OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nafisa Toshtemirova. Usta va beshik (hikoya)

- Assalomu alaykum, Usta tog‘a, ta’ni joningiz sog‘mi?
- Vaalaykum assalom! Ie-e, ie-e, keling, To‘raboy keling. Shukr, yaxshimiz, o‘zingiz tuzukmi?
- Ollohga shukr. Shu desangiz sizdan suyunchi olay, deb kelgandim.
- Xo‘sh, xo‘sh?..
- Nevarali bo‘ldim. O‘g‘il.
- Qani omin, umri bilan bergan bo‘lsin!
- Aytganingiz kelsin. Beshigini o‘zingiz yasab bersangiz degandim.
- Jonim bilan, beshik sizdan aylansin.
- Narx-navo deganday…
- Yo‘-o‘q! Necha yillik qadrdonmiz-a! Beshik mendan sizga suyunchi bo‘la qolsin.
- Har holda mening ham birinchi nevaram, o‘zim…
- Unda tayyor bo‘lishi bilan nabiramdan daraklayman.
To‘raboy ketdi. Vaqtni o‘tishini qara: bir vaqtlar shu bolaga ham beshik yasab bergandi. Otasi ham odamshavanda edi-da. Yaxshi odamning farzandi yaxshi bo‘lar, derdi otasi. Ha, To‘raboy ham odamoxun. Ilohim umri o‘xshamasin.
Usta tog‘a qariyb o‘ttiz yildan beri Fayzobod mahallasida turadi. U kishini nafaqat Fayzobod mahallasida, balki qo‘shni mahallalarda ham yaxshi tanishadi. Hunarini qadrlashadi, hurmat-e’tiborini joyiga qo‘yishadi. "Usta tog‘a" deb so‘rab kelishsa, hamma biladi; o‘ymakorlik bilan yog‘ochdan yasalgan jimjimador darvozani ko‘rsatishadi. Qizig‘i ko‘pchilik u kishining ismini bilmaydi. Bu mahallaga kelib, "Samad aka" ning uyi deng-chi, bu yerda unaqa odam yashamaydi, taniganlar ham Samad demang, Usta deng deyishadi. Ustami Usta, tamom vassalom!
Usta tog‘a har zamonda chuqur o‘yga botadi. Asboblarni tutishga moslashib ketgan kaftlarini ochadi: chiziqlar yo‘qolib ketgandek tep-tekis. Barmoqlarida, tirnoqlarida qaysi rang ekanligini ajratib bo‘lmaydigan allambalolar ko‘rinadi. Mana shu qo‘llarda u o‘tgan salkam o‘ttiz yillik umrini ko‘radi. O‘zicha sarhisob qiladi. O‘ttiz yildan beri "man-san"ga bormagan turmush o‘rtog‘i ham juda oqila ayol. Eriga suyanchiq. Qishloq maktabida hamshira bo‘lib ishlagan.
Usta tog‘aning ko‘nglini og‘ritadigan, dard desa dardga o‘xshamaydigan nimadir bor: o‘g‘illari otasining ustachilik qilishini xohlamaydi. Ular har doim: "Dada, yig‘ishtiring shu taq-tuq, g‘ar-g‘uringizni. Bo‘ldi, endi qarilik gashtini suring. Kimsan, falonchining dadasi usta desa, men nima deyman", deyishadi. Usta tog‘aning jahli chiqsa ham o‘zini tiyadi: "Qariganda ermak ham kerak-da",-deb qo‘ya qoladi.
Usta ikki o‘g‘lini o‘qimishli qildi, qizini esa o‘n sakkizga kirar kirmas sovchilar qistagani uchun uzatdi. Nolimaydi. Qudalari olijanob insonlar. Bir falokat yuz berdi-yu, kuyovining davlat ishidan ko‘ngli sovidi. Qaynotasining qanotiga kirib ustachilikni o‘rgandi. O‘g‘illarini ham uylantirdi. Ular hozir boshqa shaharda, yashashadi. Qizining o‘rtancha o‘g‘lini ota – onasiga o‘g‘il qilib oldi.
