OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Matluba Dehqon qizi. Gul so‘qmoqlar (esse-qissa)

Tiriklik chog‘i aytolganim so‘z…
Meni ham ming yillar qilar hikoya.
G‘afur G‘ulom.

 Sochilib yotibdi tuyg‘ular,
 Ko‘nglimning bog‘lari parishon,
 Qay yaproq xazonga yuz tutar,
 Demak, kuz, oltindan bir nishon.
 Men seni izlayman Oltin gul,
 Bir umr, bir umr izladim.
 Zarrasin topsam ham mayli, deb,
 Armonning ichinda bo‘zladim.
 Ko‘nglimga yaqinroq kelgil, So‘z,
 Qog‘ozga to‘kilib, shu’la bo‘l,
 Zoraki, zimiston yorishsa,
 Zoraki, ufqqa ochsang yo‘l…
 Zoraki…

 Ijod – mashaqqat. Zahmatli yo‘l. Biroq ijod bor joyda – zafar bor. Bir yaxshilik bor. Ko‘ngilni yorituvchi nur bor.
 Ijod – bu ko‘ngil mehnati, tuyg‘ularning g‘uncha misol ochilishi, hayajonlar hosilasi. Daftarlarimda sochilib yotgan ushbu mavzudagi bitiklarni kitob holiga keltirishga ahd qildim.
 Yozning qaynoq kunlari oxirlayapti va shu daqiqalarda kichkinagina hovlimizga nazar tashlab yashashning o‘zi ham katta ijod ekaniga, yer yuzidagi namaiki bo‘lsa, izlanishda, yaratishda ekaniga iqror bo‘ldim. Behilar oltin mevalarini ko‘z-ko‘zlayapti. Makkajo‘xorining tishlari – tillo. Anorlar quyoshdan zuvala olganday. Uzumlar donasi – gavhar misoli. Xurmo g‘uj-g‘uj mevalarini pishirish uchun hamon quyoshga tashna. Gullar, rayhonlar-chi…Ular bag‘rida qancha rang, qancha nafosat, ifor... Yer o‘z tantiligini ko‘rsatib, jannatini ko‘z-ko‘zlayapti. Bularning hammasi ijod emasmi? Xuddi shunday!
 Mening ushbu bitiklarim esa ko‘ngil, uning hur so‘qmoqlari, yaratgani, insho etgani – So‘z haqidadir.

* * *

 So‘z – ilohiy ne’mat. Har bir yaxshi So‘zning o‘z barakoti bor. Yaxshi so‘zlar hayot g‘ildiragini yaxshi tomonga, yomon so‘zlar esa yomon tomonga aylantiradi.
 “So‘z – tirik olam!”– deydi bilganlar. U – ko‘ngildan to‘kiladi. U xuddi obi hayot misol Mehr chashmalarini zuhur etadi. Inson olamini poklaydi. Tafakkurga chorlaydi. Yaxshilikka, yorug‘likka yetaklaydi.
 Biz, qalam ahllari Yaratganning ana shu ulug‘ martabasiga muyassar bo‘ldik. Qog‘ozlarga dilimizni to‘kib, odamlarga hadya etdik. Aslida bu yo‘l faqat zahmatdan, mehnat va mashaqqatdan iborat edi. Biroq u qanchalar qiyin bo‘lmasin, so‘kmoqlari hur, so‘zlar kelayotgan lahzalar huzur edi.
 Ijod hamisha sir-sinoatligicha qolgan, hech kim uning poyoniga yetolmagan. Ijodkor esa ko‘ngilni oppoq qog‘ozlarga bitayotganiga, ko‘chirayotganiga shukur qiladi. Goxo so‘zlar jilvasidan o‘zi ham behad hayratlanadi. Negaki qalam ahli inson olamidagi go‘zallikning gullayotgan onlarini, tuyg‘ularning gul misoli ochilayotgan rango-rang chehrasini, mehrning chashmaday tiniqligini, muhabbatning tomchilayotgan jolalarini qog‘ozlarga bitadi va bu ishga qodir bo‘layotganidan o‘ziga sig‘maydi.
 Talabalik yillarim rus yozuvchisi Konstantin Paustovskiyning ijod zahmatlariga bag‘ishlangan “Oltin gul” kitobini o‘qidim va So‘zlar tug‘ilayotgan ondagi “to‘lg‘oqlar” tasviriga ilk bor guvoh bo‘ldim. Keyinroq Valentin Kataevning “Xayol chechaklari” kitobini o‘qidim. Kitobning nomi o‘zi go‘zal. Ijoddagi tug‘ilishlarni yozuvchi “Xayol chechaklari” deb nomlagan. Haqiqatan ham shunday… Shogirdning o‘z ustozi eshigi ostonasidagi ichki titroqlarini shu kitobda ko‘rdim. Bu titroqlar ichinda qancha ixlos, muhabbat, adabiyotga fidoyilik, So‘zga ehtiyoj bor.
 Har ikki kitob meni kichkina so‘qmoqlardan katta yo‘llarga intilishimga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, tabiat oshig‘i Paustovskiyni shunday yaxshi ko‘rdimki, uning hikoyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilolmaganimdan hamon armondaman. Xuddi shu o‘rinda aytgim keladiki, qo‘liga qalam ushlagan ijodkor kuchi yetganicha tillarni o‘rganishi zarur. Rus tilini bilgan rus adabiyotidan, ingliz, frantsuz, arab, yapon va boshqa tillarni bilgan odam o‘sha xalq adabiyotidan bahramand bo‘ladi. O‘ziga yoqqan asar bo‘lsa, tarjima qilib, boshqalarni ham bahramand qiladi.
 Bir kuni Sergey Yeseninning “Maktublar” to‘plami qo‘limga tushdi. Kitobni rus tilida o‘qidim. Xolasiga, singlisiga, do‘stiga, sevgilisiga yozgan maktublar edi ular… Bildimki, maktub – muhabbat ekan. Kimgadir maktub yozishga chog‘langan odam unga muhabbatini, sog‘inchini to‘kadi, albatta. Inson sog‘inchidagi yaxshiliklarning poyoni bormi-ya… Yesenin maktublarini shunday tarjima qilgim keldiki… Eplolmadim. Tilni mukammal bilmasligim yo‘llarimni berkitdi.
 Yillar o‘tgan sayin “Oltin gul” singari kitoblarni o‘qishga ehtiyojim kuchaydi. Negaki, asarning to‘lg‘oqlari, tug‘ilishi – o‘zi bir asar. U o‘sha yaratilgan roman, qissadan ham qiziqarliroq bo‘lsa, ne ajab. Hammadan uning to‘lg‘oqlari qiziq. Xuddi qorong‘u osmon yorishib, asta-asta yulduzlar chaqnaydi.
 Ko‘nglimda hamisha “Ijod so‘qmoqlari” degan kitob yozish ishtiyoqi yolqinlanib turdi. O‘zim ham hazrat Navoiy haqidagi romanni Oybek qanday to‘lg‘oqlar bilan yaratganini bilgim va saboq olgim keladi. Qani o‘sha asar yaratilayotgandagi yozuvchi kundaliklari bo‘lsa edi. Albatta, u kundaliklar zahmatdan, o‘zini unutib, Navoiy yashagan davr tarixi orasiga kirib ketgan, bitta qalami bilan qancha murakkab shaxslar olamida yashagan yozuvchining azoblarini aytgan bo‘lardi. Balki bu kundaliklar insonni maydalikdan, yengil-elpi qarash, yashashlardan asrab qolarmidi! Qani deyman, R. Fish yaratgan “Jalolliddin Rumiy” romanining yaratilishi xaqidagi yozuvlar bo‘lsa!
 Men aniq bilamanki, ushbu kitobni yozishimda “Oltin gul” kitobi va uning muallifi yo‘lchi yulduz bo‘ldi. Yozuvchi o‘z ustozlari xaqida shunday samimiy yozadiki, xuzur qilib o‘qiysiz va odamlarni yanada yaxshi ko‘rasiz. Yozuvchi yozilajak asarlariga materiallar topish, to‘plash uchun gohi necha oylab dengiz bo‘ylariga, zavodlarga ketadi. Gohi ulardan hech narsa chiqarolmaydi.
 “Oltin gul”ni o‘qiymanu, yozuvchining hamma mehnati ham Ijod bo‘lib tug‘ilmasligini anglayman. Bunday paytda ijodkor ruhan tushkunlikka tushmasligi kerak. Ko‘ngil to‘lqinlanyaptimi, yozing! Odamlarga nimadir aytgingiz kelyaptimi, yozing!
 Paustovskiy “Oltin gul” asarining boshida o‘quvchisiga eslatadi:
 “Bu yozganlarim uzuq-yuluq...”
 Biroq men ularni maza qilib o‘qiyman va ijod so‘qmog‘ida tentirayotgan ruhimga ohangdoshlik sezaman. Uzuqmi, yuluqmi, goho uzunmi, goho qisqami... Nima bo‘lsa ham o‘quvchini o‘ziga torta olsa, demak, u yaxshi kitob!
 Men ushbu bitiklarimda ijodkor ayol mehnati ham osonlikcha sodir bo‘lmasligini tortinibgina aytgim kelayotganday, azizlarim. Ha, bu mehnatlar kechgan damlarni hur so‘qmoqlar degim keladi. Ko‘zyosh kabi to‘lib turgan, muhabbatga qorishib-qorishib, ko‘ngilning, olamning, Vatanning asl ranglarini qidirgan qalam haqida, iztiroblar, ixloslar, ishtiyoqlar haqida yozgim kelyapti.
 Ijod so‘qmoqlarida bildimki, yozuvchining kitobi chop etilgan kunlardagi quvonchlari emas, eng yaxshi asarini yozaman deydi-yu, biroq yozolmagan armonlari ko‘proqqa o‘xshaydi. O‘sha armonlari ichida yozuvchining odamlarga yetib bormagan qancha izlanishlari – to‘lg‘oqlari ham borligi rost, aniq.
 
* * *

Har bir ijodkorda Kundalik bo‘lishi tabiiy. Kundalik – ijodkor uchun eng yaxshi dastyor. Yashayotgan kunimizdan bir go‘zal tuyg‘u topamizki, kundalik bitamiz. Ular oylab, gohi yillab g‘aladonlarda yotsa ham bir kuni asqotadi. Goho yangi bir asarning tug‘ilishiga “turtki” bo‘ladi.
 O‘qigandim, ustoz Abdulla Qahhorda bir nechta yondaftarchalar bo‘lgan ekan. Ularga nozik iboralarni, asar qahramoni fe’l-atvorini ochadigan so‘zlarni yozib qo‘ygan. Asarlarida ulardan foydalangan. Shu o‘rinda beixtiyor Abdulla Qahhor bilan Said Ahmad o‘rtasidagi suhbat yodga tushadi.
 ...Do‘rmon ijod uyida Said Ahmad “Ufq”romanini yozib, tugatayotgan kunlarda Abdulla Qahhorga ro‘baro‘ kelibdi. Salom-alikdan keyin:
– Ha,nima gap? – so‘roqlabdi Abdulla Qahhor.
 – O‘g‘lini otib qo‘ydi, – debdi Said Ahmad asar qahramoni Ikromjon haqida gapirib.
 – Yo‘g‘-ey! – Abdulla Qahhor bir so‘z bilan bu ishni shunday qattiq inkor etibdiki... va:
 – O‘zbek o‘z bolasini hech qachon otmaydi. Bu – o‘zbekka xos ish emas, –deydi. Hozir o‘ylasam o‘shanda ustoz, Abdulla Qahhor o‘zbekni, uning tabiati, ruhiyatini yaxshi bilgan, butun millatimiz qalbini nazarda tutgan ekan.
 Bo‘lmasa, yalpi urushdan qochgan, Vatan himoyasiga yelka tutolmagan farzandidan g‘azablangan, nafratlangan ota qanday yo‘l tutishi mumkin?
 Said Ahmad uzoq o‘yladi. O‘sha ota siymosi, nafrati, g‘azablari ichida to‘lg‘ondi va millat ruhi aks-sadosini berguvchi so‘zlarni topdi. Ya’ni, ota o‘g‘liga qarata nafrat bilan o‘q uzdi. Ha, o‘sha otilgan o‘q – otaning nafrati edi. Biroq bu o‘q nishonga tegmasligini otalik tuyg‘usi bois jon-dili bilan istadi. Yozuvchi o‘z asariga xuddi shu o‘rinda yangitdan ikki so‘zni kiritdi:
 – Xayriyat, tegmabdi...
 Bu so‘zlar aksu sadosida Ikromjon qalbi, ko‘ngli, alamlari, armonlari o‘zbek millatining dardi bo‘lib bo‘y ko‘rsatdi. Bu ikki so‘z o‘zbekning qancha og‘riqlarini o‘ziga jo ayladi. Unda butun bir millat qalbiga xos Rang topildi. Va xuddi shu o‘rinda ba’zi yalang‘och tuyg‘ular haqidagi asarlar nahot bizning, ya’ni o‘zbekning siymosi bo‘lsa-ya, deb o‘ylab qoladi kishi.
 Bir kun shunday kitob qo‘limga tushdi. Kitob bir prokuror xotiralariga asoslanib yozilgan edi. Unda atrofimizda va qaerlardadir sodir bo‘lgan jinoyatlar, fojialar qalamga olingan edi. Shu kitobni o‘qidimu, men uchun go‘zal va jannatmisol hayot jirkanchli olam bo‘lib, ko‘z o‘ngimdan ketmay qoldi. Eshikka xavotir bilan, har bitta odamga hadik va ishonchsizlik bilan qaray boshladim. Hatto o‘zimdan-o‘zim zerikdim. Hech kim bilan gaplashishni istamasdim. Kitobdagi voqealar ishonarli tasvirlangan. Birdan o‘ylab qoldim, har bir sarguzasht, fojia nechog‘li tabiiy va rost tasvirlanmasin, u ko‘nglimizda bir chechak ochdirmas ekan, o‘sha kitob, ya’ni inson ruhini poklaguvchi kitobiga kelgan lahza, tasvir, tuyg‘u, So‘z bo‘la olmas ekan. U– razolat, qabihlik, inson olamini tahqirlaydigan jirkanch voqealar... xolos. Boshqa hech narsa emas. O‘sha voqealardan “nimadir” topa bilish, umuminsoniy xulosa chiqara olish – yozuvchilik ekani rost. Qop-qora tunni tong nurlari yoritadi. O‘sha nur – umid, ishonch, yashashga ishtiyoq... Har qanday voqealar silsilasi ichinda ham albatta yorug‘ nurlar bor. Haq bor, haqiqat bor. Biz, ya’ni kitobxonlar qaysi bir kitobni o‘qir ekanmiz, nurmisol chorlaguvchi sadoga, ich-ichimizdagi tugunlarni yechguvchi yechimga, ko‘ngil ko‘zlarimizni “yarq”etib ochguvchi, oldinga yetaklovchi shu’laga intiq bo‘lamiz.
 
* * *

 Kunlar shunday tez o‘tyaptiki... Salkam uch oy qo‘limga qalam olmabman. Yozolmagan kunlar rostdan ham alam! Har kuni ayniqsa, uch dona so‘z yozilganda ham, bu – o‘sha kuning yorug‘ izi bo‘lib qolardi. Afsus.
 Yozganingda-yaxshi. Ko‘nglingning to‘lqinlanib, mavjlanib, hayotga nimadir hadyalar etayotganini ko‘rib turasan. Ular qog‘ozlarda ko‘rinadi. Va bir kuni odamlarga yetib borsa, albatta, ularga cho‘g‘ bo‘lib, taft beradi. Ijod so‘qmoqlari, zahmatlari haqida yozishimdan maqsad, bildimki, odamlarda kitobni sevishga rag‘bat uyg‘otish ekan. O‘tgan kunlar davomida tarixchi Nodirbek Abdulahadov bilan Tolibjon G‘ozievlar muallifligidagi “Shohimardon” kitobini o‘qidim. Bu kitob qatlarida tarix ham bor, biz bilmagan haqiqatlar ham bor. Rivoyatlar, g‘ayb sir-sinoatlari ham bor. kitobni o‘qib chiqqach, albatta, mualliflariga rahmatlar aytasiz. Negaki, bu kitob tarix sahifalarini titkilab, qancha qog‘oz-hujjatlarga ko‘zlar nurini to‘kib, topilgan manbalar va mualliflarning ko‘ngil chig‘iriqlaridan o‘tgan izhorlari edi. Xalqimiz tilida hamisha ardoqlangan tarixiy shaxs –Hazrat Ali haqidagi hujjatli asar edi. Agar shu kitobni o‘qimasam, uning qatidagilarni anglashimga, ularni izlab topishimga umrim yetmagan bo‘lardi.
 Hazrati Shohimardon pirim... Ularni o‘ylasam, hayratdan, hayajondan ko‘zlarimga yoshlar to‘lib, qalqib keladi. Qarangki, biz qaerda turgan bo‘lsak ham:
 “Yo sheri dargoh pirim!” –deya u kishini chorlasak, biz tomonga shoshib, yetib kelar ekan. Insonlarga yordam berish maqomini o‘zlari Allohdan tilab olgani haqidagi voqealar alohida ta’kidlanadi. Odamlar Hazrat Ali nomini tinmay ardoqlashlarining boisi ham shudir. Kitobni o‘qiymanu, nega shu aziz bobolarimizdan ibrat olmaymiz, deya o‘zimga savol beraman.Tirik bo‘la turib, qo‘limizdan kelsa ham gohi yordam bergimiz kelmaydi. Nazarimda hammayoq hisob-kitobga o‘xshaydi. Hatto onalar va bolalar, otalar va farzandlar o‘rtasida ham hisob-kitob! Moddiyatni hisob-kitob qilish o‘rinlidir. Ko‘ngil olamimizga Alloh bergan Mehr bulog‘imizdan hech bo‘lmasa shirin lutflar, barakotli so‘zlarni hisobsiz hadya etsak, savob ustiga savob bo‘ladi-ku, deb o‘ylayman. O‘shanda insonlar bir-birimizga mehribonroq bo‘lamiz. O‘shanda Ona bechoralar, keksaygan otalar farzandlari yo‘lida nigoron o‘tirmagan bo‘lardi.
 “Kitob o‘qigan odamdan yomonlik chiqmaydi” degan gap ulug‘lar tilida tez-tez takrorlanadi. Bu rost! Kitob ko‘targan odam birovga musht ko‘taradimi? O‘g‘irlik qiladimi? Pastkashlikka boradimi? Aslo! Uning qalbida adabiyot, ya’ni adab-odob bor.U– ilm egasi.
 “Shohimardon”kitobidagi Hazrat Ali hikmatlarida ham shunday fikrlarni o‘qidim.
 “Odamlar ikki toifadirlar: ilmlilar va eshitib, yodda saqlovchilar, qolganlar esa foydasi yo‘q, betayin odamlardir.
 Ilm-fan yuksak taraqqiy etgan hozirgi kunda xalqimiz tilidagi, dilidagi “Beshikdan to qabrgacha ilm o‘rganish insonga zarurat, fazilat” degan gaplar o‘z haqiqatiligi isbotlanmoqda. Bugun bir kun ilmsiz yashab bo‘lmaydi. Agar biz shunday yashamasak, qalban qashshoqlashib, ruhimiz ojizlanib qolishi aniq.
 
