OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul. Istilo (hikoya)

Sen bu dunyoga xaloskor o‘lgan
kuni kelgan eding...


U uch kundan beri tuz totmagan, tobora holsizlanar, ko‘ngli aynimoqda edi. So‘l xiyobondagi ta’qibdan so‘ng battar tinkasi qurib, yurishga ham madori qolmagan, o‘pkasi kuyib ketayotganday achishar, garchi ta’qib etuvchilarni bir soatcha oldin chalg‘itib ketgan bo‘lsa ham hamon o‘zini bosib ololmas, olazarak bo‘lib, atrofiga qarar, har bir sharpadan cho‘chib tushar, har bir qadamini shubha va ishonchsizlik bilan tashlar, ko‘p yugurganidan shishib ketgan o‘pkasi hansirar, tizzalari qaltirar va bilinar-bilinmas boshi aylanardi . Bu ochlikdan edi; u uch kuncha avval shahar chekkasidagi axlatlar uyumi orasidan bir bo‘lak chaynalmagan go‘sht parchasini topib olgandan beri hech vaqo tatimagan va oshqozoni o‘zini unutib qo‘yganidan norozi bo‘layotganday har dam-har damda quldirab qo‘yardi. Tushdan so‘ng negadir ichi damlay boshladi. Endi esa butun vujudi qaltirardi. U o‘zi ham bilmaydigan qandaydir jinko‘chadan o‘tar ekan, ufunot anqib turgan yashiltob iflos hovuzdan qonib ichib olgandi. Yo‘q, iflos suvdan irgangani uchun shunday bo‘layotgani yo‘q. U iflos va badbo‘y narsalarga ko‘nikib qolgandi. Kechalari bilan yegulik izlab, axlat unduqlarini titib yurar, agar sasiy boshlagan bo‘lsa ham yegulik topilsa o‘ylab o‘tirmay paqqos tushirar, bundan hatto vujudida lazzat ham tuyardi.
Uning oshqozon-u ichaklari xuddi ayiqning oshqozoniday tashlandiq va hidlangan xo‘raklarga ko‘nikib qolgan, endi qo‘lansa go‘shtlarni tishlayotganda vujudida biron marta jirkanish tuymasdi: aksincha, ba’zi kunlari ana shu yegulikni topish ham amrimahol edi. Ertalab oftob tushmaydigan qandaydir ko‘chadan (ko‘chalar va xiyobonlarning hech qanday ma’nosi qolmagan edi) o‘tar ekan omborga o‘xshash, temir-tersak qalashib yotgan binoning oldida yashiltob, atrofini qurbaqa yo‘sini bosgan hovuz ko‘rib qolgan va bu yerlarda o‘zini hech kim kuzatmayotganiga amin bo‘lgach, hovuzdan to‘yib ichib olgandi. U ichib bo‘lgandan so‘ng suvdan mag‘zava va balchiq hidi kelayotganini sezdi, nafasidan ham mag‘zava hidi anqiy boshladi. Zo‘riqib qayd qilgisi kelar, lekin buning sira iloji yo‘q edi; Oshqozoni bo‘m-bo‘sh, qancha o‘g‘imasin ichidan ko‘karib ketgan suvdan boshqa hech narsa tushmasdi- u shundagina peshanasi terlab ketganini angladi. Bu noxush narsadan darak berardi: u shamollab yoki zaharlanib qolgan bo‘lishi mumkin edi. Kasal ekanligini xayoliga keltirmaslik va o‘zida umidsizlik his etmaslik uchun tinmay yurar va atrofga hech kim ta’qib etmayaptimikin degan shubhada olazarak bo‘lib ko‘z tashlardi. Ta’qiblar uni mushukday sergak va chaqqon qilib qo‘ygandi. U iloji boricha qorong‘uroq va ovloqroq ko‘chalardan yurishga harakat qilar, yuzini ko‘rsatmaslik uchun quloqchinini tushirib olgan, uvadasi chiqib, kir-chirga belangan yomg‘irpo‘shining yoqalari ko‘tarib qo‘yilgandi.
Garchi dalv oyining oxirlarida kun to‘satdan qish fasliga xos bo‘lmagan tarzda isib jo‘nagan bo‘lsa-da, unga deyarli hech kim e’tibor bermasdi yoki e’tibor berishsalar ham o‘lgudek ichib olgan bo‘lsa kerak, degan xayolga borishardi: kiyimi, isqirti chiqqan yomg‘irpo‘shini aytmasa, ish izlab, daydib yuradigan qora ishchilardan farqi yo‘q edi; u negadir hech kimga yuzini ko‘rsatmaslikka yoki birov bilan duch kelmaslikka harakat qilar, agar qarshisidan yo‘lovchi kelayotgan bo‘lsa, yuzini e’lonlar taxtasiga burib o‘zini xuddi o‘qiyotganday ko‘rsatib turar va yana yo‘lga tushar, o‘zini kimsasiz ko‘chalarga yashirardi. Birov bilan tasodifan ro‘baro‘ kelib qolsa, yerga qaragancha tez o‘tib ketishga harakat qilardi: kechalari esa shahar chekkasidagi tashlandiq saroyda yotib qolar va tuni bilan sovuqni yengish uchun yurib chiqardi. U juda ham ustasi farang edi; bir manzilda ha deb o‘ralashmas, g‘animlar diqqatini tortishni istamasdi. Ko‘proq kimsasiz xiyobonlarda izg‘ib yurar, shaharni besh panjasiday bilardi; biroq keyingi oylarda shahar tez o‘zgarayotgan, kundan kun begonalashib borayotgandi. Darvoqe, rostdan ham shahar unga g‘irt yot va chiroyli qilib qurilgan qatl maydoniga o‘xshab qolgandi. Shahar markazidagi maxluq esa har kecha tinmay o‘kirar va u ajal anqiyotgan tovushdan qochib shahardan uzoqlarga ketib qolgisi kelardi. Shahar begonalashgan sari u ham o‘ziga begonalashib borardi: ko‘chalarga serda’vat shiorlar va rangli lavhalar ilib tashlangandi. G‘animlar aftidan, bu shaharni shiorlar saltanatiga aylantirmoqchiga o‘xshardi – shiorlardagi har bir so‘zda nafrat va g‘azab ufurib turar, u shiorlarni o‘qiyverib, boshi aylanar, o‘zini o‘ta ojiz va mahkum his etar, bu so‘zlar uning bag‘rini pora-pora qilib tashlar, shiorlardagi yopishqoq va shilqim so‘zlarga asir tushayotganini anglab qolardi. Shiorlarni esa ko‘p jildli kitobday o‘qib tugatib bo‘lmasdi: aslida ham shahardagi barcha shiorlarni bir joyga yig‘sa, misli ko‘rilmagan ulkan kitob paydo bo‘lishi mumkin edi. Hammasi buyruq, dav’at, xitob ohangida jaranglar, hammasidan shahar o‘rtasidagi maxluqning tovush sasi kelib turardi. Bular aslida ham maxluqning tovushsiz o‘kiriklari edi. Har bir ko‘chada, har bir uyda maxluqning hayqirig‘i mavjud edi. Bu hayqiriq emas, qilich, maxluq qo‘lidagi istilo qilichi!
G‘animlar so‘nggi paytlarda yovuz niyatlarini yashirmay qo‘ygan, ularning asl maqsadlari shaharning yangi qiyofasida ko‘chalarda boshdan – oyoq qurollanib, majora izlab saf tortib yurishlarida namoyon bo‘lar, shahar o‘tmishiga neki daxldor bo‘lsa, hammasini yoqishar, vayron qilishar, buzishar, o‘rniga o‘z didlariga va ta’blariga mos qilib qurishar edi. Shahar keyingi ikki-uch oyda kuchuk katagiga o‘xshash avaxtanusxa binolar bilan to‘lgan ko‘rimsiz manzilga aylangandi. U boshi og‘riyvergach, shiorni o‘qimay qo‘ydi - ularni o‘qib tugatishiga baribir butun umri ham yetmasligini nihoyat tushungandi, yangi uylarda hamon istilo va g‘alabalari sharafiga tantana davom etardi, ba’zan butun ko‘cha mast –alast odamlarga to‘lib ketardi, shunday paytlarda u ko‘chaga chiqmay qo‘yar, g‘animlar mast paytlarida, ayniqsa, ko‘proq hushyor bo‘lishar hamda quturib ketishardi. Maxluq esa butun shaharni o‘kirigi va har bir uygacha o‘rnashib qolgan o‘zining mavjud va manguligini har lahza yodga solib turadigan badbo‘y hidi bilan boshqarardi – aslida ham shaharni undan oldin mana shu mozor va shilta hidi zabt etgandi. Maxluq shaharga bostirib kirganda ko‘chalarda hid aqlini ozdirgan bir-birining go‘shtini yeyayotgan quturgan olomonni ko‘rgandi.
