OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Sharif. Nemis (hikoya)

U tushgan mashina Qamchiq dovonidagi chegara nazorat nuqtasiga yetib kelganida ma’lum bo‘ldiki, tog‘ yo‘li yopiq ekan. Kecha tuni bilan qor yoqqan, dovonda yo‘lni tozalash ishlari hali tugamabdi. Oradan biror soat o‘tmay yo‘lda mashinalar turnaqator bo‘ldi, bir zumda qurut, pista, qo‘qonpatir, hatto uzun xitoyi termoslarda qaynoq choy va qahva sotayotgan bolalar va ayollar paydo bo‘ldi. Haydovchi va yo‘lovchilar betoqat, hamma qo‘ltelefoniga yopishgan, kimdir bugun manziliga yetib borolmasligi haqida yaqinlarini ogohlantirmoqchi, boshqasi hali yo‘lga chiqmagan haydovchi tanishiga dovonning yopiqligini aytmoqchi. Yo‘l o‘rtasida turgan militsiya xodimini odamlar o‘rab olib to‘xtovsiz savolga tutadi, u esa bezor bo‘lganidan hech narsa bilmasligi, yo‘l besh yoki o‘n soatdan keyin, balki bugun umuman ochilmasligi haqida baqiradi. Ba’zilar norozi to‘ng‘illab ortga qaytyapti. U tushgan mashinadagi yo‘ldoshlar bir ovozdan "ortga qaytmaymiz, ishimiz tig‘iz, kutamiz, yo‘l baribir ochiladi, bir amallab dovondan o‘tib olsak bo‘ldi", deyishdi. Bu gap unga ham ma’qul tushdi, ortiga yuz ellik chaqirim yurib qaytib borgandan ko‘ra, o‘n soat bo‘lsa ham shu yerda kutadi, dovondan o‘tib, uyiga yetib olsa bas.
Qor uchqunlab, izg‘irin shamol esyapti, har zamon yelkasiga qurolini ilib olgan askarlar o‘tib qoladi. Askarlarning ixcham kalta po‘stini, oyog‘idagi issiq etigi, barmoqsiz qora charm qo‘lqoplari o‘zlariga yarashib tushgan, ba’zilari qora ko‘zoynak taqib olgan. Ha, bugungi askarlar qanday kiyinishni biladi. Ular qurolini-da boshqacharoq tutadi, bunda bir viqor, yana biroz dimog‘dorlik bordek. U harbiyda xizmat qilgan davrlarda bunaqa yurish-turishdan asar yo‘q edi. U nigohi bilan dovon tomon o‘tayotgan askarlarni kuzatib qo‘ygach, yana o‘yga toldi. Bordiyu yo‘l ochilmay, tunda shu yerda qolib ketishsa-chi? Shamol mashinani o‘rnidan qo‘zg‘atib yuborgudek vajohat bilan esyapti, tashqariga tamaki chekish uchun  bir zumga chiqqanida ich-ichigacha muzlab ketdi, yengidan kirgan izg‘irin yelvizak pochasidan chiqadi. O‘zini darrov mashina ichiga urdi. Yo‘l ochilmasa, bu turishida hollari xarob bo‘lishi tayinga o‘xshaydi. Mashina motorini tez-tez yoqib, pechkasini ishlatib turish zarur. Tuni bilan qolib ketishsa yonilg‘i yetarmikin? Haydovchi motorni uzoq ishlatib turish yo‘lkira pulini oshirib yuborishi haqida ogohlantirdi. Yo‘lovchilar ko‘nishdi, pul jondan aziz bo‘ptimi, deyishdi bir ovozdan. U endi chirpirak uchayotgan qor zarralariga qarab o‘ziga tasalli beradi, to‘xtayapti, onasining ta’biri bilan aytganda, bu qor parchalari "havoning zahri" xolos.
Bolaligida "havoning zahri" degan gapni ikki sabab tufayli juda yomon ko‘rardi. Birinchidan, kuni bilan ko‘z quvnatib yoqqan qor endi to‘xtadi degani edi bu. Ikkinchi sababi esa...
...Bolaligida qishloq uylarining tomi loysuvoq bo‘lardi. Qor rosa bo‘ralab yog‘ganidan so‘ng kun bo‘yi mazza qilib qorbo‘ron o‘ynagan aka-ukalar tomga chiqib qor kurardi. Akalari o‘qishga ketganidan keyin bunaqa ishlar uning o‘ziga qolar, tom kurash desa, jig‘ibiyron bo‘lardi.   Qor hali uchqunlab turibdi, izg‘irin shamol esadi, u esa tomda turib baqiradi:"Bo‘ldi, kuramayman boshqa, qor hali yog‘yapti-ku!" Onasi pastdan turib tanbeh beradi: "Qor to‘xtayapti, bu havoning zahri xolos! Ertaga quyosh chiqib ketsa, uyga chakki o‘tadi".
