OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Sharif. Jazo (hikoya)

    - Qo‘rboshi, Qo‘rboshi!
    - Labbay Mergan!
    - Jinoyatchini tutib keldik, qanday jazo beramiz?
    - Nima gunoh qilgan ekan?
    - Jang maydonini tashlab qochgan.
    - Obbo xunasa! Bizga obdon va xo‘p xoinlik qilibdi-ku. Qadimda boshqalarga o‘rnak bo‘lsin deb bundaylar qoziqqa o‘tqazilgan. Ammo-lekin-biroq, biz bu qadar vahshiy emasmizku-a!?
    Qo‘rda "gurr" kulgu ko‘tarildi.
    - Toshbo‘ron qilsakmikin? - dedi Muqbil toshotar kaftini to‘ldirib turgan ko‘kish yapasqi toshni irg‘itib o‘ynab.
    - Xiyonatkor xotinlar toshbo‘ron qilingan, - dedi Kenja botir og‘zining bir chetida qimtib turgan beshta gulbargli ajriq shoxasini aylantirib. - Bunga tuzukroq jazo topish kerak, yigirmata-o‘ttizta zo‘qata ham kamlik qiladi-yov...
    Qo‘rboshi doimiy maslahatgo‘yi bo‘lmish Donishga yuzlandi. Donish qari tutning tagida o‘tirgancha sira qo‘lidan qo‘ymaydigan bir quloch do‘lana tayog‘ining hali tugallanmagan o‘yma naqshini sinchiklab ko‘zdan kechirardi. Saratonning avj pallasi, ertalabdanoq havo dim, huv tepalikdagi teraklar ortidan bosh ko‘tarib chiqqan quyosh tig‘lari avvalgilardek badanga yoqmaydi, yantoq tirnagandek terini qichishtiradi. Har tong kunbotishdagi qo‘ng‘ir tog‘lar ortidan yakkash chiqib keladigan, tushdan so‘ng osmonning qoq o‘rtasida to‘planib, issiqdan tuproqlari ko‘pchib yotgan qiru adirlarga bir dam huzurbaxsh soya solib o‘tadigan bo‘ltak-bo‘ltak bulutlardan bugun darak yo‘q. Atrof asta-sekin qizib bormoqda, quyosh tikkaga kelganda yerning qizdirilgan tandirdan farqi qolmasa kerak. Donish havoning avzoyiga qarab bir nimalarni o‘zicha mulohaza qilib ko‘rgandek bo‘ldi.
    - Xoinni quyoshda kuydirish kerak, - dedi u, keyin Qo‘rboshining qulog‘iga nimalarnidir pichirladi. Uning gapi Qo‘rboshiga ma’qul tushdi:
    - Xoin quyoshda jizg‘anak bo‘lsin. Mol-holiga qo‘shib kuydirilsin!
    Jazoning ijrosini ko‘z oldiga keltira olmagan Kimyogar betoqat bo‘ldi:
    - Chillashirni yechintirib, oyoq-qo‘lini bog‘lab tashlab, keyin oftobda kuydiramizmi? - dedi u yuz-ko‘zi oldida g‘ujg‘on o‘ynayotgan pashshalarni haydab.
    - Yo‘q, shu holicha anovi yaydoq yerda, quyosh tagida o‘tiradi. Agar qochib ketsa, ketaversin. Qaytib safimizga olmaymiz. Yakkamoxovga aylanadi, dushmanlarga yem bo‘ladi. Bo‘linganni bo‘ri yer! Agar oramizda qolishni istasa, kunbotishgacha o‘sha yerda qilt etmay o‘tiradi, joyidan jilsa, bir qultum suv ichsa yoki bir burda non yesa, tamom, haydaladi.
    Chuvak, eti suyaklariga yopishib ketgan, bilaklari ketmoncha sopidek ingichka Chillashir yerda cho‘k tushib o‘tirar, atrofida qo‘qqayib turganlarga bosh ko‘tarib qarashga botina olmasdi. U uzun bo‘ynini osiltirib, bukchayib olganidan beliga bog‘langan ko‘k farang qiyiq ichidagi barkashdek tandir non, uning ustiga teskari qo‘yilgan piyola do‘mpayib turar, shu turishida u xuddi beliga toshbaqa kosasini ilib olganga o‘xshardi. Bugun saharda tandirdan uzilgan non hidi atrofdagilarning dimog‘ini qitiqlardi. Bularni sal naridan kuzatib turgan sakkiz yoki to‘qqiz yoshlar atrofidagi bolakay ikki kun avval xuddi shunaqa, xamiri sutga qorilgan, hali iliqligicha turgan nonni buloq suvida ivitib yeganini esladi.
    Kimyogar iljaygancha Chillashirni tirsagidan tortib o‘rnidan turg‘azdi, belidagi tugunni yechib olib, tutning shoxiga ildi, o‘zini qo‘rboshi ko‘rsatgan qiyalikdagi toshloq, o‘t-o‘lanlari qovjiragan, faqat yakkam-dukkam yantoqlar ko‘karib turgan joyga o‘tirg‘izdi. Chillashir bir so‘z demasdan hukmga itoat qildi, shu o‘tirgancha boshini ko‘tarmadi, faqat quyoshga teskari o‘girilib oldi, xolos. Kimyogar soyliqdagi ko‘m-ko‘k ajriqni tili bilan burab-burab yamlayotgan targ‘il sigirni yetaklab kelib uning yaqiniga qoziqladi, keyin jonivorning qulog‘iga burov solib qo‘ydi. Odatda burov faqat yetovda solinardi. Sigir norozi mo‘rab maysazor soyliq tomon intildi, biroq arqon tarang tortilib qulog‘idagi burov qattiq qisganidan noiloj ortga tisarilib, tuproq va xas-xashakni to‘zg‘itgancha taqir yerni iskay boshladi. Chillashirning sigiri boshqalarnikiga o‘xshab chimxo‘r emas, ajriq, g‘umay, sho‘ra, bir chetdan yamlab yutaveradi, shunga yarasha bir chelak sut beradi. Qosh qorayganda qo‘r jonivorlarni oldiga solib qishloqqa qaytadi, ana o‘shanda qaysi sigirning qorni qappayganiyu yelini qancha sutga to‘lgani haqida bosh qotiriladi. Chillashirning sigiri yelini sutga to‘lganidan sonlarini kerib zo‘rg‘a yuradi, qorni xom beda yeb qo‘ygan jonivordek shishib turadi. Bunga ko‘pchilikning g‘ashi keladi, chunki uyga qaytilganda sigirning qorni dami chiqqan koptopdek puchayib tursa achchiq-tiziq gap eshitiladi. Bunday kezlarda Kimyogarning shumligi qo‘zib Chillashir yoki uning sigiriga ozor berish uchun bir amallab hiyla o‘ylab topardi.