U xiyobondagi daraxtlar orasidagi o‘tgan yildan qolgan chirik xazonlar uyumiga kirib yotar va toki badaniga zax o‘tib, qaltiroq boshlanmaguncha bepoyon va ozod osmonni, har xil shakllarda ko‘k yuzida suzib yurgan bulutlarni, bu bog‘, bu yilgi qish, osmon haqida shodon chuldirab, emin-erkin uchib yurgan qushlarni, hozir uning ruhiyatiga yana ham yomon ta’sir qiladigan va xunuk ko‘rinadigan hamda tinmay xavfli narsalardan darak berarak yo‘laklarda noxush qag‘illab yuradigan qarg‘alarni tomosha qilib, o‘zining bolaligi, bir paytlardagi osoyishta hayoti, do‘stu yorlari haqida o‘ylab, xayolga g‘arq bo‘lib yotishni xush ko‘rar, doimiy ta’qibdan qochib, mana shu xazonlar saltanatiga yashirinar, oyoqlariga orom berar, biroq bir necha daqiqalardan so‘ng ta’qib tuyg‘usi uni yana ham bezovta qila boshlar, xuddi birov uni kuzatib turgandek yotgan joyidan sakrab turib ketar va tezda xiyobonni tark etar, boshi og‘gan hilvat ko‘chalarda izg‘ib yurardi.
Sal oldin so‘l xiyobonda ana shu daraxtlar ostida qo‘lga tushirishlariga sal qolgandi: kimdir o‘ziga tikilib turganini sezib o‘rnidan turib ketdi va yo‘lak tarafdan tajovuzkorona qarab turgan g‘anim ko‘zlarini ko‘rib qoldi. G‘anim uni butun xiyobon bo‘ylab ta’qib qilib yurdi; aftidan, u hamon o‘zining ko‘zlariga ishonmayotgan, ikkilanayotgandek edi. U xiyobondan chiqishda boshmog‘ining bog‘ichini bog‘layotgandek egilib, oyoqlari orasidan iziga qaradi va ta’qib etuvchilar endi ikki kishi bo‘lganini ko‘rdi. Qubbasi panjara qilib qurilgan eshikdan burildi-yu, yaqindagi metro bekatiga yugurdi. U bekatda odamlar orasida yuzini yoqalari ichiga olib, yon atrofni olazarak bo‘lib kuzatdi – ta’qib etuvchilar shundoq yonginasida turardi. U bir pas kutib turib, eshigi yopilayotgan vagonga o‘zini urdi va ta’qib etuvchilar ham yugurganini, lekin eshik ulardan oldinroq yopilganini ko‘rdi. Keyingi bekatda u metroning nariga boshiga qarab ketayotgan vagonga chiqib oldi va to oxirgi bekatgacha vagondan tushmadi u metrodan chiqqanda quyosh botayozib qolgan, yerda soyalar cho‘zilib yotardi. U katta, gavjum ko‘chadan chiqib qolgan, qarshisida g‘ayritabiiy manzara namoyon bo‘lgandi: bir to‘da g‘animlar ko‘chani to‘ldirib, harbiychasiga yurib borardilar: qandaydir tantanali musiqa yangrardi, g‘animlar shodon qiyqirishar, har dam har damda chapak chalib qo‘yishardi. “Bunchalik ko‘p bular”, - deb o‘yladi u daf’atan maydonni to‘ldirgan maxluqbashara olomonni ko‘zdan kechirar ekan. Shunday deb o‘ylashi bilan yuragi sanchilib og‘ridi va uni nogohan dahshat qamrab oldi. U shundagina butun shahar g‘animlar bilan to‘lib toshganini va bular orasida o‘zi yolg‘iz ekanini his etdi – ham qo‘rquv, ham ochlik birdan miyasiga tepdi. Va butun dunyosi qorong‘ulashib ketdi: ko‘zi tushgan birinchi o‘tirg‘ichga zo‘rg‘a yetib oldi-yu, bir yelkasi bilan unga deyarli ag‘anab tushdi. U boshi aylanib, hushini yo‘qotayozgan edi. Hozir uning yuziga qaragan odam qo‘rqib ketardi – yuzi qizarib, lablari qaltiray boshlagan edi. G‘animlarni yaqindan ko‘rganda u hamisha o‘zini tutolmay, iztirobdan behushlik darajasiga yetardi. U ko‘zlarini yumib oldi. Shu holatda bir necha soniya elikib yotdi. Uning xayoliga qandaydir choh ko‘rinib ketdi – yo‘q, bu choh nimaningdir oqibatidan paydo bo‘lgani yo‘q, shunchaki o‘z-o‘zidan, hozirgi kechinmalariga aloqasi bo‘lmagan holda paydo bo‘ldi. Bu choh ulkan, tikilib qarasang tub-tubida cho‘g‘ alangalanib yotganini ko‘rish mumkin edi. Balkim umidsizlik tufayli shunday xayolga borgandir?! Har qalay, hushi joyida emas, ko‘ziga yana allambalolarning vahmli va ulkan shakl-shamoyili ko‘rindi; bu goh cho‘chqa bolasiday keladigan chayonning soyasiga, goh egasining suyagini kemirib yotgan itning och ko‘zlariga o‘xshardi. Isitmasi ko‘tarilib, alahsirash darajasiga kelgandi.
U kimdir o‘zini chaqirgach va yelkasiga turtgach, ko‘zini ochib, bir muddat hech narsaga tushunmay baqrayib qarab turdi – xuddi maymunning orqasiday avval qizg‘ish basharaga ko‘zi tushdi, so‘ng bashara yoshgina ayolning biroz so‘lg‘in chehrasiga aylandi – uning oldida yoshgina g‘anim ayol turardi. Juvon unga nimadir deb gapirardi. U o‘zining kimligini birdan esiga tushib, sakrab turib qorong‘ulik cho‘ka boshlagan binolar tomon yurib ketdi. Juvon nimalardir deb qichqirdi, lekin u qandaydir ulkan bino oldiga kelib chapga burildi-da, yer osti yo‘lidan o‘tib, har ehtimolga qarshi atrofga yaxshilab qarab olgach, o‘ng tomondagi sersoya ko‘chaga burildi. Xilvat unga biroz orom berdi: shunda u boyagi juvonni va “Sizga nima bo‘ldi?! Yordam kerak emasmi?!” degan so‘zlarini esladi-yu, yuragi shuv etib ketdi. Yaxshiyam ayol uning yuzini ko‘zlarini tuzukroq ko‘rishga ulgurolmadi, yo‘qsa, qanday qiyomat bo‘lishini o‘zicha tasavvur qildi. Maydondagi g‘animlarning hammasi unga tashlanishar, balkim burda-burda qilib tashlashardi. U hamisha o‘zini tanib qolsa nima bo‘lishini tasavvur qilar ekan, yuragi urishdan to‘xtaganday quloqlari bitib qolardi. Dahshat! So‘rab-surishtirib o‘tirishmaydi. Shafqat ularning xayoliga ham kelmaydi. U o‘z hayotini, vahima vasvasa bilan o‘tayotgan kunlarini o‘ylab xo‘rligi keldi. “Qanday baxtli edim, tinchgina yashab yuruvdim, birovlarga yomonlik ham qilmagan edim. Qo‘lim ochiq edi. Do‘stlarim ko‘p edi. Qani ular?!” U bu savollarga anchadan beri javob topolmasdi. Umuman, bu savolning javobi bormikan?! Uning shuuri, ongi ta’qibga, qo‘rquv va vahimaga moslashib borar, hatto oyoqlari ham chaqqonroq bo‘lib ko‘zlari o‘tkirlashgan, quloqlari har bir sharpani tutib yuradigan bo‘lib qolgan edi – u kundan-kun o‘zining hayoti doimo xavf ostida bo‘lgan qandaydir ojiz maxluqqa aylanib borayotganini his etardi. So‘lagida ham keyingi paytlardi achimsiq hid paydo bo‘lgan, tovonlari tuyoqday qotib ketgan, tili esa cho‘zilib borardi. Ta’qib uni gung va ojiz maxluqqa aylantirib qo‘ygandi. Faqat kunduzi emas, tunlari ham uni vahima tark etmas, nazarida hozir ushlab olib ketishadiganday, so‘ng so‘rab-surishtirib o‘tirmay tilka-pora qilib tashlashadiganday tuyulaverardi. U butun boshli tarix xarobasiga o‘xshash shaharda daydib yurar ekan, jussasi kichrayib, terisini jun qoplab boryotganini sezardi: jun avval qo‘ltig‘i tagidan o‘sib chiqdi, so‘ng ko‘krak va bo‘ynini gurra qoplab oldi.