* * *    
             
 Ustoz Yo‘ldosh Sulaymon aytardilar:
 “Yozayotgan odam o‘zini bemalol qo‘yishi kerak. So‘zlar quyilib kelyaptimi, yozavering! Keyin uni qisqartirish,tahrir qilish oson.
 Ijod jarayonlari... Astoydil qarasangiz juda og‘ir. Ijodkor intilib-intilib, oldinga qadam bosmasa, qalamini qitirlatmasa, hech narsaga erisholmaydi.
 O‘zbekiston xalq shoiri Maqsud Shayxzoda vafotlaridan ikki yilcha oldin Farg‘onaga keldilar. Viloyat gazetasi tahririyatida u kishi bilan uchrashuv bo‘ldi.
 – Yozayotganda to‘xtamay yozishga harakat qiling, – dedilar ustoz. – Yozib bo‘lgach, yozganlaringizni o‘n besh kun g‘aladonga tashlab qo‘ying. Keyin olib, uni o‘qiydigan o‘quvchi ko‘zi bilan o‘qing. Yozganlaringiz o‘zingizga ta’sir qildimi? Ta’sir qilgan bo‘lsa, demak, yaxshi ijod bo‘libdi. Yangi asar tug‘ilibdi!
 Agar u Sizni zeriktirsa, o‘qigingiz kelmay, tashlab qo‘ysangiz, qaerlaridir ezmalikka o‘xshasa, demak, bu asar emas. Yo undan voz keching yoki ustida qattiq ishlang, ter to‘king!..
 Bu o‘gitlar bizga bir umrlik saboq bo‘ldi.
 Konstanin Paustovskiy ijodni oltin zarralardan yaralgan Oltin gulga o‘xshatadi. “Bu oltin gul qaysi xonadonda bo‘lsa, oilaga omad, baxt olib kelar emish...” –deb ta’riflaydi. Ha, chindan ham ijod – oltin gul! U ijodkorning tillo tuyg‘ularidan sachragan hislar, hayajonlar, hayratlar, cho‘g‘lar, olovlar hosilasi bo‘lib tug‘iladi. Hatto,eng yomon she’rda ham his bor. (?)
 Shunisi quvonchliki, odamlar o‘z shoiriga, yozuvchisiga ishonadi. Hamisha eliga, yurtiga, odamlarga, adolatga, haqiqatga qayishadigan, vaqti kelsa, himoya qiladigan, ijodi bilan og‘riqli dillarga malham qo‘yadigan qalam ahliga xuddi o‘ziga ishongandek ishonadi.
 Yomon odamlar, yolg‘onchilar, g‘iybatchilar, o‘g‘rilar, xiyonatkorlar, sotqinlar, vatanfurushlar, poraxo‘rlar hech qachon to‘rt misra she’r yoza olmaydilar. Chunki ularning qalblari xasta, kinga to‘la.
 Ijodkor qalbi avvalo Mehr bilan to‘la bo‘ladi. U – mehribon, ilinchoq, kuyunchak... Uning ana shu tuyg‘ulari ko‘nglidan toshganida,qog‘ozlarga to‘kib, odamlarga ulashadi.
 
* * *

Odamlarning o‘zidan olib,    
Odamlarga bermoqdir ishim.
 Erkin Vohidov.

 Bugun psixiatr-terapevt hikoyasini eshitib, yana So‘zga qulluq qildim. Iqror bo‘ldimki, bu toifa shifokorlar o‘z bemorlarini igna bilan yoki achchiq dorilar bilan emas, So‘z bilan, So‘z sehri bilan davolayapti.
 “Psixoterapeya muolajasi har kuni har bir bemorga yarim soatdan olib boriladi, – deydi shifokor. – Bizning shifo qurolimiz ham So‘z! Bemorning dag‘allashgan, toshdek qotib, sahroga aylanib qolgan ko‘nglini So‘z bilan yumshatamiz. Unda gul undirishga, chechaklar ochdirishga urinamiz. Bir ayol bemor keldi. Besh kun muolaja olib bordim. Surishtirsam, umuman, kitob o‘qimagan eka. Gazeta-jurnal haqida biror tasavvurga ham ega emas. Shunday zamonda! Oilada birga yashaydigan hamxonalaridan birortasi haqida ijobiy fikri yo‘q. Hatto o‘z farzandlaridan ham norozi...
 Axir, bu – do‘zaxda yashash degani emasmi? Bemorimga vazifa berdim. Siz hayotning shirinligini, go‘zalligini his etishingiz uchun avvalo o‘z atrofingizdagi odamlarning yaxshi fazilatlarini ko‘ra bilishingiz kerak.Siz ularni izlab toping.Axtaring. Birinchi, qaynonangizning yaxshi tomonlarini, keyin turmush o‘rtog‘ingizdagi ijobiy xislatlarni topib, yozib keling. Birgalashib o‘qiymiz, – dedim.
 – Voy, ular shunaqa yomon odamlarki... – bemorim qaysarlik bilan ters javob berdi.
 – Axir, Siz ular bilan birga yashayapsiz, bir dasturxonda o‘tiribsiz. Bitta qozondan ovqat yeyapsiz. Axir, eringiz topib-tutib kelayotgandir?
 –Topib keladi. Chor hunari bor usta. Faqat qildan qiyiq axtaradi, tajang.
 – Negaki, Siz o‘sha eringizga faqat yomon ko‘z bilan qarayapsiz. Siz uni hurmatlab, izzatini joyiga qo‘yib, muomala qilmayapsiz. Qaynonangizga ham shunday munosabatda bo‘lsangiz kerak.
 Bemorim indamadi. Oradan kunlar o‘tdi. Huzurimga bemor ayol kelganda, rosti, hafsalam ancha pir bo‘ldi. Emishki, ulardan birorta ham yaxshi fazilat topolmabdi.
 Men o‘sha ayol qalbida gul undirmoqchi edim. Ko‘nglida gul ochilib turgan odam atrofidagilarga ham gulday iforini sochib qaraydi. Ro‘parasidagi tajang, g‘azabi qaynab turgan odamni ham muloyimroq bo‘lishga chaqirganday tabassum ulashadi. Shunday emasmi?
 Taqir, sahro ko‘ngilda gul ochdirish oson emas. Shunday bo‘lsa-da,har birimiz anglab yetishimiz kerakki,gul bo‘lmoqqa urinsak, yonginamizdagi asabiyliklar chekinadi.Bir nazar soling-a, gullar bir-birlariga kulib qaraydilar. Go‘yo ular jannat bo‘lib yashaydilar. Yaxshi,inoq, ahil bo‘lib yashash, nazarimda, har birimizning o‘z qo‘limizda...
 Psixoterepevtning kuyunishlari o‘rinli. Uning orzulari ham inson ko‘ngli haqida.To‘g‘rimi? Boshqalar haqida yaxshi so‘zlar ayta olsak, hayot ko‘zimizga yanada go‘zal ko‘rinadi. Ana shunday, ya’ni odamlardan fazilatlar topa oladigan, yaxshi so‘zlari, go‘zal fikrlari bilan ruhiyatimizni bezatadigan insonlar bo‘lg‘usi, yozilajak asarlar qahramonlari bo‘lishga haqlidirlar. Negaki, ular yaxshilik yaratuvchilar va yomonlik bilan kurashuvchilardir.
 
* * *

 Qarangki, bugun yoshim oltmish to‘rtga qadam bosdi. Hali chiqishni ko‘zlagan cho‘qqilarim ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, gohi endi hech narsaga kuchi yetmaydigan, zaif odamday o‘tirib qolaman. Gohi intilib, izlanib, chumoliga o‘xshab, gohi igna bilan quduq qaziyotganday oldinga talpinaman.”Ko‘ngil malhami” she’riy to‘plami ham shu tariqa dunyoga keldi.
 ...2007 yil 15 iyun. Shom va xufton orasida umr yo‘ldoshim, shoir Abduvali Ortiqov Vodil yo‘lidagi yurak xastaliklari shifoxonasida omonatini topshirdi. Inson Alloh yo‘liga hozirlik ko‘rib, hamisha shay turishi kerak ekan. O‘lim qosh bilan qovoqning o‘rtasida deyishsa-da, odamzot yashagisi keladi. Doktorlar umr yo‘ldoshimni “Og‘ir, og‘ir!”– deyishsa-da, umidlarim katta edi. Negaki, uning shoir ko‘zlari so‘nggi daqiqagacha chaqnab turdi. Ranglari ham, hatto ovozi ham binoyidek edi. Erkintoy o‘g‘limizga:
 – Ertaga qalam, daftarlarimni olib kelgin, men endi she’rlar yozaman, –deb tayinlagan odam, ikki soat o‘tmay, yorug‘ dunyoni tark etdi. Yurak ishi shunaqa tez ekan...
 O‘sha voqeadan keyin uzoq vaqt betob odamga o‘xshab yurdim. Ko‘ngil so‘rab Andijonning Marhamatidan kursdosh dugonam Mahbuba keldi. U meni yupatib:
 – Endi Abduvalini o‘lib qoldi, deb yig‘lab o‘tiravermagin, – dedi ham malham bo‘lguvchi, ham hushyorlikka chorlovchi tovush bilan. – O‘zimiz ham nechaga chiqdik? O‘ylab ko‘r! Undan ko‘ra Abduvali ulgurmagan ishlarni sen qilgin. Nimagadir ulgurish kerak... –dedi.
 Bu so‘zlar xiyol o‘zimga keltirdi. Ohista umr yo‘ldoshim daftarlarida qolgan she’rlarni topib, kompyuterga ko‘chirishga kirishdim. Bu ish tez bo‘lmadi. Juda sekinlik bilan bordi. Biroq qimirlagan jon rostdan ham qir oshar ekan. 2010 yilning mart oyida O‘zbekiston xalq shoiri, kuyunchak, hech bir insonni e’tiborsiz qoldirmaydigan ustoz opamiz Oydin Hojieva turmush o‘rtoqlari, adabiyotshunos olim, o‘zbek adabiyotining zukko tarozuboni, ustozimiz Ibrohim G‘afurov bilan Chimyonga davolanishga keldilar. Chimyonlik kursdosh dugonam Muborakxon bilan bu aziz insonlarning diydoriga oshiqib bordik. Hol-ahvol so‘rashgach, Oydin opamiz:
 – Matluba, nega kitob chiqarmayapsiz? – deb so‘rab qoldilar.
 –Hozir shunaqa niyatda yuribman. Turmush o‘rtog‘imning she’rlarini to‘playapman. Unga o‘zimnikidan ham qo‘shmoqchiman. Bir oilada yashagan ikki ijodkorning kitobini tayyorlayapman, – dedim.
 –Yaxshi, unday bo‘lsa, birorta ustozga so‘zboshi yozdiring...
 O‘ylanib qoldim.”Kimga aytaman.Kimga borib iltimos qilaman?..”
 – Oydin opa,o‘zingiz... – niyatimni oxirigacha aytishga tortindim.
 – Mayli, ko‘rib beraman, – dedilar Oydin opa.
 Xayrlashdik. O‘sha kundan boshlab, yarim yo‘llarda qolib ketgan ishlarimni davom ettirishga kirishdim. Qo‘lyozmani Toshkentga – Oydin opaga jo‘natdim.
 Oradan biror oy o‘tib, iyul oyi boshlarida qo‘ng‘iroq qildim.
 – Kelavering,o‘qib chiqqanman. Imlo xatolari ham juda ko‘p ekan, tuzatib chiqdim. So‘zboshini yozib qo‘yaman, – dedilar.
 Ustozlar ustoz ekan-da! Men shosha-pisha jo‘natgan, kompyuterdan chiqqan nusxani Oydin opa hijjalab, imlo xatolarini bittama-bitta tuzatib chiqibdilar.
 2010 yil, ayni saraton...Toshkent qaynab, jaqillab yotibdi. Soat o‘n birlarda “Saodat” jurnali tahririyatiga, Oydin opa huzuriga kirib bordim. Omonlashib, Oydin opa so‘zboshini qo‘limga berdilar. Oppoq varaqdagi so‘zlarni tik turgancha, o‘qiy boshladim. “Bir dutorning ikki tori”. Sarlavhasi shunday edi. O‘qiganim sayin ko‘zlarimdan yoshlar quyila boshladi. Ayniqsa,umrdoshim, shoir Abduvali Ortiqov haqidagi so‘zlar menga ko‘proq ta’sir etgan edi. Negaki, u shoir o‘ta kamtar, she’rini hech qachon ko‘tarib, tahririyatlarga bormaydigan, faqat davralardagina o‘qishni xush ko‘radigan inson edi. O‘zi haqidagi bu qaynoq so‘zlarni eshitganda, qanday holatga tushardi-ya! Yana tinmay she’rlar yozgan bo‘lardi. She’rlarini ko‘pincha tun va tong orasida yozardi. “So‘fidan oldin uyg‘ondim, azon aytib bo‘ldim she’rim quloqchasiga”, der, shunda mamnuniyat chehrasida barq urib turardi.
 Oydin opa ko‘zyoshlarimni ko‘rib:
 – Manavi yerga o‘tirib, bemalol yig‘layvering, – dedilar bag‘rikenglik bilan.
 Qarang, dunyoda qanday saxovatli odamlar bor-a! Mehri bilan seni daryo qilib qo‘yishadi va bemalol oqishingga izn berishadi...
 Shoir Abduvali Ortiqov doim “Sabr – qoya” nomi bilan kitob chiqarishni orzu qilib yurardilar. O‘ylasam, umri davomida suyanchig‘i –faqat Sabr bo‘lgan ekan, degan xulosaga keldim. Albatta, bu niyatdan bexabar Oydin opamiz kitob sarlavhasini o‘zgartirib, ”Ko‘ngil malhami” bo‘lsa-chi...” deb yozib qo‘yibdilar. Menga ma’qul keldi. Zora, ko‘ngil dardlariga malham bo‘lsa, degan niyat ila kitobni shu nom bilan atadik.
 Aslida ijod so‘qmoqlari – mening hayot so‘qmoqlarim ekan. Men bu so‘qmoqlardan hamisha yaxshilik, ezguliklar izlabman. Izlab- izlab, ularni topibman. Maktabda, talabalik davri nimalarnidir yozardim. Rosti, o‘shanda ham yomonliklar bilan ishim bo‘lmasdi. Kursdosh dugonalarimning faqat yaxshi fazilatlarini ko‘rardim. Mana, oradan salkam ellik yillarcha vaqt o‘tdi. Men ularni hamon o‘sha davrdagiday yaxshi ko‘raman. Bildimki,”yaxshi ko‘rish”,”sevish” bolaligimdan bugungacha hamrohim va bu jonbaxsh tuyg‘ular-mening Ilhom buloqlarim bo‘lib qoldilar.
 Bolaligimizda, Fayziobodda, kun qaytgandan so‘ng uch-to‘rtta qizlar dalaga o‘t yulgani borardik.O‘shanda, hamma ko‘proq o‘t yulishga urinsa, men qizarib, yotog‘iga yo‘l olgan quyoshni tomosha qilardim. Quyosh botgach, shom kirishi oldidan ufqda qolgan cho‘g‘lar ko‘zlarimni lovullatardi. Ularga to‘ymay tikilardim.
 Bildimki, bolalikdagi xotiralar inson hayotidagi, umri so‘ngigacha yo‘ldosh bo‘ladigan lahzalar, ongi shuuriga o‘chmas bo‘lib muhrlangan xotiralar ekan.Ular qanchalar go‘zal, shirin bo‘lsa,inson umri davomida ulardan kuch-quvvat, yuksak ruh oladi. Bu – asrlar davomida hayotda o‘z isbotini topgan haqiqat!..Biz bu haqikatni tez-tez sog‘inamiz,eslaymiz. Gohi juda-juda xumori tutadi.Unga intilamiz. Unga suyanamiz. Va o‘z umrimizni o‘sha xotiralar asosida bezatishga tinmay urinamiz.
 Aksincha bo‘lsa-chi... Tug‘ilgan go‘dak to esini tanib, ota-onasining janjal-to‘polonlarini qanchalik ko‘p ko‘rsa, turtkilashlarga giriftor bo‘lsa, erkalanish, ruhiy yuksakliklarga yetaklanishlarni his etmasa...U qo‘rqoq yo janjalkash-jangari, tafakkuri qoloq, insoniylik fazilatlari ojiz bo‘lib, hech kimga nafi tegmaydigan xudbin bo‘lib qolishi tayin.
 Ismini aytgim kelmayapti. Yoshim ellikdan o‘tganda, bir ayol bilan tanishdim. U o‘zini juda haqiqatparvar deb biladi. Hammani o‘zicha tahlil etadi. Odamlar ustidan arz qilib, shikoyatnomalar yozib, yuqori idoralarga jo‘natadi. Rostini aytganda, o‘zidagi katta bioquvvatni faqat yomonlikka sarflaydi. Chindan ham unda kuch bor. Charchamaydi. Kechalari telefonni bo‘shatmaydi. Qo‘ng‘iroq qilishning turli “usullar”idan foydalanadi. Men unga juda achindim.Uni yaxshi yo‘lga, yaxshi ishlarga boshlamoqchi bo‘ldim.Chin dildan, do‘stona harakat qildim. Afsuski, hech naf chiqmadi.
 Bir kuni suhbatlashib o‘tirib, so‘radim:
 – Qaerdan shunaqa “kurashchan” bo‘lgansiz?
 U savolimga javoban shunday deya ketdi:
 – Yoshligimdan. Biz oilada to‘qqizta bola edik. Men uchinchi farzand edim.Dadam menga o‘z suyuklisining ismini qo‘ygan ekan. Bundan tuqqan onam ozorlanib, menga xuddi kundoshiga qaraganday qarardi. Va zarracha onalik mehrini bermadi. Men buni tushunib yetganimdan keyin, oz-moz anglay boshlaganimdan keyin, alam ustida akalarim-ukalarim bilan olishardim. Qildan qiyiq izlardim. Tirnoq ostidan kir axtarardim. Goho vahshiyga aylanganday, kuchga kirib ketardim. Men Mehrga to‘ymagan edim. Ona mehrini totmagan odam, boshqalar mehrini ham qahr deb bilar ekan. Go‘yo ularning menga rahmi kelayotganday, hammadan nafratlanardim va hamma bilan “ jang”ga kirishardim. Har kuni uyimizda qiyomat, ur-sur,to‘polon...
 Qarangki,insonlar,tuyg‘ularning kuchini, qudratini qarang... Ko‘ngil nozikligini qarang... Otaning boshqalar bilan aqlan, qalban, ruhan hisoblashmay tutgan yo‘li, o‘z suyuklisi ismini qiziga qo‘ygani... yaxshilikka olib bormadi.To‘qqiz farzandni tuqqan ayol eriga suyukli bo‘lolmay olamdan o‘tdi. Alamzada qizining taqdiri bolaligidan sindi, hayoti behuda “ur-sur”larga bag‘ishlandi.Tug‘ishganlar begonaday bo‘ldi.
 Ey, qildan-da nozik inson ko‘ngli! Seni anglamoq, seni gullatmoq uchun guldek nafis tuyg‘ular kerak! Bu go‘zal tuyg‘ularni esa adabiyot, o‘sha dil mulkidan yaralgan asl hayotbaxsh, badiiy asarlar parvarish etadi.
 Yaratgan Alloh bizga shunday mehri bepoyon ko‘ngilni va unga hamroh etib, ishqni, ishqi ilohiyni yaratibdi. Biz ana shu olamlarni anglasak,ularni avaylashga yetib borsak, ajab emas, komillikka yetsak...
 Angladimki, bolalarni, ularning beg‘ubor bolalik xotiralarini gulzorlar, shovullagan bog‘lar tarovati sari yetaklovchi tuyg‘ular bilan fayziyob etishimiz kerak va bu nihoyatda zarur. O‘shanda ulardan bahra olgan umrlarga, albatta, ezguliklar esh bo‘ladi.
 
