OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Bo‘ron. G‘ijduvoncha usul (hajviya)

ustoz sharofati bilan

Navbatdagi ishxonamda yarim yilcha ishlab, bir joyda mana olti oydirki muqim ishlayotganimdan maqtanishni boshlab yuborgan kezlarimda bir yigitni ishga olishdi. Albatta, kimni ishga olish yoki pattasini qo‘liga tutqazishni birov mendan so‘rarmidi. Dastlab bu yigit menga yoqmadi. Sap-sariq, bo‘yi qamishday, nemismi-ey, inglizmi-ey, ishqilib o‘shoqlardagi odamlarga o‘xshab ketadi. O‘ziga o‘ta ishongan. Gapirganda berilib, mudom bahslashishga tayyor turadimi-ey... Gap-gap bilan ikki-uch kundan so‘ng bilsak, bu yigit — Abdulla Sherning o‘g‘li Anvar Sher ekan!.. Obbo, buyog‘i qanchadan tushdi. Abdulla Sher mening g‘oyibona ustozlarimdan biri. U kishining ham Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va Rauf Parfi kabi biz — yetmishinchi, saksoninchi yillar o‘smirlarining ongini shakllantirishda katta xizmatlari bor. Bizga ular yolg‘on gapirmaslikni, soddagina yozishni o‘rgatishgan, kim bo‘lmaylik o‘zbekligimizcha qolishga da’vat qilishgan. Demak, bu bola shunday buyuk shoirning o‘g‘li bo‘lsa, u anoyi tarbiyalanmagan bo‘lishi kerak. Otasining g‘oyibona ustozligi evaziga bu yigit bilan tez orada opoq-chapoq bo‘lib ketdik. Keyin bilsam, endigina o‘ttiz beshga kirgan yigit hayotda ancha-buncha ishlarga ulgurgan ekan. Ammo bu hikoyada gap bu ijodkor ota-bolalarda emas. Ular mana bu hajviyamning yozilishiga sababchi bo‘ldilar. Buning uchun ulardan minnatdorman.
Ikki ming o‘n uchinchi yilning yoz kunlarining birida ustozni ziyorat qilgani To‘ytepaga bordik. Ustozning halol odamlarga xos, hali ta’mir qilishga mablag‘ topilmagan hovlisi juda fayzli ekan. Hovlining adog‘ida — kun yurar tomonda anchagina keng va chuqur ariq ustiga chorpoya o‘rnatilgan. Ariq bo‘yiga qator ekilgan, hali biror marta «soqoli»ga bolta tegmagan daraxtlarning farahbaxsh kayf qilib, tebranib turishi ijodkor kishining tabiatiga mos kelib turardi. Ustozni yo‘qlab qudalari ham kelgan ekan. Xizmatda bo‘lib turgan va otasining oldida o‘zini ichmaydigan qilib ko‘rsatishi zarur bo‘lgan Anvarjonni hisobga olmaganda ulfati-chor hozir bo‘ldik-da.
Bilasiz, to‘rtta o‘zbek bir joyga to‘plansa gap albatta ijoddan ketadi. Til beixtiyor mezbonning naqadar talantli ekanidan gapira boshlaydi. Axir bunday to‘kin dasturxonni mehmonlar oqlashi kerak-da! Gap-gap bilan Anvarjon otasiga meni alohida tanishtirdi:
— Bu kishi g‘ijduvonlik... Hajvchi yozuvchi...
Tabiiyki, zum o‘tmay shunday taklif bo‘ldi.
— Hamonki, qiziqchi yozuvchi bo‘lsalar, qani biror narsalarini o‘qib bersinlar.
Shoir bo‘lsamki, yoddan biron nima o‘qib bersam. Men bo‘lsam nasrda ijod qilaman. Nasriy asarni faqat o‘qib berish mumkin. Aksiga na bir kitobim va na qo‘l yozmamni olib kelmabman. Shuning uchun ham uzr so‘rab keyingi galga qoldirmoqchi bo‘luvdim.
Abdulla aka:
— Endi yozmoqchi bo‘lib turgan biron nimangizni boricha aytib bera qoling, — deb qoldilar.
