OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Salom. O‘zganing dilbandi (hikoya)

 -Huu otasi, turing, turaqoling endi...
 Olisdan taralganday mayin ovozni Otasi go‘yo eshitmas, ko‘rpaga burkangancha qimirlamay yotardi. Shunda ovoz egasi “qasr”ga oyoq tomondan qo‘l uzatib, ko‘rpani silkitdi:
 -Turing, otasi, keliniz choyga chorlayapti, kelin qo‘lidan choy ichmaysizmi, otasi?
-A?.. Kelin... – otasi avval qo‘zg‘aldi, so‘ng boshidan ko‘rpani surarkan, ko‘zlarini ocholmasdan, uyqusiragan kabi g‘o‘ng‘illadi. – Keldimi? Qa... qaerda?
-Tush ko‘rayapsizmi? Qaerga keladi? Kelin uyda, - dedi ayol eriga rahmi kelgancha bosh tebratib. – Ko‘zizni oching.
Shundagina Otasi ko‘zlarini arang ochib, tepaga nigohi qadaldiyu qaerda yotganini angladi: oppoq doka – pashshaxona, uning ustida shiypon shifti – yashilga bo‘yalgan, kalta, serbar taxtalar xira holda ko‘rinadi. Chap yonida, pashshaxona ortida safsar rangli xalat kiygan xotini cho‘nqaygancha, yarim iljaygancha unga ko‘z tikib turibdi. U o‘zini quvnoq tutishga urinsa-da, ancha horiganligi, uyqusi chala kechganligi yaqqol seziladi. Ro‘paradagi to‘rt qavatli uyning tomidan tushayotgan chiroq shu’lasi ayolning qiyiq ko‘zlarida qandaydir mamnunlik, ichki qanoatlanish hissi balqiyotganini oshkor etadi.
-Tinchlikmi? Sahardan tovuqqa o‘xshab qog‘og‘lab o‘tiribsan? – er yolg‘ondakam to‘ng‘illadi. Aslida ham uyqusi buzilganidan, bevaqt bezovta qilinganidan u xursand emas edi. To‘y harakatlari, yelib-yugurishlar uni bir muncha toldirgan, bu toliqishlar bir kechalik uyqu asnosida bartaraf etilishi maholday tuyulardi. Bu fikrni tasdiqlagan kabi oyoqlarida, belida – butun vujudida qandaydir mayda og‘riqlar xuruj boshlar edi qimirlagan chog‘ida.
-Sahar qolibdimi, otasi, - dedi xotin yarim shavqli tovushda. – Kelin tushirgan odam ko‘chada bunday yotmaydi-da, axir. Bunday turiib, kelinizni salomini qabul qilsayiz, ko‘rmanayizni cho‘zsayiz... Birga-birga choy ichsak...
-Xo‘p, boraver, - dediyu Otasi shundagina birinchi qavatda yashaydigan qo‘shnisining bog‘chasida – ikkita ko‘p qavatli uy oralig‘ida joylashgan shiyponchasida ekanini, ha demay, yo‘lakdan o‘tuvchilar ko‘payishiyu uning taltayib yotishi odamlar ko‘ziga xunuk ko‘rinishini esladi va ustidagi ko‘rpani oyoq sari surdi-da, enkaygancha pashshaxona “devori”ni ko‘tarib, o‘zini tashqariga oldi. Xotini “uycha”yu to‘shakni yig‘ishtirishga yordamlasharkan:
-Endi shu chaylada yotishniyam to‘xtatsayiz bo‘lar, - dedi eriga ichi achishib. – Ko‘chni hozir uyga olib kiraqolaylik.
-Yo‘q, hali shoshmay tur, - bir nafas o‘ylab olgach, dedi Otasi. – Kelinimiz uyga bir oz o‘rganishsin... Ko‘chish qochmas...
-Shamollab-netib yurmang deyman-da: kechalari ancha salqin. Axir hech qachon ko‘chada buncha qolib ketmagansiz-a.
“Ko‘chada” so‘zi Otaga erish tuyulib, ensasi qotdi: “Nega ko‘chada bo‘larkan? Buni qasr demaysanmi?”
Bu fikrini u o‘zicha asosladi: yotgan joyining tagi yerto‘laga o‘xshatib qurilgan ixchamgina xona, unda egasining uyiga sig‘magan ashqol-dashqollar qo‘yilgan. Uning ustiga girdi ajib gullar bilan naqshlangan, kattagina temir karavot o‘rnatilgan. Buning ham o‘z tomi bor – qalin quvur-ustunlar vositasida ikki gazcha ko‘tarilib, tepasi chiroyli tunuka bilan qoplangan. Karavot atrofi ko‘zdan pana – jonli to‘siq-daraxtchalar ila burkangan. Ro‘parayu biqindagi yerga bir tupdan olma, o‘rik va gilosdan tashqari ranggo-rang atirgullar ekilgan. Gullar olovday yonib, quyoshday balqib, ko‘zlarni quvnatib turibdi. Faqat bular unga, o‘ziga qarashli emas-da! Ammo buning ahamiyati yo‘q. Egasi tashqarida yotishdan qo‘rqadi yoxud uyaladi. Qaytaga tekin qo‘riqchi borligidan ko‘ngli to‘q. “Qo‘riqchi” esa qavatli uylarning diqqinafas havosiga toqat qilolmaydi. Xar yili yoz chillasi boshlanishi bilan mana shu shiyponchaga tushib oladi, to avgust oxirlariga qadar pashshaxona tagida huzurlanib yotadi. Bu yil esa “dala hovli” gashti ancha cho‘zildi – mo‘ljaldan naq bir yarim oy oshdi. Sharoit shuni taqozo etdi-da... Kelin unashtirilganidan buyon uchinchi qavatdan mehmon arimasa, nima qilsin?
-Bu yil kuz bizga moslashdi-da, Onasi, - dedi nihoyat Otasi ayolining gapiga javoban. – Asosiysi – to‘yni o‘tkazdik, endi hech nimadan cho‘chimaymiz.
-Rahmdil Egamning marhamati bu, Otasi, - dedi ayoli mamnun ohangda. So‘ng qo‘shib qo‘ydi. – Choygumda suv, artinishga sochiq tushirdim. Hayallamang.
Onasi shunday deya yig‘ishtirilgan pashshaxonayu to‘shakni karavot panjarasi sari surdiyu zinadan pastga tushib, uchinchi qavatga yo‘llandi. Eri o‘ychan qarab qoldi: “Endi buyog‘i qanday kecharkin? Uyi torning ko‘ngli tor bo‘lib qolmasmikan?”
