OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Saidvafo Boboyev. Chol o‘lmaydigan bo‘ldi (hikoya)

Pasurxilik Sattor bobo bir kam saksonga kirdi. Bir haftacha burun Rahmon dallolning ma’rakasidan chiqdiyu o‘zini noxush his qildi. Biqinini ushlab, “voy, yuragim”, dedi. O‘g‘illari darrov parvona bo‘lishdi. Peshinga yaqin mashinaga o‘tirg‘izib tuman markazidagi kasalxonaga olib ketishdi. So‘nggi xabarlarga qaraganda, qariyaning ahvoli og‘ir. Dam varajalab, dam behush bo‘lib yotgan emish. Ammo Pasurxi ahli bu gap-so‘zga ko‘p ham parvo qilmadi. Chunki ular Sattor boboni yarim hazil, yarim chin “o‘lmaydigan chol” deb atashadi. Bu atamada jon bor-ov: axir, Sattor bobo so‘nggi o‘n besh yil ichida uch-to‘rt marta shu tarzda “ana, ketaman, mana, ketaman” bo‘ldiyu, biroq ko‘p o‘tmay yana oyoqqa turib ketdi. Til tagiga nosvoyini tashlab, qo‘lni belida chalishtirib hamishagidek oqsoqollikda davom etdi. Buning sababini birov bildi, birov bilmadi.
Sattor bobo bir paytlar, ma’lumu mashhur rais edi. Sattor G‘afforovich bo‘lib majlislarning zo‘rida, Sattor rais bo‘lib to‘y-ma’rakalar­ning to‘rida o‘tirardi. O‘sha mash’um yillar, “Paxta ishi” degan qatag‘on bu kishini ham chetlab o‘tmadi. Naq o‘n yilga qamalib ketdi. Aytishlaricha, jabr­diyda rais sho‘ro tuzumi chok-chokidan so‘kilayotgan paytda respublikaga rahbar bo‘lib kelgan jo‘mard bir insonning shaxsan aralashuvi sharofatidan ozodlikka chiqqan. Tag‘in mish-mishlarga qa­ra­­­ganda, Sattor G‘afforovich mahbuslikda og‘ir ma­­shaqqatlarga, azob-uqubatlarga uchrab, sog‘li­gi­dan ajralgan, o‘la­digan bir ahvolda bo‘lgan. Farzandlar, qavmu qarindosh undan umidini uzishgan. Qarangki, to‘ng‘ich o‘g‘il bir kun otasining yoniga kirsa, o‘rin-to‘shakda inqillab yotgan sobiq rais o‘r­nidan turib apil-tapil kiyinib yotibdi!
“Ota, o‘zingizmi, tuzalib ketdingizmi?” – deb ham quvonchdan, ham taajjubdan qichqirib yuboribdi to‘ng‘ich o‘g‘il.
“Bolam, – debdi Sattor bobo, – respublikamiz rahbari menga o‘xshaganlarga mehr ko‘rsatdi, g‘am­xo‘rlik qildi. U kishi meni ham qamoqdan, ham tush­kunlikdan, ham ezginlikdan qutqardi. Endi buy­tib yotishim, uyat, qo‘limdan kelganicha el koriga yaray”.
Shu-shu, Sattor bobo sog‘ayib, oyoqqa turib ketdi. Ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Mustaqillikka erishdi. Bu xabarni eshitgan pasurxiliklar bayram qilib yuborishdi. Doshqozonda osh damlab to‘yu tantana qilishdi. O‘shanda Sattor bobo davrani bermay, chapanichasiga raqs tusharkan, “hali-beri o‘ladigan ahmoq yo‘q, endigina yorug‘ kunlarga yetib keldik”, deb baralla e’lon qildi.
Sobiq rais qishloq oqsoqollaridan biri sifatida elning tashvishiyu quvonchli kunlarida kamarbasta bo‘lib yurdi. Ammo bu yog‘i qarichilik, bu yog‘i qismat, goh ko‘ksi, goh biqini sanchib qoladi. Dam-badam xuruj qilayotgan og‘riqlar oxir bir kun Sattor boboni yana to‘shakka mixladi. Farzandlar zimdan dafn marosimiga tayyorlana boshladi. Bemor ikki haftacha og‘ir ahvolda yotdi. Juma kuni edi. Darvoza yonida ziyolinamo bir kishi paydo bo‘ldi.
“Sattor G‘afforovichning uylarimi? Bobo qaer­dalar?” – deb so‘radi u taklifni ham kutmay ich­kariga kirarkan.