    Endi Chillashir jazoga yo‘liqdi, o‘ziga qo‘shilib targ‘ili ham qantarildi. Qo‘rboshi mahkumning mol-mulki-da musodara etilishini e’lon qildi va uning tuguni o‘rtaga qo‘yildi. Tugun ochilganda atrofga lazzatli hid taraldi. Issiq non ustiga to‘nkarilgan piyoladagi kuydirilgan sariyog‘ erib non xuddi o‘rama patirdek yumshab qolgandi, qo‘rdagilarga bir bo‘ltamdan ulashildi, bolakayga ham berildi. Lekin u sariyog‘li bo‘ltamni keyinroq yeyish uchun qiyig‘idagi suvi qochgan non ustiga avaylab solib qo‘ydi.     
     Muqbil toshotar choy damlash uchun qari tut tanasidagi yoriqdan qorayib, pachoqlanib ketgan temir choynakni oldi, buloq suviga to‘ldirib kelib toshlardan yasalgan o‘choq ustiga avaylab qo‘ndirdi, qurigan shoxlarni tizzasiga urib sindirib o‘t qaladi. So‘ng salqinda, ajriqqa yonboshlab olgancha kechagi olishuv tafsilotlarini baqir-chaqir muhokama qilayotgan safdoshlariga qo‘shildi. Bolakay sal naridagi tut tagida o‘tirgancha bularning muhokamasidan kecha o‘zi ham qatnashgan ur-surning qanday kechganini endi to‘laroq tasavvur eta boshladi.
    Kecha har zamon bir yuz beradigan janglarning eng ashaddiysi bo‘lgandi. Soyning kunbotish tomonidan keladigan raqiblar soni har doimgidan ham ko‘payib, suvni bemalol kechib o‘tishdi, ulkan baqateraklarni pana qilib bularga ancha yaqin kelib qolishdi. Ayrimlari yon tomondagi pana-pastqam so‘qmoqlardan ko‘tarilib chiqqandan so‘ng bular anchagina ortga chekinishga majbur bo‘lishdi. Lekin "Istehkom" deya nomlangan eng baland tepalikni qo‘ldan berishgani yo‘q. Bolakayning endi bilishicha, ikki nafar g‘anim istehkomning chap tarafidagi yandama so‘qmoqdan chiqib kelishiga Chillashir yo‘l bergan. Merganning gaplariga ko‘ra, o‘sha ikkovlonni so‘qmoqning yarmidayoq ortga chekinishga majbur qilish mumkin edi, biroq Chillashir ularning qorasini ko‘riboq ura solib qochgan. So‘qmoq ancha tikka, tor va sirpanchiq, undan deyarli emaklab chiqish mumkin, shunda ham bir-ikki qarich ildizi ochilib qolgan yantoq yoki qizil zirkning sertikan shoxlariga osilib olinmasa, ortga sirpanib ketilishi tayin. Merganning gapida jon bor, dushmanni chekintirish uchun otning kallasidek kesakni so‘qmoqdan yumalatib yuborish kifoya edi. Lekin buning uchun "otning kallasidek yurak kerak-ku", derdi qo‘rdagilar har zamon Chillashir tomon imo qilib.
    "Dushmanlar" soyning kunbotishdagi qirg‘og‘ida mol-qo‘y boqadigan o‘spirinlar. Ular anchayin jangari, yuziqora va murosasiz. Soyning bular, ya’ni kunchiqar tomoni o‘rkach-o‘rkach tepaliklar, baland va tikka jarlardan iborat. Soyga shu tepaliklardan solingan nishab, qayrilma so‘qmoq yo‘llar orqali tushib boriladi. Odatda janjal bu deparada yagona bo‘lgan gumdagi cho‘milish chog‘i boshlanadi. Gum deyilgani soyning ilondek buralib kelib kunchiqardagi baland qirg‘oqqa urilib tisarilgan joyi. Bu yerda oqim shiddati pasayib, suvga kalla tashlab cho‘milsa bo‘ladigan chuqur joy hosil bo‘lgan. Ba’zan katta qurilishlar uchun soydan shag‘al olinganda yangi gumlar hosil bo‘lar va shunda to‘qnashuvlar kamroq yuz berardi. Lekin ko‘klamdagi selu toshqinlardan keyin sun’iy gumlar yo‘qolib soyning har ikki qirg‘og‘ida mol boquvchi o‘spirinlar yana bir joyda cho‘milishga majbur bo‘ladi. Ba’zan shu atrofdagi ekin-tikinidan xabar olgani kelgan kattalar janjalga aralashib, tomonlarni murosaga keltirib qo‘yadi, lekin bu uzoqqa cho‘zilmaydi. Kunbotishda mol boqadigan bolalarga cho‘milish payti hamqishloqlari kelib qo‘shiladi, ularning soni ko‘payib ketgandan so‘ng janjal chiqishi tayin gap. Ba’zan mojaro dahanaki janglar, har ikki qo‘rdan chiqqan da’vogarlarning yakkama-yakka mushtlashuvidan keyin yakun topadi. Bolakay bir kuni akasidan "nega ular doim ko‘p, biz esa kammiz" deb so‘ragani, akasi esa ajablanib, "shuniyam bilmaysanmi, dushman doim ko‘p bo‘ladi-da" deganini esladi.