* * *

 2011 yilning butun yoz bo‘yi hech qanday ijodiy ish qilolmadim. Go‘yoki qalam bilan qog‘ozni unutdim.Faqat “Ko‘ngil malhami” kitobini intizorlik bilan kutdim. Nihoyat intiqib kutilgan kitob avgust oyida uyimizga kirib keldi. Uni ropa-rosa sakkiz oy kutdik. Bugunga kelib, ikki-uch oyda, hatto o‘n kunda ham kitoblar chop etilyapti.
 – Mayli, nima bo‘lsa ham Mohi Ramazonda yetib keldi-ku, qadami qutlug‘ bo‘lsin, barakotli bo‘lsin, – deya tilak qildik.
 Mana,sentyabr oyining yarmidan o‘tib, tinmay yozgim kelyapti. Qiladigan ishlar shunday ko‘pki... ularga umrim yetarmikin, deb o‘ylab qolaman.
 “Hikoya va qatralardan iborat kitob tayyorlayman”, degan maqsadda kompyuterda “Nasr” kitobini boshlab qo‘yganman. “Sunbula” qissamni butunlay boshqatdan yozish niyatim bor. “Muhabbat fasli”ning ikkinchi kitobini yozaman, deb bir nechta to‘qimachilik korxonalari bilan qo‘ng‘iroqlashganman.
 Ayni paytda Farg‘onada Koreya, Turkiya davlatlari to‘qimachilari bilan hamkorlikdagi qator qo‘shma korxonalar ishlab turibdi. Shukurki, mustaqilligimiz davrida to‘qimachilik behad rivojlandi. “Muhabbat fasli” asarining ham orzusi shu edi! Men bu orada orzuimga yetdim. Asarim qahramonlarining niyatlari, armonlari ushaldi. Ularning birdan-bir ko‘zlagan cho‘qqilari – bugungiday yangi dastgohlar, malakali ishchilar,mutaxassislar va yaxshi sharoitlar edi.
 Hayotda shunday bir voqealarga guvoh bo‘ldimki, insonning to‘g‘ri yo‘lga tushib olishi gohi nihoyatda og‘ir kechadi. Inson ana shu yo‘lni topolmay, ba’zan hayotdan omadsiz, yomonotliq bo‘lib o‘tib ketishi ham hech gap emas. Insonni yorug‘ yo‘llarga boshlovchi – bu yurakdan aytilgan So‘z! Endi, kitoblarda, albatta, yurak tafti bo‘ladi. U kimnidir poklaydi, tuyg‘ularini yangilaydi, balki hayotida yangi so‘qmoqlar ochadi. Men yoshlarga tez-tez aytaman:
 – Tarjima asarlarni ham hech ikkilanmay o‘qing! Bu kitoblardan albatta nimadir topasiz. Agar tarjimon ko‘nglini o‘sha asar tebratmaganda, zavq-shavq bag‘ishlamaganida, u bu kitobni qiynalib, boshqa tilga o‘girarmidi!
 Tarjimonlik, nazarimda, yozuvchilikdan ham qiyinroq yumush. Yozuvchi ko‘nglidan oqib kelayotganini yozadi. Tarjimon esa har bir so‘z, mualliy uslubini saqlash yo‘lida zahmat chekadi, go‘yoki, u yashagan hayotda yashaydi. Ikki til o‘rtasida zahmat chekadi.
 Yukorida aytganimday, Sergey Yesenin maktublarini o‘qib, insonning insonga bo‘lgan cheksiz mehrini yanada teranroq tuydim. Ana o‘sha maktublarda bitilgan, inson qalbidagi go‘zal sog‘inch tuyg‘ulari mening ko‘nglimda ham cheksiz, bisyorligini anglab yetishimga astoydil ko‘maklashdi. Keyin maktublar yozishga kirishib ketdim.
 Qadrli ustozim Yo‘ldosh Sulaymon Toshkentga ishga ketgach, 1996 yildan toki 2001 yilda Farg‘onaga qaytgunlaricha tez-tez “Ustozga maktublar” yozdim. Ustozning shogirdlariga mehri boshqacha edi. O‘xshashi yo‘q edi.Ta’rifi yo‘q edi.
 “Ustozga maktublar”ni kitob holda chop ettirmoqchi edim. Uni tayyorlagan ham edim. Ko‘nglimga eng yaqin bitiklarimdan deb bilgandim. Go‘yo ularni men yozmagan edim. Ko‘nglim yozgan edi. Bu qo‘lyozma bitiklarim haqida o‘qib ko‘rganlar har xil fikr bildirdilar. Kimdir unga ayolning begona erkakka yozilgan maktublari deb qaradi. Men esam... yuragimda shunday bir tuyg‘ular ummonini kashf etgan ustozga, kim nima desa deya qolsin, deya qo‘l siltadim. Aslida bu maktublar ustozimga atalgan cheksiz-chegarasiz izhorim edi. O‘sha maktublarda men nimani “ko‘rgan”, “topgan” bo‘lsam, uning kashfiyotchisi – ustoz edi! Dunyoda shunaqa ham bo‘larkan-da! Kimningdir ko‘ngil chamanini kimdir yaratarkan!
 Bu maktublarni kitob qilish niyatida kompyuterdan chiqarib, umr yo‘ldoshim Abduvali Ortiqovga o‘qittirdim. U kishi hafsala bilan sinchiklab o‘qidilar.
 – Kitob qilsam bo‘ladimi?
 – Bo‘ladi. Chiqaravering, – dedilar.
 Umrdoshimning bu so‘zi men uchun katta in’om edi. U shoir edi. Balki shuning uchun ham meni tushundi. Qalbimga kirib kelgan boshqacha, yangi bir tuyg‘ularga, o‘zgacha bir olamga men aybdor emasligimni, ularni ko‘z-ko‘zlash uchun yozmaganimni, balki insonning moddiy hayotida emas, balki botiniy ichki olamida turli, o‘zi kutmagan hodisotlar ro‘y berishini, to‘kilgan tuyg‘ularimda faqat inson qalbini anglashga urinish borligini, men o‘z qalbimni o‘zim tadqiq etib, ne-ne zahmatlarni, balki malomatlarni yelkalaganimni anglab turganday edi. Shu lahzada men umrdoshimni faqat bir xonada yashaydigan sohibim, farzandlarimning otasigina emas, meni qaysidir ma’noda anglab, qalbimni oynada ko‘rganday ko‘rib turgan va uni suyashga urinayotgan inson, do‘stim, deb bildim.
 Sergey Yesenin maktublarini o‘qish ijodimda yangi so‘qmoq ochdi.Bu so‘qmoqda men o‘z qalbimni ko‘rdim. “Ustozga maktublar”ni yozayotganimda ko‘nglimning cho‘qqilarida, Mehr degan dunyoning chamanlarida yashadim. O‘sha chamanlarni ko‘nglim qog‘ozga to‘kilgan sari ko‘ra boshladim.
 Hali-hali o‘sha olamga maftunman. O‘zing ishongan, seni e’zozlab turgan, qaysidir xatolaringni kechirib turgan, hayajonli lahzalar hadya etib turgan dunyo edi – u dunyo! O‘sha dunyoni endi faqat o‘sha “Ustozga maktublar”dangina topish mumkin, xolos. O‘sha dunyo o‘sha asar qatigagina muhrlangan. Bunaqa dunyoni endi hech kim ko‘nglimda yaratolmaydi. Qarang, azizlar, inson ko‘ngli naqadar bepoyon!
 Ushbu sahifalarni bitayotganda, to‘yib-to‘yib yig‘ladim. Bunaqa ham armon, ham alam, ham huzur bilan hech kim yig‘lolmaydi. Faqat ko‘ngilgina shunday yig‘lashi mumkin.
 
* * *

 “Ko‘ngil malhami” kitobimizni muxlislarga yetkazish niyatida shifokor qizim Mohidilxon ikki dona Toshloqqa olib ketdi. Ikki kun o‘tib, qo‘ng‘iroq qildi:
 – Bugun ertalabki “pyatiminutka”da she’rxonlik bo‘ldi. Sobirjon Karimov degan doktorimiz yuzdan ortiq yig‘ilgan doktorlarimizga uchta she’r o‘qib berdi. “Birinchi muhabbat” she’rini o‘qiganda, yig‘ilganlar beixtiyor:
 – O, muhabbat... – deb qo‘yishdi.
 Bu xushxabardan masrur bo‘ldim. Ijod – ko‘ngil cho‘g‘i. Qarang, hamma unga tashna. Doktorlarimiz o‘z yig‘ilishlarini she’r bilan yakunlab, dillarini olovlantiryaptilar. Demak, kitob – oftob! Faqat uni odamlarga yetkazadigan yaxshilar,fidoyilar ham bo‘lishi kerak ekan-da!
 Qizim:
 – “Ko‘ngil malhami”dan ikki yuz dona olib kelinglar, tarqatamiz, – dedi.
 – Yaxshi, – deyman quvonib, demak, biz insonlarga go‘zal tuyg‘ular hamroh, ijod hosilalariga tashnalik kuchli. Shukurki, ko‘ngil yuksakliklariga intilyapmiz. Negaki, she’r o‘qiyapmiz, kitob o‘qiyapmiz...

* * *
 
 Ayol ijodkorga oson emas. Hali yoshlikda ilhom kelgan lahzalarni yaxshi “taniy”olmadik. Ilhom kelganda...so‘zlar quyilib keladi. Faqat qalamning qitirlagani eshitiladi, xolos. Go‘yo ijodkorning kuzatganlari, fikr olamiga to‘planganlari, ko‘ngliga “tugib qo‘yganlari” daryodek oqib kelayotganga o‘xshaydi. Ustozlar aytishadi:
 – Ijodkor ko‘p yurishi, ko‘plab voqea-hodisalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi, ularni tahlil etishi, qalb chig‘iriqlardan o‘tkazishi, turfa xil odamlarning ming bir qiyofa va holatlari, kayfiyatlari, niyatlari, ularning falsafalarini tinmay o‘rganishi zarur...
 Qiziq...goho to‘kilib yozayotganda, kimdir yo‘qlasa yoki qayoqqadir borish zarur bo‘lib qolsa, fikr bo‘linadi, chalg‘iydi. Qaytib, ijod stoliga o‘tirsangiz, qalam hech oldinga yurmaydi. Yurganda ham zo‘rma-zo‘raki yuradi. Ilhom yelkangizda qo‘nib turgan qush edi. Endi u uchdi-ketdi! Uning yana yoningizga kelishiga goho haftalar yoki oylar kerak bo‘ladi. Yoki yozayotgan asaringiz qolib, boshqa bir asarni boshlab yuborasiz.
 Shunaqa, ijod – g‘arq pishib turgan olma emas ekan-da. Bitta savatcha olib borib, uni uzib-uzib olsangiz. Ustoz Yo‘ldosh Sulaymon aytardilar:
 – Kattaroq nasriy asar yozayotganda, ilhomni “tutib” olsang yaxshi. Mabodo qo‘ldan uchib ketsa, tamom, yana uzoq vaqt asar voqealari ichiga kirolmay, qahramonlar ruhini topolmay, bir so‘z yozolmay yuraverasan. Shuning uchun “Subhidam”, ”Vafo”, ”Armon” romanlar, qissalarni yozayotganda, ko‘chaga chiqib ketmaslik uchun atay soqollarni olmasdim. Bitta to‘kin dasturxonni oldimga tuzab qo‘yardim. Ko‘ngil nimani tusasa, ozgina-ozgina totinib, ishlayverardim. Goho hovlidan qochib, “dom”da ishlardim. Goho boshqa shaharlarning mehmonxonalariga joylashib olardim.Toki meni hech kim topolmasin...
 O‘ylab qolaman. Ijodga bu qadar fidoyilik, bu qadar zahmat... Rostini aytganda, bu ishlar aql buyrug‘i emas, ko‘ngil nidosi, ko‘ngil na’rasi! Ko‘ngil-a...ko‘ngil-a... Juda bepoyon.
 Ijodkor umri davomida ko‘nglining qaysidir tiniq irmoqlarini, balki bittagina tomchisini kashf etar. Qatrada quyosh aks etgani kabi o‘sha nuqrada u olamga, dillarga nurafshonlik bag‘ishlasa, ne ajab. Ko‘ngilning cheksizligini hali qalam bita olgan emas.
 Ilhom! Bu lahzalarni juda-juda tasvirlagim, ta’riflagim keladi.Uning siymosini rassom bo‘lib chizgim keladi. Bu lahzalar shunday go‘zalki, shunday to‘kin, shunday ma’murki, shunday saxovatliki... Ko‘ngil go‘yo tiniq chashmaga aylanadi. Mehrga, muhabbatga aylanadi. Unga sarmast bo‘lgan odam boshqa ikir-chikirlarni unutadi. Go‘yo ilohiyotga tutashib ketadi. Olamning ilohiy qudratiga yetishib, undan kuch olayotganini va bu lahzalarni odamzotga ilinayotganini his etadi. Ana shunday olam ichida yashagan bo‘lsam kerak, bir kun shunday voqea yuz bergan. O‘shanda “Sadkak pirim”kitobiga arzirli “nimadir” topish ishtiyoqida Sadkak qishlog‘idagi buloqlar boshida aylanib yurardim. Rostini aytsam, xuddi buloqlar menga gapirayotganday, men ularni tinglayotgandek... Allohning qudratiga, shunday shifobaxsh buloqlarni poyimizda yaratib qo‘yganiga mahliyo bo‘lib yuraveribman. Bu yerda odamlar siyraklashganini, kun botganini, qorong‘u tushayotganini ham sezmabman. Hushimga kelib, qaytishga chog‘landim. Uyga, rosti, shom shafaqlari tarqab, huftonga yaqin kirib keldim. Endigina aql ishga tushdi. Uyga o‘g‘riga o‘xshab, cho‘chib, qadam bosdim. Sekin deraza yorug‘idan qaradim. Kenjatoy o‘g‘lim Xurshid dasturxon yozib, ovqat tayyorlab, dadasi atrofida parvona edi.Ularning oldiga kirolmay, berkingan odamday boshqa xonada tong ottirdim. Yaxshiki, meni Xurshiddan boshqa hech kim so‘roqlamadi, jahllarini sochishmadi. Bildimki, hamxonalarim meni tushunishdi. Umr yo‘ldoshim bilan ertalab ko‘rishdik.
     – Bormisiz, Tillaxonim,ko‘rinmaysiz? – deya qarshiladi.
 Minnatdorligimdan ko‘zlarimda yosh aylandi. Atrofingda seni tushunadigan, seni qo‘llab turadigan insonlar bo‘lmasa, ayol ijodkorning qalami yarim yo‘llarda qolib ketishi hech gap emas. Shukurki, o‘sha meni “bog‘lagan” ilhomlarim beiz ketmadi. 2004 yilda chop etilgan, “Vodiy qadamjolari” ruknidagi “Sadkak pirim” risolasini kitobxonlar yaxshi kutib olishdi.U bugungacha uch marta qayta nashr etildi.Tez-tez bu risolamni so‘roqlashadi.O‘sha damlarda ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi.
 
