb borardi. Nogoh Maysara kelmay qolsa, o‘sha kun yigitning nazarida butun olam huvillab qolganday tuyulardi. Qiz ham Sherqo‘ziga befarq emas ekan! Keyinchalik, ikkovi hammaning havasini keltirib, qo‘l ushlashib yuradigan, sirli-sirli shivirlashadigan, dars paytlari ham ko‘z urishtirib, imo-ishoralar bilan gaplashib to‘ymaydigan bo‘lishdi.
Maysara! Dimog‘ida allaqanday xushbo‘ylar kelib urilganday bo‘ldi yigitning. Yuz-ko‘zlarini mayingina, muzdekkina bir dasht epkini silab o‘tganday tuyuldi. Yuragida lazzatli bir iztirob qo‘zg‘aldi.
Sherqo‘zi g‘alati hislar og‘u¬shida ancha payt turib qoldi. So‘ng bosh-adoq akslantiradigan ko‘zguga yuzlandi. Qimmatbaho liboslari o‘ziga yarashiq, sochlari silliq, kalta orastalangan, o‘rta bo‘y, xushbichim, xush surat, o‘ttiz yoshdan endigina olovday sachrab o‘tgan yigit jiddiy tikilib turardi.
O‘z qiyofasidan Sherqo‘zining ko‘ngli to‘ldi. Sipo odimlar bilan hovliga chiqdi. Kumushtusda tovlanib turgan avtomobil tomon yurdi.
“Ichkilik bo‘lishi aniq. Yaxshisi, mashinasiz borganim ma’qul”, — tuyqus xayolidan o‘tdi uning.
Sherqo‘zi serqatnov ko‘chaga chiqdi. Xayolida yana Maysara jonlandi.
O‘qishni bitirgan yili uylanish masalasi o‘rtaga chiqdi.
“Bir kursdosh qizni sevaman, o‘shanga uylanmoqchiman”, — deya yangasi orqali ota-onasiga bildirgan bo‘ldi Sherqo‘zi.
Har gal bolalarining ko‘ng¬liga qaraydigan ota bu safar to‘nini teskari kiydi.
“Sen aytgan qiz narigi mamlakatda yasharkan-ku,” — dedi u kechki ovqat ustida qovoq uyib, — endi bir kamim chegarachi¬larga sarg‘ayib yurishmi, yo‘q, bo‘lmaydi, uzoqdagi quyruqdan yaqindagi o‘pka yaxshi, shu atrofdan birortasini tanla”.
Sherqo‘zi otasiga e’tiroz bildira olmadi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tib onasiyu ammalarining qiyin-qistovi bilan qiz ko‘rgali bordi. Shahardagi katta bir amaldorning arzandasi ekan.
“Mayli, yoqmasa, unga uylanmaysan, avval sen bir ko‘rgin”, — deb zorlandi onasi.
Sherqo‘zi shu taxlit Nodira bilan uchrashdi va... kutilmaganda qiz unga yoqib qoldi. Go‘zal, hayoli, ustiga-ustak, nufuzli xonadondan, tag‘in nima kerak.
Yigit go‘yo sehrlanib qolganday bo‘ldi. Beixtiyor Nodiraga uylanishga rozichilik berib yubordi. To‘yga taklif etilgan sobiq hamsaboqlar hangu-mang bo‘lib qolishdi. Ular Sherqo‘zining Maysaraga uylanishini allaqachon bashorat etib qo‘yishgandi.
Ko‘pgina hamsaboqlar Sherqo‘¬zini nomardlikda, xiyonatkorlikda ayblab, o‘z nafratlarini namoyishi sifatida to‘yga kelishdan bosh tortishdi.
“Nima gap o‘zi? Yo Maysara bilan urushib qoldingmi? — deb so‘radi Hasan chinakamiga ajablanib, chinakamiga kuyinib, — ochig‘ini ayt”.
“Urushib qolganimiz yo‘q... lekin... oila qurishga va’dalashganimiz ham yo‘q”, — dedi Sherqo‘zi quruqqina qilib.
Rost, ular ma’lumu mashhur oshiq-ma’shuqlarga xos ahdu paymon qilishmagan edi.