    Biroq bolakay kechagidek beayov jangni hali ko‘rmagandi. U istehkom, ya’ni eng baland tepalikka o‘rnashib olgan Muqbil toshotarga "o‘q-dori" - toshmi, kesakmi qo‘liga ilingan narsani yetkazib turdi. Muqbil toshotar esa "g‘animlar" tomon tinimsiz kesak g‘irillatar, ora-sira tosh ham otib qo‘yardi. Pastlikdagi daraxt shoxlariyu butalar orasida chang-to‘zon ko‘tarilsa kesak otilgan, tarsillagan ovoz chiqsa tosh otilgan bo‘lardi. Raqiblar allaqachon soyni kechib o‘tib, otadigan toshlari jar tepasiga yetadigan masofani egallash uchun daraxtlar ortiga yashiringancha tobora yaqinlamoqda edi. Ular jar tagidagi so‘qmoq yo‘lga chiqqanda Qo‘rboshi endi vaziyat qo‘ldan boy berilganini tushunib, jarning qirg‘og‘ini tepib o‘pira boshladi, boshqalar ham unga qo‘shildi. So‘qmoq changu to‘zon, baqir-chaqirga to‘lib ketdi, shu tariqa "dushman" ortga chekinishga majbur bo‘ldi. Chap tomondagi tikka va tor so‘qmoqdan chiqib kelganlar ham safdoshlari chekinganini ko‘rib ortga qaytishdi, ketlaridan chang chiqarib pastga sirpanib tushib ketishdi.
    Mana endi Qo‘rboshi kecha raqiblar ustiga paxsa-paxsa kesak o‘pirib tashlagan paytini eslab, og‘zini to‘ldirib maqtanmoqda. U baland bo‘yli, yelkador, oyoq-qo‘llari uzun, ovozi do‘ng‘illab, mo‘ylovi sabza ura boshlagan o‘spirin. Tengqurlari orasida mol boqishga ancha yoshligidan chiqqani, uyi ham soyga yaqinligi bois u o‘zini soyliqlarning egasidek tutar va shundan Qo‘rboshiga aylangandi. Paxta dalalari etagidan toshloq qirlar boshlanadi, ularning oralig‘ida yashil soyliqlar vujudga kelgan. G‘o‘zaga qo‘yilgan suvning perobi tufayli adirlar qaqrab yotgan paytda ham soyliqlarda o‘t-o‘lanlar gurkirab o‘sib yotadi. Odamlarning ekin-tikinidan ortgan laxtak-laxtak joylarda mol-qo‘y boqiladi. G‘o‘zadan chiqqan loyqa suv yo‘lma-yo‘lakay zilol buloq suvlariga qo‘shilib soyga quyiladi. Kimdir bu deparada o‘z holicha sigir boqmoqchi bo‘lsa Qo‘rboshi bilan to‘qnashishi aniq edi. Gap gapirish usuliyu kelbatida boshqalardan keskin ajralib turuvchi ayri vajohati bor esa-da, uning birov bilan rostmana yoqalashganini kimsa ko‘rmagan.
    Mushtlashuv va kurash tushishni miqti, lekin o‘lgudek chayir Kenja botirga chiqargan. Qoramag‘iz, qiyiq ko‘z, kallasi katta bu bola kurashdan qaytgan emas. Landovurroq akalarini himoya qilib yurgani uchun qishloqda Kenja botir laqabini olgan. Muqbil toshotar o‘z laqabiga monand, istehkomda turib otgan toshi soyning narigi betidagi o‘tloqqa borib tushadi, boshqalar esa soyga zo‘rg‘a yetkazadi. Mergan hamisha bo‘ynida cho‘zmasi, cho‘ntagida bir hovuch toshi bilan yuradi. Uning cho‘zmasidan otilgan "o‘qdan" qush zoti qutulib ketganini birov eslay olmagan. Bolakayning akasi esa kuchu hunarda kamtar, lekin oqilona maslahatlari ila Qo‘rboshini yo‘lga solib yurganidan Donish laqabini olgan. O‘rta bo‘y, oyoq-qo‘li chaqqon Kimyogar na kuchga, na aqlga tayanib ish ko‘radi, ichi shumlik va muttahamlikka g‘ij to‘la. Qo‘rdagilar, ayniqsa bolakay uni sira yoqtirmaydi, lekin u Qo‘rboshining qarindoshi bo‘lganidan chidab kelishadi. Bolakay har gal uni ko‘rganida negadir qorayaloq degan qushni eslaydi. Yoshlar orasida mis quvurdan "pang‘illoq" yasash urf bo‘lib, qo‘rg‘oshin taqchil bo‘lgan kezlarda "qurbaqa bir kun qozonda qaynatilsa qo‘rg‘oshinga aylanadi" deb hammani ishontira olgani bois u "Kimyogarga" aylangan. Qolgan yana ikki o‘spirin, O‘g‘ri va To‘g‘rining laqabidan boshqa esda qolarlik xislati yo‘q.
    Bolakay bu qo‘rga qo‘shilguncha qancha-qancha sinovlarga dosh berdi. Akasiga har tong yalinib-yolborish, dastlabki kunlarda kattalarning qo‘pol hazillari, huda-behuda boshiga urishlari, qulog‘ini burab tortishlariga chidash oson bo‘lmadi. Biroq mol boqishdagi sarguzashtlarga ishqibozligi tufayli hammasiga dosh berdi. Axir soyda baliq ovlash, jarda qush tutish, do‘lanayu na’matak, qizil zirk yoki yovvoyi olcha terib yeyish, tushlikka baliqni toshga yopib pishirish yoki chumchuq kabob qilish, bog‘u rog‘lardan shaftoli, olma, polizlardan xom-xatala tarvuz va qovunlar o‘marish gashtidan kim ham voz kechardi!? Cho‘milishdan titrab, lablari ko‘karib kelganda hali tafti ketmagan qo‘rdagi po‘sti kuygan iliq kartoshkaning ta’miga nima yetsin?! Ayniqsa, qishloqda, maktabda dong‘i ketgan bu qo‘rga a’zoligi bilan tengqurlari orasida faxrlanib yurish gashti-chi!?
    Qo‘rdagi boshqa o‘spirinlar ham ukalarini olib kelgan, lekin hech qaysi biri bolakaydek chidash bermagan. Kattalar soyga cho‘milishga tushganda jar tepasida o‘tirib narigi sohildagi "dushmanlarga" ko‘z-quloq bo‘lish, zo‘r kelganda ura qochish, oyog‘idan tuflisi tushib qolsa yoki yiqilgandan keyin badanidagi tikanaklarni terish, qantarilgan sigirlarga soatlab qorovul bo‘lib qolishning o‘zi bo‘ladimi. Ba’zi bolalar birinchi kuniyoq yig‘lab yuborar, ko‘rgan azobi kamlik qilgandek qo‘rdagilar oldida sharmanda qilgani uchun akasidan tarsaki ham yerdi.
