OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nabi Jaloliddin. Ayol (hikoya)

Lang ochiq temir darvozadan kirib kelgan uringanroq “Neksiya” o‘ng tarafdagi vagon-uydan biroz o‘tib to‘xtadi. Uning orqa eshigidan yuz-ko‘ziyu harakatlaridan chinakam amaldorlardek ko‘ri¬nishga astoydil chiranayotganligi sezilib turgan qirq yoshlardagi erkak shoshilmay tushdi. Eshikni yopishi bilanoq mashina nari ketdi. Birpas u yon-bu yon sinchkov nazar tashlagan bo‘ldi-da, vagon-uy oldidagi qavat-qavat allambalo kiyimlarning ustidan “yo‘lchi”larning sariq kamzulini kiyib, biqsigan, qalin, beo‘xshov qo‘lqopini yechayotgan ayolga qaradi. Ayol oyog‘idagi kigiz etik tufayli hamda eski jun ro‘molini og‘zi-burnigacha o‘rab, tepasidan tussiz qalpoq ham bostirib olganidan, bir qarashda, xiyla semizga o‘xshab ko‘rinadi.
– Shura, – deya chaqirdi rahbar ayolga xo‘mrayib.
Ayol qo‘lqopini qo‘ltig‘iga qisib, qo‘llarini qovushtirgancha unga yaqinlashdi.
– Nu kak, tinchlikmi? – so‘radi rahbar ayolga boshdan oyoq bir qur nopisand nazar solib. – Kechasi hech gap bo‘lmadimi?
– Da, tinchlik, hech gap bo‘lgani yo‘q.
– Hm-m, xorosho...  
Rahbar kechqurun yoqqan yupqa qor xafsala bilan supurilganidan ichida o‘zicha mamnun bo‘lib mashinasi ketgan yoqqa yurdi. Picha yurib to‘xtadi. Ortiga qayrildi.
– Menga qara, hov!..
Endigina vagon-uy zinasiga yetgan Shura o‘girildi.
– Tualetga bir qarab qo‘ygin, rasvosi chiqib ketibdi-yu. Shuniyam men aytishim kerakmi endi?!
Rahbar o‘ngu so‘ldagi besaranjom taxlangan eski-tuski yog‘ochu taxta, g‘ishtu yarim-yorti siniq shiferlar va tusi atrofdagi pala-partishlikka uyg‘unday anchayin ko‘rimsiz idora binosi yonidagi turfa temir-tersaklarning uyumlari oralab o‘tib, mashinadan tushayotgan haydovchiga nimadir dedi-da, o‘zini ichkariga urdi.
Shura vagon-uyga kirib, ixcham cho‘yan pechka ortidagi eshikchasi ochiq qolgani uchun sovun, tish yuvgich, shampun va yana allanimalar ko‘zga tashlangan tumba ustidagi telefonni chetroqqa surib, yoniga qo‘lqopini qo‘ydi. Burchakdan paqir, qog‘oz xaltada yana nimadir (dori shekilli) va kattaroq quruq latta olib, tashqariga qaytib chiqdi. Vagon-uy biqinidagi supurgi va shvabrani ikkinchi qo‘lida tutib, idora binosi orqasidagi hojatxona tomon yurdi. Shu odamning fe’li qiziq-da, deya o‘ylardi u rahbar haqida, sal tuzukroq muomala qilsa, bir joyi kamayib qolarmikin-a? Kibru havo deb shuni aytsalar kerak-da. Shu holida ham uning ko‘ngli g‘arazsiz edi, ro‘moli tufayli bazo‘r ko‘rinayotgan ko‘zlarida ranjish alomati sezilmasdi. Aslida u uyidan chiqar chog‘i birovdan ranjimaslikka, taqdiri neni ravo ko‘rsa, ko‘nishga qattiq ahd qilgandi. Lekin goho odamlarning gap-so‘zlarini, fe’l-atvorlarini tosh-taroziga solib, mulohaza qilishlari, o‘zicha xulosa chiqarishlari rost. Ha, nima, odamning odamdan farqi bor-da, axir. Yoki rahbar yoshligiga boryaptimikin-a? Qirqqa kirgan odam yoshmi, kattami o‘zi?.. Oldingi rahbar oltmishga borib qolganigami yo fe’li asli shunaqamidi, yumshoq ko‘ngilli, kishini ayab so‘zlaguvchi, muloyim boquvchi edi...
O’shanda Shura poezddan tushdi-yu, ko‘nglida biroz qo‘rquv va umidvorlik ila vokzalga tutash ivirsiqroq kichik ko‘cha bo‘ylab yura ketdi. Ko‘p yurmadi. So‘l yoqdagi temir ravotni ko‘rdi-yu, taqqa to‘xtadi. Jur’atsizlik bilan darvozadan kirib, keksa qorovulga ro‘para keldi. Qorovul ayol bilgan boshqa qorovullardek “egov” va “tishli” emas ekanmi yoki ishini Xudo o‘ngladimi, uni darrov rahbar tomon yo‘lladi.
