OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Luqmon Bo‘rixon. Yalangoyoq (hikoya)

Poezd navbatdagi shaharchaga sudralib kirib kelayotgan bir paytda Halim sho‘ri quriganini sezib qoldi — tuflisi yo‘q! Sakkiz oycha burun Halimga nasib etgan «import» tufli gumdon bo‘libdi!
U aniq eslaydi: poezd o‘sha shaharchadan o‘tganda, u bilan bir bo‘lmada kelayotgan yo‘lovchilarning eng keksasi uzun esnoqdan so‘ng: «Og‘aynilar, kech bo‘lib qoldi, gartak-gartak cho‘zilaylik», dedi. Keyin... ikki yo‘lovchi ixrab-sixrab ikkinchi qavatga, bittasi esa Halimning yonidagi pastki o‘rindiqqa yotdi. Halim ham shoshilmasdan dam olishga hozirlandi: odmigina kostyumini bosh tomondagi ilgakka ildi, tuflisini hafsala bilan yechib, patnis nusxa yig‘ma stolcha tagiga avaylabgina qo‘ydi. Yo‘q, oldin shundoq ham yaltirab turgan tuflisiga qo‘ngan chang-gardlarni puf-puflab o‘chirgan bo‘ldi. So‘ngra oyoq kiyimini ko‘ngildagidek joylashtirgach, shimini yechishga iymanib, shu ko‘yi o‘z o‘rniga cho‘zildi. U poezd g‘ildiraklarining «taqa-taq», «taqa-tuq» ovozini tinglab yotib, ko‘zi ilinganini sez-may ham qolibdi, bir mahal ko‘zini ochib qarasa, vagon derazasi g‘ira-shira yorishgan — hademay manzil.
U odam ko‘payib ketmasidan yuvinib kelish niyatida shoshib o‘rnidan turdi va... Halim suvi qochgan bodringdek bo‘shashib, o‘rindiqning bir chekkasiga o‘tirib qoldi. Xo‘rligi keldi. Shundoqqina boshi ustida xira yoritib turgan lampochkaga xayolchan tikildi: «balki birortasi adashib kiyib ketgandir?» Lekin buning shunchaki xom xayolligi besh qo‘ldek ayon-ku: birlamchi, birovning tuflisini adashib kiyib ketish uchun hech kim yalangoyoq yurmasa kerak, ikkilamchi, bu bo‘lmadagi uchala yo‘lovchi ham tamshanib-tamshanib xurrak otishmoqda (axir qiysa shular kiyadi-da), innaykeyin, uchalasi ham kiymadik, deganda qirq birinchi tufli kiyishar-ov, ming bir adashishgan takdirda ham, o‘ttiz sakkizinchi qolipdagi...
...Bejirimgina, chiroylikkina tuflisini yana bir bor ko‘z oldiga keltirdi-yu, yig‘ma stolcha tagiga bosh suqdi. Biroq o‘sha zahotiyoq stolchaga boshi «to‘q» etib urilib, jonholatda yana qaddini rostladi. Zarb kuchli bo‘ldi shekilli, pivodan bo‘shagan shisha taqir-tuqur bilan pastga quladi. Xayriyat, sinmadi.
— Ha, jiyan, nima shovqin? — deb po‘ng‘illadi yuqori qavatda yotgan yo‘lovchilarning biri.
Halim hamon achishib turgan chakkasini siypalab:
—  Tuflim yo‘qolibdi, — dedi hirqiroq ovozda.
—  Qanaqa tufling?
—  O’zimniki-da... Qolgan ikki yo‘lovchilar ham g‘imirlab qolishdi.
—  Uka, qarab yubor-chi, sarg‘ish tufli joyidamikan? —  deb iltimos qildi burni so‘rraygan qaroqchi bashara kishi.
—  Ana, turibdi... Pastki qavatdagi xo‘ppa semiz yo‘lovchi esa yotgan joyidayoq timirskilanib, oyoq kiyimining bor-yo‘qligini tekshirdi-da, narigi tomonga pishillab ag‘darilib oldi.
—  Biznikiga ham qarab qo‘y, jiyan, — dedi o‘sha birinchi bo‘lib po‘ng‘illagan serajin yuzli, qop-qora amaki.
Halim bilinar-bilinmas zarda bilan ming‘illadi:
—  Ana...
