OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nasiba Abdullayeva. «It» operatsiyasi (hajviya)

Mahmuda darvozaning taqillashidan eri yana ichib kelganini sezdi. Uff, yana tomosha ko‘rsatadiganga o‘xshaydilar.
Chindan ham u darvozani ochishi bilan Tolibjon kimnidir avra-astarini ag‘darib so‘ka boshladi.
– Voy, enangni, harom o‘lgur, bir tepib o‘ldirmoqchi edim, qochib qoldi, qo‘limga tushganida tirik qo‘ymasdim.
– Hoy, dadasi, kim qochdi, nima bo‘ldi, bunday tushuntirsangiz-chi? 
– Yugur, dori-pori olib chiq, oyog‘imni it tishlab oldi.
Erining avzoyidan Mahmudaning o‘takasi yorildi.
 Kuppa-kunduz kuni, ko‘cha to‘la odam bo‘lsa, nega aynan sizni tishlaydi. It ichgan odamni yomon ko‘radi deyishgani chin ekan-da.
Javray-javray uydan ko‘kdori olib chiqdi.
 Qani shimingizni poychasini ko‘taring.
It naq boldirdan uzib olgan, Tolibning oyog‘i-yu tuflisi qonga belangandi.
– E, ko‘p javramay puflasang-chi, achib ketdi, – voy-voyladi eri.
– Dadasi, it kimniki ekan, sog‘mikan o‘zi, tag‘in quturgan-puturgan bo‘lmasin?
– Quturgan it shuncha tez yuguradimi, yugurib yetolmadim-ku?
– Oyoqda zo‘rga turibsiz-u, itga yetarmidingiz, kimninguyiga kirib ketganining ko‘rmadingizmi?
– Xushvaqt akanikiga kirib ketdi, la’nati, orqasidan kirishga uyaldim, – peshonasini terini artdi Tolib.
– Sarvi opanikigami, ularning iti yo‘q edi-ku?!
– Bilmadim, o‘shaning darvozasidan lip etib kirib ketdi, tutsam joyida o‘ldirardim, – Tolib yana itni so‘kishga tushib ketdi.
– Dadasi, it tishlagan yomon bo‘ladi, do‘xtirga ko‘rsatish kerak.
– Ha, endi it tishladi deb do‘xtirga yotishim qoluvdi.
– Bormasangiz majburlab olib borishadi. Agar it quturgan bo‘lsa kindik atrofidan qirqta ukol qilisharmish.
Xotinining gapidan Tolibning kayfi tarqab ketdi.
– Borib it kimniki ekan bilib kel, yana eringdan ayrilib qolma, – dedi u to‘ng‘illab.
Mahmuda Sarvi xolanikiga bahona qilib kirsammikin deb o‘ylab qoldi. Ha-ya, aytganday, bichiqqa usta-ku, ko‘rpa bichtirmoqchi edim deyman. U topgan bahonasidan xursand bo‘lib yo‘lga tushdi.

– Keling Mahmudaxon, bolalar, ukam yaxshimi, chiqing tepaga.
– Sarvi opa, bolalarga bir-ikkita ko‘rpa bichish kerak, vaqtingiz bormi bilay deb chiquvdim, – shunday deb u yoq-buyoqqa alanglab itni izlay boshladi Mahmuda.
– Bir-ikki kunlik ishlarim bor, o‘rgilay, zaril emasmi?
Hozir olib kel desa nima qilaman deb o‘tirgan Mahmuda bu gapni eshitib suyunib ketdi.
– Bo‘shaganingizdan keyin olib kelaman, mayli, opa, men boray. Ha, aytganday, opa, itingiz tishlamaydimi, boya hovlingizda ko‘zim tushuvdi.
– Itim yo‘q, o‘rgilay, boya kimnikidir adashib kirgan ekan, haydab yubordim.
– Mayli, opa, men boray.
Mahmuda zipillab uyiga qaytdi.
– Ha, iti sog‘ ekanmi? – xotini uyga kirar-kirmas savolga tutdi Tolib.
– Dadasi, it Sarvi xolaniki emas ekan. Bolalaringiz maktabdan kelishsin, belgilarini aytsangiz bir pasda topib kelishadi.
O‘g‘illari Sherzod bilan Behzod maktabdan kelishlari bilanoq “it operatsiyasi” boshlanib ketdi. Tolibning hovlisi katta-kichik, qora-sariq turli-tuman itlarga to‘lib ketdi. Hali unisi, hali bunisi huraverib hovlini boshiga ko‘tardi. Afsus, ularning birortasi ham Tolibni tishlagan it bo‘lib chiqmadi.
Ertasi Mahmuda erini do‘xtirga borishga zo‘rg‘a ko‘ndirdi. Tolib do‘xtirga jo‘nab turuvdi hamki, qo‘shnisi Asqar chiqib qoldi.
– Suyunchi bering, Tolib aka, itingiz topilganga o‘xshaydi. Kecha desangiz narigi mahalladan sinfdoshim Rahmat qo‘ng‘iroq qilib qoldi, sizni aytuvdim, kecha itimiz yechilib ketgan ekan, bir kelib ko‘rib ketsinlar, deb qoldi.
– Rahmat, Asqarjon, hozir do‘xtirga borguncha kirib o‘taman.
Tolib qo‘rqa-pisa darvozani taqillatdi. Darvozani Rahmatning o‘zi ochdi.
– Assalomu alaykum, men Asqarbekning qo‘shnisiman, itingizni ko‘ray deb keluvdim.
– E, keling, aka, it yechilganini bolalar bilmay qolibdi-da, – dedi u gunohkorona.
– Uka, itingiz quturgan-puturganmasmi ishqilib?
– Yo‘g‘-e, ana kirib ko‘ring aka, duppa-durust.
Tolib itni tanidi, o‘sha sariq junlari o‘siq it. Ha, la’nati, qo‘limga tushsang o‘zim bilardim. U ham Tolibni tanigandek termulib turardi
– Lekin, aka, baribir do‘xtirga borganingiz ma’qul, kuz havosi, yarangiz gazak-pazak olmasin tag‘in, – dedi Rahmat uni kuzataturib.

