OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhabbat Sharafiddinova. Markiza (esse)

Dadam Ozod Sharafiddinov va 
ukam Farhod Sharafiddinov xotiralariga bag`ishlayman

Borliq, tevarak-atrof ajoyibotlarga, ibratli voqealarga boy. Faqat uni anglash, idrok qila bilish lozim. Shuning uchun mo`jizani o`zingdan qidir, deyishsa kerak. Ayniqsa hayot tashvishlaridan ozgina chalg`isam men uchun aziz insonlar — dadam Ozod Sharafiddinov va ukam — Farhod Sharafiddinovlarning hayoti, turmush tarzi hamda yaxshi ko`rgan narsalari bilan bog`liq xotiralar ikir-chikirlarigacha birma-bir ko`z oldimdan o`taveradi.
Men o`z sohibiga vafodor bo`lgan jonivorlar haqida ko`p eshitganman, hayotiy voqealar, rivoyatlarni ko`p o`qiganman. Lekin ajoyibotlar haqida eshitish boshqa, uni ko`rish va kuzatish boshqa.
Uni Markiza deb atashdi. O`zi ham Reyzenshnauzer zotidagi itlardan edi. Uni uyga olib kelishganda, endigina olti oylik bo`lgandi. Hammayog`i qop-qora, kichkina ko`zlari quyuq uzun jun bilan qoplangan. Markiza kundan kunga ulg`ayib borardi. Katta va bahaybat itni ko`rgan odamda qo`rquv paydo bo`lardi. Lekin shunga qaramay, u iltifot va erkalashlarini juda yaxshi ko`rardi. Shunisi qiziqki, u o`zining vazifalarini doim ham bajaravermas, ya`ni uyni qo`riqlamas, bo`lar-bo`lmasga vovullayvermasdi ham. Xullas, oddiy itlarga o`xshamasdi. Vaqt o`tishi bilan Markiza oilamiz a`zosiday bo`lib qoldi. Hamma uni juda yaxshi ko`rar, ayniqsa ukam Farhodning unga mehri o`zgacha edi.
Farhod oilasi bilan dadamlarning hovlisidan uncha uzoq bo`lmagan, atigi besh daqiqalik masofada — ko`p qavatli uyda istiqomat qilardi. U dadamlardan har kuni xabar olar, shu sabab bo`lsa kerak, Markiza bilan yaxshi tanish edi. U it bilan sayr qilishni xush ko`rar, ba`zan uyiga olib ketar, yosh bola bilan o`ynagandek maza qilardi. Darvoqe, uyida Markizaning foto surati ham bor edi. Bir gal Farhod uni uyga olib ketganida suratga tushirgan ekan. Markizani Farhodning oilasidagilar ham yaxshi ko`rardilar. Markiza Farhodning oilasi mehr va iltifotidan bahra olishni xush ko`rar va o`z o`rnida u ham mehrini ayamas edi. Farhod oilasi bilan hovli eshigini ochishdanoq, Markiza xursandligidan ularning atrofida sakrar, to`xtamay dumini likillatar, quvonchini yashirolmay dam-badam aylanar, yugurar, butun bo`y-basti bilan orqa oyoqlarida turib, sal bo`lmasa ularni yiqitib yuborguday darajada sevinib ketardi. Bunday uchrashuvlar har kuni, to Farhod ayvonga yoki uyga kirib ketguncha davom etardi. Ularning o`rtasida mana shunday yuksak mehr-oqibat bor edi.
2000-yil dadamning qandli diabet kasali yana xuruj qilgan payt. O`shanda ahvol juda tang, chaqirilgan «tez yordam» mashinasi dadamni to`ppa-to`g`ri reanimatsiya bo`limiga olib ketdi. Tasodifan darvoza yonida yotgan Markizaga ko`zim tushdi: boshi quyi tushgan, ko`zlari mungli edi. Odatda u dumini chiroyli likillatib, hovli bo`ylab hayotdan minnatdordek yurardi. Lekin o`sha daqiqalarda u ham tang ahvolga tushib qoldi va bu holatdan anchagacha chiqa olmadi. Dadamning ahvoli haqiqatdan ham og`ir edi. Biz u kishiga umr tilab, Ollohdan iltijo qilardik. Ular shu ahvolda o`zlarini bilmay o`n kun yotdilar. Dadam hech narsa tanovul qilmas, ranglari so`lg`in, ko`zlari nursiz edi. Qiziq, shu kunlarda Markiza ham dadamga hamdardlik bildirgandek g`amgin holatga tushib qolgan edi.
