OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Xayrullayev. Dahshat (hikoya)

“Bo‘lar ish bo‘ldi. Taqdirga tan berish kerak, vassalom!” Ahmad Nabiev ana shunday o‘y bilan mashinani garajga kiritib, ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Ostonaga yetar-etmas, eshikka ko‘z tikib o‘tirgan ekanmi, qarshisida xotini paydo bo‘ldi.
– Tinchlikmi?! Buncha hayalladingiz?!
Ahmad dilidagi g‘ulg‘ulalarni xotiniga sezdirmaslik uchun gapni qisqa qildi: 
– Ha, ish bilan bo‘lib vaqt o‘tganini bilmay qopman... – Keyin yuvingani vannaxonaga o‘tib ketdi. Jo‘mrakni ochib, yenglarini shimararkan, suvning vannaga shildirab tushishi yo‘ldagi jalani eslatdi. Ko‘z o‘ngida o‘sha yo‘l, tumanli o‘sha qishloq namoyon bo‘ldi. Kimningdir qichqirgani eshitildi... Yana dilida vahima qo‘zg‘aldi. Jo‘mrakni shartta burab, suvni to‘xtatdi. Shatirlagan jala ovozi tinib, qaynoq suvdan hosil bo‘lgan bug‘ asta-sekin tarqalib ketdi. “Odam ovozi edimi yoki... Nima deb qichqirdi? Nahot... Yo‘q, odam ovozi boshqa tomondan eshitildi...”
Ahmad shu alfozda bir necha daqiqa o‘ylanib turdi-da, katta xonaga o‘tdi. Ovqat ham, choy-non ham dasturxonga keltirib qo‘yilgan edi.
– Ovqat yemayman. Qornim to‘q, – dedi u xotiniga. – Bir yerga borib kelishimiz kerak. Men garajdan mashinani chiqarib turaman. Kiyinib tush. U xotinining javobini kutmasdan ichki xonaga kirib, ko‘zoynagini olib chiqdi, so‘ng eshik tomon yurar ekan, orqasiga o‘girilib: – Erkinjon uydamikin? – deb so‘radi.
– Uyida bo‘lishi kerak. Hali ko‘ruvdim. Nima edi?
– Ishim bor.
Ahmad devordarmiyon qo‘shnisining eshigi ro‘parasiga borib, qo‘ng‘iroq tugmasini bosar ekan: “Bemahalda bezovta qiladigan bo‘ldim-da”, deya xayolidan kechirdi.
Eshik ochilib, bo‘sag‘ada Erkinjon paydo bo‘ldi.
– Keling, Ahmad aka, – dedi u mulozamat bilan jilmayib. – Qani, ichkariga, – orqaga chekinib yo‘l bermoqchi bo‘ldi.
– Yo‘q. Rahmat, – dedi Ahmad uzrnok. – Bir iltimosim bor edi. Agar malol kelmasa.
– Marhamat. Bajonidil.
– Shu paytda bir yerga borib kelishimga to‘g‘ri kep qoldi. Mashinaning o‘ng chirog‘i ishlamayapti. Shuni bir ko‘rib bermaysizmi?
– Jonim bilan, – dedi Erkinjon.
– Bo‘lmasa siz tushavering. Men hozir chiqaman.
U qo‘shnisining hurmati uchun eshikni qiya qoldirib, ichkariga kirib ketdi.
Ahmad garajni ochib, shiftdagi osma elektr chirog‘ini yoqib ulgurganicha Erkinjon yetib keldi. U o‘ng farani ochib, lampochkalardan birini almashtirdi, so‘ng Ahmadga qarab:
– Qani, yoqib ko‘ring-chi, – dedi.
Ikkita fara baravariga yorishib, garaj devoriga nur yog‘ildi.
– Rahmat-e! – dedi Ahmad astoydil xursand bo‘lib. – Bitta fara bilan hozirgina adirdan keldim. Bilmagandan keyin qiyin ekan.
Ahmad Erkinjonga yana bir karra minnatdorchilik bildirib, mashinani garajdan olib chiqqanida xotini kutib turardi. U ildam kelib, garaj eshiklarini yopishga yordamlashdi. So‘ng bir so‘z qotmasdan oldingi o‘rindiqqa, erining yoniga o‘tirdi. Katta ko‘chaga chiqib olganlaridan keyingina yurak yutib so‘radi:
– Qaerga ketyapmiz bemahalda? Tinchlikmi o‘zi? 
