OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ma’suma Ahmedova. Oddiy hikoya (hikoya)

Bu hikoya dunyodagi eng oddiy hikoyalardan biri bo‘ladi. Chunki bu haqda — oddiy odamning kichina baxti haqida juda ko‘p yozilgan. Oddiyligi shundaki, bu hikoyada aytarli arzigulik hodisalar ham ro‘y bermaydi, favqulodda qahramonliklar ham ko‘rsatilmaydi. Voqealar bir boshdan, an’anaviy tarzda hikoya qilinaveradi.
Bo‘pti, boshladik endi.

Biz tikuv atelesida ishlaymiz.
Atelening o‘zi mo‘‘jazgina, qadimiy ko‘chaning shundoq biqinida joylashgan. Albatta, shunday bo‘lgach, uni judayam ko‘zga tashlanmaydi, deb ham bo‘lmaydi. Xullas, gap atelening qaerda, qay tarzda joylashganligi-yu, mijozi qanchaligida ham emas. Aslini olganda, mijozlarimizning ko‘pligi bilan maqtana olmaymizku-ya...
Erkakcha kiyimlar bichiqchisi Dovud akani mustasno qilganda, biz — o‘n to‘rt nafar qizu juvon birga ishlaymiz. Hadya opa, Sokina opa, Nazira, Hilola... Barini sanash, menimcha, shart emasdir. Chunki har birining o‘ziga xos xulq-atvori, fe’li xo‘yi bor. Agar ular haqida batafsil gapirib o‘tiradigan bo‘lsak, vaqtimiz ularni tavsiflashu ta’riflashga sarf bo‘ladi-da, nima maqsadda hikoya boshlaganimizni unutamiz. Ha, aytmoqchi, shu o‘rinda kuni kecha ishga kelgan Hiloladan tortib, atelemiz bunyod bo‘lganidan buyon ishlab kelayotgan veteranimiz Nuriya opagacha, tikkan kiyimlari beo‘xshovroq chiqsa yoki mijozlarga ma’qul bo‘lmasa, Mavjuda opani qalqon qilishlarini qistirib o‘tmoq joiz. Bunday damlarda har tomondan uni chaqirgan ovozlar tutadi: “Mavjuda, shuni shundoq dazmollab yubora qoling”, “Xah, o‘lsin-a, Mavjuda opa, shu cho‘ntak o‘lgurga yana bir marta chok yurgizib yubor-sangiz-chi”. “Etagining ikki chekkasi osilgan, deydi. O‘zingiz shuni bir amallab...” va hokazo, va hokazo.
Mavjuda opani, kerak bo‘lsa, hammamiz qalqon qilamiz. U bundan xafa ham bo‘lib o‘tirmaydi. Aslida bunga yo‘l qo‘yib bergan, ya’ni doimo moshxo‘rdaga qatiq bo‘ladigan o‘zi-ku. Masalan, birortamizning mijozimiz yuzida sal tundlik ifodasi paydo bo‘ldimi, bas, qaerdandir Mavjuda opaning tovushi eshitilib qoladi. “Balki yengini boshqatdan o‘rnatish kerakdir? Keling, ishdan qochmang, Nasiba!” Shunday paytlarda uning gapi jon-joningdan o‘tib ketadi. Biror narsa deb ko‘r-chi. Ichingda to‘ng‘illagancha ko‘ylak yengini so‘kib, qaytadan o‘rnatishga kirishasan. Mavjuda opa bo‘lsa, og‘irligini u oyog‘idan-bu oyog‘iga solgancha:
— Nasiba! (O‘n to‘rttamizdan istagan birimizni misol qilib keltirish mumkin.) Qani, men nimasiga qarashvoray, — deb atrofingda girdikapalak bo‘ladi.
Sal yumshaysan.
Misol uchun, tushlik vaqti bo‘ldi, deylik. (Uning kallayi saharlab atelega kelib olishiniyu hammani kuzatib, qaro xuftonda uyiga jo‘nashini aytib o‘tir-mayman.)
— Nima yeysizlar, qizlar? — Vaqt tushlikka yaqinlashgach, u hammaga birma-bir yuzlanib chiqadi. Shu yerda uning salmoqlab qadam tashlashiyu yuzidagi doimiy jonsaraklik ifodasini alohida ta’kidlamasdan bo‘lmaydi.
Endi hikoyamiz o‘z-o‘zidan qahramonini topib olgani ravshan bo‘lgandir.
Mashinalar g‘ir-g‘ir aylanadi.