U o‘zini ko‘ngli tor hisoblamas edi, barcha yaqin kishilari uni eshigi ham, dasturxoni ham ochiq deb aytishardi. Lekin hamma narsaning ham chegarasi bor. Xonalari tor va bir-biriga yaqin qavatli uylar keng hovliga teng kelolmasligi sir emas. Xususan, oilaga yangi, avval boshqacha muhitda voyaga yetgan, o‘zgacharoq a’zo qo‘shilganda vaziyat qaltisroq tus olishi ham mumkin. Agar kelinchak oilaga darrov qo‘shilib-qorilib ketsa-ku, hech qanday muammo tug‘ilmaydi.
-Bordiyu... yo‘q, yo‘q, unaqasini Xudo ko‘rsatmasin! – lichirladi u yuvinayotgan chog‘ida.
Shiypon zinasidan pastlar ekan, yo‘lak top-toza, suv sepilganini ko‘rib, u lol qoldi: “Ajabo, qachon ulgurishdi? Kimning ishi bu? Yonginamda shuncha ish qilishibdi, sezmabman. Demak, qotibman-qolibman-da...”
-Hmm... Kelinimiz! – nogoh uning dili yorishib, hamma charchovlari zumda tarqaldi. Bu lahzada u uchinchi qavatga ko‘tarilib, o‘z eshigi ro‘parasida to‘xtagan, pastdan yuqoriga qadar barcha zinalar, yon tutqichlar, hatto to‘rtinchi qavatga ko‘tariladigan pillapoyalar ham artilib, yuvilgan – g‘uborsiz yaltirar, salqin, namxush havo burunni siypalar edi. – Xudoga shukur, kelindan yolchibmiz, chog‘i... Lekin bechoraginam... shuncha maydonni qanday eplading? O‘zi uxladingmikan?..
Eshik nim ochiq esa-da, Otasi ko‘rsatgich barmog‘i orti bilan uni ikki marotaba ohista urdiyu qisqa yo‘talgancha ostona hatladi. Yo‘talni eshitib, xotini katta xonadan shoshilib chiqdi. Deyarli hammalari o‘sha xonada nonushta qilishardi. Qizi, kichkintoyi ham dasturxon atrofida. Faqat kelin-kuyov ko‘rinmayapti.
-Kiring, Otasi, - ayoli uni to‘rdagi ko‘rpachaga chorladi. Farzandlari ham salom bergancha qimtinib-surilib, otalariga yo‘l bo‘shatishdi. – Keliniz choy damlayapti.
-Akmaljon haliyam uxlayaptimi? – U yon-bu yon alanglab, so‘radi Otasi.
-Akam bozorga ketibdilar, - kulimsiradi Dilrabo.
-Bozorga? – Taajjublandi Otasi. Chunki, uning bilishicha, uyda hamma narsa bor, bozor qilishga ehtiyoj yo‘q edi.
-Biror nima kerak bo‘lgandir-da, - dediyu ayoli unga ko‘z qisib qo‘ydi.
Aslida ham o‘g‘il nechundir otasiga ko‘rinmaslikka urinayotgan edi.
Oila boshlig‘i to‘rdagi ko‘rpachaga o‘tirarkan, qo‘llarini ko‘tarib, duo aytdiyu yuziga nazx tortdi. Ayni shu topda ochiq eshikda tovusday tovlanuvchan atlas ko‘ylak kiygan, boshiga yupqa, zarrinli oq shohi ro‘mol to‘shagan uzunchoq, nozikkina xilqat namoyon bo‘ldi.
-As-saomm, dadajon... – degan shivir eshitildi. So‘zlarni qaynata arang ilg‘ab, qaddini rostladiyu:
-Valeykum assalom, barakalla, ko‘o‘p yashang, qi-zim... - dedi nechundir o‘ng‘aysizlanib. Oxirgi so‘zi tilida u qadar qovushmaganday tuyuldi. Bundan o‘zi ajablandi. Nega? O‘z farzandidan o‘zgani birinchi marotaba “qizim” degani uchunmi? Bu so‘z nogoh o‘zini keksayganday ko‘rsatgani boismi? Begona qizlarga u asosan “singlim” deb murojaat etar edi. Kelinini qanday chaqirishni hech o‘ylab ko‘rmagan ekan. Shu sababdan tili yaxshi aylanmadimi? Endi moslashmasa, bo‘lmasov. – O‘tiring, qi-qizim...
Kelinchak nimadir degancha orti bilan yurib, oshxona tomon o‘tdiyu tezda choynak ko‘tarib qaytdi. Oshxonada choyni qaytargan chog‘i, o‘tirmagan ko‘yi undan piyolaga quyib, piyolani uchta barmoqchasida tutgancha, xiyol egilib, qaynatasi tomon cho‘zildi.
-Rahmat, baxtli bo‘ling, - qaynata shoshib qo‘l uzatdi. Piyolani olgach, taklif etdi. - O‘tiring, o‘zingiz ham choy iching.
-Kelinizga nima berasiz? Ko‘rmanaga? – Ohangida quvonch balqigan ovozda so‘radi qaynana. – Ataganizni chiqaring, Otasi.
-Xo‘p, xo‘p, Onasi, ana, ayvonda o‘rab qo‘yilgan ipak gilamni berdim.
-Rahmat,- boshini xiyol egib shivirladi kelin va ortiga yurgancha dahlizga o‘tdi.
Ota choydan ho‘plarkan, oilaning yangi a’zosi o‘tirmaganidan, choy quyishda davom etmaganidan bir oz taajjublandi. So‘ng buni qaynatasi ro‘parasida o‘tirishga iymanganlikka yo‘ydi. Xayolida esa oppoq ro‘molda kelinning sal enkayib, mayingina “Assalom” degani nari ketmas, shunday kunga yetkazgani uchun ichdan Ollohga shukronalik bildirar, uning ham shu xonadonda palak yoyib, o‘z farzandiday bo‘lib qolishidan umidlanar edi.
Shunday o‘ylar og‘ushida u nonushta qanday kechganini sezmay o‘rnidan qo‘zg‘aldiyu o‘z xonasiga o‘tib, kiyimlarini almashtirgancha ishga jo‘nadi. Kechqurun qo‘shnilariyu yaqinlarining tomoq taqillatishlariga javoban “supraqoqdi” o‘tkazdi, o‘zi ham tanglayini “ho‘lladi”gina emas, sozgina miriqdi. Ammo mas’uliyat yuki chegaradan hatlashga izn bermadi. Axir ”sasib-jiyib” kelinga duch kelsa, obro‘ qoladimi?