To‘ng‘ich o‘g‘il istar-istamas javob berdi.
“Otam kasal. Anchadan beri og‘ir yotibdi”.
“Nima? – deb chinqirdi notanish kishi, – u kishining kasal bo‘lishga haqqi yo‘q hali. Men tuman hokimiyatidan keldim. Kattakon boboni so‘rayapti. “Nuroniy” jamg‘armasiga bosh-qosh bo‘lib, ishini biroz jonlantirib bersin deyapti”.
Bemor vakilning taklifini eshitarkan, yumuq ko‘zlari asta-sekin ochilib, nafas olishi ravonlashdi.
“Yaxshi, – dedi u hammani ajablantirgan ko‘yi yotgan joyidan qaddini rostlar ekan, – erta hokimga o‘zim uchrashaman”.
Vakil ketdi. Sattor bobo ertasi kuni xuddi shu paytgacha hazillashib yotganday to‘shakdan turdi. Ohorli kiyimlarini egniga ila boshladi.
“Hokim bova o‘zlari hurmat ko‘rsatib odam yuboribdi, – dedi u talmovsirab turgan o‘g‘liga, – men ham izzat qilib o‘zim boray, e’tibori uchun rahmat aytay, lekin taklifi menga to‘g‘ri kelmaydi. Pasurxi markazdan uzoq”.
“Ota, o‘zingiz tuzukmi?” – deb chaynaldi o‘g‘il. U, hoynahoy, qariyaning tag‘in dabdurustdan oyoqqa turib ketganiga ishonqiramay turardi.
Sattor bobo unga xo‘mrayib qo‘ydi.
“Otdayman. Nima, o‘lishimni kutib turganmidilaring. Yo‘-o‘, hali nasibam uzilmagan, hali el koriga ko‘p kerakka o‘xshayman, menga bo‘lgan e’tiborni ko‘rmayapsanmi?”
O‘g‘il mulzam bo‘lib qoldi.
Sattor boboning baland, salobatli ovozi yana Pasurxi qirlarida aks-sado berib qoldi. Qariya tag‘in odatdagidek bardam, tetik hayot kechira boshladi.
Oradan hash-pash deguncha to‘rt-besh yil o‘tdi. Keksalik yana o‘z kuchini ko‘rsatdi. Boysunga xos qahratonlarning birida Sattor bobo yana xastalanib to‘shakka quladi. Bu gal xiyla uzoq, naq erta ko‘klamgacha yotdi. Hatto tildan qolganday ham bo‘ldi. Dafn marosimiga atalgan matolar yana sandiqdan chiqdi. Qishloq chollari tez-tez bemor bilan xabarlashib turishar, uni zeriktirmaslik uchun yonida o‘zaro gurunglashib o‘tirishar edi.
“Eshitdilaringizmi, – deb qoldi Rahim dallol, o‘sha erta ko‘klam kasal ko‘rgani kelganlarga qarata, – bizning Boysundan ham temir yo‘l o‘tarkan. Hozir Dehqonobodgacha kelibdi”.
“Ha, o‘tgan hafta Qarshiga borganimda o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Shunday voqea bo‘lyapti”, – dedi Salim chol.
Uchinchi suhbatdosh chinqirib gapga qo‘shildi.
“Buyog‘i Qumqo‘rg‘on tomondan qurilib kelyapti. Hademay temir yo‘l Boysunga yetadi. Mening o‘g‘lim ham ular bilan ishlayapti”.
Bir payt... bir payt Sattor boboning qoboqlari asta ko‘tarildi. Sarg‘ish-siyrak kipriklari pirpiradi. So‘ng tegrasida gurung qilib o‘tirganlarga so‘nik ko‘zlarini yugurtirdi. Hamma hangu mang.
“Nima, – dedi sobiq rais, sobiq bemor, – te­mir yo‘l?! Qanaqa temir yo‘l?!”
“Poyiz yuradigan iz-da, rais...” – deb g‘udrandi Rahim dallol.
“Boysundan o‘tarkanmi?”
“Ha”.
“Qachon?”
“Tiramohgacha qolmay kep qolar”, – deb qo‘ydi Salim chol.
Sattor bobo hech kutilmaganda ohista qad rostlab o‘tirdi. Bir piyola yaxna choy sipqordi.
