OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Shodiy. Oqibat (hikoya)

Onasining olamdan o‘tganiga ham o‘n kun bo‘lyapti. Qavm-qarindoshlar o‘z uylariga qaytishdi. Hovli huvillab qolganday Solihning nazarida. Yuragi si­qilib goh kiradi, goh chiqadi. Fotihaxonning ham keti uzilganday – ertalabdan beri hech kim ko‘­rin­madi. Lekin Solih hamon kimningdir kelishiga intizor edi. Ana, u darvoza yonidagi o‘rindiqda yo‘lga qarab o‘tiribdi...
Talabalik davridagi o‘rtoqlari ham ko‘ngil so‘rab kelishdi. Hammalarimas, albatta – uch-to‘rt nafari. Solih ularni ko‘rib o‘zgacha his-hayajon girdobiga tushgandek bo‘ldi. Ayniqsa samarqandlik Shomurod bilan bag‘irlasharkan, ko‘zlaridan tirqirab yosh oqa boshladi.
Shu tobda Bahrom jonlanyapti ko‘z oldida. Kafed­rada qolgan, ikki yil burun nomzodlikni yoqlagan olim o‘rtog‘i. “U nega kelmadi? Tuzukmikin o‘zi?”
Saboqdoshlardan Bahrom bilan Shomurod eng yaqinlari edi. Shomurod bu orada ikki marta kelib ketdi. Og‘ir damlarida yonida bo‘ldi. Bahromdan esa darak yo‘q. “Bog‘lanolmadim, bexabardir?” degan fikr kechardi xayolidan. Lekin ikkinchi bor kelganida Shomurod uning xabardorligini aytdi. “Qo‘liga qo‘ng‘iroq qildim, – dedi u. – Olmadi. Uy telefoniga qildim ke­yin. Go‘shakni ukasi ko‘tardi. Aytib qo‘yaman, dedi”.
Shomurod Bahromning haligacha kelmaganidan bir zum xayolga botdi-yu: “Olim bo‘pti-yu, odam bo‘lmapti. Haliyam odam bo‘lmapti!” dedi boshini sarak-sarak qilib. Solih e’tiroz bildirdi: “Bu nima deganing, Shomurod? Zarur ishlari bilan banddir. Kelar...”
Solih talabalik yillarini esladi. Bahrom u bilan Jo‘ynovga kelib turar, onasi quchoq ochib peshvoz chiqar, “shaharlik bolajonim!” derdi yuzlaridan o‘pib. Ha, Ruqiya opa uni o‘z bolasiday bilar, qaytayotganida qo‘liga sovg‘a-salomlar tutqazarkan: “Onangizni so‘rab qo‘ying!” – tayinlardi astoydil. Iltimos ohangida qo‘shib ham qo‘yardi: “Bir opkeling!”
O‘tgan yozda qandaydir material izlab vodiyga yo‘li tushib qolgan Bahrom do‘stining eshigini qoqqandi, Solihdan-da Ruqiya opa sevinib ketdi: “Voy, shaharlik bolam-ku?! Olim bolam!”
 Ha, o‘qishdan keyin ham xabar olib turishni kanda qilmagandi Bahrom oshnasi.