Sochlari oqargan rahbar pasportini ko‘zdan kechirarkan, unga zimdan tikildi. Nigohida shafqat nuri porlab, na gumonga bordi va na ayolning pala-partish isqirt kiyimidan jirkandi. Ko‘zlar tuyqus to‘qnashganda bari ayon bo‘ldi, chog‘i:
– Ismingiz nima? – deb so‘radi rahbar.
Ayol bir muddat esankiradi, so‘ng: – Shura, – deb yubordi.
U ismini nega shunday ataganini hamon tushunolmaydi. O’zini o‘ris qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lganidan tiliga shu ism kela qoldimi?!
Shunisi qiziqki, rahbar qo‘lidagi pasportda “Sanobar”, deb yozilganini ko‘rib turgan bo‘lsa-da, “Nega ismingizni Shura deyapsiz?” demadi, ayolning shunday issiqda yuz-ko‘zini chirmab olganligidan ham shubhalanmadi. Unga yana bir bor qattiq tikildi-yu, mehribon ohangda so‘radi:
– Qorovullik qilaverasizmi?
– Menga farqi yo‘q. Muhimi, shu yerda yotib-turi¬shimga ruxsat bersangiz bo‘ldi.
“O’zbekchani chiroyli gapirarkanmi?” degan gap o‘tdi rahbarning xayolidan.
– Mayli, haligi vagon-uyda yashayverasiz. Lekin oyligi ozroq-da.
– Roziman, – dedi ayol sekingina.
– O’zi bizda qorovul shtati ikkita. Yaqinda anovi chol butunlay chiqib ketmoqchi. Charchabdi. Agar kechayu kunduz turishga rozi bo‘lsangiz, ikkala shtatning puliniyam sizga beraman. – Rahbar ta’nasiz muloyim so‘zlardi. – Kechasi qo‘rqmaysizmi?
Ayol “yo‘q” deyishga dedi-yu, ichida bir seskanib ketdi – har holda begona joy, tun bo‘lsa... Yo‘q, Xudo yarlaqab, bu yerning tunlariga ham, kunlariga ham ko‘nikdi. Rahbarni har gal uchratganida esa  musofirlik ko‘yida, xuddi yaqin bir kishisini ko‘rganday mehri iyib, diydasi yumshardi. Otasi tengi rahbar uni tergash tugul biron marta “sen” demadi. Avval qorovul bo‘shadi, keynroq u ham pensiyaga chiqib ketgach,  Shura yetimday bo‘lib qoldi. Olti oycha burun esa haydovchisini ergashtirib yangi rahbar keldi. Kela solib bechora ayolni so‘rab-surishtira boshladi, qisti qafasga oldi. Ammo Shura “g‘iq” etmadi, nima desa, itoatkorona bajardi. Haytovur, rahbar keyin-keyin sal pasaydi. Odamning odamdan farqi borligi shu-da axir...
U avval erkaklar xonasini tozaladi – zaxkash, iflos, badbo‘y hojatxonaning qop-qora polini shoshilmay supurib, axlatlarini ichkariga tushirdi, so‘ng lattaning bir bo‘lagini ho‘llab, qachonlardir bo‘yalgan, hozir dog‘-dug‘ bo‘lib ketgan devorni yuvishga tutindi. Ajabki, shuncha yoqimsiz borliq ichra oppoq bo‘lib ko‘ringan silliq qo‘llari nafisu nozik, tirnoqlari, uzun barmoqlari dilga g‘ulu hamda hayrat solgudek edi. U polni yuvayotganda haydovchi paydo bo‘ldi-da, “ix, Shura, shu yerdamiding”, deb qo‘yarkan, go‘yo hech kimni ko‘rmayotgandek narigi bo‘lmaga shosha-pisha hojat ushatib, chiqib ketdi.
Shura engashganicha yumushini qilaverdi. U yo rah¬¬¬barning “qorong‘ida topgan” haydovchisini yaxshi bilganidan unga teng bo‘lishni istamadi va yoki o‘z xayollaridan ayrilmay, balki pisandasiz hayo saq¬lashga urindi. Xayolida esa Rustam akasi... Qiziq, hojatxonani tozalayotganigami, g‘alati xotiralar yodiga tushardi.
– Ota-bobolarimiz, - degandi bir kuni Rustam, – biron qiznikiga sovchilikka borsalar, avvalo hov¬li¬siyu o‘choq-qozoni va ayniqsa, hojatxonasining saranjom-sarishta, pokizaligiga e’tibor berishgan. Chunki u kishining najasidan poklanib chiqadigan joyi-da. Kimlardir unga bo‘lakcha qarashadi, eng iflos joy deb bilishadi. Shuning uchun undaylarning uyiga, hojatxonasiga kirsang, insonligingga shikast yetadi...
Unda tibbiyot institutining oltinchi kursida o‘qi¬shardi. Ikkovini Sankt-Peterburgda o‘tadigan ilmiy seminarga jo‘natishdi. Hashamatli mehmonxonada rosa bir hafta “davru davron surishdi”. U yerdagi ahli odamga xos shart-sharoitlar, qo‘yingki, hojatxonadagi ozodalik ba’zida kishi ko‘nglida uyg‘onguvchi xo‘rlikni quv¬gandek bo‘ldi. (Hozir-ku bunaqa maskanlar Toshkentda ham istagancha topiladi).