Ha, qor kurash qiyin ish. Issiq sandalga oyoq tiqib, televizorda urush kino ko‘rish emas. Qo‘llari muz qotib, qorkurakning sopini qorniga qadab qor uyumlarini jahl bilan surar ekan, uzundan-uzun tom qachon qordan tozalanadi-yu, men qachon  issiq sandal ko‘rpasiga o‘ralib televizor ko‘raman, deya orzu qilardi. Agar shu tobda urush haqida kino berilayotgan bo‘lsa-chi, bu o‘ydan uning ichi qizib, alami ortadi.
Tom katta edi. Bobosi bilan enasi yashagan, bir ayvon, dahliz va ichkari xonadan iborat uy, o‘zlari turadigan ikki xonali va alohida darsxonasi bor imorat, keyin oshxona va undan so‘ng omborxona bir-biriga ulanib ketgan. Hali hovlining narigi chetidagi qo‘yxona va molxona tomi ham bor. Yaxshiyam molxonaga tutash yozgi bostirmaning ustiga g‘o‘zapoya bosilgan, harnav bitta tomga bo‘lsayam kamaygan. Oyog‘idagi paypog‘i ivib, qozoni etigning ichi xuddi sholipoyadek bilchillama bo‘lib qoladi, barmoqlari muz qotadi, burni qizarib, quloqlarining uchi achiy boshlaydi, shunda u urush payti nemislar ham asirlarga bunchalik shafqatsizlik qilmagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab qo‘yadi o‘zicha. Bunday kezlarda u nima qilib bo‘lsa ham fikrini chalg‘itishga urinadi.  Qorni pastga kuraganida bir joyga uyushga harakat qiladi, qor uyumi ko‘tarilib, tepalik hosil bo‘ladi, tomdan turib uning ustiga sakraydi. Lekin sakrashdan avval tomdagi vazifasini ado etishi kerak -  yotvolib, qorkurakni miltiqdek tutgancha har tomondan bostirib kelayotgan nemislarni o‘qqa tutadi, "yovga qarshi turishning ortiq imkoni yo‘q, o‘rtoq komandir, chekinishga ruxsat bering," deb bosh qarorgohdan buyruq kutadi. Shundan keyingina tomdan qor uyumi ustiga sakrab tushib, molxona va somonxona devori ortiga o‘tib, partizan urushini boshlaydi. Goho devorga tikkalab qo‘yilgan makkapoya bog‘lamlari orasiga yashirinadi. Agar shu payt qop-qora, kajavali mototsiklini do‘rillatib  ko‘chasidan nemis o‘tib qolsa bormi, xudo berdi unga! Tomma-tom sakrab, devorma-devor oshib, uning qorasi o‘chguncha "o‘qqa tutadi".  
Televizor deyilganda u faqat bitta narsani tushunardi - bu faqat  urush haqida kino ko‘rsatadigan quti, kattalar adashib unda  kontsert ko‘radi yoki zerikarli ma’ruza tinglaydi, cho‘qqisoqol cholning "Otalar so‘zi - aqlning ko‘zi" ko‘rsatuvini tomosha qiladi, onasi bechora to‘qima voqea asosida qo‘yilgan telespektaklni ko‘rayotib piq-piq yig‘lab ham oladi. Faqat u emas, barcha tengdoshlari ham urush haqidagi kinolarga shu qadar o‘ch ediki, mabodo kino kunduz kuni bo‘lsa, uch-to‘rt sinfdosh darsdan qochib kelib ko‘rardi.  Kinoning boshlanishi odatda juda hayajonli  bo‘ladi: "Mosfilm" kinostudiyasi namoyish qiladi... Birinchi ijodiy uyushma" ba’zan "ikkinchi" yoki "uchinchi ijodiy uyushma", derdi ayol suxandon juda jiddiy va ta’sirli ovozda. Ularning hayajoni ortadi - urush haqidami yoki kattalar ko‘radigan,  o‘pishmachoq sahnalari bor zerikarli kinomi? Maktabda bolalarning gapi doim shu haqda bo‘lardi, agar "ikkinchi ijodiy uyushma" bo‘lsa, urush kino bo‘ladi, derdi kimdir. Boshqasi esa, yo‘q, "uchinchi ijodiy uyushma" kinosi urush haqida, derdi. Kinoning kuchi shu darajada ediki, uchinchi sinfga o‘tibdiki hamon kitobni zo‘rg‘a hijjalab o‘qiydigan sinfdoshi film titridagi o‘rischa ismlarni sharillatib o‘qib tashlardi. Bunday kinolarni ko‘raverganidan maktabda ham ularning yurish-turishi "urushdan" iborat edi. Yarmi partizan bo‘lsa, qolganlar "gestapochi" edi. Odatda, maktabdagi urush-urush o‘yini direktor xonasida akalariga harbiy ta’limdan dars beradigan "voen.ruk" o‘qituvchi tomonidan rosmana kaltaklanganidan so‘ng barham topardi, negadir direktorning o‘zi jazolash jarayoniga mutlaqo aloqasi yo‘q odamdek, ko‘zoynak taqib, stolga o‘mganini berib gazeta o‘qib o‘tirar, oxirida: "Bugunga bo‘ldi, Otabek", deb qo‘yardi boshini ko‘tarmasdan.  