Do‘xtir Tolibning yarasini maxsus suyuqlik bilan yuvib dori qo‘ydi.
– Endi, aka, infektsiyaga qarshi ukol qilamiz, sanepidstantsiya itingizni tekshiruvdan o‘tkazib ma’lumotnoma beradi. It sog‘lom bo‘lsa darhol uyga ruxsat beramiz.
– Uka, men uydagilarni ogohlantiray bo‘lmasa.
– Yo‘q, o‘zimiz ogohlantiramiz, siz bugun do‘xtirxonada qolasiz, bu juda jiddiy masala.
Tolibning o‘takasi yorildi, ishqilib it quturgan bo‘lmasin-da.
Kechqurun xotini ovqat, kiyim-kechaklarini olib keldi.
– Xavotir olmang, dadasi, itni tekshirib, keyin sizga ruxsat berisharkan.
– O‘zing xabarlashib tur, ertagayoq javobini yuborishsin, – tayinladi Tolib.
Ertasi tushdan so‘ng Mahmuda Sherzod bilan itni ko‘rgani Rahmatnikiga bordi.
– Opajon, kecha it yechilib yana qochib ketibdi. Hozir sanepidstantsiyadagilar kelib ketishdi, it topilishi bilan xabar qiling, deb tayinlashdi. Bolalarim izlashyapti, kiring uyga, choy ichib keting, – Rahmatning xotini Nozima Mahmudaxonni uyiga taklif qildi.
– Yo‘g‘-e, qo‘shni, do‘xtirga borayotib bir itdan xabar olay deb kiruvdim. Uf, dadasining rosa jahli chiqadigan bo‘ldi-da.

– It sog‘ ekanmi, – Tolib xotinini ko‘rishi bilan savolga tutdi.
– Dadasi, it yechilib qochib ketibdi, hozir izlashyapti, kechgacha topilib qolar.
Tolib tutoqib ketdi: 
– He, enasini o‘ziniyam, itiniyam, eplagan it boqadi.
– Shu aroq o‘lgurni ichmasangiz it ham tishlamas edi, ana, hamma qo‘shnilar it ichgan odamni yomon ko‘radi deyishyapti. 
Mahmudaning gapidan eri tutab ketdi.
– O‘chir ovozingni, shu tobda aql o‘rgatishing yetmay turuvdi, – Tolib bog‘langan oyog‘iga qarab uf tortdi. – Itni tekshirishgunicha har kuni kindik atrofidan ukol qilisharkan tushunyapsanmi?

Ertasi Mahmuda yana Nozimaxonlarnikiga bordi.
– Itingiz topildimi, qo‘shni?
– E, it boqmay o‘lay, qo‘shnijon, narigi mahalladagi Boqivoy aka tovug‘ini tutib yeyotganini ko‘rib urib o‘ldirib qo‘yibdi. Bolalarim ko‘mib kelishdi.
– Endi nima bo‘ladi, – Mahmuda yerga o‘tirib qoldi, – itning sog‘ yoki kasalligini qanday bilamiz?
Qo‘shnisining ahvolini ko‘rib Nizimaxon qo‘rqib ketdi. 
– Opa, kiring uyga, birpas dam oling.
– Mayli, men boray, – Mahmuda kalovlanganicha uyiga jo‘nadi.

Mahmuda kechqurun kasalxonaga borib, eriga nima deyishini bilmay jim turaverdi.
– Ha, nega jinniga o‘xshab dovdirab turibsan, nima bo‘ldi, gapir?
– Dadasi, it o‘libdi.
Tolibning rangi oqarib ketdi. 
– Nima?! Quturgan ekanmi?
– Yo‘g‘-e, tovug‘ini yegani uchun qo‘shnisi urib o‘ldirib qo‘yibdi.
– Shunday demaysanmi, naq yuragimni yoray deding-ku, – dedi Tolib o‘ziga kelib.
– Endi nima qilamiz, dadasi?
– Sen uyga boraver, men do‘xtir bilan gaplashay, keyin qo‘ng‘iroq qilaman.
Ertasi Tolib xotiniga qo‘ng‘iroq qilib o‘g‘illaring itni kovlab olib kelsin, uydagi qo‘yni ham yetaklab kelsin deb tayinladi.
– Qo‘yni nima qilasiz? – hayron bo‘ldi Mahmuda.
– Keyin aytaman, tezroq bolalaringni yubor.
Ertasi do‘xtir Tolibga ruxsat berayotib tayinladi.
– Ammo, aka, o‘zingiz ehtiyot bo‘ling, mabodo hurgingiz, daraxt tagiga peshob qilgingiz kelib qolsa darhol buyoqqa yuguring.
Ayni paytda Tolibning chindan ham uvlab yuborgisi kelayotgandi. Chunki do‘xtirlar itning o‘rniga imi-jimida so‘yilgan qo‘yni tekshirishgan edi-da.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.