Sanobar esa qiqirlab erkalandi:
– Agar o‘z uyim bo‘lsa, hamma narsamni xuddi shu yerdagidek tutaman.
Farishtalar “omin” degan ekan, yettinchi kursda turmush qurib, ijarada yashayotgan Rustamning televizorda har hafta o‘ynaladigan lotoreyasiga mashina yutug‘i chiqdi-yu, uni darrov sotib, puliga ikki  xonali uy olishdi. Sanobar yangi uyda  sira tinmasdi – ertalab ham, o‘qishu ishdan keyin ham uyini “yalab-yulqab” zerikmasdi. U va’dasida ham turdi – Rustam pokizalik va qulaylik og‘ushidagi huzur-halovat pinjida mas¬tu sarxush  yashay boshladi...
Shura ayollar  bo‘lmasini ham  supurib-sidirdi, haytovur, bu tomon hiyla ozoda edi. Ikkala xonaga ham dori sepgach,  anjomlarini olib, ortiga qaytdi.  Shvabra, paqir va lattasigacha chayib, bir chetga qo‘ydi. Sovuqdan qip-qizarib, shishganga o‘xshab ketgan qo‘llariga birrov ko‘z soldi-da, xonasiga kirib, pechka ustidagi choynakni, tortmadan sovunni olib chiqib, qaynoq suvni sovuq suvga aralashtirdi. Iliq suv quyib, sovun surarkan, qo‘llari avvaliga og‘riganday tuyuldi, keyinroq xush yoqdi, ammo o‘z holiga qaytgancha va to ko‘ngildagiday toza bo‘lguncha obdon sovunlab, qayta-qayta yuvdi. Malham sotib olmasam, deya o‘yladi vagon-uyga qaytib kirarkan, qo‘llarim yorilib ketadi, shekilli. Hozircha oq yog‘ surkab qo‘ya qolaman. U qo‘llarini artib, kaftlarini pechka quvuriga tutdi. Kechqurun sochimni yuvib olaman, degan o‘y xayolidan o‘tdi va burchakda to‘ntarig‘liq turgan katta tog‘oraga ko‘z qirini tashlab qo‘ydi.
Eski qora telefon tuyqus jiringlab, xayolini to‘zitdi. Juda ovozi o‘tkir-da qurg‘urning, qanday pasaytirsa bo‘larkin-a? U bu haqda telefon har gal jiring¬laganda bir qur o‘ylab qo‘yadi. Go‘shakni qulog‘iga tutdi – kotiba ekan. Bir qo‘lida telefon yonidagi qo‘lqopni o‘zi tikib qo‘ygan ipidan tutib, devordagi mixga ildi. Kotibaga javob berish asnosida krovatining oyoq tomoniga osilgan soatga qaradi – o‘n bir bo‘lib qolibdi-da. Odatdagidek “choying qaynadimi”, deya gap boshlasa kerak. Ishxonada boshqa ayol zoti bo‘lmaganidan ikkovi har kuni shu yerda tushlik qilishadi. Elliklardan oshgan, ham kotiba, ham “otdel kadr” bu ayol Shuraning aft-angoriga qarab, oldiniga undan jirkanib yurdi. Keyin-keyin yurish-turishini, tutumini zimdan kuzatib, o‘ris bo‘lsayam (negadir hamma uni o‘ris deb o‘ylardi), pokiza, chetin ayol ekanligiga ishondi, yolg‘izlik allaqachon joniga tekkanidan asta-sekin u bilan osh-qatiq bo‘la boshladi.
Shura choy damlayotganda idish-tavog‘ini ko‘tarib, kotiba kirib keldi.
– Qalaysan, Shura? – derkan, qo‘lidagilarni krovat yaqi¬nidagi ustiga gulli plyonka solingan, “qartay¬gan” stolga qo‘ydi. – Tezroq bo‘l, qornim ochib ketdi.
Shura choyni dam yedirish uchun pechkada qoldirib, kiraverishdagi qo‘lbola temir tokchadan sochiq yopilgan likobchani oldi. Likobchada parraklangan kolbasa bor edi.
– Voy, kolbasang zo‘ridanmi ishqilib? – kotiba krovatga o‘tirar-o‘tirmas kolbasadan bir dona olib, tishladi. – Hididan zo‘rga o‘xshaydi.
– Yaxshisidan, – Shura dasturxondagi nonni ushatdi. – Kechqurun ovqat qilgim kelmay, do‘kondan ozgina obkiruvdim, ortib qoldi.
– Yaxshi bo‘pti-da, men esa shavla pishiruvdim, ol! – U shavlaga qoshiq soldi. – Choyni quy tezroq, sovqotdim. Bilasanu xonalarimiz sovuq. Bu yerda sening ofising issiq xolos, Shurochka.