To‘g‘ri, Sherqo‘zi ovloq oq¬shomlarning birida, quyuq daraxtzorda visollashib o‘tirishgan payt, qoni qizib, yuragi toshib, shivirlashga tutindi.
“Diplom olgan kunimizoq siznikiga sovchi yuboraman. Bir umr birga...”
Maysara tuyqus o‘rnidan irg‘ib turdi. Ehtirosli so‘zlari bo‘g‘zida qolgan Sherqo‘zi unga ajablanib tikildi.
“Maysara, nega achchig‘lanyapsiz, yo, gaplarimga ishonmayapsizmi?”
“Tish-sh... — Qiz tantiqlik bilan yigitning lablariga ohista kaft bosdi, — oldindan va’dalashmaylik, axir, hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz. Keyin bir umr qiynalib yuramiz”.
Nodira bilan unashtiril¬gan kuni Sherqo‘zi Maysaraning chinakam oqila qiz ekanligiga yana bir karra tan berdi. Ammo uni to‘yga taklif etishga iymandi. Bu qilig‘i oshkora surbetlik, haqorat bo‘lishini yigit tushundi. Biroq tantanali bazm boshlanishidan bir kun avval Hasan uning qo‘liga shapaloqdekkina taklifnoma tutqazib ketdi. Bu Maysaradan edi! O‘sha kuni uning ham to‘yi tayinlangan ekan! Sherqo‘zi avvaliga ishonmadi, kimdir nayrang qilyapti, degan xayolga bordi. Sinchiklab qaray-qaray May¬saraning husnixatini tanib tak¬lifnoma haqiqiy ekanligiga iq¬ror bo‘ldi.
“Baxtli bo‘l, Maysara!” — ich-ichidan xitob qildi u, ko‘nglini qoplab yotgan xijillikdan ancha qutilib.
To‘y tantanali o‘tdi. Kelinga qo‘shilib Sherqo‘zilar xonado¬niga farovonlik, halovat yopirilib kirdi.
Nodira boy-badavlat, nufuzli oilada o‘sgan arzanda tantiq qizga sira o‘xshamas edi. Odob-axloqda, bekaligu pazandalikda tengsiz chiqib qoldi. Buyog‘i, qaynota ham kuyovini qo‘llab tuzukkina amalga joylab qo‘ydi. Yoshlar nikohiga bir yil to‘lishi munosabati bahonasida ularga uch xonali uy hadya qildi.
Sherqo‘zi baxt-iqboldan sarmast edi. Bu sartmastlik o‘y-xayollaridan Maysarani tezda quvib chiqardi. Nodira shiringina qizaloq tug‘ib berganidan so‘ng esa oilasiga butkul bog‘landi-qoldi. Sherqo‘zi ish va ro‘zg‘or tashvishlariga butkul singib ketdi. Vaqt, Zamon charparagida shoshqin-toshqin, shu barobarida, xush-xandon aylanardi. Maysara uning uchun shunchaki bir olis bir o‘tmishga evrilib qoldi.
Mana bugun Hasandan Maysara haqida eshitdiyu, a’zoi badaniga ajib harorat taraldi. Go‘yo kul ostida qolgan cho‘g‘ qayta uyg‘onganday bo‘ldi. Nega?! Bu qanday siru sinoat? Axir ayol zotidan olish mumkin bo‘lgan neki, hammasini Nodiradan topdi-ku? Bir yigitning baxti shu emasmi?
Yo‘lovchi mashinaning orqa o‘rindig‘ida yastangan Sherqo‘zi shunday xayollar og‘ushida ta-yinlangan manzilga yetib kelganini sezmay qoldi.
Sohir, salqin kuz oqshomlaridan biri edi. Shahar qop-qora chodrasiga burkanib borardi. Sassiz, shovursiz shabadadan dov-daraxtlar yengil titranib turardi. Sershovqin “Visol” restorani son-sanoqsiz chi¬roqlardan charog‘on.
Sobiq hamsaboqlar Sherqo‘zini qiyqiriqlar bilan kutib olishdi. Sherqo‘zi beixtiyor kimnidir quchib, kimlarningdir quchog‘iga kirib chiqa boshladi. Qizlar bilan qo‘l berib qizg‘in ko‘rishgan bo‘ldi. Ular bir payt¬lardagi sho‘x-shaddod, o‘t-olov hurliqolar emas, bir-ikki bolaning onasi, bosiqqina juvonlarga aylanib ulgurishgan edi. Hatto, ba’zilari serzarda, sershubha erlari bilan kelishgan ekan. Yuz-ko‘zlariga zavq, quvonch qalqqan hamsaboqlar davrasida ular allanechuk begonasirab turishardi.