Lekin qora amaki ishonqiramadi chog‘i, ming azob bilan sirg‘alganicha pastga tushdi. Allanimalar deb g‘udranib, engashishga hafsalasi kelmaganidan tik turgan ko‘yi yig‘ma stolcha tagiga razm soldi. So‘ng ko‘ngli joyiga tushib, yana yuqoriga chiqishni mo‘ljallab bir hezlandi-yu, biroq erinchoqligi tutdi: jundor ko‘kraklarini obdon qashlay-qashlay Halimning yoniga o‘tirdi:
—  Uyquning ham beliga tepding-da, jiyan.
Halim uning shikoyatini deyarli eshitmadi: u onda-sonda o‘tib-qaytayotgan yarim yalang‘och yo‘lovchilarning oyog‘iga parishon tikilib o‘tirardi:
«E, endi nima qilaman-a? Hech qursa, oyoqqa ilib ketadigan boshqa narsa bo‘lganda ham mayli edi, endi, boshqasini sotib olish... cho‘ntakda bor-yo‘g‘i yuz tangacha pul bor, u hali uyga yetib bor-guncha yetsa ham katta gap...»
—  O’rtoqlar, «Paxtaobod»ga yaqinlashvommiz. Turlaring ho-o, tushadiganlar choyshablarni topshirlaring...
Halim shundoqqina tumshug‘ining tagidan shovqin solib o‘tib ketgan vagon nazoratchisining ovozidan cho‘chib tushdi. So‘ng og‘ir bir so‘lish olib, o‘sha o‘tirgan joyida mudrayotgan qora amakiga mo‘ltiragan ko‘zlarini tikdi:
—  Tog‘a, oyoq kiyimingizni berib turing, yuvinib kelay.
— Ol, olaver... — deb ming‘illadi u ko‘zlarini yarim ochib.
Halim oyog‘iga ikkita keladigan beso‘naqay botinkani «pop»illatib kiydi-da, gandiraklab o‘rnidan turdi. So‘ng qo‘lidagi sochiqni g‘ijimlab, vagon yo‘lagi bo‘ylab imillab odimlay boshladi.
Vagon beshikdek tebranmoqda.
Yo‘lovchilarning ko‘pchiligi allaqachon uyg‘onishib, o‘z bo‘lmalari atrofida uymalanishayotibdi. Ular har bir oyoqni diqqat bilan kuzatib chiqayotgan oriqqina, nimjongina yigitchaga ajablanib tikilishadi, ba’zilari esa uning oyog‘idagi qo‘pol botinkaga qarab «piq-piq» kulishadi. Biroq Halim ularga e’tibor bermaydi:
«Bir kecha boshimga qo‘yib yotganimda ham o‘lmasdim. Kelib-kelib qo‘ygan joyimni qara-ya? Uf-f, hali bir yilcha ham kiyganim yo‘q edi-ya, avgustgacha kiyganimda...»
...Roppa-rosa bir yil to‘lardi. Chunki, xorijiy rusumli bu tufli o‘tgan yili avgustning boshida Halimga nasib etgan edi-da. Umuman, o‘sha saratonda Halimlarning oilasiga ham xo‘p oftob tegdi: birlamchidan, Halim uzoq shahardagi kollejga o‘z kuchi bilan o‘qishga kirib ketdi, ikkilamchidan harbiy xizmat vaqtida Qozog‘iston dashtlarida javlon urganini hisobga olmaganda, o‘z rayoni chegarasidan chiqmagan akasi Salimga ham baxt kulib bokdi. U, hamqishloqlarining tili bilan aytganda «Chortoq» degan joyda, katta bir kuro‘rtda dam olib qaytdi».
O’shanda dam olishdan bir quchoq sovg‘a-salomlar bilan qaytgan akasi azbaroyi xursandligidan tinmay iljayar, uy ichidagilari bilan evini keltirolmay hol-ahvol so‘rashardi. Bir mahal Salim o‘qishga kirgan ukasini tabriklay turib: «Senga zo‘r sovg‘a bor».dedi. So‘ng, hali nafasini rostlashga ham ulgurmasdan, jomadon titkilashga gushib ketdi. Dasturxon atrofida o‘tirganlar yetti qavat tugunga o‘ralgan sovg‘aning ochilishini ko‘zlari to‘rt bo‘lib kutishdi. Nihoyat, Salimning bilinar-bilinmas titrayotgan oppoq, nimjon qo‘lchalari hali charm hidi ketib ulgurmagan kulrang tuflini o‘rtaga qo‘ydi.