Ular gangir-gungir qilishib, topgan-tutganlarini paqqos tushirishdi. Nafslari orom olib, choyxo‘rlikka o‘tishdi. Shu payt avvaliga mashina ovozi, so‘ngra haydovchining shang‘illagani eshitildi:
– Shura, shefga choy damlab qo‘yinglar, men somsa obkelaman! – Gap ohangidan u kotibaning ham shu yerdaligini bilardi.
Haydovchi javob ham kutmay, mashinasida tash¬qariga chiqib ketgach, Shura kotiba keltirgan choynakka choy damlab, pechka ustida qoldirdi.
Ovqat va choy taftida yuzi chiroyli qizargan kotiba piyolani ikki kafti orasida qisib, labiga olib borarkan, Shuraga tikildi.
– Shu bolaning ja turqi sovuq-da, – dedi go‘yo o‘ziga o‘zi gapirayotganday. – Senga tegajog‘liq qilmayaptimi, ishqilib?
– Mening nimamga tegajog‘liq qiladi-ya, opa. – Uning ro‘moli qoshigacha tushib turar, og‘zini esa ovqat yeyish uchun xiyolgina ochgandi xolos. – Chiroyliroq narsa bo‘lsam ekan...
Kotiba undan nigohini uzmasdi.
– Men u ma’noda aytmadim. Bu bola odamlarni kamsitib huzur qiladiganga o‘xshaydi-da, shunga... Sen bo‘lsa, chiroylisan, Shura, faqat buni yashirasan.
Shura ko‘zlarini olib qochdi.
– Doim shunaqa deb ko‘nglimni ko‘tarasiz. Chiroy qayoqda-ya manda... – Uning terilmaganidan beo‘xshov ko‘ringan qop-qora qoshlari, pardozsiz, biroq uzun-uzun qayrilma kipriklari, qorachig‘i tim qora, oqi esa sut rangini eslatuvchi ko‘zlari xiyol so‘lg‘in, lekin tiniq, tarang oq yuzi, har qancha o‘rab-chirmamasin, ziyrak nigohlarni yondirguday edi.
Kotiba unga yana-da qattiq tikildi.
– Kimsan? – dedi balki yuzinchi bor sirli ohangda. – Kimsan, Shura? Qachon yorilasan?
– Hech kim!.. Hech kimligim baxtim mening, opa! – U jilmaymoqchi bo‘ldi, biroq uddasidan chiqolmadi. Ko‘zlariga to‘lgan iztirobni yashirish niyatida chetga qaradi.
Kotiba gapni chalg‘itish uchun u yoq-bu yoqqa alang¬ladi.
– Menga qara, Shura, doim so‘rayman deyman, esimdan chiqadi. Manovi rasmdagi kim? – U o‘ng tomondagi devorga yopishtirilgan suratga ishora qildi. – Negadir tanishga o‘xshaydi-ya?..
Bu buyuk yozuvchi Ernest Xemingueyning sochlari oppoq, yuzi qoraygan holda tushgan butun olamga mashhur surati edi. Rahmatli Rustam akasi uning asarlarini, ayniqsa, “Chol va dengiz”i bilan mana shu suratini judayam yaxshi ko‘rardi. Talabalik yillari yotoqxonasida osig‘liq turgan surat keyinroq yangi uyining devoriga ko‘chgandi.
– Bu suratda yozuvchining butun hayoti, iztiroblari, aqlu tafakkuri va nihoyat buyukligi balqib turadi, – derdi u goho faylasufligi tutib qolganda.
Institutni bitirib, ikkalasi ham osongina ishga kirishdi – Rustam kasalxonaga, u esa poliklinikaga. Ammo oradagi masofaga qaramay, har kuni birga tushlik qilishardi. Oq libosda Sanobarning chiroyi o‘n chandon ortib ketganday tuyular, Rustamning yuragi qinidan chiqquday bo‘lib, unga yutoqib tikilardi, yonida tursa ham sog‘inayotganligini his qilardi. Haftada bir kun tushlik mahali lotereya sotib olgani borardi va o‘sha kunni bazo‘r kech qilib, yuragini hovuchlagancha uyiga – xotinining bag‘riga oshiqardi. U tuzukkina shoir edi, she’rlari asosan Sanobarga bag‘ishlanardi va ungagina o‘qib berardi. Faylasufligi tutganda esa, “Chol va dengiz” haqida gapira boshlardi. Sanobar unda hali bu asarni o‘qimagandi. To‘g‘ri, bir bor o‘qishga tutindi, lekin bardoshi yetmadi, zerikib ketdi.
– Qaragin, Sano, – derdi Rustam ko‘zlari chaqnab. – Qari chol hayot bilan yolg‘iz yuzma-yuz qoladi. Chetdan hech qanday najot yo‘q. U barcha qiyinchiliklarni yolg‘iz o‘zi yengadi. Orzusidagi baliqni tutadi ham. Ammo manziliga yetganda, ko‘radiki, o‘ljasining ustixoni qolibdi, xolos. Inson hayoti ham shu, Sano, shu!..
