OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nabi Jaloliddin. To‘rt tomon qibla (hikoya)

Yozuvchi Bahodir Murod Aliga bag‘ishlayman.

Shom namozini tugatgach, “Yo Olloh!” deya qiynalib o‘rnidan turdi. Joynamozi — chakmonini yerdan olib, bazo‘r qoqdi-da, “Bismillahir rohmanir rohiym” deb kiydi...
Osmonning qontalash cheti qimtilayotgan lab kabi kichrayib boradi. Osmonga tutashib ketgan adog‘siz dashtning o‘t-o‘lanlari qizg‘ish tusidan ayrilib, lahza sayin yopirilib kelayotgan tun qarolig‘iga qorishmoqda. Ko‘kish osmonning ikkinchi bir chetida yulduzlar miltiray boshladi...
— Ollohu akbar! Ollohu akbar!..
U horg‘in odimlaydi. Oyoqlari yalang bo‘lgani uchun bosayotgani toshmi-kesakmi, farqsiz, hatto qaqragan dashtning sadoqatli fuqarolari bo‘lmishsertikon o‘tlar ham pisand emas. Har qadam tashlaganida qumu tuproqni biroz qo‘zg‘atadi-da, ketaveradi. Ba’zan oyog‘i chuqurroq joyga tushib, xiyol tebranib ketadi. Bir fursat to‘xtab, kuch to‘playdimi yoxud lablarida tinmay aylanayotgan buyuk so‘z quvvat beradimi, yana yo‘lida davom etadi.
— Ollohu akbar! Ollohu akbar!..
Ortidan ergashgan it tinmay u yonidan-bu yoniga o‘tadi, besaranjom timirskilanadi. Uning harsillashi huvillagan biyobonda aks-sado berayotgandek. U kishi ochiqqanida barcha sezgilari kuchliroq ishlay boshlashini avvaldan yaxshi bilardi. Hozir uning quloqlari chuqurdan-chuqur suvsiz quduqqa o‘xshar, hart nechuk ojiz un ham jaranglayotgandek shovqinli tuyulardi. Dunyo bus-butunicha quloqlariga kirib ketayotgandek.
Tuyqusdan to‘xtadi. Uning to‘xtaganini ko‘rib, darrov cho‘nqayib, dumi bilan yerni supurayotgan, tilini osiltirib harsillayotgan itga qaradi. Tusi tunga qorishgan hamrohining yaltiragan ko‘zlari ham unga tikildi.
— Ey, sak, ko‘pam besabr bo‘laverma! Olloh ham bizning rizqimizni biror joyga sochib qo‘ygandir, illo sabr qil!..
Yalang oyoqlar yana odimlay boshlaydi, lablar titray-titray pichirlashda davom etadi. Dashtning to‘q ko‘kish osmon bilan tutashgan chetlariga har zamon-har zamonda ko‘z tashlab qo‘yarkan, hali horib ulgurmagan, buyuk sohibi jamolning ishqida giryon bo‘lgan shuurida turfa o‘ylar charx uradi. Mana shu zim-ziyolikdan ham o‘zi bir umr intilgan ulug‘ Yaratguvchining mislsiz ijodini kashf etgisi keladi: “Ulug‘ Ollohning qudratini ko‘rgisi kelgan odam mana shundayin cho‘lu biyobonlarni kezishi kerak. Illo atrofda birorta dov-daraxt yo‘g‘u bo‘g‘zingga tiqilayotgan havoning tozaligiyu xo‘pligidan bo‘g‘ilgudek bo‘lasan. Subhonolloh, subhonolloh!.. To‘rt tomoning qibla, bag‘ringda Olloh, Olloh bag‘riga boraverasan. Yo, Haq taolo, qudrating soyasida men bandangdan mahfiratingni darig‘ tutma!..”
U uch kundan buyon tuz totmagandi. Ochlikka-ku bir navi chidash mumkin, tag‘inki ochlik uning suyukli taomi. Ammo cho‘lning oftobidan har soniya kuch olayotgan tashnalikni yengish mushkul. Shu paytgacha qaqragan bo‘g‘zini Ollohning nomi ila namlab kelayotir. Lablari borgan sari bir-biriga yopishib borayotgandek, har nafas olganda jizillab achishayotgan tomog‘i salqin tunni butunicha yutib yuborgisi keladi. Eti suyagiga yopishib hilvirab turgan tanasi zirqirab og‘riydi, oyoqlariga xuddi bir botmon tosh osilgandek yerdan uzgisi kelmaydi, ming azobda ko‘tarsa-da, tizzalari aravaning moylanmagan g‘ildiragi kabi g‘ijirlab ketadi. Lekin baribir qaqragan lablarining yoriqlaridan o‘sha bir kalima uchaveradi:
— Ollohu akbar! Ollohu akbar!
