OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ochil. Serkayev sim qoqdi (hajviya)

Sulton Serkaev nafaqaga chiqdi-yu, zerikib qoldi! Kunni ko‘ngildagidek o‘tkazishda hartugul ishxonasidan aylanib o‘rgilsa arzirkan. Kichikroq idoraning bo‘lsa-da, kattakon boshlig‘i sanalardi. Kerilibgina beminnat temir otda xizmatga yo‘l olardi. Izzat-ikrom va navozishlar ostona hatlar-hatlamay boshlanardi: “Salomatmisiz, Sulton Serkaevich!”, “Sog‘intirib qo‘ydingiz-ku, aka!”, “Kecha tushimda desangiz...”
Sulton Serkaevich esa sersalomlarga alik olaverib, bosh silkiyverib, oxir-oqibat iyagi toliqib, bo‘yni og‘rib qolgancha xonai xosiga yetib borar va aylanma oromkursida yastanib rohatlanar edi. So‘ng stoli qirrasidagi mayizdekkina qora tugmachani hafsala bilan bosardi:
– Jir-r-r! Jir-ring...
Lahza o‘tmay bo‘sag‘ada sochining bir tutami qizg‘ish, bir bo‘lagi ko‘kish, qolgan qismi yana allambalo tusga bo‘yalgan, atir-upa chaplangan yonog‘idan tabassum taralib turgan kotiba qad rostlar, xohishiga qarab qaynoqqina qahvami, bug‘i ko‘kka o‘rlagan choymi tayyorlab berardi. Qolgan ish fursatlari yanada maroqli o‘tardi: qog‘ozlarga imzo chekish, so‘ng mehr bilan muhr bosish, xodimlarni maqtash yoki lozim topsa tanbeh deganday...
Majlisu mashvaratlar ayniqsa jon-dili edi. O‘ziga ajratilgan to‘rdagi o‘rindiqda xohlasa shiringina mudrar, ta’bi tortsa tomoq qirib nutq irod qilar, istasa kekirdagiga zo‘r bergancha minbar mushtlardi...
Lekin nima bo‘lganda ham suygan mashg‘uloti sim qoqish edi. To‘g‘ri-da, o‘tirgan o‘rningda qo‘l yetmas masofadagi kishi bilan shakarguftorlik qilish, yoxud ko‘zini ko‘rmay, yuzini xotir qilmay so‘kish, maslahat berish, aql o‘rgatish zo‘r emasmi? Eng muhimi, suhbatdosh yoqmayaptimi, istalgan mahalda “gurung”ga bolta urish imkoniyatiga egasan. Ba’zan o‘ziga o‘zi savol berib qo‘yadi: “Bu telefoni tushmagur kashf etilgunga qadar inson qanday kun kechirdi ekan-a?!”
Shu tobda Sulton Serkaev mehmonxonasida mung‘ayibgina yolg‘iz o‘tirarkan, o‘sha baxtiyor kunlarni eslab, beixtiyor chuqur xo‘rsindi va yon-tegrasiga ko‘z yugurtirdi: xayriyat, so‘nggi buyrug‘i ...ha, iltimosi inobatga olinib, aylanma o‘rindiq, mayiz tugmachali ish stoli va telefoni hadya etildi. Ana, mehmonxona to‘rida o‘rnatilgan o‘rindiqqa cho‘kdi va barmoqlari beixtiyor stol qirrasidagi tugmachani qidirib topdi.
– Jir-r-r! Jir-ring...
Ancha muddatdan keyin, xona eshigi shasht bilan ochilib, gulgun chehrali kotiba o‘rniga, xotinining xo‘mraygan qiyofasi ko‘rindi:
– Bu nima qiliq? Ot bo‘lsangiz ham toyning qilig‘ini qilib, nevaralaringiz, hamsoya-haqqa kulgi bo‘lmoqchimisiz?! Yig‘ishtiring, ikkinchi eshitmay bu zormandangiz tovushini.
Tamom, tugmachaning ham kuni bitdi hisob. Yana xunobi oshdi. Hovurini bosish uchun, yelkada chopon, shippakda hovliga tushdi. Ro‘parasiga peshvoz chiqqan it egasini, boshda shlyapa, bo‘yinda bo‘yinbog‘, qo‘ltiqda portfelda ko‘rishga ko‘nikib qolgan emasmi, bu safar tanimay joyida qotdi, so‘ng hadiksiragancha har ehtimolga qarshi chetga qarab xunuk hurib qo‘ydi. 