Xudoga shukrlar bo`lsinki, shifokorlarning muolajalari tufayli, dadam asta-sekin darmonga kirib, uyga qaytdilar. U kishining kasalxonadan qaytishlari munosabati bilan uyga yoru-birodarlari, shogirdlari, qarindosh-urug`larning mehmon bo`lib kelishi kutilmoqda edi. Markizani kelayotgan mehmonlarga tashlanmasligi uchun katta hovlining etagidagi uychasi oldiga bog`lab qo`yishdi. Dadam hovliga kirib kelganlarida, Markiza bizni yana bir bor hayron qoldirdi. U egasining takrorlanmas, o`ziga xos ovozini uzoqdan eshitdi. Keyin hovliga kirib kelayotgan dadamga ko`zi tushdi. Endi uni to`xtatib bo`lmas, u shu tobda panjaradan hatlab o`tish niyatida o`zini har tomonga otardi. Nazarimda vajohatidan, dadamning yoniga yaqinlashish yo`lida to`siqlik qilgan kimsani g`ajib tashlashdan ham toymasdi. Men o`shanda bu tilsiz mavjudotning chinakam vafodorligiga qoyil qoldim. Vaqt kelsa, odamdan odamga zarracha iliqlik, yaxshilik yetmasligiga guvoh bo`lganmiz.. 
O`sha kunlarda dadamning kayfiyatlari baland, hayotdan zavqlanib, qayta tug`ilganday bo`ldilar. Avvallari ham ular tabiatga o`zgacha hayajon bilan qarar edilar. Tabiat tirik, degan sezgi ularni hech qachon tark etgan emas. Dadam og`ir darmonsizlikdan so`ng hamma narsaga o`zgacha mehr bilan qaray boshladilar. Ular hovlidagi har bir butachani ko`zdan kechirar, har bir daraxt bilan gaplashar, har bir gulni silardilar. Aytish kerakki, hovlidagi, dala-bog`dagi barcha dov-daraxtlarni qalb qo`rlari bilan parvarishlash ularga xos ibratli xususiyat edi. Ularning barchasi otamga suhbatdosh, iliq va yoqimli “so`zlar” topib sog`lig`idan xabar oluvchi do`stlari edi. Olloh u kishining hayotini qaytarib berganidan so`ng, ularni qurshab turgan bu tabiat go`zalligini kasalxonada boshlaridan kechgan azob-uqubatlar uchun berilgan tuhfa, deb bildilar dadam. Tabiiyki, ular Ollohdan mana shu go`zallikni yana bir bor ko`rishga imkoniyat berilganidan behad minnatdor edilar. Dadam bilan bo`lgan suhbatlardan birida jurnalistlarning: “Baxt nima?” – degan savollariga javob shunday bo`ldi: “Baxt, bu — tevarak-atrofingni o`rab turgan go`zal olamni ko`ra olish, o`z oyog`ing bilan yurish, xohlagan narsangni tanovul qilish”. Dadamning kasalxonadan qaytishlari hovlimizga ham qandaydir bir yangi, jonli ovozlarni, turli qushlarning sayrashlari, daraxt va gullarning jonli shitirlashlarini olib kelgandek bo`ldi. 2000-yilning bahorida uyga hayot, baxt qaytganday bo`ldi.
Mana shu voqeadan so`ng Markiza o`ziga bir odat chiqarib oldi. Dadamning ahvoli yaxshiligiga ishonch hosil qilish uchun ularning yotog`iga kirib chiqadigan bo`ldi. Buning uchun oyim gohida uni muloyim urishardi. Chunki u otamni yuvintirishga, nonushta qilishga xalaqit berardi. Oyim qanchalik bu jonivorga mehr bilan munosabatda bo`lmasinlar, bari-bir uni xonadan chiqarib yuborishga majbur bo`lardilar. Nima bo`lgandayam oyim dadamga qarayotganlarida itning turishi albatta noo`rin edi. Mehribonlik o`z yo`liga, lekin kasal oyoqni parvarishlash juda muhim edi. Bunday paytlarda dadam doim Markizaning yonini olardilar. “Bu bekorga kirayotgani yo`q, mendan xavotirda, meni yo`qlab, xotirjamligimni ko`rib ketmoqchi”, — derdilar. Aslida ham, u dadam bilan oyimni qo`riqlar edi. Dadamning ahvollarini sezganday bo`lardi. Sog`liqlari kundankunga yomonlashgan paytda esa Markiza ularning eshigi tagidan ketmasdi.
