OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Salom. Qarz (hikoya)

Hayit aka ishdan horib, hafsalasiz qaytdi. Ish og‘ir emas, ammo yolgon va’dalar uni charchatib, asabiylashtirdi. Shunga qaramay, o‘zini bosiq tutib, tiliga erk bermadi, dardini ichiga yutdi: «Keyingi safar uch oylik maoshni qo‘shib olaman, bir talay bo‘ladi», deya o‘zini ovuntirdi. Faqat ayoli xarxasha qilmasa, bas.
Qiziq, Nilufar xola eshikni nim tabassum ila ochdiyu eriga sirli:
— Mehmon bor, — dedi sekingina.
— Mehmon? Kim? — Ensasi qotib so‘radi er. Axir hamyon quruq bo‘lsa, nochorgana dasturxon bilan mehmon kutish ko‘ngilga sig‘adimi? Nilufarning chehrasiga qaraganda nozikroq, balki kerakli mehmonga o‘xshaydi.
— Sovchilar, — shivirladi xotini erining ko‘nglidagini sezib.
— Hm... — deb qo‘ydi Hayit aka qoshlarini ko‘targancha, sal ochildi: «Zo‘rroq dasturxonga hojat yo‘q». Biroq shu ondayoq darhol tundlashdi: — Ularning javobini beruvdik-ku!
— Sekinroq gapiring... — ayol erini turtdi. — Bular boshqacharoq. Bama’ni odamlarga o‘xshaydi. Yigitning ota-onasiykan. O’zlari kelibdilar.
— Bari bir emasmi? Biz hozir qiz chiqazolmaymiz. Axir bitimizga to‘y qilamizmi?
— Avval ko‘ring, gaplashing, keyin bir nima deng-da, otasi, — Nilufar xola erib ketib, erining yelkasidan silagan bo‘ldi. — Bunaqada uyimizga hech kim kelmay qo‘yadi. Qiz bolaning ishi qursin. Kiraqoling, otasi, mahtal bo‘lishdi.
Hayit aka qo‘liyu yuzini chayib, o‘zga uyga kirgan kabi sal begonasirab, mehmonlar o‘tirgan xonaga qadam qo‘ydi. Sovchilar bo‘lmish er-xotin darhol o‘rinlaridan turib, mezbon bilan so‘rashishdi. O’rta yoshlardagi, bejirim kiyingan, ochiq chehrali juftlik bir qarashdayoq ziyoli odamlar ekanini aniq sezdirib turardi. Bu holat Hayit akaning vujudiga allaqanday nur yo‘naltirdiyu to‘satdan ko‘ngli yorishib ketdi.
— Aybga buyurmaysiz, akaxon, — dedi o‘ng‘aysizlikka barham berib, erkak mehmon, — biz ogohlantirmasdan, shunchaki tanishish uchun, norasman keldik.
— Zarari yo‘q, — deb qo‘ydi Hayit aka va endigana yoyilgan, buxanka nonu likobchada arzon qog‘ozli konfetdan bo‘lak hech narsa yo‘q dasturxonga ko‘z qirini tashladi. So‘ng nafasi ichiga tushgan kabi: — xush kelibsizlar, — dedi.
— Agar fikrimiz bir yerdan chiqsa, keyin rasman sovchi yuboramiz.
— Yaxshi o‘ylabsiz, — dedi Hayit aka sal mulohazadan so‘ng ochiq tan berib. — Ammo qizimiz hali o‘qiyapti. Yana uch yil o‘qishi kerak.
— O’qishni davom ettiraveradi, — shoshqin gapga aralashdi ayol mehmon. — Xudoga shukr, kelinni o‘qitishga qurbimiz yetadi. Ikkalovining yulduzi mos tushsa, bas. Qiziz haqida yaxshi gaplar eshitganmiz.
Mezbonlarga javob ma’qul tushdi. Ammo bir nafas o‘yga tolishdi.
— Biz hali qiz chiqarmoqchi emasdik, — erini tushunib, gap qo‘shdi Nilufar xola. — Tayyorligimiz ham yo‘g‘idi. Zamon o‘zgarib ketdi.
— Harakatlarimiz boshlanganidan keyin tayyorgarlik ham o‘z-o‘zidan bitib ketadi, xolajon, tashvishlanmang.
— Bizga hech nima kerak emas, opajon, — erkak mehmon dangaliga ko‘chdi. — Bizga yaxshi odam, yaxshi kelin kerak. Zamonga qarab ish tutaveramiz.