Serkaev seskanib iziga burildi, mehmonxonaga qaytib kirib, yana kreslosiga cho‘kdi. Obbo, nima qilsa endi zerikishi barham topadi?! Televizor ko‘rish ... mudroq bostiradi! Kitob o‘qishni jini suymaydi! Ha-a, topdi. Choyxonaga chiqadi! Ma’qulku-ya ... Ammo, xizmatchilik bilan andarmon bo‘lib, qo‘ni-qo‘shni, mahalladagilar bilan tuzuk-quruq tanishishga ham fursat topolmagan, turgan gapki, tanimasni-siylamas! Shunday ekan, shamasi o‘lgan choyni ichib zaril kelibdimi?
Serkaev bu safar uzun uf tortdi. Ilinj istagida yana atrofga ko‘z yugurtirdi. Nogahon nigohi deraza raxidan joy olgan telefonga tushdi. Chiroyi ochildi. Iya, nega shu mahalgacha yodiga kelmabdi?! Axir, dili chigali, tili tushovini yozadigan eng beminnat dastyori mushtoq va muntazir-ku!..
Serkaev ilkis ko‘tarildi. Lo‘kidondan go‘shakni olish uchun taraddud ko‘rarkan, qalbi xapriqdi, shirin luqma yutishga hozirlangandek tamshandi. Xo‘sh, dastlab kimga qo‘ng‘iroq qiladi?! Har doimgidek o‘rinbosari O‘roqovga-da! Tfu, o‘rinbosari qolibdimi! Shu tobda u kishim o‘tirgandir o‘rnimda kerilibmi, kekiribmi?! Sim qoqsa albatta mazax qiladi, nishini sanchadi: “Ha, Serkaevich! Joyingizni xumori tutyaptimi? Yetti yil emdingiz, yetar! Endi egilaverib belangi bo‘lgan joylarimizni silashga bizga ham ruxsat bering!” Yo‘q, o‘rinbosarni afti qursin. Yaxshisi, kun-kunora kotibalar haqida latifalar aytishadigan do‘stlari, qo‘shni idoralar boshliqlariga... Hmm, qandoq bo‘larkan?! Hozirgi kayfiyatda kulgisi soxta-sovuq chiqar-ov! Qolaversa, “sobiq” bo‘lgani uchun suhbat qurishni mansabdagilar o‘zlariga ep ko‘risharmikin?! Yaxshisi, hozircha ularning ham nafaqaga chiqishlarini poylagani tuzuk... Unda kimga sim qoqadi?!
Serkaev go‘shakni qaytarib qo‘ydi. Chaynamoqchi bo‘lgan luqmasidan tosh chiqqanday aftini burushtirdi. Atrofga alangladi: xona to‘rida taxmon, divan-kreslo, televizor, muzlatgich... Anavi javonda turgan qalin muqovadagi rasm albommi? Yaxshi bo‘ldi, o‘tgan damlarini eslab, surat tomosha qiladi. Yo‘q, bu qadrdon daftarcha-ku! Bir paytlar unga oshna-og‘ayni, tanish-bilish, qarindosh-urug‘larning telefon raqamlarini erinmasdan yozib borardi. Qarang-a, yodidan ko‘tarilib...