* * *

 Bugun 2011 yilning 27 sentyabri. Shu kunlarda o‘zimni Do‘rmon ijod uyidagidek his etib, yozyapman. Mazza qilib yozyapman. Bu yozuvlar, balki kimningdir g‘ashiga tegar.Biroq muxlislarim uchun qiziqarli bo‘ladi. Bugun ertalabda kitob sotuvchi Nigoraxonga qo‘ng‘iroq qildim.
 – Muncha yo‘q bo‘lib ketdingiz? Kitoblaringiz sotilib bo‘ldi. Dushanba kuni kitoblaringizdan olib keling. Pullaringizni ham olib ketasiz, –dedi.
 Yozuvchi uchun bundan ortiq xushxabar bormi! Kitobxon o‘zi ixtiyoriy sotib olayotgani – eng katta baxt va u tinmay yozishga undamoqda.
 Kuz o‘zini ko‘z-ko‘zlab turibdi. Uzumlar oltinday shig‘illab yotibdi. Bu yil rosa uzum bo‘ldi-da. Xurmolar, behilar pishib, anorlar qizarib yotibdi. Oshqovoqlarni aytmaysizmi?!
 Men ham umrimning kuziga yetib kelgandayman. Inson umrining bu fasli ham barakotli bo‘lsa, ajab emas. Yozish kerak! Ajabmaski, dillarga tutashguvchi bir cho‘g‘ qog‘ozga to‘kilsa! Va u kimgadir taft bersa!
 
* * *

 Kecha ijodkor, hamfikr singillarimdan biri, ilmi bizdan ancha yuksalgan Ma’muraxon Abdurahimova bilan qo‘ng‘iroqlashdik. U “Farg‘ona haqiqati” viloyat gazetasida ishlaydi. U har gal menga hazrat Huvaydo haqida nimadir yozib bering, deydi. Shu Ma’muraxon Huvaydoni mendan-da ko‘proq yaxshi ko‘radiganga o‘xshaydi.
 Men Huvaydoni qachon topdim? Huvaydo nomi yoshligimizda qulog‘imizga tez-tez urilardi.Kasbi shofyor, qalbi esa shoir bo‘lgan, she’riyat shaydosi, Huvaydoning haqiqiy oshiqlaridan biri, chimyonlik Akbarali tog‘a Madazimov “Farg‘ona” nashriyotida chop etilgan “Huvaydo qildi ishq” g‘azallar to‘plamini qo‘limga bergandan so‘ng, o‘qib, astoydil tanidim. Halollikka, komillikka yetaklovchi g‘azallar edi ular. Ikki olamni yaratgan Allohni tanishga, unga banda bo‘lib yashashga da’vat etuvchi nidolar edi ular...
 Huvaydo haqida nimalardir yozdim. “G‘ordan kelayotgan sadolar” maqolasini yozishimga ham Ma’muraxon turtki berdi.
 – Matluba opa, o‘sha maqolangizda Huvaydoning karomatlari haqida ham so‘z yuritgansiz. Mana, Huvaydoning”Devon”i chiqdi. G‘azallari elga yetib bordi. U kishining avliyoi pir bo‘lganini ham odamlarga kengroq yetkazishimiz kerak. Zamondan zamonlarga o‘tib, tildan tilga ko‘chib yurgan, uch yuz yillar o‘tsa ham hamon avlodlarni hayratga solayotgan Huvaydo bobomiz haqidagi voqealarni, karomatlarni ham yozishimiz kerak... – deydi Ma’muraxon.
 Ma’muraxonning gaplarini tinglab, cho‘kib yotgan armonlarim bosh ko‘targandek bo‘ldi. Huvaydo haqida qissami, risolami yozish dilimda bor. Biroq bir necha sahifalar yozilgancha, yotibdi. Uch yuz yil naridagi voqealarga yaqinlasha olmayapman. U kishi – tarixiy shaxs. Yoziladigan asar asosan, hujjatlarga suyanishi kerak...
 Huvaydo faqat Alloh ishqida yongan taqvodor zot! Balki men ana shu taqvoga yetolmayotganimdan bu yumushga kirishib ketolmayapman chog‘i... Bu ulug‘ bobomiz haqida bitta hujjatli qissa yaratilganda ham zo‘r bo‘lardi.
 
* * *

 Yaxshi asar hech qachon eskirmaydi, degan fikrdaman. Ba’zan “zamonaviy asar” degan gap quloqqa chalinadi. Menimcha, yaxshi asar hamma davrda ham “zamonaviy” bo‘lib qolishi kerak. Qaysiki asar inson qalbiga tuyg‘ular bersa, ya’ni ko‘ngilni “sug‘orsa”, changlashgan Dil olamini yomg‘irday poklab, ko‘zlarga olovlar hadya etsa, o‘sha yaxshi, o‘lmas asar! Ayniqsa, inson Ruhiyati haqida yozilgan asarlar hamisha yangi! Yarim yilcha oldin “Yoshlik” jurnalida “Noyabr kuyi” degan qissa o‘qidim. Nazarimda o‘sha asarning hazin nolasi, musiqasi hamon qulog‘imga eshitilib, ohista ko‘nglimga kirib, jaranglayotganday....
 Ko‘zimiz ko‘rib turgan voqealarni tasvirlagan asarlarni varaqlayman, xolos. Axir, bu kitob ichidagi voqealarni men ham ko‘rganman, guvohi bo‘lganman. Eshitganman. Ammo ko‘zimiz ko‘rmaydigan olam –ko‘ngil ichra sodir bo‘lgan holatlarni, iztiroblarni, burilishlarni, Ruhning qorong‘uliklarini, qiynoqlarini yengib, o‘z olamining yuksakliklarini topgani va cho‘qqilar sari intilib borayotgan lahzalari tasvirlangan asarlarni bosh ko‘tarmay o‘qiyman. Nosirjon Jo‘raevning “Noyabr kuyi” ham ko‘ngil chig‘iriqlaridan o‘tib yozilgan asar. Ko‘ngil shunaqa, birovga aytolmaydigan azoblardan tez-tez o‘tadi va bir kun haqiqatni topadi.
 Kecha Shukur Xolmirzaevning to‘rtinchi jild Nosirjon Jo‘raev esselar kitobini miriqib o‘qidim. El tanigan buyuk odamlar haqida yozib qo‘yibdi-da. O‘zim orzu qilgan kitobni topgandekman. Bitta yozuvchining shakllanishi... Osonmas. Nihoyatda qiyin jarayon, qiyin yo‘llar... Shukur akaning kitobidan ko‘chirib oladigan joylari, dars olib, amal qiladigan sahifalari ko‘p ekan. Har bir yosh ijodkor bu kitobni albatta o‘qishi kerak. Shukur akaning kitoblarini qachon o‘qisam, bu ulug‘ yozuvchimizni ilk bor uchratganim yodimga tushadi. O‘shanda Erkintoy o‘g‘lim oltinchi sinfda o‘qirdi. Taxminan 1986 yillar edi. Do‘rmondagi ijod uyining ikkinchi qavatidan tushayotsam, Shukur aka shlyapasini astoydil bostirib, tepaga chiqib borayotgan ekan. Suratlarini matbuotlarda ko‘rgandim. Hikoyalarini miriqib o‘qigandim. Bir kun uchrashishni orzu qilgandim, albatta.
 – Assalomu alaykum Shukur aka, – quvonib salomlashdim.
 O‘g‘lim ham ortimdan tushayotgan edi. Shukur aka zina ustida to‘xtab, bosh irg‘ab alik oldi va bizlarga sinchkov qaradi.
 – Hikoyalaringizni sevib o‘qiyman. Siz bilan uchrashishni orzu qilardim, – dedim shosha-pisha hayajonlanib.
 – Yaxshi. Qani yuringlar bo‘lmasa... – o‘zlari oldinga qadam tashladilar. Biz u kishiga ergashdik.
 Rosti, oyoqlarim qaltirayotgan edi. Hozir shunday katta yozuvchi bilan ro‘paro‘ bo‘laman, nima deyman? Shukur akaning ulfatlar bilan “qizib” olganini sezdim. Ichkariga kirdik. Men o‘zim havas qilgan yozuvchi bilan dildan suhbatlashishni istab turardim.
 Asarlari haqida, nazarimda, uzuq-yuluq so‘zlar aytdim. O‘zimning u-bu narsalarim nashr etilganidan gapirganday bo‘ldim. Shukur aka ko‘nglim uchun bo‘lsa kerak:
 – Ko‘rganman, ko‘zim tushgan, – deganday bosh qimirlatdilar.
 Bu daqiqalar shunday ediki... Ham o‘zing orzu qilgansan, ham havasli, ham hadikli, ham igna ustida tik turganday...
 – Shu hikoyachilikda Sizdan maslahatlar olmoqchi edim,-dedim.
 – Yaxshi. Yozmoqchi bo‘lgan birorta hikoyangning syujetini ayt-chi... Unga qarab, keyin bir maslahatlar beraman, – dedi Shukur aka.
 Kalovlandim. Ajaboki, o‘sha daqiqada miyamga birorta syujet tugul, tiniqroq fikr kelmasdi. Nimalardir deb o‘zimni oqlashga urindim.
 Biror narsa qoralayotganda, oldindan syujetni o‘ylamas ekanman. Nimadir turtki bo‘ladi. Ko‘nglimda nimadir yalt etadi. Zimiston olamim yorishadi. Yozishga o‘tiraman. Hikoya oxiriga yetadi.Keyin o‘rnimdan turaman.
 – Albatta oldin syujetni pishitish kerak. Yozilayotgan asarni boshidan oxirigacha xayolda “qurib”, keyin yozish kerak. Yozish davomida asar yana uyoq-bu yog‘i o‘zgarib, to‘lib-toshib boradi, – dedi Shukur aka.
 Shukur akadan yana nimalardir so‘radim. Hali-hali afsus qilaman. Biz ko‘p tortinchoq ekanmiz. Xijolat tortibmiz. Bu ustozdan ijodning ko‘p sir-asrorini o‘rganish mumkin edi. Biroq... Shukur Xolmirzaevning bilimi yoniga yaqinlashib bo‘lmasdi. Tarixni, ayniqsa, o‘zbek xalqi tarixini zo‘r bilardi. Bir gapirishga tushsa... Millat, xalq og‘riqlarini ingrab turib so‘zlayotganga o‘xshardi.
 Adibning esselar kitobida o‘sha og‘riqlarni yanada oydinroq ko‘rdim. Shukur akani faqat Do‘rmon ijod uyida ko‘rardim, xolos. Hech qachon xushnud holatda uchratmaganman. Dil ichida tuganmas dardi simillab turgani sezilardi.O‘zidan qoniqmagan yozuvchi edi.Yozganlari yoqmay qolsa, gohi yirtib tashlaganini aytgandi. Shunday ulug‘ yozuvchi-ya... Esselarida o‘sha holatlarini, o‘z qalbiga ma’qul kelmagan ”mulklar”dan voz kechgan damlarini kengroq yozganida edi... Nimasi yoqmadi? Nimasidan ko‘ngli to‘lmadi?..
 Shukur Xolmirzaev ijodiga havasim keladi. Yozganlari tabiiy... Rost... Inson tuyg‘ularini ming bir tarozuda tahlil va tadqiq etib, keyin uni qog‘ozga tushiradigan ijodkorlar hamisha bor bo‘lsin. O‘shalar-da bizni tabiiylik va rostlikka o‘rgatadiganlar. O‘shalar-da tuyg‘ularimizni tarbiyalaydiganlar.
 
* * *

 Men bu bitiklarimni yozayotganda, avval ikkilandim, tortindim. Keyin esa... Qalam, qog‘oz va men... Men ular bilan ko‘nglimning eng chekka so‘qmoqlarini-da kezdim. Qo‘lim yetmagan olis manzillarga orzular, xayollar qanotida uchdim.Uchgan sayin o‘zimni shunday erkin his etdimki... Shunday erkin, shunday ozod, shunday hur... Bu hurlik avvalo ayolini ardoqlagan O‘zbekiston farzandi bo‘lganim tufayli edi. Qog‘oz esa endi... Meni eshitishga va so‘zlarimni o‘ziga jo etishga doimo tayyor pokiza manzil.
 Azizlar, qalam sohiblari qanchalar baxtli insonlar. Ular insonlar ko‘nglidagi tuyg‘ular –chechaklarning suratlarini chizadilar.Chizadilargina emas, qog‘oz uzra jonlantiradilar, iforini taratadilar. Agar olamda bu ifor bo‘lmasa, ko‘ngillar taqir cho‘llarga, sahrolarga aylanadi.
 
* * *

 Kecha “Kitob dunyosi” gazetasida Lev Tolstoyning kundaliklarini o‘qidim. Ularda faqat adabiyot haqida fikr yuritilgan. O‘ylayman, ulug‘lar hamisha ulug‘ bo‘lgan va yuksakda turgan. Turgenevni Tolstoy nihoyatda qadrlagan. Ularning ko‘ngil mehnati, mashaqqati, iztirobi, cho‘qqisi –ijod, adabiyot bo‘lgan. Men esam gohi kundalik maydaliklar orasida go‘zal xayollarimdan adashib yashayman.
 Ikki kun oldin tush ko‘rdim.Tushimda so‘nggi nafasimni yashayotgan emishman.
 – Mening yashagim kelyapti! – deya baqirgancha uyg‘onib ketdim va hayotga qarab, uning nihoyatda azizligini tuydim. Bir lahzalik umr ham hatto bebaho! Bir nafas olish ham jannat. Shu lahzada kimgadir xayrixoh nigoh tashlab yoki mehr bilan, muhabbat bilan boqib, nigohlar bilan tutashish mumkin bo‘lar. Yoki u ikki ko‘ngilni bahra oldiradigan, ko‘ngilga ezgu niyatlar ulashadigan takrorlanmas onlar bo‘lsa, ajab emas.
 Rosti, atrofimdagi yolg‘onlardan charchadim. Gohi hayotning oltin, tabiiy ranglarini soxtaliklarga bo‘yab tashlayotgandekmiz. Bu ishlar –naqadar nafratli-a?! Bildimki, hayot–oyat ekan. Ya’ni, Qur’oni karim oyatlarining jamoli, husni, tarovati. Ularni ko‘zimiz bilan ko‘rib turib ham yolg‘on gapiramiz-a! Yig‘laging keladi. Bildimki, qay ko‘ngil egalari hayotga nazar tashlagan sayin Alloh jamolini ko‘radi va u yolg‘on gapirishdan qo‘rqadi.
“... Hayajonsiz yozuvchilik ishlarimiz olg‘a siljimaydi”, deb yozadi L.Tolstoy. Bu fikrga qo‘shilaman.Ulkan aqlni tebratguvchi, ishga solguvchi bu–o‘sha hayajon, bu–o‘sha tuyg‘ulardir. Hayajonsiz yozish, yashash, diydorlashish, umuman menga yoqmaydi. O‘shanday lahzalardan qochib ketgim keladi.
 Bugun kenjatoy ukam Baxtiyor kelin tushiryapti. Kecha u qo‘ng‘iroq qilib:
 – Opa,to‘yda she’r o‘qing, odamlarning ko‘zlaridan yosh chiqib ketsin, –dedi.
 Shunday she’rparastlarning borligiga shukur.Biroq yozay dedimu, kecha xayolimga bir satr ham kelmadi. Bugun to‘yga taraddud ko‘rayotgan pallada she’r keldi. Go‘yo u osmondan keldi.

 O‘... Baxtiyor,ukam mening,
 Mehri uning daryocha bor,
 Ko‘ngli yetar osmonlarga,
 Aylanib u quyoshlarga,
 Ziyo sochar,ziyo sochar,
 Muhabbati dunyocha bor...

 Xullas,uzungina she’r yozdim.Ukamga ma’qul kelganga o‘xshaydi.
 Nazar Eshonqulning “Shaftoli guli” hikoyalar to‘plamini o‘qidim.Zo‘r yozuvchi. Badiiylikda gohi shoirlardan ham o‘zadi. Shunaqa o‘xshatishlar yaratadiki...Yo‘q, u yaratmagan.Xuddi ular yozuvchi yuragidan tug‘ilganday yoqimli,tabiiy. “Qultoy”, “Yalpiz hidi” hikoyalarini yana qayta o‘qigim bor. Inson ko‘nglini keng tasvirlay oladigan yozuvchilarimiz borligiga quvonasan kishi. Ko‘ngli sahro deymiz! Qani uning tasviri? Ko‘ngli daryo deymiz!Qani uning tasviri? Ha,bu tasvirlar Nazar Eshonqulda bor.
 