    Hech narsadan tap tortmaydigan, abjir, uquvi va zehni baland bolakayga qo‘rdagilarning ham mehri tushgan. Uning yordamisiz bitmaydigan ish yo‘q, ayniqsa, qush ovi. Qush tutish uchun ko‘pchilik jar tepasida qolib, ikki kishi pastga tushadi, so‘ng yuqorida turganlarga tayyormiz degandek ishora qiladi. Tepadagilar dupur-dupur sakrab qushlarni hurkitadi, inida tuxum bosib yotgan qush borki "gurr" uchib chiqadi. Qaysi teshikdan qanday qush uchib chiqqanini eslab qolish lozim. Jarga o‘nlab qushlar in qurgan, chumchuq, jarqaldirg‘och, yovvoyi kaptar, qulquntoy, ko‘kqarg‘a, onda-sonda ko‘pchik va suv lochini ham uchrab turadi. Bolakay qaysi indan qanday qush uchib chiqqanini aniq eslab qoladi. Ko‘kda bezovta charx urgan qushlar oradan ko‘p o‘tmay iniga qaytadi. Pastda turgan ovchilar uzun ayri xoda uchiga oq qiyiqni sirtmoq qilib bog‘lab ohista inning og‘ziga olib boradi va tappa yopadi, shundan so‘ng tepada turganlar hayqiriq ila yana yer tepishni boshlaydi. Inidan uchib chiqqan qush qopqonga tushadi. Jar balandligi bois uzun xoda kerak bo‘ladi, uni ko‘tarib turishning o‘zi bir azob, shu bois pastga novcha va baquvvatlar tushadi. Bolakay esa ularga "chapga, o‘ngga, u emas, narigi, kattaroq teshik, balandroq, yanayam balandroq," deya buyruq berib turganidan zavqlanadi. Agar xoda kaltalik qilsa, shom payti tepadan kimdir arqonga osilib tushadi, bolakay pastda turib uni ham yo‘lga solishi kerak.
    Baliq ovlash eng gashtli damlar. Kattalar soyning suvini ko‘piklantirib turgan katta toshni o‘rab oladi va to‘rt tomondan birvarakayiga tosh ostiga qo‘l suqadi, so‘ng qo‘llariga ilinganini chapdastlik ila qirg‘oqqa irg‘itadi. Bolakay sohilda chopqillab, tipirchilab yotgan baliqlarni terib oladi. Ba’zan baliq o‘rniga baqa chiqib qoladi, bir gal suv iloni ham qirg‘oqqa otilgan. Kimyogar shumligi qo‘zigan paytda atayin bolakay tomonga baqalarni ushlab otadi. Goho qo‘ldan sirpanib chiqib ketgan baliq qirg‘oqqa yetib bormay suvga shaloplab tushadi, keyin kun bo‘yi bu baliqqa ta’rif beriladi. Jardagi qush ini, qirg‘oqdagi toshloq yoki o‘tloqda yo‘qolgan baliq, shom qorong‘usida birovning ekiniga kirib ketgan sigirni darrov topa olgani uchun bolakayga Lochinko‘z deb nom qo‘yilgan.
    Lekin Lochinko‘z bir gal qattiq qo‘rqib ketib qo‘rdan ajrab qolishiga bir bahya qolgandi. Kattalar soyning oqim kuchli joyida baliq ovlab bo‘lishgandan so‘ng Kimyogar bolakayning akasidan "ukang qachongacha qirg‘oqda yuradi, soyning o‘rtasiga ham bir borib ko‘rmaydimi", deb so‘rab qoldi. Akasi katta ketdi, "o‘rtasiga emas, narigi qirg‘oqqa ham borib kela oladi," dedi. Rosti, bolakay gumda cho‘milgan, xolos. Hayqirib, pishqirib turgan soyning o‘rtasiga sira bormagan. Lochinko‘z hadiksirab akasiga qaradi, lekin uning o‘qrayib turgan nigohiga duch keldi. Noiloj suvga qadam qo‘ydi, qirg‘oqdan uzoqlashganda oyog‘i ostidagi balchiq va qumloq sirpanchiq toshlar bilan almashdi, oqim kuchaydi. Bolakayning yuragi hapqira boshladi, lekin soyni kechishda davom etdi. Yurish qiyinlashdi, oqim tizzalarini bukib tashlamoqchidek zo‘r berib oyog‘iga urar, suv tubidagi sirpanchiq toshlar surilib, uni munkitib yuborardi. U qo‘llarini ikki yonga uzatgancha, oqimga yuzlanib, soy tubidagi yirik toshlarni avval surib ko‘rar, agar o‘rnidan jilmasa keyin ularga oyog‘ini tirab ikkinchi qadamini qo‘yardi. Suv beliga ura boshlaganda Lochinko‘z chinakamiga qo‘rqib ketdi, endi juda katta kuch uni yiqitishga, oyog‘ini osmondan keltirishga urinardi. Agar sirpanib ketsa bormi, oqim uni toshlarga olib borib uradi yoki suv yuzida somondek chirpirak qiladi. U oqimga ortiqcha dosh berolmasligini sezdi, qattiq qo‘rqib ketdi, ortga qaytmoqchi bo‘lib qirg‘oqqa o‘girildi. Akasi uning niyatini sezdi chog‘i, baqirdi:
    - Qaytma, yur oldinga! Yur!
    Bolakay akasiga mo‘ltirab tikilgancha turib qoldi, sovqotgan tanasi madorsizlanib borardi. Bolaning mijjalariga yosh quyilib keldi, nahotki o‘lib ketganim bilan akamning ishi bo‘lmasa, axir oqib ketaman, yo‘q bo‘lib ketaman bu dunyodan, deb o‘yladi. U ortga bir qadam qo‘yib akasiga iltijoli boqdi.     
    - Qaytsang qiz bola bo‘lasan. Qo‘rqoq! Qaytma, qo‘rqoq! - akasi yana-da qattiqroq baqira boshladi.