Serkaev suyunib ketdi. Daftar muqovasiga ingan chang-chungni yengi bilan artgan bo‘ldi. So‘ng barmog‘ini tupuklab, varaqlashga tutindi. Ana buni ko‘ngilli mashg‘ulot desa bo‘ladi! Endi zerikish yo‘q... Xo‘sh, dastlab kimni tanlaydi. Birinchi varaqda yozilgani 01, 02, 03, 04... yo‘g‘-e, tuf, tuf-e. Bu raqam egalaridan egamning o‘zi asrasin! Ishqilib ish tushgulik qilmasin. Yaxshisi A harfidan boshlaydi. Mana birinchisi Ataev Asqar. Kim bo‘ldi bu Ataevi?. Ata-a-a... a-ha, bo‘ldi, yodiga tushdi: sinfdoshi. Faqat ismi-sharifi Otaev Asqar edi. Biroq kim bilan tanishsa “Pasport bo‘yicha Ataevman! Ismim esa Oskar!” derdi. Boyoqish shu ismga orzumand holda: “Artist bo‘laman, zo‘r tomoshalar ko‘rsatib, Oskarni olaman”, deb ichi kuyib yurardi. Ammo artist tayyorlaydigan institutga kirolmadi. Keyin esa, xotinini ikki bolasi bilan haydab, viloyat teatri direktorining to‘rt bolali qiziga uylangani va zo‘r tomosha ko‘rsatgani ko‘pchilikning esida... O‘sha Asqar-Oskar... bir uchrashib qolishganda hashamdor “vizitka”sini taqdim etgancha maqtangandi: “Mana, jo‘ra, hozir teatr egasiman! Qaynotam (direktor)ga shafyor, qaynonam (kassir)ga tansoqchi, spektakllarda esa suflyorman... Xullas,.. to‘y-po‘y qilsang, stol-stul, dangur-dunguri bilan artisti bizdan!” Bu vallomat hozir nima ish qilayotgan bo‘lsa?! Telefon raqami o‘zgarmadimikin!? Yo‘q, shoshmaslik kerak. Kimning qanday mansab yoki lavozimdaligini aniqlab, so‘ng sim qoqqani ma’qul! Undan keyingisi Arslonov Qo‘zi! He, Qo‘zi bo‘lmay ketsin! “Sulton suyagini xo‘rlamas! Ena jamoat qarindoshingiz bo‘laman. Yog‘liroq joyni bering!” – deb bir paytlar orqasidan qo‘zichoqday mung‘ayib yurardi. Xo‘jalik mudirligini oldi-yu, arslonga aylandi-qo‘ydi! O‘rinbosari O‘roqovning himoyasida, hatto unga ham hamla qilishga botindi. Battolni bo‘shatguncha ona suti bo‘g‘ziga kelgandi. Shunday nonko‘rning telefoni nega haligacha... Mana, ustidan chiziq tortildi. Xo‘sh, navbatdagisi “Aqiq plyus S!” Bu nima degani? Qiziq, nega bunday tarzda yozib qo‘yibdi?!.. Serkaev boshini salanglatgancha o‘yga botdi va, nihoyat, manglayiga shapatiladi. 
Yurakka sanchilgan tig‘ surati barini yodiga tushirdi. Kurortga borganda ko‘hlikkina juvon bilan tanishib qolgandi. O‘sha ofatijon, og‘zi qolib, ko‘proq ko‘zi bilan gapirardi. Ismi Aqiqamidi? Bunisi yodida yo‘g‘-u, ammo, esdalik sifatida aqiq ko‘zli uzuk sovg‘a qilgani aniq esida... Xullas, xotinidan sir saqlash uchun uning telefonini shunaqa sinoatda yozgan bo‘lsa ehtimol. Hozir o‘sha eski jazmaniga sim qoqib, dil chigalini bir yozadi. Ie, nimalar deyapti?! Nafaqadagi odamning begona ayolga sim qoqishi... Bu sog‘ boshga mix qoqish bilan barobar emasmi?! Shunday ekan, boshqasiga...
Xo‘sh-sh, Bo‘riev Begimqul. Bu ham bir partada oyoq tepishib, katta bo‘lishgan maktabdosh og‘aynisi. Begimqul beklikni ham, qullikni ham eplardi. Sinf rahbarining mototsiklini yuvib-artib, sinfboshi bo‘lib olgandi. Boyvachchatob bolalar portfelini orqalab yurishdan ham or qilmasdi. Sevishganlar o‘rtasida izhori ishq maktublarini tashirdi. Imtihonlarga pul yig‘ardi, yaxshi va a’lo baholar uchun o‘qituvchi va o‘quvchi orasida dallollikni qoyillatardi. Xullas, o‘zini eplab, qornini to‘qlab, kissasini qappaytirib yurardi. Shu uddaburonligi ish berdimi, hozirda katta tadbirkor. Xususiy bozorchasi, avtostoyankasi, pullik hojatxonasi bor... Ishqilib tinib-tinchimaydi! Shunday ekan, o‘zi eslamasa, bu shov¬vozni tutish mushkul. Yaxshisi, boshqasini ko‘rsin... 