– Tinchlik, – dedi Ahmad eshitilar-eshitilmas qilib.
Xotini ortiqcha savol berib mijg‘ovlanib o‘tirmadi. Umuman Latofat vazmin, kamgap, bama’ni ayollardan. Erining fe’lini yaxshi biladi – muhim gap bo‘lsa, vaqti-soati bilan aytadi, bo‘lmasa: “Senga qizig‘i yo‘q. Boshingni qotirib o‘tirma!” deb qo‘ya qoladi. 
Ahmad rulga o‘tirsa bironta mashinani oldiga tushirmas, ayniqsa shahar tash­qarisidagi tezlik cheklanmagan katta yo‘llarda shamolday uchirardi “Jiguli”sini. Dastlabki paytlarda manzilga yetgunga qadar yuragini hovuchlab o‘tiradigan Latofat asta-sekin ko‘nikib ketdi. Hozir esa yo‘l chiroqlari ko‘kimtir nur sochib turgan, mashinalar ancha siyraklashib qolgan keng ko‘chalardan sekinlik bilan o‘tib borishardi. Latofatga bu hol g‘ayri tabiiydek tuyuldi. Ular Toshkent – Chirchiq yo‘liga chiqqachgina mashina bir oz jonlandi.
Ahmad ustma-ust sigareta tutatib, yo‘ldan ko‘z uzmay ketib borardi. Dili xufton, xayollari parishon, uzuq-yuluq. Bir o‘sha tuman qoplagan zimiston qishloqdagi hodisani ko‘z oldiga keltirib, uni xotirasida aniqroq tiklashga urinsa, bir mashina olgan kunini la’natlar edi.
Mashina sotib oldi-yu, tashvishi ortdi. Ilgari biron yerga borgudek bo‘lsa, uyi­dan chiqib, tramvay yoki avtobusga o‘tirardi-da, xayolan tasavvur qilib yurgan yangi asari haqida o‘ylab ketar, manzilga yetgunga qadar o‘z ixtiyori o‘zida bo‘lar edi. Borgan yerida bamaylixotir o‘tirar, kezi kelganda ulfatlar bilan qittak-qittak “otib” turar, xullas, erkin qush edi. Endi esa... 
Shu mashinasiz ham kuni o‘tayotgan, hayotni, yaqin-yiroqdagi tabiat manzaralarini ko‘ngliga siqqanicha o‘rganayotgan edi. Olismi, yaqinmi, qaerga otlanmasin, mo‘l­jallagan manziliga yetolmay qiynalgan payti bo‘lmagan. Odamlarimizning rassomlarga hurmati balandligidanmi, gapi yerda qolmaydi. Har qadamda ko‘mak qo‘llarini cho‘zib turishadi. Respublikada Ahmad Nabiev bormagan biron manzil, u ko‘rmagan biron xushmanzara joy qolmagan hisobi. Hatto cho‘ponlardan o‘zga biron kimsaning oyog‘i tegmagan Surxon vohasining olis cho‘llarida ham bo‘lib, anchagina etyudlar, o‘zining iborasi bilan aytganda, “zagatovka”lar bilan qaytgan, keyinchalik o‘shalar asosida yaxshigina asarlar yaratgan edi. 
Latofat mashinaga o‘tirganlaridan beri ustma-ust sigareta tutatayotgan eriga bir qarab olib, tek emas, biron hodisa yuz bergan, degan fikrni dilidan o‘tkazdi-yu, xit bo‘lib kelayotgan yuragi taka-puka bo‘lib ketdi. “Hoynahoy bir narsa bo‘lgan. Aks holda bunaqa bemahalda yo‘lga chiqmasdik!”
– Nima bo‘ldi o‘zi?! – deb yubordi oxiri o‘zini tutolmay, ovozi titrab chiqdi. – Siz ham biron marta bundoq sir bersangiz asakangiz ketadimi?!
– Hali o‘zimam aniq bilmasam, nima deyman!
– Nimani bilishingiz kerak, dadasi? Odamni qo‘rqitmang-da! – dedi Latofat yalingudek bo‘lib.