Sherqo‘zi do‘stlar bilan diydorlasharkan, ko‘z qiri bilan kimnidir izlardi. Ana u!
Maysara qizlar orasida hamma qatori kulib, gaplashib turardi. Egnidagi odmigina kulrang kofta-yubka, silliq tarab-turmaklangan sochlari, to‘lishgan qomati uni xiyla qarimsiq ko‘rsatardi. U Sherqo‘zining ko‘rishish uchun uzatgan qo‘liga kaft bosarkan xuddi uyalchang qizlarday boshini bir yonga andak qiyshaytirib “yax¬shimisiz”, deb qo‘ydi. Yonoqlari qizarib, ko‘zlari allanechuk porlab ketdi.
Dasturxon to‘kin edi. Barcha taomlar tomon intildi. Davraga odatdagidek Hasan bosh-qosh. Tabiatan sergap, hazilkash va hozirjavob bu yigit talabalik chog‘lari ham turli-tuman tadbirlarga tashkilotchilik qilar, hamisha shoshib-surilib, jamoa tashvishi bilan kuymalanib yurardi. Mana shu diydorlashuv marosimini ham uning o‘zi uyushtirdi.
Sherqo‘zi Hasanning yonidan joy oldi. U nozu ne’matlardan totinar ekan, gap-so‘zlar orasida hamsaboqlariga bir-bir razm solib chiqdi. Hammalari ham hayot tashvishlari zalvoridan ezilgan, horigan, turmushlari tuzukroq o‘nglanmagan ko‘rinardi. Sherqo‘zi ulardan ancha o‘zib ketganini, hatto, ayrimlar unga havas bilan tikilayotganini payqadi. Maysara bilan ham bir-ikki ko‘z urishtirib oldi. Qiz nigohlarida beadoq sog‘inch va hasrat ko‘rganday bo‘ldi.
— Maysara eri bilan kelmabdimi? — deb so‘radi Hasandan u.
Hasan ajablangannamo ko‘z pirpiratdi.
— Nimalar deyapsan, Maysara hali turmushga chiqqani yo‘q.
— Qanaqasiga?! To‘yga taklifnomani tarqatgan edi-ku?
— Ha, umi, — Hasan oldidagi qadahni bir sipqorib bo‘shatdi, — bor-yo‘g‘i bir dona edi. U ham bo‘lsa sening nomingga...
Sherqo‘zi do‘stiga chimirilib tikildi.
— Tushunmadim...
— Donishmandsan-ku, tushunib ol, u shunchaki... seni vijdon azobidan qutqarmoqchi bo‘lgan, chunki seni vijdonli deb o‘ylagan...
Shu asno childirmayu nog‘oralar gumburlab, kuy-qo‘shiq boshlanib ketdi. Gap-so‘zlar eshitilmay qoldi.
Sherqo‘zi g‘alati bir hislar og‘ushida Maysara tomon ko‘z tashladi. Qiz xuddi yelkasiga og‘ir yuk ortilganday egilib-bukilib yonidagi dugonasining gaplariga quloq solgan ko‘yi parishon bosh irg‘ab o‘tirardi.
...Sherqo‘zi shirakayf edi. Ko‘z ostidan Maysarani kuzatardi. Biror bahona bilan qizga yaqinlashishni chamalardi.
Bir payt kimdir Maysaraning ilkidan tortqilab uni raqs¬ga undadi. Maysara o‘rnidan tura-tura yonidagi dugonasini ham qo‘ltiqlab oldi.
Sho‘x, o‘ynoqi musiqa avjida edi. Dasturxon tegrasida qolgan yakkam-dukkam hamsaboqlar qiyqirishar, zo‘r berib qarsak chalishar edi.
Sherqo‘zi stullarni nari-be¬ri surib o‘rnidan turdi. Qo‘llarini havoda to‘lg‘ab, o‘ynoqlab Maysaraga yaqinlashdi.
— Yaxshimisiz?