Shu o‘y boshini band etgani bois dahlizda duch kelgan xotiniga:
-Man yotog‘imga tushib ketyapman, - dedi kayfi borligini sezdirmaslik ilinjida. – Boshqa biror gap yo‘qmi?
-Voy, yotog‘izni ko‘chiruvdik.
-Ko‘chiruvdik? Nimaga? Qayoqqa?
-Shunchasigayam rahmat, Otasi! O‘g‘liz qo‘ymadi, to‘shaklarizni o‘zi olib chiqdi. Ayvonga o‘rin solib qo‘ydim.
-Nachora, - kulgancha u tuflisini yechdiyu shosha-pisha ayvon sari yurdi. O‘g‘lining ishidan ko‘ngli ko‘tarildi. Chunki, kuz kechikib, kunduzlari havo ancha iliq esa-da, tunda shudring, goho qirov tushib, ko‘rpa orasida ham sovqotayotgan, ba’zan “uycha”ga iskabtoparlar yoprilayotgan, ochiq qolgan qo‘lu bilaklarini, gohida yuzini ham bejab, qo‘tirga aylantirayozgan edi. Ammo toza, salqin havoning o‘rnini hech nima bosa olmasdiki, shu tufayli yana katakka tiqilishni uncha xushlamasdi. Ertalab ogohlantirganiga qaramay ayoli o‘z bilganidan qolmabdi... Ayvon esa juda qulay: kelin-kuyov yotog‘idan bir muncha yiroq, gap-so‘zlar, harakatlar deyarli eshitilmaydi. Shu yil boshida ayvonga romlar, isitish batareyalari o‘tkazib, taxtadan karavot yasalgan, uzunchoq, shinamgina xona yuzaga keltirilgan edi. To‘ygacha unda bolalar yotib turishar, shu yerda ovqatlanilar, suhbatu gurunglar ham asosan shunda o‘tkazilardi – u hammabop joy hisoblanardi... Demak, vaziyatdan kelib chiqib, terrasa Otasiga o‘tibdi: “Yaxshi... Ma’qul...”
 
* * *

-Tur, turaqol, qizim, kech bo‘lyapti... – degan so‘zlar garchi past ovozda taralgan esa-da, Otasining uyqusini qochirdi.
-Picha uxlay... Hali erta-ku... – Dilraboning uyqusiraganday erinchoq tovushi otani ajablantirdi. So‘ng o‘zicha bundan ma’no topdi: “Hm, sut olib kelishni aytgandir-da... Yosh qizni sahardan ko‘chaga chiqarguncha bu ishni manga aytmaydimi?”
-Turaqol, asalim, kennoying kutib qoldi...
-O‘zlari qilaversinla, nima man ularga...
-Jim... u yat bo‘ladi-ya. Bo‘masa o‘zim boraman... – Onasining qo‘zg‘algan sharpasi eshitildiyu Dilraboning shoshqin qad rostlagani sezildi. Buni tasdiqlab:
-Yo‘q, o‘zim, - degan qat’iyatli, zardaga yo‘g‘rilgan ovoz ko‘tarildi.
Tovushlar, sharpalar tindi. Otasi hayron bosh qashidi, so‘ng qo‘l siltagancha yana ko‘zlarini yumdi. Biroq endi uyqu uni batamom tark etgan edi. Xuddi birovning uyida yotib, uyg‘onib ketganu uy egalarini bezovta qilmaslik uchun tashqari chiqishga iymanayotgan mehmon kabi o‘zicha to‘lg‘anib yotaverdi. Bordiyu kelini yoxud o‘g‘li yuvinayotgan bo‘lsa...
Dahliz bilan ayvon oralig‘ida oshxona borligi, boz ustiga, eshiklar yopiqligi sharpalarni bo‘g‘ib qo‘ysa-da, uyg‘oq Otasining quloqlariga ayrim harakatlar sasi baribir yetib kelar edi. Bu saslar goh kuchayib, goh so‘nib – jimib qolardi. Nihoyat, ovozlar batamom yo‘qolib, davomli sukunat cho‘kdiyu Otasi navbat o‘ziga tekkanini his etdi: kimnidir cho‘chitishdan hayiqqan kabi ohista yurib, bo‘m-bo‘sh vannaga o‘tdi. Shosha-pisha yuvingancha yo‘lakka chiqdi. Va kecha tongda kechganiday yana dili yorishib ketdi: ozodalik qanday yaxshi!
Har bir qavatda yog‘du sochayotgan chiroqlar top-toza, namxush zinalarni yaltiratib ko‘rsatadi. Yo‘lakda avvallardagiday yoqimsiz, og‘ir havo emas, aksincha, ko‘ngilga xush yoqadigan, yengil nafas kezinayotganday...
Atrofdagi boshqa uylardan farqli o‘laroq bu uyga ikki tarafdan eshik ochilgan, xonadonlarga ikki tomondan kirib, chiqilar edi. Ajabki, yaqin yillar orasida kuzatilmagan ikkala tomon ko‘chayu yo‘laklar ham endi ozoda, saranjom-sarishtali, supurilgan, suv sepilgan – so‘lim.
“Kelini bor uyning fayzi bo‘lakcha-da”, - dilidan kechdi Otasining. Bu o‘ydan ko‘ngli ko‘tarilib, o‘zicha g‘ururlandi. Kecha oqshom choyxonada ziyofat berganida shu yo‘laklik qo‘shnisi ham go‘yo uni mukofotlagan edi: “Bizni pod’ezd ham songa kiradigan bo‘libdi-da. Rahmat kelinizga. Tarbiyali ekan...”
Otasi boshini adl ko‘tarib, atrofga razm soldi. Boshqa uch yo‘lak egasiz-qarovsiz kabi chirigan yaproqlaru xas-g‘uborlarga to‘lib yotar, juda fayzsiz ko‘rinar, oxirgi yo‘lakning birinchi qavatida yashaydigan o‘rta yashar ayolgina gulzorchasiga va o‘z yo‘lagiga shlangda suv sachratar edi. Aslida, o‘sha yo‘lakda ham ikki oycha avval to‘y bo‘lgan – talaba kelinchak yashaydi. Lekin... E, ana, ro‘paradagi uydan, o‘rta yo‘lakdan bir kelinchak supurgiyu chelak ko‘tarib, hovliga chiqdi.
“Qanday yaxshi... Qancha vaqt davom etarkin? Darvoqe, bu xonadonga tushganiga bir yildan oshdiyov. Chaqalog‘iyam bor... Barakalla...”
