OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muyassar Tilovova. Hayot daraxtlari (hikoya)

“Bu voqea juda qadimda bo‘lgan ekan. Podsholaru qullar zamonida, tinimsiz urushlar vaqtida...
O‘z mamlakatidagi qirg‘inlardan bezor bo‘lgan bir odam boshqa yurtga ketishga qaror qilibdi va yolg‘iz yo‘lga chiqibdi. Sababi oilasi, bola-chaqasi bosqinlar paytida halok bo‘lishgan ekan. Ko‘p mashaqqatlar chekib olis yo‘lni bosib o‘tgan odam begona bir yurtga yetib kelibdi. Lekin ko‘zlariga sira ishonolmabdi. Chunki bu yerda ham ahvol o‘sha-o‘sha ekan. Ammo asl muammo bunda emas. Begona yurt, begona tuproq, begona odamlar undan yotsirabdi. O‘z saflariga qo‘shishni istamay, har qadamda turtkilayveribdi. Haligi qochoq dunyo¬da o‘ziga joy torlik qilayotganini, shunday katta zamin bag‘ridan bir parcha panoh berishni istamaganidan tushkunlikka tushib, bu mamlakatdan ham bosh olib ketibdi. Lekin endi qaerga ketayotganini bilmas, boshi oqqan yoqqa qarab yuraveribdi. U goh hushi o‘zida bo‘lib, gohida holsizlikdan, issiqdan yiqilib yotar, o‘ziga kelgach esa sudralib yana yo‘lga tushardi. Boshi-yu adog‘i yo‘q zaminda yolg‘iz tentirardi. Yo‘lovchi shoshilmas, chunki oshiqayotgan na manzili, na maqsadi bor ekan.
Shu zaylda uzoq yo‘l yuribdi. Bir payt qarasa chek-chegarasiz yalanglikning o‘rtasida emish. Bu yerda bitta o‘zi qo‘qqaygan yakka daraxtdan bosh¬qa jon alomati ko‘rinmasmish. Ilojsiz yo‘lovchi oyoqlarini sudragancha amallab o‘sha daraxt ostiga yetibdi. Yoz o‘rtasi emasmi, daraxt mevalari g‘arq pishib yerga to‘kilgan ekan. Qorni och, chanqagan, holsiz odam mevadan yutoqib yebdi. Lekin tanasiga kuch kirmabdi. Chunki chan¬qoqlik sillasini quritgan, atrofda esa bir tomchi suv asari ko‘rinmasdi. Oxiri, o‘limiga ko‘zi yetgan yo‘lovchi hayotdan umidini uzib daraxt ostiga cho‘zilibdi, alahsirabdi. Qaqragan lablarini bazo‘r qimirlatib suv so‘rabdi. Shu payt quloqlari ostida kimning¬dir mayin ovozi eshitilibdi. Avvaliga yo‘lovchi menga shunday tuyulayotgandir deb o‘ylabdi, ammo ovoz hadeganda tinavermabdi. Kimdir mana suv, ichib ol deb chorlarmish. Yo‘lovchi oxirgi kuchlarini to‘p¬lab, ortiga o‘girilibdi va ko‘zlariga ishonmabdi. Haligi daraxt tilga kirib, tanasidan tomchilab suv chiqarayotganmish. Yo‘lovchi suvdan simirib o‘ziga kelibdi. Daraxt yo‘lovchiga chanqasa suv, ochqasa mevasidan berib, oftobda qolganida soya bo‘libdi. Kunlar shu zaylda o‘taveribdi. Toki o‘tkinchi karvonning yo‘li yalanglikka tushmaguncha...”.
Botir aka hikoyaning shu yeriga kelganida to‘xtaydi, davomini negadir aytgisi kelmaydi.
— Keyinchi, amaki, keyin nima bo‘libdi? – deya qiziqsinib so‘raydi bola.
— Oxiri biz kutganchalik yaxshilik bilan tugamaydi, o‘g‘lim, — deydi u xo‘rsinib va qisqagina qilib aytib qo‘ya qoladi.
“Xullas, yo‘llari hali olisligini bilgan karvon o‘tini biror kunimizga yarab qolar deya daraxtni kesib, g‘o‘lalarga ajratib aravaga ortgancha olib ketibdi”.
Botir akaning bu gapini eshitgan bolaning hayratdan ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketadi.