    Bola tosh qotdi. Akasi or-nomus va g‘azabdan qizarib-bo‘zarib ketgan, kimlardir xavotir ila yana kimlardir bamaylixotir boqar, Kimyogar esa iljayib turardi. Bolaning ich-ichidan bir nima to‘lg‘onib keldi, og‘zida achchiq ta’m tuydi, o‘zidagi kuch qaerdan paydo bo‘lganini sezmadi. U pishqirgan, toshdan toshga urilib oqayotgan asov suvni kechishda davom etdi, biroq ikki uch qadamdan keyin chap oyog‘ining tomiri tortib qoldi. Boldirida bir narsa tugundek tugilib toshdek qattiqlashganini sezib "ih" deb yubordi. Shu onda muvozanatini yo‘qotdiyu oqim uni o‘z og‘ushiga oldi, u ilkis tubsiz o‘raga qulagandek bo‘ldi. Og‘zi burnidan kirgan muzdek suv miyasiga achchiq og‘riqla chiqib borgandek edi. Bola yuragi shuvillab ketgani, shuurida "endi hammasi tamom" degan o‘y yilt etganiyu osmonning haddan ziyod ko‘m-ko‘kligini ilg‘ab qoldi. Bularning bari oniy lahzalarda yuz berganiyu mana shu vaqt ichida bola suvda bor-yo‘g‘i bir marta chir aylanib, keyin qandaydir mo‘‘jiza yuz beribmi, qizg‘ish xarsang toshning qirrasidan mahkam ushlab qolganini u bugun aniq-tiniq eslaydi. Keyin bolakay xarsang toshga osilib uzoq turdi, u endi gavdasini tiklab olgan, tomirlari qo‘yib yuborgan, lekin hayqiriq bilan oqayotgan soy o‘rtasida turgancha alamdan borliqni titratib baqirgisi kelar, biroq baqirmasdi, yuz-ko‘zlariga tars-tars urilayotgan shoshqin suv ko‘z yoshlarini tinimsiz yuvib turardi, xolos. U soyni kechib o‘tdi, alam bilan kechib o‘tdi, va yana nimalarni kechib o‘tganini u hali to‘la tushunib yetmasdi.
    Bu kechuvdan keyin Lochinko‘zning xotirida qo‘rqoqliq, or-nomus, g‘urur bilan bog‘liq bir umrlik his-tuyg‘ular muhrlanib qoldi. Mana endi u qo‘rning arzandasiga aylangan. Tutning tagida, ajriqqa yonboshlagancha kattalarning haqiqiy qo‘rqoqqa jazo berishni tomosha qilmoqda.
    Muqbil toshotar tutning kovagiga suqib qo‘yilgan jiyda shoxidan bir hovuch barg sidirib olib, vaqillab qaynab turgan choynakka soldi. Yana jiyda bargidan sarg‘ish loyqa choy ichishini o‘ylab Lochinko‘zning qorni bir quldirab oldi. Uydan keltirilgan choy qolib, bular nuqul goh tutning tomiri goh yantoqdan choy damlashadi. Kechki nonushtadan so‘ng qo‘rdagilar baliq tutib shundan nari cho‘milib ham kelishga otlandi. Lochinko‘z qorovul bo‘lib qoldi, unga Chillashirni kuzatib turishdek ulkan mas’uliyat yuklandi.
    - Aka, ularni oftob uradi-ku..? - u akasidan sekin so‘radi.
    - Nima bo‘pti!? Jazosini olsin, - dedi akasi unga xo‘mrayib. Bu gapni Kimyogar eshitib qolib mug‘ombirona tirjaydi:
    - Ha, nima bo‘lardi? Ikkovi ham bir hafta "tarillab" yuradi endi.
    Bolakay Kimyogarning yuziga qaramaslik uchun uning gapiga e’tibor bermay ortiga o‘girildi. Kattalar ketgandan so‘ng tugunni ochib, non ostiga yashirilgan, titilib, sarg‘ayib ketgan kitobni olib o‘qishga tutindi. Bu Daniel Defo degan yozuvchining "Robinzon Kruzo" nomli kitobi edi. Bu kitobni maktabda makulaturaga topshiriladigan qog‘ozlar orasidan topib olgan, o‘shandan beri qo‘lidan qo‘ymaydi. Kitob qadimiy, "bilan" so‘zi "blan" yozilgan. Yana shunga o‘xshash ayrim farqlari bor. Lochinko‘z uni qo‘rdan berkitib o‘qiydi, yo‘qsa ular ko‘rib qolib ustidan kuladi, "professor" yoki "oltin bosh" deb masxara qiladi. Akasi "bunaqa kitoblarni o‘qiyverma, miyang suyulib qoladi," deb so‘kadi. Shu sabab ular yo‘q paytda kitobni qo‘liga oladi. Ba’zan kitobdagi voqealardan zavqi kelib, irg‘ib turadi-da, soy tomon solingan ilon izi so‘qmoqdan chopadi, changalzorga monand quyuq daraxtzorga kirib boradi, ko‘kka bo‘y cho‘zgan zabardast baqateraklarning baxmal yaproqlari shovullashiga quloq tutadi, balchiq va botqoq kechadi, qiyoqzorni kesib o‘tib sertikan butalar ostidagi so‘qmoqdan engashib o‘tadi. Jar tubida g‘ujg‘on o‘sgan qizil zirk va na’mataklar ostidagi tulki inini sinchiklab ko‘zdan kechiradi, lekin yaqin borishga yuragi betlamaydi. Ba’zan uni daf’atan yovvoyi bir qo‘rquv bosadi va zing‘illagancha ortiga chopadi. Tikka va sirpanchiq tor so‘qmoqdan baland tepalik ustiga bu qadar tez chiqa olganidan hayratga tushadi. Yuragi gup-gup uradi. Keyin tepalikda turgancha sharqirab oqayotgan shoshqin soyga, buloq va soy suvi qo‘shilgan irmoqlardagi uzundan-uzun, suv parisining sochlaridek sollanib yotgan yashil baqato‘nlarga, qirg‘oqdagi maysazorga, poyidagi azim daraxtlarga, ularning ostidagi changalzor yanglig‘ tig‘iz o‘sgan butalarga suqlik bilan tikiladi, ichidagi qo‘rquv tarqab ketadi, qaniydi xuddi Robinzonga o‘xshab shu changalzorda faqat bir o‘zim yashasam, kunbotishdan keladigan "dushmanlar" sira bo‘lmasa edi, deb orzu qiladi.