Maysara shovqin-suronda hech narsa eshitmagan bo‘lsa-da, yigitning lab harakatlaridan ne deganini payqadi shekilli, jilmaygan ko‘yi bosh tebratib qo‘ydi.
Ularning raqsi ko‘p ham qovushmadi. Ayniqsa, Maysara tobora tisarilib, joyiga qaytib o‘tirishga chog‘lanardi.
— Yuring, bir pas toza havoga chiqamiz, — dedi qiz tomon engashib Sherqo‘zi.
Maysara bosh irg‘adi.
— Xo‘p. Bir sekund, sumkamni olvolay.
U ildam borib stul qirrasiga osig‘liq charm jildli sumkachani yelkasiga osib oldi.
Shovqin-suron, jazava og‘ushidagi davra ularga e’tibor bermadi.
Vaqt allamahal bo‘lib qolgan edi. Shahar qorong‘ulikka qorishib yotardi. Unda-munda yonib turgan neon chiroqlar horg‘in va xira miltiraydi.
Ular marmar qoplamali naq¬shinkor ayvonga chiqishdi. Har ikkisi ham nelarnidir hurkitib yuborishdan cho‘chiyotgan bolalardek ohista, ehtiyotkorona qadam tashlashardi.
— Ishlayapsizmi? — deb so‘radi Sherqo‘zi.
Maysara xayolchan bosh ir¬g‘adi.
— Ha. Qishlog‘imizdagi maktabda dars beryapman.
— Siz mendan xafasiz-a.
— Nega?! — Maysara yalt etib unga ko‘z tashladi, so‘ng ayvon chirog‘i tevaragida charx urayotgan parvonaga tikilib qoldi, — oramizda xafagarchilikka arzigulik hech narsa bo‘lmadi-ku. Hammamiz o‘z yo‘limizdan ketdik, xolos.
Sherqo‘zi silliq va sovuq, qoq o‘rtasidan darz ketgan marmar to‘singa suyandi.
— Hammasi kutilmaganda yuz berdi. Xuddi jodulangan odamga o‘xshab qoldim.
— Sizning nolishga haqqingiz yo‘q. Ko‘rib turibmiz, hali ham chaqmoqday yigitsiz. Kursdoshlarning ko‘pisi halitdan charchab qolibdi.
— Rahmat, — deb g‘udrandi Sherqo‘zi.
U o‘zini g‘am-g‘ussali ko‘rsatishga tirishayotgan bo‘lsa-da, qizning e’tirofidan beixtiyor yayrab, aftiga odatdagidek mamnuniyat qalqib chiqdi. Ammo xuddi nelarnidir qidirayotganday qorong‘ulik qa’riga termulib turgan qiz buni payqamadi.
— Ha, aytgancha, — deb siniq jilmaydi Maysara, sumkachasini titkilashga tutinarkan, — bir omonatingizni berib qo‘y¬moqchi edim.
— Omonat?!
— Ha. Mana.
Maysara bandidan bir-biriga bog‘langan, yelim qog‘oz orasiga bejirimgina joylangan bir juft so‘lg‘in yaproqni kaftida tutib turardi.
— Bu... — deb g‘udrandi Sherqo‘zi, bo‘g‘ziga allanima tiqilganday tuyuldi, yalt etgan chaqindan qarog‘lari qamashib ketganday bo‘ldi.
— Ha, bu o‘sha yaproqlar, — deb pichirladi Maysara.
Sherqo‘zi dovdiradi. Xoti¬rasining qay bir puchmoqlari nogoh yorishib ketdi. O‘sha xilvat bog‘dagi uchrashuv ko‘z o‘ngida jonlandi. Ikkisi ulkan daraxt soyasida suhbatlashib o‘tirardi. Shox-shabbalar orasida titrabgina turgan bir juft yap¬roq tuyqus Sherqo‘zining e’tiborini tortdi: yurak shaklida edi ular!
“Maysara, bularga qarang!” — deb yubordi Sherqo‘zi, so‘ng barg¬larni avaylabgina yulib oldi. Qiz ham hayajonlandi. Yigit kaftiga qo‘ygan bir juft yaproqqa ancha payt xayolchan tikilib qoldi.
“Chindan ham yurak shaklida ekan”, — deb shivirladi u.
