OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Luqmon Bo‘rixon. Tokchadagi tumor (hikoya)

Ne-ne shonli, shavkatli, zafarli  harbu zarblaridan ko‘ra  nikohida birgina ayol bo‘lganligi bois tarixda yorug‘ nom qoldirgan saljuqlar sultoni Selem ikkinchi suronli kunlarning birida galdagi jangu jadalga otlana turib suyuli rafiqasi Duygu begimga qadim momolaridan meros  qolgan , aytishlaricha, sirli bir tarzda juftlarning muhabbatiga muhabbat, sadoqatiga sadoqat qo‘shadigan muqaddas tumorni taqdim etgan, ammo o‘sha muhorobadan o‘zi omon qaytmagan, butun mamlakat buyuk hukmdorga motam tutgan, Duygu begim esa erining qurbon bo‘lganiga ishonmay ne – ne aslzodalar yuborgan shilqim sovchilarni rad etib, oxir – oqibat saroydan bosh olib chiqib ketgan, mamlakat sarhadlarida qo‘nim topib, shu joyda momolardan meros o‘sha muqaddas tumorni ko‘siga mahkam bosganicha erini giryona kutgan, shu alfozda o‘n ikki yil, umrining so‘nggi nafasigacha ovloq adirlarda sarosar kezinib yo‘l qaragan, joni chiqar payti ham erining nomini ohista pichirlab, chehrasi allanechuk nurlanib, butun vujudidan xushbo‘y hidlar taralib turgan, rivoyatlarga ko‘ra,  qavmu qarindoshlar, oqsochu xizmatkorlar marhuma malika ko‘ksida mahkam tutgan o‘sha muqaddas tumorni  uch kun urina – urina arang barmoqlari orasidan ajratib olishgan, va e’zozu ehtirom ila  poytaxtga jo‘natishgan, o‘sha jajjigina tabarruk tumor  sulton saroyining eng bebaho mulki, ilohiy muhabbatning timsoli sifatida yillar, asrlar bo‘yi ko‘z qorachig‘idek saqlangan ekan.
    Mahobatli, muhtasham muzeyning ozg‘in – oriq, sap –sariq, siyrak sochlari silliq taralgan, bet, bo‘yin terilari burishgan keksa xodimasi sulton va malika muhabbati haqida shu taxlit hikoya qilarkan tovushi allanechuk titrab chiqar, tevaragi oynaband,ichi mitti chiroqlar yog‘dusidan charag‘on tokchada  kuyib qovjiragan yurakdek tirishibgina yotgan eksponatga tez – tez ishora qilar, goho,o‘z aytganlarini paydar – pay tarjima qilayotgan tolxivichdek yigitga, goho hazin hikoyatdan hayajonlanib some’ qotgan, ko‘rgazmadagi qop qora tumor tomon ixlos va ehtirom ila intilayotgan sayyohlarga sarg‘ish gardishli ko‘zoynagi ostidan savolchan – sinovchan tikilar edi. Tomosha talablar to‘pida toyranglab turgan kengsoylik To‘lqin fermer achingannamo bosh chayqab, ustma -ust uff tortib, eh, attang deb yubordi. Xodimaning titroq to‘la tovushidanmi yo o‘n ikki kundan beri olislarda yurib, yurtni qumsaganidanmi, ishqilib, ne – ne sevgi sahnalari, ishq mojarolari aks etgan hind kinolarini ko‘raverib diydasi qotib ketgan bo‘lishiga qaramay, mahzun muhabbat haqidgi hikoyadan u xiyla ta’sirlangan edi . Hatto, qirma – qir giryona charx urib yurgan beva malika xayolida ikki – uch jonlanib, ko‘zlariga beixtiyor yosh qalqib chiqqanday bo‘ldi, uzoq bu mamlakatga bir guruh tadbirkorlar bilan pishloq ishlab chiqarish sir – asrorlarini o‘rganish maqsadida kelganini ham, serhasham bu muzeyga hamrohlarining qutqusiga uchib, chala – yarim kiyingan satanglarni tomosha qilish ilinjida kirib qolganini ham unutdi. Esu dardi  charag‘on oyna ostida  mahkam tugilgan mushtdek bo‘lib yotgan buyuk muhabbat, cheksiz sadoqat timsolida bo‘lib qoldi.