— Aytasiz-da, ukajon, — dedi o‘ylanqirab Nilufar xola. Ko‘nglidan esa: «Rozilik olguncha shunday deyishadi. Nag‘malar keyin boshlanadi», degan o‘y o‘tdi.
— Agar ma’qul topsangizlar, dam olish kuni qizlaringiz bilan Yoqubjonni uchrashtiraylik, shoyad bir-birlarini yoqtirishsa, — dedi nogoh ayol mehmon.
Mezbonlar bir-birlariga qarab olishdi. Hayit akaning ichidan bir nima uzilib tushganday, bo‘shashibroq ko‘zini yerga suzdi. Ayoli esa o‘zini yo‘qotmay:
— O’ylab ko‘raylik, maslahatlashaylik, — dedi.
— Ha, to‘g‘ri, — jonlandi Hayit aka. — Fikrimizni keyin aytamiz.
O’sha kecha er-xotin deyarli uxlashmadi. Goh «qudalar»ni maqtashdi, goh ulardan ayb izlashdi, goho bahslashib, qattiq-qurum gaplarga ham borishdi.
— O’ziga to‘q, badavlat bo‘lgani tuzuk, ammo o‘zimizga o‘xshagan musofir ekani yanada yaxshi, — dedi nihoyat Hayit aka.
— Ha-ya, — ma’qulladi xotini, — tengi chiqsa, tekin ber, deptilar. 
Hayit aka xoxolab kuldiyu darhol tinib, ayolini kesatdi:
— Ol-a, tengi emish. O’zlarini ko‘tarib yubormadilarmi ishqilib?
— Kulmang. Men ko‘rpamga qarab oyoq uzataman.
Hayit aka bilan xotini qo‘shni ikki viloyatdan poytaxtga kelib qolishgan. Ikkalasi ham o‘qishga kirish uchun to‘qimachilik kombinatida ishlagan. O’sha yerda tanishib, turmush qurishgan. Ikki qizlarini toshkentchasiga turmushga chiqarishgan: xilma-xil sarupolar, mebellar, antiqa sovg‘alar ayalmagan. Yetti yillik tanaffusdan keyin tug‘ilgan Nozimaga navbat yetganda vaziyat o‘zgarib, orzu-havaslar yo‘li torayib ketdi. Er-xotinning bahsi ko‘pincha shunga borib taqaladi.
— O’z odatimizni qilaveramiz-da, otasi, — dedi nihoyat pastroqqa tushib, Nilufar xola. — Qalin puli so‘ramaymiz. Shunga qarab, mebel ham olmaymiz.
— Nozimang o‘ksimaydimi? Opalarimdan qaerim kam demaydimi?
— Desa der, iloj qancha. Qiz bolani ortiq tutib bo‘lmasa... Yana shunaqa sovchilarga duch kelamizmi, yo‘qmi, xudo biladi.
— Gaping to‘g‘riyu... — Hayit aka jimib, xayolga toldi. So‘ng to‘satdan jonlandi. — Nozimani kamsitib qo‘ymaylik. Mayli, uchrashtiringlar, bolaniyam yaxshilab surishtiringlar.
— Biror najot yo‘li topiladiganmi, otasi?
— Qarz olamiz. Qishloqdan, u yoq-bu yoqdan aylanib kelarman balki.
— Ha-ya, boyvachcha og‘aynilariz bor. Bir tomonni ko‘tarishsa... 
Uchrashuvlar, «o‘rganish»lar masalani tezda bir yoqlik qildi: ikki oydan so‘ng to‘y. Hayit aka vaqtni boy bermay ham to‘yga xabar, ham qarz ko‘tarish ilinjida poezdga o‘tirdi. Yurtdoshlari, qarindosh-urug‘lari orasida bir necha yil bo‘lmagan edi, gina-kuduratlar ila qarshilashdi. Yana u aniq sezdiki, odamlar ancha o‘zgargan: avvallardagiday ezmalanib o‘tirishlar, chuqurroq so‘rashuvlar yo‘qolganday. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovoraday. Bekorchixo‘jalar esa birovga qayrilib boqishga, so‘rashishga erinadiganday. Go‘yoki begonalashuv jarligi tobora kengayib, chuqurlashib borayotganday, yirik-yirik darz ketishlar ro‘y berayotganday.
«Nahotki yashash uchun kurash kishilarni shunchalar tez o‘zgartiripti, — dedi o‘ziga o‘zi Hayit aka. — Bozor siyosati shunaqa kecharmikan, a?»