Sanobarga bu gaplar havoyidek tuyular, biroq Rustam akasi gapirayotganligi uchungina zerikmasdi. Uning gapirishini, kuyib-pishib bir nimalarni isbotlashga urinishini, ko‘zlaridagi o‘tni yaxshi ko‘rardi. U ovqatni emas, Rustamning olovli nigohini yerdi go‘yo.
Ular baxtiyor edilar: yangi uy, yangi jihozlar, ishlaridagi yoshlarga xos “kashfiyotlar”, tushlikdagi uchrashuvlar, tungi otashu betakror huzurlar – bularning bari tugamaydigandek, eskirmaydigandek edi. Lekin hadeganda farzanddan darak bo‘lmaganidan yuraklaridagi bir-birlariga aytolmagan sim-sim og‘riq tobora ulkanlashib borardi.
Bir kuni Rustam ishdan erta, buning ustiga, horg‘in qaytdi. Kechki ovqatni apil-tapil yedi-yu, uyquga yotdi. Yarim kechada uyg‘ondi-da, yuz-qo‘lini yuvib kelib, Sanobarni uyg‘otdi. Xotini uning ko‘yida hayronu xavotirda endigina uxlagan esa-da, ko‘zlaridagi uyquni tezdagina quvib, eriga yuzlandi.
– Tinchlikmi?
Rustamning yuzi sovuq suv tarovatidan tiniq¬lashib, chiroyli bo‘lib ketganga o‘xshardi.
– Birpas gaplashib yotaylik, Sano, – dedi muloyim, ehtirosli ovozda, ko‘nglidagi qo‘rquv aralash sog‘inchni anglayolmay.
– Mayli... Shunga shunchalikmi? – Ayol erini beozor quchib, yuz-ko‘zlarini siladi. – Qo‘rqitib yubordingiz-ku!..
– Sano... – dedi Rustam yana yalinchoq ohangda. – Sen nihoyatda chiroylisan, toshkentliksan. Men bo‘lsam, xuppa-xunuk qishloqi bir bolaman. Nega menga tekkansan-a?
U hazillashmayotgandi, ammo Sanobar qiqirlab kuldi:
– Sizga rahmim kelgan-da. Bo‘lmasa, kuya-kuya ado bo‘lardingiz-da, o‘zbek xalqi zo‘r bir do‘xtirdan, – u keyingi so‘zlarni ataylab urg‘ulab aytdi, – zo‘r shoirdan, hatto zo‘r faylasufdan benasib qolardi.
– Bu gaping to‘g‘ri, – deya xo‘rsindi u, – kuya-kuya ado bo‘lardim. Agar menga bir gap bo‘lsa, hech kimga qiyo boqmagin, bo‘ptimi? Aks holda u yoqdayam kuyib ketaman. Chunki sen go‘zalsan, xaridoring ko‘p.
Sanobar uning ko‘zlariga vahm aralash tikildi.
– Ey-y, odamni qo‘rqitmang. Menga sizdan boshqasi kerakmas! – derkan, yuzini erining ko‘ksiga qo‘ydi. – Hazilingiz qursin!..
Rustam indamadi. Keyin quchoqlashgancha uxlab qoldilar.
Avval Sanobar uyg‘ondi, qarasa, erining tanasi muzlab yotibdi...
Kotiba ishni odatdagidek erta tugatdi. Darvozadan chiqishda Shura bilan xayrlasharkan, tayinladi:
– Boshliq ikkovimizning piltamizni ertaroq suqib qo‘ygin. Sovuqligidan xonaga kirib bo‘lmayapti.
– Xo‘p, opa, – deya Shura uni kuzatib qoldi.
Uning ortidan boshqa xodimlar ham birin-ketin chiqib ketishdi.
Ko‘p o‘tmay qorovulxona eshigi oldida turgan Shuraning ro‘parasida haydovchi paydo bo‘ldi.
– Menga qara, Shura, – dedi u soqqasi bo‘rtgan katta ko‘zlarini sirli olaytirib,  – Shefni uyga tashlab, ikkitasini obqaytaman. Xonangda bi-ir maza qilaylik. – So‘ng idora binosiga ishora qildi. – Naryoq sovuq-da, bo‘ptimi!
Shura avvaliga uning gapini tushunmadi, keyin esa hayosiz nigohidagi ma’noni uqqanday bo‘ldi-da, nima deyishni bilmay, esankiradi.
Haydovchi mashinasini darvoza oldiga olib kelib qo‘ydi. Ortidan qo‘llari cho‘ntakda, rahbar chiqdi. U sir boy bergisi kelmay, Shuraga shusiz ham har kuni qiladigan ishlarini buyurdi:
– Kechqurun katta chiroqni yoqib qo‘ygin. Ertalab u yoq-bu yoqlarni yaxshilab supur. 