Yassi tepalikka ko‘tarila boshlaganida butkul madori ketganini his etdi. Bukilgan tizzlariga horg‘in tanasi og‘irlik qilib, qaytib tikkalanmay qoldi. Bazo‘r ikki-uch qadam tashladiyu yonboshi bilan yerga yiqildi. O‘siq sochlari bo‘yniyu yelkasini to‘ldirib yastandi. Yuzini soqol-mo‘ylov qoplaganidan hozir uning qorong‘ulikni yorgudek bo‘lib chaqnayotgan ko‘zlarinigina ilg‘ash mumkin edi, xolos. U chalqancha yotib, yulduz to‘la osmonga tikilarkan,harsillab-harsillab nafas olardi. Tuyqus og‘ir bir yutindi-da, soqol-mo‘ylovi titrab, xirilladi:
— Shu bir jon ne, yo Halloq!..
U aslida hayqirmoqchi edi, lekin ovozi juda past chiqdi. Uning savolnamo bu gapida buyuk baxshidalik bor edi.
Halitdan buyon atrofni timirskilayotgan it kelib, uning shalvirab yotgan qo‘lini yalay boshladi. U boshini xiyol burib, itga qararkan, hamrohining mehribonligidan hiyla mutaassir bo‘ldi.
— Shaytonning makri bu, ey sak! Dillarimiz shunchalar noqiski, shu payt yemishdan o‘zgani demas. Nafs ko‘ngilni xiralantirguvchi g‘ubordir, bilsang. Nafs shaytonning sodiq xachiri... Alhamdulilloh! Alhamdulilloh!..
Oradan birmuncha fursat o‘tib, u o‘zini biroz bardam sezdi. O‘rnidan qo‘zg‘alib, yonboshidagi chuqurchaga surildi. Do‘mlikka suyanib, o‘tirdi.
— Hamma narsani bilguvchisan o‘zing, yo Rabbim!
Chuqurchaning chekkasida turgan o‘ng qo‘lini qimirlatmoqchi bo‘luvdi, panjalari bir narsaga urildi. Barmoqlari beixtiyor haligi narsani paypasladi. Qo‘liga olib, ko‘zlariga yaqinlashtirdi.
— Non?!.
Avvaliga hayratdan vujudi titrab ketdi. Shu bir lahzalik hayratdan so‘ng ko‘nglida uyat hissi paydo bo‘ldi. Bag‘rining allaqaerida hali o‘lmagan shubhaning ojiz nafasini sezdi-da, entikib kalima keltirdi va osmonga qarab pichirladi:
— Mehribonligingga tashakkur, ey Tangrim!.. Bismillahir rohmanir rohiym...
U nonni tishladi, g‘ichirlatib chaynay boshladi. Qorong‘ilik qa’rida tipirchilayotgan it dumini likillatib chiyilladi. Hamrohining ilinjini fahmlagan hojasi nondan bir bo‘lak sindirib, uning oldiga tashladi.
— Ol, ye...
It shoshib nonga yopishdi. Unga og‘zini tekkizib, bir-ikki hidladiyu yana chiyillab nari ketdi. Chunki unga tashlangan narsa bir parcha kesak edi.
— Bu ne’matingga shunchalar totli ta’m bergan O‘zingga tasanno, Tangrim!..
Nonni yeb, tanasiga quvvat kirgan bo‘lsa-da, tashnalik badtar xuruj qila boshladi. Uni bosio‘ niyatida og‘zini to‘ldirib-to‘ldirib muzdek tun havosini yutdi.
— Alhamdulilloh! Alhamdulilloh!..
So‘ng “yo Olloh!” dedi-da, do‘nglikka tiranib, o‘rnidan turdi. Quyiga qarab, bir-ikki qadam tashladi. Endi oyoqlari avvalgidan dadilroq harakat qilardi... Chakmonini yechib, xufton namozini o‘qishga taraddudlana boshladi.
— Ollohu akbar! Ollohu akbar!
Namozdan so‘ng tin oldi. Vujudi yengillashib, boshi oydin bir holatga tushdi. Bu halovatli onlarni qizg‘andimi yoxud butun borlig‘idagi nurli jimirlashdan sarxush bo‘ldimi, hadeganda o‘rnidan turavermadi. Boshini quyi egib, zikrga berildi. Bu holat ancha uzoqqa cho‘zildi. Axiyri “Assalomu alaykum” deya sajdadan turdi. Yana boyagi chuqurga borib yonboshlashi bilan tashnalik o‘z hukmini o‘tkaza boshladi. Ko‘zlarini yumib, tamshandi. Ollohga shukr keltirdi. Lekin ko‘z oldiga bir kosa jimirlab turgan suv kelaverdi. “Oh, battol shayton, makru hiylangga ming la’nat! — degan o‘y kechdi xayolidan. — Odam jon taslim qilayotganda shayton ming bir hiylalar bilan boshiga kelar ermish. Agar kishi ortiq tashna bo‘lsa, bir kosa suv tutib, Ollohdan yuz burishni so‘rarmish. Yo haq kunim keldimu, Ollohim?!. Yo‘qol, shaytoni la’in!..”