* * *
 
 Shu kunlarda hazrat Navoiyning “Saddi Iskandiriy” dostonining nasriy bayonini takror-takror o‘qiyapman. O‘qigan sayin ko‘nglim suv ichyapti.Alisher Navoiy ushbu asarining so‘nggi sahifalarida ijod ahli uchun ham, muxlislari uchun ham qiziqarli bo‘lgan o‘zlarining ruhiy holatlari haqida batafsil yozganlar:
 “So‘z ham kishi ta’bidin yaratilgan bir farzand kabidir, farzand esa kishining joni bilan bog‘langan. Farzand degan narsa birovlarga qanchalar yoqimsiz bo‘lsa ham kishining o‘ziga juda azizdir. Boyqush bolasi qanchalar xunuk va jirkanch bo‘lmasin, baribir o‘z oldida tovus bolasi singari jilvagardir.Kanop daraxtining shoxi xas-xashakcha bo‘lmasa ham undan to‘n qilib kiyadigan qalandarlarga,u barvasta sarv daraxtidek barno ko‘rinadi”, deydilar Navoiy va yana yozadilar:
 “Shu singari o‘zingga juda ham yoqimli ko‘ringan bu dostonlaring xalqqa ham ma’qul bo‘larmikin yoki bo‘lmasmikin? Har bir narsani kashf etuvchi ustoz Jomiy buni ko‘rib, meni asl holdan xabardor qilsalar yaxshi bo‘lmasmikin? Avval shunday dostonlarni yozgan (hozir yuzlariga ajal niqobi yopilgan) odamlar ruhlariga bu qanday ta’sir etar ekan? Buni ko‘rib, ularning ruhlari shodlanar yoki ranjirmi ekan? Bu ahvollardan dili ravshan pir o‘zini xabir (xabar beruvchi) va meni xabardor qilsa ekan. Ko‘nglimda mana shu kabi xayollar va chuqur mulohazalar bilan qadam tashlab borar edim”.
 Navoiy bobomizning bu holatlarini o‘qib,shunday ulug‘ zot ham o‘z asarlari haqida bir og‘iz haq va rost so‘zga ilhaq bo‘lganligini anglaymiz. Balki ijod ahlining mana shu o‘z yozganidan qoniqish hosil qilmay intilishi uni yuksaklarga ko‘tarsa ajab emas. “Saddi Iskandariy”ning oxirgi bobini o‘qib, Navoiy asarlarini betahorat, beibodat o‘qib bo‘lmasligini angladim. U kishi ustoz Jomiy yonida bir fursat o‘zlaridan ketib, behush bo‘ldilar va Ruhlari oxirat diyorida mehmon bo‘ldi. Yozganlarining bahosini u yerdagi ulug‘lar aytdilar:
 – Men shayx Nizomiy bilan ko‘rishgan hamon o‘zimni muborak oyoqlariga tashladim...
 Shu daqiqalarda Nizomiy Navoiyga qanday muborak so‘zlarni aytdi-ya...:
 – Sen sahar vaqtlarida hech narsa yozmay duo va ibodat bilan mening ruhimni shod aylagansan. ...Bo‘lmasa ikki yilda bitta “Xamsa” yozib, tamomlash – o‘taketgan xom xayoldan boshqa narsa emasdir.”Xamsa” bo‘lganda ham shunday “Xamsa”ki, u beshta gavhar xazinasidan iborat bo‘lib, sarflanib, zoe bo‘lish xavfidan omonlik topgan xazinadir, – deya baho berdi Nizomiy.
 Oradan necha asrlar o‘tdi. “Xamsa” qatidagi dur-gavharlar hamon sarflanmoqda. Bugun el orasida “Navoiy avliyolarning avliyosi”,deya e’tirof etilayotgani bejiz emas.“Xamsa”–Navoiyning duolari, iltijolari, orzulari, go‘zal niyatlari ila bundan purziyo bo‘lgan tarbiyatkunandalarning madadlari ila fikr olami chashmasidan to‘kilgan la’l,yoqutdir!
 Qalam ahli uchun taqvo,parhezkorlik, pokizalik birinchi o‘rinda ekani bu dostonda alohida ta’kidlanmoqda. O‘shanda qalamlardan to‘kilayotgan So‘zlarning quvvati kuchli,elga nafi ziyoda bo‘lishi aniq. Biz ijodkorlar bu dostonni tez-tez o‘qib, ibrat darsi qilib olishimiz kerak.
 
* * *

 Yaqinda Amir Temur xotiralarini frantsuz yozuvchisi qalamida o‘qidim va shunday xulosaga keldim. Har bir inson tabiat bilan uyg‘un,chambarchas yashashi kerak kerak ekan. Temur bobomiz qaysi yurtga borsa, atrofga nazar tashlaydi. Tabiati bilan, yeri, qiru adirlari, bog‘lari, daryolari bilan diydorlashadi. Ularga qarab turib, iqtisodni o‘ylaydi. Nima serob? Nima taxchil? Shunga qarab, ish tutadi. Shu bilan birga atrofga nazar solganida kuch oladi, ilohiy qudratga intiladi.
 Ijodkor ham xuddi shunday. Avvalo u ona-tabiatdan kuch va ilhom oladi. Mana, kechadan buyon ilhomni poylayapman. Hikoyami, she’rmi... badiiy asar yozish niyatim yo‘q. Faqat huzur bilan, qoniqish bilan o‘qiladigan besh-olti betlik maqola yozmoqchiman. Bir kitob haqidagi ko‘nglimdagi gaplarni, fikrlarimni qoralamoqchiman.
 O‘sha kitobni o‘qiyapman. U menga yoqadi. Oldin ham o‘qiganman. Muallifi haqida bir og‘iz issiq so‘z aytgim kelyapti. Kitobni tutgancha, uch-to‘rt soatlar kalovlandim.Fikrlarim go‘yo qorong‘u uyga qamalganday. Yoritguvchi nur-ilhom yo‘q. Qog‘ozga bir so‘z tushmadi.
 –Bor-ey,–degancha, qog‘ozlardan nari ketdim. “Ertaga albatta yozaman”.O‘shanda ham “ertangi kunda yoza olarmikinman” degan hadikda bo‘ldim.
 Tong saharda uyg‘ondimu, o‘zimga quloq soldim. Tinchlik. Atrofga nazar tashladim.Bahor! Tong oqardi. Olamda yashillik. Giloslar oppoq gullagan. Qo‘shnimizning nastarin gullari qiyg‘os ochilgancha, devor osha biz tomonga bo‘ylanib turibdi. Bahor haqidagi xayolimdagi she’rlarni shivirladim.

 Bahor, oydek to‘lishibsan,
 Bahor, biram suluvsan...

 Men yashillikni, go‘zallikni ko‘ra boshladim. Qo‘limga qalamni ushlagim keldi. Oq qog‘ozga tashnaman. Jim... Ilhom! Kelyapti.
 Ancha-muncha uy yumushlari...Endi ularni ko‘rmayman.Endi ular go‘yo menga begona. Ko‘rsam ham behafsala, ko‘rmaslikka urinaman. Tovuqlarga don sepish, yerlarni chopish, gullarga suv quyish, urug‘ sochish... Bu ishlarni hali hozir bolalarim ham qilishi mumkin. Biroq men yozmoqchi bo‘lgan oddiy maqolani ular hech qachon yozolmaydilar. Ishonamanki, bu maqolam ichida bitta bo‘lsa ham ko‘ngillarni yoritadigan qaynoq So‘z aytaman. Shuning uchun ham ko‘nglim ichida nafasi sezilayotgan Ilhomga peshvoz chiqishim, faqat shu yorug‘ lahzalar bag‘rida yozishim kerak.
 Ilhom kelgan chog‘ida, bu ish shu qadar huzurli. O‘sha onda eng avvalo mehringni, muhabbatingni hadya etasan. So‘zlar bilan kimningdir qalbida, agar bir chechakning kurtaklarini barg yozdira olsak, ko‘ngildagi yashillikka bir zarra hissa qo‘shsak, naqadar baxtlimiz, ey ijodkor azizim.
 
* * *

 Toshkentda ijod qaynaydi. U shunaqa katta qozonki... Men kabi tortinchoq,o‘z ustoz opasiga ham qo‘ng‘iroq qilishdan tortinib, iymanib o‘tiradiganlar taftiga yaqinlasha olmaydi. Toshkentda turib, bizni mehri bilan tortqilagan Oydin opa umrim osmonida to‘lin oydek porlab turadi. Yillarni bag‘riga jo aylagan qog‘ozlarim orasida Oydin opamiz imzosi bilan kelgan maktublar anchagina. “Nega yozmayapsiz?”, ”Nega ko‘rinmayapsiz?”, “Nega kitob chiqarmayapsiz?” kabi so‘roqlar bilan qo‘ng‘iroq qilguvchi ham shu opajonim. Biroq Oydin opamning qarshisida o‘zimni zarracha-da his etolmayman. Har kuni, har kuni intilaman u mehri daryo insonga. Biroq.. .qo‘ng‘iroq qilolmayman. Oxiri shunday she’r yozdim:

 Har kuni o‘ylayman, lek sim qoqmayman,
 Cho‘chiyman:”Bezovta qilib qo‘yaman”.
 Daryo jonimda-yu,unda oqmayman,
 Bu ojiz turishdan behad to‘yaman...

 ... Oydin opam har gal:
 – Bemalol. Qo‘ng‘iroq qilib turing, baraka topkur, – deb qo‘yadilar.
 Shu so‘zlaridan-da cheksiz yaxshiliklar topaman. Bizni tetapoya qildirib, elga qo‘shgan bu ulug‘ insonlarga uzoqlardan turib, ta’zimlar etaman.
 Rahmatli ustoz Yo‘ldosh Sulayman qachon Toshkent bilan qo‘ng‘iroqlashsalar, o‘rinlaridan turib olardilar. Bir kuni ajablangancha shunday dedim:
 – Yo‘ldosh aka, Sizning tik turib gapirayotganingizni ular ko‘rmaydi-ku!
 – O‘tirib gaplasholmayman... Axir,bizni odam qilgan (ya’ni,yozuvchi qilgan,elga tanitgan) shu Toshkent, shu bag‘ri keng ustozlar-ku! –deb javob berdilar.
 Yo‘ldosh aka Said Ahmad, Hamid G‘ulom, Nosir Fozilov va boshqa ustozlar bilan deyarli Toshkentdagi kim bilan bo‘lsa ham shunday gaplashardilar. Ustozlarning maslahatlari, marhamatlari haqida to‘lqinlanib gapirardilar.
 Agar viloyatda yashaydigan ijodkorga Toshkentdan bir qo‘ng‘iroq bo‘lib qolsa ham go‘yo ilhom darchalarini, boshqacha aytganda, irmoqlarini ochib yuboradi. Nega? Negaki, ishonch–insonni dadillantiradi, qanotlantiradi. Bir kuni xuddi shunday bo‘lgan.Uyimizga Toshkentdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi.
 – Opa,Sizga bir iltimos bilan...
 Ajablandim.
 – Iltimos...
 – Agar qo‘limdan kelsa, ming marta...
 – Uch kun ichida qo‘qonlik muallima, O‘zbekiston qahramoni Manzuraxon Madalieva haqida ocherk yozib berishingiz kerak...
 – Uch kun ichida? Vaqt juda qisqa-ku, – o‘ylanib qoldim.
 – Nima endi... roman yozgan odamga bitta ocherk yozish...
 Shu bir og‘izgina e’tirofmi, bilmadim, menga kuch bag‘ishladi. Poytaxtdan olisda yashaydigan ijodkorga bo‘lgan hurmat, balki meni qanotlantirdi. Men o‘sha ishni uddaladim. Ocherk “O‘zbekiston qahramonlari” kitobiga kiritildi. Bu ocherkimga ko‘p yaxshi aksu sadolar keldi.
 Quvonarlisi, o‘sha iliq qo‘ng‘iroq meni yana-yana astoydil ishlashga undadi. Qo‘ng‘iroq qilgan ukam – o‘sha kitob muharriri Abduqodirjon Niyozov edi. Shu qo‘ng‘iroq sabab biz opa-ukadek bo‘lib ketdik. Endi bu ukam meni qalamni mahkam ushlab, astoydil ishlashga chorlab turadi.
 Toshkentga yo‘l olsam,Toshkent osmonida charaqlagan yulduz misol ko‘z o‘ngimdan yozuvchi, qadrdon familiyadosh singlim Ma’suma Ahmedova o‘tadi.U kuyunchak, mehribon. Adabiyotga, ijodga mas’uliyat bilan yondashadi.U mening birinchi muharririm.Gohi yozganlarimni so‘zma-so‘z o‘qib,tahrir qiladi. Har bitta so‘z ustida ishlashga shu Ma’suma o‘rgatdi. Bir kuni:
 – Nima ish qilyapsiz? – deya so‘radi u telefonda.
 – Yozganlarimni yana qayta ko‘chiryapman, – dedim.
 – To‘g‘ridan to‘g‘ri kompyuterga ko‘chirsangiz-chi...
 – Kompyuter boshimni og‘ritadi. Keyin u qog‘ozday yuragimga yaqin emas. Erkin ishlolmayman, – dedim.
 Shunda u turmush o‘rtog‘i, suyukli yozuvchimiz Tog‘ay Murodning gaplarini esladi:
 – Tog‘ay aka “Yurakdagi qo‘lga o‘tadi, qo‘ldan qog‘ozga tushadi”, – der edilar.
 – Bu – haq gap! Qog‘ozga to‘kish, yozish baribir boshqacha. Yana Qalam degan ilohiy ne’mat ham bor-ku! Kompyuterga kim bilsin, o‘rganolmayapman, – dedim.
 ...Endi, kim qanday yozadi. Ijod – eng erkin mashg‘ulot, eng mo‘‘jizali yumush.Unga hech kim buyruq berolmaydi, to‘xtatib ham qo‘yolmaydi.
 Ajabo, uning ham o‘z hasadgo‘ylari bor. Zimdan kurashuvchilar bor. Lekin mening shaxsiy fikrim, So‘z – bu haqlik! Unga kim yolg‘onni, xusumatni aralashtirar ekan, uzoqqa bormaydi. Unaqa ijodkorning yozganlari – somonxonagacha.
 Yurakdan yonib, yig‘lab, kuyib, hayratlanib, bor ishqini to‘kib aytilmagan so‘z – yog‘dulikka yetolmaydi. Ijoddagi zo‘rma-zo‘rakilik bilan ko‘ngilga yetib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ijodga chiranish yarashmaydi. Qalam ham yurmaydi. U yarim yo‘llarda qolib ketadi.
 
* * *

 Hali yosh, qavatlarga chopqillab chiqadigan paytlarimda Toshkentga tez-tez borardim.”Yoshlik”jurnalida “Rayhon bo‘ling,jon enam” hikoyasini chop ettirish uchun Farg‘onadan Toshkentga sakkiz marta qatnabman. Uning chop etilishini shu qadar istagan edim chog‘i. “Sharq yulduzi” jurnalida “Dunyo” hikoyam, she’rlarim chop etilgan. Iloyo umrlari fayzli bo‘lsin, shoir Ikrom Otamurod bizlarni hamisha yaxshi kutib olgan, yozganlarimizga nazar tashlagan.
 “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga “Olov” hikoyamni olib borganman.Ustoz Ibrohim G‘afurovga uchrashmoqchi edim. Adabiyotni qilni qirq yoradigan, oltin tarozida o‘lchaydigan ustozning salobati Toshkentdan turib, hayratga solardi. O‘sha kundagi, zinalardan ko‘tarilayotgan paytdagi hayajon va titroqlar hali-hali tomirimda jimirlab turadi. Bu hissiyotlarning hammasi adabiyotning kuchidan deb bilaman.
 – Yigirmanchi aprel kuni Toshkentga boramiz, – dedi Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limimiz boshlig‘i Enaxon Siddiqova. – Kitob taqdimoti bo‘ladi. Oydin opaning “Shom shu’lalari” kitobi bo‘yicha...
 Ko‘ngil chog‘landi. “Albatta boramiz”, deyman quvonib. Toshkent yo‘llari,xayollari oldinga chorlamoqda. Nimalardir yozgimiz kelyapti.
 ...Ijodkor xalki shunaqa ekanki, yoshi o‘tgan sari ko‘ngil chinnisi to‘lib boraverar ekan. Yozgisi kelaveradi. Faqat yozishga endi quvvati kam. Goho qahramonlarining iztiroblarini tasvirlashga ruhan ham jismonan kuchi yetmaydi.O‘ttizlab romanlar yozgan yozuvchilar qanday yozgan ekan-a?! Ana shu kechinmalar, holatlar haqida ham asarlar bo‘lsa edi. Baribir,nima bo‘lsa ham yozilgani yaxshi. Yozilyaptimi,demak ko‘ngil toshyapti. Yurak yonsagina, keyin undan cho‘g‘lar to‘kiladi.
 ...Shifokor qizim Mohidilxon Toshkentda malaka oshirish uchun bir oy o‘qidi. U Toshkentdan qaytganda, butunlay boshqacha edi. Kuchga to‘lgan, sog‘lom, kayfiyati baland, ruhiyati ishchan...
 – Tez-tez Toshkentga borib turish kerak ekan, – deydi u. – Toshkent maydonlarida kuchli ijodiy energiya-quvvat bor.Chunki u yerga eng izlanuvchan odamlar jamlangan. Ular tinmay fikrlaydilar. Fikrlar oqimi koinotga taraladi va u odamlarga ijobiy ta’sir etadi. Toshkentdan inson ruhiyatiga oid anchagina elektron kitoblar sotib oldim. Ularni ruschadan o‘zbekchaga tarjima qilyapman. Ulardan bemorlarni davolashda foydalanyapman. Har doim birinchi o‘rinda bemorning ruhiyatini davolash kerak.Ya’ni uni tushkun holatdan olib chiqish kerak...
 Qizimning so‘zlaridan xulosalar yasayman. Ha, Toshkent shunaqa deyman...U yerda eng kuchli, chayir, intizomli odamlar yashaydi.
 
* * *

 Hozirgina eshitdim. Qishloqda bir kuyov homilador xotinini uy ichiga qamab qo‘yibdi. Kelin jinoyat qilgani yo‘q. Faqat betobligini yonidagilarga aytolmay, o‘z onasiga aytgani,onasiga qo‘ng‘iroq qilgani uchun, xolos. Axir, o‘sha johil er farzand dunyoga kelayotgan vujuddagi og‘riqlarni o‘zi sezmagan bo‘lsa... Oiladagi temir intizomdan bezib, onasiga yorilgan-da. Hatto shuni ham tushuna olmabdi-ku!
 Qani endi, shunaqa johillarning o‘zini ham qamab qo‘yadigan mardlar topilsa! Negaki, u insonni his etishdek nozik tuyg‘ularni tanimaydi.U faqat yashash – moddiy boylik, shohona uy-joy, mashinalar deb biladi. Ular kitob o‘qimaydi. Maktabdagi adabiyot darslarida ham hech narsani uqmagan. Ya’ni, adabiyot o‘rgatadigan inson ko‘nglining nozik torlarini anglashgacha yetib borolmagan. Farzandining eson-omon, sog‘ tug‘ilishi haqida o‘ylamagan, fikrlamagan odam, birovning dilbandi bo‘lgan – xotinining qadriga yetarmidi! Bunaqa ma’naviyati mayib-majruhlarni kim tuzatarkin-a?! Shu daqiqada shoirlarga astoydil xitob qilgim keldi.

 She’r o‘qishdan charchama, shoir,
 Dilga yetsin bahor tuyg‘usi,
 Devonayu dalli desinlar,
 O‘qiyver sen,tonglar kulgusi...
 