Kech tushib salqin bo‘lib qoldi. Osmon ayoz, yulduzlar she’r satrlari kabi tizgin va so‘lg‘in miltillar, kecha dilbar edi. Havodan tez kunda har bir daraxtga tug‘ ilajak ko‘klam hidi ufurardi. Zulmat uni biroz xotirjam qilgan, biron yerga o‘tirib biroz dam olib, so‘ng saroyga jo‘nasa ham bo‘lardi. Biroq birdan shundoq yaqinda g‘o‘ng‘illayotgan tovush eshitildi, - bir necha kishi bu tarafga kelayotgan edi, chamasi orqada chiroq bor edi, yo‘lkaning chetiga o‘tirg‘ich o‘rnatilgan, birdan-bir bekinishga qulay joy o‘sha yer edi. U birpas taraddudlanib turib, o‘zini o‘tirg‘ichning tagiga oldi – uning boshqa iloji qolmagan, gaplashib kelayotganlarning qorasi ko‘ringan edi. O‘tirg‘ich osti keng, qulay edi. U chalqancha tushib yotib ola qoldi. Shunday qilsa ham o‘zi dam olar, ham xavfsizligini ta’minlar edi. Ammo gaplashib kelayotganlar o‘tirg‘ich to‘g‘risiga kelib, bir zum to‘xtashdi-da, o‘tirg‘ichni ko‘rib shu tarafga yo‘l olishdi. Ularning suhbati o‘tirg‘ichda ham davom etdi. U yassi poshnalarnigina ko‘rib turardi – endi juda ham mushkul vaziyat paydo bo‘lgandi: suhbatdoshlar ketmay turib, o‘tirg‘ichning tagidan chiqib bo‘lmasdi. U qo‘lini boshi ostiga qo‘yib, qattiqroq nafas olishga ham qo‘rqib, harakatsiz qotib yotdi.
Bu yerda hech qanday kuch-qudratning yoki yovuz bo‘lishning ham keragi yo‘q,- derdi o‘tirganlardan bittasi; u o‘tirg‘ichning so‘l tomonida o‘tirgandi. Ular taglarida kim yotganlaridan bexabar bemalol suhbatga berilgandilar. – Men shaxsan qirg‘inlarga qarshiman. Bugungi madaniy dunyo insonparvar tuzumni yoqtiradi. Insonparvarlik – barcha g‘oyalarning shu jumladan bizning ham tayanchimizdir. Boshqarishni takomillashtirish kerak, xolos. Nazorat qanchalik kuchli bo‘lsa hokimiyat shunchalik kuchli bo‘ladi. Jamiyatning har bir a’zosiga nazorat tuyg‘usini singdirish kerak. Nazorat tuyg‘usi fuqaro ko‘nglidagi hokimiyatning qiyofasidir. Nazoratga barcha fuqaro jalb etilishi, fuqaroning o‘zi hokimiyatni boshqarishi kerak. Men tavsiya qilgan loyihamda xuddi mana shu fuqarolar hokimiyati joriy etish maslasi ko‘rilgan. Xususan, fuqaro o‘zini hokimiyatning odami deb hisoblashi va kimnidir nazorat qilishi kerak. Bir fuqaro ikkinchi fuqaroni, ikkinsi fuqaro uchinchini, uchinchisi to‘rtinchini va so‘nggi fuqaro esa birinchi fuqaroni nazorat qiladi. Buni doira shaklidagi idora usuli deyish ham mumkin. Bu usulda hamma bir-biriga mas’ul va bir-biriga nazoratchi bo‘ladi. Boshqacha aytganda bir fuqaroga boshqa bir fuqaro dushman, hokimiyat uchun xavflidir, bu tuyg‘u nazorat mas’uliyatini oshirish uchun kerak. Xullas, birinchi fuqaro ikkinchi fuqaroni ta’qib qiladi – ya’ni nazorat qiladi ikkinchisi uchinchini ta’qib etishi hokimiyat xavfli bo‘lgan fitna va qo‘poruvchilikning oldini olishi zarur. Agar hokimiyat barcha fuqarolarni mana shu boshqarish usuliga jalb etolsa u juda kuchli hokimiyat bo‘ladi. Chunki hokimiyatni bir-birini nazorat qiluvchi ommaning o‘zi boshqaradi. Ishonchsizlik bor joyda boshqaruv kuchli bo‘ladi. Bir fuqaro boshqa fuqaroga ishonmaydi, aksincha, hokimiyat xavfsizligi uchun uni ta’qib qiladi. Mening loyihamda hatto ota bolasini ham yoki bola otani ta’qib etish huquqi beriladi. Ta’qib bor joyda boshqa hamma jamiyatda uchraydigan fitna, g‘alayon qonunbuzishlar va boshqa jinoyatlar sodir bo‘lmaydi, ta’qib etish hokimiyat pokligi uchun kurashdir. Mening loyihamda ta’qib idora usuli juda mukammal ishlab chiqilgan: hokimiyatni qaysidir kuch emas, ta’qib boshqaradi. Ta’qib ulug‘ va g‘oyat samarador mashinadir. Ana shu mashinani o‘ziga tayanch qilib olgan hokimiyat hech qachon tanazzulga yuz tutmaydi. Ta’qib bor joyda oliy tartib-intizom qaror topadi. Faqat odamlarga ta’qib etish ilmini o‘rgatish kerak. Tasavvur qiling: bir o‘quvchi boshqa bir o‘quvchini, u o‘quvchi esa uchinchini nazorat qila boshlaydi; hokimiyatchilikning ilk kurtaklari shu yerda shakllanadi. Biz o‘z fuqarolarimizni bolaligidayoq hokimiyatni boshqarishga tortgan va ularning miyasini har xil buzuq g‘oyalardan tozalagan bo‘lardik. Qaysi hukumat uzoq yashashni istasa, ta’qib usulini g‘oyat mukammallashtirmog‘i zarur.
– Men ham ularga bir necha marta aytdim, - dedi o‘ng tomondagisi xirilloq ovozda – Biznikilar zamondan orqada qolishayapti deb. Menimcha, sizning loyihangiz hayotiy va ilmiy asosga qurilgan. Sizga ovoz berishlariga shubha qilmayman.
– Qonun – itning dumiga o‘xshagan narsa, - dedi birinchisi maqtov o‘ziga yoqqanini yashirmay. – It dumiga qarab qancha intilsa, dum itdan shunchalik uzoqlashadi. Zamonaviy tuzumning qonunlari ana shunday bo‘lishi kerak. Hamma narsasi oydin bo‘lgan qonun hukumatning boshini yeydi. Qonun ham tushunarli, ham tushunarsiz bo‘lsin. Qonunning ta’siri uning tushuniqsizligidadir. Sizga, jigarim, maslahatim shu, qonunni hech qachon tushunarli qilib yozmang. Dunyo o‘zining sirliligi bilan maroqli; mushtingizni ko‘rsatingu ichida nima borligini hech qachon bildirmang.
Bular g‘animlarning qonunshunoslari edi, chog‘i, tillarida qonun kabi salobatli va mavhum atamalar ko‘p edi. Ular turli islohatlar, mafkuraviy rejalar, loyihalar haqida uzoq suhbat qurdilar, bora-bora qonunshunoslarning bahsi unga mutlaqo tushuniqsiz tusga kirdi. Kunduzgi ta’qiblar va ochlik uning sillasini quritgan edi, ko‘zi ilinib beozorgina uyquga ketdi.