Uyga kelgach, u qosh qorayguncha mol-qo‘yga qaraydi, keyin o‘zini ovutish uchun yana qo‘liga ilingan kaltakni qurol qilib, xayolidagi dushmanlar bilan otishadi. Goho yaralanib yiqiladi, o‘q tekkanda qanday va qaerga qulashni ham bilish kerak, yomon joyga tushsa, uzoq yotib qoladi. Ba’zan jang qaqshatqich tus oladi, u devorga tikkalangan makkajo‘xori bog‘larini urib yiqitadi, og‘ilxona tomidagi pichan bog‘lari bilan olishadi, keyin yerga tushib, ulkan yog‘ochdan yo‘nilgan eski oxur ichida pistirmada yotadi. Dushman ko‘plashib kelganda o‘t qirqadigan to‘rt oyoqli jodi eng zo‘r pulemyotga aylanadi. Tarillatib to‘rt tomonga o‘t ochadi. Jang avjiga chiqqanida yuz berishi mumkin bo‘lgan voqea - bu kimdir, akasimi, opasimi yoki singlisining kelib qolishi edi. Uning urush-urush o‘yini haqida boshqalarga aytib qo‘yishsa, tamom, hovlida qiyomat qoyim qo‘padi. Alamidan qo‘liga ilingan narsani duch kelgan tomonga  uloqtirar, opalari anhordan hozirgina tashib keltirgan paqirdagi suvni tepib ag‘darar, kamiga solmadagi sutni uloqtirardi. Ketmon, belkurak, o‘roq va dastkallalar har tomonga uchardi. Tovuqlar qaqag‘lab qochadi. Bir suzong‘ich qo‘ylari bo‘lardi, og‘ildan chiqib ketsa otasidan boshqa hammani quvlab suzardi, tikkasiga kalla solardi, kaltakdan sira qaytmasdi. Bir gal uydagilar ovqat ustida uning urush-urush o‘yinini kalaka qilishganda shartta borib o‘sha qo‘yni og‘ildan chiqarib yuborgan, kun bo‘yi hech kim hovliga chiqolmagan, hammalari uyda qamalib o‘tirishgan. U esa kechgacha ko‘chada o‘ynagan. Kechqurun otasi kelib, "nemisdan ham battar berahm ekansan", deya so‘kkan. Bu gap unga juda alam qilgan, axir o‘zi doim nemislarga qarshi urush-urush o‘ynasa, yana uni nemis deb so‘kishsa! Maktabdagi o‘yinda ham kimdir joni qattiqligini ko‘rsatsa, uni "nemis" deyishardi.   
Aslida esa nemis oyda bir-ikki marta ko‘chadan kajavali qora "Ural" mototsiklini do‘rillatib o‘tib qoladigan o‘sha qo‘rqinchli do‘xtir edi. Uni odamlar "Qozog‘istonda tug‘ilgan haqiqiy nemis", deyishardi. Nemis do‘xtir maktabga bolalarni emlagani kelganida bir-ikki katta sinf o‘quvchilari ham derazadan o‘zini tashlab qochganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Shundanmi, cho‘tir nemis do‘xtirning qorasi ko‘rindi deguncha uni vahima bosadi. Pana-pastqam joylardan mo‘ralab, qorasi uchguncha "o‘qqa tutganidan"  huzur topadi, topgan huzuri anchaga yetadi.   