Otam, salomatligining qandayligi haqidagi savollarni yoqtirmas, bu suhbat uchun mavzu emas, deb bilardilar. “Saksonga yaqinlashib qolgan odamning sog`lig`i qanday bo`lishi mumkin?” — deb, savolga savol bilan murojaat qilardilar. Tabiiyki, buning javobini bilish uchun ularni diqqat bilan kuzatish kerak bo`lardi. Bunda ham Markizaning munosabati bexato bo`lib, menga juda qo`l kelardi.
Bahaybat it bo`lganligiga qaramasdan, chaqmoq va momaqaldiroqdan qo`rqib, uyga kirib olardi. Bir kuni tunda kuchli momaqaldiroq bo`lib, Markiza otam yotog`ining eshigiga yugurib kelgan. Tabiiyki, kechasi bo`lganligi bois eshik qulflangan. U oyoqlari bilan avval eshikni, javob bo`lmagach, oynani taqillata boshlagan. Kun davomida otam bilan ovora bo`lgan oyim qattiq uyquga ketib, bu taqillashlarni eshitmaganlar. Otam oynaga yaqin yotganliklari uchun shovqinni eshitib, aravachalariga o`tirib, Markizani xonaga kiritganlar. Erta tongda uyg`ongan oyim otamning karavoti yonidagi qandaydir qora narsaga ko`zi tushib, bu nima ekan? — deb hayron bo`lganlar. Ne ko`z bilan ko`rsalarki, bu Markiza ekan. Shundan so`ng otam itni kiritganliklarini va u shu yerda tunaganini tushuntirganlar.
Oyim hamisha Markizaning ovqatlanishini nazorat qilardilar. O`z vaqtida ovqat berilishiga jon kuydirardilar. Axir u “men ochman”, deb ayta olmaydi, u haqida qayg`urishimiz kerak, savob bo`ladi”, — derdilar. Oyimning bunday xatti-harakatlaridan uydagilar: “ozgina och qolsa hech narsa qilmaydi, balki shunisi yaxshidir, sal jahldor, uyni qo`riqlaydigan va umuman, o`zining itlik vazifalarini bajaradigan bo`lardi”, — deb qo`yishardi. Lekin masalaning mohiyati shunda ediki, oyim ham, dadam ham Markizaga itga emas, odamga qaraganday munosabatda bo`lishardi. Farhod esa uni hatto “qora qizim” deb erkalar va o`ta aqlli it ekanligini qayta-qayta ta`kidlardi: “Itlar har bir kasalning davosini biladi, agar Markizaning ham tili bo`lganda, qaysi kasalga qaysi o`simlikning foydasi tegishini aytib berardi”, - deb qo`yardi.
Markizaning ziyrak ekanligiga yana bir misol. Bir kuni hovliga dadamni ko`rgani taniqli shoir Erkin Vohidov, olimlar Umarali Normatov, Abdug`afur Rasulovlar kirib kelishdi. Dadamning sog`liqlari aytarli darajada emas, demak, Markiza doimgidek, ularning eshigi tagida, shogirdlar domlaning oldiga kirishlari kerak. Ming ko`z o`rgangan bo`lsa ham, eshik tagida bahaybat it. Shunda Erkin aka: “Markiza, biz domlamizning oldilariga kirib, xabar olaylik ”, — deganlarida, Markiza dik etib turib, dumini likillatganicha hovli etagiga ketib, mehmonlarni hayratga solgan edi. Shu damlarda bu vafodor jonivorning xayolidan nimalar kechgan ekan...
Markizadan o`n to`rtta bir-biriga o`xshagan chiroyli, ko`zlari qop-qora kuchukchalar tug`ildi. “Kuchukchalardan uch-to`rtta baquvvatini olib qolib, qolganini cho`ktirib yuborish kerak, onasi hammasini katta qilolmaydi”, — deganlar ham bo`ldi. Haqiqatan ham , ular juda kichkinaligida ona suti yetib turdi, lekin bir muncha vaqt o`tib, o`n to`rtta kuchukchaga sut yetmay qolib, muammoga aylandi. Shunda echki suti sotib olib, kuchukchalarni butilka orqali ovqatlantirishga to`g`ri keldi.