O, tush kemasi, sen qaylarga suzib bormaysan, sening yelkanlaring qaysi yurtlarda hilpiramaydi, langaringni qaysi mamlakatlarga tashlamaysan?! Senga hamdu-sano o‘qishning hojati yo‘q. Sen shusiz ham qudratli va ulug‘san. Tilsimli ko‘zgu yanglig‘ goh-goh umrimning men tayg‘onib ketgan qirlarini ko‘z oldimga xuddi kecha sodir bo‘lganday bot-bot boshlab kelaverasan, meni bolalikning buloqlariga cho‘miltiraverasan. Bu dunyo shafqat qilmagan bandaga nega sen muruvvat qilmaysan, ey, ulug‘ tush! Menga eslatish va ko‘nglimda to‘nib qolgan bo‘ronlarni qo‘zg‘atish senga shartmidi? Senga zururmidi meni ul vahm orollariga boshlab borish, meni uyquda ham ta’qib etish ey, ulug‘ tush!
U sovuq qotib alahsiradi. Tushiga qatl etilayotgan maydon kirgandi. G‘animlar bobosi va otasini tutib olgan va endi ularni namoyishkorona qatl etish uchun yig‘ilishgandi. Bu hali qallig‘ini qatl etmasdan ko‘p yillar burun sodir bo‘lgan edi. G‘animlar qatldan oldin yosh bolalarni maydonga yig‘ishgan va o‘zlariga g‘anim bo‘lganlarni ne kunlarga sola olishi mumkinligini bolalarga ham ko‘rsatib qo‘ymoqchi edi. Ular qatl etilayotgan odamlardan emas, maydonda qator tizilishib, hayrat va qo‘rquvda turgan bolalardan qo‘rqishar va bu xil “tarbiyaviy soatlar”ni tez-tez o‘tkazib turishardi. Maxsus yog‘och to‘shakka yotqizilgan bobosi va otasining avval bosh chanog‘ini kesib oldilar: bobosi va otasi irodali edi, kesishayotganda biror marta miq etishmadi. Faqat bobosi har kuni ertalab bozorga ketishdan oldin qiladigandek maydonda yum-yum yig‘lab turgan unga qarab ko‘zini qisib qo‘ydi. Otasi qayrilib ham qaramadi; u aftidan o‘g‘liga qarab, irodasizlik qilib qo‘yishdan qo‘rqardi. Bosh chanoqlarni olishgach ikkalasining ham archa bujuriga o‘xshash kulrang-oqish miyalari ochilib qoldi. G‘animlar qaydandir (avval tayyorlab qo‘yishgan, chog‘i) ikkita ilon topib kelishdi. Ilonlar tinmay dumini likillatar va tilini chiqarib vishillardi. Jarroh g‘anim ilonlarni bosh chanoqqa solib, uni qaytadan joyiga tikib qo‘ydi: u ishiga juda usta edi, hammasini ko‘z ochib yumguncha bajardi. Avval otasi chinqirib yubordi. Uning qo‘l-oyog‘ini yechib qo‘yishdi. U boshini ushlagancha, baqirar, silkir, boshiga mushtlar va maydonda uyoqdan-bu yoqqa dumalardi. Saldan so‘ng bobosi ham qo‘shildi. Ilonlar miyaning titig‘ini chiqarishayotgan va duch kelgan joyga zahrini sochishayotgan edi, chamasi. G‘animlar ularning dumalashlarini ko‘rib, hiringlab kulishar va bu manzara bolalarga qanday ta’sir ko‘rsatayotganini bilish uchun ularga zimdan ko‘z tashlab qo‘yishardi. Qandaydir bola og‘zini katta ochib baqirib yubordi – uning chinqirig‘ida telbavor ohang bor edi. Tezda og‘zidan ko‘pik kelib, u yiqilib qoldi va yerda bulkillay boshladi. G‘animlar bolaga parvo ham qilmadi. Faqat qandaydir barvasta g‘anim uning yelkasidan bosib turar, u shu turishda odamdan ham ko‘ra o‘ljasini changallab turgan yovvoyi maxluqqa o‘xshardi. Bobosi yotgan yerida irg‘ib turdi – uning yuzi ko‘m-ko‘k edi. Ko‘zlari og‘riqdan kattalashgan, ifodasiz tusga kirgandi. U boshida miyasini kemirayotgan (boshchanoqqa nima solishayotganini o‘zlariga ko‘rsatishmagandi) ochafotni bir urishda yo‘q qilmoqchidek, yugurib borib, boshini nariroqda turgan bosh devorga urdi – boshining qatig‘i chiqib ketdi – o‘zi ham bir-ikki qimilladi-yu, so‘ng jimib qoldi. Jarroh g‘anim uni ag‘darib ko‘rib o‘lganiga ishonch hosil qilgach so‘kindi. U qatlni boshqarayotgan g‘animga “Ilonni o‘ldirib qo‘yibdi, ablah” dedi. Otasi maydon o‘rtasida cho‘zilib yotar uning boshi do‘mbiraday shishib ketgandi. Jarroh uni bir-ikki tepib ko‘rgach, ikki g‘anim yordamida yana yog‘och to‘shakka olib keldi. Bosh chanoqni kesib ilonni chiqarib oldi. Ilon miya yog‘iga belangan, quyoshda tanasi yiltillab tirikligini ko‘rgan g‘animlar guvrab yubordi. Jarroh ilonni o‘pib qo‘ydi va uni maxsus qutichaga solib, qaygadir olib ketishdi. Jasadlarni esa aravaga ortishdi va aravani shaharning janub tomoniga yetaklab ketishdi.
O‘shanda unga yuragi kichrayib qolgandek tuyulgandi, go‘yo ilon uning yuragining yarmini yeb qo‘ygandek edi. U yuragi sanchilib og‘riganda, ular ko‘kragimga ilon solib qo‘yishganmikin deb cho‘chib tushardi. O‘sha kuni uning sochi bitta qolmay oqarib ketgandi...
U tagidan zax o‘tib, sovuq qotgach, uyg‘ondi va bir soniya o‘zining qaerda yotganini anglolmay turdi; so‘ng, aloha, atrofga quloq tutdi – hech kim yo‘qligiga ishongach, o‘tirg‘ich tagidan chiqdi va ko‘chaning xilvat tomoni bilan shaharning sharqiy qismiga yayov yo‘l oldi – tashlandiq saroy o‘sha yoqda edi.

* * *

U shahar zabt etilgach, qabristonda yashirinb yurdi. Qabrlar orasida o‘ziga xiyla keng lahm qazib olgan, u yer issiq va bexavotir edi. Tunlari tanasini ayoz va izg‘irindan asrash uchun ustiga tuproq tortib uxlar, uzun va tubsiz xayollarga cho‘mardi. Bu xayol surishlar uning baxtli lahzasiga aylanib qolgandi. Biroq qaysidir kechasi itlarning qattiq hurishidan uyg‘onib ketdi. Nazarida butun dunyoni it bosganday edi; hurish chor tarafdan kelar, ba’zida tantanavor baqiriq-chaqiriqlar eshitilardi. U g‘animlar yana nimanidir boshlaganini angladi va lahmdan sekin bosh ko‘tarib qaradi – Oy sutday yorug‘ edi va qabriston ustiga tirqirab to‘kilardi. G‘animlar bir to‘da it ergashtirib olishgan va qabrlarni ochib, u yerdagi suyaklarni itlar oldiga tashlashar, naq eshakday keladigan hiroday itlar suyaklarni qasirlatib chaynashar: atrofga birrov ko‘z yugurtirib, irillab qo‘yishar, tumshuqlari bilan ochiq qabrlarni titishar va hadeb dumini likillatishardi. U ko‘rgan manzaradan dahshatga tushdi, nazarida suyaklar emas, arvohlar faryod qilayotgandek edi. G‘animlar qabristonni boshdan-oyoq ag‘dar-to‘ntar qilib chiqishdi – shunda u tinchgina, xotirjam o‘lib ham bo‘lmasligini tushunib yetdi: o‘lim ham uni xo‘rligu haqorat, tajovuzu ta’qibdan xalos qilolmasdi, uning suyaklari ham ta’qib etilishiga mahkum edi. Shundan keyin u boshpana izlab shahardan bosh olib ketdi va mana shu tashlandiq saroyni makon tutgandi – u shaharga biron yegulik izlab borar, qolgan paytlari saroyda cho‘zilib yotardi. Saroy xuddi boshiga shuncha balolar solgan dunyo yoki bosib o‘tgan umri kabi sassiq, qo‘lansa, zax va qorong‘u edi. Aslida ham saroy va dunyo aynan bir narsa bo‘lsa, ne tong!