— Somsa yeysizlarmi?
G‘ir-g‘ir tovush tinadi. Hali nima yeyishga kelishilmasdan, nogoh Mavjuda opaning yonoqlari turtib chiqqan bug‘doyrang yuzida, qiyiq ko‘zlarida tashvish aks etib qoladi:
— Zuhranikiga o‘tib kelmaymizmi?
Zuhra biz bilan birga ishlardi, yaqinda ko‘zi yorigan.
Mavjuda opa shunday deya pastak derazadan ko‘chaga qarab qo‘yadi: tashqarida yomg‘ir shivalamoqda. Do‘konga chiqqan qizchaning jiqqa ho‘l sochlari yopishgan peshonasi derazamizdan lip etib o‘tib ketadi.
— Shunday havoda-ya? — Hilola norozi bo‘lib yuzini o‘giradi.
— Tinib qolar. Mayli, o‘zim birrov o‘tib kela qolarman.
Mavjuda opaning gapiga hech kim e’tiroz bildirmaydi.
U bir zumda tushlikka taom olib keladi. Bozordan topib kelgan bir dunyo gapi bilan tushlik ham o‘tib ketadi. Yana tikuv mashinalari g‘ir-g‘irini boshlaydi. Shovur-shuvur orasida Naziraning qaynonasiyu kecha “shaxmatnusxa” atlas olib kelgan, qulog‘iga shapaloqday qashqarbaldoq taqib olgan, atelening eshigidan arang siqqan otarchi (otarchiligini kim bila qolibdi!) xotinning g‘iybati avj oladi.
— Mana munaqa qilib kirib keldi... — Mavjuda opa tikuv mashinasi ortidan turadi, tizzasidagi nafis mato sirg‘alib yerga tushadi.
Bichiqchimiz Sokina opaning afti burishib ketadi. Mavjuda opa salmoq bilan odimlagancha eshik tomon borarkan, Hilolaning yuzida achinish paydo bo‘ladi. Chunki Mavjuda opa oqsoqlanib biror joyga borib kelguncha ko‘ngli bo‘sh Hilola-mizning ko‘zlaridan tirqirab yosh chiqay deydi... Shundagina bizning esimizga Mavjuda opaning hanuz yolg‘izligi, umri ham o‘tib borayotgani tushadi.
Gap nima haqda borayotgan edi? Ha, Naziraning qaynonasi haqida.
— “Ertalab kech turasiz”, deganday qiladi. Ovqat payti tovoqni tovoqqa, qoshiqni qoshiqqa urishtiradi...
Mavjuda opaning ko‘zlarida qiziqsinish paydo bo‘ladi. Matoni ushlab turgan qo‘llari, mashinani yurgizayotgan oyoqlari asta harakatdan tinadi, tikuv mashinasi “shig‘g‘” etib to‘xtab qoladi. Ochig‘i, bizning hech qaysimiz birovning gapini Mavjuda opachalik diqqat bilan berilib tinglayolmaymiz. Uning o‘z taqdiriga beparvoligi, bizni deb yashashiga, “ana buziladi, mana buziladi” degan mishmishlar yurgan shu ko‘hna ko‘cha biqiniga joylashgan atelemizga benihoya bog‘lanib qolganiga butunlay ko‘nikib qolgan edik.
Biroq... Shunda birdan atelemizning panjarayu eshiklari sharaqlab ochiladi. (Balki sharaqlab ochilmagandir?) Eshik ochiladi-yu, ichkariga o‘rtabo‘y, uvoqqina, qoramag‘izdan kelgan o‘ttiz besh-qirq yoshlardagi kishi kirib keladi. U boshiga kulrang shlyapa ilgan, u yer-bu yeriga dog‘ tekkan plashi yelkalaridan shalvirab tushay deydi.
— Shim ham buyursa bo‘ladimi bu yerda? — Kishi beixtiyor boshidan shlyapasini oladi.
— Birpas kuting, — deb to‘ng‘illaydi Sokina opa.
U eshitmaydi shekilli: “A?” — deydi.
— Birpas kuting, deyaptilar, — deyman men.
— Ha...
Mijoz shunday deb devorga suyanadi.
— Dovud kelaman deganmidi o‘zi? — deb so‘raydi bizdan Sokina opa.
— Qaydam...
Kishi savol nazari bilan bizga yaqinlashadi.
— Buyoqqa kirmang! — deb jerkiydi uni Sokina opa.