Mana yozgi ta’til ham boshlandi. Hademay shaharlik nevaralari ham qishloqqa kelib qolishadi. Bobosiga qiziqib yog‘ochsozlikni o‘rganishadi. Shaharning bolalari-da – tili biyron.
- Bobo, boboo, - deydi bir kuni besh yoshli nevarasi.
- Ho-oo-ov.
- Bir joyda o‘tirib shuncha ishlab, zerikmaysizmi?
- Yo‘q, zerikmayman, usta bo‘lish degani , sabrli bo‘lish degani, bolam. Nevara javobni ham eshitmay, bobosi yasab bergan yog‘och "toychoq"ni minib yuguradi.
Bir hafta o‘tib To‘raboy rahmat ayta-ayta beshikni olib ketdi.
Bir kuni o‘g‘illari keldi. Xursandchilik ustiga xursandchilik. Baribir diydor yaxshi-da. Kechga o‘choqda osh damlandi. O‘zi yasagan chorpoyaga joy soldirdi. Allamahalgacha o‘g‘illari bilan suhbatlashib o‘tirdi. To‘ng‘ich o‘g‘li shunday dedi:
- Dada, yaqin-orada sizga bironta odam beshik yasattirdimi?
- Yasatdi. O‘tgan haftada To‘raboyga yasab bergandim. Nevar… - otaning gapi og‘zida qoldi.
- Undan boshqa-chi?
- Tinchlikmi, o‘g‘lim?
- Hami, yo‘qmi, dada?-, dedi o‘g‘li jahl aralash.
- Ha, ha, bir yoshroq odam kelgandi. U buyurtma berdi, lekin olib ketmadi…
- Sizdan nimalarni so‘radi? - shoshib gapirdi o‘g‘li.
- Onang singlingnikida edi. Kuyovingni bozorga jo‘natgandim. O‘g‘li ham xarxasha qilib birga ketdi. Uyda yolg‘iz edim. Bolalaringiz yo‘qmi? - deb so‘radi. Men sizlarni aytdim.
Aka – ukalarning nigohi bir-biriga to‘qnashdi. Boyadan beri jim o‘tirgan kichik o‘g‘il gapga qo‘shildi:
- Kelib-ketgan o‘sha odam akamning qo‘l ostida ishlaydi. Boshlig‘imiz otasini qarovsiz qoldiribdi, yolg‘iz o‘zi chekka qishloqda ustachilik qilarmish, deb javrab yuribdi. Shu ishingizni bas qilib biz bilan ketsangiz. Hovli muammo bo‘lsa, singlim bilan kuyovingizga qoldirib keting. Kuyovingizning o‘zi ishingizni davom ettiradi. Endi farzandlaringizning rohatini ko‘ring, nevaralaringizning yonida bo‘ling, deymiz.
Otaning yuragi shu hovlini tashlab ketishini o‘ylab zirqillay boshladi.
- Bolalarim, qo‘ying odamlarning gapini, ular og‘ziga kelganini aytadi-da. Men xo‘p desam ham onang ko‘nmaydi….
U shunday deydi-yu, o‘gillari bilan birga yashashni o‘zi ham juda xohlaydi. O‘g‘illarining gapida ham jon bor. Tunov kuni choyxonada o‘tirib yana shu gapni eshitdi:
- Usta, o‘g‘illaringizni uyli-joyli qilib o‘zingiz so‘ppayib qolibsiz-da, a? – deyishdi mo‘ysafidlar.
Kampir esa … har kuni eski g‘iybatning yangi – yangi ko‘rinishlarini eshitadi. Undan tashqari, danagidan mag‘zi shirin, deganlariday nevaralarini erkalab, ularni bag‘riga bosishni xohlaydi. Qizining o‘g‘li-chi, dersiz? O‘g‘ilniki o‘g‘ilniki-da! Aslida, Usta tog‘aning xotini ustadan oldin shaharga ketishga qaror qilgan edi. Nachora, o‘zbekchilik , ota-ona farzandini qariganimda suyanchiq bo‘ladi, deb yaxshi niyatda voyaga yetkazadi.