U saroyga tuynuk orqali kirdi – bu har doimgi ehtiyot chorasi edi: garchi saroy g‘animlarning e’tiboriga tushmaydigan joyda bo‘lsa ham u o‘z odatini kanda qilmasdi. Saroyning ichi zax, ustiga ustak xaltalarda qandaydir kuyimtik dorilar sochilib yotar, o‘tkir hidi dimoqni o‘tday ko‘ydirardi. Agar boshqa bo‘lganda bu saroyda yashagandan ko‘ra g‘animning qo‘lida qiyma-qiyma bo‘lishni afzal ko‘rgan bo‘lardi. Lekin uning tabiatidagi o‘jar bir fe’l-atvor qon-qoniga singib ketgan, ochdan yoki mana shu dorining hididan bo‘g‘ilib o‘lish mumkin edi-yu, lekin hech qachon o‘z ixtiyori bilan g‘anim qo‘liga tushishni istamasdi, ta’qiblar borgan sari kuchayar, unga ajablanib, shubhalanib qaraydiganlar soni kundan-kun oshib bormoqda edi.
Bu saroy - ta’qiblardan holi bo‘lgan joy – unga biroz mizg‘ib olish uchun qo‘nalg‘a edi. Saroy uning qanchadan qancha kechinmalariga, sirlariga va tushlariga sherik bo‘lmadi?! Agar uning ko‘rgan tushlarini bir boshidan izohlab berilsa, dunyoning yaralishidan to uning yo‘q bo‘lib ketishigacha bo‘lgan o‘tmish, hozir va kelajakni aks ettirgan bir butun yaxlit bir asarga aylangan bo‘lardi. Tushlarida u nimalarni ko‘rmasdi?! U tushi orqali Momohavo kulbasigacha kezib borgan va bir necha marta falak qabulida ham bo‘lgandi. Tushning ko‘z ilg‘amas arqonlariga osilib, ul oliy dargohga bosh urib borar, yuragida paydo bo‘lgan vahima-yu hasratlarni to‘kib solar, umidsizlik va tushkunlik nimtalab tashlagan pora-pora tanasini silkitib, qish oqshomi kabi kunma-kun qorayib, ifodasiz, bo‘lib borayotgan ko‘zlaridan alam va qayg‘u yoshlarini oqizib, u siymo oldida qon-qon yig‘lar, ta’qib qilinaverib, toshday qotib qolgan yuragi negadir bu dargohda to‘lqin yemirgan qoya yanglig‘ o‘z-o‘zidan uqalanar, hayotida yuz bergan son-sonoqsiz falokatlar, kulfatlar, yo‘qotishlar, alamzadaliklar, qasos tuyg‘usi asabiy ingrashlar, ruhiy ezilishlar, o‘lim vahimasi, yolg‘izligida chekkan azobu uqubatlar tufayli yamalaverib, quroqqa aylangan choklari so‘kilar va u yerdan Xaloskor oyog‘i ostiga cheksiz hasratlar to‘kilib tushar,” Meni u dunyoda yolg‘iz qoldirar ekansan, nega yaratding? “deb yolvorar, iltijo qilar, u xilqatdan biron sado bo‘lmagach, bo‘yniga tushgan sovuq ko‘z yoshidan cho‘chib uyg‘onib ketar va o‘zini yana o‘sha badbo‘y va isqirt saroyda ko‘rardiyu U o‘zini aldash va ovutish uchun uzoqlarga yo‘l olgan va olis-olislarda ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas nuqta bo‘lib ko‘rinayotgan alvon yelkanli kemadek endi o‘zidan asta-sekin yo‘qlik qa’ri tomon suzib borayotgan saodatli damlardan qolgan elas-elas xotiralarni ongining sahnasiga tortib chiqar va bu tashlandiq kemada bolaligining ovloq va xushvaqt qirg‘oqlarigacha suzib borar, so‘ng o‘smirlik, yigitlik va muhabbat ko‘rfazlari bo‘ylab, yana o‘zi turgan yolg‘izlikning xaroba bandorgohiga qaytardi: bular uning yuragi to‘riga ko‘mib qo‘ygan eng sevimli xotiralari edi; qiladigan ishi bo‘lmaganidan ayanchli shaharda o‘zining kuni bitib borayotganini, ko‘ksidagi sham ta’qib, vahima, ochlik, tushkunlik, bayroqlari ostida sekin-sekin so‘nayotganini anglagani sayin idrokining qorong‘ulik qoplagan burchaklarini qaza-qaza bu xotirani topib olar va xazina topgan dehqonday bu xush saodat lahzalar oldida bir zum garangsib turib qolardi; gohida u badbo‘y hid anqigan xonada butunlay aqldan ozar, hid uni kun uzog‘i ta’qib etib yurar, boshda osilib turgan qilich kabi vahm va jazava solardi. U o‘zini ta’qib etayotgan hidmi yoki ko‘zlari chaqchaygan odamlarmi, bilolmay qolardi. Maxluq qanchalik qo‘rqinchli bo‘lsa, hid ham shunchalik badbo‘y edi. Hid uni quturtirib yuborar, vujudida yovvoyi bir yovvoyi g‘alayon bosh ko‘tarar va u minglab yillar o‘ziga qarab uvillayotgan ajdodlarining chorlovini eshitganday bo‘lar, o‘zi ham bor tovushi bilan xaroba saroyni qomatga keltirib, bo‘riday uvlay boshlar, bu uvlashda yolg‘iz hayotidan zorlanish ham, g‘animlarga cheksiz nafrat ham aks etar, go‘yo bu sado ming yillar narida turgan, hali ko‘rinishlari hayvondan kam farq qiladigan, ko‘zlari ochko‘zlik va g‘azabdan titrab, toqatsizlik bilan o‘ljasini poylayotgan, ko‘zlarida yashash uchun kurashning eng mudhish qonuniyatlari aks etgan, hamda ming yillardan keyin o‘zi to‘g‘risida uydirmachi tarixchilarning cho‘pchaklari orqaligina biladigan, osmon o‘par imorat tepasidan qarab turgandek, o‘ziga asrlar osha loqayd va masxaromuz tikilib turgan avlodlarigacha borib yetganday, qonida ajdodlar ruhi alanga olar va u tinmay uvlay boshlar, go‘yo o‘zi bilan butun ajdodlari ham qo‘shilib nola qilayotganday bo‘lardi; ular o‘z naslining tugab ado bo‘layotganidan nola va faryod qilardi. U esa ojiz va mahkumi ekanligidan nola qilardi; biroq birinchi uvlash bilan so‘nggi uvlash bir-biridan farq qilardi; birinchisida baxtiyorlik va sha’n mujassam edi, ikkinchisida hasrat va sog‘inch yotardi. Bu uvlash uning kundalik vahimalardan kichrayib borayotgan tanasiga huzur bag‘ishlar, ko‘z oldidagi mavhumlik va ta’qib pardalari surila-surila behisht ko‘lidagi qil ko‘prikdek uni qaygadir boshlab boradigan, g‘altakka uquvsizlarsa o‘rab tashlangan ipdek, chuvalatma, aylanma, xuddi ajdodlari uvlayotgan o‘rmondan keyin ota-bobolari bosib o‘tgan yo‘ldek chigal so‘qmoq paydo bo‘lar, birdan qoniga o‘rmon havosi tepib yo‘lga tushgisi, yiqilib, sudralib bo‘lsa ham ko‘nglining bir chetida ochilgan bu yo‘ldan o‘sha olis manzillar tomon yugurib ketgisi kelar, zero bu yo‘l unchalik noma’lum yo‘l ham emas, u uvlagan sayin tobora yaqinlashib borayotgan, bobolari tashlab chiqib kelgan o‘sha olis o‘rmon ketidagi yo‘l edi. U qanchalik uvlasa bobolari o‘rmonni tashlab chiqqandan so‘ng bosib o‘tgan zamonlar va asrlar mobaynida bir ulug‘ va yemirilmas qo‘rg‘on kabi tiklagan , sayqal bergan aql va shuurdan qiyofa va vujuddan shunchalik uzoqlashib borardi-aslida odam qiyofasini yechib tashlayotgan odamzot yaratgan va tartib solgan dunyodan na zakovat, na aql bovar qilmas qaylargadir qochib borayotgan ojiz va mahkum jonivorga o‘xshardi.