“Bunga ishonish qiyin-ov, – deb po‘ng‘illadi u, ammo qaroqlari qandaydir uchqunlanib borardi, – shunday tog‘u toshdan temir yo‘l o‘tarkanmi? Odam ot-eshakda arang yuradi-yu...”
“Gapimiz chin, temir yo‘l jadal qurilyapti” – dedi Rahim dallol
Sattor boboning chehrasida qandaydir xayollar aks berdi. Ko‘zlari tobora porlab, lablarida kulgu o‘ynadi.
“Mayli, tiramohgacha sabr qilib turaman. Tog‘­­da temir yo‘l qurish mo‘‘jiza-ku?! Mo‘‘jizani ko‘r­may o‘lgim yo‘q”.
Sattor bobo hammani angraytib tashlaganicha yana sog‘ayib ketdi. Temir yo‘l Darbanddan o‘tgan kezlar bitta katta qo‘chqorni so‘yib, quruvchilarga o‘zi hasharlik olib borib berdi.
Oradan kunlar, oylar, yillar o‘tdi. O‘sha mo‘‘­jizakor bunyodkorlik nihoyasiga yetdi. Tog‘u tosh­lar aro o‘kirib poezdlar qatnay boshladi. Te­mir yo‘lga qo‘shilib olis ovullarga taraqqiyot kirib keldi. Hammayoqda ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Sattor bo­bo bunday hayratomuz yangiliklardan naq o‘n yosh­ga yashardi. Hatto, quvonchdan terisiga sig‘may, qish­loqdoshlari nomidan Prezident nomiga minnatdorchilik xati yo‘lladi.
Mana, to‘satdan, Rahim dallolning ma’rakasi­dan Sattor bobo yana xastalanib qaytdi. Ikki haftadan beri Termizda davolanib yotibdi. Ammo bu gal vaziyat juda jiddiyga o‘xshaydi. Qariya hatto tamaddidan bosh tortayotgan emish.
Sattor boboning kenja o‘g‘li Xayrulla hov­li­dagi supada xomush o‘tiribdi. Har ko‘ringanga il­haq qaraydi. Termizdan biror darak opkeldimikan, degan ilinj bilan tikiladi. Bir payt darvoza yoniga mototsikl kelib to‘xtadi. Qishloq pochtachisi Xonimqul ekan.
– Buva qayoqda? – deb so‘radi u hovliqib.
Xayrullaning ensasi qotdi.
– Termizda... o‘zingiz ham bilasiz-ku.
– Ha-a, aytgancha, – deb peshonasiga shapatiladi Xonimqul, – men rais buvadan suyunchi olmoqchi edim.
– Qanaqa suyunchi?!
Xonimqul lab-lunji yoyilgan ko‘yi, sumkasidan gazeta chiqardi.
Xayrulla xuddi shu gazetani bayroqday ko‘ta­rib, olam-olam quvonchga qorishib, otasi yotgan palataga ko‘ndalang bo‘lganida kun peshindan oqqan edi. Uni bo‘sag‘ada katta akasi qarshi oldi.
– Tish-sh... – dedi u barmog‘ini lablari ustiga bosib, – shovqin solma, yaxshi, kakraz o‘zing kep qolding.
– Nima gap? Tinchlikmi?
– Otam ertalab hammalaring yig‘ilinglar, vasiyatim bor degan edi.
– Qanaqa vasiyat?! – deya chinqirdi Xayrulla pa­lata ichiga bostirib kirarkan, – men xushxabar opkeldim.
– Qanaqa xushxabar? – deya ergashdi aka.
Xayrulla gazetani Sattor boboning yostig‘i yoni­­ga qo‘yarkan, iljaydi.
– Otajon! Tabriklaymiz! Siz Prezidentimiz farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali bilan mukofotlanibsiz!
Aka shosha-pisha gazetani varaqlashga tushdi.
– Yo‘g‘-e, nahotki?!
Sattor bobo ohista ko‘zini ochdi. Chehrasida tabassum o‘ynadi. Birozdan so‘ng qaroqlariga yosh qal­qib chiqdi.
– Sadag‘asi bo‘layin yurtboshimning, – deb pichirladi u, – hamisha bizni o‘ylaydi, bizni ruh­lan­tiradi. Menimcha, bunday g‘amxo‘rlikdan keyin o‘lish uyat. Hech qursa yana besh-olti yil istiqlol ishiga kamarbasta bo‘lib turay.
Ertasi kuni Sattor bobo qaddini tik tutgan ko‘yi qishloqqa kirib bordi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 12-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.