Eslay boshladim. Bir paytlar muharrirlik mashmashalari haqida bir hajviya yozmoqchi bo‘lganman-u, ammo yozishning hech mavridi bo‘lmagan, shuni aytib bera qolay.
Hamma jim bo‘lib diqqat bilan menga tikilib o‘tirishardi. Boshlay qoldim.

* * *

Bir ming to‘qqiz yuz sakson sakkizinchi yili men Buxoroda — yozuvchilar uyushmasining viloyat bo‘limida adabiy maslahatchi bo‘lib ishlar edim. Vazifamiz yoshlarga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq va maslahatlar berish, joylarda ijodiy uchrashuvlar o‘tkazib yurt manfaatlariga faqat mustaqillik yo‘li bilangina erishish mumkinligini tushuntirish. O‘sha paytlarda odamlar orasida yozuv-chizuvga qiziqish shunaqa ortib ketgan ediki, hech so‘ramang. Yoshlar, qarilar, taraktorchi va oshpazlar, eksvatorchi va kamazchilar, endi o‘qituvchilarni qo‘yavering, ishqilib hamma — qo‘liga qalam ushlay oladigan kim borki nimanidir yoki kimnidir ustidan yozardi... Bizga o‘xshagan adabiyot maslahatchilarining ishi boshidan oshib-toshib yotardi. Kimning ustidan qaerga, qanday yozish kerakligini o‘rgatib turardik...
Qo‘l yozmalar shunaqa ko‘payib ketardiki. Bir varakayi to‘rt «alloma» — Toshpo‘lat Ahmad, Isroil Subhon, Dilmurod Jabbor va kaminai mahmadana tinim bilmay ishlardik. Qo‘l yozmalar, dahanaki tashriflar... hammasi jonga tegib ketgan edi. Oshkoralik-oshkoralik deb ochib ko‘rsatmagan joyimiz qolmagan, mehnatdan manglayi qora bo‘lganlarning aksariyati qamoqxonalarda yotishardi. Biz yanada katta ishtiyoq bilan yosh qalamkashlarga qanday yozish kerakligini o‘rgatib... o‘tirardik. Ayniqsa, menga xudo bergandi. Birorta ishkalroq, chap qo‘l bilan yozadigani bo‘lsa, albatta menga jo‘natilardi.
Bir kuni ishlab o‘tirsam, xonamga bir bahaybat ijodkor kirib keldi. Deraza tomonga o‘tgandi xona qorong‘i bo‘lib qoldi. Mushaklari turtib chiqqan qirq besh yoshlardagi bu kishi yozuvchidan ko‘ra ko‘proq shtanga ko‘taruvchi sportchiga yoxud dahshatli filmlardagi monstrlarga o‘xshab ketardi. Katta yuzi butunlay quyuq soqol-mo‘ylovning tagida qolgan, katta-katta ko‘zlari yonib turar va uning naqadar ichki qudrat sohibi ekanini ko‘rsatib turardi. Millatini aniqlay olmadimu, u rus tilida gapirarkan. O‘zicha prozaik emish. Qo‘lidagi katta so‘mkasini stolim ustiga «gurs» etkizib qo‘ydi-da, uning og‘zini ochdi. Undan ikkita yostiqday-yostiqday jildli kitoblarni oldi. Ochib ko‘rsam mitti shriftda yarim intervalda yozilgan qo‘lyozma. Roppa-rosa yetti yuzu ellik bet! Har birida! Agar bu qo‘lyozmani bizlar yozadigan ikki intervalga ko‘chirsak va o‘zbekchaga tarjima qilsak Lev Tolstoyning «Urush va Tinchlik» asaridan to‘rt baravar katta bo‘ladi va mana shunaqa sakkizta jildga jo bo‘ladi. Buni o‘qigan, tahrir qilgan muharrir onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘radi! Qo‘l yozmani varaqlagan sari vahimaga tushaman. Bir payt bu soddadil kallam G‘ijduvonchasiga ishga tushib ketdi. O‘rnimdan otarib turdim. Suhbatimiz ruschada bo‘lsada men uni siz uchun o‘zbek tilida keltiraman.