Shura yolg‘iz qoldi. Darvozani yopib, xonasiga kirdi. Huvillagan xonada faqatgina soatning chiqillashi eshitiladi. Yuragini yana tanish vahm bosdi. Undan qutulish niyatida xayolini chalg‘itmoqchi bo‘ldi: nima ovqat qilsamiykin-a, deya o‘yladi, mastava qila qolaman. U qorin to‘yg‘azish emas, ko‘proq vaqt o‘tkazish uchun ovqat pishirardi. Kichkina qozonchasini pechkaga qo‘yib, yog‘ quydi-da, masalliqlarni to‘g‘rashga tushdi. Yog‘ qizigach, bir qoshiq olib,  sovutdi va shishinqiragan qo‘llariga surkadi. Keyin masalliqlarni qovurib, suv quydi-da, qozoncha qopqog‘ini yopdi. Bugun sochimni tarolmayman shekilli, deya o‘yladi burchakdagi tog‘oraga ko‘zi tushib, tag‘in haligi so‘xtasi sovuq kelib qolsa... Ust-boshi bilan krovatga yonboshladi. Yonboshlarkan, nigohiga Xemingueyning surati urildi. Bir pas tikilib yotdi. Yana yozuvchining tanish nigohi bilan to‘qnashdi. Bag‘ri o‘rtanib, xo‘rlanish junbushga keldi va shuning barobarida yostig‘i ostidagi “Chol va dengiz” esiga tushdi. Eskirib, rangi uniqib ketgan qadrdon kitobni qo‘liga oldi. Beixtiyor varaqladi. Allaqaysi sahifada to‘xtadi. Ko‘zlari xonaning xira yorug‘iga ko‘nikib, harflar tiniqlashgach, qariyb yod bo‘lib ketgan so‘zlarni ovoz chiqarib o‘qiy boshladi:
“Shamol – bu, so‘zsiz, bizga birodarku-ya, – deb o‘yladi u va keyin qo‘shib qo‘ydi: – darvoqe, har doim ham shunday emas. Ko‘z ilg‘amas dengizni olsak – u ham do‘stu dushmanlarimizga to‘la. To‘shak-chi... – o‘ylardi u. – To‘shak – birodarim. Ha-da, xuddi shunday, oddiy to‘shak. O’ringa oyoq cho‘zish ayni hikmatning o‘zi. Yengilib bo‘lganingdan keyin yelkangdan tosh ag‘darilganday yengil tortasan qo‘yasan! – xayol qildi u. – Men buning shunchalik oson bo‘lishini bilmasdim... Kim ham seni yenga qoldi o‘zi, chol? – so‘radi u o‘zidan. – Hech kim, javob berdi u. – Aybim shuki, men dengizda haddan tashqari uzoq ketib qoldim”.
Jim qoldi. Bo‘g‘zi kuyib, bag‘ri battarroq o‘rtandi. Ko‘zlariga yosh to‘ldi. “Mana, Rustam aka, o‘sha siz aytgan hayot bilan yolg‘iz yuzma-yuz turibman”, – dedi chiyillab va entikib ketdi. “Yolg‘iz o‘zim qoldim, Rustam aka!” Chol-ku o‘z orzusidagi ulkan baliqni tutdi. Lekin uni “dushmanlar” yeb bitirishdi. Sohilga baliqning ustixonigina yetib bordi. Ustixoni bo‘lsa ham qoldi-ku axir!.. Sizdan esa... Hech yo‘q bitta tirnoq tashlab ketsangiz bo‘lmasmidi! Boshqa hech narsa kerakmasdi manga!”
Rustamni qishlog‘ida chiqarishdi. Sanobar uning yigirmasini o‘tkazib qaytdi. Ortiq chidolmadi. Shuncha kun qariyb yemadi, ichmadi, boshqalarga o‘xshab aytib dod solmadi. So‘zsiz o‘tiraverdi, sassiz yig‘ladi, ikki yarim yillik baxtiyor hayotini o‘ylab, xo‘rlandi, ezildi. Qaqshagan, garangsib uvushgan shuuri va mahzun qalbining allaqaysi puchmoqlarida erining endi qaytmasligini anglagani sayin faryod urib, bu dahri dunni buzib yuborgisi kelardi...
Bir necha oy o‘tib, Sanobarning rang-ro‘yi asliga qayta boshladi. Ana o‘shanda atrofida uni ko‘rganda “g‘ilq-g‘ilq” yutinib, ko‘zi yaltirab qo‘yguvchi erkaklarning ko‘payayotganligini tuyqus payqab qoldi. Hatto bir kuni bosh vrach xonasiga chorlab, qo‘lidan tutdi-da, izhori dil qildi. Agar rozilik bersa, ikkinchi xotinlikka olishini, har neki kami, orzusiga yetkazishini aytdi. O’shanda erining “boshqaga qiyo boqsang, u yoqda ham kuyib ketaman”, degan gaplarini eslab, yana tanini jon tark etganday bo‘ldi, “ersiz xotin” atalmish “tavqi la’nat” peshonasiga bir umrga muhrlanganini his qilib, zor-zor yig‘ladi. Qaytib ishga chiqmadi. Ikki-uch kundan so‘ng shartta eski-tuski bozoriga bordi-da, yirtiq-yamoq kiyim-bosh sotib oldi. Uyi va narsalariga yaqinlari ko‘z-quloq bo‘lib turishini, uni izlamasliklarini, qachondir o‘zi qaytishini aytib, xat yozdi-yu, kalitga qo‘shib ularga yo‘lladi va eski-tuskilarni egniga ilib, “babulya-yu marusa”ga aylandi. Vokzalga bordi-da, duch kelgan poezdga o‘tirdi...