    “ Men shu tumorni sotib olmoqchiman”,- dedi u bir payt tarjimonga yuzlanib.
    Tarjimon To‘lqinga bir zum tajjublanib tikilib turdida, so‘ng uning so‘zlarini xodimaga yetkazdi. Qari xodima muloyim jilmayib, vazmin bosh chayqadi. Chiyal bozorida savdolashaverib ko‘zi pishib ketgan To‘lqin fermer kampirning tabassumini,bo‘shashibgina bosh chayqashini o‘zicha tushinib battar qizishdi.
    “ Ikki barobar haq to‘layman!”- deb guvrandi.
    Gap nima haqda borayotganini anglagan ba’zi bir chet sayyohlar To‘lqin fermerga taajjublanib tikilishar, hoynahoy, yuksak insoniy tuyg‘ularni qadrlay biluvchi shunday tanti boyvachchani ko‘ribturishganidan hayratlanishar,o‘zaro xayrixoh pichirlashar edi. Hatto, unda – munda fotoanjomlar kengsoylik mehmon tomon to‘g‘irlanib bir ikki yog‘du sochib oldi.      Shu payt boshqa bir muzey eksponati qoshida gangib turgan pishloqparvar guruh rahbari es – hushini yig‘ib oldiyu To‘lqin fermerning qo‘lidan tortqilab uni tashqariga olib chiqdi.
    “ Mast – past emasmisiz, aka, - deb g‘azabini sochdi rahbar, -nima qilganingiz bu? Butun dunyoga sharmanda qildingiz - ku?”
    To‘lqin shirakayf odamday suzildi.
    “Xotinimga sovg‘a qilmoqchi edim”.
    “ O‘sha matohning narxini bilasizmi o‘zi? Lo‘li ayollar to‘p – to‘p sotib yuradigan tumorlardan deb o‘ylayapsiz, shekilli.”
    To‘lqin fermer sarosimalanib qoldi. U chindanham ziyoratgohlar tevaragida xotin – xalaj sotib yuradigan, har xil balo qazodan saqlashga kafolat beruvchi taqinchoqlarni eslab, oynaband tokchadagi tumor bahosi ham xuddi o‘shalarnikiday deb chamalagan edi.
 “ Ha, shunday”, - deb g‘udrandi To‘lqin.
    Rahbarning fig‘oni falakka chiqdi.
    “Kamida uch – to‘rt million do‘llur turadi u! Anovi ayol kattakonlari bilan maslahatlashib, bo‘pti, sotamiz deb qolganida nima qilardingiz, a, nima qilardingiz? Hazillashdim dermidingiz. Bu yerda unaqa hazillar ketmaydi, aka. Yo so‘zingizda turasiz yo... maynavozchilik qilganingiz uchun mo‘maygina jarima to‘laysiz, jarimasi ham yuz ming, ikki yuz ming do‘llurdan kam emas...”