— Yo‘lovchi daraxtimga tegmanglar demabdimi, a?
— Bunisini bilmayman. Lekin suv beraman deb chaqirgan daraxt, kesishayotganlarida lom-mim demabdi. Tanasidan yana chakkillab suv sizdirgancha indamay turaveribdi. Eshitganim shu. So‘rayverib mahmadonalik qilma.
Cho‘ponning o‘g‘illari hikoyani oxirigacha eshitar-eshitmas unutib yuborishadi. Otasining bu ertagi ularga zerikarli bo‘lib tuyuladi. Qo‘shni bola esa jon qulog‘i bilan ting¬lar, hikoyaning ich-ichiga kirib ketardi.
— O‘sha daraxtni qaerda o‘sganini siz bilasizmi? – deydi biroz turib, suhbat mavzusi butunlay boshqa narsaga ko‘chgandan keyin.
— Qaysi daraxtni?
— Haligi yo‘lovchini o‘limdan saqlab qolgan daraxtning-da.
— Ha uni aytyapsanmi? Unga o‘xshagan hayot daraxtlari odamlardan qo‘rqib, ular yashaydigan joylarda o‘smay qo‘yibdi. Uzoqlarga, huv anavi cho‘qqilarga qochib ketibdi, — deya cho‘pon qo‘lini tog‘ tomonga niqtaydi.
— Men adashib qolsam-u, o‘sha daraxtga duch kelsam yordam beradimi?
— Nimaga endi bermas ekan? Sen begunoh bolasan. Dunyoda bolalarni hamma yaxshi ko‘radi.
— Yolg‘on…
Bolakayning favqulodda bu javobidan cho‘pon esankirab qoladi.
— Nega endi yolg‘on bo‘larkan?
— Hamma deganingiz yolg‘on-da.
U labini solib, qovoqlarini uyadi.
Botir cho‘pon bo‘lsa bolaning chiroyini ochish uchun suhbatni boshqa gapga ulaydi.
— Qani, ovqatga qara. Bobong xavotirlanib o‘tirgandir.
— Siz shunday daraxtni ko‘rganmisiz?
— Yo‘q, men cho‘qqilargacha yetib bormaganman. Yo‘l uzoq, buning ustiga xatarli. Qo‘ylarimni tog‘ etagidagi yaylovda o‘tlatib, keyin qaytib kelaman.
— Agar meniyam shunday daraxtim bo‘lganida uni kesishlariga qo‘ymasdim.
— Tovba, — deya asabiylashishni boshlaydi cho‘pon, — bir gapni hadeb qaytaraverasanmi endi? Sovib qolmasidan ovqatingni ye.

* * *

Bu gal cho‘ponnikida ishtahasizgina ovqatlanagan bolakay uyiga qaytayotganida vaqt tushdan og‘a boshlagandi. U shoshilmas, chunki bobosi hali uyg‘onmaganini bilardi. Erinibgina qadam tashlarkan, negadir xayolidan Berdi bobo ketmay qoldi.
“Ichkilikka mukkasidan ketgan chol bir cheti uchgan kemtik kosaga ko‘zachaning tagida qolgan musallasni so‘nggi tomchisigacha siriqtirib quydi. Ko‘zaning og‘zini yaxshilab yaladi. Turtsa yiqilgudek bo‘lib gandiraklashiga qaramay, lipillab turgan kosani bir ko‘tarishda sipqordi. Ichib bo‘lgach, chuqur nafas oldi-da, yakkam-dukkam soqoli va lab-lunjiga yopishgan musallas yuqini artishga ham holi kelmay, yonboshidagi yostiqqa shilq etib ag‘nadi. Taxtalari g‘ichirlab, bir yonga qiyshayib qolgan chorpoya atrofida ko‘pdan beri kuymalanib yurgan bolakay bobosining ahvoliga zarracha parvo qilgani yo‘q. Chunki Berdi aroqxo‘rning doimgi odati bu. To‘yib ichadi-da, o‘likday qotgancha soatlab uxlaydi”.