“Ha, ikkimizning yuragimiz!” — deb entikdi Sherqo‘zi.
Maysara sarxush hislardan yal-yal yashnadi. Kuldi.
“Endi bularni nima qilamiz?”
“Aytdim-ku, bu ikkovimizning yuragimiz, — dedi Sherqo‘zi battar to‘lqinlanib, — navbatma-navbat uni bag‘rimizda asrab yuramiz”.
“Kim birinchi asraydi?”
“Men”.
“Yo‘q, men”.
“Nega?”
“Chunki, — dedi Maysara qo‘sh yaproqni kitobi orasiga ohista qo‘yarkan, — bularni avval bir-biriga mahkam bog‘lab, keyin biror narsaning qatiga xuddi tumorday yaxshilab joylash kerak. Buni siz qilolmaysiz. Uquvingiz yo‘q”.
“Bo‘pti, roziman. Lekin so‘ragan paytim darrov topib berasiz. Xuddi uchchanoq o‘yiniday, bilasiz-a...”
“Bilaman. Kelishdik”.
Ammo Sherqo‘zi kelishuvni tezda unutdi. Qo‘shyaproq haqida biror marta ham eslamadi. Mana, endi...
...Yaltiroq qog‘oz qatida sar¬g‘ish-yashil tusda tirishib turgan o‘sha ajoyibotni qo‘liga olarkan, Sherqo‘zining yuragi gupirib ketdi.
— Hali asrab yuribsizmi?! — dedi u Maysaraga taajjub bilan tikilib, — qoyilman... Bo‘pti, navbat endi menga, ko‘z qorachig‘iday asrayman bularni...
Shu payt uch-to‘rt hamsaboq ayvonga yoprilib chiqdi.
— Mana, qochoqlar! — dedi Hasan mastona qiyqirib, — qo‘l¬ga tushirdik.
Bahodir Sherqo‘zini qo‘ltiqlab oldi.
— Pana-panada gaplashish mumkin emas. Qani, ichkariga.
Sherqo‘zi hali-hanuz shirin bir iztirob og‘ushida sarxush turardi. Hamsaboqlarga parishon tikildi. Maysara kimningdir yetovida ichkariga yo‘rg‘alab ketdi.
“Bo‘pti, men hozir kiraman, boraveringlar”, — dedi Sher¬qo‘zi negadir yolg‘iz qolishni istab.
Ammo ikki hamsaboq uni sudrakladi.
— Yo‘-o‘, biz bilan olg‘a!
Sherqo‘zi o‘sha kech qadahlarni ketma-ket bo‘shatdi. Yeru ko‘k ko‘z oldida chirpirak bo‘lib ketdi.
U qachon, qanday uyiga yetib olganini eslayolmaydi. Xotini ming‘irlab, turtkilab uyg‘otganida kun choshgoh bo‘lganini payqadi. Boshi zil-zambil edi.
“Iya, ishga borish kerak-ku?!”
Shu o‘y Sherqo‘zini o‘rnidan sapchib turishga majbur qildi. U boshining lo‘qillab og‘rishiga arang chidab kiyinar ekan, tungi voqealarni bir-bir eslashga urinib ko‘rdi. Ammo mast-alast davradan, kimdir qo‘ltiqlab allaqanday mashinaga o‘tqazganidan boshqa hech narsani tuzuk-quruq xotirlay olmadi. Nogoh ko‘z oldida Maysara jonlandi.
“Iya, uni ko‘rdim-ku?! U bilan ayvonda gaplashdik-ku?! — yarq etib xayolidan o‘tgan o‘ydan Sher¬qo‘zi taxtaday qotib qoldi. Beixtiyor oshxonada kuymalanib yurgan xotiniga qaradi. — Sezdimikan? Hoynahoy, birortasi allaqachon chaqmachaqarlik qilgandir”.
Ammo Nodira hamishagidek tabassum bilan uni dasturxonga chorladi. Sherqo‘zining ishtahasi yo‘q edi.
— Achchiq qora qahvadan damlang, — deb ming‘irladi u.
— Hammasi tayyor, dadasi, keling, o‘tiring.
Sherqo‘zi yengil-elpi artinib, oshxonaga kirdi. Quyuq bug‘ taratib turgan qahvadan ho‘pladi.
— Juda zo‘r bo‘pti.