 She’r o‘qishdan charchama,shoir,
 Bilsin ular ko‘ngil borligin,
 Tug‘ilmagan go‘dak ham intiq,
 Yaxshilikka tashna,zorligin.

 She’r o‘qishdan charchama, shoir,
 Jaranglasin samoviy sado,
 Mehr nima? Muhabbat nima?
 Bilmay umr bo‘lmasin ado...

 She’r o‘qigil, she’r o‘qi, shoir!

 Albatta, kitobga oshno bo‘lgan ko‘ngilda johillik bo‘lmaydi.
 
* * *

 Mana, bahorning oydek to‘lishgan kunlari. Olam gulga to‘lgan, olam misli oppoq guldasta. Cheksiz-chegarasiz chaman. Bugun ijod so‘qmoqlarida huzur bilan sayr qildim. Ya’ni, yozdim. Endi ko‘ngil yaxshi bir suhbatdoshni qo‘msayapti. Xuddi qo‘li bo‘shab, nima ish qilishni bilmay turgan odam misolidaman. Kecha niyat qilgan, yozmoqchi bo‘lgan maqolaning yaqiniga ham borganim yo‘q. Butunlay boshqa narsalar yozdim. Demak, aqlning zo‘rma-zo‘raki buyrug‘ini bajarmadim. Aksincha, ko‘ngildan to‘kilganini qog‘ozga sochdim va to‘g‘ri qildim.
 O‘ylaymanki,hamisha ko‘ngildan to‘kilgani rost. U ko‘ngil mulki bo‘lgani uchun ham qay bir dilga yomg‘irday quyilishiga ishonaman. So‘zlar qog‘ozga tushayotgan yorug‘ lahzalar, albatta, kimgadir esh bo‘ladi. Va o‘sha yurak olislardan bo‘lsa ham xayrixohlik ila qo‘l silkiydi.
 Kimdir aytar:
– Senga nima-ya... Ijod haqida yozishga senga nima bor?
 Endi bu gaplarga parvoim yo‘q. Negaki, xuddi shu ijod haqida yozgim kelyapti. Shoir aytganidek:

 Olti oykim, yozolmayman she’r,
 Olti oykim, yuragim zada...

 Shunday zada kunlar umr davomida kam bo‘ldimi?
 2010 yil qishida bitta so‘z yozolmadim. O‘zimni betob, bemor his etdim. O‘qishga-da rag‘batim bo‘lmadi. Hatto kichik-kichik qatralar ham meni yo‘qlamadi. Hatto qatra yozish ham oson emas ekan. Unga ham xalqdan olgan biror hikmatni jo aylash kerak. Unga ham nuqra tuyg‘ular kerak.
 Yozolmaslik – ijodkor uchun o‘lim bilan teng. Nihoyatda azob. Xuddi bo‘m-bo‘sh idishga, suvi qurigan anhorga o‘xshaysan. Odamlar orasida o‘zingni erkin sezmaysan. Go‘yo olamni, yashashni, umrni idrok etolmayotganday. Voqea-hodisalarga munosabatsiz, beparvo, hissiz hayot kechirayotganday... Seni yuksaklarga ko‘targuvchi ruhing tanangdan chiqib ketganday...

 Bugun esa... jonimga tashrif buyurdi-ya So‘z,
Oq qog‘ozdan poyiga poyandozlar to‘shadim,
 Yonimdagi jonlarga oftoblar, oylar bo‘lib,    
 Bu olamning ishqini yana yoza boshladim.

 Yozayotganda yonayotgan o‘choqqa o‘xshayman. Yozib bo‘lgach esa... Ko‘pincha yozganlarim uzoq vaqt, ba’zan yillab daftarlarda qolib ketadi.

 Har kun she’r o‘qishdan charchama, shoir...

 Bu satrlarni go‘yo quvalik shoiramiz Zuhro Alievaga va vodillik shoir A’zam Ismoilga qarata aytgandayman. Har ikkisi bir zumda shoirga aylanadi. Ular hamisha shoir. Qog‘ozsiz, xohlagan paytda gurillatib she’r o‘qishadi. Yod aytishadi. Bunaqa iste’dod menda yo‘q. Nima uchun-a? Balki... bu marhamatlar keyingi avlodlarimga nasib etar.
 Ustoz Yo‘ldosh Sulaymon bir kuni:
 – Shoirlar davrasiga kirsam, men asosan nasrda yozaman. Mayli, bitta she’r o‘qiy, deb she’rimni boshlayman, degan edilar.
 Demak, ustozning o‘zlaridan, o‘z ijodidan ko‘ngillari to‘lmagan. Biroq hech qachon she’rdan ko‘ngil uzolmagan va hatto:
 – Men keksayganda, oltmishdan oshganda, yuragi yonayotgan, yuragi kuyayotgan shoirga aylandim, – degandilar.
 Yana ustoz aytardilar:
 – Ijodning chegarasi yo‘q. U insonni tebratsa, ta’sirlantirsa, ezgu yo‘lga yetaklasa, yurakda orzuga, yashashga, yaratishga rag‘bat uyg‘otsa – o‘sha ijod – der edilar.
 Ijodkor shunaqa. Bir umr izlanadi, ilinadi, bir umr intiladi. U qaerga intiladi? Avvalo,o‘z ko‘ngliga... Gohi ko‘nglidagi rango-rang chechaklardan tortib, atrofidagi, insonlar ko‘nglidagi og‘riqlar bilan chirmashib ketadi-yu, yozganlari o‘ziga yoqmaydi.
 Yoqmagani – yaxshi! Demak, yana g‘avvosdek hayot to‘lqinida suzadi. O‘zidan qoniqmaydi. Yo‘ldosh aka:
 –Dunyoni ushlab turgan muhabbat haqida roman yozmoqchi edim. Yozolmadim, – deya afsus bilan gapirgandi umrining so‘nggi kunlarida. Ustozning “Dunyoni ushlab turgan muhabbat!” degan nigohining o‘zida minglab asarga mavzular borligi rost! Muhabbat bo‘lmasa, qalam tebranarmidi...
 Qalam! Yana senga qulluq. Sen ko‘ngilni yozasan. Ko‘ngilni yoritasan. Ko‘ngilni chaman etgan So‘zni insho etguvchi sen!
 
* * *

 2012 yil – “Mustahkam oila yili” deb e’lon qilindi. Har ishda mustahkamlik bo‘lgani, albatta, yaxshi. Oila esa jamiyatning yuragi. Uni asrash, avaylash kerak. Yilimizning nomi sabab, oila mavzusi haqida teranroq o‘ylay boshladim chog‘i. “Mening onam, mening otam” degan esse-kechinma yozdim. Yaxshi gaplar bor. Yozilganiga ikki oycha bo‘lyapti. Tezroq chop etishga bersam, yaxshi edi. Hamon daftarda. Ustoz opamiz Malika Mirzo qizi ham xuddi shunaqa. Yozilganu, ko‘chirilmagan asarlari ko‘p. Mahfuza Usmon qizi-chi...Uniki tom-tom bo‘lsa kerak. Mahfuzaxon kitob chiqarish haqida o‘ylamaydi ham. Mablag‘ haqida bosh qotirishni istamaydi. Ayniqsa, Mahfuzaxonning “Suvnoma” tarjima asarini birorta homiy topilsa,chop etilishini juda istardim.U–biz uchun jo‘mraklardan oqib yotgan oddiygina Suvning biz bilmagan sir-sinoatlari,mo‘‘jizalari haqidagi asar.
 Ma’mura Abdurahimova imzosidagi ajoyib iste’dod egasi bor. Yozganlari boshqacha. Ko‘ngilga nafis gullar tashrif buyurganday tuyuladi. Allaqachon, bundan o‘n yillar ilgari kitobi chop etilishi kerak edi. Hikoyalari respublika nashrlarida chop etilgan. Guruhiy to‘plamlarga kiritilgan. Bugungacha go‘zal qissalar yozishi kerak edi. Ma’muraxon nimaiki yozsa, ma’qul keladi. Uning yozganlaridan ko‘ngilning chamanlarini, iforlarini bemalol tuyish mumkin. Nazarimda, u romanlar yozishga kuchi yetadiganday. “Qissa yozyapman...” degan xushxabarlarni eshitgandayman. Biroq hali o‘qiganimcha yo‘q.Uning qalamiga,tuyg‘ulariga havasim keladi.
 – Bunaqa qalam har kuni tug‘ilmaydi-ku, Ma’muraxon, – deya unga o‘tingim keladi.
 Baribir, na shu o‘rinda ayolning ijodkor bo‘lishi-ancha qiyin ish ekani haqida o‘ylab qolaman. Baribir yozganlarimizni kimgadir o‘qittirish, atrofimizdagilarning fikrlarini bilish, ularni qayta yozish, qayta chizish, tuzatish, matbuotlarga berish, kitoblar chop ettirish... bu mashaqqatlarni ham astoydil yelkalamaguncha, ijodkorlik mas’uliyatini to‘liq oqlolmayotganingni anglab turasan. Men ham bu xatolarimni sezaman. Biroq ko‘nglimning aqlli mashinaga aylanib qolishidan cho‘chiyotganday, yozganlarimni gohi yillab tashlab qo‘yaman. Vaqti kelib, yana ularni titkilashga tushaman. Xuddi-xuddi igna bilan quduq qaziyotgan odamga o‘xshayman. Bir kun obi hayotga yetarmikinman, degan umid hamisha olislarda yaltillab, ilinj bag‘ishlaydi.
 
* * *
 
 ...Men yozayotgan paytimda, qog‘oz va qalam bilan yashayotganimda, agar qo‘ng‘iroq qilib qolsangiz,azizim,ovozimdagi jarangdorlikni, albatta, sezasiz. Bu – ijod ishtiyoqidan.
 Bir kuni Toshkentdan qadrdonim Ma’suma Ahmedova qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Miriqib gaplashdik. U o‘zining betobligini aytdi. O‘shanda ijod zavqi hamroh ekan chog‘i, o‘zim bilgan tabobatlarni shunday tushuntiribmanki...
 – Do,re,mi,fa sol,lya, si...dan “do” tovushini cho‘zib talaffuz qiling, tuzalib qolasiz, – dedim.
 Ma’suma bu gapga ishonmasa ham yayrab kuldi.
 – Opaginam, yaxshiyam qo‘ng‘iroq qilganim. Bo‘lmasa, shunday katta kashfiyotdan bexabar qolar ekanman, – dedi.
 Yaqinda “Kitob dunyosi” gazetasida Halima Ahmedovaning “Shodlik” she’rini o‘qidim. O‘sha she’r shunday tugallanadi: “Men bayram qilyapman tirikligimni...” Yozayotgan payt ham xuddi shunaqa. Dilga butun tiriklik shu’lalari oqib kiradi. Ijodkor esa o‘sha shu’lalarni, o‘zi ko‘rayotgan, sezayotgan dunyoni boshqalarga ulashib bergisi keladi.
 
* * *

 2012 yil bahorining tabassumlari ko‘zlarimizni quvontirgandan beri “Sunbula”ni o‘ylayman. O‘sha qissani bu yil albatta ishlayman, deb o‘zimga so‘z beraman.Biroq hali qo‘lga olib, varaqlaganim yo‘q. Xayolda borki, bir kun u qayta ishlanadi, yoziladi.
 “Sunbula” ichida qancha og‘riqlarim bor.Uni shunday yozsamki, har bir qiz o‘zining kimligini, nimalarga qodirligini his etsa...Toki biror-bir zo‘ravon hech qaysi qizimizni do‘pposlash tugul, chertishga ham haddi sig‘masin.
 Yaqinda Namangan viloyatiga qarashli soylari sharqirab turgan qishloqning “Onaning ko‘zyoshlari” deb nomlanguvchi ziyoratgohida bo‘ldik. Xuddi, xuddi... onaning ko‘zyoshlari to‘xtamay, sizib-sizib oqayotganga o‘xshaydi. Yil – o‘n ikki oy, kechasiyu kunduzi oqadi. Aytishlaricha, farzandidan judo bo‘lgan Onaning jolalari emish... bu tomchilar. Tomchilar oqib, poyidagi buloqqa to‘kiladi. Balki...bu buloq o‘sha ko‘zyoshlardan bino bo‘lgandir.
 O‘sha Chodakda mehmondo‘st ukamiz Obidjonning xonadonida bir piyola choy ichdik. Oddiy odamlar... Biroq ular ko‘zlaridan toshayotgan, bizga, umrida birinchi marta ko‘rib turgan odamlarga bo‘lgan mehrlarini ko‘rsangiz, shoshib qolasiz. Go‘yo daryo to‘lqinlariga ro‘paro‘ bo‘lganday, go‘yo bu daryolar o‘z-o‘zingiznikiday yaqinlikni topib olasiz. Obidjonning onasi Shodmon xola tojikchada so‘zlar, tushunsa-da, yaxshi gapirolmas ekan. Shodmon xolamiz mening kitobimni qo‘liga olib:
 – O‘zing yozdingmi? Kitob yozasanmi? – deganday ishoralar bilan hayratlanib-hayratlanib, ko‘zlarimga qaradi. Keyin...kutilmaganda, birdan shunday yig‘lab yubordiki...Ko‘zlaridan duv-duv yoshlari to‘kildi. Menga o‘tinib qaradi. Go‘yo iltijolar qilib qaradi.
 – Meni yoz, mening yuragimni yoz, – deya ko‘kragini ko‘rsatdi.
 – Yigirma besh yoshli o‘g‘lidan, navqiron ukamizdan avtohalokat tufayli bevaqt ayrilib qolgan. Shundan buyon ko‘zyoshlari to‘xtamaydi, – dedi onasiga mahzun termulib Obidjon.
 Hozirgina “Onaning ko‘zyoshlari” qoshidan kelgan edik. Mana, yana bitta ayriliq, alam dog‘lari.O‘ylayman:
 –Ular naqadar o‘xshash-a...
 Shodmon xolani yoza olamanmi yoki yo‘qmi? Qalamning kuchi yetadimi? Bular hammasi mening armonlarimdir.
 
* * *
 
 Obidjonning rafiqasi Muniraxon boqqa ishlagani ketgan ekan. Qaytishda uchrashdik. U qo‘llarini tuproq ichidan olib, yonimizga shoshib keldi. U bog‘larni sarishta etayotgan mehnatlari ichidan chiqib keldi. Biroqch chehrasida shunday mamnunlik, hayotga sog‘inchlar zohirki, uning baxtli ayol, ro‘zg‘orda erkin ayol ekanini sezish qiyin emasdi. Nigohlari charaqlab turibdi. Qani deyman, har bir ayol Muniraxon kabi o‘zining saodatli ekanini anglab yoki uni o‘zi yaratib, boshqalarga ham yuqtirib tursa. Buning uchun esa har bitta qizimizda qati’yat bo‘lishi kerak. O‘zini asray bilishi, mehnatda chiniqishi,engil-elpi yo‘llarda adashib qolmasligi, ilm yo‘llarida intilish, xonadonga bekalik kabi pog‘onalarni mahkam egallay olishlari kerak. Bibixonim, Nodirabegimdagi muhabbat va vafolar, jasoratlar, kurashlar yor bo‘lishi kerak.
 Zamonamizda asarlarimiz uchun bu kabi qahramonlar ko‘p. Faqat ular siymosini adabiyotda yaratish uchun biz ijodkorlarga katta zahmatlar kerak. “Sunbula” ham ana shunaqa sinovlardan o‘tib borayotgan qahramonlarimizdan biri. Unda texnika asri shiddatlari, bilag‘onliklari bor. Eng muhimi, unda ko‘ngil bor, muhabbat bor. Shuning uchun ham oilasida ildiz otyapti.
 Yozish kerak! Yozish kerak! Nima deysiz?

* * *

 Men yig‘layapman. Ko‘zyoshlarim quyilib kelyapti. Axir, men quvonchlarimni, eng issiq so‘zlarimini yozmoqchi edim-ku! O‘sha aytgan, Siz o‘quvchilarim, uchun sir, ya’ni muallifi ham, kitob nomi ham aytilmagan, men yozmoqchi bo‘lgan maqolaga mavzu bo‘lgan ijodkor haqida fikrlarimni izhor etmoqchi edim.
 Shukur, yoza boshladim. Biroq ichimdagi bor so‘zlar, to‘kilayotgan hissiyotlarimni negadir ochiq-oydin yozishdan o‘zimni tiyishga urindim. Quyilib kelayotgan mehr to‘la tuyg‘ularimni tishimgami, ko‘ksimgami bosgancha, to‘xtab qoldim.
 “Odamlar nima deydi? Odamlar nima deydi?”
 Bu savollar bizni maqola yozayotganimizdagi katta cheklash ekanini tushundim. Qog‘ozga to‘kilmay, ichimda qisinib-qimtinib qolayotgan so‘zlar ko‘zyoshga aylanib, mijjalarimdan sizib ketdi. Mana,endi xuddi shu nuqtada badiyatning qadriga yetamiz. Badiiyat – bamisli keng dunyo! Xohlasangiz cho‘qqiga chiqasiz. Xohlagancha, cho‘qqidan turib, ko‘rayotganlaringizni tasvirlaysiz.Faqat, Siz tasvirlayotgan qahramon – alpinist bo‘lsa bo‘ldi. Cho‘qqiga yetib borish si noatlarini ishonarli tasvirlay olsangiz,bas. Endi maqolada-chi... Hatto cho‘qqiga chiqqan qo‘shningiz haqida o‘ylab,to‘kilib emas, ha, o‘ylab yozasiz.
 “Odamlar nima derkin? Qo‘shnisi bo‘lgani uchun juda maqtavoribdimi?” – demasmikin, deya istiholaga borasiz.
 Badiiyatda esa... lirik qahramon omon bo‘lsin! Uning tilidan,dilidan hamma dardlarimizni ayta olamiz.

 Bahor,senga keldi havasim,
 Senda ne bor aylading gulgun,
 Bu dunyoga baxshida hissan,
Har zarrada barq urar nishon.
 
 Kim uxlaydi, parvoing ham yo‘q,
 Yerdan bahra olib tursang, bas.
 Poyingni suv o‘pib tursa, bas,
 Tanangda ishq javlon ursa, bas.
 