O‘sha paytlar mashhur bo‘lgan "Zobitlar" filmi unga qattiq ta’sir qilgan. Ayniqsa qahramonlardan biri, zobitlar avlodidan bo‘lgan qizning nemislar qo‘liga asir tushib, qiynoqqa solingan sahnasini sira unutolmasdi. Qizning to‘zg‘igan sochlari, og‘zining bir chetidan oqayotgan qon, azobdan so‘lg‘igan yuzi va boshining yelkasiga "shilq" etib tushishi sira ko‘z oldidan ketmas, unga qanday yordam bergan bo‘lardim, deya doim o‘ylar, tunlari nemislar ustiga xayolan bombalar yog‘dirardi.
Shunday kunlarning birida nemis do‘xtir mototsiklini do‘rillatib ko‘chada paydo bo‘ldi. Bu paytda u bostirmaning tomiga bosilgan g‘o‘zapoya ustida kunbotishdagi tog‘ cho‘qqilariga tikilib xayol surar, qo‘lidagi qurol-ketmonsopni hordiq chiqarayotgan askar yanglig‘ tizzasiga qo‘yib o‘tirgandi. Mototsikl shovqinini eshitdiyu, o‘rnidan sapchib turdi, bexos qo‘lidagi "miltiq" g‘o‘zapoya bog‘lari orasiga tushib ketdi. Vaqt tig‘iz, nemis darvozaga yaqin kelib qolgandi. U bostirmadan olma shoxiga osilib tushdi-da, qo‘lga ilingudek qurol qidira ketdi. Durustroq narsa topilavermadi, somonxonaga kirib beshlikni oldi-da, ko‘chaga chopdi. Darvozaga orqa, bog‘ eshikdan chiqib bordi. Bog‘ eshik degani har ochib yopilganda paxsa devorning tuprog‘ini duv to‘kadigan, mol-qo‘y kiradigan bir tabaqali eski yog‘och eshik bo‘lib, oshiq-moshig‘iga zo‘rg‘a ilinib turardi. U  eshikni partizandek ovoz chiqarmasdan ochib, tashqariga mo‘raladi. Xuddi o‘zi, o‘sha daroz nemis darvoza oldida turar, qo‘lida yupqa charm qo‘lqop, og‘zida nimanidir tinimsiz kavshaydi. Nemis do‘xtir uyma-uy yurib, kim qachon emlanganini tekshiryapti ekan, qayd daftariga nimalarnidir yozardi. Onasi esa akalari, opalari va singillarini nomma-nom aytardi.
U atrofga alanglab, nima qilish kerakligi haqida o‘yladi, keyin devorga yonboshlab o‘sgan behining ustiga chiqib, qalin shoxlar orasiga yashiringancha dushmanni o‘qqa tutishni niyat qildi. O‘zicha chamalab, behining yonboshlagan tanasidan yugurib chiqib, tepadagi shoxga osilib olishni mo‘ljalladi. Beshlikni behi tepasidan tortib olsa bo‘ladigan alpozda devorga suyadi va uch-to‘rt qadam ortga tisarilib, yugurib keldiyu behining sip-silliq tanasiga sakrab oyoq qo‘ygandayoq sirpanib, chalqancha ag‘darildi. Bu payt nemis do‘xtir mototsiklini o‘t oldirayotgani bois uning gupillab yiqilganini hech kim eshitmadi. Uning ko‘zida yashin chaqnab ketdi, bir lahza osmonga qaragancha qotib qoldi. So‘ng ilkis kelgan alam va g‘azabdan sapchib turdiyu beshlikni qo‘liga olib ko‘chaga otildi, nemis uzoqlab qolibdi. U qo‘lidagi beshlikni qarsillatib devorga urdi, sopi g‘arsillab sindi. Alami arimadi shekilli, tayoqni tashlab, qo‘liga ilingan kesakmi, toshmi olib, endi allaqachon uzoqlab ketgan nemis do‘xtirning ortidan uloqtira ketdi, kamiga "nemis, nemis, xandi xox" deb baqirardi.  Hali ichkari kirib ketishga ulgurmagan onasi uning bu qiliqlarini ko‘rib hushi boshidan uchdi, bir unga, bir ko‘cha muyulishida ko‘zdan yo‘qolgan do‘xtirga, keyin sinib yotgan beshlikka qaradi, birdan g‘azabi qaynab, yerdan singan sopni oldi va uning qo‘lidan mahkam tutgancha ichkariga sudradi.