Ahmad rostdan ham nima bo‘lganligini aniq aytolmasdi. U faqat gumonsirar, bu gumonlar yuragiga vahima solib, qalbini kemirar edi. Hozir ana shu taxminlarni aniqlash, to‘g‘rirog‘i, ularga chek qo‘yish yoki... mashinada odam bosib, qochib ketgan jinoyatchi degan isnodni ko‘tarib qaytish uchun ketayotgan ekan, buni xotiniga aytib, podadan oldin chang chiqarishning nima keragi bor... 
Chotqol etagidagi yalang adirga o‘tgan yili bahorda oila a’zolarini lola sayliga olib chiqqan edi. Ahmad o‘shanda xotini, bolalarini ortda qoldirib, adirni yolg‘iz kezar ekan, atrofga suqlanib nigoh tashlar, tog‘ etagiga tutash sayxonlikning beqiyos manzarasi uni hayajonga solardi. Qo‘l cho‘zsa yetgudek parqu bulutlar orasidan sizib taralayotgan oftob nuri ularga shunaqa beqiyos, antiqa bir rang baxsh etardiki, uni nainki so‘z bilan ifoda etish, hatto mo‘yqalam vositasida nihoyasiga yetkazib tasvirlash ham amri mahol.
Ahmadni o‘ziga rom qilgan, uni har shanba bu yerga yetaklab kelayotgan kuch ana shu ranglar edi. Bugun ham adirga odatdagidek erta tongda yetib keldi. Kun bo‘yi tinim bilmay ishladi. Hatto bir nafas dam olgani, bamaylixotir tamaddi qilgani vaqtini qizg‘andi. Termosdagi choydan bir-ikki piyola ichish bilan cheklandi. U ilhom bilan, berilib ishlagan kezlarida charchash nimaligini bilmas, vaqtning o‘tganini sezmas edi. Bugun ham shunday bo‘ldi. Quyosh botib, kech kira boshlagan bo‘lsa-da, mo‘yqalamini qo‘lidan qo‘ymas, endi xotirasida qolgan ranglarni etyudga ko‘chirar edi. Ko‘k yuzini qora bulutlar qoplab, sovuq shamol qo‘zg‘algandan keyingina ishdan bosh ko‘tarib, osmonga nazar tashladi. “Bulutlar bekorga emas. Yomg‘ir yog‘adigan ko‘rinadi”, degan fikrni xayolidan o‘tkazdi. U anjomlarni mashinaga joylashtirib ulgurmasdan maydalab boshlagan yomg‘ir zum o‘tmay jalaga aylandi. Hademay qorong‘i tushadi. Buning ustiga jala quyib turibdi. Bu esa yo‘lda yurishni yanada murakkablashtiradi. U bolaligidan olisni yaxshi ko‘rmas, shu boisdan hamisha ko‘zoynak taqib yurar, kunduzi oftobga qarshi nim jigarrang ko‘zoynak taqsa, kechqurinlari rasmona ko‘zoynak tutar edi. Lekin, aksiga olgandek, o‘sha oynagi uyda qolgan edi. “Hechqisi yo‘q, – dedi u o‘ziga tasalli berib. – Asfaltga chiqib olsam, u yog‘i oson”. U ko‘tarinki kayfiyatda edi, negaki, bugungi ish barakali bo‘ldi. Oxirgi etyud ham nihoyasiga yetdi. Uning nazarida rassomchilik biri-biridan murakkab uchta bosqichdan iborat: birinchisi – mavzu topish va ob’ektlar, ya’ni mavzuga, rassom ifoda etmoqchi bo‘lgan g‘oyaga mos keladigan manzaralar tanlash, ikkinchisi – etyudlar tayyorlash va nihoyat uchinchisi – o‘ylangan mavzuni o‘sha etyudlar zaminida matoga tushirish. Mana, nihoyat ikkinchi bosqich muvaffaqiyatli tugallandi. To‘g‘ri, hali oxirgi murakkab ish jarayonida qisman juz’iy, hatto jiddiy o‘zgarishlar ham bo‘lishi mumkin. Oldindan bir narsa deyish qiyin. Buni, ijod, deydilar! Ahmadning o‘z qo‘li bilan yoqib yuborgan tayyor asarlari ham bo‘lgan... Har qalay ikkinchi jarayon hozircha nihoyasiga yetdi. Endi ko‘lami bir yarimu ikki metrdan iborat taglik matoda ish boshlaydi... Navbatdagi ko‘rgazmaning ochilishigacha albatta tugallashga harakat qiladi.Tugallashi shart!.. 