... Shom qorong‘usi tushganda ovqati pishdi. Qozon¬chani pechkadan olib, o‘rniga choynakni qo‘ydi. Tash¬qariga chiqib, har kungi odatiga ko‘ra bino yonboshidagi simyog‘ochga o‘rnatilgan cho‘michmonand qalpoqli kattakon chiroqni yoqdi. Hammayoq yorishib, hattoki kunduzi ko‘zga xunuk, balki vahimali ko‘ringan turli quri¬lish anjomlari uyumlari ola-chalpoq qor ustida chiroyli manzara kasb etgandek tuyuldi. Chiroqning o‘tkir nuri darvoza va vagon-uy oldiga yetganda, ojizlanib, ko‘r oydinlikka aylanardi. Shura bunga ko‘nikib qolgandi, shuning uchun qorovulxona yonboshidagi lampochkasi yirikroq burunday keladigan chiroqni ham yoqib, uning katta chiroqdan xijolat bo‘layotgandek qizarishiga ma’noli bir qarab qo‘ygach, xonasiga qaytdi. Mundayroq bo‘lsayam, televizor sotib olishim kerak, shekilli, deya o‘yladi chinni kosani yarimlatib ovqat quyarkan. E, ortiqcha bosh og‘rig‘i bo‘lar. Ham haydovchiga o‘xshagan surlar kirib o‘tirib oladi. Undan ko‘ra tinchgina...
Yengil tamaddidan so‘ng, endigina choy xo‘plaganida, darvoza tomondan mashina ovozi eshitilib, bir ses¬kanib tushdi: nahotki ayollar desa yuragi o‘pkasiga o‘tib ketadigan turqi sovuq haydovchining haligi gapi rost bo‘lsa? Endi nima qilaman-a?! U shosha-pisha dasturxonni yig‘ishtirib, tashqariga chiqdi. Haydovchi “eshikni och” deya baqirgach, bir qo‘li bilan “Neksiya”ning chirog‘idan ko‘zini pana qilib, darvozani ochdi. Mashina vagon-uydan picha o‘tgach, to‘xtadi. Undan avval haydovchi, uning ortidan yana bir yigit va ikki qiz tushdi. Yigitlarning qo‘lidagi xaltalarda nimalardir bor edi.
– Ofising tayyormi, Shura? – dedi haydovchi shang‘illab. – Mehmon olib keldim.
Tor shim, poshnasi ingichka uzun etik, kalta kurtka kiygan, sochi yelkasini yopmagan yalangbosh qizlar Shuraning yonidan o‘tisharkan, biri “Privetik, babulya”, deb qo‘ydi xiringlab.
Shura karaxt edi, nima qilishini, o‘zini qanday tutishini bilmaganidan toshdek qotgandi. Ichkaridan haydovchining chaqirganida o‘ziga keldi.
– Piyola-miyola bermaysanmi, Shura, – dedi krovatda qizlardan birini quchoqlab o‘tirgan haydovchi.
Ikkinchi yigit bilan qiz esa stolning ikki yonidagi stullarga joylashgandi.
– Skoree, babulya, nam tak xochetsya!.. – Haydovchi¬ning pinjidagi qiz juda uyat gapni bemalol aytib yubordi.
Berigi yigit xaltalarni ochdi. Unda kabob, pomidoru bodring, non va bir necha shisha ichimlik bor edi.
Shu payt “baqiroq” telefonning ovozi xonani tutdi. Shura seskanib ketdi. Go‘yo go‘shakni olishi bilan hozirgi holiga najot topadiganday shoshib telefonga yopishdi. Kotiba ekan. Xonadagilar nafaslarini yutib, Shuraga tikilib qolishdi.
Kotiba hol-ahvol so‘radi, “tinch o‘tiribsanmi”, dedi, negadir qo‘qqisdan telefon qilgisi kelib qolganini aytdi. Bir hamdard topilganidan Shuraning diydasi yumshadi, yig‘lamsirab haydovchining qilig‘ini arz etib yuborishiga bir bahya qoldi. Lekin aytolmadi, qo‘rqdi. Ertaga ham shu yerda ishlaydi, yashaydi-ku, axir! Shu bois gapni qisqa qildi.
U bo‘shashgancha temir tokchadan kerakli idishlarni olib, stolga qo‘ygach, chiqib ketmoqchi bo‘ldi.
– O’tirmaysanmi, Shura? – dedi haydovchi sherigi uzatgan piyolani yonidagi qizga tutarkan.
– Bir ko‘rvolarding-da, babulya! – deya xiringladi qiz.
Shura indamay eshikka yo‘naldi.
– Krovatingni bir tabarruk qilib beramiz endi, Shura, – deb qo‘ydi ortidan haydovchi.