— Kursdoshlar bilan rosa yayrabsizlar-da, a, tongga yaqin keldingiz.
— Besh yilda bir uchrashdik. Ichmasang, xafa bo‘lishadi, — deb go‘yo o‘zini oqlagan bo‘ldi Sherqo‘zi.
Nodira ayyorona ko‘z qisdi.
— Qizlar ham kelishdimi?
— Qanaqa qizlar, hammasi yo‘g‘on-yo‘g‘on ayollar.
— Ba’zilarini ko‘rib, eski yaralar tirnalgandir, — deb sharaqlab kuldi Nodira, — balki shuning uchun bo‘kib ichgandirsiz.
Uning kulgusi beg‘ubor, beozor edi! Uning kulgusi baxtiyorlikka limmo-lim edi. Sher¬qo‘zi beixtiyor gunohkorona bosh egdi. Dasturxondan ul-bul totingan bo‘ldi.
— Maza qildim, rahmat, Endi ishga, — u shunday deb o‘rnidan turdi.
Ko‘chalik kiyimlarini kiya boshladi. Shu payt... shu payt yuragi shuv etib ketdi. Ishonqiramay cho‘ntaklarini qayta-qayta paypaslab chiqdi.
“Yo‘q! Hujjatlarim yo‘q!” — ich-ichida hayqirib yubordi u.
Xonaning u yoq-bu yog‘ini sinchiklab ko‘zdan kechirdi. Kishi bilmas hovliga chiqib, mashinasi salonini tekshirdi. Ammo hujjatlarini topa olmadi. Xotinidan so‘rashga botinolmadi. Gap-so‘z ko‘payib qaynotaning qulog‘iga yetib borishidan cho‘chidi.
Sherqo‘zi bo‘shashgan ko‘yi dahlizdagi kursiga o‘tirib qoldi. Sochlarini g‘ijimlab hamma-hammasini eslab ko‘rishga urindi:
 Hovliga chiqdi, mashinasini yonida o‘ylanib qoldi, ichkilikbozlik bo‘lishini sezdi, taksida ketdi, ammo aniq esida, mashinasi hujjatlari, xizmat guvohnomasi qo‘yin cho‘ntagida edi! Biror bahona bilan ko‘z-ko‘z qilib hamsaboqlariga mashinasi borligini imi-jimida bildirib qo‘yishni mo‘ljallagan edi.
Sherqo‘zi ilinj bilan Hasanga qo‘ng‘iroq qildi. Ta’bi tirriqligidan gapni cho‘zmay, darrov muddaoga ko‘chdi.
— Hujjatlarim yo‘qolib qol¬di.
— Qanaqa hujjatlar?
— Textalon, prava... yana xizmat guvohnomam...
— Balki biror yerga qo‘ygandirsan? Axir mashinasiz bording-ku.
— Aniq esimda, hujjatlar qo‘yin cho‘ntagimda edi.
— Bilmadim, — dedi Hasan ham bo‘shashib, — men sizlardan ancha oldin qaytdim. Ketamiz, deb Maysara bilan Gulnora holi jonimga qo‘yishmadi. Ularni manzil-manziliga tashlab qo‘yishga majbur bo‘ldim.
— Endi nima qildim-a...
— Bilmadim... aytgancha, Maysara bilan ayvonda shivirlashib turgan ekansizlar, qalay, ko‘z yosh to‘kib oldilaringmi?
Sherqo‘zining ayni paytda hazil-huzulga tobu toqati yo‘q edi. Go‘shakni do‘qillatib joyiga qo‘ydi:“Birov o‘laman desa, birov kulaman deydi”.
Ammo shu barobarida xayolida lop etib Maysara jonlandi. Ma’yus nigohlari, qimtinib turishlari ko‘z o‘ngida bir-bir o‘tdi.
“Aytgancha, Maysara bergan narsa qani?! — nogoh eslab qoldi Sherqo‘zi. Tag‘in cho‘ntaklarini bir-bir titkilashga tushdi. Shu payt ichkaridan Nodira chiqib keldi.
— Nega bezovtalanib qoldingiz?
Sherqo‘zi titkilanishdan to‘xtab beixtiyor xotini tomon yurdi. Dovdiragan ko‘yi hujjatlari yo‘qolib qolganini aytdi.
