OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ma’ruf Mengli. Mehmon (hikoya)

So‘ramang, baribir hech narsa aytmayman, hech vaqo bilolmaysiz. Qolipingizda burishib, to‘zib yashayvering – ustingizdan kulaman chunki siz men bilgan narsani bilmaysiz. Shuning uchun sochlaringizga oq oralayapti, o‘ylaringizda xalovat yo‘q, qo‘rquvdasiz, yakkalangansiz… Shoshmang, men siz haqingizda ancha narsani bilaman. Eshiting! Kechasi uxlayolmasligingiz, tushingizgacha kirgan hadik sizni holdan toydiryapti. Keling, men sizga yordam beraman - Sizni boplab savalayman. Ishonavaering shundan so‘ng engil tortasiz, albatta ma’lum vaqt. So‘ng yana halovatingiz yo‘qoladi. Orom topmog‘ingiz uchun bitta yo‘l bor, mening ichimdagini biling, lekin men bu haqda bir so‘z ham aytmayman.
Odamni bo‘g‘ayotganinggizni hali unutmagansiz… Odam kuchli barmoqlaringiz orasida jon talvasasida yashashni istab tipirchilaydi. Bo‘g‘iq ovozidan, og‘zidan kelayotgan ko‘pikdan va kosasidan chiqib ketayozgan ko‘zlaridan joni uzilayotganini tushunasiz. Kaftingizni bo‘shatishingiz uchun yalinib yolvoradi. Har-xil va’dalar bera boshlaydi… Yana allam balolar deb vaysaydi, eshitib uyalasiz. Indamay uning tugashiga tikilib turasiz. So‘ng u yig‘laydi. Hayot qaddini bukkan Onasining allasi esiga tushadi. Beg‘ubor, jonbaxsh va ilohiy qo‘shiqni eslaydi! O‘sha kun jonlanadi: Tepasida esa oppoq ro‘mollarni o‘rab olgan Onasi turibdi. Ona allasiga o‘zi yetisha olmagan orzularini qo‘shib yuboradi. Bola bundan bexabar, o‘rnida tinch orom oladi. Birdan ko‘tarilgan qum aralash to‘zon Onani beshikdan yulib olib ketadi. Ha, Ona shunday unutiladi. Bor edi, alla aytardi, ertalab issiq non bilan qaynoq choy keltirardi. Bugun esa u yo‘q, yo‘qligini endi bilyapti. Ko‘zlaridan yosh to‘xtamay qoldi. So‘ng yolvormadi. Vijdoni qiynaldi. O‘zini jazoga loyiq, deb hisobladi va taslim bo‘ldi. Odamni kaftingizdan bo‘shatdingiz, o‘z holiga qo‘ydingiz. Odamning ayanchli ahvolini ko‘rib o‘zingizni qanday his qilyapsiz? Changalingizdan qutilib omon qolgan ayolga rahmim kelyapti. U sizga turmushga chiqqanidan afsus qilayotgan bo‘lsa kerak.

***

Qo‘lingizdagi gazetani g‘ijimlab menga qaxr bilan tikilasiz. Lekin o‘rninggizdan turmaysiz, gazetani ham menga otmaysiz. Gapirishimni so‘rab, iltimos qilasiz, shunday ohangda iltimos qilasizki bu go‘yo buyruqqa o‘xshab ketadi. Mendan ilinj kutyapsiz, indamaganim uchun battar xunob bo‘lib tishingizni qisasiz. Bilasizki men hech narsa demayman. Nim tabassumim sizga azob beradi. Qo‘lingizga nimadir olib meni savalashni istaysiz, lekin o‘zingizni tutasiz. Nazdingizda eng yomon, shafqatsiz, yaramas odam menman. Buni qarashlaringiz oshkor qilyapti. Shunda ham o‘zingizni bosib yana bir bor mendan nido kutasiz. Kutishning har bir soniyasi tananggizga misli ko‘rilmagan og‘riq olib kiradi. Siz chidolmadingiz - o‘rninggizdan shaxt bilan turib boshqa xonaga ketib qolasiz. Xonadan baqiriq, so‘kinchlar va shisha buyumlarning sinayotgan sasi eshitiladi. Birdan hamma shovqin tinadi-yu og‘ir bir narsa gursullab yiqiladi. Taxminimcha bu siz. Holingizdan xabar olish uchun xona tomon odimlayman. Bir pas to‘xtab cho‘ntagimdan sigaretimni olib labimga qistiraman, gugurt chaqaman. Tamakining yoqimli hidi xonada yoyiladi. Shoshmasdan xona eshigini ochib ichkariga razm solaman: Xona o‘ylaganimdek - hamma yoq ag‘dar-to‘ntar. Polda esa siz, xushsiz yotibsiz.