Ko`p o`tmay, kuchuk bolalari bemalol yura oladigan, savatidan chiqib, hovli bo`ylab tarqaladigan bo`lishdi. Kuni bilan charchagan Markiza (bolalarining ovqatlanishini ta`minlar, tili bilan ularni yuvintirar, nimjonroqlarini ko`zi ostidan qochirmay, doimo o`zining oldida olib yurar edi) uxlab qolibdi. Kuchukchalar esa hovlida sayr qilishni xush ko`rishar va ularning eng katta dushmani – hovlidagi hovuz edi. Hech narsadan xabari yo`q kuchukchalar unga tushib ketishdi. Ular yurishniku endi o`rgangan, suzishni esa umuman bilishmasdi. Shu bois cho`ka boshlashdi. Markiza darrov ularga yordamga kelib, hovuz atrofida girdikapalak bo`lar, ammo suvga tushmasdi. Chunki Markizaga bu hovuzda faqat odamlar cho`milishi mumkinligi tushuntirilgan. Bolalarining hayoti esa xavf ostida ekanligiga qaramay, suvga sakrashga jur`at etolmadi u. Kech bo`lishiga qaramay, uning baxtiga hovlida kattalar ham, bolalar ham bor edi. Ular birgalashib kuchuk bolalarini qutqarib, hammasini savatga tiqishdi. Bu paytda allaqachon qorong`u tushib ulgurgan edi. Baxtga qarshi bolalari orasidagi eng baquvvatining vazni og`irlik qilib, cho`kib ketganini, qorong`u kechada hech kim sezmadi. Erta tongda esa «Bek»ni (unga shunday nom berishgandi) hovuz chekkasiga qalqib chiqqanini ko`rishdi. Shunday qilib, ularning soni bittaga kamaydi. Kuchuk bolalari ancha katta bo`lib qolishdi, endi ularni tarqatishdan boshqa iloj yo`q edi. So`raganlarga berildi. Shunday qilib, Markiza yana bir o`zi qoldi. Oila u uchun dadam, oyim va Farhod edi.
Ming afsuski, mehribon va odamoxun insonlaridan biri – ukam Farhod bevaqt hayotdan ko`zini yumdi. Kutilmagan bu hol oilamiz uchun katta yo`qotish bo`ldi, hammamizni larzaga soldi. O`lim haq, lekin inson hech qachon bunga ko`nikolmasa kerak.
Farhod — mehrli, iste`dodli, zehnli, tafakkuri keng inson edi. Uning bilmagan narsasi yo`q. U arab tili va tarixi, o`zbek adabiyoti tarixini juda yaxshi bilardi. Bundan tashqari mazali taom tayyorlashni, ukol qilish va turli muolajalarni, velosiped va mashina tuzatishni havas qilar darajada bajarardi. Qurilish sohasida maslahatlar berish bilan birga, musiqa san`atidan ham xabardor bo`lib, gitarani qoyilmaqom chalardi. U qaysi davrada bo`lmasin, hammani o`ziga rom qilib olardi. ota-onamiz uzoq yillar istiqomat qilgan hozirgi ?urob ?o`la ko`chasidagi uyning yerto`lasida Farhod bolalar uchun tekin ustaxona ochib, qo`shni bolalardan qay birining velosipedlari buzilsa, ularni tuzatib berardi. Birinchilardan bo`lib kompyuter bilimini egallagan inson edi.
Farhodning vafotidan keyin Markizaning ahvolini tasavvur qilish qiyin emas edi. Endi u o`zining uychasi bo`lishiga qaramay, joyini butunlay dadamning yotog`i tagiga almashtirib oldi. Uning bu yerdan sira jilgisi yo`q edi. Dadamning mazalari qochishi bilan uyning ichiga kirib olar va o`zicha otamni qo`riqlab, ularga bo`lgan mehrini shu tariqa izhor etardi. Dadam buni tushunardilar. U dadam bilan oyimga xuddi o`zining bolalariga bo`lgan munosabatday munosabat qilardi. Uning uchun otam va onam bamisoli bola edi. Oyim tashqari eshikni ochguday bo`lsalar, chaqirmasalar ham Markiza albatta, yonlarida turardi. Undagi itlarga xos xususiyat – inson hali sezib ulgurmagan narsalarni seza bilish ustunlik qilardi.
Bir kuni men, oyim jiyanlarim bilan ayvonda o`tirib, g`alati voqeaning guvohi bo`ldik. Markiza o`zidan-o`zi darvoza yaqinida o`z atrofida aylanib, balandga sakrab, keyin sekinlik bilan biz tomonga yaqinlashdi. Markizaning bunday o`zini tutishi ko`pincha Farhod kirib kelganida yuz berar, bunday paytda ular birga o`ynashib, uning atrofida aylanib, o`yin qilib sakrab, shoshilmasdan biz tomonga kelishardi. Bu safar ham u o`zini xuddi kim bilandir o`ynashgandek tutdi. Nazarimizda, Markiza endigina uyga kirib kelgan Farhodning yonida, u bilan o`ynashib, uyga taklif qilayotgandek edi. Bu biz uchun bir belgi bo`lib, Farhodning ruhi yonimizda biz bilan birga ekanligiga ishonchimiz komil edi. Go`yo Farhod har galgidek dadam va oyimdan xabar olgani kelgandek bo`ldi. Bu esa farzandidan ayrilib, ko`ngli yarimta bo`lib qolgan otam-onamga dalda bo`luvchi katta kuch beruvchi, ilohiy holatni hamon unutolmaymiz.