— Qanaqa hujjatlar?
Nodira ham tashvishlanib u yon-bu yonni ko‘zdan kechirdi.
Shu payt telefon jiringlab qoldi. Sherqo‘zi ilkis intilib go‘shakni qulog‘iga tutdi.
— Ey, — Hasanning tajang tovushi keldi narigi tarafdan, — Senlarga nima bo‘lgan o‘zi? Hozir Bahodir ham telefon qildi. Aytishicha, uning ham cho‘ntaklarini qoqlab ketishibdi.
— Demak, o‘sha atrofda kissavurlar bo‘lgan.
— Menimcha ham shunday. Mast-alastlarni kuzatib qo‘yish bahonasida cho‘ntaklarini qoqlagan.
Sherqo‘zining ko‘z oldida o‘zini suyab-sudraklab kirakash mashinaga o‘tqazayotgan baland bo‘yli yigit g‘ira-shira jonlandi.
— Gaplaring rostga o‘xshaydi.
— Mendan bir maslahat, — dedi Hasan birozdan so‘ng, — restoran atrofiga e’lon yopishtirib chiq, hujjatlarim yo‘qolgan, topib berganga mukofot kafolatlanadi, deb yozgin.
— Foydasi bo‘lurmikan...
— Menimcha, foydasi bo‘ladi. Chunki o‘g‘riga sening hujjatlaring kerak emas, pul evaziga qaytib berishi mumkin.
Sherqo‘ziga do‘stining maslahati ma’qul tuyuldi. Kechga yaqin ishdan qaytar mahal o‘sha restoran atrofidagi ko‘zga ko‘rinarli joylarga uch-to‘rt e’lon yopishtirib chiqdi. Lekin baribir dili xufton edi. Chunki hujjatlar topilmagan taqdirda ularni qayta tiklash uchun xiyla ovorai sarson, xiyla chiqimdor bo‘lishi tayin edi.
“Ayniqsa, xizmat guvohnomamni, — deb o‘yladi Sherqo‘zi yuraklari uvishib, — anavi boshliq Shomurodovning ko‘ziga qanday qarayman. Guvohnomani topshirayotgan payt o‘zlaring yo‘qolsalaring ham mayli, ammo lekin bu hujjat hech qachon yo‘qolmasin, deb qat’iy tayinlagan edi. Agar ahvol uning qulog‘iga yetib borsa bormi... so‘rab-surishtirib o‘tirmay, ishidan haydab yuborishi ham mumkin”.
Oradan ikki kun o‘tdi. Ammo bu Sherqo‘ziga ikki asrday tuyuldi. O‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. Jonsarak yurdi. Ertayu kech hushi hujjatlarida bo‘ldi.
Mashina garajga qantarib qo‘¬yildi. Xizmatga kirakash ulovlarda qatnay boshladi. Hamisha o‘z mashinasida qayqayib yurgan odamga qiyin bo‘larkan. Xuddi xumori bosilmagan kashandaday garangsib yuradi. Buyog‘i mayli-ku-ya, ammo har gal idoraga kirib-chiqayotgan payt Sherqo‘zining ichidan qirindi o‘tardi: ishqilib, birortasi hujjat so‘rab qolmasin-da. Xayriyat, o‘tgan uch kun ham idora bo‘sag‘asida tanish yigit posbonlik qildi.
“Tokay bunday qiypanglab yuraman?— deb o‘yladi Sherqo‘zi ishtahasizlik bilan nonushtaga o‘tirarkan — tezroq tiklashim kerak hujjatlarni, endi topilishidan umid yo‘q. Bugunoq rahbarlarga guvohnomam yo‘qolganini aytaman, keyin DAN bosh¬qarmasiga borib kelaman, biror tanish topib gaplashaman”.
Shu payt telefon bo‘g‘iq jiringlab qoldi. Sherqo‘zi shosha-pisha go‘shakni ko‘tardi.
— Al-yo, eshitaman.
— E’lon bergan ekansiz, shu bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilyapman, — dedi allaqanday dag‘al tovush.
— Ha, e’lon berganman, narsalarim yo‘qolgan!
— Narsalaringiz menda.
— Iltimos... — Sherqo‘zi oshkora yalinishga o‘tdi, — ularni qaytarsangiz, xizmatingizga mukofot naqd.