    Guruh rahbarining lab – dahanidan uchayotgan bu iddaolar boshqa payt balki qoq qansharga tushgan mushtday To‘lqinning ko‘zlardan ko‘kish- yashil uchqunlar  sachratib yuborar,  safarga otlanishgan kuni tashkilotchilar mayda- chuyda xarajatlarga deb ulashgan  kengsoylik tadbirkor yemay- ichmay cho‘ntagida asrab yurgan uch – to‘rt tangani mahkam changallagan ko‘yi  orqasiga qaramay qochib qolardi. Ammo ayni chog‘da To‘lqin fermer xuddi jodulanganday ko‘zlari chaqnab, miyig‘ida iljayib, jununvash tebranibturar, ko‘z o‘ngida sershovqin, serhasham shahar, mahobatli, muazzam muzey emas, bir biriga yelka tutib ketgan behudud qir- adirlar, biyday dala- dasht yastanib ko‘rinar, oppoq yuziga hasrat soya solgan, quralay ko‘zlari mungli, jingil sochlari to‘zg‘in, motamsaro malika u tomon talpinayotgandek tuyular, yuragida sog‘inchga, intiq –intizorlikka o‘xshash hislar charx urib aylanar, tinimsiz tanbeh berayotgan rahbarning, qo‘llaridan tortqilab uni avtobus tomon yetaklayotgan hamrohlarining gap – so‘zlari ham qulog‘iga bamisli olis – olislardan, elas –elas, uzuk – yuluq eshitilar edi. Ne tongki, safar muddati tugab, kechki payt bahaybat Boing o‘rindiqlariga yastanib ortga qaytishar ekan  hali – hanuz o‘sha tilsimli,totli tuyg‘ular taloshida tebranib, ichu tashi serjilo ranglar jilvasidan yorishib, go‘yoki uchoq ichida emas, o‘zi qanot chiqarib, ukpar bulutlar bilan o‘ynashib, yulduzlar bilan bo‘ylashib parvoz etib borardi.
    Tun timqora chodirini shosha pisha yig‘ib tevarak tiniq tortayotgan bir paytda Toshkentga kelib qo‘nishdi.Aeroport hamishagidek gavjum. Baland bino biqinidagi panjara ortida kutuvchilar, xira kirakashlar g‘ira – shira ko‘zga tashlanadi.
    To‘lqin uchoqda tuzukroq mizg‘iy olmagan bo‘lsa-da, o‘zini tetik, bardam his qilar, ko‘ringan bilan ko‘rishgisi, quchib o‘pkisi kelardi.
    Kimdir uyqusiragan tovushda ming‘irladi:
    “ Bola –chaqaga arzigulik sovg‘a –salom ham olalmadik. Yuringlar, hozir to‘ppa to‘g‘ri Otchopar bozoriga borib u – bu narsa sotib olamiz.”
    “ Yaxshi taklif bo‘ldi -ku – ya, - dedi kimdir qitmirlarcha tomoq qirib, - amolekin To‘lqinboyni olib bormaymiz. Xuddi muzuydagiday ko‘tara savdo qilsalar bizga hech narsa qolmaydi.”
    O‘ngu so‘lda piq piq kulgu saslari eshitildi.
    To‘lqin hazil – huzullarga parvo qilmadi. U ayni paytda chindan ham o‘zini boy – badavlat, qo‘li uzun, tili uzun his etar, yurish – turishida, nigohlarida allanechuk viqor va salobat sharpalari kezinardi. Shu sababdan bo‘lsa kerak hamrohlari bilan Otchopar bozoridan sovg‘a –salomlik xarid qilganida sotuvchilar, tiqilinch avtobusga o‘tirib o‘z tumaniga jo‘naganida haydovchilar, boshqa yo‘lovchilar unga ajabsinib, qiziqsinib qarab –qarab qo‘yishardi.
    “ To‘lqin aka, safar sizga juda yoqibdi,- dedi tanish kirakash uni tuman markazidan qishlog‘iga eltib qo‘yarkan, - o‘n ikki kun ichida ancha o‘zgarib ketibsiz. To‘g‘risi, taniyolmay qoldim.”
    Jahongashta fermer e’tiroflarga iljayibgina bosh irg‘ab qo‘yar, ko‘rgan kechirganlari haqida odatdagidek ovozini baralla qo‘yib gapirsa, baralla kulsa, go‘yo shundoqqina ko‘z o‘ngida tovlanib, oralanib turgan g‘oyat nozik, g‘oyat nafis bir xilqatni cho‘chitib yuboradigandek, o‘zi tubsiz zulmat qa’riga qulaydigandek, bor bisotidan ajralib qoladigandek t uyulardi.
    Ko‘p o‘tmay Kengsoy dala dashti, baland –past qir – tepaliklar ko‘zga tashlanib qoldi. Tuyqus xayolotida tag‘in tog‘u toshlar oralab giryona yurgan motamsaro malika jonlandiyu To‘lqinning tanu joniga totli titroq taraldi. Yuragi gurs – gurs ura ketdi.