— Assalom «Ustoz!» Va nihoyat men sizni topdim. Mana qanday yozish kerak! Siz dahosiz! Men qarshimda Lev Nikolaevich kabi, biroq nihoyatda tirik, «ulug‘ ustoz»ni ko‘rib turibman. Ey xudo, marhamating buncha keng! Shunday ulug‘ insonlarni yaratasanki, bunyodkorliging oldida oddiy qalamkashing lol–hayron qolaman.
«Ustoz!» deyilgan odam maroqli hayrat bilan menga ishonqiramay termuladi. Men bo‘lsam, bor g‘ijduvon kuchini ishga solib uni ishontirishim kerak, aks holda  nima ish qilayotganimni bilib qolsa, bir urib abjag‘imni chiqarishi mumkin...
«Buyuk»ni o‘tqazib qo‘yib epopeyani o‘qishga tushaman. Chamasi bu asar ikkinchi jahon urushi voqealariga bag‘ishlangan. Mana undan siz ham bahramand bo‘ling.
«... bizning tanklarimiz pandavaqi, uying kuygur nemislarning orqasidan quvib solib polyanga chiqishdi. Bitta tankada o‘tirgan tankachimiz bir otdi! Gum! Paq! Ta-ta-ta-ta-a... Nemis tanklari dumini ko‘tarib qocha... Ha, onaginangni! Qalay ekan!? Onangnikiga kirdingmi! Hali Gitleringniyam ushlab o‘tiga qalampir tiqaman...”
Birvarakayiga ellik betini ag‘darib o‘qiyman. «... Yalong‘och urg‘ochi echki nozu karashmalar qilib o‘rmonga qarab keta boshladi. Vanka tankadan tushdi-da, uning ortidan mehr bilan yo‘rg‘aladi. O‘rmon tomonlarda sigir suti yo‘g‘idi-da...».
Hammasi tushunarli. Bunaqa toifadagi qalamkashlarni oldin ham ko‘rganman. Lekin bunisiga gap yo‘q. Mehnatkashlikni qarang, bir yarim ming bet yarim intervalda tepa qator harflarining etagi past qatordagi harfning boshiga tegay deydi. Hafsala bilan muqova qilingan. Yana xolisona va qoyilona fikr bildira boshladim:
— Siz, o‘rtoq yozuvchi, Tolstoy, Balzak va Yalangto‘sh Sandiqovlar erishgan marralarni allaqachon ortda qoldirib ketibsiz.
— Kechirasiz, o‘rtoq konsultant siz shu gaplarni chini bilan aytyapsizmi? Tolstoy, Balzak tushunarli, ammo... bu Yalangto‘sh Sandiqov deganini eshitmagan ekanman.
— E, nohotki, ul zot haqda eshitmagansiz?! U kishi sizga o‘xshagan epik yozuvchilarning piriku! Ul zot bizlardan chiqib, yer yuzining yarmini uxlatib qo‘yganlar! Asaringiz zo‘r! Bo‘lmasamchi! Kim aytdi sizga asaringiz bir tiyinga qimmat, uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayoqqa oborib ishlatsa bo‘ladi deb! Bu shoh asar! Ammo uni jiddiy proza shaklida yozganingiz chatoq bo‘pti-da. Kim nima desa desin, men gapning po‘st kallasini aytaman. Odamlar toshini tersin! Siz bundan keyingi davlat prozasining otasisiz! Men bu asarni jon deb o‘zbek tiliga tarjima qilaman, agar siz qarshi bo‘lmasangiz. Siz uni jiddiy tragik epopeya ko‘rinishda yozgansiz. Men bo‘lsam uni ijozatingiz bilan epik komediya namunasi sifatida tarjima qilsam. Ammo-lekin, biroq, ikkimiz ham naq Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan bo‘lardik-da!..
— Mana do‘stim, siz shunday deyapsiz. Rahmat sizga! Ammo jamiyatimizda chin talantlarni ko‘rolmaydigan, gazeta-jurnallar, yozuvchilar uyushmalarini egallab olgan sobiq iste’dodlar rostdanam  asaring bir pulga qimmat, oborib ayoqqa ishlat deyishmoqda.
