OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahmud Yo‘ldoshev. Dunyoni o‘zgartir (hikoya)

G‘alla ortgan og‘ir mashinalar har kuni tinmay o‘tadigan katta ko‘cha tizza bo‘yi chang. Og‘ir mashinalar yo‘lning tuprog‘ini Barchin opamning upasidan ham mayinroq qilib yuborgan. Oyoq suqsang, avvaliga kuydirganday, so‘ng olam-olam huzur bag‘ishlaydi. 
Uzoqdan kelayotgan mashina, albatta Sayyor akaniki bo‘lishi kerak. Bilaman, ertalabki reysdan endigina qaytib kelyapti. Mashina orqasidan chang erinibgina ko‘tariladi va shu zahotiyoq yo‘l bo‘yiga ohista cho‘kmoqda. Sayyor aka charchagan, shuning uchun mashinani sekin haydab kelyapti.
Mashina yonimga kelib to‘xtadi. Changdan qochib yo‘lning narigi tomoniga o‘tgan edim.
— Oftobda nima qilib o‘tiribsan, — dedi Sayyor aka eshikni ochishim bilan.
Men shosha-pisha o‘rindiqqa joylashdim. 
— Sizni kutyapman..
Mashina upaday mayin tuproq ustidan suvda suzganday bir maromda guvillab yurib ketdi. Men boshqa indamadim. Sayyor aka ham ter bosgan yuzini yelkasidagi ro‘molcha bilan arta-surta ketaverdi.
Qishlog‘imiz katta emas, yigirma-o‘ttiz xonadon, hammasi bir qatorda tepalik etagida, oftobro‘yada joylashgan. Oldingi qatorda uchta imorat, Do‘nan boboning (asli ismi Jo‘raboy) uyi, kichkina kansorol va eski maktab. Qiziq, ular nimagadir qishloqning old qatoriga yastangan.
Hozir maktab binosida g‘alla shtabi joylashgan, kansorolga g‘alla to‘kilgan. Bu g‘allalar kansorolning oldidagi hovlida ham to‘kilib yotipti. Ularni keyinroq topshirishsa kerak, buni men bilmayman. Ammo hozir hamma o‘rilgan bug‘doyni markazga, elevatorga olib ketishyapti.
Sayyor aka g‘alla o‘rimi boshlangandan buyon shu yerda, kansorolda yotib har kuni g‘alla tashiydi. Indamas odam, ko‘p gapirmaydi, meni mashinasiga mindirib oladi-da, soatlab gapirmay yuraveradi. Mening bergan savollarimga "ha", "yo‘q" deb javob qaytaradi, xolos. Ammo bizning suhbatimiz tuzukkina qovushadi. Buning sababi, Sayyor akaning mening gaplarimga quloq tutishi, suhbatimning tuturug‘i bo‘lmasa-da, tinglashi menga yoqsa kerak. Men bo‘lsam ancha sergap.
Oyim g‘allachilarga non yopadi, men oyimga onda-sonda yordam beraman, qolgan vaqtim Sayyor akaning mashinasida kezib yurganim yurgan. Qishlog‘imizdagi maktab to‘rtinchi sinfgacha. Yuqori sinf bolalari boshqa qishloqqa borib o‘qishadi. Men o‘qimasam kerak. Yoz o‘tsa Sattor akaning cho‘ponlariga cho‘liq tushaman-ov. Katta otam shunday deyapti. Katta otam, bu buvam, bizda buvani katta ota deyishadi. Oyim bo‘lsa ba’zan yig‘lab-yig‘lab, o‘qiysan, dadang bo‘lganda albatta o‘qitar edi, deydi. Men dadamni yaxshi bilmayman. Men uch yasharligimda u kishi qamalgan, keyin qamoqda kimlardir urib o‘ldirib qo‘yishgan.
Oyim meni o‘qishga borasan deyapti, shuning uchun cho‘liqlikka yubormadi. Bundan foydalanib yoz bo‘yi Sayyor akaning mashinasida o‘zimcha yordamchi bo‘lib yuribman.
O‘tgan yili ham g‘alla o‘rimi paytida g‘alla tashigan mashinalarda yurar edim. Meli akaning mashinasi yangigina bo‘lsa ham negadir ko‘p buzilar edi. U men javob bermasam ham har xil narsalarni gapiraverar, mendan maslahat so‘rar, yosh boladay negadir biror gapni bir necha bor takrorlayveradigan odam ekan. Bu yil negadir kelmadi. Kelmagani ham yaxshi, mana Sayyor akaning mashinasi eski bo‘lsa ham buzilmaydi, buzilmasa ham negadir Sayyor aka kechqurunlari mashinaning u yer bu yerlarini kovlagani kovlagan. Men kattalarday nimasi buzildi, desam, indamasdan, o‘n yettini olib ber, latta qani, ha ana, berib yubor, deb men bilan indamas suhbat quradi-da, ikkimiz mashina tuzatamiz. Katta otam mening Sayyor akaning yonida o‘ralashib yurganimni ko‘rgan paytlari, Sayyor, shunga mashinani o‘rgat, zora senday shopir bo‘lsa, o‘qishga ham endi bormaydi, deb qo‘yadi.