Ikkinchi kuni kechqurun yolg‘iz kolishganda Hayit aka fermer ukasiga ko‘nglini yordi:
— Tayyorgarliksiz to‘y boshlab qo‘ydik, uka.
— Qanaqa to‘y, aka? — Nechundir xavotir aralash talmovsirab so‘radi uka.
— Jiyaning Nozimani uzatayotibmiz.
— E, muborak bo‘lsin! Bo‘yi yetib qoldimi, a? Amakilab, yelkamga yopishardi, qo‘ltig‘idan tutib, tepaga otardim. Yana-yana deb, meni charchatardi. Xuddi kechagiday.
— Ha, yillar ot choptirib o‘tayopti. Bormaganinggayam ancha bo‘ldi.
— O’zingiz-chi? Esizdan chiqay depmiz, — uka ginani cho‘zmay, o‘zi qiziqqan savolni berdi. — Qudalariz o‘zimiz tomon odamlaridanmi?
— O’zimiz tarafdan emasu... — Hayit aka chaynaldi, — lekin o‘zimizday musofir, qiyinchiliklarni boshdan kechirgan kishilar...
— Xay, bunisi tuzuk ekan. Unda katta tayergarlikning nima keragi bor, aka? Avvalgi ikki jiyanda rosa shilingansiz. Endi bunday qilmang-da, aka, zamonga qarab ish tuting: yumaloq-yastiq qilib, jo‘nating, yuboring-da.
— O’ylab gapirayopsanmi? Nozimaning boshqalardan qaeri kam?
— Ha, endi imkoniz bo‘lsa... — uka gapini tugatmay yerga qaradi.
— Fermang meni quvontirdi, — dedi Hayit aka ukasidan durustroq taklif chiqishini ko‘zlagancha. — Bo‘rdoqilaring semiz, sigirlaring gavmish...
— E, akajon, bularning har biri olamcha tashvish, ming bir g‘alva. Hali davlatdan olgan qarzimdan qutilganim yo‘q. Boshqalardan ham qarzim bor. Buning ustiga boyvachchalar qatoriga qo‘shib, yulqiydiganlar ko‘p.
— Hm... Sengayam oson emas ekan.
— Qiyin, aka, juda qiyin. Oriyat degan tuyg‘u bo‘lmaganda, tashlardim-ketardim. O’zimni savdogami, boshqa ishlargami urardim.
Hayit aka o‘ylay-o‘ylay ukasidan qarz so‘rab, suxani sinishini fahmlab, bu xususda endi og‘iz ochmaslikni lozim topdi. Yaxshisi, hozir tumandagina emas, butun viloyatda tilga tushgan, sobiq maktabdoshi Vahob Tadbirga yo‘liqish. Puli achib-bijg‘ib yotibdi, deyishadi. Yo‘q demaydi, karzini qistamaydi ham. Mard odam. Shuni o‘yladi-da, Hayit aka ukasiga tasalli bermoq niyatida:
— Savdoyam sen o‘ylaganday oson emas. Manaman degan savdogarlar ham sinib, barmoq tishlab qolayotgan emish. Fermani tashlama, unda kelajak bor, — dedi.
Bu maslahatda ham qandaydir ishora borday edi.
— To‘g‘riyu... — uka yana nolimoqchi bo‘ldi. Aka esa cho‘zmay muddaoga o‘tdi:
— Ertalab mashinangda, aytgancha, u ko‘rinmayoptimi, — aka ayvon sari qaragancha so‘zini davom ettirdi, — meni Vahob oshnamnikiga oborib qo‘ysang.
— Yaxshi o‘ylabsiz, aka, — ukasi quvonchini yashirolmadi. — To‘yingizni bir tomonini ko‘tarib yuborishi hech gap emas. Menda bo‘lganida sizdan ayarmidim?
— Sendan mashina so‘radim, xolos.
— Mirzayor jo‘ramga aytaman, sizni oborib qo‘yadi.
— O’zing-chi? Birga mehmon bo‘lardik.
— Xafa bo‘lmang, aka, ishim juda ko‘p. Hozir borib, Mirzayorga aytaman. 
Akasi og‘ringanday bo‘lganini sezib, uka:
— Mashinani telejkali traktorga almashtirganimga ancha bo‘ldi-ku, aka, — dedi. — Eshitmagan ekansiz-da.
— Esiz...