U tashqariga chiqib vagon-uy devoriga suyandi. Xo‘rligi keldi.
“Nima qilay, Rustam aka? – dedi yuragi qaqshab. – Chidolmayapman!.. Axir men bunday yasholmayman! Yasholmayman!..”
Ichkaridan haydovchining entikish qorishiq ovozi eshitildi:
– Buncha shirinsan, asal. Oh-oh, bir maza qilay?!.
Rustam unga hech to‘ymasdi. Har kecha ishq otashida huzurli yonarkan, oh urarkan, ko‘p o‘tmay, unga yana talpinar, xuddi uzoq ayriliqdan so‘ng yetishgandek jismi joni tag‘in olov og‘ushida qolardi. Yuzini xotinining xushbo‘y sochlariga burkab, adog‘siz bo‘salar olardi. Har kechasi shu ko‘yda o‘tardi.
Shura boshini devorga suyab, yuzini osmonga burdi. Qor uchqunlay boshlagandi, yakkam-dukkam qor parchalari ming xiromda uchar, chiroq nurida oppoq kapalaklar misol yaltiray-yaltiray ohista yerga qo‘nardi. Oy esa to‘libdi. Sovuqdan titrayotgandek jimirlab, u ham yaltiraydi. Rustam ishq otashida yonganida ko‘zlari xuddi shunday chaqnab, cho‘lg‘anardi. Shura o‘zini Rustamning bag‘rida yotgandek, uning nigohi shundoqqina tepasida porlab turgandek his qildi.
– Endi qanday yashayman, Rustam aka?! – kipriklariga yosh qalqdi.
Ichkaridagilar behayolarcha qiyqirishdi. U esa shahd burilib xonaga kirdi. Haydovchi bilan yonidagi qiz yarim yalang‘och holda o‘tirishardi.
– Bas qilinglar!.. – deya hayqirdi Shura nigohi naf¬ratga to‘lib. – Men bu yerda yotaman, odamlar bilan ovqatlanamiz!..
– Ie, Shura, ovozing chiqib qoptimi? Ertaga ketingga tepki yemagin tag‘in. Keyin qayoqqa borasan-a? – Haydovchi zaharli jilmayarkan, qaddini rostladi.
– Nu chto, babulya, zavidno da? – dedi qo‘ltig‘idagi qiz ko‘kraklarini silab. Bilgan odamga u o‘z hayosiz¬ligini xaspo‘shlash uchun ham o‘rischa gapirayotgandek tuyulardi.
– Men bugun shu yerda maza qilaman, bildingmi?! – deya haydovchi piyoladagi araqni sipqordi.
– Bu chuchelo mazani bilarmidi, – deb qo‘ydi xiringlab qiz.
– Maza qilmaysiz! – Shura bu gapni juda keskin aytdi.
– Nima?! – Haydovchi o‘rnidan sapchidi.
Shu payt Shuraning ro‘parasida Rustam akasi paydo bo‘ldi. “Sen dunyodagi eng go‘zal ayolsan, Sano, buyuk hayo sohibasisan!” – dedi u nigohi bilan xotinini erkalab, Shura haydovchiga qattiq tikilib, o‘ng qo‘lida boshidagi qalpog‘ini yechib, ohista yerga tushirdi. Keyin juldur jun ro‘molini yechdi. Soch qisqichini olishi bilan tim qora sochlari yelkasi uzra mastona to‘lg‘ondilar. Ko‘zlari hayratdan chaqnagan haydovchi “ie-ie” derkan, qayta o‘tirib qoldi. Shura endi korjoma – sariq kamzulini yechdi-da, so‘ng boshqa qavat-qavat kiyimlarini ham yoniga tashladi. Nihoyat pushti ichko‘ylakda qolganda, kimdir birov “Bu yog‘iga endi striptiz ko‘ramiz shekilli”, deb qo‘ydi ovozi titrab. Ammo kravotdagi qiz yalang‘och ko‘ksiga beixtiyor bir qarab olgach, o‘ziga yopishmagan harakatlar bilan uni to‘sishga urindi. Haydovchi ham ustiga kiyimini ildi. Shura ko‘zlariga yosh to‘lib, endi ichko‘ylagini yechib yubordi. Oq marmardek tovlangan, harorat ufurgan betimsol tanani, jon o‘rtaguvchi qaddu qomatni ko‘rgan shahvatparastlar og‘izlari lang ochilib, devordek qotdilar. Ikki qiz esa o‘zlari anglamagan notanish bir so‘lish oldilar. Shuraning yuz-ko‘zlarini yosh yuvarkan, ko‘ksini quchib turgan siynabandini ham yechdi. Oppoq siynasi balog‘at yoshidagi qizlarnikidek tarang va g‘uborsiz edi. Ammo u hozir yalang‘och emasdi, go‘yo o‘zining eng chiroyli kiyimlarini kiyayotgandek, atrofga bokiralik, poklik iforini taratayotgandek, buyuk hayosini namoyish etayotgandek tuyulardi.
Ro‘parasidagilar beixtiyor yerga qaradilar...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.