Birinchi bo‘lishdan ko‘ra so‘nggi bo‘lish naqadar og‘ir. Sen ota-bobolaring yozib kelgan, zamonlar changalida beshafqat va quturgan sellar hayot qoyasidan ulkan-ulkan xalqalarni ham surib ketgan, vaqti-vaqti bilan yog‘ib turadigan tarix yomg‘irlari ham o‘chira olmagan, qissaga so‘nggi nuqta bo‘lishingni eslashning o‘ziyoq dahshat? Nechog‘li alamnok bo‘lmasin, sen o‘z ajdodlaring yaratgan dostonning so‘nggi varaqlarisan-sendan keyin bu jumla davom etmaydi, tabiat sening ajdodlaringga bergan hayot sha’mi mana shu jumla bilan birga mangu o‘chadi!
Ta’qiblar va uvlashlar uning a’zolprini ham asta-sekin o‘zgartira boshlagan edi- uning qo‘li va oyoqlarida bilinar-bilinmas panjasimon tuyoqlar o‘sib chiqayotgan, tovushi tiliga bo‘ysunmasdi, o darig‘ uning uvlashga moyil bo‘g‘zidan ma’rashga o‘xshash tovush otilib chiqayotganini anglagan paytda naq telba bo‘lib qolayotgan edi. U uch kecha o‘zining shubhasini yo‘qqa chiqarish uchun tinmay “uvladi“. Shubhaga hojat yo‘q edi, uning bo‘g‘zidan qudratli va shijoatkor uvlash emas, ojiz va zaif ma’rash otilib chiqayotgan edi. Uning tovushida ham ta’qib asorati sezilib turardi. Shundan so‘ng u uvlashni bas qildi. Endi ta’qiblardan eson-omon qutilib kelgan kunlari nuqul xayol surib yotar va tushida ham xayoliy manzaralarni ko‘rardi. Uning xayollari ham ayanchli edi; unga gohida birdan yer yorilib o‘zini qa’riga tortib ketadigan, gohida qandaydir odamnusxa maxluq uni bir yamlab yutib yoki uni yutish uchun quvlab kelayotgandek bo‘lardi. U mana shu dahshatlar ichra yolg‘iz qolgani, o‘lim ko‘ziga ko‘ringani sayin hayot va yashashning qadrini anglagandek bo‘lardi. Ilgari o‘ziga zerikarli, shavqsiz bo‘lib tuyulgan lahzalar unga endi lazzat bag‘ishlar va uni endi hech qursa, bir marta xotirjam va osoyishta hayotning qo‘ynida bola onaning quchog‘ida ag‘nagandek ag‘nab yotsam, mazmunsiz, siyqa bo‘lsa ham eng zerikarli kitoblar o‘qisam, ko‘chalarni hech kimning ta’qibisiz xuddi o‘zimni u yerning xo‘jayiniday sezib oyoqlarimdan mador ketguncha kezsam, xunuk va baxtsiz qizlarga muhabbat izhor qilsam derdi. Bir paytlari unga bachkana tuyulgan kechinmalar endi uni o‘ziga chorlardi, u o‘z vaqtida qadriga yetmagan narsalar endi unga qadrdon va qalbiga allanechuk yaqin edi.
O, qanchalar go‘zal edi hayot!
O, qanchalar shukuhli edi bu hayot! Uni shahar o‘rtasida sasib yotgan maxluqning tanasi kabi dag‘allashtirish va vahimalarga burkash kimga zarur bo‘lib qoldi?! Nahot falak shuni istasa?! O, sen qaydasan? Meni nega tashlab ketding? O‘sha daryoda nega cho‘mila qolding? Undan ko‘ra mening ko‘z yoshlarimga cho‘milsang bo‘lmasmidi? Mening ko‘zlarimga cho‘milsang bo‘lmasmidi? Maydon uzra sazoyi qilib olib o‘tishar ekan, men butalar orasidan seni kuzatib turardim; butun shahar sening olovday badaningdan chaqnagan alanga ichida qolgan edi - bu alanga hammadan ham ko‘proq meni kuydirar edi. Sening alangang bu shaharni kuydirib kul qildi, endi xaroba bu shahar, mening ko‘z yoshlarimga g‘arq bo‘lgan bu shahar.
O‘, kipriklaring mening yuragim chokini yamasang bo‘lmasmidi? Yulduzlarni bo‘yningga munchoq qilib bermasmidim?! Sening ikki kokling mening ikki yo‘lbarsim edi, yo‘q, yo‘q, ikki sherim edi!
O, bu sherlar mening qo‘ynimda na’ra tortsalar netardi?! U dunyoning turfa gullari sening yonog‘ingdan gurillab ochilardi. Axir sening manziling mening quchog‘im edi-ku?! Sening taxting mening yuragim edi-ku?! Sensiz qolgan taxtga kimlar o‘tirmoqchi? Sensiz qolgan bu saltanatni kimlar boshqarmoqchi? Qani sening kipriklaring- mening –xanjarlarim? Qani sening ko‘kraklaring –mening qal’alarim? Qani sening xayollaring-mening to‘shagim! Qani sening qoboqlaring - mening kafanim! Qani sening orzularing - mening tulporim! Qani sening hayratlaring - mening bo‘stonim! Qani sening g‘azablaring-mening kamarim! Qani sening nigohlaring-mening bojxonam! Qani sening tabassuming-mening boshpanam! Ko‘zlaringni mozor etib, meni ko‘msang netardi! Bu shahar shahar emas, bu dunyo dunyo emas, sening kovushingning izlari, izingning g‘uborlari bu shu’la, bu quyosh quyosh emas, sening qalbingning to‘zonlari...
...U qaltirayotgan a’zoyi badanini sal isitish uchun saroy ichini changitib, tez-tez u yoqdan bu yoqqa yurib turar, saroyni g‘uborlashgan dori hidi qoplagan edi. Sal isigach, qog‘ozlarni tagiga to‘shadi-da, ertaga holdan toyib qolmaslik uchun mizg‘ib olmoqchi bo‘ldi: boshi ham tars yorilib ketay deb og‘rirdi. U ko‘zlarini yumishi bilan uxlab qoldi; biroq ora-chora ko‘zini ochib, eshik va tuynuk tomonga qarab qo‘yar, hech qanday xavf yo‘qligiga ishongachgina yana uyquga ketardi. U alog‘-chalog‘ tush ko‘rardi; tushida onasining etagiga yuzini yashirib nimadandir noxaq xo‘rlangandek yig‘lab yotgan emish. Onasi nimadir deb ovutarmish, u esa battar yig‘larmish. Keyin tushi mutlaqo boshqa manzaraga aylanib ketdi.
U seskanib uyg‘onib ketdi, o‘ziga kelolmay, garangsib turdi
“Qaerdaman?” degan savol miyasiga qalqib chiqdi va tuman tarqaganday ongi biroz yorishgach, olti oy oldingi manzara qanday yuz bergan bo‘lsa shunday tushiga kirganini angladi-yu, vujudi larzaga keldi.
Do‘stini g‘animlar cho‘milayotgan joyida-badanidan tanib qolib ushlab olishgan ekan. Shundan keyin u nuqul o‘lim haqida o‘ylaydigan bo‘lib qoldi; hech narsaga ishonmay va umid qilmay qo‘ygandi. Do‘sti o‘zi bilan bu dunyodan uning butun oromini va umidini olib ketgandi. Do‘stining jasadi shahar o‘rtasida uch kun osilib turdi- uning bug‘doyrang tanasi zanglagan qilichga o‘xshardi, hatto jasad ham g‘animlarning ko‘ngliga tahlika soldi shekilli, jasadni tezda shahar tashqarisidagi jarga apil-tapil ko‘mib kelishdi-ko‘mgan joyidan do‘stiniing mushti monand butalar o‘sib chiqqach, g‘animlar qabristonni toshqum bilan suvab tashlashdi- u yovuz kuchlar va tahlikalar orasida yolg‘iz qoldi.