— Achinmiyman. Traktor ikki-uch hissa ko‘proq yordam beradi menga. Unda yer haydayman, yem-xashak, o‘t-beda tashiyman, bozorga qatnayman. Shunda mollarning nurisini ortib, sotaman.
— A? — Hayit aka ukasiga ag‘rayib qaradi. — Molni bo‘...ini sotasanmi?
— Ajablanmang, aka, bu zamonda evini qilsangiz — hamma narsa pul. Hatto yaxshi maslahat ham pulga sotiladi...
Hayit aka tuni bilan o‘ylab, uxlolmay chiqdi. Antiqa zamon, unga qarab o‘zgarayotgan odamlar, moslasholmay dovdirab yurgan kimsalar haqida bosh qotirdi. Mirzayor haqida ham o‘yladi. Negadir uning kelishiga ishonmadi. Mashina moyi palon pul, ishdan qolish... Yo‘q, har qalay, Mirzayor ko‘p kuttirmadi: kun ko‘tarilmasdan darvoza oldida uning eski «aravasi» «bi-bip»ladi. Sal o‘tmay, Mirzayorning ochiq chehrali, g‘o‘la qiyofasi Akaxon ro‘parasida paydo bo‘ldi:
— Tayyormisiz, aka? — so‘rashuvdan so‘ng surishtirdi u.
— Tayyormanu ammo sizni ovora qilayotganimdan xijolat chekib turibman.
— Xijolat chekmang, aka, qanday bo‘lib, ishingiz tushibdi, xudoga shukur, imkon bor ekan, taysallasak, uyat bo‘ladi.
— Rahmat, g‘ildiragingiz doimo aylanib tursin. 
Mirzayor jilmayib qo‘ydi.
— Haliyam duradgorlik qilyapsizmi? — Ancha yo‘l bosganlaridan so‘ng haydovchidan so‘radi Hayit aka.
— Ba’zan-ba’zan, buyurtma chiqib qolganlarda boraman.
— Ishqilib, tirikchilik yukini tortadimi?
Mirzayor bir nafas sukut saqladi. So‘ng tortingannamo ohangda:
— Sizdan yashiradigan sir yo‘q, aka, — deya Hayit akaga qarab oldi. — Asosiy yukimizni mana shu qirchang‘i tortib turibdi. Xudoga shukur, nolimayman, bizani shu boqayopti.
Bunaqa gaplar Hayit aka uchun yangilik emas. Rosti, hozir hamma yoqda kirakashlar tiqilib yotibdi: istalgan vaqtda istalgan tarafga ulov topiladi. Juda qimmat ham so‘rashmaydi — raqobat hukmron. Mirzayor ham shundaylardan biri-da.
— Harakatda barakat bor deganlar, — Hayit aka Mirzayorni rag‘batlantirdi.
— Buning uyatli joyi yo‘q. Endi, ukajon, agar oshnamni topsam, meni qoldirib qaytasiz. Agar olisroqqa ketgan bo‘lsa, birga qaytamiz.
— U kishi behudaga bir qadam ham siljimaydilar. Hamma ishni o‘tirgan yerlarida, tilponda boshqaradilar.
— To‘g‘ri, oshnam vaqtning qadriga yetadi. To‘g‘ri qiladi.
Hayit aka ikki oshiyonli, hashamatli, g‘ishtin bino o‘rtasida o‘rnatilgan naqshli darvoza yonida mashinadan tushdi. Shu zahoti ichkaridan qop-qora bir yigit qo‘l qovushtirib chiqdi.
— Xo‘jayin bormilar? — Mirzayor undan so‘radi.
— Hokimiyatga ketuvdila. Yarim soatda qaytsalar kerak, — yigit gapirgan ko‘yi mehmon bilan ko‘rishdi. — Ichkari kiring, tog‘a. Men sizni tanidim.
— Shunaqami? Rahmat! — Hayit aka yigitning yelkasiga ko‘l urib qo‘ydi-da, ortiga qaytib, mashina tumshug‘ida o‘ralashgan Mirzayorning ko‘ylak cho‘ntagiga ikkita ikki yuz so‘mlik yap-yangi pulni tiqib qo‘ydi. — Rahmat sizga!
Mirzayor cho‘g‘day qizargancha Hayit akaning bilagidan shoshqin tutdi-da, haligi pulni yo‘lovchisining kostyumi kissasiga qayta solarkan:
— Hali odamgarchilikni yo‘qotganimiz yo‘q, aka, — dedi. — Odamni uyaltirmang.