 Gul karvonlar o‘tayotir hur,
 Anhorlaru soylar qo‘ng‘iroq,
 Oyday kular zimiston tunlar,
 Tog‘da lola – yoqilgan chiroq.

 Tonglar endi hurramu so‘lim,
 Osmonlarda shafaq – inoyat.
 Ilinaman, unda yashar kim,
 Har bir kuning – firdavsi jannat.

 Bahor, senga keldi havasim.

 Axir, men borimni gulgun etolmay to‘xtadim. “Odamlar nima derkin?” – dedim. Bahor esa... buni xayoliga ham keltirgani yo‘q. Yerga, toshga, insonga, butun mavjudotga, yorug‘ olamga... mehrini to‘kib-to‘kib izhor etyapti. Tuyg‘ularni cheklash – og‘ir ish. Omon bo‘l, lirik qahramon! Hikoya yozayotganimda, to‘kolmaganlarimni sening dilingdan, tilingdan yozaman. Hech kim malomat qilmaydi. Agar kimdir bu ishga chog‘lansa, parvoim yo‘q. Men o‘shanda bahorga aylanganimni his etaman. Qalamga tashakkur, deyman.
 
* * *

 Muhabbat – insonni poklaydi, deymiz. Gohi bir ayol muhabbatga duchor bo‘lib,olovlarda yonsa, odamlar uni “telba”, deya malomat aylaydilar. Muhabbatga ro‘paro‘ bo‘lgan inson, bir kun albatta ko‘ngil olamidagi gulzoriga, ya’ni yuksalib, ilohiy ishqqa yetib boradi. Nazarimda, bizning o‘zbek adabiyotida musulmon ayolning ming qavatga o‘ralgan pinhoniy muhabbati, uning iztiroblari, hayotga hadya aylagan qudratlari haqidagi kitoblar juda kam. Biz ko‘pincha Ko‘ngilni emas, atrofimizdagi voqea-hodisalarning tafsilotlarini yozayotganga o‘xshaymiz. Bizni yozuvchi deb,sirini ozgina aytib, ko‘zyoshini ko‘rsatganlar va hayotda, inson dilida shunaqa azobli tuyg‘ular bo‘lar ekan, kimgadir mehr qo‘yish, bir so‘z tebranishidan gohi odam o‘zini yo‘qotishi, dunyoni unutib, rost gapki, sevish, sevib qolish kabi og‘riqli hislardan qayga qochish mumkin, men uni istayotganim yo‘q, faqat boshqara olmayapman, deya ko‘nglini ochguvchilar bor. Muhabbat –yaratuvchi kuch. Albatta, u ko‘ngilda sodir bo‘ladi, ko‘ngilda kurtak yozadi. Uni yozuvchi sifatida yozmoq uchun ham o‘sha muhabbatni boshdan kechirmoq, jon fido bo‘lar darajada sevmoq kerakdir.
 Ijod shunaqa yo‘l ekanki, uning sir-asrorini anglaguningcha, umr poyoniga yetib qolayotganday. Hammaning o‘z yo‘li, o‘z ovozi bo‘lishi kerak, deydilar. Har bir ijod yo‘li – Yangi bir yo‘l. Hech biri bir-biriga o‘xshamaydi. Agar xiyol bo‘lsa-da, o‘xshasa, darrov kitobxonlarning o‘zi inkor etadi, tan olmaydi.Tan olingan ijodkor,albatta, kimningdir tilida, dilida bo‘ladi. Odamlar Sizni ortingizdan izlab yurishadi. Adabiyotning kuchini qarang. Ko‘ngillarni birlashtirib qo‘yganiga nima deysiz?!
 Mayli, u qanday asar bo‘lsa ham,inson ko‘nglini yoritsin,tuyg‘ularni yuksaklikka chorlasin. Ustoz Pirimqul Qodirov bir suhbatlarida,muhokama etilayotgan bir nasriy asardagi qahramon haqida gapirib:
 – Bekorga o‘lib ketmasin bu qahramon. Agar izsiz o‘lib ketsa, kitob ichida qahramon bo‘lishiga nima bor? –degan edi astoydil jon koyitib.
 Bu suhbat men uchun ustoz ochgan katta yo‘l bo‘ldi. Kitob-oftob, deymiz.Demak, uning sahifasiga hamma ham kira olmaydi. U –kitobxonga yo‘l ko‘rsatsin,fikrini charog‘on etsin. Nimadir, nimadir, bir ezgulik ulashsin.
 Kimdir kimnidir sevib qolsa... Nafratlanish, yomon ko‘rish, g‘iybat qilishdan ko‘ra sevish – ming marotaba afzal! Sevgi ko‘ngil ichinda gul ochadi.Bu degani uni darrov kimgadir tutqazish degani emas-ku! Qaysidir kitobda o‘qigan edim. “Muhabbat bor joyda fahsh yo‘q”, deyilgan edi. Bu fikrga to‘la qo‘shilaman. Qaerdaki, yengiltaklik, xijolatpazlik, uyat–o‘limdan qattiq holatlarga ro‘paro‘ bo‘lishlar, begunoh norasidalarning kutilmagan tug‘ilishlari haqida eshitilayotgan ekan... bilingki, chindan ham u manzillarda muhabbat sodir bo‘lmagan. Demakki, insonning nozik tuyg‘ularini tarbiyalaydigan, sevgi titroqlaridan roz aytadigan, xayolchan g‘unchalar kabi ibolar, hayolar haqidagi asarlarga muhtoj ekanimizni his etaman.
 
* * *

 Tuni bilan uxlolmadim. Bamisli to‘lg‘oq ichra bo‘ldim. Maqola chala qolgan edi. Uni ertaga tugata olamanmi? Yoza olamanmi? Savollar miyamda g‘ujg‘on o‘ynadilar. Ertalab betobday uyg‘ondim. Aslida, bugun payshanba tongida Qumtepa bozoriga borib, bahorga kiyimlar olmoqchi edim. “Ko‘ksim ichra shuncha yuklar bilan bozorda menga nima bor?!” – degan qarorga keldim. Xayol hamon qalamda. Ishqim faqat qalamda. Ijod uchun o‘zimga mo‘‘jazgina joy tayyorladim. Qo‘limga qalamni ushladim. Naqadar xushbaxt daqiqa. Nabiralarim yonimda chug‘urlashdi:
– Ena...a, choyga...
– Yo‘q, o‘zlaring ichaveringlar. Men yozyapman!
 Ovozim balandlab chiqdi chog‘i... Bolalar jim bo‘lib qolishdi.
 Yozib ketdim. Ilhom bilan yozdim va maqolaga nukta qo‘ydim. Bitta maqola yozishga nega shuncha qiynaldim? Negaki, qog‘ozga birorta So‘z hissiz, mas’uliyatsiz, shunchaki uni uzaytirish uchun yozilishidan qo‘rqdim.
 Yozaman, yozaman... Bir oz vaqt o‘tkazib, ularni sinchiklab, qaytib-qaytib o‘qiyman.
 – Nimalar yozibman-a...
 Agar qoniqish hosil qilsam:
 – Yaxshi yozibman, durust, – deyman ozgina taskin topib.
 Mana, yozganlarimni o‘qib chiqdim. Ancha ma’qul.Biroq yanada keng ko‘lamda yozish mumkin edi. Suvi ko‘payib ketishidan qo‘rqdim. Endi uni kompyuterda ko‘chirmoqchi bo‘ldim. Nonushtadan turib, fikrimdan qaytdim.
     –Avval chiroyli qilib,oq qog‘ozga ko‘chiraman. Ha. bitta mehnatni ikki qilar ekanman-da.
 Axir, yozish oson bo‘ldimi?!Yozish oldida ko‘chirish xiyol yengilga o‘xshaydi. Gohida esa, aksincha, katta mehnat yozilgandan keyin boshlanadi. Xuddi uyni tiklab, keyin pardoz bergan, ziynatlab, naqshlar solgan kabi. Ya’ni, yozayotganda, ko‘ngil o‘zi to‘kadi. Keyin, har bitta so‘zga qarab ko‘chiriladi. Nima bo‘lsa ham ijod – mashaqqatli va huzurli mehnat.Uning ta’mini totganlargina biladi. Ayniqsa, go‘zal bahor kunlarida ishlash boshqacha. Yozishdan qo‘lingiz charchab, beixtiyor derazaga qaraysiz. Bahorni, yashil olamni ko‘rasiz. Gullar sizga jilmayib turadi. Charchog‘ingiz yoziladi. Yana siz tiriklik olamini sevib, qalam tebratgingiz keladi.
 
* * *

 Bu Gul so‘qmoqlarda, ya’ni ijodning zahmatli va yulduzli onlarida, bildimki, men o‘zimni izlayotgan ekanman. Atrofga nazar solib, bog‘lar ichra izlayapman. Buloqlar boshiga borib izlayapman. Baliqlar bilan so‘zlashib izlayapman. Odamlar orasiga kirib, ko‘ngillar olamiga yaqinlashib, izlayapman. Men ularga tutashib, chambarchas bo‘lgim kelyapti. Nazarimda, hayot ichra hayot bo‘lishni orzulayotgandayman. Endi har bir inson o‘zini o‘zi shunday izlasa... Menimcha, bu – yaxshi. Ayniqsa, bu izlanish qog‘ozlarga ko‘chsa, uni kimdir miriqib o‘qisa...
 Ishonamanki, albatta, o‘qishadi. Negaki, unda zo‘rma-zo‘rakilik yo‘q. Deylik, hovli ichida qaerdadir oltin bor.Uni izlab topish kerak. Odam har bir ko‘rgani tagidan oltin chiqib qoladiganday qidiradi. Ijod esa, vujuddagi, ongdagi, ko‘ngildagi yog‘duni qidirib topishdir. Hamma soha kishilari ham shunday izlansa, hayotda kashfiyotlar sodir bo‘laveradi.
 Qo‘qon shahrida ustoz muallima, O‘zbekiston qahramoni Manzuraxon Madalieva yashaydi.U o‘z izlanishlari bilan chinakam qahramon bo‘lgan inson. U o‘z fani –matematikani shunday sevadiki... Matematikaga bag‘ishlab, kitob yaratdi. Go‘yo matematika bilan adabiyotni chatishtirgan, go‘yo aql bilan ko‘ngilni bir-biriga bog‘lagan. Kitobining nomi “Sahnada matematika” deb ataladi. O‘quvchilar qiyin fan deb hisoblangan matematikani avval she’r qilib o‘qiydilar. “Biz parallel chiziqlarmiz”, deya she’riy kayfiyat bilan boshlangan dars keyin yuksak ruh bilan murakkab masalalarni yechishga kirishib ketadi. Qiyin ishlar ham osonday, matematika olamiga kirib, uni astoydil sevib qoladilar. Bir so‘z bilan aytganda, Manzuraxon o‘z umr yog‘dusini topishga erishgan va uni hayotga, odamlarga hadya aylagan. Bu yog‘du–ijod mahsulidir.
 Har bir inson o‘z kashfiyotini–-izlagan oltinini topsa, albatta, jamiyat gullaydi. Ma’naviyatimiz chinorga aylanadi. Odamlar yolg‘on so‘zlashdan uyaladi. Eshiklarga qulflar osilmaydi. Bir-birimizga ishonamiz. Negaki, izlanish olamida kezinayotgan odam atrofga rostlik bilan qaraydi. Nur qidiradi. Dunyo matohlariga, o‘tkinchi narsalarga, turli mayda-chuydalarga bog‘lanishga uning vaqti yo‘q. O‘z cho‘qqisi, o‘z olami bor. U o‘sha bilan ovora.
 Bilmadim, keyingi avlod qanday bo‘lar ekan? Bashoratchi emasman. Biroq kelajakdan umidlarim katta. Hozir yozayotganlarim ham shunga ishora emasmi? Biroq bugun rostini aytadigan bo‘lsak, bir-birimizga ishonch kam. Ko‘chaga chiqqan odam borki, puliga, o‘ziga hushyor bo‘lishi kerak. Qorong‘u tushdimi, qo‘rqib, eshiklarni qulflaymiz. Atrofda har xil gap-so‘zlar. O‘g‘irliklar, hatto qotilliklar haqida ham eshitilib turadi.
 Iymonli insonlar, Allohni taniganlar, undan qo‘rqadigan bandalar hech qachon birovni aldamaydi. Kimdir kimnidir aldayotgan ekan, bilingki, u hali o‘z Xudosini tanigani, topgani yo‘q. Ma’naviyat, asli til va dilning bittaligi. Halollik –ma’naviyat. To‘g‘rilik, tamalardan qochish, birovning haqiga nazar solmaslik, birovga baqirmaslik, o‘shqirmaslik, g‘iybat qilmaslik, birovga choh qazimaslik, o‘z manfaati deb, boshqalarni oyoqosti qilmaslik...Ularning hammasi – ma’naviyat, komillik yo‘llari. Nima bo‘lsa ham birovga ziyon-zahmat yetkazmaslik, hatto ko‘ngil ichida ham birovga yomonlik tilamaslik, birovga o‘z og‘irligini tushirmaslik –eng asosiylari deb bilaman.
 ...Biz yashayotgan zamonda xo‘jako‘rsinchilik kayfiyati ancha kuchli. Ayniqsa, turli marosimlar, to‘ylar, sarpolar, ziyofatlar, mebellar hammasi ko‘proq kimo‘zarga, el ko‘rsinga bo‘lyapti. Ular qancha yaxshi insonlarning sog‘lig‘ini izdan chiqaryapti, ro‘y-rost aytish kerak, umrlarni ham qisqartiryapti.
 “Har bir suhbat, diydorlardan Alloh rozi bo‘lsin va ularga hikmatlar ato etsin”, deydiganlar ham bor.
 Biz har bir ishdan hikmat izlab, qadam tashlasak, ko‘p ulug‘liklar sodir bo‘ladi” -deya umid qilaman.
 Izlanyapmiz.Biroq yo‘llarimizda qancha xatolar bor. Ularni tan olib, yozadiganlar bormi? Agar har birimiz ro‘y berayotgan ma’naviy xatolarga o‘zimizni daxldor deb bilsak edi... Rostdan ham daxldormiz. Negaki, ular bizning atrofimizda sodir bo‘lmoqda. Bu xatolarda bizning ham, shaxsan mening ham hissam borligi aniq.
 O‘rgangan ko‘ngil o‘rtanib qo‘ymas ekan. Xatolarimizni bilib turib, yana ularni takrorlashdan charchamaymiz. Masalan, umrimizni gohida behuda, xuddi berkitilmagan jo‘mrak kabi suvday behuda oqayotganini ko‘rib turamiz. Uni hech narsaga sarflamay, kunni o‘tkazamiz. Qattiq rejim bilan ishlaydiganlar bor. Biroq ko‘ngil bilan ishlaydiganlar rejimga sig‘maydi. Ko‘ngil boshlovchi bo‘lgani yaxshi. O‘shanda kamroq adashamiz, deb o‘ylayman. Ko‘ngil chopmagan ishning oxiri ko‘rinmayotganga o‘xshaydi. Ko‘ngil chopib tursa, bajarilayotgan ish ham og‘ir ko‘rinmaydi. Uzoq yo‘lga chiqsangiz yaqinday tuyuladi.
 O‘z o‘quvchisini topgan, qo‘lma-qo‘l bo‘lgan qaysi kitob borki, u albatta, ko‘ngildan to‘kilgani rost. Hatto besh vaqt namoz ham ko‘ngildan to‘kilib o‘qilishi kerak. Rostlar ichida, rostgo‘ylar ichida, eshiklarga qulflar solinmaydigan xotirjam kunlarni orzulayman. Ana shunday odamlarni Germaniyaning Berlin shahrida ko‘rdim.
 1992 yil edi. Hech kim hech kimni aldamas ekan. Sotiladigan mashinalar sotilgunga qadar, oylab bozorda turaverar ekan. Katta-katta savdo do‘konlarida faqat bittagina kassir bor, xolos.
 Goh-goh, “Ha, u odamga ishonsa bo‘ladi”, degan gap quloqqa chalinadi. Naqadar xushbaxt so‘zlar:
 – Ishonsa bo‘ladi!
 Dunyoda bitta ishonchli odamning borligi – katta, poyonsiz pok olam. Unga dunyo ishonadi, osmon ishonadi, Yer ishonadi. U bilan munosabatda bo‘lgan har bir insonda huzurli tuyg‘ular zohir bo‘ladi. Bu odamga eng katta omonatingizni tutqazsangiz ham u zarrasiga-da xiyonat qilmaydi. O‘ylaymanki, dunyoning shodligi ana shunday kishilar tufaylidir. Ular ustunsiz osmonning yiqilmas tayanchlari. Ular uchun pul, boylik, amal kursilarining ahamiyati yo‘q. Ular uchun haqlik, Yaratganning roziligi, odamlarning ishonchi o‘zi kifoyadir.
 