"He bola bo‘lmay ket, qachon aqling kiradi!? Jinni-ketdi qiliqlaring bilan sharmanda qilding-ku! Seni bir ta’ziringni berib, aqlingni kiritib qo‘ymasam!" deya qichqira ketdi. Onasining bunaqa kuchli ekanini bilmagan ekan, oyog‘ini yerga tekkkizmay uyga sudrab eltdi,  o‘zi miltiq qilib o‘ynagan tayoqni boshida o‘ynatdi:
"Tavba qildim de. Ayt, qaytib bunaqa ish qilmayman de, tavba qildim de!"
Biroq uning qaysarligi tutib, bezga o‘xshab turaverdi, miq etmadi. Bir-ikki tushirsa tushirar, chidaydi, nemislarning qo‘liga asir tushgan partizanlar bundan battariga ham chidagan. Uning miq etmagani, bezdek turavergani onasini jig‘ibiyron qildi. Tayoq bilan uning boldirlariga urdi. Kaltak yemaydigan bola bormi, u haqiqiy partizan qiynoqlarga dosh berganidek, kaltakni pisand qilmay turaverdi. Onasining battar jahli chiqib, qattiqroq urdi, chunki bunday payt bola degani yig‘lab, burnini oqizib, tavba qildim, qaytib bunday qilmayman, deb ayyuhannos solishi, yalinib-yolvorishi kerak-da. U esa miq etmasdi. Axir u partizan, chidashi kerak.
"Ha ko‘karmay o‘l! Miq etmaydi-ya! Tayoq ta’sir qilmayapti shekilli? Tavba qildim de, ayt! Aytmaysanmi, mana bo‘lmasa!" Azbaroyi g‘azabdan onasi tayoqni ikki-uch marta kuch bilan tushirdi. Yo‘q, ortiq chidab bo‘lmasdi. Xayriyatki, onasi boshidan sirg‘alib tushgan ro‘molini qayta tang‘ish bilan ovora payti u derazadan o‘zini tashqari otdiyu ko‘chaga qarab tumtaraqay qochdi. Uning ketidan darvozagacha quvlab kelgan onasi ortidan tayoqni uloqtirgancha qoldi. U  qochib borarardiyu yuragi gupillab, quvonchdan kulardi: axir yig‘lamadi, kaltakka dosh berdi.
Yaxshiyam kechqurun otasi kelganida onasi ertalab bo‘lgan voqea haqida hech nima demadi. Tunda uyqusi buzilib ko‘zini ochganda onasi uning ko‘kargan boldiriga eritilgan qo‘y yog‘i surardi. Ertasiga uning o‘yinqaroqligi chegara bilmadi. Keyingi gal nemisni pulemyotdan "o‘qqa tutishni" astoydil diliga tugdi.   
Nemis do‘xtir uchta qishloqqa xizmat qiladigan tibbiy punktda ishlaydi, uning ismini bolalar bilmaydi, hamma nemis deydi. Uning qachon va qaerdan kelgani ham bolalarni qiziqtirmagan. Nemisning bo‘yi baland, o‘zi cho‘tir, jag‘i uzunligidan yuzi otning kallasini eslatadi, kinolardagi gestapochi nemislarning o‘ppa-o‘zi. Hamisha qovog‘i soliq yuradi, odamga qattiq tikiladi. Suvlig‘ini chaynayotgan otdek uzun jag‘larini qimirlatib doim nimanidir kavshab yuradi.
Do‘xtir nemisdan tashqari yana bitta, tuman maorif bo‘limida ishlaydigan metodist nemis bo‘lardi. Otasi bilim yurtida ishlagan uchun metodist nemis bilan og‘ayni bo‘lib qolgan va uch-to‘rt bor uylariga mehmonga chaqirgan. Metodist nemis devdek edi, do‘xtir nemisdan o‘zgacha, gumbazdek qorni, qip-qizil va tiniq yuzi, osilib turgan baqbaqalari uni mehribon va beziyon kishidek ko‘rsatardi.  Gardishi qora, oynalari katta ko‘zoynak taqib yuradigan odam edi. Doim jilmayib turganidan uni nemis deb bo‘lmasdi, ortidan "o‘qqa tutish" ham noqulay edi.    