— Ro‘zg‘ordor odamsiz. Men chin ko‘nglimdan chiqardim buni.
— Xayolizgayam keltirmang, — Mirzayor ortiga tez burilib, mashinaga o‘tirdi. — Qachon kelay, aka?
Hayit aka nechundir kalovlanib, qora yigitga birrov nazar soldi. Buni o‘zicha tushungan yigit:
— Mehmon endi ustoz ixtiyorlarida, — deya kulimsiradi.
Hayit aka oshnasining yangi hovlisiga avval kelmagan edi. Xizmatkorning qistoviga qaramay, uyga kirmay u bilan birgalikda hovlini, ajib va shinam bog‘ni ko‘zdan kechirdi. Tadbirkor oshnasining dadilligiga, didiyu farosatiga qoyil qoldi. Darvozadan kiraverishdagi xilma-xil gullar kamalagi tashrif buyurguvchida gullar peshvoz chiqayotganday taassurot uyg‘otadi.
Tashqarida mashina tovushi hamda Vahob Tadbirning kimgadir topshiriq bergan ovozi eshitildi. Ko‘p o‘tmay, yengi kalta, yap-yangi, zarg‘aldoq shoyi ko‘ylak, boshiga somon shlyapa kiygan, oltmish yoshlar ko‘rinishidagi cho‘zinchoq yuzli, bug‘doy rang Vahob Tadbirning tanish siymosi ko‘rindiyu Hayit aka beixtiyor oldinga intildi.
— E, keling, keling, Hayitvoy aka, — Tadbirkor qadamini tezlatib, mehmonga peshvoz yurdi. Garchi, mehmon yoshroq esa-da, o‘zi hurmatlaydigan kimsalarni bu odam «aka» sifati bilan chaqirishga odatlangan. — Ko‘rinmay ketdingiz?
Ikkala oshna quchoqlashib ko‘rishdilar. Darhol mehmon kutiladigan uzunchoq, ayni paytda kenggina, baland, naqshinkor xonaga kirdilar. Stol usti allaqachon turfa mevalarga, ma’dan suvlaru shirinliklrga to‘latib tashlangan edi. Ha demay, idishlarda suzma, salatlar, ko‘katu suyuq ovqatlar birin-ketin kela boshladi.
— Xo‘sh, Hayitvoy aka, yuzta-yuzta qilamizmi?
— O’zingiz-chi? — Kulib so‘radi mehmon. Chunki u oshnasining ichkilikka hushi yo‘kligini yaxshi bilardi.
— Mehmon bo‘lib kelibsiz, ichmasak bo‘lmas, — ko‘zini qisib dedi mezbon. Vahob Tadbirning ichish usuli mehmonga sir emas: alyorlar aytiladi, qadahlar to‘qnashadi, mehmonga avval ichkaziladi, so‘ng bu odam kadahni labiga tekkizib, biror idish panasiga qo‘yadi.
— Biz ham ichishni tashlaganmiz, aka, — dedi dangal Hayit aka.
— Yo‘g‘-e, hazillashmang, — mezbon «Toshkent oqshomi» degan ajib suratli shishani ochishga urindi. — Bitta olasiz endi.
— Yo‘-yo‘q, rosti, Vahobjon aka, — mehmon shishaga tarmashdi. — Ancha bo‘ldi, ichmayapman. Bas-da endi shuncha gunohlarga botganimiz. Gaplashib o‘tiraylik.
Fikr ma’qul tushdi. Suhbat qizidi. Uy egasi ulardan xabar olib turgan xizmatkor orqali har xil ko‘rsatmalar berdi, o‘zi bilan olib yuradigan jajji, hozirjavob apparatdan kimlargadir javoblar qaytardi.
Nihoyat mehmonni ilhaq etgan muddaoga o‘tish mavridi ham yetdi:
— Kenja qizimizni uzatayopmiz, aka. Sizni to‘yga aytgani keldim.
— To‘y qachon?
— Avgustning oxirgi shanbasida. Nahorga osh berishni mo‘ljallayapman.
— Yaxshi, muborak bo‘lsin! Hali vaqt ko‘p ekan, nasib qilsa, borarmiz.
— Siz bormasangiz bo‘lmaydi, aka.
— Xudo xohlasa, boramiz.
— Shu, deng, aka, — mehmon tortingancha mulozamatni uzoqdan boshladi, — avvalgi ikki qizimizga bor orzu-havasni qilgan ekanmiz, bor-yo‘q bisotni ishlatibmiz.