—  Qurmagur bir magazinda talash bo‘lib yotganakan, — dedi Salim ko‘rsakich barmog‘i bilan peshona terini sidira turib. — Naqd qirq besh so‘mdan.
—  Nima?!
Kirlanib ketgan sallasini yoniga qo‘yib, yonboshlab yotgan ko‘yi ivitilgan non ustiga qo‘nayotgan pashshalarni zo‘r berib haydayotgan ota sakrab o‘rnidan turib ketayozdi.
—  Bu importda, ota, chet eldan chiqqan, — dedi Salim qo‘lma-qo‘l bo‘layotgan tufliga ishora qilib.
Ota norozi ohangda, lekin yumshoqqina qilib to‘ng‘illadi:
—   Ikki xalta unning puli ekan-da... Halimboy, nasib bo‘lsa andak so‘ng olardi-da...
—  Ana buni buyum desa bo‘ladi, — dedi Salimning xotini tuflini hidlab ko‘rib. — Bu asli ustidentning kiyimi-da, Kenja ham... izidan qizlarni bir gala qilib ergashtirib yuradigan bo‘lib ketadi endi.
Halim quvonchdan yal-yal yonib, dasturxon boshidayoq tik turgancha tuflini oyog‘iga o‘lchab ko‘rgandi o‘shanda...
U ming bir xayol bilan yuvinishni ham unutib yana o‘z bo‘lmasi yonida paydo bo‘lganini sezmay ham qoldi.
Bu orada bo‘lmadagi boshqa yo‘lovchilar ham uyg‘onishgan: ular yarim yalang‘och holda pastda yalqovlik bilan tizilib o‘tirishardi.
— Uka, u yoqqa navbat katta-mi? — so‘radi o‘sha qaroqchi bashara kishi boshi bilan yo‘lakning oxiriga ishora qilib.
— Yo‘q, unchalikmas... Halim zo‘raki iljayib sochig‘iga artingan bo‘ldi.
—  Aytgancha, tufli izlab yurganday bo‘luvding, topdingmi?
Halim bosh chayqadi.
—  Obbo-o, chatoq bo‘pti-da, — qaroqchi bashara kishi boshini sarak-sarak qildi. — Ehtiyot qilish kerak edi, uka.
—  Bu ustidentimiz hiyla bo‘sh-bayov chiqib qoldi, desangiz, — deb gapga aralashdi qora amaki. — Esam botinkani hovarga tashlarmidi, bitta bizmakar ilgan-ketgan-da.
— Eh, — norozi qo‘l siltadi qaroqchi bashara kishi. — Hozirgi yoshlarning aytgiligi yo‘q, og‘zidagi oshini oldirishadi. Men...
—  Men shundayligimda, — gapni ilib ketdi qora amaki. — Denovning bozoridan qoramol olib kelib, Samarqandga sotib ketardim...
U o‘zining uddaburon yoshligi haqida jo‘shib so‘zlashga tushdi.
Halim vagon derazasidan lip-lil o‘tib borayotgan simyog‘ochlarga, biydek dala-dashtga tikilgan ko‘yi o‘z xayollari bilan andarmon:
«...Endi uydagilarga nima deyman? Qaysi yuz bilan ularga ko‘rinaman?»
Uning quloqlari ostida otasining o‘sha kungi hukmi yana bir karra jaranglagandek bo‘ldi: «Ulim, endi besh-olti yilgacha «botinka obber» deb g‘ing‘illamaysiz-da».
Halim   chuqur tin oldi.
—  Endi, jiyan, — amaki uning tizzasiga rapidadek qo‘lini qo‘ydi. — Olsang — bizdan maslahat shu — bundan buyog‘iga o‘zinga doim mahkam bo‘l, bunday latta qaytma. Xo‘-o‘shsh... poezddan tushganingdan so‘ngra oyoq kiyim ol, tag‘in yalang oyoq yurma, xo‘p? Yer hali namchil...
—  Ha-a-a-a... jon esan bo‘sa... botinka topiladi.
—  O’n besh minutdan keyin — «Paxtaobod»...
Halim vagon nazoratchisining ovoziga loqaydlik bilan quloq solib o‘tirarkan, kutilmaganda miyasida umid uchqunlari «milt» etdi: «Iya, nazoratchidan hech narsa so‘ramabman-a?! Balki u bilar?..»
Halim beixtiyor o‘rnidan turib, yalang oyoq holda o‘sha tomonga yurdi.