* * *

...Solih o‘rtog‘ining musibatidan yangi gazetalarni varaqlayotib xabar topdi. “Eh!..”deb qoldi ko‘zini katta ochib.
Bemor yotgan onasi: – Tinchlikmi? – so‘radi xavotir bilan. – Nimani yozishibdi?
– Universitet... ta’ziya bildiribdi, – dedi So­lih tutila-tutila. – Shaharlik o‘g‘lingizning onasi...
– Voy, men o‘lay, Bahrom o‘g‘limning onasimi? – shahd bilan boshini ko‘tardi Ruqiya opa. – Qachon?
– Sizga hayajonlanish mumkinmas-ku, aya? – dedi shoshib qolgan o‘g‘li, uning qo‘lini kaftlariga olarkan. – Do‘xtir nima degandi?
Onasining avzoyidan yuragi gupurib ketgandi Solihning. “Nega aytdim?!”
– Yoshmidi? – iztirob bilan so‘radi Ruqiya opa. – Nechalarda edi?
Bahrom so‘nggi marta kelganida “Onajonim ikkimiz kelamiz bu safar” deb va’da bergan edi, Ruqiya opani umidvor qilib. U shaharlik o‘g‘lining yelkasini zorlanib silarkan: “Shunday qiling, bolam! – degandi allaqanday orziqish bilan. Albatta, opkeling!”
Nasib qilmagan ekan, afsus. Sanobar xola endi olamda yo‘q...
– Turaqol bo‘lmasa.
– Nima?
– Fotihaga bormaysanmi?
– Bormayman dedimmi? – taraddudlanib qol­gandi Solih. – Lekin siz...
– Bexavotir boraver, bolam! Mening tashvishimni qilma. Yolg‘iz qolarmidim? Kelin bor, Xudoga shukr. Aqlli, mehribon nabiralarim... – opa bir zum sukutga botdi-da, xayolchan qo‘shib qo‘ydi: – Odamning qadri shunday kunlarda bilinadi. Birovning borgani bilan o‘lgan tirilmaydi, lekin bir oz taskin topganday bo‘lishadi uning egalari... Yaqinini yo‘qotgan odamning yuragi huvillab, ko‘zi eshikda bo‘ladi, bolam! Bu juda og‘ir kun. Boshiga tushgan biladi. Bir og‘izgina tasalli, bir daldaga muhtoj bo‘p qolarkan odam. Kim keldi, kim kelmadi, hisobgayam olishadi! Ah, o‘rtog‘ing Bahrom...
...O‘zini beixtiyor Toshkentda tasavvur eta boshlagan Solihning vujudini sog‘inchga o‘xshash bir tuyg‘u qamrab olgan edi. Talabalik yillarini esladi, yoshligining eng unutilmas, ajoyib va beg‘ubor onlari ko‘z oldida jonlangandek bo‘lib, yuragi entikib ketdi. “Tag‘in quchog‘ingda bo‘lamanmi, qadrdon shahrim?!”
Lekin... tashvish bilan otlanyapti bu safar.
Shuni xayolidan o‘tkazdi-yu, boshiga musibat tushgan o‘rtog‘i ko‘z oldida gavdalanarkan, yuragining al­laqaerida og‘riq sezdi. “Nima ahvolda ekan Bah­rom?”
– Ertaga ertalab yo‘lga chiqsam bo‘lmaydimi?
– Hoziroq yo‘lga otlansang, ertaga ertalab o‘r­tog‘ingnikida bo‘­lasan!
– Xo‘-o‘p.
– Qani, bo‘l.
Solih o‘rnidan turdi. “Ayam – haq. Musibatdan beri ikki-uch kun o‘tgandir shundoq ham. Xabardor qil­maydi-ya!”
...Darvozadan chiqayotib: – O‘zingizni ehtiyot qi­ling, – dedi onasiga.
– Bir-ikki kun menimas, o‘rtog‘ingni o‘yla, – dedi Ruqiya opa.
– Mayli. Tezda qaytaman.
– Tezda qaytaman? Nima, borasan-u, “omin-Allohu akbar”, ortgami darrov? Begonalar shunday qilishadi!
– Tushundim, – Solih onasining yelkasidan quchdi.
U tushungandi. Bir-ikki kun yonida bo‘lishi kerakmasmi do‘st bo‘lib?
– Salom ham, alik ham qarz bu dunyoda, bolam, – Ruqiya opaning ovozi titrab chiqdi.
– Kun kelib yetib keladi o‘rtog‘ing ham. Yoningda bo‘ladi.
Solih o‘pkalangan tovushda: – Aya? – degan edi, onasi mahzun kulib qo‘ydi:
– Nima, ustun bo‘larmidi sening onang?
 