Vahob Tadbir sezgir odam, gap paynovini ilg‘ab:
— U davrlar o‘tdi, — dedi kulgancha. — Har kim o‘z ko‘machini o‘zi ichadi. Otang bozor, onang bozor deydilar.
— To‘g‘riyu... shu keliniz... — mehmon chaynaldi.
— Bilaman, Toshkanda qiz chiqarish qursin. Eshitganman: toshkanlik uch qiz chiqarsa, so‘roqsiz jannatga kirarmish.
— Kamina ham toshkanlik bo‘lmasak-da, jannatga nomzodmiz, — siniq kuldi u.
Vahob Tadbir tishining oqini ko‘rsatdi va:
— Eslatmabsiz-da, shu yoqdan tuzukroq quda topardik, — dedi hazillashib.
— O’shanda ham qarab o‘tirarmidik. O’rgangan ko‘ngil deymizmi, tarki odat amri mahol deymizmi...
— Xo‘sh, nima qilmoqchisiz?
— Sizga yukinib keldim, aka.
— Xaa... — Tadbirkor o‘ylanib qoldi. — Ko‘ki bilan hisoblaganda sizga biror ming kerak-da.
Hayit aka pul hamyonga naqd kirgan kabi quvonib ketdi.
— Topdingiz, aka, yashang! — deb yubordi beixtiyor u. — Bir yilda qarzni uzaman.
— Hayitvoy aka, gap bunday, — mezbon gapni cho‘zgisi kelmadi. — To‘g‘ri, bunday qaraganda — boyman. Rosti ham shunday. Katta bog‘im, chorvog‘im bor, chorvam bor. Paxtam ham bor. Har yili ipak qurti boqaman.
— Bundan-da ziyoda bo‘ling, aka.
— Lekin qarz berolmiyman-da.
— Nega? — Anqaydi mehmon. Go‘yo u chanqoq ediyu kosadagi muzday obihayotga qo‘l cho‘zganida barmoqlari titrab, qaltirab, kosa ag‘anadi, suv to‘kildi. — Ishonmaysizmi? Hissasini chiqarib...
— Unday demang, men foiz oladigan sudxo‘r emasman. Ammo biror kimsaga ham qarz bermaslikka qasam ichganman.
— Qasam? — Bu so‘z la’nat yopishgan kosani endi chil-chil sindirdiyu ichidagi so‘ngga tomchilar ham sochilib ketdi.
— Xafa bo‘lmaysiz, aka, shunday qasam ichishga hayot majbur qildi.
— Haa...
— Birovga qarz berasizki, hojatini chiqarsin, ishini bitirsin, o‘zini o‘nglasin, deysiz. Lekin yaxshilik ba’zan yomonlikka aylanib ketadi.
— Har xil odamlar bor, — ming‘irladi mehmon.
— Ikki yaqin odamim pand berdi menga. Taniysiz. Kimligini aytmiyman.
— Qarz so‘rashuvdimi?
— Bittasi uch ming, ikkinchisi besh ming ko‘kidan oluvdi. Ikkoviyam bir oyda qaytarishga so‘z beruvdi. Mana, ikki yildan oshdiki, meni ko‘rsa, o‘zini panaga uradi, men bor yerdan qochishadi. Xuddi men Azroil ular uchun.
— Qiziq, — deya Hayit aka o‘sha odamlarning ahvolini ko‘z oldiga keltirdi. — Xatoga yo‘l qo‘yib, puldan ajralishgandiru endi xijolat chekishayotgandir balki.
Vahob Tadbirga bu mulohaza yokmadi chog‘i, peshonasi tirishdi. So‘ng:
— Hech bo‘lmaganda oldimdan o‘tishi, salom-alikni yo‘kotmasligi mumkinmidi? Xullas, ham ikki yaqin odamimdan, ham boyligimdan ayrildim, — dedi. — Endi to‘y masalasi... — u bosh qashidi, — to‘yga boraman. Ammo qarz bermiyman. Ortiqcha pulim ham yo‘q. Qirq-ellik odam ishlataman. Ularning tirikchiligi — zimmamda. Boshqa xo‘jaliklarda odamlar yillab ish haqi ololmayotgan holda men xizmatchilarim bilan oyma-oy hisob-kitob qilib boraman.
— Sizni bilaman-ku, bu borada tengiz yo‘q...
— To‘yga meva-cheva, ellik-oltmish ming so‘m to‘yana bilan borarman.
— Shunisigayam rahmat, aka... Boshqa birovdan qarz ko‘tararman. 
