OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ochil. Go‘sht suyaksiz bo‘lmas (hajviya)

Qassoblik rastasi. Qo‘ltig‘ida papka, ohori to‘kilganroq bo‘lsa-da shlyapa kiygan kishi go‘sht ilingan changakka yaqinlashadi. Xalatining ustidan qora las chopon kiygan, qo‘sh belqars bog‘lagan qassob uni ko‘rib qayroq-pichog‘ini chetga itqitadi. Qo‘llarini ikki biqiniga artadi, so‘ng ko‘ksiga qo‘yadi.
– Kelsinlar, katta... Kelsinlar!
– Ha, shu ozginagina lahm...
– Tushundim. Ozgina-yu, sozgina... demoqchisiz-da! Qani oldin o‘sha chuchvara yeydigan qo‘llaringizni tutib... E-e, bu qon yuqidan burunni jiyirmang! Kecha so‘ygan tanacha sal sho‘xroq ekan. Bo‘g‘ziga pichoqni mana shunday tortib... Qo‘rqmang, qo‘rqmang! Men huv, anovi Qo‘zi qassobga o‘xshab shishib o‘lgan, harom qotgan, to‘g‘ri kelgan... Kechirasiz, katta... Siz moliyadansiz-a?!
– Yo‘q, moliyadanmas. Menga go‘sht...
– Hozir, hozir... Lekin-chi, katta, go‘sht uchun menga kelib to‘g‘ri qilibsiz. Men haligi, ayrim... Siz-chi, anovi Qo‘zi qassobdan go‘sht tugul, chandir ham ola ko‘rmang! Nega deysizmi? E-e, u qallob qo‘y so‘ysa, qornini dam bilan do‘ppaytirish uchun, og‘zi bilan puflamaydi... Benomus, valasaped nasosi bilan yel uradi. Ana ko‘rdingiz?! Bu labi jiriqni tartibga oladiganlar ham bordir... Katta, siz nalogdan-a?!
– Yo‘g‘-e?! Men...
– Ha, mayli, mayli... Attang! Agar nalogdan bo‘lsangiz ana o‘sha Qo‘zi qassob ustidan bir bo‘xcha fakt to‘plagandim-da! Afsus... Sizga son go‘shti, menga hech bo‘lmasa qayroq-kundasi tegardi... Sababi, Qo‘zi qassob emas, qallob, shaytonga qarindosh! Olibsotar... Ha, ha... Kulmang. Isbot kerakmi? Mana svejiy fakt. Kecha juma bozordan tanasi terisiga yopishgan g‘unajin sotib olganini o‘zim ko‘rganman. O‘sha jonivorginani juma oqshom, shanba kun bo‘yi sog‘riniga kovush bilan shapatilab “semirtirib” yakshanba bozor bir yarim baravariga sotsa bo‘ladimi? Ikki kilogina kunjarasi ketsayam odamga alam qilmasdi... Katta, siz, haligi tipografiyada ishlaysiz-a? Keling, shu kovush bardorning kovushini to‘g‘rilashga menga yordam...
– Yo‘q. Men muxbir emasman. Menga go‘sht...
– Shoshmang, katta! Shoshmang. Go‘sht ham bo‘ladi, to‘sh ham... Shoshgan pishak ko‘r tug‘ar, ko‘r odamgina Qo‘zi qassobdan go‘sht oladi. Men uni, enasi etagini ko‘tarib, to‘g‘nag‘ich qadab qo‘ygan mahaldan beri bilaman. Yoshligida tovuqni kapgir bilan urib so‘yardi, bemaza. Endi esa gap bermaydi, bodi... Maqtanishlariga kuyaymi? “Qo‘zi emas, qassoblarning “qo‘chqori” emish!”. Qo‘chqor-a? Bilamiz, bebiliska pul bobovlatayotganini... Katta, siz organdan-a? Shu betovfiqning tarozi toshini bir tekshiring... Egov bilan ishqalab g‘ozini qochirgan. Ham toshdan, ham tarozidan, ham palladan, ham “kalla”dan uradi... Organ bo‘lsangiz bunday...
– Yo‘g‘-e, organdayam ishlamayman! Nima, tanimayapsizmi? Go‘shtdan...
– Taniyapman, katta, taniyapman! Taniganim uchun dardimni dasturxon qilayapman-da! Siz... televideniedan... Topdimmi? Lekin-chi, shu Qo‘zining basharasini qop-qora qilib... Yo‘q demang... Shu Qo‘zining go‘shtini menga maydalab...
– Obbo, baribir, tanimadingiz! Nahotki, eslolmasangiz... O‘n yilcha oldin shu shahardagi institutda o‘qiganda, siznikida ijaraga turardim. Hozir qishloqda maktabda... Qani eski tanishlik hurmati, oshga tosh bosadigan qilib...
– Hm-m... Oshning go‘shti suyakli bo‘ladi-da, inog‘a! Men sizni chuchvara... Tavba, qassobxonaga ham papka qo‘ltiqlab... Hm-m, xayr... xayr... Hoy, shlyapa! Shoshma, sen, axir, o‘shanda ikki oylik kvartira haqini bermay... Ho‘-o‘, Qo‘ziga o‘xshamay...

“Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 6-son.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.