* * *

Solih saharmardonda do‘stining uyiga yetib bordi. Ta’ziya bildirdi. “Gazetaga qaramasam, bexabar qolarkanman. Uch kun bo‘lyaptimi? Nega qo‘ng‘iroq qilmading?” demoqchi bo‘ldi-yu, ra’yidan qaytdi. “Mavridimi? Telefonmish. Odamning nima ahvolga tushib qolishi ma’lum-ku, bunday kunlarda?”
Eshitiboq yo‘lga tushgani yaxshi bo‘ldi, nima bo‘l­gandayam. Do‘stining yuzi yorishgandek bo‘ldi:
– Ruqiya opamlar yaxshi yuriptilarmi? Kelin, bolalar...
Solih kuni bilan azador do‘stining yonidan jilmadi. “Bekorga aytilganmi, do‘st bo‘lsang, yonimda bo‘l, deb?”
Kechqurun Bahromning yon qo‘shnisi Solihni o‘z uyi­ga boshladi.
– Charchadingiz, kun bo‘yi fotihaxonga qarab. En­di bir pas dam olamiz.
– Lekin Bahrom...
– U ham keladi.
Dasturxon noz-ne’matga to‘la edi. Solih o‘zini norohat his qila boshlagandi, uy egasi: – To‘ygamas, azaga kelganman-ku, deya xijolat bo‘p o‘tirmang, – dedi jilmaygan ko‘yi. – Sanobar opam yaxshi yashadilar – yetmish olti! Shu ulug‘ yoshda ketish azamas – to‘y! Har kimgayam nasib qilavermaydi!
Solihning ichida nimadir uzilib ketganday bo‘l­di. “Azamas, to‘y? To‘y... deng?
To‘g‘ri, har kimgayam nasib qilavermaydi bu yosh, ammo... qanaqasiga to‘y?!”
U iztirobini yashirishga tirisharkan eshikka xavotiromuz qaradi. “Xayriyat ham Bahrom eshitmadi. “To‘y”ni eshitganidami...”
 Yuzida tabassum bilan Bahrom kirib keldi.
– Do‘stim Jo‘ynovning mard o‘g‘loni, – dedi So­lihning yoniga joylasharkan. – Uyiga borsam, oyog‘im tagida qo‘y so‘yadi.
– Xo‘sh, keyin? – Uy egasi sinashta boqdi Bah­romga. – Shishalardan eng sarxili bezaydimi das­turxonni?
Uy egasining qo‘lida shisha ko‘rib, Solihning ensasi qotdi. “Bu nimasi? “Pominka”mi?”
– Yashigi bilan opchiqadi! – dedi Bahrom g‘urur­lanib. – Lekin bir aybi bor – ichmaydi.
– Shunaqami? Bo‘lmasa endi ichadilar. Do‘stim deb keptilarmi, shuncha yo‘l bosib...
Solihning a’zoyi badanini sovuq ter bosgandi. “Uzoq yo‘ldan kelgan mehmonni debmi shuncha taraddud? Rahmat! Lekin manavi savil… U tomon ta’ziyaxona-ku?!”
Shuni xayolidan o‘tkazayotgandi, Bahrom qo‘shnisi uzatgan piyolani oldi. Sochlari tikka bo‘ldi So­lihning. Ko‘zlariga ishonmasdi. “U nima qilyapti?”
Ikkinchi qadahdan Bahrom o‘zini yo‘qotayozdi. Xo‘r­ligi kelibmi, Solihni bag‘riga bosarkan: – Endi mening onam – Ruqiya opamlar, – deya ho‘ngrab yig‘ladi. Do‘stini aftodahol kayfiyatda ko‘rib, Solihning yuragi uvishib ketdi.”Dardingni tushunaman, o‘rtoq, lekin ichmasliging kerak edi! Birov ko‘rsa nima deydi?”
Mavhum bir qayg‘u Solihning vujudini tirnar, yuragi ezilardi. “Do‘stim, senga nima bo‘ldi? Nega ichding? Onajonimning joyi jannatda bo‘lsin, deb qilgan shuncha iltijolaring nima bo‘ladi? Shuncha fo­tihaxonning duo-yu munojotlari-chi?”
– Bahrom ko‘tardi-ku, siz olmaysizmi, mehmon? – uning xayolini bo‘ldi uy egasi.
– Majbur qilma, – dedi Bahrom unga. – Aytdim-ku, uning o‘rnigayam men olyapman, deb.
 Solih o‘tirgan joyida betoqat qimirladi-da, mungli nigohini Bahromga qadab: – O‘rtoq, menga ruxsat... – dedi. “Ha, ketish kerak. Bir-ikki kun deb o‘tirmay ketishing kerak, Solih!”
– O‘tirib tur, No‘‘monni chaqiray, – deb Bahrom o‘rnidan turdi. U eshikdan chiqdi-yu, Solih:
– No‘‘monni dedimi? No‘‘mon kim? – so‘radi hamrohidan.
– Ukasi, – javob qildi uy egasi.
 