Bunday paytlarda esa nabiraning kuni tug‘adi. Uzum achitiladigan bochkalar to‘la ombor eshigini tambalaydi-da, ko‘chaga qarab chopadi. U uzumzorni, omborni tashlab uzoqqa ketolmaydi. Boradigan yeri faqat bitta. Tepalik ustiga chiqib, atrofni kuzatadi. Bu yer yaxshi joy. Qishloq oralab o‘tgan ilonizi yo‘l, uzumzor, bobosi soyasida uxlab yotgan katta o‘rik, ombor, uylarning tomlari, onasi ishlayotgan dala: hamma-hammasi kaftdagiday ko‘rinadi. Ayniqsa, o‘zlariga yaqin turadigan qo‘shni bolalarning hovlisini kuzatish juda maroqli. Bu uyda Botir cho‘pon, xotini va uch bolasi yashaydi. Botir cho‘pon tong yorishmasdan chorvasini haydab yaylovga ketishini, kun botarda qaytib oilasi bilan supachasida ovqatlanishini bola ko‘p kuzatgan. Va keyinchalik cho‘ponning uyda ekanligini bilsa, ularnikiga boradigan bo‘ldi. Cho‘pon toqqa ketgan paytlarda bunday qilmaydi. Negadir uning xotini va o‘g‘illaridan begonasiraydi, iymanadi. Faqat cho‘ponning o‘zigagina erkinsiydi. “Esiz, bekor Botir cho‘ponnikida tug‘ilmagan ekanman...”
Bolaning fikri uyiga yaqin qolganida negadir o‘zgardi. Ortiga o‘girilib, dala tomon yo‘l soldi. Dalada onasi bor. Bola onasini erta bahordan to kech kuzgacha o‘sha yerdan topish mumkinligini yaxshi biladi. Yaqindagina g‘alladan bo‘shab shudgorlangan angordan borarkan, Oltin opa o‘g‘lini uzoqdan payqadi.
— Yer yutkur bobong yana bo‘kib ichdimi deyman?
O‘g‘li yoniga yetishi bilan onaning birinchi bergan savoli shu bo‘ldi.
Bola javob bermadi. Faqat boshini sarak-sarak qildi.
Ayol yulayotgan o‘tini tashladi-da, taqir yerga cho‘kdi. Boshidagi ro‘molini olib o‘g‘lining tagiga to‘shadi.
— Ovqatlandingmi?
— Ha.
— Aldamayapsanmi?
— Yo‘q.
Qorachadan kelgan yuzi oftobda kuygan, ajinlari battar chuqurlashgan Oltin opa peshonasidagi terni tuproq changallayverganidan yorilgan kaftlarida sidirib tashladi.
— Bobong tag‘in urmayaptimi?
— Siz janjal qilib kelganingizdan beri yo‘q.
Bola bu gapni aytishga aytdi-yu, belidan hali ketib ulgurmagan kaltak izlarini yashirib, ko‘ylagini pastroqqa tortdi.
— Yaqin orada dadang kelmadimi? – deya mavzuni o‘zgartirdi ayol.
— Yo‘q, kelgani yo‘q.
— Shaharlik xotinchasiga poy-patak bo‘lib yurgandir-da qishloqda o‘g‘li, otasi borliginiyam unutib. Men u nomardni xudoga solganman. Menga bergan azoblari yuz karra ziyodroq bo‘lib qaytsin o‘ziga. Gulday oilamni buzgan megajinni ham qarg‘aganman. Menga qilganlari o‘zigayam qaytmasa rozimasman...
Bola onasini ovutishni ham, ovutmaslikni ham bilmaydi. Qo‘y ko‘zlarini mo‘ltaytirgancha jim o‘tiradi.
Shu taxlit kechgan suhbatdan keyin bola yana uyiga qaytdi. U har gal onasining yoniga otlanarkan, qanday gap eshitishini, onasi oh-voh qilishini bilib turardi.
Bolakayning xayolidan yo‘l bo‘yi Botir cho‘pon aytib bergan hikoyadagi daraxt ketmay qoldi. “Agar imkonim bo‘lganida edi, o‘sha cho‘qqiga chiqib, yo‘lovchi uchun, karvondagi odamlarning gunohi uchun daraxtlardan kechirim so‘rardim, — deya o‘yladi u. — Ularni yana biz tomonlarda o‘sishini o‘tinib so‘rardim”.