U ayvonga qaytib kirganida to‘shaklari o‘rnida noz-ne’matga boy xontaxtaga duch keldi. Ha demay, xotini, qizi, o‘g‘illari ham uning atrofidan joy olishdi. Xuddi shu lahzada parilarday tovlanib, boshiyu yuziga shohi ro‘molini tashlagancha oilaning yangi a’zosi paydo bo‘ldi. U kechagiday sal egilib:
-As-somalaykum, dadajon, - dedi eshitilar-eshitilmas ovozda.
-Valek... - dediyu otaning so‘zlari bo‘g‘zida qotdi, yuzi yallig‘landi. U so‘zini davom ettirishga qiynalayotganday ko‘rinardi. Miyasidan esa: “Qiziq, salomi ma’nosini o‘zi bilarmikan? Balki kecha ham shunday salom bergandir, men payqamagandirman”, - degan fikrlar kechardi.
Ungacha kelin jajji piyoladagi choyni uch barmog‘ida tutgancha, o‘rnidan turib, yarim egilgan ko‘yi qaynatasiga cho‘zdi.
-Rahmat, - dedi xo‘rsiniqli ohangda Otasi piyolani olarkan va hafsalasiz tarzda qo‘shib qo‘ydi: - O‘rningizdan turmasdan uzatavering choyni. Mayli, men roziman, qiz... kelin...
Onasi, Dilrabo, Akmaljon hang-mang bo‘lib, oila boshlig‘iga ko‘z qadashdi. Negadir otasining ko‘ngli cho‘kkanga cho‘kkanga o‘xshardi. Sabab? Savol nazari ila bir-birlariga nigoh tashlashdi. Ungacha kelin ortiga surilib, oshxonaga kirib ketdi. Onasi “O‘zi nima gap?” deganday eriga ko‘z tikdi. Eri gap cho‘zishni istamay:
-Nima keragi bor ortiqcha takallufning, - deya to‘ng‘illadi. Xayolidan esa: “Bularga tushuntirish kerakmikan? – degan o‘y o‘tdi. – Yoki avval kelindan surishtirish zarurmi? Yo‘q, oraga sovuqchilik tushmasin. Keyin...”
Ha demay, xontaxta atrofi bo‘shay deb qoldi: kimdir o‘qishga, kimdir ishga shoshildi. Ammo Onasi nechundir oshiqmas, eridan nimadir kutib, uning og‘zini poylardi. Otasi esa ayolining savolini kutmasdanoq:
-Kelining choy ichmaydimi? – deya ajabsinib so‘radi.
-Sizni qavog‘izga qarab choy ichsinmi? – Payti kelganini sezib, Onasi eriga nayza sanchdi. Otasi hali risoladan chiqqanini, aligi go‘yo qandaydir axlatlar ichida qolib ketganini – salomga deyarli alik olmaganini tushundiyu qizarganini ko‘rsatmaslik uchun piyolaga yopishdi va undan bir qultum choy icharkan, gapni boshqa yoqqa burdi:
-Saharda Raboni uyg‘otayotuvdingmi? Qayoqqa yubording?
Uyda hamma Dilraboni “Dili” deb chaqirishsa, otasi “Rabo” deb erkalar, go‘yo chala atamani to‘ldirar edi.
-Kennoyisiga yordamlashdi... – yarim qo‘rquv bilan sekingina javob qaytardi ayol. So‘ng nima qilarini bilmagan kabi dasturxondan u-bularni yig‘ishtirishga tutindi. Otasi kecha va bugun sahar chog‘idagi ozodalik boisini, ish ko‘lamini eslab, voqeaning tagiga yetdi. Avval keliniga achingan bo‘lsa, endi nozikkina qizalog‘iga rahmi keldi.
-O‘sha paytda havo juda salqin, qorong‘iydi... – o‘zini oqlardi ayol.
-Yaxshi qilibsan, - deb yubordi beixtiyor oila boshlig‘i. Keyin hazillashgan bo‘ldi: - Kelinimizni ayabsan, barakalla, mehribon qaynana.
Eridan rag‘bat eshitgan ayol nogoh dili yorishib, ko‘nglidagini aytdi:
-Shoyad qiziz ham o‘rganib qo‘ysa!
-E, o‘zi shartmikan sahardan shu ishlarni qilish. Supayu yo‘laklarni ozoda tutish axir hammaning ishi-ku! Kelinlarni qiynash yaxshi emas-da!
-Urf-odat shunaqaykan, nima qilasiz, Otasi...
-O‘zing bunday qilmagansan-ku, - kulgancha u xotinidan go‘yo “o‘ch” oldi.
-Bizda bunaqa odat yo‘q-da, Otasi, boshimga tushsa, qarab turmasdim... -Onasi ochiqchasiga o‘tdi. - Bordiyu qiziz toshkentlikka tushsa...
-Raboni toshkentlikka bermayman! – Shart kesdi Otasi.
-Unday demang, Otasi, peshonasidagi bo‘ladi. Shu uchun hozirdan pishigani yaxshi emasmi?
Otasi Xudodan, taqdiri azalga til tekkizishdan qo‘rqadigan odam. Garchi, oshkora emasa-da, ko‘nglida taqdirni takbir qilib bo‘lmaydi, deb yuruvchilarga e’tiroz bildirmaydi. Hozir ayolining gapi ma’qul tushdiyu lekin ochiq tan olgisi kelmay:
-E, bularning odatlari qursin: ham kelin tomon kuyovning uyini mebelu matolar bilan to‘ldirishi kerakmish, ham kelinni, birovning dilbandini ular qulday ishlatishi shartmish, - dedi to‘ng‘illagannamo, xuddi suyumli qizi ulardan birisi xonadoniga kelin bo‘lib tushayotgan kabi. – O‘, odam, uyingga yangi odam, yangi ishchi kuchi qo‘shilyapti, shuning o‘zi zo‘r boylik emasmi?!
-Qizishmang, Otasi, qizishmang, - shivirladi ayoli oshxona tarafga ko‘z tashlab olgach. – Xay, ayting, yomon bo‘ldimi? Ham o‘g‘limizni boshi ikki bo‘ldi, ham uyimizga molu mebel keldi.
Otasi yengilgan kabi bir nafas jim qoldi: nafsilambrini aytganda, uy jihozlarini ko‘rib, u ichdan suyungani, mamnun iljayib qo‘ygani rost emasmi? Buni xotini ham sezgan-ku? Endi buni qanday izohlaydi?