— Siz parvo qilmang. Nima Sholoxovga oson bo‘lganmi? Bulgakovni bilasiz, qanday azoblar chekmagan! Soljenitsinchi!? Haqiqiy iste’dod toptashlar yo‘li bilan odam qilinadi. Tushundingizmi!?
— Rahmat. Quloqlarimga ishonmayman. Nahotki, bizning sharoitimizda yozuvchini tushunadigan, asarining qadriga yetadigan muharrirni topish mumkin bo‘lsa?! Meni Zarafshonda, Navoiyda mazhara qildilar. Toshkentda asarim ustida yumalab-yumalab kuldilar. O‘qimagan molboqarning tilidan yozganmishman. Odam o‘ldirish manzaralari nihoyatida kulgili va maza qiladigan darajada emish.
— Men ham shuni aytyapman-da. Ilya Ilf, Yevgeniy Petrovlarni changingizda qoldirib ketibsiz! Va-xa-xa! Odamni kuldirib o‘ldirasiz-e!
Xullas, bu ijodkorni asarining nihoyatda original ekaniga chippa-chin ishontirdim. Va qo‘liga qaytarib berdim. Bo‘lmasa men uning g‘aroyib asarini eshshakday azob chekib ikki oycha o‘qishim va uning tahliliga oid yarim soatlik ma’ruza tayyorlashim, yosh yozuvchilarning to‘garagida so‘zlashim kerak bo‘lardi. U yerda mening g‘ijduvoncha usulim ish bermasdi-da...
Men uni tashqariga kuzatib qo‘yar ekanman, shunday topshiriq berdim.
— Asar nihoyatda vaqtida yozilgan. Uni ba’zi bir juz’iy xatolardan tozalab qayta — ikki intervalda yozib chiqing. Nemislarni yanada qattiqroq va yalong‘ochroq qilib, qirq inidan olib  so‘kavering. Keyingi paytlarda oshkorasiga, bemalol hatto onadan olishga ham izn bor! Amaldorlardan o‘rnak oling! Onasini emsin nemislar! Agar shunday qilsangiz kitobingiz yanada salmoqli bo‘lib, sakkizta shunday jildga jo bo‘ladi. Agar uni men o‘zbek tiliga o‘girsam, kamida yostiqda-yostiqday o‘n ikki tomli epopeya dunyoga keladi. Mayli, tarjima uchun pul so‘ramayman, Nobel mukofotiga sherik qilsangiz bo‘ldi...
— Men bu haqda o‘ylab ko‘rishim kerak. Birdaniga katta va’da berolmayman...
— Mayli, mayli, ja bo‘lmasa tarjima haqini berarsiz. Darvoqe, aytingchi, bu asarni siz necha yilda shu holga keltirdingiz?
— Rosa o‘n ikki yil bu asar ustida ishladim. Besh marta siyohli ruchka bilan, ikki marta mashinkada ko‘chirib chiqqanman.
— Yaxshi. Agar yana besh yilcha bu asarni muxtasar qilib menga olib kelsangiz, nari borsa elliklarga kirarkansiz, odamlar sakson yoshida mukofot olyapti-yu...
Ehhe, besh yildan keyin bu meni tutib olsin!.. Shunday qilib «buyuk»ni jo‘natib qutildim. O‘ziyam mendan rosa xursand bo‘lib ketdi.
Albatta, mening bu og‘zaki hajviyam o‘tirganlarga juda ma’qul keldi va gurra kulgilar bilan bo‘linib turdi. Oradan bir muncha vaqt o‘tdi, ovqat olib kelindi va u «oq choy» bilan zo‘r ketdi. Nimadir bo‘lib men Abdulla Sherga qarab, mulozamat qila boshladim:
— Abdulla aka, men hamma qatori original va buyuk ijodingizning muxlisiman. Sizning oldingizda men uchun Pushkin, Lermontovlaringiz kim bo‘libdi...
Abdulla aka bir yuzi bilan kulib  gapimni bo‘ldi:
— Mahmudjon, iltimos, shu g‘ijduvoncha usulingizni menga ishlatmang!..
Na faqat hamtovoqlar, kulgandan o‘zimning ham o‘lib qolishimga sal qoldi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.