    “Shu yerda to‘xtatib yuboring,”- dedi u g‘udranib.
    “Nega?- ajablandi haydovchi, - hali uyingizga ancha bor –ku?”
    “Sal piyoda yurmoqchiman, oyoqning tomiri tortib qoldi.”
    “Uyingizgacha olib borib yangamdan suyunchi so‘rayman degandim-da.”
    “Men qir oshib borguncha, bemalol xabar yetkazishga ulgurasiz.”
    “Kelishdik,”- deb kuldi haydovchi.
    To‘lqin fermer g‘ayri ixtiyoriy bir tarzda, shosha –pisha mashinadan tushib qoldi. Nazarida yerga emas bir parcha bulut ustiga oyoq bosganday hanuz havolanib, boshi andakkina aylanib turardi.
    “To‘g‘ri qildim, - xayolan o‘z qilimishini o‘zi oqlashga urinidi u, - anovi tepalikdan lippa oshib o‘tsam, uyimning ustidan tushib boraman. Yo‘l- yo‘lakay lalmidagi ekinimga ko‘z tashlayman.”
    Kun asrdan oqqan edi. Qish qahridan endigina qutilgan qir – adirlar quyoshning iliq taftiga yalang‘och yag‘rinlarini toplab yotardi. Nam tuporq isi, ko‘klab qolgan maysalar ifori dimoqlarga xush uriladi.
    To‘lqin safar to‘rvasini yelkasiga osib, son- sanoqsiz mol –hol izi bo‘ylab tepalikka ko‘tarila boshladi. Dimog‘i chog‘, ko‘ngli kunday ravshan edi. Nagoh shundoqqina qarshisida, qirning qiyasida, qaylargadir intiq – intizor tikilib jonsarak turgan ayolga ko‘zi tushdiyu taqqa to‘xtadi. To‘xtadiyu o‘z xotinini tanib xayollari alg‘ov -dalg‘ov bo‘lib ketdi.
    “Iya, Matluba – ku?! Bu yerda nima qilib yuribdi? Yo biror mol –pol jitirib qo‘ydimikan?”
    Balki boshqa payt bo‘lganida ko‘z o‘ngida badar ketgan jonivori jonlanib jahongashta fermer jahl otiga minib, jundor barmoqlari beixtiyor mushtga aylanardi. Ammo ayni chog‘da... go‘yo quvvati qurib qo‘nalg‘asiga qo‘nayotgan quyosh Matlubaning sarg‘ish –qizg‘ish libosidan qayta cho‘g‘lanayotgandek, cho‘g‘lar bir parcha alangaga aylanib uning yuragiga harorat, halovat indirayotgandek tuyuldi. Beixtiyor qiyqirib xotini tomon imo- ishora qilishga chog‘landi. Biroq  ayol shartta ortiga burildiyu qiyalikdan pildiraganicha enib ketdi. To‘lqin qichqirib uni to‘xtatmoqchi bo‘ldi,  lekin hayajondan qurqshab qolgan bo‘g‘zidan bor- yo‘g‘i zaifgina hirqiroq sitilib chiqdi.  U safar xaltasini orqalaganicha jon holatda qir ustiga intildi. Biroq ulgurmadi. To‘lqin tepalik ustidan hansiragan ko‘yi ko‘z tashlaganda xotini allaqachon hovlisida kuymalanib turganini ko‘rdi.
    Balki boshqa payt bo‘lganida xotinining befarosatligidan fig‘oni falakka chiqib, tishlari g‘azabdan qayralib, ortidan toshlar otib qolardi. Ammo ayni chog‘da... pastga pildirabgina Matluba emas, necha kunki ko‘z o‘ngida jilolanib, jilvalanib turgan xilqat sarg‘ish – qizg‘ish etaklarini silkitib go‘yoki nozu istig‘no bilan ortidan chorlab uyi tomon enib ketganday tuyuldi. Yuz – ko‘ziga tabassum qalqdi. Yuragi zavq – shavqdan hapriqdi. Xuddi shu zavq – shavq mavjida hovlisiga qanday kirib borganini sezmay qoldi.
