OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirzo Ahad. Nargizaning buvisiman (hajviya)

Sultonposhsha xolaning qalbi yosh. Shu boisdanmi, u goho nabirasining ovoziga taqlid qilib turadi. Telefon jiringladi. Xola shoshilmasdan oldi. Va “Allo!” – deya o‘n yetti yashar qizlar ovoziga o‘xshatma qildi.
– Azizam, seni tabriklayman, – deya bir yigit telefonning narigi tomonidan sayray ketdi, – bugun bayramimiz, esingdan chiqdimi, asalim?!
– Qanaqa bayram, qanaqa asalim?!
– Bayramdaqa bayram-da. Meni kalaka qilma, asalim! Axir, bugun 14 fevral!
– Darrov “14” keldimi? Vaqt ham oqar suvday gap. Kechagina yoz edi. Eh-hey, yosh ham o‘tib ketyapti. Aytgancha, “14”da qanaqa bayram bo‘ladi?
– Sen parishonxotir, yoki men go‘l!... Axir, 14 fevral – sevishganlar kuni-ku! Soddaroq qilib tushuntirmoqchi bo‘lsam, “Igves” bog‘ida birgalikda shaftoli tergan kun.
– Himm! Sen bilan-a?!
– Masxara qilma, xafa bo‘laman-a!
– Hali, xafayam bo‘lasizmi? Mening hozir aytadigan gapimni eshitsangiz, bilmadim, holingiz ne kecharkin, azizim. Siz aytgan o‘sha “Igves” bog‘idagi shaftolini men umuman yemaganman. Chunki, o‘sha paytlar qizlarning roziligi bilan erga bermasdilar, jonginam!
– Qariyalarning gapini osmondan oldingmi, yo buving o‘rgatdilarmi?
– Boshimdan o‘tganlarni aytayapman, azizim! Yana bir narsani aytsam, sochlaringiz tikka bo‘ladi. Rahmatli erim o‘lganiga yigirma yildan oshdi,
– Nargiz, senmisan?.. Bunaqa gaplarni qaerdan olding?
– Men uning buvisiman.
– Ni...ma?!.
Narigi tomondan telefonning uzuq-yuluq gudogi keldi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.