U allaqachon asfalt yo‘lga chiqib olgan. “Jiguli” bir me’yorda zuvillab ketib borar, shatirlab yog‘ayotgan jala hamon tinmas, peshoynadagi tozalag‘ich betinim ishlar edi. Osmondagi qora bulutlar tobora pastlashib, quyuqlashib, zudlik bilan qorong‘i tushib kelardi. Ahmad faralarni yoqadigan tugmani bosdi. Ammo o‘ng chiroq yonmadi. “Bunisi chatoq bo‘ldi-yu! – o‘yladi u, so‘ng: – Mayli, muhimi chap tomondagi chiroq”, – deya o‘ziga-o‘zi dalda bergan bo‘ldi. Mashina tezligini pasaytirib, spidometrga ko‘z tashladi. Manzilga yana qirq kilometrcha qolibdi. Uning mo‘ljalicha, yana o‘n kilometrcha yursa, qishloq markaziga kirib boradi, undan keyin Chirchiq shahri boshlanadi...
Jala tindi. “Xayriyat”, dedi Ahmad xursand bo‘lib. Ammo shodligi uzoqqa cho‘zilmadi. Qishloqqa kirib borganida u yerni qalin tuman qoplab, butun qishloq zimiston tun qo‘ynida yotardi. Hatto besh-olti qadam oldindagi narsani ham ko‘rib bo‘lmasdi. Ahmad nimqora ko‘zoynak taqqanidan afsuslandi. Mashina tezligini yana pasaytirdi. Ammo bu yurishda qachon yetib boradi. Xotini ham bezovtalanib o‘tirgandir. Kechki ovqatga yetib kelaman degan edi. Soatga qaradi. Ancha vaqt bo‘lib qolibdi. Buncha beg‘am bo‘lmasa. Atigi bir soat oldinroq yo‘lga tushganda-ku, bu tashvishlaru hayajonlar bo‘lmasdi. U ana shunday o‘ylar bilan bir o‘zini koyib, bir o‘ziga-o‘zi tasalli berib ketib borar ekan, noxosdan “gup” etgan ovoz eshitilib, mashina bir siltanib o‘tdi. Itning g‘ingshigani eshitildi. Bironta sanqib yurgan itni urib yubordim shekilli, deb o‘yladi. Mashinani to‘xtatish niyatida tezlikni pasaytirib, ro‘parasidagi ko‘zgudan orqaga qaradi. Quyuq tuman aralash qorong‘i tun pardasi ortida hech narsa ko‘rinmadi.To‘xtash fikridan qaytib, yana gazni bosdi. Egali it bunaqa paytda sanqib yurmaydi. Daydi it bo‘lsa, o‘zidan ko‘rsin. Darvoqe, bosganim ham yo‘q. Turtib ketgan bo‘lsam, it zotiga jin ham urmaydi. Mashina tezligi ham baland emas.
 ...Chirchiqqa yetay deb qolganida orqasidan sirena chalib kelayotgan “Tez yordam” mashinasiga yo‘l berdi. Ketma-ket yana bir necha mashina chiroqlarini o‘chirib-yondirib o‘tib ketishdi. U esa imillab ketib borardi. Na chora. Hammasiga o‘zi aybdor. Yo‘lga sal vaqtliroq chiqsa bo‘lardi. Ko‘zoynakni esa ikkita qilib, birini mashinada olib yursa asakasi ketarmidi?! Mashinaga-ku vaqtida qaramaydi. Darvoqe, qaragandayam nimani tushinardi. O‘n yildan ortiq mashina minadi. Lekin haydashu benzin quyishdan bo‘lak narsaga aqli yetmaydi.
Ro‘paradan tepasidagi aylanma chirog‘i lovullab-lipillab yonib kelayotgan DAN avtomobili kela boshladi. Ahmad tezlikni yanada pasaytirdi.Bir farada ketayotganligi uchun to‘xtatib, tanbeh bermasa, degan fikrda yuragini hovuchlab bordi. Yo‘q, xayriyat, zuvillaganicha o‘tib ketdi. Lekin shu zumda xayoliga kelgan bir fikrdan yuragi muzladi. Bordi-yu, it emas, odam bo‘lsa-chi?! Yo‘l inspektorlari o‘sha yerga ketishayotgan bo‘lsa-chi! Yo‘q, odam emas, odam bo‘lsa ko‘rar edi. Axir shunchalik basir emas-ki, yo‘l bo‘yida turgan odamni ko‘rmasa!.. Hali-zamon quvib o‘tgan “Tez yordam” mashinasi-chi? Buncha zudlik bilan qaerdan kelayotgan ekan? O‘zi turtib ketgan odamni olib ketayotgan bo‘lsa-ya!.. 