U sinfdoshlari bilan ilk bor paxta terimiga chiqa boshlagan kunlar edi. Kech kuzakning sovuq yomg‘iri tomchilay boshlaganida uyga javob berildi. U xursand edi, chunki qishloq maktabida yotgan texnikum talabalari paxtadan qaytgach voleybol o‘ynardi, shuni tomosha qilishga boradi. Bugun yomg‘ir tufayli voleybol o‘yini bo‘lmaydi, lekin kino qo‘yib berishi tayin.  U ko‘cha boshidan burildiyu uzoqdan uylariga ko‘zi tushib, hafsalasi pir bo‘ldi. Eshik  tagiga bir arava makkajo‘xori poyasi ag‘darilgan edi. Otasi adirdan jo‘natgan, onasi bilan singlisi yomg‘irga qolmasin deb tashiyapti, uni ko‘rib xursand bo‘lishdi, endi tezroq tashib tugatamiz deb o‘ylashdi. Biroq shu tobda uning xayoli maktabdagi yotoqda qo‘yiladigan kinoda edi, hech narsa uni ushlab qololmasdi. U onasi bilan singlisini aldadi, maktabga chaqirilganman, tumandan kelgan shtabi boshlig‘i o‘quvchilarni chaqirgan deb ketvordi. Onasi bilan singlisi yomg‘ir ostida makkajo‘xori bog‘lamlarini tashigancha qolishdi.  
Maktabda urush kino qo‘yishmadi, zerikarli bir film bo‘ldi. U uyiga qaytganida makkajo‘xori poyalari tashib bo‘lingan, yomg‘irda ivib ketgan onasi ko‘chani poya qoldiqlaridan tozalardi. Onasi ishni tugatib ichkari uyga kirdiyu eshik kesakasiga suyanib qoldi, peshonasidan shoda-shoda ter oqar, lablari quruqshab ketgan, badani titrardi. Aka-singil qo‘rqib ketishdi. Nima qilishlarini bilmasdi. Otasi bilim yurti talabalari bilan adirda yotoqda, paxta terimi tugasa keladi. Katta aka va opalari ham paxta terimida. Ular dildirab turgan onasini to‘shakka yotqizishdi. U tezda qo‘shni Oynisa xolani chaqirib keldi. Qo‘shni xotin onasining peshonasiga kaftini qo‘yib, kapalagi uchdi. Men borib tezda Zahro kampirni chaqirib kelaman, biror chorasini topadi, dedi. "Yo‘q! Zahro kampirni chaqirmang", deb yolvordi u. Bobosi kasal bo‘lganida Zahro kampir qanday davolaganini u yaxshi eslaydi. O‘shanda bobosi o‘rnidan turolmay yotib qolgandi, nuqul qayt qilardi, sap-sariq zardob chiqardi ichidan. Keyin o‘sha Zahro kampir kelgan. Tuxum po‘chog‘ini hovonchada ezib bobosiga yedirgan. Eslasa, haligacha ko‘ngli ayniydi, tomog‘i achishib og‘riydi, nega hech kim bu kampirni to‘xtatib qolmadi ekan o‘shanda, deb o‘ylaydi. Bobosi tuxum po‘chog‘i yeyishni boshlagandan keyin to‘rt kun o‘tib vafot etgandi.
Qo‘shni xotin nemis do‘xtir uzoqdaligi, tabib kampir qo‘shni mahallada ekani, kinna ham qilishini aytib uni ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. U bobosining tuxum po‘chog‘idan qilingan tolqonni  kappalab zo‘rg‘a yutayotgan holatini unutolmasdi. Nemis do‘xtirni chaqirib kelaman, dedi oyna ortidagi zulmat tundan cho‘chinqirab. Biroq kinoni deb ishdan qochib ketishdek gunohini yuvish, isitmada lovillab yonayotgan onasiga yordam berish uchun endi u har narsaga tayyor edi.
Noyabrning sovuq shamoli va yomg‘irida yurish qiyin, katta yo‘lda lip etgan chiroq ko‘rinmas, atrof zim-ziyo, itlar huradi xolos. Qo‘shni qishloq yo‘lida qabriston bor, uning yonidan qanday o‘tishi haqida o‘ylasayoq oyoqlari qaltirab ketyapti. Biror ulov o‘tib qolsaydi, deb ortiga umidvor qarab qo‘yadi. Biroq yomg‘ir, shamol va qop-qora tundan bo‘lak hech narsa yo‘q. Nihoyat, qabristonga ham yetib keldi, bir balo qilib o‘tib olsa bo‘ldi. Xayoliga kelayotgan har xil mudhish o‘ylardan ikki kuragining o‘rtasi ichiga tortilaverganidan og‘rib ketdi, biroq ortiga sira qaramadi, qarasa tamom, yuragi port yorilib ketadigandek edi. Qo‘rqsa shunday bo‘lardi, kuragining qoq o‘rtasi ichiga tortib, muzlab qolardi. Bobosi ilk marta sartaroshga olib borganida shunday bo‘lgan. O‘shandan beri sartarosh boshida mashinasini yurgizsa, kuragi o‘ynab ketadi. Qo‘rquv iskanjasida qabriston yonidan o‘tib qo‘shni qishloqqa yetib oldi. Katta yo‘l bo‘yidagi kolxoz idorasining shamolda lipillab turgan chirog‘i ko‘rindi. Idora qarshisida, yo‘lning narigi betida bir qator tizilgan oppoq binolar bor edi. Tomi shifer bilan yopilgan bu uylarni kattalar "tipovoy dom" deyishar, ularda kolxozning partkomi, agronomi va shunga o‘xshash amaldorlar yashardi. Oxirgi tipovoy dom tibbiy punkt bo‘lib, nemis do‘xtir uyning orqa tomonidagi bitta kichik xonada yashardi. Bolalar avtobusda yo‘ldan o‘tishganda hamma qo‘li bilan o‘sha binoni ko‘rsatar va "ana, nemisning uyi" deya baqirishardi. Binolarning eshik va romlari shahar uylariga monand qurilgan, qo‘shtabaqali eshiklari oynavand edi.   