Xo‘sh-sh, Vali Ali Xumdoniy... Xashakiroq shoir, Ali baxshining mahmadona o‘g‘li. Baxshi bobo qachon qarama, do‘mbirasini ting‘illatib, bir uy odamni og‘ziga qaratib o‘tirardi. Otasiga tortganmi, o‘g‘li ham boshqaga gap bermaydi... Hatto telefonda ham. Koshki shoir, artist deganlarning gapiga bundayroq odam fahmi yetsa, mag‘zini chaqaman desang miyangga charchoq kiradi. Taxallusi ajabtovurligi sababiki, tug‘ilgan qishlog‘i shunaqa – Xumdon. Shu bois ovozi ham xumdan chiqqanday. Demak, shoirga ham sim qoqish shart emas.
Xo‘-o‘p... Gadoev G‘arib. Bu kishim endi qaynog‘a. Ya’nikim, eng yaqin qarindosh. Tili asal-u, ammo cho‘ntagi doim kasal. Pochchajon, pochcha deb poychangdan tutsa bo‘ldi. So‘ng qutilib bo‘psan. Unga sim qoqib zaril keptimi?! O‘ziga kerak bo‘lsa shumg‘iyaday darhol bo‘y tortadi.
Xo‘-o‘sh, unda navbatdagi – Dulta Donaevich! Z-zo‘-o‘-r odam edi! Kattayu kichik kreslolarni keti ko‘p iskagan. Juda ehtiyotkor va pishiq. Amali bo‘lsa-da, gap-so‘zdan cho‘chib “dom”da turardi. Hech kim bilan qo‘l berib solomlashmasdi, bosh irg‘ash bilan kifoyalanardi, xolos. U paytlarda, Serkaev bilan yon qo‘shni, oraliq masofa ikki qadam bo‘lsa-da, telefon orqali hasratlashardi. Umuman, fe’l-atvori o‘ziga xos edi. Xizmat mashinasining faqat orqa o‘rindig‘ida o‘tirardi. Xotinini “siz”lab gapirardi. Ammo, birga ishlasa-da, uni ishxonasiga olib ketmasdi. Yonida doim charm qutichada dori-darmon, termosda qaynoq giyohli choy... Shunday ehtiyotkor bo‘lsa ham baribir kunlarning birida o‘tirgan o‘rindig‘i o‘ng‘aysiz, noboproq ekanmi... yiqilib tushdi. O‘shandan buyon... tildan qolgan. Telefonda imo-ishora qilib gapirib bo‘lmasa?! Shunday ekan, navbatdagi Yetimov... Hm-m, kuni “etim”ga qolgani yo‘q. Yana varaqlashda davom etsin-chi...
Sulton Serkaev shu tariqa allamahalgacha daftar varaqlash bilan andarmon bo‘ldi. Biroq, sim qoqishga arziydigan birorta ma’qul “nomzod” topolmadi.
Daftarni yopishga taraddudlanarakan, to‘satdan so‘nggi sahifada ko‘rinarli tarzda yozib qo‘yilgan “S. S.” harflariga ko‘zi tushdi.
Tavba, bunisi endi yana kim bo‘ldi? Is ... is... Nega alohida va chiroyli shaklda yozilgan? Telefon raqami ham tanish... E-e, esi qursin! Axir bu o‘zining raqami-ku! Bo‘ldi, yoqadigan odam topildi. To‘g‘risi ham shu emasmi?! Bu dunyoda inson, eng avvalo, o‘zini yaxshi ko‘rishi va izzat-ikromini o‘z o‘rniga qo‘yishi kerak. Shunday ekan, xo‘-o‘sh, hurmat yuzasidan o‘ziga-o‘zi telefon qilsa qanday bo‘larkan? Kishi o‘zi bilan o‘zi suhbat qursa qanday maza! Agar o‘ziga-o‘zi qo‘ng‘iroqlashsa yana ham yaxshiroqdir. Bo‘ldi, hozir go‘shakni olib... 
Sulton Serkaev jiddiy ishga hozirlanayotganday kaftini bir-biriga ishqaladi, lablarini tishlagancha tez-tez raqam terdi. Lahza o‘tmay go‘shakdan aloqa bandligini anglatuvchi qisqa-qisqa sas yangradi:
– Du-u-ut! Du-u-t, dutt!
Sulton Serkaevich o‘pkasi zardobga to‘lgan kuyi go‘shakni jahl bilan lukidoniga tashladi.
– Ana shunaqa! Kerak payti gaplashishga arziydigan odam topolmaysan. Topganda esa, u sen bilan suhbatlashishni istamaydi!.. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.