***

Meni ko‘rishga ko‘zingiz yo‘qligini bilaman. Shu sababli doim uyingizga borsam yo‘q bo‘lasiz, ketishdi deyishadi. Bu safar izingizdan yo‘l olaman. Loy ko‘cha bo‘ylab faqat bitta iz noma’lum tarafga ketgan. Poyafzalingizning izi shunchalik kattaki mening ikkita oyog‘im sig‘adi. Hamisha semizligingizdan nolir edingiz. Yozning jaziramasida nafas olishga qiynalib quyosh tig‘idan qochib salqinroq joyga bekinib sal bo‘lsada orom olardingiz. Xizmatkorlaringizga qiyin edi – ham xizmatingizni qilishar, ham sizdan gap eshitishardi. Umringizning ko‘p qismi o‘tib borayotgan to‘rtta odam sig‘gulik orom kursingizda o‘tirib olib yashash uchun sarf bo‘layotgan xarajatlaringizni qoplash yo‘llarini o‘ylab qolasiz. Boshingiz qotadi, hech vaqo miyangizga kelamaydi. Asabiylashganingizdan ishtaxangiz bo‘g‘iladi, o‘ng‘aysizlanasiz, hovliqasiz va jaxl bilan oqsochni chaqirasiz. Ochlikdan sillasi qurib, ozib ketgan xizmatkor ayol chopqillab kelib qarshingizda tosh qotadi. Unga peshonanggizdan sizib kelayotgan ter tomchilarini artishni buyurasiz. Ayol chaqqonlik bilan buyrug‘ingizni bajrishga kirishadi. Oqsochdan kelayotgan yoqimsiz hiddan ko‘nglingiz aynib, uni itarib yuborasiz va to‘xtamasdan haqoratlaysiz. Jabrdiyda oyog‘idan sochini uchigacha titrab ketadi, sizdan uzr so‘raydi. Boshining og‘riyotganini esa karavotiga kelib yotganida sezadi.
Shu ob-havoda og‘ir tanangizni ko‘tarib lapanglab qayoqqadir ketib qolibsiz. Bilaman, sizning o‘sha yoqqa borishingiz muhim emas, muhimi mendan uzoqroq bo‘lishni va yashirinishni istaysiz, uddalashingizga uncha ishonmayman. Siz baribir urunasiz, harsinlab, terlab, shoshib, har zamon orqangizga bir qarab qo‘yib, ko‘zlagan noma’lum manzilga oshiqasiz. Boshingizdagi shlyapangizning eskiribdi. Xuddi sizday – siz ham eskirgansiz... Yangi kiyim xarid qilishni, vaqtida soqolingizni qirtishlashni, muntazam shug‘ullanib kelayotgan badan tarbiya bilan mashg‘ul bo‘lishni, bexosdan, yoki atayin to‘qnash kelayotgan odamlar bilan salomlashishni xohlamaysiz. Avval boshqacha edingiz. Sof tabassum qilardingiz, gazeta mutolaasidan bosh ko‘tarmasdingiz va qo‘shninggizning o‘g‘liga ishdan qaytish payti erinmasdan do‘kondan sovg‘a olardingiz. Ertalab qaxvani xafsala bilan qaynatib, meni uyingizga taklif qilib quchoq ochib kutib olardingiz. Yarim tungacha ketishimga izin bermasdingiz. Men bilan juda qalin do‘st edingiz.