* * *

Erta kuz. Yana salqin kunlar boshlandi. Bulutli, yomg‘irli havolar. Xazonrezgi. Usta tog‘a ikki oydan beri shaharda. Uch kundan beri shifoxonada. Shaharga kelgandan beri siqiladi. Yorilib ketay deydi. Shukr-ki, kelinlari ham xotiniga o‘xshab mehribon, aqlli, qaynona kelinlar hech qachon kelishmay qolishmaydi. Bechora xotini ham necha kundan beri yonida, yolg‘iz qo‘ymaydi… Faqat, quloqlari har doim eshitadigan taq-tuq ovozlarni sog‘ingan. Yo‘q, unda hech qanday kasallik yo‘q. Shunchaki, bekorchilikka ko‘nikolmayapti. Qancha – qancha dorilar ham befoyda. Oxirgi chora: xotini bilan qishloqqa qaytish! Ustachilik qilish… Esidan chiqib ketmaganmikan…. Ammo buni iloji yo‘q. O‘g‘illari also yo‘l bermaydi.
 Oradan uch kun o‘tdi. Shifokorlar, vaziyat yaxshilanmayotganligini, qattiq siqilish borligini, ahvol shu alfozda ketsa, yurak xuruji kelib chiqishi haqida ogohlantirishdi. Yaxshisi, otalaringni qishloqqa qaytaringlar, deyishdi.
 Ertasi kuni tushga yaqin qishloqdagi barcha ustachilikka tegishli narsalar, asbob-uskunalar yuk mashinasida olib kelinib, katta hovlining bir tomonidan joy ajratilib joylashtirildi. Usta tog‘aning yana ustachilik qilishi uchun sharoit hozirlandi.
 Kechga yaqin kichik o‘g‘li dadasi va onasini mashinada olib kelib, darvoza yonida qoldirib, darrov qaytib kelishini aytib, ketdi. Kelinlari ochiq chehra bilan kutib olishdi. Ovqat tayyorligini aytishdi. Ammo ma’yus nigohlar bilan Usta tog‘a va xotini o‘zlari uchun ajratilgan uyga kira boshladilar. Usta tog‘a ostonada qaqqayib qoldi. Ne ko‘z bilan ko‘rsin-ki, nevarasi o‘zi yasab bergan "toy" bilan o‘ynab o‘tiribdi:
- Bolam, buni senga kim berdi?
- Bobo, bobo, ayam bobongga surprizimiz borligini aytma, degandilar…
Usta darrov oshxonaga o‘tdi. Oshxonaning o‘rtasida ham o‘zi yasagan xontaxta turardi. Usta hovliga chiqib razm soldi. Boya e’tibor bermagan ekan… Oshxonaga qaytib kirdi. Katta kelini:
- Dadajon, o‘g‘lingiz o‘zim borsam aytaman degandilar.
Usta tog‘a hayajonlanib gapirdi:
- Qizim, meni anavi qimmat-qimmat dorilaring emas, xalqning duosi davolaydi, asraydi.
Usta tog‘a kelinining peshonasidan o‘parkan:
- Men beshik yasashim kerak, - deya ishga sho‘ng‘idi. Xotini esa xursandchilikdan ich-ichiga sig‘may nevarasining qo‘lidan ushlagancha eshik yonida turardi. Kelin uyalib oshxona tomonga yo‘naldi…

"O‘zbekiston adabiyoti va san’ati" gazetasi
2014 yil 14 noyabr, №46 (4289)

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.