    Kecha u Robinzonning oroliga yovvoyi odamlar qayiqda kelib tushganini o‘qib rostmana qo‘rqib ketgan, o‘zini qo‘yarga joy topolmagan, kitobni shu joyida to‘xtatgandi. Bugun Robinzonning nahotki o‘zim tirik qolishim uchun shuncha yovvoyi odamni o‘ldirishim kerak, deya mulohaza yuritayotgan sahifasini o‘qimoqda edi. Lochinko‘z Robinzonning nima uchun ikkilangani haqida o‘ylab, kitobni yoniga qo‘ydi. O‘zi tirik qolmoqchi bo‘lsa, o‘ldirsa kerak albatta, axir ular yovvoyi, odamxo‘r-ku, deb o‘yladi. Keyin toshloqda, jaziramadan tobora qiynalib borayotgan Chillashirni kuzatdi. U hamon boshini quyi solgancha o‘tirar, goho qiziqsinib uchib kelgan qovoqari yoki so‘na, oyoqlaridan o‘rmalab chiqayotgan chumolilardan o‘zini ehtiyot qilish bilan ovora bo‘lardi. Ertalab Chillashirga jazo tayinlanayotganda Lochinko‘z bu odatdagidek "poshsho-vazir" o‘yini bo‘lsa kerak degan taxminda edi.
    
        *    *    *
        
    Poshsho-vazir mol-qo‘y boqadigan bolalar orasidagi eng ommaviy o‘yin. Ba’zan bu o‘yin tufayli arazlash, adovat va janjal kelib chiqadi. Unda ajriq shoxalari terib kelinib, beshtadan bittagacha gulbargi qoldiriladi. Shoxa ajriq poyasidan ehtiyotlik bilan sug‘urib olinishi lozim, chunki ularning ost qismi bir xil bo‘lishi kerak. Kimdir ajriq shoxalarining gulbarg tomonini kafti ichida yashirib, ostki tomonini xuddi gugurt cho‘plaridek yuqoriga qilib ushlab turadi, hamma bittadan shoxani navbati ila tortib oladi. Beshta gulbargli shoxani topgan poshsho bo‘ladi, to‘rttalik vazir, uchtalik bakovul, ikkitalik jallod va bitta gulbargli shoxani tortib olgan o‘g‘ri bo‘ladi. Shundan so‘ng tomosha boshlanadi:
    - Poshsho, poshsho!
    - Labbay vazir.
    - O‘g‘rini tutdik, nima jazo beramiz?
    - Nima gunoh qilgan ekan?
    - Xazinadan tilla o‘g‘irlabdi, - deydi vazir.
    - Unday bo‘lsa yigirmata chertmak tayinlansin, - deydi poshsho. Jazoni jallod beradi. Jallod o‘g‘rining peshonasiga ko‘rsatkich, o‘rta va shahodat barmog‘ini qo‘yadi, keyin o‘rta barmog‘ini rosa kuch bilan tortib shartta qo‘yib yuboradi. Tarsillagan ovoz chiqadi, bunday chertmakdan keyin o‘g‘rining peshonasi anchagacha qizarib yuradi. Jazoning ijrosini bakovul kuzatib turadi. Agar jallod vazifasini chin ko‘ngildan bajarmasa, o‘zi jazoga yo‘liqadi. Jazoning turi ko‘p, sigirlarni jildirib kelish, xo‘roz bo‘lib qichqirishu eshak kabi hangrashdan tortib to poshshoni yelkasiga mindirib, aytilgan manzilga yetkazishga qadar. O‘g‘ri cheki har kimga ham chiqishi mumkin, shu bois o‘zi o‘g‘ri bo‘lganda sho‘ri qurib qolmasligi uchun poshsho ba’zan jazoni o‘ylab tayin qiladi. Biroq ayrim hollarda qasdma-qasdiga og‘ir jazolar tayinlash boshlanadi va oxiri o‘yin arazlash yoki adovat bilan tugaydi, bunday kezlarda "o‘yindan o‘t chiqdi ... ... chiqdi" deyiladi. Jallod vazifasini har kim har xil o‘taydi, kimdir chertmakda zo‘r, kimdir zo‘qatada. Qo‘rdagi eng nimjon Chillashirning zo‘qatasidan hamma cho‘chiydi. Chillashir qoq suyak bo‘lganidan uning tirsagi toshdan qattiq. U cho‘k tushib o‘tirgan o‘g‘rining ikki kuragi orasiga temirdek tirsagini botiradi, shunda jazoga yo‘lliqqan sho‘rpeshona onasidan ovqat so‘ragan olaqanot bolasidek beixtiyor bo‘ynini tepaga cho‘zgancha boshini orqaga tashlaydi. Ana o‘shanda naqd orqa miyasiga musht kelib tushadi. Chillashirning uchta zo‘qatasidan ortig‘iga chidash qiyin.
    Yaqin-yaqingacha jazoning eng og‘iri zo‘qata edi. Lekin Kimyogar uzoqdagi bir qarindoshinikiga borib kelgandan so‘ng "hakka chichdi" degan yangi jazo turini topib keldi. Bular shu paytgacha bunaqangi antiqa jazoni ko‘rishmagan edi. Mahkum yerda cho‘kkalab o‘tiradi, jallod uning boshi va iyagidan ushlab ikki qoshining o‘rtasidan tupugini oqizadi, xuddi osmondan qushning axlati tushgandek. Tupuk qosh va ko‘z o‘rtasidan o‘tib burunning uchiga oqib kelishi shart. Agar tupuk yo‘ldan og‘ib ketsa, jallodning sho‘ri quriydi, uning o‘zi jazoga yo‘liqadi. Shu bois jallod jon-jahdi bilan o‘g‘rining iyagini changallab, boshidan mahkam bosib turishga harakat qiladi-ki, mahkum kallasini qimirlatib tupuk yo‘lini o‘zgartirib yubormasin.
