background
logotype

Muhammad Ochil. “Mangu jang” (hajviya)

– Mayiz qancha bo‘ldi?
– Hech qancha! Oldin tatib ko‘ring, aka... Pajaliska!
– Yo‘q, rahmat. Allergiyam bor. Narxini ayting.
– Narxi arzon... Endi qo‘l qaytmasin, suxan sinmasin... Mana shu bittaginasini... Shoshmang, dumchasini olib... Ana endi “samka” bo‘ldi! Qalay, shirinmi? Yoqmasa, pulingiz o‘zingizga siylov...
– Yaxshi, yaxshi... Bahosini aytmaysizmi?
– Aytaman... Mabodo cho‘ntagingizga to‘g‘ri kelmasa... Kami bor, konechno... Aytaman!
– Xo‘sh-sh, necha pul?
– O‘zi bebaho, biroq sizga pochti bepul! Lekin, mayiz emas, murabbo... misoli mo‘miyo – ming dardga davo! Qani xaltani oching... Yoki, yana bir kaftgina yeysizmi?
– Yo‘q, oldin narxini eshitaylik-chi?!
– Narxi suv tekin... Obro‘yingizga, mana bu savlatingizga mos keladigan mayiz. Qani tortaymi?
– Siz mayizfurushmi yo masxarabozmi? Savlatning mayizga nima aloqasi bor! Narxini...
– Nima desangiz, aka... Biz rozi! Xaridor hamisha haq. Shu mayizginani yeb, ertaga yana qo‘msab, qidirib kelmasangiz men benovat! Bo‘ldi endi, oching to‘rvani... Boshlanishiga o‘n kilomi, o‘ttiz kilo?
– Uf-f! Oldin cho‘ntakka qarab fol ochishim kerakmi, axir? Kilosi necha pul deyapman?
– Men ham arzon deyapman-ku! Tuproqbaho, suv tekin... Ajoyib xosiyati bor, bu mevaning... Lekin, akaxon, buning uchun mayizning yoniga yong‘oq qo‘shib, mayiz bilan mag‘izni ikkalasini “bxay-bxay” qilib qovushtirib, so‘ng “sangam” qilib yesangiz...
– Ho‘-o‘, birodar! Men ma’ruza eshitgani emas, mayiz olgani kelganman. Mana, keliningiz tuzib bergan “ro‘yxat”da yana yetti-sakkiz xil masalliq turibdi... Sotish niyat bormi, o‘zi? Narxi...
– Narxi... nichevo! Turish-tarovatingizdan uch-to‘rt so‘lkavoyning betiga qaramaydigan mardi maydonga o‘x­shaysiz-da. Yana narxni so‘raysiz. Ha, ot bilan tuya bo‘­larmidi... Go‘sala bo‘lar, bo‘taloq bo‘lar... Bo‘ldi, qop­ni oching... Tog‘a!
– Tog‘a?! Soqolingiz kindikka tushib, oldin meni “aka” dedingiz, hay... Endi “tog‘a” bo‘ldikmi?! Bu narxini...
– Xo‘-o‘, uka... Tog‘a nima?! Agar molimning narxini tosh bosadigan qilib bersangiz, “pochcha” desak ham tilimizga tirsak toshmaydi! Bildingiz... Qani, sumkani...
– Yo‘-o‘q! Shoxida yursangiz, men bargida... Narxini ayting?!
– Narxi, arzon... To‘rvani...
– Yo‘q, narxi...

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.