* * *

Bahromning ukasi mashinasi bilan uni Qo‘y­liq­qacha eltib qo‘ydi.
Yo‘lovchi mashinaga o‘tirayotib: – Xayr! – dedi Solih.
– Yaxshi yetib boring. Salom aytib qo‘ying xolamga!
 Mashina yo‘lga tushdi. Boshida do‘ppi, egnida to‘n, soqol-mo‘ylovi bir oz o‘sgan bo‘lsa-da, qandaydir dilkash, istarasi issiq No‘‘mon anchagacha Solihning ko‘z oldida qoldi.”Yaxshi odam ekan!”
Qo‘qonga yetib haydovchidan: – Bizdan qancha? – deb so‘ragandi, u: – Yo‘lkira to‘langan, – dedi.
– Nima? – deb bo‘shashganday bo‘ldi Solih.
“Qiziq ish qilib qo‘yibdi-ku, Bahromning ukasi? Xayr...”
Saharlab uylariga kirib borgandi: – Darrov qaytdingmi? – dedi Ruqiya opa, peshvoz chiqarkan.
– Ertaga kelmoqchiydim. Qololmadim.
– Onangni o‘ylab-a? Aytuvdim-ku, mening tashvishimni qilma, Xudoga shukr, tuzukman, bir-ikki kun o‘rtog‘ingning yonida qol, deb. Ha, mayli. O‘zi tuzukmi?
– Tuzuk. So‘rab qo‘ydi sizni. Ha, yana...
– Nima, yana?
Solih ixtiyorsiz ravishda xo‘rsinib devorga qa­ragandi, onasi:
– Gapir, nega jimib qolding? – takrorlab so‘radi.
– Yig‘lagancha meni quchoqlab “bundan keyin mening onam – Ruqiya opamlar”, dedi shaharlik o‘g‘lingiz.
Ruqiya opaning rangi o‘zgardi, o‘ksik ko‘zlari pir-pir uchdi.
– Nahot... – dedi bir qalqib. – U... shunday dedimi?
Solih o‘zini koyidi. “Shartmidi shuni aytishing?”
Devorga suyanganicha behol-bemajol turib qolgan Ruqiya opa: – Sen bilan borishim kerak ekan, – dedi yig‘lab yuborguday bo‘lib. – Nega bormadim? Bir oz bo‘lsa-da, yuragiga dalda bo‘lmadim?