Xayol bilan bo‘lib, darvozalari lang ochiqligini, ichkarida dadasining mashinasi turganini hovli yoniga yetganidagina payqadi. Demak, dadasi shahardan qaytibdi. Odatda, farzandlar otasini ko‘rganda xursand bo‘lib ketishardi, lekin bolaning yuragi uvishdi. Istamaygina ichkari kirdi. Bobosi hamon uxlar, uning tepasida tik turgan dadasi esa uzumzorni kuzatardi. Hovlida o‘gay onasi va ukalari ko‘rinmadi. Lekin uy ichidan bolalarning chug‘urlashayotganini eshitib, ular ham kelganini bildi.
— Ey Hikmatjon, qaerda yurganding. Kelsak yo‘qsan, — deya o‘g‘liga peshvoz chiqdi O‘ktam aka.
Bola indamadi. Tund kayfiyatda, nima deyarini bilmay jim turaverdi.
— Dadangni sog‘inmadingmi?
Chorpoyadan pastga tushgan O‘ktam aka o‘g‘lini bag‘riga bosdi.
Ammo bola iliq mehr, taftni tuymadi. Xuddi begonalardek otasining quchog‘idan chiqishga urinib, tipirchiladi.
 Yotsirayotgan o‘g‘lining ahvolini tushungan ota bolani boshqa majburlamadi.
— Bobong rosa ichganmi deyman? Kelganimizniyam sezgani yo‘q.
Hikmat iymanibgina yelka qisdi-da, otasining yoniga cho‘kdi.
— Shu yil maktabga chiqishing kerakmi?
— Yo‘q, o‘tgan yili borishim keragidi. Bobom uzumda hosil ko‘p, yig‘ib olaylik kelasi yil chiqasan, deb ruxsat bermadi.
— Mayli qo‘yaver, seni o‘zim bilan olib ketaman. Shaharda o‘qiysan. Qishloq maktabiga chiqmaganing durust bo‘libdi. O‘zi qishloqqa seni olib ketish bahonasida kelgandim. Kerakli narsalaringni ol. Qolganini shahardan olib beraman. Ertaga ertalab yo‘lga tushamiz.
Otasidan shaharga ketish xabarini eshitgan bolaning rangi o‘zgardi.
— Men ketsam bobom yolg‘iz qoladi, — dedi u nihoyat uzoq o‘ylanib turgach.
— Bobong yolg‘iz yashashga o‘rganib qolgan. Ulfatlariyam yolg‘izlatib qo‘yishmas. Agar haliyam men bilgan qariya bo‘lsa, odam bolasidan ko‘ra musallasni yaqinroq oladi o‘ziga. Sen bobongni qo‘y, — deya o‘g‘lining yelkalaridan ushladi O‘ktam aka.
 Hikmat yerga qarab turarkan indamadi, faqat burnini tortib qo‘ydi. U otasiga shaharga bormasligini, shu yerda qolishini qanday aytishni bilmas, buning ustiga O‘ktam aka ham o‘g‘lidan javob kutib turardi. Shu payt yaxshiyamki chorpoyada uxlayotgan Berdi bobo uyg‘onib qoldi.
— Ey ota, kayfingizam bor bo‘lsin, tarqadimi?
Chol O‘ktam akaga qarab qizargan ko‘zlarini ishqalagancha nimadir deb g‘udrandi. Ota-o‘g‘ilning suhbat bilan andarmon bo‘lib qolganidan foydalangan bolakay sekin uzumzor tomon ketdi. U omborni aylanib o‘tib, xilvatroq joyga borib cho‘kdi. Bola ko‘pincha bobosidan kaltak yegan paytlarda shu yerga kelib berkinar edi. Hozir kaltak yegandan ko‘ra qaltisroq vaziyat. Endi nima qilsin?

* * *

— Meni-ku bir o‘zimni tashlab ketding, endi Hikmatniyam olib ketasanmi?
— Ota, men sizni tashlab ketganim yo‘q. Shaharda biz bilan yashang desam o‘zingiz ko‘nmadingiz. Manavi uzumzoringizni ko‘zingiz qiymadi.
— Shu uzumzorning orqasidan shaharda o‘qiding. Uni mensimay gapirma.
— Minnat qilmang. Bu burchingiz edi.
— Lekin sen o‘g‘il bo‘lib oldimdagi burchingni bajarganing yo‘q. Xullas, gap tamom. Hikmat hech qaerga ketmaydi. Men bilan qoladi.
Uyg‘ongan paytida kayf sabab biroz g‘o‘ldirayotgan chol endi jiddiylashgan, gaplari qat’iy yangrardi.