    Rosti, bu jazo faqat bir marta qo‘llanildi, xolos. O‘shanda Kimyogar shoxalarni tarqatgandi, hiyla ishlatib o‘ziga jallod, Chillashirga o‘g‘ri chekini chiqardi. Biroq bu jirkanchli tomoshadan keyin qo‘rdagilarning ikki-uch kungacha poshsho-vazir o‘yinini eslashga-da hafsalasi kelmadi. Ayniqsa Kimyogar changalida ojiz qo‘zidek tipirchilab, so‘ng qilt etolmay ko‘zlarini mo‘ltiratgancha burnining uchiga kelib qolgan tupukni kuzatib turgan Chillashirning ahvolini eslasa, Lochinko‘zning ko‘ngli haligacha alag‘da bo‘ladi.
    Bechora Chillashir bugun endi haqiqiy jazoga yuz tutgan. Lekin u ham anoyi emas. Cho‘loq turnadek lapanglab kelib "o‘g‘rining" umurtqasiga tirsagini botirib ezg‘ilagan kezlarida ko‘zlari shodon porlaganiga Lochinko‘z guvoh. Qolaversa, qo‘rga yangi kelgan paytlarida bolakayga rosa azob bergan. So‘rashganda Lochinko‘zning qo‘lini ombur solgandek mahkam qisib olgancha qo‘yib yubormasdi. So‘yloq tishlarini ko‘rsatib iljayib turaverar, bechora bolakay ko‘zlariga tirqirab kelgan yoshni zo‘rg‘a to‘xtatib, barmoqlari uchidagi og‘riq zo‘ridan chiyillab yuborardi. Biroq yig‘lamagan, hali bir kun boplab o‘chimni olaman, deb ichiga tugib yurardi. O‘shanda "O‘lmas Kashsheydek" xunuk iljaygan Chillashir mana endi qo‘rqoqlik qilgani bois jaziramada kuyib o‘tiribdi.
    
                    *     *     *
                    
    Targ‘il sigir tinimsiz mo‘rashga tushdi. Chillashir uni tosh bilan urdi, sigir bir-ikki qadam ortga tisarilib, ovozi o‘chdi, lekin dam o‘tmay qoziq atrofida gir aylanib yana mo‘ray boshladi. Chillashir endi sigirining o‘kirishiga chidashdan boshqa iloji yo‘qligini tushungandek indamay o‘tiraverdi. Qolaversa, u shundoq ham yuz-ko‘ziga g‘ujg‘on yopishayotgan chivinu pashshalarni qo‘rish, ora sira kelib qoladigan qovoqarini yantoqning shoxi bilan haydash ila ovora. Quyosh ancha tikkaga kelib qolgan, Chillashirning terdan ho‘llangan ko‘ylagi etiga yopishib ulgurgan, boshidagi do‘ppisining mag‘zi ham ivib, chetlarida tomchilar paydo bo‘lgandi. Lochinko‘z undan ko‘zini uzib, kitob o‘qishga urinmoqchi bo‘ldi, lekin kitobni qiyiq orasiga solib qo‘ydi-da, Chillashirni kuzatdi. Targ‘il sigir qoziq atrofida aylanishdan charchab, egasidan bir-ikki qadam narida to‘xtadi. Chillashir boshini ko‘tarib bolakayga bir qarab oldi, ketini yerdan ko‘tarmay surila-surila sigirning yoniga kelib, uning soyasiga turib oldi. Targ‘il yurib ketmasin deb goh-goh uning qornini silab turdi, jonivorni chaqmoqchi bo‘lgan so‘nalarni do‘ppisi bilan urib o‘ldirdi. Jonivor boshini tinimsiz sarak-sarak qimirlatib bezovta bo‘laverdi. Chillashir sigirning burov solingan chap qulog‘ini arqon shilib qonatgani, jarohat o‘rnida qora pashshalar g‘uj bo‘lib qon so‘rayotganini ko‘rdi. U burovni bo‘shatib, bir siqim tuproq oldi-da qonab yotgan joyga surdi, so‘ng yana joyiga o‘tirdi.
    Quyosh tikkaga kelganda targ‘il sigirning mo‘rashga-da majoli yetmay yer iskab qolgan, har zamon dumini o‘ynatib pashshalarni qo‘rib turardi, xolos. Jiqqa tergan botgan Chillashirning boshi endi sigirning qorniga tegib turardi, boshqa soya qolmagandi. Chillashir e’tiborsiz qolib sigirni so‘na chaqdi chog‘i, jonivorning eti bir titrab, dumini qattiq siltadi. Tarsillagan ovozdan sergaklangan Lochinko‘z bular tomon ko‘z tashladi. Aftidan sigirning dumi Chillashirning yuz-ko‘ziga ham tekkan shekilli u o‘zini ortga tashlab, o‘ng ko‘zini tinimsiz ishqalashga tushdi. Lochinko‘zning yuragi jimillab ketdi, molning dumi ko‘zga tegsa yomon og‘riydi. Endi soyadan quruq qolgan Chillashir boshini ekkan ko‘yi ko‘zini ishqalab o‘tiraverdi.
    Oradan qanchadir vaqt o‘tgach bolakay chiday olmadi, Chillashirning tepasiga bordi.
    - Soyaga o‘tib dam olvoling, men hech kimga aytmayman, - dedi. Chillashir boshini ko‘tarib bolakayga qaradi, o‘ng ko‘zining ichi qip-qizil, qon to‘plangandek, qovog‘i qizarib shishib ketgan. Boshidan, peshonasidan oqib tushayotgan sho‘r terdan ko‘zi battar achishmoqda edi. Lablari quruqsab, po‘rsildoq ola boshlabdi. U boshini sarak-sarak qilib yo‘q, dedi va jiqqa terga botgancha o‘tiraverdi. Lochinko‘z ortiga qaytib choynak tagida qolgan jiydali choy yuqini to‘kib tashladi, buloq suviga to‘ldirib keldi.
    - Ko‘zingizni yuvib oling, - dedi u. Chillashir avvaliga ishonqiramay bolakayning ko‘zlariga uzoq tikilib qoldi, keyin choynakka yopishib yutoqib suv ichdi, yuz-ko‘zini yuvib oldi-da, yana yerga qaragancha o‘tiraverdi.