* * *

Hayot shu ekan, ko‘p o‘tmay Ruqiya opa ham dunyoni tark etdi. Bahromning kuni Solihgayam tushdi – tasavvur etganidan-da qattiqroq ekan bu ko‘rgilik. Boshiga tushgangina bilar ekan!
Onasining “kim keldi, kim kelmadi, albatta, hisob-kitobi bo‘ladi” mazmunidagi gapi Solihning xayolidan o‘tdi. To‘g‘ri ekan!
Lekin nega Bahrom kelmadi? Hamma keldi, u kelmadi?
“Yetib keladi, degandingiz, ayajon. U kelmadi. Yonimda bo‘lmadi!”
Shomurodning “U odam bo‘lmadi” deyishi qulog‘i tagida jaranglarkan, dilida allaqanday g‘ashlik uyg‘ondi, miyasining qaeridadir bir gumon yilt etdi. “Balki... haqdir Shomurod? Kelmasmidi, agar odam bo‘lsa? Uni bir bolasiday bilardi-ku, rahmatli onam?!”
Bahromning qadah ko‘tarishi ko‘z oldida jonlandi. “Onasiga o‘lganiga uch kun bo‘lmay ichib o‘tirishi esingdami?”
Bo‘shashganicha darvoza oldidagi o‘rindiqda o‘tir­gan Solihning ko‘zlari ilindi, qarshisida Bah­­rom paydo bo‘lgandek bo‘ldi. Ko‘zlari jiqqa yosh: “Ruqiya opam...”
Solih ko‘zlarini ochdi, hammasi tush ekanligini angladi. “Unga bir gap bo‘lgan. Kelardi, bo‘lmasa. Qo‘ng‘iroq qilaymi?”
Qo‘l telefonini chiqarib, bog‘lanmoqchi bo‘ldi. Afsus, har doimgiday o‘chirilgan. “Balki raqami o‘z­gargandir?”
Ko‘zlari jiqqa yosh olim o‘rtog‘i tag‘in qarshisida ko‘ringanday bo‘ldi-yu: “Bahrom yomon odammas, – u haqida fikri o‘zgardi. – Bir qadrdonim! Ziyofat uyushtirish ko‘ngliga sig‘di, ichdi, deb bo‘shashib qaytgandim. To‘g‘ri, ichishi yaxshi bo‘lmadi, ammo... mehmon haqqi-hurmati deb qilingandi-ku, hammasi?! Ichi to‘la dard bo‘lsa-da, mehmonni deb zahar ichishgayam ho­zirmasmidi aziz o‘rtog‘im?
Bir sabab borki, kelolmagan. Joni sog‘ bo‘lsa, keladi! Omon bo‘lsin-da, ishqilib...”
...Mashinaning gurillab sal nariroqda to‘xtashi mung‘ayibgina o‘tirgan Solihning g‘amgin va parishon xayollarini tarqatib, ko‘nglida umidvorlik hissini uyg‘otdi. Yuragi siqilib o‘tiruvdi bir o‘zi. Kelishyapti, unga dalda bo‘lgani! Bekorga aytishganmi, odam taftini odam oladi, deb?
Sapchib o‘rnidan turgan Solihning qo‘llari ko‘k­sida edi.
Uch-to‘rt nafar tushishdi. Ulardan biri yoshroq va novcha kishi edi. Yuragi jiz etdi – Bahromga o‘xshab ketarkanmi? Yo‘q, o‘zi! O‘zi!!
Yuragi gupurlab: “Bahrom!” deb qichqirishiga sal qoldi.
Aytmaganmidi, ana birodari! Kechroq bo‘lsa-da, u keldi! Kelmasligi mumkinmidi?! Tag‘in nimalar deb yuribdi Shomurod... Sen ham qanaqa xayollarga bording, Solih!
Solihning o‘pkasi to‘lib, o‘kirib yuborishiga sal qoldi: “ Ona, o‘g‘lingiz! Shaharlik o‘g‘lingiz keldi, ayajon! Olim o‘g‘lingiz...”
Ular yaqinlashishdi-yu, tuzukroq razm solgan So­lih to‘satdan yanglishganini angladi – u boshqa-ku?!
Bo‘shashib ketdi. Alam-iztirob xurujini bosishga tirisharkan, shosha-pisha ko‘z yoshlarini artdi.
Darvoza yonidagi o‘rindiqqa o‘tirdilar. Keksaroq mehmon oyat tilovat qilar, hamrohlari bosh egib o‘tirar, Solih zimdan novcha fotihaxonni kuzatardi. “O‘xshar ekan-da, odam ham!”
Hamrohlari ta’ziya bildirib uzoqlashishdi, novcha kishi yaqinlashib Solihni bag‘riga bosdi.
– Bandalik ekan, akajon.
– Allohning ishi...
Solihning vujudi titrab ketdi. “Samimiy insonlar ko‘p! Lekin bu kim bo‘ldi? Issiq ko‘rinyaptimi qandaydir? Qaerda ko‘rganman?”
– Tanimadingiz chog‘i, Solih aka?
– Siz...
– Men No‘‘monman – Bahrom o‘rtog‘ingizning ukasi.
– A, No‘‘mon... jon? – Solih hayajondan entikib, azbaroyi tezda tanimaganidan xijolatdan yonib, unga boshdan-oyoq razm soldi. – Voy, Bahromning ukasiman, deng? – Solih mehmonni qayta bag‘riga bosarkan, ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi. – Uzr, tanimaganimni qarang. Bahrom nega kelmadi?
– Sal... mazalari yo‘q edi akamning, – No‘‘mon nigohini olib qochdi.
– Kasalmi?
– Yo‘q, yo‘q. Xavotir oladigan narsa yo‘q.
– Ishlari ko‘payib ketgan, deng, – Solih mahzun jilmaydi. – Tushunaman.
– Lekin keladilar.
– Xudo xohlasa... Ammo hozir sizni ko‘rib ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi, No‘‘monjon. Minnatdorman!
– Qo‘ysangiz-chi, aka, – dedi No‘‘mon Solihning ko‘zlariga qaramaslikka tirishib. – Men faqat...
No‘‘mon pichirlab tag‘in bir nima dedi. Solih uning “qarz, zimmamdagi qarzim” degan so‘zlarini eshitganday bo‘ldi, xolos. Qarz!
Solih beixtiyor: – Ko‘zlarim to‘rt edi, No‘‘­mon­jon! – degan edi, u:
– Akamgami? – so‘radi, xijolatomuz nigohi bilan yer chizib.
 No‘‘monning hamrohlari mashina yonida kutib turishardi.
– Iltimos, ularni chaqiring. Bir piyola choy!
– Uzr, shoshib turishibdi. Ularga ruxsat berib, men qolishim mumkin.
– Rostdanmi? – ko‘zlari chaqnab, tag‘in No‘‘monni quchog‘iga tortdi Solih.
Hayajonining cheki yo‘q edi.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 9-son.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.