Vahob Tadbir oshnasiga g‘alati qaradi: «Kulog‘ingg‘a tambur chertdimmi, oshna? Mendanki bir nima chiqmagach, senga kim shuncha mikdorda qarz beradi?» O’tirishning ham, suhbatning ham qo‘ri o‘chdi. Hayit aka endi bu yerda ortiqcha qolishni ep bilmadi, ketishga izn so‘radi. Tadbirkorning ishi oshib-toshib yotardi, e’tiroz bildirmadi:
— Bilaman, sizga hozir qiyin: ish ko‘p; chop-chop. Bu kecha qolsangiz bo‘lardi, ammo ahvolizni ko‘rib turibman. Ko‘pam ezilmang, to‘y o‘tadi-ketadi, sog‘liq kerak.
— Rahmat... — bo‘shashibgina xayrlashdi mehmon.
Ikki kun ichida Hayit aka yana ikki boyvachcha oshnasining oldidan o‘tdi. Biroq ulardan ham tayinli va’da olmagach, tushkunlikka tushib, g‘aribona kayfiyatda uyiga qaytdi. Uning aft-angoriyu holatini ko‘rib, xotini ham, qizi ham vaziyatni tushunishdi. Shu bois qarz-qurz xususida gap ochilmadi.
«Betimning qalini — jonimning huzuri», deb indamay bosh egib o‘tirishdan o‘zga chora qolmadi», deya u o‘ziga tasalli berdi poytaxtlik tanishlaridan ham natija chiqmagach. — Bir hisobda shunisiyam ma’quldir. Qarzdan qutilish dardiyam bor-ku axir. Mayli, Nozima ta’nalarga chidar... Eh...»
Ammo shu orada kutilmagan tarafdan oftob chiqib, sovuq tanaga go‘yo otash purkadi. Xudo ko‘ngliga soldimi, Hayit akaning qiynalib yurganini orqavorotdan eshitdimi, kuda bo‘lmish er-xotin favqulodda sim qoqishdiyu sal o‘tmay ularning o‘zlari ham tashrif buyurishdi.
— Avvalo, qudajon, — deya so‘z boshladi erkak quda bir oz o‘tirishganidan keyin, — men boshda aytdim: mebel-sebellar, u-bular kerak emas, dedim.
— Ha, aytdiz, — dedi Hayit aka shuursiz ovozda. — O’zi shunaqa zamon keldi.
— Lekin sezib yuribman: orzu-xavas harakatidasiz. El oldida...
— Ha, albatta, orzusiz odam bormi?
— Orzungizni bemalol amalga oshiravering, qudajon. Men qarz berib turaman.
— Qanday bo‘larkin? — Kizarinqiradi Hayit aka.
— Sizga qancha kerak o‘zi?
— E, so‘ramang, — Hayit aka raqamni aytishga botinolmay yerga qaradi. — O’zi to‘yga tayyorgarligimiz yo‘g‘idi-da.
— I-hm... — o‘ylandi quda. — Ikki ming bilan bitadimi ishingiz?
— Qaniydi! — deb yubordi uy egasi beixtiyor.
Quda tayyorlab kelgan ekan chog‘i, oppoqqina, yupqagina kostyumining ichki cho‘ntagidan yigirmata 100 raqami yozilgan suratli, ko‘kish qog‘ozni olib, Hayit akaning ro‘parasiga qo‘ydi:
— Ana, oling, tortinmay ishlatavering. Faqat sifati past narsa olako‘rmang. Yetishmasa, yana beraman. Qimmat bo‘lsayam asl narsa yaxshi-da, kudajon.
— E, odamni uyaltirdiz... — cho‘g‘day qizardi Hayit aka.
— Uyalmang, qudajon, qaddizni aslo bukmang. Endi biz qarindoshmiz. Qo‘ynidan to‘kilsa, qo‘njiga debdurlar. Xo‘p, bizga ruxsat, — quda qo‘zg‘aldi.
— Yo‘-o‘q, ovqat qilyapti qudangiz.
— Ovqat qilganlariga qo‘ymadim, — deya ichkari kirdi ayol quda. — Vaqtimiz ziq, qudajon.
Mehmonlarni pastgacha kuzatib qaytarkan, Hayit aka xotiniga:
— Xudo qizimizning baxtini berganga o‘xshaydi, — dedi.