Ahmadni yana vahima bosdi. Nega birrov to‘xtab, qaramadi? Uyga biror soat kechroq kirib borsa osmon uzilib yerga tushmasdi-ku!..
U xotinini qo‘rqitib yubormaslik uchun osoyishta bir ohangda:
– Vahima qiladigan hech narsa bo‘lgani yo‘q, – deya o‘sha voqeani gapirib berdi. – It bo‘lsa kerak, – dedi pirovardida. – G‘ingshigani qulog‘imga chalingandek bo‘ldi.
Latofatning xayoliga nimalar kelmagan edi. 
– Kechasi yo‘lda sanqib yurgan itni turtib ketganingizga shuncha vahimami? – dedi u yengil tortib. – Nima bo‘ldiykin, deb yuragim taka-puka edi. Xayriyate!
– It emas, odam bo‘lsa-chi?
– Hoy, nimalar deyapsiz?! – Latofatning a’zoi badani titrab ketdi. –Itmidi, odammidi?
– It, deb o‘ylagan edim... Lekin uni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmagach... O‘shandan beri ko‘nglim g‘ash.
– Hoy, nahot odam bilan itning farqiga bormasangiz!
– Tuman qalin edi, deyapman-ku senga... Burning tagidagi narsani ham ko‘rib bo‘lmasdi... 
Ular yana o‘n daqiqacha yurishganlaridan keyin Ahmad:
– Mana shu o‘rtada bo‘lishi kerak, – deya mashina tezligini keskin kamaytirdi... – Ha, – dedi yana picha yurishgach, – o‘ng tomonimizdagi ana u teraklarga ko‘zim tushgandek bo‘luvdi.
Ular uzoq masofaga nur sochadigan faralar yorug‘ida chap tomonga sinchkov ko‘z tashlab ketishardi. Ancha joyga borgach, birinchi tezlikda sekin yurib, orqaga qaytishdi. Ammo shubha tug‘diradigan biron narsa ko‘zga tashlanmadi. Umuman, na yo‘l bo‘yida, na undan narida biron tirik jon ko‘rinar, qishloq esa tun qo‘ynida mudrab yotardi. Hammayoq osoyishta. Demak, hech qanday hodisa yuz bermagan... Lekin oradan ancha vaqt o‘tib ketdi-da. Ahmadning ko‘ngli taskin topmadi. Xo‘sh, nima qilsin, qaerga borsin?
Ular orqaga qaytishdi.Chirchiq shahriga kiraverishda, militsiya idorasidan so‘rash kerak, degan fikr paydo bo‘ldi. Balki ular bilishar. Mashinani o‘sha yoqqa burdi.
Navbatchi – militsiya leytenanti unvonidagi yigit uning gaplarini e’tibor bilan tinglab, bir varaq qog‘ozga nimalarnidir yozdi. Ism-familiyasiyu turar joy adresini qayd qildi. So‘ng Ahmadning hujjatini ko‘zdan kechirar ekan:
– Sizni taniyman. Rasmlaringizni ko‘rganman, – deb qo‘ydi. – Ahmad aka, xotirjam bo‘ling, – dedi so‘ng jilmayib. – Bunaqa hodisa bo‘lganligi to‘g‘risida bizda hech qanday ma’lumot yo‘q... Biron narsa bo‘lsa darrov bizga xabar berishadi.Uyingizga borib bemalol dam olavering.
Ahmadning dili yorishib, mamnuniyat bilan:
– Rahmat! – dedi.
U xushta’b navbatchi bilan xayrlashib, eshik tomon yurdi. Ostonaga yetganida leytenant orqasidan:
– Biron gap bo‘lsa chaqiramiz, – dedi.
Ahmadning diliga yana xiralik tushdi. Ammo xotiniga: 
– Tinchlik. Hech qanday hodisa sodir bo‘lmabdi, – deya uni tinchlantirdi.
– Biram vahimachisiz-ey! – Latofat erkali jilmaydi.