Tan oling, siz avvalgiday emassiz. Avvalgiday bo‘lishni istaysiz-u lekin endi aslingizga qayta olmaysiz. Fojiangiz allaqachon boshlanganini bilib azob chekasiz. Xonangizga qamalib yig‘laysiz. O‘zingizdan uyalib, qimtinib yig‘laysiz... Siz shu zayil yashayotganinggizdan, o‘zgara olmasligingizdan qo‘rqasiz. O‘zingizni havo va quyosh nuri zo‘rg‘a kirib turadigan nuqtaday tuynugi bor kaftga sig‘adigan zindonda pisib, qiynalib, balki, atayin majbur yashayotganday his qilasiz. Na kunning, na tunning farqiga borasiz. Nazdingizda devorlar borgan sari yanada siqib keladi, o‘pkangizga havo yetishmay rangingiz o‘zgaradi. Xuddi shlyapangizday... Shu onda tazarru qilishga kuch topasiz, Yaratganga nido qilib ko‘rguliklaringizga yakun yasashni so‘raysiz. Qo‘lingizni duoga ochib oyat o‘qimoqchi bo‘lasiz… Hamma narsani bilar ekansizu lekin duo o‘qishdan bexabar ekansiz. Bundan battar qiynalasiz. So‘ng taxta karavotda cho‘zilib soniya sayin tananggizdan kuch ketayotganini, uzilayotgan jonning og‘riqlaridan o‘rtanib bor kuchingizni to‘plab kaftingizni siqib olasiz. Oxirgi onlarda ham umid uzmaysiz, bir hodisa ro‘y berishini sezib turasiz. Bir muddat xotirjam tortasiz. Halovatning “ta’m”ini totib ko‘rgach siniqqina kulib qo‘yasiz...
Yomg‘ir yog‘a boshladi. Tezroq manzilga yetib olishni istayapsiz. Qadamingizni tezlatdingiz. Orqangizdan kimdir baqiradi. Bitta ko‘zi va bir oyog‘i yo‘q odam sizni tanib qoldi. Omon qolgan ko‘zini sizdan uzmaydi. Quvonib, siz tomon talpinadi. Uni taniysiz... Ammo hech narsa bo‘lmaganday yana yo‘lingizda davom etaverasiz. U haqda o‘ylashni ham, jon holatda chaqirayotgan bug‘iq ovozini ham eshitgingiz kelmaydi. Plashingizga battar o‘ralib olib chopasiz. Orqangizdagi odam sizga yetish uchun qo‘ltiq tayoq yordamida yugura turib loyda toyib yiqiladi. Qaramasangiz ham yig‘lamsiray boshlaganini fahmmlaysiz. To‘xtamaysiz, hayolingizda faqat Men va yana qandaydir o‘ylar. Hozir siz uchun eng muhim narsa men. Uzoqlashish tinchilik beradi, degan fikrda uyingizni tashlab chiqib ketgansiz, bu to‘g‘ri qarorligini ich-ichingizdan his qilasiz.
Noma’lum maznilga yetib kelib, notanish eshikni qoqasiz. Ichkaridan qari kampir yuz ko‘rsatadi. O‘zingizni tanitmasangiz ham U sizni taniydi. Axvolingizga achinadi. Sizga ikkinchi qavatdan xona tayyorlab qo‘yganini aytib bukchaygan gavdasini qaltiratib oshxona tarafga ketadi. Siz xonanggizga qamalib olib, yomg‘irda ezilgan ust boshingizni yechmayoq derazadan tashqariga mo‘ralaysiz. Orqangizdan kelmayotganimga ishonch hosil qilmoqchi bo‘lasiz.
