OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Ochil. Shahar ko‘rgan Shodiqul (hajviya)

Mulla Moyliboyning kenjasi Shodiqul shaharda yashaydi. O‘qitgan o‘qituvchilari: «Bu bola odam bo‘lmaydi, g‘irt chalasavod!» deyishardi. Yo‘q, binoyiday... Hafta-o‘n kunda, ayniqsa bayram, hayit kunlari «inomarka» mashinasini «bip-bip»latib kelib, qishloqdoshlarning ko‘zini o‘ynatib ketadi. «Nima ish qilasan shaharda?» deb so‘raganlarga ko‘krak kerib: «Biznes!» deydi-qo‘yadi.
Shodiqul bu safar katta akasining: «Boboyning kasali qo‘ziladi... Dori-pori obke!» degan mujdasini eshitiboq yo‘lga chiqdi. Kelsa, aldashmabdi — «Boboy» chorpoyada inqillab yotibdi, yonida esa qo‘shni qishloqlik «frontovoy» jo‘rasi Bolta baqiroq shang‘illagancha hol-ahvol so‘rayapti:
— Ha, buytib, butti kerib, uzala tushib qopsan, mulla? Kontujing yana qo‘ziladimi?
— Baqirma-e! — Moyli bobo yostiqning g‘ilofidan uvada paxta olib qulog‘iga tiqdi. — Hali devdayman! Otamni bilasan-a, yuz yoshida nima qilgan...
— Bilaman, bilaman! — yana shang‘illadi Bolta bova. — Otang Jovli bova oshning tagida qolgan zig‘ir yog‘ga choy qo‘shmasdan ichgan, o‘lishidan yarim soat oldin enangga bir qozon kesgan osh qildirib, orqasidan oltita moyakni xomlay...
— Ha-a, ana! — Mulla Moyliboy kaftini chorpoya qirrasiga tirab, o‘mganini ko‘tardi. — Ana shu nafsi buzuqlik, jo‘rajon, menga ham otamdan o‘tgan. Kasal bo‘lishimga sabab, kecha G‘aybulla g‘ujala bor-ku... Eski «aktiv»lardan! Qadrdon-da endi... O‘shaning nevarasimi-evarasimi, ishqilib bir churvaqasi armiyadan kelgan ekan. Ey-y... hozirgi zamonning jigitlariga nima bo‘lgan-a?! Bir doshqozon palovning yarmi, mantining to‘rt-besh qasqoni, ikki tovoqcha yaxna... shundaygina qo‘l urilmasdan qob ketsa bo‘lama! O‘lay agar, shu jigitlarni qo‘shga qo‘shsang o‘n metr yurmay buti shishib qoladi-yov. Lekin, bir yashik haligi «shaytonning suvi» bor-ku, o‘shandan tomchi ham qolmadi!
— Nima? — baqirib yubordi Bolta baqiroq. — Mulla bo‘la turib, sen ham yutdingmi?
Mulla Moyliboy o‘zini qayta yostiqqa tashlab, behol bosh chayqadi.
— Tomchi qolmagan bo‘lsa, baloni yutamanmi? Qaytaga isrof bo‘lmasin deb, G‘aybulla g‘ujala bilan qolgan osh, manti, yaxnani... quruq tushiraveribmiz, lappa-lappa yutaveribmiz...
Bemorning xastaligi esiga tushib ketdimi, bu safar ko‘zini yumgancha inqilladi.
— Voy-y, jonim-ay! Voy, enajon-ay... G‘aybulla g‘ujala g‘irromlik qildimi yo o‘sha kunlari mazam yo‘qmikan, ishqilib, chatog‘im chiqib qoldi-da, jo‘rajon! Davleniyam ko‘tarildi... Nechavo... Mana, shahardan Shodiqulim keldi, o‘zi tuzatadi! Akang aytgan dorini obkeldingmi, toychoq?
«Toychoq» — to‘rt bolalik shaharlik o‘g‘il Shodiqul kissa kavladi.
— Mana, o‘ziyam importniysi.
Bolta bobo Shodiqulning yelkasiga qoqdi.
— Barakalla! Mulla, shu uling senga ko‘p mehribonda-a? Bir marta meni ham moshinada istansagacha chiqarib qo‘ygan. Qani, Shodiqul otangga dorini ichir... Bizdi gurungimiz keyin qiziydi.
Shodiqul olib kelgan dorisining «yorlig‘i»ni o‘qib, ichirishga tadorik ko‘ra boshladi.
— Ota... Bu shishachadagi suyuqlikni ovqatdan yarim soat oldin ichish kerak ekan. Retseptida shunday yozishgan. Sho‘rvayam pishib qoldi. Xo‘sh-sh, osh qoshiqda... Bolta bova, anovi alyumin qoshiqni uzatvoring... Ota, endi og‘izni katta oching! Yo‘q, shoshmay turing. Bu yerda yozilishicha... Bolta bova qoshiqni ushlab turingchi...
Shodiqul egilib otasining yelkasidan tutgancha uch marotaba qattiq-qattiq silkiladi. Mulla Moylining boshidagi qalpog‘i uchib gilamga tushdi. Og‘zi lang ochilib qolgan Bolta baqiroq shosha-pisha Shodiqulning bilagiga tirmashdi.
 — E-e-e! Esing joyidami, sen bachchani! Kasal odamni-ya?
Shodiqul Bolta bovaga ta’nali boqdi.
— Soddasiz-da otaxon, kerak bo‘lgandan keyin silkilayman-da!.. Mana, dorining qog‘oziga otning kallasiday qilib yozib qo‘yishibdi: «Ichishdan oldin uch-to‘rt marotaba silkitilsin!» deb. Endi tushungandirsiz?! Qani ota, og‘izni oching... 
Mulla Moyli dorini ichgach, o‘g‘liga mehr bilan qarab qo‘ydi. Bolta bova ham qoyil qolganini yashirolmadi.
— Ha-a... Bejizga shahar ko‘rmaganda-a!..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.