OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Sharif. Ertakning yarmi (hikoya)

Tun yarim, dil yarim...
Yarimlab qolgan tamakini chuqur tortasan, pag‘a-pag‘a ko‘kimtir tutun burqsib chiqadi. Parishon dud og‘ushida qarshingdagi Qiz g‘oyib bo‘lgandek, ruhing yengil tortgandek bo‘ladi.
Tutun tarqalgach, Qizning ko‘z uzmay turganini ko‘rasan.
Xona achchiq tutunga to‘lib ketadi. Qizning ko‘zlari achishib, namlanadi, biroq bu azoblar hech narsa emas degandek, intizor boqadi. Qiz ostonada hukming‘ni kutib turgan cho‘ridek, sening bir og‘iz so‘zingga mahtal. Sen ustivorligingdan, hukmfarmoligingdan huzur qilib, miyig‘ingda kulasan. Kulasanu yuragingni ko‘rinmas bir qo‘l shafqatsiz g‘ijimlaydi. «Oh, Uning eshigida bir umr qul bo‘lib o‘tishga ham rozi bo‘lardim»-— ichingdan alamli nido chiqadi.
— Nega kulyapsiz?— so‘raydi Qiz.
— O’zim shunday,— deysan sen.
— Mening ustimdan kulyapsizmi?—deydi u gunohkor ovozda.
— Yo‘q, o‘zimning ustimdan kulyapman.
Sening rost gapingga Qiz o‘zini ishongandek qilib ko‘rsatadi, ishonolmaganyni yashiradi.
Tun yarimlab qolgan, baxt ham...
Tashqaridan shamolning uvillashi eshitiladi. Bu sas derazaning tirqishidan emas, sening bo‘m-bo‘sh, huvillagan qalbingdan kelayotgandek, qayon qochishni bilmay qolasan. — Tizzangizga bosh qo‘ysam maylimi?—so‘raysan Qizdan. Sen uchun jonidan ham kechishga tayyor turgan qizdan shuni ham so‘rab o‘tirish haqoratdek tuyuladi uning uchun. Qizning tizzasiga bosh qo‘yib, ko‘zlaringni yumasan. Qiz nozik va haroratsiz tuyulgan barmoqlari bilan sochingni silaganida, bu dunyoda baxtsizlik ne ekanini anglab yetasan. Qiz halovatingni buzib qo‘yishdan cho‘chib, ohista so‘raydi:
— Aytmaysizmi?
— Nimani?
— Bir gap aytaman, degandingiz.
— Kelganingizdan buyon necha gaplar aytdim, shulardan bittasidir-da.
— Yo‘q... Ayting.
— Nimani aytay?
— Nega boshqa qizlarning emas, mening tizzamga bosh qo‘yyapsiz, shuki ayting. Xohlasangiz...
— Chunki...— «Sen o‘zing kelding» deya olmaysan, gapingning qolganini yutib yuborasan. Qizning entikib, mayin titrab ketganini his qilasan.— Bilmadim, ehtimol shuni xohlagandirman.
— Nega xohladingiz, shuni ayting,— dadillashadi Qiz.
— Bilmadim...
Qiz mushtoqlik bilan sendan so‘z kutadi. Yo‘q, o‘zingni alday olmaysan, Qizni ham, Bu so‘z dunyoda yagona bir qizga atalgan edi, afsus... Tun yarim, armon ham...
— Ertak aytib beraymi?— so‘raysan Qizdan. Qiz nedandir umidvor bo‘lib sergaklanadi. Yana bitta tamaki tutatasan.
— Bor ekanu yo‘q ekan, och ekanu to‘q ekan, bir yigit bo‘lgan ekan. Olganu oldirmagan, yengganu yengilmagan, o‘zganu to‘zimagan, xullas, yigit bo‘lib hali sazasi o‘lmagan ekan. Bilagida kuchi, yuragida o‘ti jo‘sh urgan yigit banogoh Quyoshga oshiqu beqaror bo‘libdi. Yo‘talsam osmon guldiraydi, qoqilsam yer qaldiraydi, nahot shu Quyoshga yetisha olmasam, debdi yigit. Yigit Quyoshni mo‘ljallab sopqon otibdi. Otibdi-yu, o‘qi Quyoshga emas, Oyga tushibdi. Endi yigit qo‘lida Oy, g‘ussaga botganicha Quyoshga qarab bo‘zlar emish.
Alqissa, quyoshga qarab sopqon otsang, oyga tusharmish. Sen uzoq sukut saqlaysan.
— Shu xolosmi?— ajablanib so‘raydi Qiz.
— Shu xolos,— xo‘rsinasan sen.
— Keyin-chi, yigit nima qilibdi?
«Darhaqiqat, yigit endi nima qiladi?», o‘ylaysan ertakni qanday davom ettirishni bilmay. Va nihoyat...
— Qolganini keyin aytaman,— deysan og‘rinib, Yarimlab qolgan tamakini kuldonda uzoq ezg‘ilaysan. Tun zada, ko‘ngil zada...

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.