* * *

 Kecha qadrdonim Mahfuzaxon:
 – Insondagi tuyg‘ular nihoyatda aziz. Allohga ham aql bilan yeta olmas ekanmiz, faqat ko‘ngil bilan, ko‘ngildagi tuyg‘ular bilan yetar ekanmiz, – dedi.
 Men ham xuddi shu fikrda edim. Allohga ibodat qilayotganda, agar, ko‘zlarimga yosh to‘lib kelsa, bu yoshlar yuzlarimga to‘kilsa... xuddi ko‘nglimda bir jannat bordek, go‘yo uni dil tomchilarim bilan sug‘orib qo‘ygandek bo‘laman. Go‘yo shu lahzada vujudimdagi ishq-muhabbatdan Alloh ham rozi bo‘lganday va men yuksalib-yuksalib ketganday...
 Aql bilan shoshib-pishib, xayol boshqa joyda-yu, o‘zim boshqa joyda bo‘lsam-chi... Unda esa, to‘lqinsiz-tuyg‘usiz, jimjit vujud bilan egilib, turganday, xolos. Mahfuzaxon bilan gaplashib, yana iqror bo‘ldimki, har ikki dunyoga ham tuyg‘ular kerak. Tuyg‘u bo‘lmasa, mehr bo‘ladimi, muhabbat bo‘ladimi? Vijdon bo‘ladimi, hayajon bo‘ladimi? Gulbarglar titrog‘iday ko‘ngil tebranishlari bo‘ladimi? Tuyg‘ularsiz ularning hech bittasi bo‘lmaydi, bo‘la olmaydi. Alloh bizni ana shu go‘zal tuyg‘ular bilan bezatgani va O...DAM... qilgani rost.
 Qarangki, adabiyot–o‘zi tuyg‘u. Tuyg‘ular toshmasa, kim yozadi? Kitoblar qatiga jo bo‘lgan o‘sha tuyg‘ular xuddi shabnam misoli kitobxon dilini poklaydi, yashnatadi, yangi-yangi orzular kurtaklarini yozdiradi. Mana, hozir biz bu mashaqqatli yumush mahsuli bo‘lgan kitoblarimizni o‘zimiz chop ettiryapmiz va o‘zimiz sotyapmiz. Bu ish – ayol boshimga zururmi? Bir oz malol kelganday bo‘ladi odamga. Agar bu yumushni ipidan ignasigacha yozsam, juda og‘ir. Biroq kimdir: “Kitobingizni maza qilib o‘qidim, desa, ana shu – eng katta mukofot! Shu bir og‘iz so‘z hamisha yozishga undaydi. Bu – eng oxirgisi. Birinchisi – ko‘ngil!
 Ko‘ngil chopyapti, ko‘ngil yozyapti.
 Katta asarlar, romanlar yozish uchun yozuvchiga katta materiallar kerak. Asar bosh qahramoni fizik olim bo‘lsa, fizika fani sir-asrorini bilmagan odam uni qanday yozadi? Demak, yozuvchi o‘zi yozayotgan qahramonining kasb-kori sirlarini aniq bilishi kerak. O‘sha kasb egalarining ruhiyatini bilishi kerak. Bo‘lmasa, kitobxon ishonadigan asar yozilmaydi.
 Hamisha ko‘plab romanlar yozgan yozuvchilar hayotiga qiziqqanman, havas qilganman. Ana o‘shalardan biri – amerika yozuvchisi Uilyam Folknerdir. U “Mag‘lubiyatga uchrasam ham mayli”, degan ahd ila astoydil ijod qilgan va o‘ttizdan ortiq romanlar yaratgan. 1949 yilda Uilyam Folkner Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.
 Mag‘lubiyatlardan cho‘chimay ijod qila bilish ham katta jasorat ekaniga amin bo‘laman. Biroq bu qadar jasoratli qalamkashning katta bilimi, hayot tajribasi bo‘lishi, shu bilan birga uning yuragida kitoblarga kirishga arzugulik insonlar Uilyam Folknerdir qahramonlar yashashi kerak.
 Mana shu kunlarda, 2012 yilning eng chiroyli damlarida ushbu kitobimni ishtiyoq bilan yozyapman. Gullar rangiga qo‘shilib, daraxtlarning ko‘m-ko‘k liboslariga qo‘shilib, go‘yo men ham yosharib yozyapman. Aslida, uni kim kutyapti? Uni hatto chop ettirishga yurak ham betlamaydi. Bunaqa kitobni Shukur Xolmirzaevga o‘xshagan mashhur adiblargina yozsa, keyin odamlar hazm qilishi mumkin. Bu haqda ko‘p istiholalar qilib, o‘ylaganimdan bo‘lsa kerak, bir kuni: “Sen o‘zingni kamsitma, inson degan she’r keldi. Rostdan ham qachongacha o‘zimizni kamsitamiz? Qalam yozib turibdiki, bu ko‘ngilning vujud ichra mashhurligi emasmi!” – deb o‘yladim. Keyin shunday qarorga keldim:
 “Qalam yozyapti. Demak, ko‘ngil yozyapti. Ilhom kelyapti. Ilhomsiz bir so‘z yozilmaydi-ku! Qalam o‘z-o‘zidan hech qachon yurmaydi-ku! Qog‘ozlarga to‘kilayotganing muborak bo‘lsin, ey Dil! Demak, odamlarga aytadigan issiq so‘zing bor...”

* * *

 Yaqinda televizorda ko‘rdim. O‘zbekiston xalq rassomi Ortiqboy Qozoqov o‘zi uchun kundaliklar yozishni odat qilgan ekan. Rassomlik yo‘lidagi mashaqqatlar, kartinalar yaratishdagi izlanishlar, tuyg‘ular, ranglar, hayrat va hayajonlar... Ayni paytda o‘sha kundaliklar besh tomlik asarga aylanibdi va Teatr va rassomchilik institutida darslik sifatida o‘qitilmoqda. Kimgadir bu yumush zarurat sabab yuklatilganda ham u bu qadar tabiiy yaratilmasa kerak edi. Aql va tuyg‘ular uyg‘unligidagi darslik har bir yosh musavvir uchun umrboqiy saboq bo‘lib qoladi. Ham rassom, ham yozuvchi, ham darslik yaratgan ustoz! Alloh bu rassomimizning bitta qalamiga ko‘p inoyatlar ato etibdi.

* * *

 Yozish uchun eng yaxshi payt – bahor, kuz, qish deyishadi. Men uchun esa bahor! Uning har bir kuni gul so‘zday. Yaratganning inoyatlarini qarang, kim sizga shuncha gul hadya etadi? Kim sizga shuncha atru iforlar tutadi? Kim sizga shuncha oftoblarni to‘kadi? Kim sizga shuncha rizq beradi? Uni yer bag‘rida kim yarata oladi? Bu ne’matlarning ta’rifiga yetib bo‘lmaydi.
 Ayni bahor... Hozir...hozir... Butun ona-O‘zbekistonni piyoda kezgim kelyapti. Tuproqlarini ko‘zlarimga surtgim kelyapti. Qarangki, shu suluv bahor bag‘rida turib ham urishib-janjallashadilarmi-a? Odamlar, hey odamlar, hayratlanishga o‘zi Vaqt yetmayapti-ku! Go‘zallikni qarang, cheksiz-chegarasiz... To‘rt tomonga qarang... gul, yashillik...gul, yashillik... Aprel – shunaqa suluv oy.

 Behilar, olchalar gullagan,
 O‘rikning shoxlari – g‘o‘radir.
 Bodomlar ro‘molin sidirib,
 Yam-yashil chodirga kirodir.

 Ko‘m-ko‘kdir, ko‘m-ko‘kdir to‘rt taraf,
 Oy Yerga intilib halakdir,
 Yulduzlar tun ichra sirlashar,
 Bahorga parvona – falakdir.

 Go‘yo bu oshiqlik zamoni,
 Har yurak bir qo‘shiq aytmoqda,
 G‘aflatni nari sur, ey ko‘ngil,
 Yana bir bahorim o‘tmoqda.

Hozirgina televizorda-“Yoshlar” telekanalida bir ko‘rsatuv bo‘ldi.
 – Har bir asar e’tirofga muhtoj, dedi olimlardan biri. – U xoh yaxshi bo‘lsin, xoh yomon...Yomon kitobning ham o‘z o‘quvchisi bo‘ladi. Eng muhimi, uni kimdir o‘qiyapti.
 Ha, o‘qiyotgan daqiqada inson ruhiyatida o‘zgarish sodir bo‘ladi. Ayniqsa,kitobni mazza qilib o‘qisang,yangi bir olamga kirasan.O‘zingni qaytib kelgan yangi bahor ichida sezasan odam. Rostini aytganda, kim majburan kitob o‘qiydi? Ko‘zining nurini to‘kib, kimdir astoydil kitob o‘qiyotgan ekan, bilingki, o‘sha yaxshi kitob.Demak, u o‘ziga tortyapti, o‘ziga bog‘layapti.
 – Adabiyot haqida bitta ko‘rsatuv bilan kifoyalanib bo‘lmaydi, –dedi davra qatnashchilari. – Adabiyot haqida har kuni gapirishimiz kerak.
 Qishdan chiqayotgan sovuq kunlarda ikkita erkak jasadi birin-ketin suvdan topilgani haqida aytildi. Yana goh-goh o‘z joniga qasd qilganlar haqida eshitilib turadi. Demak, ular ruhiyatida tushkunlik, hayot girdoblaridan chiqolmaslik holatlari ro‘y bergani shubhadan xoli emas. Agar ular birorta kitob o‘qishganda edi, albatta, uning ichidan hayot rangini topishardi, ko‘rishardi. O‘sha rang ularni qutqarib qolsa ajab emas. Hayotga oshiq odamlar Yaratgandan faqat umr so‘raydilar.
 
* * *

 Ushbu bitiklarim ichra goh shod, goh mahzun qadam tashlar ekanman, inson umri haqida uzoq-uzoq xayollarga tolaman. Uy poydevorsiz, ustunsiz bo‘lmagani kabi umrning ham o‘z tayanchlari bor. Ilk ustozlarim – otam Dehqonboy Otajonboy o‘g‘li, onam –Po‘latxon Nishonboy qizidir.
 Dadamning otasi Otajonboy buvam 1933-yilda mulkdor bo‘lgani uchun Tojikistonga surgun qilingan. Buvam poezd vagoni oynasidan boshini chiqarib, xayrlashayotganida, ko‘zidagi shashqator yoshlari oppoq, chiroyli yuzlarini yuvib, nigohlari umidsiz, nihoyatda iltijoli bo‘lgan.
 – Ahmadjon, men sizga ishonaman, shu yolg‘izgina bolamni ehtiyot qiling.Uni sizga omonat tashlab ketyapman. Mendan zurriyot qolsin, jon Ahmadjon. Bizdan zurriyot qolsin... – deya zorlangan.
 Dadamning tog‘asi – Ahmadjon Otajonboyga sodiq bo‘lib qoldi. Umrining oxirigacha otalik qildi. Quloqlar bolasini sho‘ro maktabiga olishmadi. O‘shanda to‘qqiz yoshli Dehqonboy jiyanini o‘z nomiga olib, unga Ahmedov deb familiya berdi.
 Otajonboy buvamizning niyatlari ijobat bo‘lganki, otamiz Dehqonboy Ahmedov 1941–1943 yillarda II jahon urushida qatnashib, chap qo‘lidan, o‘ng ko‘zidan yaralanib, eson-omon qaytdi. Uylanib, sakkiz farzand ko‘rdi. Ne baxtki, Otajonboyning zurriyotlari endi Fayziobod osha Farg‘onada, Toshkentning turli manzillarida yashab, umrguzaronlik qilmoqdalr.
 Otajonboy buvamizni ko‘rmagan bo‘lsam-da, har lahza mehrini his etib turaman. Bitta jiyanimizning ismini Otajon qo‘yishgan. Shu jiyanimiz 2011 yilda ijaraga olma bog‘i olib, parvarishladi. Bu bog‘ o‘shanda shunday meva berdiki... Qip-qizil besh yulduz naqsh olmalar shoxlarini ko‘tarolmay, yerlarga egildi. Terib, sotib, ulgurib bo‘lmasdi. Otajon tez-tez qarindoshlarga qoplarda olma tarqatardi. Go‘yo Otajonboy buvamiz bizlarga olma ulashib yurganga o‘xshardi. Odamlarning, bilgan keksalarning aytishicha, mulkdor Otajonboy o‘z topgan-tutgani bilan ko‘p nochorlarni boqqan ekan.
 Ko‘nglimdgi to‘lqinlarim, cho‘g‘larim, ya’ni odamlarni yaxshi ko‘rishim onamdan o‘tgan. Ayniqsa, qo‘li kalta odamlarga qayishgim, yordam bergim keladi. Biroq moddiy yordamlashishga ortiqcha imkonim bo‘lmadi. Ularni mehrim bilan suyashga intildim. Ko‘nglimdan qaynab chiqqan so‘zlarimni hech qizg‘anmay hadya etdim. Kitoblarimni ulashdim. Aqlim –otamdan o‘tgani rost. Iqtisodchi otam kabi men ham hisob-kitobni yaxshi ko‘raman.
 Nazarimda, otamdan, onamdan o‘sib chiqdim. Ijodga rag‘batimni birinchi bo‘lib otam payqaganlar. Viloyat gazetasiga borgin, deb maslahat bergan. Farg‘ona Pedagogika institutiga imtihon topshirayotganimda, institutga kirishimga yo‘llar izlab, otam o‘sha atroflarda girdikapalak bo‘lib yurganlari kechagidek esimda. Otam:
 –Nimaga yozmayapsan? – deb gohi so‘rab turardilar.
 Otamdan keyingi ustozim – Yo‘ldosh Sulaymon bo‘ldi. Shogirdlarini ko‘zining qorachig‘iday avaylardi. Hatto og‘zidagini ilinardi. Ustozdagi mehrni ko‘rib, ko‘zlarimdan yosh chatnab ketardi. Oxunjon Hakimov, Malika Mirzaeva, Yo‘ldosh Solijonov, Hayotxon Qurbonova, Mahfuza Usmonova, Toshkentda Oydin Hojieva, Ibrohim G‘afurov, Pirimqul Qodirov, Ikrom Otamurod, Murod Xidirov, Ma’suma Ahmedova, Abduqodirjon Niyozovlar yozuvlarimga nazar tashlab, iliq so‘zlar aytganlar. Maslahatlarini ayamaganlar.
 Odam ellik yoshga yetganda, bir ortiga qaraydi. O‘shanda ham dunyoni u qadar anglamaydi. O‘shanda ham Yerning yelkasida atrofni tomosha qilib turganday,ha,hali vaqt bor, deyotganday bo‘lamiz. Go‘yo yuz yoshga yetamizu, hali yarim umr bizni kutib turganday. Odamlar bekorga “Payg‘ambar yoshi” deyishmas ekan. Payg‘ambar yoshi, ya’ni oltmishdan o‘tgandan so‘ng, odam kun sayin Yerga yaqinlashib boradi. O‘tgan umriga tez-tez nazar tashlaydi. Ko‘ngli to‘ladi yo to‘lmaydi. Bu fikr qoshida to‘xtab qolaman. Umrimdan ko‘nglim to‘ldimi? Ohistagina “ha”, degim keladi. Nega? Negaki, beshta farzand, o‘n beshta nabiralarim bo‘lsa, ularga faqat yaxshilikni o‘rgatdim. Hech kimga yomonlikni ravo ko‘rmadim. Bir kuni bir kitobda o‘qib qoldim.
 – Amalda qilgandan ko‘ra niyatda qilganning savobi ko‘proq, – deb yozilgan ekan.
 Mushohada qildim. Nima uchun? O‘zimdan javob topdim. Amalda qay bir kambag‘alga moddiy yordam bergim kelyapti. O‘zimdan orttirib, unga bir qop un hadya qilishim qiyin. Lekin unga astoydil Allohdan tilab qo‘ysam-chi... Yaratgannning inoyati, marhamati keng. Xolis niyatim, tilagim ijobat bo‘lsa, unga chor tarafdan oqib kelishi yoki ketmas davlatlarga ro‘paro‘ bo‘lishi hech gap emas. Shu jihatdan qaraganda, qay bir ko‘zi yoshlini ko‘rsam, albatta unga murodini Xudodan so‘rayman. Ko‘nglim yorug‘ bo‘ladi, yengil tortaman. Kattami, kichikmi, yozganlarim odamlarga ilinganlarimning tomchilari deb bilaman.
 Inson armonsiz bo‘lmas ekan. Qancha mehrlar ko‘nglim ichinda qoldi. Go‘yo qay bir buloqlarimning ko‘zlari ochilmadi. Afsus chekmayman. Negaki, zo‘rma-zo‘rakilik bilan ko‘ngillarga yetib bo‘lmaydi. Balki shunday deya o‘zimni ovutayotgandirman. Baribir, adabiyot yaxshi, qalam yaxshi, qog‘oz yaxshi. U abadiyatga tutashadi. Odamlar kitoblarimni sotib olishganda, ularni o‘qib, ta’sirlanib, dil so‘zlarini izhor etishganda, meni so‘roqlab, uyimga kirib kelishganda, baxtiyor bo‘ldim. Umrimning yulduzli onlarini o‘sha lahzalarda ko‘rdim.
 
* * *
 
 Gul so‘qmoqlarning xotimasini negadir nasriy nazmlarda bitgim keldi. Ya’ni...ko‘nglim mamlakatida Malika bo‘ldim bugun. Chor tarafda sayroqi qushlar navo qiladir. Rayhon, jambil bo‘ylari tutib ketar havoni. Poyimdadir maysalar, giyohi ne’matlari. Go‘yo ular dardlarga tutar mingta shifoni. Osmonda quyosh – shohdir, hadyalari adoqsiz. Chuchmomalar, yalpizlar, atroflarim –gul, chaman. Dilimda sayrar bir qush, tiriklikdan aytar so‘z...
 Bisotimda neki bor, dunyo, senga ulashsam. Shirin diydorlar ichra entiksamu, adashsam. Bir kaft tuproq ishqini bitsa azim ketmonlar, bilaman, unda unar rizq, nasiba, imonlar. Ko‘zlarim yulduz bo‘lgan, qo‘llarimda xinolar, qoshlarim qunduz bo‘lgan suv tutishib o‘smalar. Xayollarim gul bo‘lgan, dilim ichida bulbul. Bilingki, azizlarim, dilga kelibdi bahor! Dilga kelibdi bahor!
 
* * *

 Hislar qilar to‘polon. Yozib-chizib kun o‘tar. Qalamni mahkam ushlab shoshaman, toshaman, keyin... Nimalar yozdim, deya termulaman ularga. Ular –ko‘nglim mulkidir.Ular xuddi, bamisli ko‘zyoshimday to‘kildi. Demak, ular-rostlarim, yashashga havaslarim. Topganim-tutganlarim, hayratim, g‘ayratlarim. Yomonmi yo yaxshimi? Ko‘zyosh tiniq-ku axir, ishonaman ularga.
 Azizlar, jonkashlarim, bu rangli so‘qmoqlarda, yashil, gulgun, noparmon, oppoq, qizil, siyohrang... Ular ichra men borman. Faqat, faqat Siz meni shu so‘qmoqlardan izlang. Gul so‘qmoqlardan izlang...

 Farg‘ona, 2012 – 2013.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.