Mana, bugun ham kechqurun mashinaning allaqaerini Sayyor aka ikkimiz tuzatdik. Kech kirganda men uyga ketdim. Sayyor aka yana dalaga, kombaynchilarga non olib jo‘nadi.
Kechasi yulduzlarga qarab yotishni yaxshi ko‘raman. Ular jimir-jimir qilishadi, biri o‘chib biri yonadi. Yaqinda yulduzlar orasida birovining yurib ketayotganini ko‘rib qoldim. Yulduzlar yurmaydi-ku, oyi, huv anavi yulduz yurib ketayapti, qarang, qarang desam oyim ham hali uxlamagan ekan, yo‘q, u yulduz emas, raketa bo‘lsa kerak, dedi.
O‘shandan keyin "Fan va turmush" jurnaliga xat yozib yubordim. O‘sha tundagi qanaqa raketaligi bilan qiziqdim. Xatni Sayyor aka markazdagi pochtaga tashlagan, javobi keladi.
Yoz ham o‘tib ketyapti, yaqinda bitta echkimiz yo‘qolib qoldi, oyim ancha yig‘ladi. Meni ham urishdi. Men nima qilayin, podada yo‘qolibdi.
Qishloqdagi uziq-yuliq gaplardan xabar topib yuradigan, kim biladi, balki o‘zi chiqargan Shokir g‘ilay kecha meni Sayyor akaning yonida yana ko‘rdi-da, ha bola, akang bilan g‘alla tashiyapsanmi, o‘rganaver, akang yaqinda dadang bo‘lib qoladi, deb o‘tib ketdi.
Sayyor aka Shokir g‘ilayga biron nima demadi, mashinaning allaqaerinidir tuzatib bo‘lib qo‘lini lattaga artib turgan edi, Shokir g‘ilayning bu so‘zlaridan keyin lattani mashina eshigidagi tirqishga asabiylashib qistirdi-yu eshikni qarsillatib yopdi. Men kabinada edim. Sayyor aka indamasdan mashinani yurgizdi-da, dalaga qarab haydadi. Menga qarab sen qolmaysanmi, dedi. Boraman, dedim. Lekin mashina kansoroldan o‘tib bizning uyga yaqin kelganda Sayyor aka mashinani to‘xtatib, tush, issiqda nima qilasan, uyga borib damingni ol, dedi-da, e’tirozimga qaramasdan meni tashlab ketdi.
Men ham hech narsa demasdan tushib qoldim, qarasam Sayyor akaning avzoyi ancha buzuq. Uyga kelib biroz uyoq-buyoqqa yurdim. Ish bo‘lmasa nima ham qilardim. Uyimiz orqasiga o‘tsam, ko‘chada bolalar oshiq o‘ynayotgan ekan. Men ham oshiq o‘ynadim, ammo o‘yinni boy berdim, yana uyga qaytdim.
Kechroq oyim Sayyor akang bilan yana dalaga borsang Zarif bobongdan bir-ikkita qovun olib kelgin, dedi. Bu menga yaxshigina bahona bo‘ldi-da, ko‘chaga chiqib qadrdon mashinani kuta boshladim. Sayyor aka markazdan qaytib kelayotgan ekan. Meni ko‘rib to‘xtadi. Oyim Zarif boboning paykalidan bir-ikkita qovun olib kelgin dedi, deb kabinaga kirib eshikni yopdim.
Dalaga qarab ketyapmiz, chang orqamizdan quvib yetolmaydi, bugun sal shamol bor. Mashina orqasidan ko‘tarilgan chang mening orzularimday po‘rtana-po‘rtana bo‘lib uzoqlarga borib yotayapti. Kabinadan boshimni chiqargancha sochlarimni to‘zg‘itib ketyapman, — Sayyor aka,— dedim. Shamoldan va boshim kabinadan chiqib turgani uchun tovushimni Sayyor aka eshitmadi. U tomon yuzlandim. 
— Sizga sovchi bo‘lsam maylimi?
— Mayli,qanday qilib sovchi bo‘lmoqchisan?
— Siz oyimni olsangiz biz ham rayonga ko‘chib ketar edik, men sizga o‘g‘il bo‘lib o‘sha yerda o‘qir edim.
— He, ukam, sen sovchi bo‘lolmaysan, katta otang sening aytganingni qilmaydi. Bu dunyoning sen bilan mening tishim o‘tmaydigan o‘zgarmas ishlari ko‘p, biz ularni o‘zgartirolmaymiz.
— Sayyor aka, qo‘lingizni bering.
U kishi mashina moyida qorayib ketgan qadoq qo‘llarini men tomon uzatdi. Bosh barmog‘ini ushlab ko‘rdim. 
— Eh attang, siz Xo‘jayi Hizr emas-da. Bilasizmi, katta otam biron nima kerak bo‘lsa, Xudodan o‘nta so‘rasang beshtasini beradi, deydi. 
— Balki, — deb kulib qo‘ydi Sayyor aka.
— Sayyor aka, agar men bir dumalab Dev bo‘lib qolsam, o‘shanda bu dunyoning ko‘p ishlarini o‘zgartirgan bo‘lardim. 
Sayyor aka men tomon o‘girilib, sochlarimni silab qo‘ydi. Negadir ho‘rligim keldi. O‘kirib yubormaslik uchun bosh barmog‘imni qattiq tishladim. Biroq baribir ko‘zlarimdan yosh chiqib ketdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.