— Xo‘sh bola sizning qo‘lingizda qoldi deylik, u ertaga kim bo‘ladi?
— Kim bo‘ladi deganing nimasi? Uzumzor katta, mehnat qilsa, och qolmaydi.
— Siz bir narsani tushunmayapsiz, ota. Hikmat o‘qishi kerak. Siz hal globallashuvni, shahar madaniyatini, turmushini, fan-texnikani, manovi omboringizdan boshqayam dunyoda ko‘p narsalar borligini tushunmayapsiz.
— O‘qisa, shu yerdayam maktab bor. Sen o‘z qariching bilan bolaning dunyoqarashini o‘lchama.
Qaysar cholga gap topish qiyinligini bilgan o‘g‘il asabiylashib ustma-ust, bosib-bosib sigaret tutatdi.
— Sizga qattiq botmasin deb, aytmay turgandim, ota, lekin o‘zingiz tilimni qichityapsiz. Sizni aslida uzumzor bilan ham, Hikmat bilan ham zarracha ishingiz yo‘q. Faqat omboringizdagi musallaslaringizni o‘ylaysiz. Faqat ularnigina yaxshi ko‘rasiz.
Chol O‘ktamning gaplarini jim turib eshitdi. So‘ngra salmoqlanib o‘zi ham boshladi.
— Ha otang aroqxo‘r odam. Buni tan olaman. Lekin sen o‘zing odamgarchilikdan allaqachon chiqib ketganingni, ishning, pulning quliga aylanganingni bo‘yningga olasanmi?
— Hozir zamon shunday. Ishlagan yaxshi yashaydi.
— O‘t ketsin zamoningga. Zamon o‘zgarmagan. Senga o‘xshagan ablahlar o‘zgartirgansanlar uni. Bolani o‘z holiga qo‘y. U shaharda o‘gay ona, o‘gay ukalar bilan bir uyda yashashi qiyin. Agar bilganingdan qolmaydigan bo‘lsang, shu daqiqadan bolam yo‘q deb hisoblayman.
Ota va o‘g‘ilning orasiga sovuqchilik tushganiga ko‘p yillar bo‘lgan. U vaqt o‘tgan sayin maddalab boraverib, mana bugun og‘riq berdi. Og‘riq berganida ham butun tanni achishtirib, tirnalab og‘ridi.
O‘ktam otasiga ters o‘girilib, shaxdam qadam tashlagancha uy tomon yurdi. Ichkariga kirish oldidan esa Hikmatni chaqirdi.
— Hikmat, qaerdasan, o‘g‘lim? Tayyorgarligingni ko‘r, hoziroq shaharga qaytamiz.
Bola ombor orqasida ko‘rinmagani bilan bu yerdan turib hovlidagi baland ovozni bemalol eshitardi. “Shaharga jo‘naymiz” Otasining shugina so‘zi bolaning yurak-yuragini larzaga keltirdi. O‘ktam akaga qarshilik ko‘rsatish befoyda, ammo shaharda yashash… Bu haqda o‘ylashning o‘ziyoq bolani vahimaga soladi. Onasining o‘gaylashini, ukalarining yotsirashini otasiga qanday aytsin? Bolaning nazarida u berkinadigan biror yer qolmagandek edi. Nima qilishni bilmay ikkilanib turarkan, unga maqsad sari dadil qadam tashlashga dadasining navbatdagi chaqirig‘i sabab bo‘ldi. “Men Botir cho‘pon aytgan daraxtlar yoniga ketaman”. Hikmat shu jumlani shivirladi-da, uzumzor oralab chopqillab ketdi. U cho‘pon ko‘rsatgan cho‘qqilar tomonga, hayot daraxtlarining oldiga shoshardi...
“Hikmat yo‘qolibdi”.
Ertasiga butun qishloqqa vahimali xabar tarqaldi. Odamlar qo‘lidan kelgancha izlashdi, hech qaerdan topisholmagach, har kim o‘zicha taxmin qilardi. Birov daryoda oqqan desa, birov bo‘ri g‘ajigan bo‘lsa kerak derdi. Eng to‘g‘ri gapni esa cho‘qqilar tomonga ko‘zlarida yosh bilan qarab turarkan Botir cho‘pon aytdi: “Ishqilib, hayot daraxtlariga yo‘liqqan bo‘lgin-da, bolakay”. Ammo uning shivirlaganini hech kim eshitgani yo‘q.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.