Farhodning vafotidan roppa-rosa besh oydan keyin otamdan ham ayrildik. Oxirgi yillarda bir necha jarrohlik operatsiyalarini boshidan kechirgan va ularni ko`tara olgan, yana hayotga qaytgan, ruhan cho`kmagan inson, farzand dog`ini ko`taraolmadi. Aytishlaricha, jannat eshiklari ochiladigan kun, bu muborak Ramazon oyining ilk kuni ekan. Dadamning jonlari aynan Ramazon oyining birinchi kuni uzildi. Ahil oilamiz o`zining ikki yaqin insonidan — ota va o`g`ildan, tayanch va umididan ayrildi. Ular bilan hayot butunlay o`zgacha edi. Ayniqsa, bolalar ulardan ko`p narsa olishga harakat qilardilar. Farzandlar, nabiralar biror bir tantana, bayram, tug`ilgan kun munosabati bilan bizga tamoshalar uyushtirishardi. Ularning har biri ma`lum ma`noda iste`dodli edi. Bu tomoshalardan bolalarni aqlini peshlaydigan viktorinalar ham o`rin olgan bo`lib, dadam boshchiligida unga savollar tayyorlardik. Savollar ham bolalar uchun, ham kattalar uchun mo`ljallangan bo`lardi. Afsuski, yaqinlarimizni vafoti munosabati bilan bularning hammasi to`xtab qoldi (vaqtincha bo`lsa ajab emas). Bu yo`qotishlar, albatta Markizaga ham ta`sir qilmasdan qolmadi. Endi bu uyda uning eng yaqin insoni — oyim edi. Markiza endi oyimga bog`lanib qoldi. Oyim ham o`z navbatida unga juda yaxshi muomala qilardilar. Oyim Markizani o`zlarining yaqin insonlari bilan bog`lab turishiga, u orqali yaqinlarini ko`rishga ishonchlari komil edi. Uni ovqatlantirish va yuvinishini o`z nazoratlariga oldilar. Uning barcha qiliqlariyu-sho`xliklaridan xabardor edilar. U haligacha yosh boladek chaqmoq chaqishi va momaqaldiroq bo`lishidan qo`rqar, yugurib oyimning xonalariga kirib olar, xuddi kichkina bola singari titrog`ini bosolmasdi. Biror bir zarurat bilan oyim uyda bo`lmay qolsalar, albatta Markizadan ko`z-quloq bo`lib turishni tayinlardilar. Ba`zan yuraklari to`lib ketgan kezlari Markiza, ularning suhbatdoshiga aylanardi.
Otamning vafotlaridan keyin oradan bir yildan ortiqroq vaqt o`tdi. Kunlarning birida Markiza oyim bilan o`ynashib, keyin bir oz quyoshda toblanib yotdi, oyimga erkalik qilib, hamma qiliqlarini ko`rsatdi. Shu kunlari uyda ustalar ishlayotgan va ular nimanidir olib kelib, nimanidir olib chiqib ketishar, xullas, kirib-chiqib yurishardi. Oyim itning uydan chiqib ketish ehtimoli borligini va shuning uchun eshikni hamisha berkitib yurishni ularga tayinlardilar. O`sha mash`um kun eshik “lang” ochiq qolgan, Markiza esa sekin-asta ko`cha tomon odimlab, keyin umuman ko`zdan g`oyib bo`lgan. U boshqa qaytib kelmadi. Keyinroq qo`shnilar uni Farhod yashagan uyning hovlisida ko`rishganini va shu bo`yi uni hech kim uchratmaganini aytishdi. Oyim Markizaning qaytishiga ishonardilar va uni har kuni kutardilar. har safar ko`cha eshigi taqillaganda, xuddi Markiza qaytib kelganday tuyulardi. Bir kuni oyimni ahvolini kuzatib yurgan Alisher ukam xuddi shu zotdan bo`lgan kichkinagina yangi kuchuk bolasini olib keldi. Ammo bu endi butunlay boshqa it bo`lib, Markizaning o`rnini aslo bosa olmasdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.