-O‘zing yaxshi bilasan, man qudalarga biror shart qo‘yganim yo‘q. Hatto ularga ochiq aytuvdim: “Manga boylik emas, yaxshi kelin kerak”, deb. Ayt, shunday demovdimmi?
-Devdiz... Lekin urf-odat ekan, qizlaridan hech nimani ayamadilar. Qizimiz baxtli yashasin, deganlari-da bu.
-E, qo‘y-e, shu matohlar bilan baxtli bo‘larkanmi? Xudo har kimning o‘ziga bersin. Raboga tayinlab qo‘y: toshkanlik bolalarni o‘ziga yaqin yo‘latmasin. Biz o‘zimiz kabi chetdan kelganlar bilan quda bo‘lamiz.
-Xudo xohlasa, deng, - o‘rnidan qo‘zg‘oldi Onasi. – Ishga kechikmay...
Saldan so‘ng Otasi ham ishga otlandi. Kun bo‘yi uydagi vaziyat, kelinning yurish-turishi, qizining taqdiri xayolidan nari ketmadi. Kechqurun esa yana ta’bi tirriq bo‘ldi. Eshik ochgan kelin pastgina ovozda:
-As-somm, - dediyu darhol ortiga burildi. Qaynata tutqichni asabiy tutgancha bir lahza qotib qoldi. O‘zicha bosh chayqadi: “Nima muncha dimog‘-firog‘? Seplarga iddaomi? Yo boshqa muddao ham bormi? So‘raymi, a?”
-Noqulay-da, - deb qo‘ydi o‘zicha, u eshikni yopib, ichkari kirarkan. – Onasi orqali so‘ragan ma’qulroq. Man qizishib ketib, qo‘pollik qilishim mumkin.
Oshxonada, qozon atrofida kuymalanib yurgan ayolini ko‘rib, u yana taajjublandi: “Nahotki kelinimiz ovqat qilishni bilmaydi? Yoki...”
-Ha, keliningga ishonmadingmi? – Ko‘nglidan kechganini darhol oshkor etdi u.
-Nimaga ishonmay, Otasi, - dedi ayol nim tabassumu ochiq chehra ila. – Birovning erka farzandi, darrov zug‘um qilmay deyman-da. O‘zimizga, uyimizga bir oz o‘rgansin. Keyin qo‘limdan hammasini oladi.
-Ha, shunaqami? Mayli, mayli, - deya Otasi odatdagi o‘rniga o‘tdiyu oynai jahon qulog‘ini buradi. O‘zbekistonda konsert: usuliyu nag‘masi bor, ammo ovozdan Xudo qisgan bir xonanda o‘zini zo‘rga solyapti, kuchanyapti. Maskovni olgan edi, ish tashlagan konchilar g‘alayonlari, mitinglar...
Otasi ularga qarab o‘tirdiyu xayolidan kelini, o‘g‘li nari ketmadi: yulduzi yulduziga to‘g‘ri keldimi? Bulardan yaxshi oila chiqarmikan? Bir-birini uncha o‘rganishmagan. Aslida shunaqa yoshlar tezroq chiqishib ketishlari ko‘p kuzatilgan.
Otaning bilishicha, o‘g‘li juda yuvosh, kamsuqum, o‘yin-kulgiga u qadar ishqivoz emas, o‘qishi davomida qizlar atrofida aylanishmagan, “don” olishmagan. Lekin jahli chiqsa, chaqmoq chaqishi, qo‘rslik qilib qo‘yishi hech gap emas. Kelin shundan ehtiyot bo‘lsa... Kelin esa bir muncha jumboqday. Nahotki u o‘ta mag‘rur? Uni Onasining tanishlari rosa maqtab tavsiya etishgan. Birinchi uchrashuvdayoq qizgina Akmaljonga ma’qul tushdiyu tezda to‘y boshlandi.
“Qiziq, - o‘ylardi qaynata, - biror ko‘ngli to‘lmagan tomoni bormiki, kelinimiz ochilib-sochilmayapti. Ko‘pincha qovog‘i soliq. Begona joydan qochgan kabi darhol o‘z xonasiga kirib ketadi. Ko‘p o‘tmay, eri ham unga ergashadi. Ichkaridan qiqir-qiqirlar taralishiga qaraganda... Ishqilib, oxiri baxayr bo‘lsin...”
Otasi kelinidan so‘ramoqchi bo‘lgan gapni bugundan ham qoldirdi. Xotini orqali surishtirishdan esa biror nima chiqishiga ko‘zi yetmadi. Bu orada yoqimsiz, g‘ashga teguvchi holatlar davom etaverdiyu oxiri qaynata toqat qilolmadi. Navbatdagi nonushta chog‘ida kelini o‘sha xomushligicha:
-As-somaykum... – deganida qaynata qo‘qqisdan:
 -To‘xtang, kelin, - dedi bosiq ovozda. Kelin ko‘zlarini katta ochib, qanaqa ayb ish qilganini o‘zi ham bilmagan kabi dovdiragancha oila boshlig‘iga anqayib qaradi. – Otangizgayam shunaka salom berasizmi?
O‘g‘il besaranjom to‘lg‘anib, otasining ko‘zlaridan ma’no izladi. Onasi cho‘g‘day qizarib, lablari qimtildi, biroq, nimadir deyishga jur’at etmadi. Dilrabo otasiga alang-jalang qarab:
-Otaa... - dediyu indamay qoldi.
Hammaning e’tirozini qo‘zg‘agan o‘z harakati mavruddan tashqarida yuz berganini his etgan esa-da, oila boshlig‘i endi chekinolmasligini tuydiyu kelinidan ko‘z uzmay javob kutdi.
-Hm, shunday... - dedi kelin sal sukutdan so‘ng. – Nima qilibdi?
-Shunaqa salom berish ma’nosini o‘zingiz bilasizmi?
Kelin yelka qisib, chetga qaradi.
-Ma’nosi o‘z-o‘zidan tushunarli-ku, - to‘ng‘illadi Akmaljon. – Salom – bu biz birgamiz, birdammiz, yakinmiz, degani emasmi?
-Sandan so‘ramadim, chog‘i, - otasi kesatdi. – Salom boshqa, as-somaykum boshqa – farqi yer bilan osmoncha.
-Farqi nima, otajon? – Erka ovozda so‘radi Dilrabo.
-Assalomu alaykum, degani man sizga sihat tilayman, as-somaykum degani esa, sizga o‘lim tilayman, degani.
-Voy o‘lay... Yo‘g‘-e... – Onasi bosh barmog‘i orqasini tishladi.