Nazaringizda hammasi tugaganday tuyiladi. Oyog‘ingizga dam berishni istaysiz – stulga o‘tirib olasiz. Qo‘llaringgiz qaltirayapti, xansirayapsiz, havo yetishmayapti. Endi axvolingiz yaxshimi? O‘zingizni qanday his qilyapsiz?
Xonada sizdan boshqa yo‘q. Nedir miyangizni egallab olgan. Shovqinni U ko‘taryapti. U na odam, na mahluq! U yo‘q. Lekin uning borligini siz bilan men yaxshi bilamiz. Tush ko‘rasiz: kimdandir qochyapsiz, suvga g‘arq bo‘lyapsiz, yoki kim bilandir janjallashyapsiz. Xo‘sh, bu, bo‘lmagan voqealar tushingizga qaerdan kirdi? Bu o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Kalavaning uchi boshingizni “egarlab” olgan o‘sha vujudsizda. U istasa sizda buyruqqa moyillik paydo bo‘ladi. Inkor qilasiz?... Qachon?... Sizni bir-biriga qarshi ikkita odam qilib qo‘yganda ham siz raqib tomonga kurashsiz taslim bo‘lasiz.
Siz juda semizsiz. Yashang! Yo‘q, men ta’na qilmayapman, aslo! Semirishni hammaga o‘rgating!...
Kampir xonaga kirib, sizga tabassum hadiya etib, tushlik tayyorligin aytdi. Xohlamadingiz, bosh tortdinggiz. Orom olish istagingiz borligini bildirib, mezbondan uzr so‘radingiz. Kampir lutf bilan yana bir bora iltimos qildi. Uyda yolg‘iz zerikib yashayotganini, mehrga muhtoj ekanini bayon etib o‘tindi. Uning lablari titrab yuzi battar bujmaydi. Siz noiloj unga rizolik bildirdingiz. Javobingizdan uy egasining boshi osmonga yetdi. Orqasiga yashirib turgan boltasini uloqtirib yuborib sizga yo‘l ko‘rsatdi.
 Kampir yemakxonaga sham yoqdi. Zah va chirindi hidi uchun hijolat tortib uzr so‘radi. Hali tun uzoqligini, sizni zeriktirmasligini va o‘zini ajoyib suhbatdosh ekanini aytib stolga piyola qo‘ydi. Uyda o‘zingizni yengil his qila boshladingiz, nafas olishingiz ham ancha yengillashdi. Kampir chaqqongina yelib-yugurar, dam gapirib dam kular, siniq hassasi bilan oyog‘i tagida o‘ralashayotgan mushugini turtib, turtib tashlar edi. Kechqurunlari qattiq sovuq bo‘lishi sabab pechkaga olov yoqib uyni isitish uchun belini og‘ritganini va umrining ko‘p qismi o‘tin yorish bilan o‘tib borayotgani o‘ziga juda alam qilayotganidan nolidi. U ham sochini kesib dunyo kezgisi, dengiz bo‘yidan villa sotib olish istagi borligini aytib, orzulari ertaga ushalishi va sizni ham o‘zi bilan