Kupeda nazoratchi ikki bukilib choyshablarni sanamoqda. Uning yonida vagonma-vagon ivirsib yuradigan o‘sha qalin mo‘ylovli militsiya serjanti tamaki tutatgancha gurung beryapti.
—  Himm... — serjant kupe eshigi yonida garangsib turgan Halimga iyak qoqdi.
— Assalomu alaykum... Akalar, tuflim yo‘q, yo‘qolibdi...
Serjant bilan nazoratchi manoli ko‘z urishtirib olishdi.
—  Qanaqa tufli? — so‘radi serjant.
Militsionerning savoli Halimga «mana, tufling», deganday tuyuldi.
—  Kulrang... chexskiy... dedi u yutoqib.
Militsioner yelka uchirdi:
—  Kulrang... chexskiy bitta emas-ku, axir?
Halim sevinib ketdi: tufli shu yerda bo‘lsa keragov, yo‘qsa militsioner bekorga bunday demaydi. Axir u militsioner-a?!. U Halimdan aniq belgi talab qilyapti! Fu, shu ham talab bo‘ldimi, kerak bo‘lsa u tuflisining tagida nechta «tishi» borligigacha biladi.
Halim xuddi domlasiga imtihon topshirayotgan talabadek hayajon bilan qo‘lini ko‘ksida chalishtirib, vagonning shiftiga tikildi:
— Mening tuflimning ichida... 013 raqami bor
—  Xo‘sh?
—  Ha, ha, bir poyida.o‘sha «0» raqami umuman bilinmay ketgan.
Militsioner nazoratchiga taajjub aralash bir qarab oldi-da:
—   Yana qanday belgisi bor? — deb so‘radi qiziqish bilan.
—  Poshnasiga nag‘al qoqilgan... uchiga mix bilan...
—  Yana?
—  Yana-a, — Halim zo‘r berib tuflisining belgilarini eslashga unnay boshladi.
—  Ha, topdim, topdim, chap poyining tumshuqchasida bilinar-bilinmas kemtikchasi bor.
Nazoratchi Halimning topqirligiga ortiq chidayolmay kulib yubordi, militsioner pixillab unga qo‘shildi. Halim ham hokisorgina iljayib, chetda qolmadi.
—  O’rtoq, — dedi serjant bir mahal jiddiy tortib. Bilasanmi, kecha narigi vagonda nima bo‘lgan?
Halim yelka qisib, ortga qaradi.
Militsioner og‘zidan dud chiqarib «narigi vagon» hikoyasini boishadi.
—  Kecha bittasining ikki yuz so‘mini o‘marib ketishibdi. Serjant o‘sha jabrlanuvchiga: «Oka, pulingizni shu kechayoq topib keltirib beraman», desa ko‘nmabdi. Qo‘ying-e, shu arzimas ikki qog‘ozni deb ovora bo‘lib yurasizmi, undan ko‘ra biz bilan o‘tiring, bi-ir hangomalashamiz», debdi. Militsioner bunday mard odamni birinchi marta ko‘rib turishi ekan, shu sababli uning gapini yerda qoldirishni ep ko‘rmay, tong otguncha, u bilan chaqchaqlashib kelibdi. Sen esa, —  dedi militsioner jabrdiydani bosh-oyoq kuzatib.
—  Allaqanday tuflini deb burningni tortganing-tortgan.
Halimning neshonasi terlab ketdi. U boshiga to‘qmoq tushgan odamdek bir zum kalovlanib turgach, sekin iziga qaytdi.
To‘xta, hov og‘ayni...
Halim «yalt» etib orqasiga qaradi. Nazoratchi uni ko‘rsatkich barmog‘i bilan imladi:
—  Ma, manovini kiyib ol. Nazoratchi kupening bir burchagida yoggan shippakni olib uzatdi:
—  Harna-da, yalang oyoq ketgandan ko‘ra...
Serjant luqma qistirdi:
—   Mukofot, topqirligingga!
Rahmat..  —   deb ming‘illadi Halim.
U kupedan uzoqlashgach, militsioner xotirjam gapirdi.
—  Qistaloqnint xotirasiga besh ketdim-ey...
—   Zo‘r ekan. Botinkani kiyib yurishga ham qo‘rqasan.
—   Hamma belgilarini aniq-tiniq aytib beryapti-ya!..
Parovoz o‘kirgancha navbatdagi bekatga kirib borardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.