Tashqarida g‘ira-shira tong o‘rmalab yurardi. U saroydan chiqdi va oyog‘i tortgan tomonga qarab jo‘nadi. Shahar endigina uyg‘ona boshlagan edi- tramvaylar taraqlab o‘tib qolar, avtolar yo‘lni asta-sekin ishg‘ol qilishayotgan edi. U yana har kungi odati bo‘yicha qandaydir ko‘chalarni sarosar kezib chiqdi-qaerlarga borgani o‘zining ham esida yo‘q edi. Aylanib-aylanib shaharning sharq tomonidagi anhorning bo‘yidan chiqib qoldi-anhor juda ham sayoz, iflos, har xil chiqindilar tashlanganidan o‘zan yuzakilanib balchiq bo‘lib qolgan, qopqora suv o‘ziga zo‘rg‘a yo‘l topib yurar, anhorda suvdan ko‘ra neft oqib yotganga o‘xshardi. Anhordan sakrab o‘tilgach ayanchli ravishda birdan quya boshlagan tolzor boshlanardi. Bu yerda ko‘klamdan nishona berarak, xazon va churuk novdalarni yorib yam-yashil maysalar ko‘tarilib, yashnab jo‘nagandi. U beixtiyor tolzor oralab yurib ketdi. Havo rutubatli, novdalar oyoq ostida qirs-qirs sinar, osmonda buluq quyuqlashib borardi. U tolzor ichiga kirib bir zum tin olmoqchi bo‘ldi. U kunduzdan juda qo‘rqar, kunduz tahlika bilan bostirib kelayotgan sherdek unga har daqiqa ta’qibni, o‘limni eslatib turardi – umuman, kalamush tushida faqat o‘z uyasini ko‘rganidek, u ham hayotda ta’qibdan o‘zga narsalar borligini tasavvur qilolmasdi – hatto tushining shiftlari-yu, ko‘priklari ham hozir o‘pirilib tushadigandek, unga vahima bag‘ishlab turardi. Zero, u hamma narsa omonat, yo‘qlik, sarobdan iborat ekanligini anglab qolgandi. Bu dunyo- sarob bir dasht. Bu dunyo- oxiri ulkan va besarhad yo‘qlik bilan tugaydigan ulkan sahro. U mana shu yo‘qlik va sarobga qorishib yashashga mahkum etilgan.
U birdan xayolining yerto‘lasiga tushib oldi. O, bu yerto‘lada kimlarni ko‘rmasdi, qanday dahshatlarning izi qolmagandi bu yerto‘lada? O, endi mana shu sokin va olis yerto‘lada ham unga orom yo‘q. Bu yerto‘la ham ta’qib ruhi bilan to‘lgan. Bu yerto‘la ham unga har daqiqa g‘animlarni va maxluqni eslatib turardi. Bu yerto‘laga ham maxluqning nafasi bostirib kirgan.
U anhor bo‘ylab ketar ekan, nariga betdagi yam-yashil chimzor e’tiborini jalb etdi. Maysalar bu yerda yana ham so‘limroq edi. Qadim zamonlarda ulug‘ daryo bo‘lgan anhordan hech qiynalmasdan sakrab o‘tgani o‘ziga shavq qildi; bir paytlar bu anhordan eng baquvvat otlar ham suzib o‘tolmasdi. U anhordan sakrab, maysazorga o‘tdi-yu, o‘zini yerga tappa tashladi; bir qadam narida uchta tol tig‘iz qilib ekilgan, ularning shoxlari sinib, yerga osilib tushgandi. U har doimgi odatiga ko‘ra tevarakka bir nigoh yugurtirdi. Olti yuz qadamlar naridagi binoning tagida g‘animlar yig‘ila boshlagan, ular ikki barmoq orasidan beo‘xshov chiqib turgan bosh barmoq shaklidagi bayroqni ko‘tarib olishgan, ko‘rinishlari tajovuzkor edi. U e’tiborni tortmaslik uchun o‘zini tol panasiga oldi – shoxlar orasiga kirishi bilan qandaydir sharpani sezib to‘xtab qoldi.
- Keldingmi! – dedi jarangdor va quvnoq ayol ovozi va unga o‘girilib qararkan, yuzi quv o‘chdi – Voy, kimsiz?
U bir zum esankirab turdi: qarshisida ko‘zlari chiroyli, o‘zi ham kelishgan yoshgina ayol unga cho‘chib qarab turardi. Ayolning ko‘zlarida o‘zga kishiga atalgan mehr, intiqlik porlardi – u bunday ko‘zlarni ko‘rmaganiga ham ancha zamonlar bo‘lib ketgandi. Birdan yuragida nimadir erib borayotganini sezdi.
- Voy, siz...siz... ko‘zlaringiz bunchalar...- gapini tugatmay irg‘ib turdi ayol, - sizga nima kerak? Voy, xudoyim...-ayol chinqirib yuborib o‘tirib qoldi. Aftidan, ayol uni tanib qolgan, bir necha soniyadan so‘ng o‘zini bo‘g‘izlab ketishini tasavvur qilib, behad qo‘rqib ketgan edi: titroq kirgan ovoz bilan javrar va orqaga sekin siljirdi. – Sizga nima kerak? Keting, men sizga hech narsa qilganim yo‘q... hech narsa. Hatto qarg‘aganim ham yo‘q.. Keting... Hozir baqiraman, keting...
U ayolning ko‘zlaridagi mehrni ko‘rish uchun unga tobora yaqinlasha boshladi. U hozir g‘ayrishuuriy holatga tushib qolgan, ta’qib, g‘animlar, o‘zini poylab yotgan son-sanoqsiz vahimalar hammasi esdan chiqqan, ayolni erkalagisi, quchgisi, ta’qib va tahlika to‘la dunyo haqida, faqat vahima va ta’qibdan iborat urush haqida gapirib bergisi, ko‘nglidagi yillar qotirib qo‘ygan tosh eriguncha yig‘lagisi keldi. Uning yuragida birdan betizgin tuyg‘ular jo‘sh urgandi; chekkan azob-uqubatlari ko‘nglidagi barcha mayllarni yo‘q qilib yuborgan bo‘lmasin, tabiat qo‘rquvlar va vahimalar uy qurib olgan besarishta va to‘zg‘oq qalbidan bu maylni yana qiynalmasdan yuzaga tortib chiqara olgan va uni ham halokat xavf solib turgan, erta-indin o‘lishi muqarrar bo‘lgan qandaydir maxluqqa emas, tabiatning azaliy qonunlariga rioya qiluvchi va unga bo‘ysunuvchi jonzotga aylantirgan edi. Ayolning ko‘zlarida chorlov, saodat va baxt qorishib yotardi; u odam erkak ekanligini to‘satdan eslab qolgan, ayolning xayoli, nozi, erkaligi yashiringan sirli qal’aga kirish uchun uning issiq, titroqli qo‘llarini o‘ziga tortdi.
- Sizga nima kerak, - ayolning ko‘zlarida endi uning ko‘zlarini bir zum tark etmagan qo‘rquv va vahima yondi – Keting, bo‘lmasa... hozir chaqiraman... Qo‘yib yuboring... keting...
Ayol uning qo‘lidan sirg‘alib chiqdi-yu, yerda yotgan bir qulochcha shoxni olib o‘zini himoya qila boshladi; huvullib o‘tgan xivchinning uchi qo‘liga tegib, shilib o‘tganday achishtirib ketdi va birdan xushyor tortdi, qaerda va qay vaziyatda turgani esiga tushdi, ko‘z oldiga yana sanoqsiz g‘animlar qaytib keldi. Ayolga bir zum qarab turdi-da, uning o‘zidan qo‘rqib, shafqat so‘rab ojiz tikilib turganini ko‘rib, qo‘rqib ketdi va iziga shart burilib, katta –katta qadamlar bilan yurib ketdi; anhorning narigi betiga sakrab o‘tgach, u qirg‘oqqa nima maqsadda o‘tganini eslay olmadi. Izini chalg‘itish uchun u uchta jin ko‘chaga kirib chiqdi va gavjum ko‘chani kesib o‘tib, yana qandaydir fayzsiz bog‘ oldidan chiqib qoldi.