birga olib ketish istagida ekanligini bildirdi. Kampir oldingizga temir bo‘laklari qo‘shib tayyorlangan qovurdoq qo‘ydi. Bu tansiq taom, deya aytib maqtandi. Tatib ko‘rishingizni o‘tinib so‘radi. Xohlasangiz qayrog‘och daraxtidan taxta qovurib berishini, mazasi og‘zingizda qolishiga ishonchi komil ekanini bildirib jilmaydi. Qarshingizda qadalib turgan mezbondan nigohingizni uzib ovqatga, so‘ng chiqish eshigiga tikdingiz. Cho‘ntagingizdagi nam tortgan qog‘oz pullarni kampirga uzatib ketishga izn so‘radingiz. Kampir jaxl qildi. Mushti bilan sotolni urib, bilagingizdan mahkam ushlab hovlisi tomon sudrab ketdi. Bir nimalar deb pichirlay boshladi. Boshidagi ro‘molini yulib olib bir uchini sizning qo‘lingizga, ikkinchi uchini o‘zining bilagiga bog‘lab oldi. Qochib ketishingizga imkon qoldirmadi. Kampir zich yopilgan eshikni bir amallab ochdi, Sizni o‘sha eshikdan itarib tashqariga chiqardi. Ortingizdan o‘zi ham ergashdi. Yomg‘ir to‘xtamabdi. Hovlida bir-biriga zanjirlab qo‘yilgan sanoqsiz odamlar goh u, goh bu tomonga yurar, chiriy boshlagan tanalarini yomg‘ir suvida tozalashar, ayollar yirtiq ko‘ylaklariga yamoq solishar, ko‘plari dod solib yig‘lab o‘zlari bog‘langan zanjirni g‘ajishardi. Sizni ming yil kutib charchagan odamlar kelganinggizni ko‘rib, siz tomon talpinib kela boshlashdi. Kampir ro‘molini yechib sizni ular orasiga itarib yubordi. Odamlar qo‘lingizdan, oyog‘ingizdan har yoqqa torta boshlashdi. Olomon jonlandi. Barmoqlaringizni birma-bir yulib olishdi. Og‘riqdan jon holatda baqira boshladingiz. Kampirdan yordam so‘rab yolvordingiz. U esa jiddiylik bilan ovqatini yeyishingiz kerak ekanligini, shunda o‘liklar orasiga uloqtiramasligini aytdi va eshigini qayta tambalab ketib qoldi. Yig‘layapsizmi?... Endi mendan najot kutyapsiz, bilaman. Siz o‘liklar orasida yakka tirik odamsiz. Ustunligingiz ham shunda.
…Omonmisiz? Azob tortyapsizmi? Kasalxonda anchadan buyon yotibsiz, ha, bir oydan oshdi. Xali tiriksiz. Qarindoshlarinigiz ko‘rgani kelib ketishdi. Aytishlaricha ancha semiribsiz, kamroq ovqat yesin deyishdi. O‘g‘lingiz sizni yaxshi ko‘rishin aytdi. Bilasizmi, yulingan barmoqlaringizni endi joyiga ulab bo‘lmas ekan. O‘ksinmang, omon qoldingizku. Bir nechta o‘liklar ham sizni yo‘qlashdi… Menmi? Men anchdan buyon yoningzidaman. Sizga ko‘z-quloq bo‘lib turibman. Rahmatning keragi yo‘q. Sizga gul olib kelaymi? Xohlaysizmi?