-    Assalam...
Matluba ikkala qo‘lini ham ko‘ksiga qo‘yib, negadir eriga emas, uning oyolari ostiga tikilgan ko‘yi peshvoz chiqdi. To‘lqin fermer bosh irg‘ab alik olgan bo‘ldi. Negadir ilk marta qallig‘i bilan uchrashuvga chiqqan yigitday dovdiradi. Xotini ildam intilib erining qo‘lidagi to‘rva – xaltani olayotgan payt nogoh ko‘zlar to‘qnashdilar. Shundagina To‘lqin Matlubaning qarog‘lari quvonchdanmi, yig‘idanmi namiqib, xira yiltillab turganini payqadi.
-    Yaxshi o‘tiribsilarmi, - deb qo‘ydi u payabzalini yechib ichkariga kirarkan.
-    Tuzuk...
-    Bollar ko‘rinmaydi.
-    Salimingiz qo‘zilarni haydab ketgan, Sardor hali maktabdan qaytmadi, yo‘l – yo‘lakay tog‘amnikiga ham kirib chiqaman degandi.
Axborot To‘lqinning qulog‘iga deyarli kirmadi. O‘z xonadonining tanish, juda tanish hidlaridan boshi aylanib ko‘zi tinib ketdi. Shosha -pisha ust kiyimlarini yecha boshladi. Shu lahza xona to‘ridagi, bir paytlar Matluba sepiga qo‘shib olib kelgan, oldi oynaband servantga ko‘zi tushdi. Ko‘zi tushdiyu o‘sha muzeyda ko‘rgani, yop – yorug‘ oynaband tokcha tuyqus xayolida jonlandi. Beixtiyor servant tomon yurdi u. Qiziqsinib oyina ortiga qaradi. Qaradiyu bir qalqib tushdi. Axir oyina ortidagi servant tokchasida xuddi o‘sha muzeyda ko‘rgani kabi, olachipor bog‘ichli, qop – qora qoplamali tumor eshilib yotardi! To‘lqin ko‘zlariga ishonmagandek qarog‘larini katta – katta ochdi. Tani joniga titroq inib oyina ortiga yana diqqat bilan qaradi. Rost! Xuddi o‘sha tumorga o‘xshaydi!
-    Matluba!- beixtiyor qichqirib yubordi To‘lqin.
Erining oyoq kiyimini artib dahlizga qo‘yyotgan xotini chopqillab kirib keldi.
-    Labbay.
To‘lqin botinmaygina servant tokchasiga ishora qildi.
-    Anovi nima?
-    Ha, umi, - dedi Matluba o‘sha tomon ajabsinib ko‘z tashlarkan, - tumor-ku.
-    Tumor?! Qanaqa tumor?
Matluba ohista pichirladi.
-Rahmatli qoynanam bergandi... momolardan qolgan meros ekan.
-Nega u bu yerda yotibdi? Tumor taqib yurilmaydimi?
- Taqib yurardim, - deb pichirladi Matluba, - o‘zingiz... buningdan ter isi kelarkan, yechib tashla, degandingiz- ku, shuning uchun ... shu yerda yotibdi.
- Yo‘g‘-e...
To‘lqin servant oyinasini ochib tumorni qo‘liga oldi. Biroz ikkilanib turgach, uni sekin hidlab ko‘rdi.
-    Chin, - dedi burnini jiyirib, - buningdan ter isi kelarkan. Mayli, hozircha shu yerda tura tursin.
-    Ixtiyoringiz, - deb pichirladi Matluba.
To‘lqin yer ostidan sekin xotiniga qarab jilmaydi. Ayni chog‘da... qarshisida nozlanib, sollanib turgan ayol necha kundan beri xayolida jonlanib, oromu tinchini o‘g‘rilagan malikaning o‘zginasi ekanligiga so‘zsiz iqror bo‘ldi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.