— Aytganiz kelsin, otasi, — deya onaizor ham quvonchini yashirolmadi. Chindan-da, ota-onayu qizning ham orzusi ushaldi. Nozimaning yegani oldida, yemagani orqasida: bunaqa kiyinishlarni hatto opalari ham tushlarida ko‘rmaganlar; dorilfununga avvalgiday avtobuslarda emas, kuyov bolaning saqichday qop-qora «Mersedes»ida qatnaydi.
Vaqt daryosi esa shiddatli oqar, haftalaru oylarni qaritardi. Ha demay, Nozima homilador bo‘lib, hammani quvontirdi. Lekin hayot faqat quvonchlardan iborat emas. Nozimaning ota uyiga navbatdagi tashrifi chog‘ida Hayit aka buni yaqqol his etdi. U qizini parishonroq holda ko‘rib, hol so‘radi:
— Ha, qizim, nima bo‘ldi? Tobing yo‘qqa o‘xshaydimi?
— Yo‘g‘-e, tuzukman... — Nozima sekin xo‘rsindi.
— Yoqubjonni ishlari joyidami? — Xavotirlanib so‘radi onasi.
— Bilmasam, ishlari chatoqroq chog‘i. Chet elda yomon tushganlar. Ko‘p narsalardan ayrilibmiz...
— A-xa... — yuragi zirqiraganday bo‘ldi Hayit akaning. Ko‘z o‘ngidan sakkiz oy muqaddam ro‘parasiga qo‘yilgan ko‘k qog‘ozlar g‘irillab o‘tdi. Ajabo, esidan chiqqanmidi? Sirayam-da. Lekin uni qaytarish yo‘llarini o‘ylab ko‘rmagan ekan. Xuddiki, yo‘llar berkday ko‘ringan. — Qarzni so‘rashmadimi ishqilib?
— Yo‘q, — qiz otasini ayashga urindi: o‘tgan gap-so‘zni silliqroq tushuntirdi go‘yo. — Faqat qaynanam: «Qudamlarni ishlari yurishayoptimi?», deb so‘radilar.
— Ha, ana, harakatlaringni qilinglar, debdilar-da, — dedi Nilufar xola achchig‘lanib. — Uyalmay-netmay... Axir hammasi o‘zlariga sarflandi-ku!
— Unday dema, — eri uning so‘zini kesdi. — Biz qarz olganmiz, qarz!
— Ja zor qolishmagandir, shoshiltirmasalar ham bo‘lardi.
— Shoshiltirishgani yo‘q, oyi, — dedi Nozima oqarinqirab.
— Eslatganlari yaxshi bo‘libdi, — deya Hayit aka o‘rnidan turdi. Pastga tushib, atrofni kezdi. Oyoqlari arang ko‘tarilib, og‘ir tushar, navbatdagi ko‘tarilishda yer go‘yoki o‘ziga qarab tortar — egasining yelkasidagi zilday yuk uni qapishtirmoqchiga o‘xshardi. Shu bois Hayit aka ko‘p yurolmay, yuragi siqilib, tez qaytdi. Qizi otasi bilan xayrlashmay ketgani uchun uzr so‘rabdi.
— Qarzdan tezroq qutulish kerak, xotin, — dedi Hayit aka xontaxta ro‘parasiga og‘ir cho‘kib. — Qarzdorlik yomon: odamni tili qisiq, boshni egik kiladi.
— Ozmuncha bo‘lmasa bu sabil... Nima qilamiz?
— O’yladim: juma kuni maosh bilan birga nafaqani olaman.
— O’ylab gapirobsizmi, otasi? Ikkalasi yigirma dollirgayam yetmaydi-ku?
— Qirqqa yaqin boradi. Uch oylik maosh ham bor. Har qalay...
— Xo‘p?.. — Siniq, ajabtavur kuldi xotin.
— Umrimda qilmagan ishni qilishga majburman.
Ayol ko‘zlarini javdiratib, eriga qaradi: «Nima qilasiz?»
— Bor pulga xom pista keltiraman, qovurib berasan. Yana qurut-purut, saqich deganday. Yaqinimizda maktab, bog‘cha bor. Bolalar bularga o‘ch.
— Voy o‘lmasam, hazillashobsizmi?
— Hazil ko‘ngilga sig‘adimi, xotin? Ishdan qaytgunimcha o‘zing eplab turasan... Saryog‘, shakar yeyishni hozircha to‘xtataylik. Qarzdormiz-a... Uyat -o‘limdan yomon...
Oradan bir haftacha vaqt o‘tib, pista sotuvchilar safiga yangi raqib qo‘shildi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.