— Arzimas narsalar-ku.
Sherqo‘zi beixtiyor qichqirib yubordi.
— Qanaqasiga arzimas?! Ular men uchun hayot-mamot masalasi! O‘zingiz ham bilib turibsiz.
— Bilaman... tushunaman.
— Tushunganingiz uchun rahmat.
— “Visol” restoranini bilasizmi?
— Bilaman. Narsalarimni o‘sha joyda yo‘qotganman.
— Yo‘qolmagan, men o‘g‘irlab olganman.
— Ha, endi... — deb chaynaldi Sherqo‘zi, — adashishlar bo‘p turadi.
— Ha, rostdan ham adashibman. Bir dasta pul deb o‘ylabman.
— Pul kerak bo‘lsa, marhamat, beraman, narsalarimni qaytarsangiz.
— Yarim soatdan so‘ng o‘sha yerda uchrashamiz.
— Aytgancha...
Sherqo‘zi gapini tugata olmadi. Tuyqus aloqa uzildi.
Sherqo‘zi hanuz “gud-gud”lab turgan go‘shakka o‘ychan tikildi: “Surbet, qo‘pol nusxaga o‘xshaydi. Qancha to‘lov xohlashini so‘¬ramoqchi edim, quloq solmadi. Ja-a o‘ziga bino qo‘yganlardan ekan”.
Sherqo‘zi naridan-beri kiyinib ko‘chaga otildi.
Kuz oftobi erinchoqlik bilan nur sochar edi. Chor atrof allanechuk sarg‘ish, olov tusda tovlanadi. Ko‘cha-ko‘y gavjum. Avtolar odatdagidek chinqirib yeladi.
Sherqo‘zi baland bo‘yli, qoramag‘iz yigitni bir ko‘rishdayoq tanidi.
“Xuddi shu meni mashinaga o‘tqazib yuborgandi” — lip etib xayolidan o‘tdi uning.
Yigit restoran biqinidagi, quyuq daraxtzor panasidagi o‘rin¬diqda sigaret tutatgan ko‘yi oyoq chalishtirib o‘tirardi.
— Salom, — deb bosh irg‘adi Sherqo‘zi shosha-pisha yaqinlasharkan.
U nopisand bosh tebratib qo‘ydi.
— E’lon bergan sizmi?
— Ha, — dedi Sherqo‘zi yigitning yoniga o‘tirarkan.
Yigit sigaret so‘rib, og‘iz-burnidan quyuq dud chiqardi.
— Nimangiz yo‘qolgan edi?
— Mashinaning textaloni, pravam, xizmat guvohnomam.
— Bo‘ldimi? Boshqa narsa izlamayapsizmi?
— Yo‘-o‘g‘, — deb qo‘ydi Sherqo‘¬zi andak ajablanib.
— Shu narsalarni sizga qaytib bersam, yetarlimi?
— Juda xursand qilardingiz, — dedi Sherqo‘zi yalinchoq bir tovushda, — mana, suyunchisi naqd.
U yon cho‘ntagidan bir dasta pul chiqarib uzatdi.
— Xo‘p, kelishdik, — dedi yigit allanechuk xafa bo‘lganday tumshayib, — mana, o‘sha hujjatlaringiz.
 Sherqo‘zi hujjatlarni quvonch bilan qo‘liga oldi.
— Rahmat, uka.
— Men qoidamizni buzib siz bilan uchrashib turibman. Aslida bu mumkin emas. Ochig‘i, o‘zimni ham, sheriklarimni ham hozir xavf ostiga qo‘ydim.
— Bilaman uka, bilaman, mardlik qildingiz.
— Agar shu hujjatlarni izlayotganingizni bilganimda, siz bilan mutlaqo uchrashmasdim.
— Nega? Axir... — deb g‘udrandi ajablanib.
— Siz mana bu narsani izlayapsiz deb o‘ylabman, — dedi yigit yon cho‘ntagidan o‘sha yaltiroq qog‘oz qatiga joylangan qo‘sh yaproqni chiqarib, — bu siz uchun juda aziz bo‘lsa kerak degan xayolga boribman. Endi bilsam... adashibman.
Sherqo‘zi so‘lg‘in, qovjiroq qo‘sh yaproqqa hangu mang tikilib qoldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.