Xona burchagida dazmol bosayotgan Mavjuda opa boshini o‘girib shu tomonga qaraydi:
— Yelkangizni qoqvoring, oqarib qopti.
Hammamiz kulib yuboramiz.
— Shuncha uzoqdan ko‘rganingizni qarang-a, Mavjuda opa!
U ham bizga qo‘shilib kuladi.
Mijozning ham yuzida tabassum paydo bo‘ladi. U Mavjuda opa tomonga yuzlanib, mayinlik bilan deydi:
— Rahmat.
Bo‘ladi kulgi! U kishining yuzlari lavlagiday qizaradi. Shu kuni nimadir bo‘ladi-yu, Dovud aka ishga kelmaydi. Mijoz esa ertasi kuni ham keladi. Shim buyuradi.
— Bir tushgan ish, Dovudjon, shu shimni Mavjudaxonga bering. — Sokina opaning hazilidan biz dadillanib ketamiz. Zerikib o‘tirganda, tilni tushovlab bo‘larkanmi!
— Endi sal o‘zingizga qarab yuring! — deydi Hilola tahdidomuz.
— Qaysi ko‘ylagingizni kiysangiz ekan-a? — deyman men.
O‘ylab qarasak, Mavjuda opaning o‘ziga quyib qo‘yganday yarashadigan ko‘ylagi yo‘q ekan. Bo‘zchi belboqqa yolchimaydi, deganlari shu-da.
Shunday qilib, birimiz uzib, birimiz ulab ketamiz.
— Ha, anuv ko‘ylak-chi, xol-xol? Skripka ko‘tarib yuradigan qiz olmagan? — deya to‘satdan Naziraning esiga tushib qoladi.
Tilla topganday quvonib ketamiz. Shu yerda yana bir narsani aytib o‘tmoq joizdir: Mavjuda opaning bisotida o‘nta ko‘ylagi bo‘lsa, sakkiztasini atelemiz mijozlari yoqtirmay tashlab ketgan ko‘ylaklar tashkil qilardi. Albatta, uni sotib olgin, deya birov majbur qilarmidi? “Nima qipti, biror joyi yirtiqmas, qiyshiqmas, binoyiday ko‘ylak”, derdi odatda shunaqa paytlarda Mavjuda opa.
Bu ishni u mijozgayu birga ishlaydigan, o‘zi aytmoqchi, “opa-singilday bo‘lib qolgan” birortamizga achingani bois qilishi hech kimga sir emasdi. Endi xol-xol ko‘ylakka kelsak... bu ko‘ylakning bichimi shu qadar nozik did bilan tanlangan ediki, uni tikkuncha Naziraning ona suti og‘ziga kelgan edi. Hammamizning nazdimizda shu ko‘ylak Mavjuda opaga yarashadigandek edi...
Ha, oldinlari bizga qo‘shilib xaxolashadigan, go‘yo uni emas, boshqa birovni gapirishayotganday askiyani ulab ketadigan Mavjuda opa tobora bu haqda gap ochilsa, indamay qoladigan, asta o‘rnidan turib ketadigan odat chiqaradi. Va bu hol bizning tilimizni qichitib yuboradi. Chunki bunga asoslar ko‘p edi-da. Masalan, u kishi keladi. Xo‘p. Biz Mavjuda opaga o‘sha skripkachi qiz olmay ketgan ko‘ylakni majburan kiydirgan bo‘lamiz. Nazarimizda, Mavjuda opa ko‘ylakni bu gal kiyganida butunlay o‘zgarib ketadi.Sira payqamagan ekanmiz: Mavjuda opaning sochlari saqichday qop-qora, mayin jingalak tolalari yaltirab turarkan. Ko‘zlaridagi jonsaraklik ifodasi o‘rnini xayolchanlik egallagan. Menimcha, shu ko‘ylakni kiyganida haligi mijoz: “Yarashibdi”, deganga o‘xshash gap aytganday tuyuladi.
Uning nazokatu muomalasini, Mavjuda opaning shimni naqadar ishtiyoq bilan tikkanini aytib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Shim tayyor bo‘lgach, olib ketadigan kuni nima bo‘ldi deng? Aytsam, ishonmaysiz! Hatto oramizda eng chevarimiz, har qanday urfdagi paltolarni ham qotirib tikib tashlaydigan Nuriya opa ham, ateledagina emas, butun ko‘chada nozikligi, xushro‘yligi bilan nom qozongan, ketayotgan kishini ixtiyorsiz ortiga qaytaradigan Hilola ham, shirin so‘zi bilan har qanday braklarni egasining qo‘ltig‘iga qistirib yubora oladigan Hadya opa ham bunday sharafga muyassar bo‘lmagan edi: u kishi Mavjuda opaga bir dasta gul ko‘tarib kelibdi!