-Ha, shunaqa... kelinimiz kelganidan buyon bilibmi-bilmaymi, bizga o‘lim tilab yotibdi. Bilmadim, nega? – Otasining so‘nggi so‘zi pastlab, tushkin ovozda eshitildi. Dilrabo yangasiga g‘azabnok, yumdalashga shayday o‘qraydi. Onasi esa ayb ish qilib qo‘yganu uyalib, boshi yerga tekkuday egilgan. Kelinchak bo‘lsa, nima deyarini bilmay, izoh berishni istamay, qaqqayib turdiyu so‘ng keskin burilib, o‘z xonasiga kirib ketdi.
-Bu gapni qayoqdan oldingiz, ota?- G‘azabu dovdirashdan qutilgach, o‘g‘il, nihoyat so‘rashga o‘zida kuch topdi. – Ko‘pchilik shunaqa salom beradi, chog‘i.
Bunday sharhni Otasi bir ma’rakada qisqa amri ma’rif qilgan qariyadan eshitgan, lekin chuqurroq surishtirmagan, bilishigacha esa yana ancha vaqtlar o‘tishini, diynu e’tiqodda keng yo‘llar ochilishini hozircha xayoliga ham keltirolmas edi. Keyinroq Imom Buxoriyning “Hadis”idan buni o‘qigan qaynata o‘shanda keliniga o‘rinli tanbeh berganiga quvongan, faqat sal qo‘polroq tarzda bu ishni ado etganidan xijolat chekkandi. “Hadis”da yozilishicha, bunday salomlashish Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam va bir yahudiy o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Rasululloh ( alayhi vassallam) unga: “Valeykum... o‘zingga ham”, deya yumshoq va go‘zal javob qaytaradilar. Sahobalar yahudiyni og‘ir jazoga tortishni talab qiladilar. Biroq, ulug‘ zot oliyjanoblik namunasini ko‘rsatadilar: “Menga nimani tilagan bo‘lsa, o‘ziga ham o‘shani tiladim”, deya sahobalarni yomonlikka yaxshilik bilan ta’sir etishga da’vat etadilar.
“Bilim, ma’rifat – odamni jaholatdan saqlaydi, - deydi o‘zicha Otasi “Hadis” ilmidan bahramand bo‘lgach. - O‘shanda shu voqeani tafsiloti bilan bilganimda kelinimni so‘roqqa tutmay, mayinlik bilan tushuntirar edim.”
Ammo bu xulosaga kelishiga qadar hali ikki-uch yilcha vaqt bor edi. Hozircha esa kelini harakatlaridan o‘z yog‘iga o‘zi qovrilar, orada adovat tug‘ilganidan boshi qotardi. Ayni o‘sha paytda o‘g‘lining savoliga o‘tirgan hammalari jo‘yali javob kutardilar.
-Kimlardir ataylab, sezdirmay, yoshlarga o‘rgatsalar kerak, - deya taxminladi Otasi. – Buni tagiga yetmoqchi bo‘lsang, arabchani tushunadigan, savodli biror kishidan so‘rab ko‘r. Men ham surishtirarman.
Otasi o‘z javobidan to‘la qanoatlanmagan esa-da, har qalay, go‘yo vujudini kemirib borayotgan yomon xiltdan qutulganday bo‘ldi. Endi esa: “Kelinimiz nahotki tushungan holda shunday salomlashgan”, degan o‘y unga orom bermas edi. Boz ustiga, aybini pinhona bo‘yniga olgan kabi kelin oldingidan-da ko‘proq parda ortiga bekindi: hamon qovog‘i soliq yurar, aytilgan ishni buzibroq bajarar, faqat erining yonidagina chehrasi ochilar, deyarli ochiq salomlashmas – nimadir deb pichirlar, ko‘pincha o‘z xonasiga indamay kirib ketar, soatlab qorasini ko‘rsatmas edi.
Bir kuni Ota maosh oldiyu bozorga o‘tib, xilma-xil mevalar xarid qildi. Odatdagiday, uyda yolg‘iz qolgan kelin eshik ochdi va tez iziga qaytdi. Qaynataning yana tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi: “Axir man kim uchun bozor qilib keldim? Nega qo‘limdan olmaydi? Uyida qanaqa tarbiya ko‘rgan ekan- a, bu? Nima qilsam, o‘z bolalarim safiga qo‘shiladi? Qaerda xatoga yo‘l qo‘ydik? Qaynanasi-ku, yel-patak, atrofida parvona – kelini qiladigan ishlarniyam qiladi. Lekin...
Shu topda ko‘p tanish-bilishlarining kelinlari, o‘zaro munosabatlar xayolida jonlanib, tag‘in taajjubi ortdi. U bilgan kelinchaklar qaynatayu qaynana bilan ota-qizu ona-boladay ko‘rinishadi. Balki boshqalarga shunday ko‘rinish berib, aslida ko‘cha xandonu uy zindonmi? Yo‘g‘-e... O‘sha kelinchaklar ochiq chehra bilan, chinakam egilib, ta’zim qiladilar-ey...
Qaynata kelini bilan ilk duch kelishniyu uning ta’zimini hamda salomlashish onini esladi. Shunda o‘zicha nimanidir kashf etdi: xohlar-xohlamay egildi. Salomi esa haligiday... Hm... “Man sizlarga bo‘yin egmayman, bilib qo‘yinglar, sizlarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q” , deganimi? Xudo saqlasin! Unda ahvol chigallashadi. Buni eri sezarmikan?.. Payqamaski, uning yonida kelin ochilib qoladi, o‘zini yelib-yugurganday tutadi. Bunga er butkul mahliyo...”
Otasining qattiqqo‘lligi bois farzandlar ishqiy sarguzashtlarni boshdan kechirishmagan. Ehtimol, o‘shaning ta’siridandir, Akmaljon ko‘z ochib ko‘rgani – Mohira bilan qattiq bog‘lanib qolgan. “Bunisi – tuzuk, biroq, xotinga o‘zni batamom topshirib qo‘yish ham yaxshilik keltirmaydi-da, - degan xulosaga keldi Ota. – Akmalning bo‘shangligi... Eh...”
-Buni befarq qoldirib bo‘lmaydi, - dedi Otasi nihoyat o‘ziga-o‘zi. – Kelin bidan chuqurroq gaplashib ko‘rish zarur.
Ammo gaplashish juda paysalga solindi. Bu orada kelin og‘iroyoq bo‘ldiyu ish yanada chigallashdi. Bunday sharoitda vaziyatni chuqurroq kavlashtirish orqali sal ochilgan xandakni jarlikka aylantirish hech gap emas. Biroq, kelinning yangi qiliqlari qaynataning uyqusini qochirdi. Ajabki, kelin endi qaynanasiga go‘yo e’lonsiz urush ochgan edi.