U o‘z nafsi bilan uzoq olishdi. Anchagacha unga uyqu saltanatining eshiklari ochilavermadi. Bo‘g‘zi kuya-kuya nigohlariga odam bolasining bardoshi yetmas zulumot to‘la boshladi. So‘ng butun vujudi o‘sha qorong‘ulik qa’riga singaverdi...
It esa bu mahal oldi oyoqlariga jag‘ini qo‘yganicha uxlab yotardi...
Birdan yorug‘ bir ma’voga chiqib qoldi. Qarshisida yam-yashil dov-daraxtlarga lab urgan tip-tiniq ko‘l jilvalanib turardi. Hali qaerda ekanini anglab ulgurmasidan qayoqdandir bir to‘p go‘zaldan-go‘zal qizlar paydo bo‘lishdi. Ularning chiroyli yuzlaridan ko‘zni qamashtirar darajada nur taralar, egnilaridagi oppoq harir ko‘ylaklari ko‘lning mayin shabodasida yoqimli hilpirardi. Qizlar unga birvarakay yopishishdi-da, juldur kiyimlarini yecha boshlashdi. U bu sohibjamollarning go‘zalliklaridan jilmayishlaridan va oxir-oqibat unga xush yoqayotgan harakatlaridan zavqlanar, mast bo‘lardiyu, ammo ko‘nglida ortiq xohishga mayl sezmasdi.
Tim qora uzun zulflari uning qoramtir yuzini mastona siypalayotgan qizlar uni muzdek ko‘l suviga eltishdi-da, yuvintira boshlashdi. U mislsiz huzurdan oh urdi, qaqragan bo‘g‘zi, yorilgan lablari moy yalagandek mayin-mayin bo‘lib boraverdi.
Bu payt chuqurchada yotgan tananing boshi u yoqdan-bu yoqqa silkinar, og‘zi kappa-kappa ochilib, bazo‘r inqillardi. Allaqachon uyg‘ongan it hojasining atrofida tipirchilab aylanar, gavdasini oldi oyoqlariga tashlab, ko‘zlari chaqnagancha tislanib-tislanib, atrofga hurardi. Tinimsiz hurardi.to‘lin oy yulduzlar yuziga parda tortganda hojasi tinchib qoldi. Dasht bag‘riga fusunkor bir oydinlik kirdi. It toyga qarab, cho‘zib-cho‘zib ulidi:
— Ouvv-vv!.. Uvv-vv-vv!..
Nihoyat hojasining yoniga cho‘zilib, tillo oyni ko‘zlariga qamadi...
It uxladimi-yo‘qmi, noma’lum. Baland, lekin yoqimli ovozdan cho‘chib tushdi.
— Ollohu akbar! Ollohu akbar!..
U quloqlarini ding qilib, atrofga tikildi.
— Ollohu akbar! Ollohu akbar!
Shunda uning ko‘zlari yuzida oy aksi ko‘ringan hojasining ko‘ksiga tushdi. Ko‘ksining chap qismi so‘z ohangiga mos tarzda titrar kiyimining o‘sha yeri ko‘tarilib-ko‘tarilib tushardi.
— Ashhadu alla alaha illalloh!..
Itning boshi bir tomonga qiyshayib, ko‘zlari hojasining ko‘ksiga qadalgancha qotib qoldi.
— Ashhadu alla alaha illalloh!..
Ashhadu anna Muhammadur rasululloh!
Ashhadu anna Muhammadur rasululloh!
Hayya alas-solah! Hayya alas-solah!
Hayya alal falah! Hayya alal falah!
Assalotu hayrum minannav! Assalotu hayrum minannav!
Ollohu akbar! Ollohu akbar!
La ilaha illalloh
Shundan so‘ng bir necha daqiqa o‘tib, hojasining ko‘zlari ochildi. Xiralashib borayotgan oyga, oqarayotgan ufqqa birpas tikilib yotdi. Keyin “yo bismilloh!” dediyu o‘rnidan turdi. Ustilan chakmonini yechib, yerga qo‘ydi. Ko‘zlari bilan dashtning mayinroq tuproqli joyini izladi. Endi uning hech qaeri og‘rimas, tolmas, har qadam tashlaganida uchayotgandek tuyulardi...
U cho‘nqayib, yenglarini shimardi. “Bismillahir rohmanir rohiym” deya tayammum qila boshladi... Poklanib bo‘lgach, belidan belbog‘ini yechib, yuzu qo‘llarini ishqalab-ishqalab artdi. Belbog‘ini qaytib bog‘larkan, katta-katta ochilgan ko‘zlari ufqqa tikilib, chor atrofni ohista bir aylanib o‘tdi. Hoxir uning uchun to‘rt tomon qibla edi.
So‘ng quloq qoqdi:
— Ollohu Akbar!..
Narida yotgan chakmoni havoda hilpiray-hilpiray uchib kelib, poyiga to‘shaldi.
It jag‘ini oyoqlariga qo‘yib, hojasiga tikilgancha ko‘zlarini takror-takror ochib-yumardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.