***

Siz meni qachon topganinggizni unutib qo‘ydingizmi?... Bu ahamiyatiz, muhimroq narsalar haqida o‘ylang, masalan o‘zingiz haqingizda. Buni istamasangiz balki yotib uxlarsiz? Toshday qimir etmasdan bir necha kun uxlang. Bu mening istagim emas, mutlaqo. Men ikkilamchi, kim biladi undanam past darajadadirman. Nega menga tikilib qoldingiz? Meni ko‘mib yuborishni o‘ylayapsizmi? Nazaringizda bariga men aybdormanmi? Iltimos, boshqa tarafga qarang! Derazadan kirayotgan shamol tabiat uyg‘otgan maysalarning hidini olib kelyapti. Ana, qushlar sayrashyapti. Nega e’tibor bermayapsiz?! Boshqa tarafga qarang, o‘tinaman. Balki ketishimni xohlayotgandirsiz? Ketmayman. Polda uxlash kerak bo‘lganida ham uyingizdan bir odim ham jilmayman. Sizga tegishli hamma narsalarni yomon ko‘raman. Siz ditsiz odamsiz, xotininggiz bilan ajrashganinggizdan buyon yakka moxov bo‘lib mana shu kulbangizda borgan sari o‘lib, ha, ha, o‘lib bormoqdasiz. O‘g‘lingizni eslamaysiz ham. Bas! Bas qiling menga tikilishni! Bo‘lmasa… bo‘lmasa sizni derazadan otib yuboraman… Siz meni kalaka qilyapsiz. Noshutga qaraganday qarab, ustimdan kulib o‘tiribsiz. Nazaringizda ojiz va notovon odamman, shunaqami? Ayting?! Yoshligimda Otam tez-tez meni urardi. Aytishicha landavur ekanman. O‘rmonda yashardik. Bir kuni quyon ovga chiqdik. Otam shirakayf edi. O‘rmon ichkarisiga kirib borayotganimizda oldimizda quyon ko‘rindi. Otam quyonni mo‘ljal olib o‘t ochdi. Quyon shu zahotiyoq jon taslim qildi. Men chopib borib o‘ljani changallar ekanman, mendan bir qadamcha narida yana bitta quyonni payqab qoldim. Eng oqilona qaror qabul qilib, o‘zimni quyonning ustiga otdim. U chap berib qocha boshladi, izidan quva ketdim. Shu payt Otamning miltig‘ining ovozi eshitildi. Negadir bir pas qotib qoldim, so‘ng yerga yiqildim-u xushimni yo‘qotdim. Otam quyonni nishon olib meni otib qo‘yibdi. O‘q sababli o‘ng qo‘limdagi barmoqlarimdan ayrildim. Bir haftadan so‘ng Otam o‘zini otib tashladi. Menga rahmingiz kelyaptimi? Achinmang! Gazetangizni o‘qing, stolda turibdi.
Men sizni yomon ko‘raman. Siz bunga loyiqsiz. Bas qiling, tirjaymang! Yetar! Qonimni qaynatyapsiz. Hoziroq boshqa tomonga qarang. Kulmang! Hali shunaqami?!…

***

Siz juda pishiq va chidamli odam chiqdingiz. Ikkinchi qavatning derazasidan qulab tirik qolishning o‘zi bo‘lmaydi. Odam ba’zan qoqilganda oylab shifoxonada davolanib chiqadi, siz esa qo‘ltiq tayoqda bo‘lsa ham uyingizga qaytib keldingiz.
Endi turing, issiqroq kiyining ko‘cha sovuq. Bir pas aylanib kelamiz… Istamaysizmi? Nega, axir bugun havo yaxshiku? Mayli, o‘zingiz bilasiz. Bugun oxirgi kunim, ha, ketyapman. Bilasizku qishni yomon ko‘raman, yoz kelsa qaytarman… Sayrga chiqmaganingizdan afsusdaman. Siz bilan bog‘ aylanmoqchi edim… Unda xayr. Meni to‘xtatmang, bari bir hech narsa aytmayman. Sizni azobda qo‘yishni istamayman, lekin undan mosuvo ham qilmoqchi emasman. Men sizdan har jihatdan ustunman, buni bilasiz. Toki men bor ekanman, umr bo‘yi qo‘rquvda, tahlikada yashaysiz. Havotiringiz o‘rinli, mening ketganim qaytganimdan dalolat beradi.
Unuting va eslamang, hech narsa ro‘y bergani yo‘q. Bari o‘z o‘rnida turibdi. Siz ham uxlayapsiz. Ko‘zingizni ochishingiz bilan hayot boshlanadi. Siz qutilib bo‘lmas yo‘qlikka emaklab emas, chopqinllab borasiz. Men esa ba’zan oldingizda, ba’zan orqangizda bo‘laman. Menga savol bermang, men nima qilish kerakligini bilmayman. Bilganimda ham sizga oshkor qilmasdim. Yana yig‘layapsizmi?...
Eshikni ochiq qoldiraman. Omon bo‘ling…

***

Salom. Men yana keldim…

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.