OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirzo Ahad. Xapdorining mo'jizasi (hajviya)

Qaysi shofyorga qaramang, fig‘onidan tutun chiqadi: bir litr benzin falon pul.
Bittasi mashinasiga suv solishni maslahat berdi. Yo‘g‘-ey, aql bovar qilmaydi, deysizmi? Ishonavering, sizdan nima ketdi, bir chelak suv-da! Bir xapdori bilan birga.
Oktyabr oyining o‘rtalari edi o‘shanda. Mahallamizdagi choyxona oldida yap-yangi "Neksiya"ning motori o‘chib qoldi. Haydovchi mashinadan tushib qo‘liga bir idish olib u yoqqa yurdi-bu yoqqa yurdi.
— Baraka topkurlar, ikki litr benzin topib beringlar, narxini ziyodasi bilan to‘layman.
— O‘zimiz ham to‘rt oydan beri mashina minganimiz yo‘q, —  dedik unga ko‘zimizni lo‘q qilib.
— Ha, mayli, —  qo‘l silatdi "Neksiya" egasi. — Bo‘laricha bo‘ldi. Bir chelak suv topiladimi?  
Biz hayron. Nima: u mashinasini yuvmoqchimi? Qiziqib qolib, bir chelak suv keltirib berdik.
Notanish shofyor nima qilayotganini yaxshi biladiganday suvni bakka qo‘ydi-da, cho‘ntagidan bir dona xapdori olib bakka tashladi. Biz bir-birimizga hayron termulib qoldik. U xotirjam  mashinasiga o‘tirdi. Bir-ikki "g‘ing-g‘ing"dan so‘ng motor o‘t oldi! Yo tavba! "Neksiya" motori suvda ishlardi-ya! Biz darrov mashina atrofini o‘rab oldik.
— Og‘ayni, doringizning sirini ayting,— iltimos qildim men.
— Uning bir donasi o‘n litr suvni benzinga aylantiradi. Yaponiyadan olib kelishgan.
Yalinib-yolvorib, 200 dona dori sotib oldik. Donasiga 2 ming so‘mdan to‘ladik. "Neksiya" ketgach, hammamiz o‘z garajimizga oshiqdik. Mashinamning bakiga suv quyib, ustidan mo‘’jizakor dorini tashlab kalitini buradim. Ammo motor o‘t olmadi. Yana va yana urinib ko‘rdim. Yo‘q, baribir motor o‘t olmadi. Boshim qotdi.
Oradan ikki hafta o‘tdi. Bir kuni kechki taomdan so‘ng achchiq choy ichib, gazeta o‘qigim keldi. Gazetada "Ehtiyot bo‘ling, firibgar!" sarlavhali maqolaga va tanish suratga ko‘zim tushib, elektr toki urgandek qotib qoldim. O‘zimni qo‘lga olib, maqolani o‘qishga kirishdim. O‘qiganim sayin tepa sochim tikka bo‘la boshladi. Men sotib olgan dori oddiy yo‘tal dori ekan. Bizni rosa laqillatibdi, zang‘ar.
Uning "Neksiya"si gaz bilan yurarkan. Obbo, uchar-e, bir dunyo xapdorisini pullab yubordi-ya?!  Balki o‘shanda ikki litrgina benzin topib berganimizda bunday chuv tushib qolmasmidik, a?

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.