Shu kuniyoq Mavjuda opamiz katta universal magazindan Sherali Jo‘raevning plastinkasini sotib oladi.
U odamning Mavjuda opamizga befarq emasligi yana bir narsada ayon bo‘ladi: emishki, Mavjuda opaning qo‘li gul ekan, shu tufayli ham unda yana buyurtma berish, ya’ni bir kostyum tiktirish istagi tug‘ilibdi. Mavjuda opaning uzun-uzun bar-moqlari titrab ketadi, nazarimda qandaydir xavotir yuragining bir chekkasini timdalab o‘tadi — agarda mijozi kostyum tiktirishday astoydil niyatidan qaytmasa, Dovud aka kostyum tikishday murakkab ishni o‘la qolsayam unga ishonib topshirmaydi. Lekin odatda ma’shuqa qizlarda bo‘lgani singari, menimcha, uni ham o‘ktam bir ishonch tark etmaydi: modomiki u kishining yana buyurtma berish istagi bor ekan (yuqorida aytildi-ku axir, uning qo‘li gul va h.k. deb), demak, ko‘nglida nimadir uyg‘ongan.
— Nasiba, — deb qoldi u bir kuni menga, — bir qiz, bir o‘g‘lim bo‘lsa...
Ismini Bahor bilan Zafar qo‘ysa, ular uyni boshlariga ko‘tarib, irg‘ishlab sakrashsa...
Uning ham biz kabi oddiy bir inson ekani endigina yodimizga tushganday bo‘ladi, kamtargina orzu-xayollari kundalik suhbatlarimiz mavzusiga aylanadi. Mo‘‘jazgina atelemiz tashida esa kunlar kunlar bilan almashar, dam tarnovlardan ko‘hna ko‘chamizni g‘arq qilib yuborguday yomg‘ir sharillasa, dam quyosh lahcha cho‘g‘day qizdira boshlar edi.
Kunlar yelib o‘tmoqda, lekin hanuzgacha kostyum buyurtmachisidan darak yo‘q edi. Mavjuda opa esa,o‘zi aytganiday, har kuni bir marta Sherali Jo‘raevning plastinkasini qo‘yib eshitaverdi.
Aslida-ku, hikoyamiz voqeasi shu tarzda kechaverar, nuqta qo‘yishga hojat ham yo‘q edi.Istagimizga qarshi... kunlardan bir kuni eshikdan Mavjuda opa yanada halloslab, yanada oqsoqlanib... kirib keldi.
Ma’lum bo‘ldiki, kostyum hech qachon buyurilmaydi! Alvido, kechikkan muhabbat! Alvido, Bahor bilan Zafar!
Mavjuda opaning qulog‘i ostida Sherali Jo‘raev nola qilaveradi, qilaveradi:

Yana bahor qaytarmikan, sen qaytmasang,
Qaytarmikan, qaytarmikan... kan... kan...

Chunki bu plastinkani o‘sha kuni ehtimol yigirmanchi marta aylantirgan, so‘ng o‘zini ko‘rpachaga otgan...
Uyog‘ini bilmayman. Aslida bu manzarani xayolimdagina tasavvur qilaman.
...O‘sha kuni Mavjuda opa mijozini markaziy ko‘chalardan birining chorrahasida, ikki yonida ikki bola bilan ko‘rib qolibdi.
— U emasdir, axir yaqindan ko‘rmagansiz-ku?!
— O‘sha taraqqosdan boshqa odam shlyapa kiymaydimi?
Tabiiyki, Mavjuda opaga gap tegmaydi. Va shu bo‘yi bu mavzuga chek qo‘yiladi. Biz emas, Mavjuda opaning o‘zi bu haqda so‘zlamay qo‘yadi. U, odatdagiday, shu kuzakda bodi qo‘zigan farroshimiz Xadicha xolani yo‘qlab keladi, birortamiz tikkan ko‘ylakning chala qolgan etaginimi, belbog‘inimi tikib o‘tiradi.
Umidlarning so‘ngan-so‘nmaganligini esa hech kim bilmaydi.
Oramizdan hech kim, hatto Mavjuda opaning o‘zi ham buni inkor qilolmaydi: axir, umidlarimiz irodamizga esh bo‘lishi ayon-ku!

1982.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.