Uyga qaytganlarida soat tungi ikkiga yaqinlashib qolgan edi. Ahmad vannaxonaga kirib yuvinib chiqqandan keyingina qattiq charchaganligini his eta boshladi. Tamaddi qilishga ham xushi bo‘lmadi. Yechinib to‘shakka yotdi. Ammo uyqusida halovat bo‘lmadi. Kechasi bilan alkash-chalkash tushlar ko‘rib, bosinqirab chiqdi. 
Va tong yorishishi bilan mashinasiga o‘tirib, yana o‘sha qishloqqa yo‘l oldi. Bu safar maqsad aniq: qishloqdagilardan surishtiradi. Birov bo‘lmasa, boshqasi bilar. Lekin kimdan so‘ramasin, yelka qisib, xabarimiz yo‘q, deyishdan nari o‘tishmadi. Nihoyat, ko‘cha eshik oldidagi supachaga to‘shalgan bir parcha eski sholchada o‘zini oftobga solib o‘tirgan kampirga yaqinlashdi. Salom berib, hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi. So‘ng maqsadga o‘tdi. Kampir uning so‘zlarini e’tibor bilan tinglab:
– Voy, bolam, o‘sha sanmiding? – deb so‘rab qoldi-yu, Ahmadni qo‘rquv bosdi. 
– Ha, menman... – dedi Ahmad. O‘z ovozini zo‘rg‘a eshitdi.
– Ha, boyoqish-a, kel, bu yerga o‘tir, – deya kampir yonidan joy ko‘rsatdi. Ahmad battar bo‘shashdi. Kampir nega achinganday qarayapti menga? Demak...
– Kimni bosibman?..
– Nima deyapsan, bolam?.. Voy-voy ranging bo‘zday oqarib ketdi-ya. Men senga odam bosding, dedimmi? Kartishkamizni, bir qop kartishkamizni turtib, sochib ketibsan.
– Rosttanmi?! – Ahmadning ko‘zlari chaqnab ketdi.
– Ha-da, – deb javob berdi kampir. – Halitdan beri nima deb javrayapman sanga!
– Uzr, xolajon, – Ahmad xursand bo‘lganidan o‘rnidan turib oldi. – Ming karra uzr.
Kampirning kichik o‘g‘li Chirchiq bozoriga eltib sotish uchun bir necha qop kartoshkani yo‘l bo‘yiga olib borib qo‘ygan. Lekin hadeganda mashina bo‘lavermagan. Jala yog‘ib, tuman tushgach, ularni uyiga qayta tashiy boshlagan. Oxirgi qopni esa mashina urib ag‘darib ketgan. “Jiguli”ning orqasidan: “Ko‘rmisan!” deb so‘kinib qolgan ham kampirning o‘g‘li ekan.
Kampir shularni bor tafsiloti bilan gapirib berib, pirovardida:
– Ehtiyot bo‘lib, sekinroq yursalaring bo‘lmaydimi? Orqa-oldilaringga qaramaysanlar. Buncha yelib-uchmasalaring! – deya javragan bo‘ldi. Lekin zahrini sochmadi.
Ahmad kecha oqshomdan beri o‘zini ne ko‘ylarga solib kelgan jumboqni yechib bergan kampirdan cheksiz minnatdor edi. Undan qayta-qayta uzr so‘rab, mashinasi yoniga qaytdi. Eshikni ochib o‘rindiqqa o‘tirdi-yu, birdan bo‘shashib ketdi. Aql-hushini yo‘qotgandek bir nuqtaga tikilganicha uzoq o‘tirdi. Nihoyat qaddini rostlab, cho‘ntagiga qo‘l soldi. Sigareta olib tutatdi. Shu payt ro‘parasidagi ko‘zguga ko‘zi tushdi-yu, undagi o‘z aksini ko‘rib, hayron bo‘ldi. Kechadan beri soqol-mo‘ylovi olinmagan, yuzi so‘lg‘in, uyqusiz ko‘zlari horg‘in boqar edi.
– Uyga borish kerak, – dedi o‘ziga-o‘zi. Bolalari, xotini ko‘z oldiga kelib, chehrasi yorishdi.
Ammo motorni o‘t oldirishga yuragi dov bermas, kalitga qo‘l uzatsa, oyoqlari qaltirab, vujudini titroq bosar edi.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.