-Nima, oralaringdan qora mushuk o‘tdimi? – So‘radi bir kech oila boshlig‘i xotinidan. Yana hazillashgan kabi qo‘shib qo‘ydi. – Arpasini xom o‘rib qo‘ydingmi?
-Bilmadim, - Onasi kift uchirdi. – O‘z-o‘zidan gaplashgisi kelmayapti.
-Hamma ishlarini qil, hatto kiriniyam yuv, - dedi Otasi kelini eshitsin uchun ovozini ko‘tarib. – Boshingga ko‘tarib yursang, yanayam yaxshi.
Onasi sukut saqladi. Ichkaridan ham sado chiqmadi. Oila boshlig‘i esa aniq javob kutar edi. Buni anglagan ayoli:
-Nima qilay, Otasi, hamma yoq ivirsib yotsa, qanday qarab turay axir! – dedi yig‘lamsirab. – O‘zidan bilib, qo‘limdan ishni olmasa...
-Eh, mo‘mal! Chin qaynona yoki onalarga o‘xshab, san ham bunday talab qilsang, bo‘lmaydimi? Shuyam kerak ekan-da... Qizimizga zug‘um qilasan-ku!
-U - qizim, o‘zimniki. Kelin – birovning farzandi... Gapim og‘ir botsa...
-Hammasi – o‘zingdan! – dediyu Otasi qo‘l siltab, ko‘chaga chiqib ketdi.
Ertasiga tushlik qilish uchun ataylab uyga keldi. Ishxonasi – bilim yurti yaqinligi bois bu imkoniyatdan u gohida foydalanar edi. Qo‘ng‘iroq tugmasini bosganidan so‘ng ancha kutib qoldi. Eshik ochilganda kelinning uyqudan qovog‘i shishganligi yaqqol ko‘zga tashlanardi. Uyqusi hali o‘chmagan, yarim karaxt ko‘rinardi. Hech nima demay, u iziga qaytdi. Qaynata oshxonaga o‘tib, qozondagi ovqatni gaz – olov ustiga qo‘ydi-da, kelini xonasiga yaqin borib, sekin:
-Kelin, bu yoqqa qarang, - deya ovoz qildiyu xontaxta ro‘parasiga borib o‘tirdi. Saldan so‘ng kelin ayvonga kelib, qaynatasiga savolchan qaradi.
-Ovqatni isitishga qo‘ydim. Tayyorgarlik ko‘ring, birga ovqatlanamiz.
-Man ovqatlanuvdim...
-Unda o‘tiring, biir gaplashib olaylik, - dedi qaynata yuvoshlanib.
Mohira romga omonat suyangancha karavot qirg‘og‘iga o‘tirarkan, xomuza tortdi.
“Yuzini yuvib olsa bo‘lardi, - o‘yladi qaynata. – Farosatdan Xudo qisgan...”
-Ayting-chi, Mohira, - deya birinchi marotaba u kelini nomini tilga oldi, - siz biror masalada bizdan, shaxsan mandan yo qaynanangizdan xafamisiz?
-Yo‘q, nega unday deysiz? – Kutilmaganda xushyor tortib, kelinning qovog‘i ochildi.
-Unda nimaga hamisha arazlaganga o‘xshab yurasiz? Nimadan xafasiz?
-Hech nimadan... O‘zim shunaqaman... – dedi u past ovozda va yerga suzildi.
-Shunaqaligingiz hammaning g‘ashiga tegishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Kelin indamay yer chizdi.
-Yo bizga kelin bo‘lganizdan afsusdamisiz?
-Yo‘-yo‘q, unday emas, - ilkis boshini ko‘tardi kelinchak. Lekin so‘ziga izoh berishni, ko‘nglidagi dardni to‘kib solishni istamadi. Ichki g‘urur bunga yo‘l ochmadi, shekilli.
-Sababini aytmasangiz yoki yaxshi tomonga o‘zgarish qilmasangiz, ish mushkullashadi. Birinchi navbatda, qudam bilan, otangiz bilan o‘zim gaplashaman. Dam olish kuni ularni chaqirib, maslahatlashaylik...
-Yo‘-yo‘q, adamni aralashtirmang... Jahllari yomon, - deb yubordi beixtiyor kelinchak. – Nima gap bo‘lsa, o‘zimga ayting.
“Hm, buning qiliqlaridan otasi bexabar... Demak, qandaydir o‘rgatuvchisi bor: hukmronlik qilishni, bizni o‘zi istagancha boshqarishni mo‘ljallagan. Yoki...”
-Menga ham shunisi ma’qul, - dedi qaynata bosh silkib. So‘ng miyasiga kelgan o‘yni oshkor etdi. – Balki alohida yashashni istayotgandirsiz...
Kelin indamay yana yer chizdi.
-To‘g‘ri, hamma mustaqil yashashga intiladi. Ammo har ishning mavridi, o‘z vaqti-soati bor. Ishxonaga ariza berib qo‘yganman. Uy berishsa...
Kelin jonlanib, ko‘zlari chaqnaganini payqagan qaynata:
-Lekin ungacha bir-birimizning g‘ashimizga tegmaylik, dilimizni og‘ritmaylik, - deya alohida ta’kidlashni lozim topdi. – Shu xonadonda ko‘karib, palak yozishingizni, qizimiz qatoridan o‘rin olishingizni juda xohlaymiz... Shu fikrga qo‘shilasizmi?
-Ha... – Kelin bosh qimirlatib ham o‘z so‘zini tasdiqladi.
-Mayli, to‘xtatib qo‘yganingiz yo‘lakni yuvishni men talab qilmayman. Lekin ozodalik, saranjom-sarishtalik, ochiq chehralik – vazifangiz, - hukmnamo dedi uy sohibi. – Bordiyu biror muammo chiqsa, o‘zimga ochiq ayting. Ma’qulmi?
-Ha.
-Endi ovqatni suzib keltiring, - ko‘tarinki ruhda dedi qaynata.
Darhaqiqat, qaynata-kelin munosabatlari go‘yoki izga tushdi. Biroq, kelin bir oyog‘idagi og‘irlikni xuddi ikkinchi oyog‘iga tashlagan kabi endi qaynanasi bilan arazlashgan ko‘rinardi. Bundan qaynana g‘am-g‘ussaga ko‘milgan ediyu biroq biror kimsaga dardini yorishni istamas edi. O‘g‘li nari tursin, hatto eriga ham bu haqda gapirishni o‘ziga ep ko‘rmasdi: “Janjal chiqmasin, Xudo o‘ziga insof bersin” , derdi ichida. Lekin yaraga beparvo qarasang, shishadi, maddalaydi...