U nemis do‘xtirning eshigi tagiga kelib, yana qo‘rquv bilan yuzlashdi. Birozdan so‘ng onasining isitmada yonayotgan holini eslab eshikni taqillatib ura boshladi, tishlari ham takillardi. Ichkaridan, "kiraver, eshik ochiq", degan sovuq va do‘rillagan ovoz eshitildi. U eshikni ochib ichkari kirdi. Chiroq o‘chiq, xona televizorning yog‘dusidan  yorishib turardi. Ko‘rsatuvlar allaqachon tugagan, ekranda shaxmat doskasini eslatuvchi oq-qora katakli tasvir turar va u eng yomon ko‘radigan musiqa eshitilardi. Televizorda tanaffus e’lon qilinganda shu tasvir paydo bo‘lib, odamni zeriktirib yuboruvchi shu musiqa qo‘yilardi. Nemis do‘xtir xonaning burchagida, suyanchig‘i baland yog‘och kursida cho‘kib o‘tirar, televizor ekranining lipillab o‘ynayotgan yog‘dusida cho‘tir yuzi yanada vajohatli ko‘rinar, boshi uzra tamaki tutuni erinchoq suzardi. Xonada tamakining achchiq hididan tashqari na’matakli qaynoq qora choyning  ta’mini eslatuvchi shirin hid bor edi.  
- Beriroq kel. Kimsan, nima qilib yuribsan yarim tunda? - dedi u beparvo tamaki tortib. Aftidan, u bemahalkelib-ketuvchilarga allaqachon ko‘nikib ketgandi. U ostonada turaverdi, yaqin borishga yuragi betlamadi.
- Kimning o‘g‘li bo‘lasan? - dedi nemis do‘xtir unga sinchiklab nazar tashlab.
- Men... men... -  u g‘alati hissiyot og‘ushida qoldi. Shu paytgacha otasining ismini ovoz chiqarib aytmagan ekan. Ko‘z o‘ngida otasining doim jiddiy turadigan chehrasi namoyon bo‘ldi. Otasining ismi Ota edi, go‘yo boshqa ismi bo‘lishi ham mumkin emasdek. Qishloqda uni hamma "domlaning malla kenjasi" derdi. Birov so‘rasa ham "domlaning o‘g‘liman" deb qo‘yaverardi. Otasining ismini aytish qanchalar qiyin ekanini endi bildi, biroq sababini tushuntirib berolmasdi.  
- Onam kasal bo‘lib qoldi, qattiq mazasi yo‘q, - dedi otasining ismini ayta olmaganidan yig‘lamsirab.
- Onangning ismi nima? - deb so‘radi nemis do‘xtir beparvo.
U kalovlanib qoldi, onaning ismini aytish otaning ismidan ham qiyin ekan. U nega ota-onasining ismini aytolmasligini o‘zi ham tushunmasdi. U nihoyat qiynalib, qaltirab-jovdirab, bir amallab otasining ismini aytdi, aytdiyu badanidagi qo‘rquv va qaltirash yo‘qolib, ko‘zida jiqqa yosh nemis do‘xtirga iltijoli boqdi.