    Quyosh rosa tikkaga kelib to‘xtab qolgandek edi. Chillashir har zamon g‘irillab esib qolgan shabbodaga yuz tutish uchun holsiz bosh ko‘tarar, so‘ng kallasi shilq etib yana pastga tushardi. Lochinko‘z bu ahvolda uni oftob uradi, ehtimolki, urib bo‘lgandir ham, deb o‘yladi. Bir paytlar boshi og‘rib ichi ketganda onasi "bolani issiq urib, dami ichiga tushib ketibdi" deya sachratqi gulidan damlama ichirgani, boshidan ham quyganini esladi. U do‘ppisini to‘ldirib sachratqi gulidan terib keldi, o‘choqqa o‘t qalab suv qaynatdi. Damlamani tayyorlab, sovitish uchun choynakni soyliq o‘rtasidan oqib o‘tayotgan bir bilak loyqa suvga botirib qo‘ydi. Yoz chillasining jaziramasida jizg‘anak bo‘layozgan Chillashirga tikilib, chin dildan rahmi keldi, qo‘lini ombur solgandek qimtib qiynaganlarini kechirib yubordi. Ikki kun avval xamiri sutga qorilgan issiq nonini baham ko‘rganida ko‘zlari mehribonlikka to‘la bo‘lganini esladi. Uni o‘ziga juda ham yaqin, qadrdondek ko‘ra boshladi. U ertalab avaylab olib qo‘ygan yog‘li non bo‘ltami va alyumin krujkada damlamani olib Chillashirning yoniga bordi. Chillashir batamom holdan toygan, qizargan mijjalari, po‘rsillagan lablariga yopishgan xira pashshalarga deyarli e’tibor ham bermay qo‘ygandi. Lochinko‘z unga damlamani tutmoqchi bo‘lgan edi, birdan ortidan hayqiriq yangradi:
    - Sotqin! Sotqin, oramizdan sotqin chiqibdi!
    Lochinko‘z o‘g‘rilik ustida qo‘lga tushgandek qo‘rqib ketdi, pastdan hayqirishib kelayotgan qo‘rga qaragancha qotib qoldi. Birinchi bo‘lib hansillagancha akasi yetib keldi, keldi-yu bolaning qo‘lidagi krujkani urib uchirdi.
    - Nima qilyapsan, sotqin! Sen ham shu qo‘rqoqqa o‘xshab yakkamoxov bo‘lmoqchimisan!
    Akasi tarsaki tortmoqchi edi, ortidan yetib kelgan Kenja botir qo‘lini ushlab qoldi.
    - Qo‘y nima qilasan, yosh bola-ku, - dedi. Biroq Kimyogar kelib olovga moy sepdi.
    - Jazo, jazo! Sotqinga jazo! - deb Qo‘rboshining atrofida gir aylandi. Qo‘rdagilar nima qilishni bilmay bir-birlariga qarab qolishdi. Chillashir allaqachon boshini tizzalari orasiga yashirib olgandi. Faqat Kimyogar jonsarak. Qo‘rboshi qanday jazo tayinlashni Donishni o‘zi hal qilsin, dedi.
    - Zo‘qata, zo‘qata. Yo‘q, hakka chichdi, hakka chichdi, - deya Kimyogar yana ayyuhannos sola boshladi.
    Lochinko‘z bu manzarani kuzatar ekan, ilkis badanida qo‘rquvdan asar ham qolmagani, muz qotgan tomirlarida endi qaynoq bir narsa jo‘sh urib kelayotgani, shu asnoda bularning bari be’mani, mayda narsalardek tuyulganini sezdi. Ko‘z oldidan g‘izillab turli manzaralar o‘ta boshladi: sharqiragan soy shovqini qulog‘ini batang qildi, ko‘ziga o‘t-o‘lanlar orasida tipirchilayotgan baliqlarning oppoq qorni ko‘rinib ketdi, jardan potirlab uchib chiqqan son-sanoqsiz qushlarning nag‘masini eshitdi, chopganda qiyoqlarning tizzalariga tarsillab urilganini his qildi, tulki in qurgan g‘or atrofidagi sirli sukunatga quloq tutdi, hovuchidagi muzdek buloq suvining tiniqligi, suv parisining sochlaridek to‘lg‘onib yotgan quloch-quloch baqato‘nlarning quyosh nurlarida jilva qilishi ko‘zini oldi. Qizil zirkning nordon, ituzumning chuchmal ta’mini tuydi, na’matakning shira boylagan mevasi ichidagi tuklari tilini yorgandek bo‘ldi. Biroq mana bu o‘qrayib turgan nigohlar, Kimyogarning tilla topgandek quvonchdan jilpanglashi, yeru ko‘kdan urayotgan issiqdan sop bo‘lgan Chillashirning shamdek erib, tobora bukilib borishi tasavvuridagi manzaraga sira sig‘mas edi.
    Lochinko‘z bir so‘z demay kattalardan nari ketdi, tutning tagiga bordi, qo‘qqis toshdan yasalgan o‘choqning kulini to‘zg‘itgancha tepib, buzib tashladi, keyin qiyig‘ini beliga bog‘ladi-da, boshini yuqori ko‘tarib yo‘lga tushdi. Bolakayning bu qilig‘idan kattalar lol qoldi.
    - To‘xta, qayt ortingga, sotqin! Qo‘rqoq! - baqirdi akasi.
    Bola bir dam to‘xtab akasiga o‘girildi. Jahldan qizargan-bo‘zargan akasi unga yeb qo‘ygudek qarab turardi. Bolaning yodiga pishqirgan soy o‘rtasida qo‘rquv iskanjasiga tushib qolgan payti yodiga tushdi. Akasining vajohati hamon o‘sha-o‘sha edi. Biroq bu gal bolaning ichida boshqa his-tuyg‘ular tug‘yon urardi. O‘zini qo‘rquv va qo‘r oldidagi majburiyatlardan ozod sezgan Lochinko‘z qushdek yengil qadam tashlab keta boshladi. Ortidan alam bilan baqirib qolgan akasiga zarracha e’tibor bermadi. Shu damgacha boshini tizzasidan ko‘tarmagan Chillashir endi uzun bo‘ynini cho‘zib Lochinko‘zning ortidan hayrat ila tikilib qoldi.

2012

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.