Kutilmaganda maddalagan shish yorildiyu o‘zini oshkor etdi. O‘sha kuni Onasi nashriyotning yosh bir muharriridan dakki eshitib, izza bo‘lgan, “kap-katta xotin tayyor matnni mashinkada ko‘chirishda shunchalar ko‘p xatoga yo‘l qo‘yadimi, a? Degan so‘roqqa lom-mim deyolmagan, indamay matnni qayta ko‘chirgan va yana sezmay ba’zi so‘zlarni tushirib qoldirgan edi. Ko‘nglidan esa: “Zulmat ichida ko‘chirganimni qayoqdan ham bilasan, bolam” , degan o‘y kechib, negadir yig‘lagisi keluvdi... Ishdan qaytsa, kelin uxlab yotibdi. Oshxonada ovqat yuqi idishlar pashshalarga talash, ustolda suvaraklar g‘ujg‘on o‘ynaydi.
-E, Xudoyim, ot deb eshakka yo‘liqtirgan ekansan-da, - deb yubordi u kursiga og‘ir cho‘karkan. – Buni Otasi ko‘rsalar, nima deydilar? Tayoq yana mani boshimda sinadimi?
Ayagan ko‘zga xas tushdi. Ayni shu topda Otasi ham ishdan qaytdiyu oshxona yig‘ishtirayotgan ayolini, hamma yoqni yoqimsiz islar bosganini ko‘rib, zahrini sochdi:
-Battar bo‘l. Yaxshisi, pul beray, bitta tuvak sotib ol.
-A? Tuvakni nima qilaman? – Ovozini odatdagidan bir parda ko‘tarib, eridan so‘radi. Uning ovozidagi titroqni sezsa ham endi eri ayamadi:
-Kelining bo‘shanishiga. Keyin tozalab qo‘yasan. Shu yetishmayapti, chog‘i.
-Bu kunimdan o‘lganim yaxshi emasmi? – U yig‘lab yubordi. Eri shoshib qoldi: “Kelin qo‘rslik qilganmikan? Nahotki shunga ham aralashaman?”
Xuddi shu chog‘ xonasidan chiqqan keliniga:
-Sizda o‘zi zarracha insof bormi? – deb bo‘g‘iq qichqirganini o‘zi ham payqamay qoldi.
-Nima bo‘libdi? – Ranggi oqarinqirab so‘radi kelinchak.
-Nima bo‘libdi emish! – Hayotida birinchi marotaba keliniga tik qarab, yig‘i aralash “portladi” qaynana. – Uyaling-e! Andishani otini buncha qo‘rqoq qo‘ymaydilar-da. Uyni ahvolini qarang – odam yashaydimi bu yerda? Otasi, - u eriga yuzlandi, - toqatim tugadi: biror kvartira toping – yo biz chiqib ketaylik, yo bular...
-Biza ketamiz, - kelin darhol ortiga burildi. Ayni shuning ustiga eri kirib keldiyu uning ro‘parasida to‘xtadi:
-Ha, nima gap? – deya u onasidan so‘radi.- Qayoqqa ketasizlar?
-Bizani haydayaptila, - dedi Mohira yig‘lamsirab. – Bo‘ling, ketamiz, Akmal aka.
Akmaljon avval nigohi qahrli yongan, lablari gezargan otasiga, keyin ko‘zlari yoshga to‘lgan onasiga bir qarab oldi-da, xotinidan so‘radi:
-O‘zlaridan so‘rasak? Yo‘l bo‘lsin?..
-Opamning qo‘shnisida bir xonali bo‘sh uy bor ekan. Gaplashaylik. Mayli, bular bemalol, tinch yashasinlar...
-Hm, gap nimadaykan, - o‘zicha g‘udrandi Otasi. So‘ng kelin-kuyovga jiddiy tikilib, fikrini dangal aytdi: - Alohida yashashni niyat qilgan bo‘lsalaring, mayli, e’tirozim yo‘q. Ammo hech qachon onangni malaylikka qo‘ymayman.
-Onamni kim malay qilmoqchi? – Hech nimadan xabari yo‘q Akmaljon gunohkor kabi boshi egik turgan volidasiga tikildi. – Hech kimga malay-palay bo‘lmaydilar. Endi qo‘lizni sovuq suvga urganizni ko‘rmay, onajon, - dediyu u xotiniga shiddatli yuzlandi: - Bilasan, ko‘chish haqida hech vaqt mayl bildirganim yo‘q. Men hech yoqqa bormayman. Agar ko‘chging kelsa, o‘zing ko‘chaver. Xarajatingniyam beraman.
Mohiraning ranggi oppoq oqardi, lablari titrab, qimirladi, biroq, nima deganini anglab bo‘lmadi. Oraga bir nafaslik sukunat hokimlik qildi.
-Ish qilgan bilan o‘lib qolmayman, bolam, - dedi nihoyat o‘zini tutib olgan Onasi. Bu mojarolarga u hamon o‘zini aybdor sanayotgan edi. – Tinchingga qara. Qaerda bo‘lsang ham baxtli bo‘l, bolam. Man roziman.
-Tinchim – ana shu uyim, ota-onam bilan bir havodan nafas olish! – Akmaljon taxta-polga oyoq nuqidi. – Beparvolik qilibman, Onajon, meni kechiring...
 
* * *

Ertasi kuni tongda ko‘chaga chiqayotgan Otasi yaltiraga zinalarni, ozoda yo‘lakni ko‘rib, yelka qisdi, jilmaydi. Aylanib qaytgach esa eshikda uni ochiq chehra bilan kelini qarshi oldi:
-Assalomu alaykum, dadajon.
-Tilingga shakar, qizim, - deganini va kipriklariga nam chiqqanini o‘zi ham sezmay qoldi Otasi. O‘zini sal o‘nglab olgach, qo‘shib qo‘ydi: - Yo‘lak hammaniki. O‘zim jadval tuzib beraman.
-Yo‘-yo‘q, o‘zim...
Oradan bir necha hafta o‘tgach, to‘xtovsiz kelayotgan sovchilardan biriga javob berildi: Dilrabo toshkentlik yigitga unashtirildi.
-Ziyoli oila ekan, mayli. Rabo ham ancha pishgan, chidamli, - deb kulib qo‘ydi Otasi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.