- Qo‘y, yig‘lama. Bo‘pti, yur ketdik, - dedi u kursiga ilingan uzun charm kurtkasini kiyib. Tashqariga chiqishgach nemis do‘xtir gurillatib mototsiklini o‘t oldirdi, uni kajavasiga o‘tirg‘izib, ustini yopinchig‘i bilan yomg‘irdan pana qildi. Yo‘lga tushishgach, u kallasini  yopinchiq tagidan sekin chiqarib o‘zi doim qo‘rqadigan bu odamni yaqindan kuzatdi: nemis do‘xtir tund yuziga tasir-tusur urilayotgan sovuq yomg‘ir tomchilariga zarracha e’tibor bermas, o‘qraygan ko‘zlarini yo‘ldan uzmasdi, uzun jag‘lari esa yanayam shiddat bilan qimirlab, nimanidir tinimsiz kavshardi. Shu ketishida u urush kinolarida mototsiklini do‘rillatib bosib kelayotgan nemisdan zarracha farq qilmasdi. Uning tikilib qolganini nemis do‘xtir sezib qoldi shekilli, u tomonga birrov nigoh tashlagach, cho‘ntagiga qo‘l solib, bir siqim narsa uzatdi va kulib qo‘ydi. U birinchi marta nemisning kulganini o‘shanda ko‘rdi. Uzatilgan narsa esa chaqilgan yong‘oq edi.
Ertasiga onasining ahvoli yaxshilandi, yuziga qon yugurib, chehrasi  ham yorishib qoldi. Singlisi onasining yostig‘i oldida quvongancha turar, u esa kecha ishdan qochib ketganini eslab onasiga yaqin borolmasdi. Shu payt ostonada nemis do‘xtir ko‘rindi, ertalabdan qishloqma-qishloq yurib kasallarni ko‘rgani chiqqan ekan. Onasining isitmasini o‘lchab, keyin, "yaxshi, yaxshi", degancha bir quti dori berdi, chiqib ketishida unga ko‘zi tushib, "bolang tuzuk, kechasi qo‘rqmay shuncha yo‘l yurib boribdi, yaxshi, gut, yaxshi" dedi. Onasi xursand bo‘lib uni yoniga chaqirdi. U esa nima deyishni bilmsdi.   
- Bilasizmi, nemis, doim yong‘oq kavshab yurar ekan, - dedi nihoyat.   

* * *

Dovon ochilishini kutib turar ekan, u o‘sha kezlarni esladi. Nemisni, onasini, o‘yinqaroqlik qilib onasiga yordam bermay qochib yurgan kezlarini, mushtipar onasi umrida mehnatdan boshqa narsa ko‘rmaganini yodga olib ko‘zlariga yosh keldi. Onasining janozasi o‘tganiga besh kun bo‘ldi, o‘sha kuni ham qabristonda qor uchqunlab turgandi, lekin havoda izg‘irin yo‘q edi. U onasi bilan vidolasha olmadi, shahardan yetib kelolmadi. Ko‘zyoshlarini mashinaning orqa o‘rindig‘idagi hamrohlariga sezdirmalik uchun sovuq oynaga bosh qo‘yib, tashqariga, shamolda kapalakdek pirpirab uchayotgan qor uchqunlariga tikildi. Ishi shaharda bo‘lgani uchun qishloqqa kam kelar, har kelganida keksayib qolgan onasi hamon mehnatdan tinmaganini ko‘rardi. U onasining qarovi tufayli yashnab yotgan bog‘ni aylanar, sarxil mevalardan terib yer, yo‘lak chetlaridagi tig‘iz rayhonlarni silkitib hidlar, shu tariqa sog‘inchini qondirar edi. Onasi esa o‘yinqaroq nevaralari qilgan chala ishni bitirib qo‘yish bilan ovora - piyoz yoki sabzi o‘tayotgan, yaxshi meva qilsa kuzda olib ketasan, deya xurmo tagiga ozuqa solayotgan bo‘lardi. Shaharga qaytishida esa qo‘liga sariyog‘ va tegirmon unidan yopilgan nondan tashqari albatta bir xalta yong‘oq berardi.
"Nemis do‘xtir esingdami, doim yong‘oq kavshab yurardi, shunga sira kasal bo‘lmagan. Har kuni yong‘oq yeb turgin, kasal bo‘lmaysan, esingdan chiqmasin, xo‘pmi", derdi mushtipar ona.  Bu gal unga yong‘oqni akasi berdi, onasi vasiyat qilgan ekan. U bir xalta yong‘oqni siypalar ekan, keyin tizzasiga mushtlab urdi: "Nemis...nemis...nemis ekanman!" dedi tomog‘iga tiqilgan achchiq yig‘ini bazo‘r ushlab.

(“Kitob dunyosi” gazetasining 2015 yil, 14 sonida e’lon qilingan)

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.