Bu uning g‘animlariga qilgan ikkinchi muruvvati edi. Qallig‘ini sazoyi qilishgach, u alam va g‘azabdan payt poylab turdi; sal payti kelsa, yuzlab g‘animni bo‘g‘izlab ketmoqchi, qallig‘ining qasosini qon bilan olmoqchi edi; shunday payt keldi – tumanli kunlarning biri xiyobonni kesib o‘tayotgan sakkiz yoshlardagi bolaga duch keldi va uni imlab daraxtning quyuq joyiga ergashtirib bordi, uni imo-ishora bilan avrab, shartta sochidan ushladi-yu bo‘ynini iziga qaytardi; shunda o‘ziga tikilib turgan beozor ko‘zlarni ko‘rib titrab ketdi. Xotirasiga bolaligi va qaysidir yoz kechasi otasidan nohaq shapaloq yegani, ertalabgacha onasining ovutishiga ko‘nmay yig‘lab chiqqani tushdi, bilagidan mador ketdi, ko‘z oldi tindi. Xanjar tutgan qo‘li o‘ziga bo‘ysunmay qoldi – bola qo‘rqib yig‘lab yubordi. “Nega” degan savol miyasidan guldirab o‘tdi va bu savolga yolg‘iz o‘zi javob topolmadi. Bolalar g‘anim bo‘lolmasligi haqida qandaydir shoirning she’rini esladi. Har qalay, bola shu ko‘zlari bilan o‘zidan kuchli ekanligini his etdi. Bolani qo‘yib yubordi-yu unga qaramay tez-tez yurib xiyobondan chiqib ketdi. U uzoq vaqtgacha bolaning ko‘zlarini unutolmadi – bu ko‘zlar u keyingi paytlarda ko‘rgan so‘nggi begunoh ko‘zlar edi.
U bog‘da kechgacha qolib ketdi – chiqib ketishning hech iloji bo‘lmadi - bog‘da guruh-guruh bo‘lib g‘animlar yurardi: aftidan bugun ular qandaydir sanani nishonlayotgan edilar. Boya bino oldidagi kabi bu yerda ham bayroq ko‘tarib olishgandi. Ko‘chalarda kajava bilan harbiylar o‘tib qolardi, darvoza oldida o‘ta sinchkov kishilar aylanib yurishardi: bu odamlarning ko‘zlari o‘ljasini sekin nishonga olayotgan miltiqning qo‘shog‘ziga o‘xshardi. U bu sinchkov kishilardan juda qo‘rqar: ular haddan tashqari sershubha edilar. Ularni ko‘rgan daqiqalarda g‘animlar shaharni egallagan birinchi kun esiga tushardi – ular shaharga o‘zlari bilan birga qurbaqanusxa ulkan maxluqni ham yetaklab kelgandilar. Maxluq shu darajada ulkan va xunuk edi-ki, shaharga kirganda unga yo‘l ochish uchun ko‘chalardagi uylarni buzib tashlashga to‘g‘ri keldi. Maxluq xarobalik ustidan zo‘rg‘a sudralib o‘tdi va shaharga kiraverishda birdan ko‘zlarini chirt yumib o‘kirib yubordi. Uning o‘kirigi ko‘pgina binolarning tomlarini uchirib ketdi – u bularning hammasini ko‘prik tagidan kuzatib turardi – o‘kirikni eshitib ruhlangan g‘animlar shaharga qiyqirib bostirib kirdilar. Maxluq keng maydonda qon ustida o‘tirgancha ko‘chalarda ketayotgan jangni jimgina kuzatib turardi- uning bo‘yi shahardagi eng ulkan binodan ham balandroq, unga shahar kaftdagiday ko‘rinib turardi. Maxluqning terisi zirhday qalin, g‘adir-budir edi. Qorni ko‘kuzak bo‘lib gezarib ketgani uchun, qizil yaltiroq mato bilan yopib qo‘yilgandi. Ulkan va mislsiz og‘zini ochar ekan, tishlar minglab qilich qinidan birdan sug‘urilganday yaltirab ketgandi. O‘siq tirnoqlari yerni timdalab tashlagan, oyoqlari ostidagi qon xalqoblarida sinib yotgan yarim oy aksi ko‘rinadi. Dumi o‘ynoqlab goh u binoni, goh bu binoni xarobaga aylantirar, boshida ko‘m-ko‘k toj va hozirgina o‘zi yanchib-bosib o‘tgan odamlarning qoniga botirib olingandek tug‘ hilpirardi. Ko‘zlari esa sinchkov odamlarning ko‘zlari kabi chaqchaygan va sovuq edi. U bu maxluq nima deb atalishini, maqsadi nima ekanligini bilmasdi. Axir faqat buzish bilan ko‘ngilga orom berib bo‘lmaydi yoki faqat buzish uchun shaharlar zabt etilmaydi-ku. U keyinchalik g‘animlar orasida pusib-yashirinib yuraverib, maxluqni g‘animlar rahnamosi ekanligini bilib oldi. Maxluq shahar o‘rtasidagi bahaybat boshpanasidan chiqmas, garchi shaharni uning tanasidan anqiyotgan chirkin hid tutib ketgan, ko‘chalarda qon xalqoblaridan ko‘tarilgan shilta isi kezib yurgan bo‘lsa-da, u o‘zining badburish qiyofasini qaytib ko‘rsatmadi: ba’zi-ba’zida maxluq o‘z boshpanasida turib, mastona o‘kirib qo‘yar, go‘yo shaharning barcha nog‘oralari birdan urilgandek, ko‘chalar bir zum harakatdan to‘xtar, uni unitib, o‘z ishlari bilan mashg‘ul bo‘layotganlarga, hech bir xavf-xatarni sezmay osmonda emin-erkin uchib yurgan qushlarga, go‘zallik va yashnash ishqida bosh ko‘tara va nish ura boshlagan maysa-yu navdalarga maxluq o‘zining mavjudligini va abadiy mavjud bo‘lishini bir ko‘rsatib qo‘ymoqchidek bo‘g‘iq va tajovuzkor o‘kirardi. Shahar o‘laksaxo‘r quzg‘unning uyasidek to‘zib, murda va tahlikaning hidi bilan to‘lgan, bosh suqqan har ko‘chada maxluqning och ko‘zlari kuzatib turganday bo‘lardi. O‘lim va qo‘rquvni his etish va so‘ng bir umr shu hisga bandi bo‘lib qolish uchun maxluqning sassiq va qo‘lansa o‘kirigining o‘zinigina eshitish kifoya edi. Shu o‘kirikning o‘ziyoq g‘animlar nimalarga qodir ekanini yaqqol namoyon qilardi.
Oradan yillar o‘tib, ko‘chalarda maxluqsifat, lekin hali tanalaridagi hid unchalar badbo‘ylashmagan, ammo maxluq kabi ko‘cha-kuyda uvillab, mozor isi anqitib yuradigan tirranchalar paydo bo‘lganda u hammasi barbod bo‘lganini anglaydi; maxluq barcha ayollarni homilador qilib ulgurgan va qorni qappaygan, injiq, asabiy, yuzlarini dog‘ bosgan ayollar shaharda kundan-kun ko‘payib borardi – butun shahar maxluqning o‘zi kabi ochko‘z va yovuz vorislari bilan to‘lib tashlayotgandi. Maxluqbachchalar ko‘chalarda o‘kirishib, majoro izlab sudralib yurisharkan ularning turqlaridan hozirdan tajovkuz va tahlika anqirdi – shaharning kelajagi qanday bo‘lishini u yaqqol tasavvur qilardi. Uning ko‘ngli nafratdan karaxt bo‘lib qolgandi.
U bog‘ ichida soylik va anhor bilan bilan tutashgan tashlandiq daraxtlar orasida kechgacha tinmay, bir xil asabiy qadamlarda kezib yurdi: u yurib-yurib bu sertahlika bog‘dan g‘avg‘oli va talosh dunyodan ko‘zga ko‘rinmas zinalar orqali osuda va olis o‘zga olamga chiqib ketgisi kelardi. Ammo sershoh daraxtlar ham chirkin butoqlar ham, xazonrezgi bog‘ ham uning orzularini tushungisi kelmaganday hurpayib olgandi. Quyosh ham taftsiz va so‘lg‘in edi, anhorda uning burdalangan aksi jilvalanardi.
U kech tushgach, bog‘ etagidagi tosh jaridan oshib o‘tdi-yu qandaydir avtobusga chiqib oldi. Yuzini derazaga bosib turarkan, shundoq yonida gaplashayotgan ikki kishining gapi qulog‘iga chalindi.
- Yana paydo bo‘lib qolishibdi... – derdi birovi,- bugun quyi dahada anhor bo‘yida bir juvonni bo‘g‘izlab ketishiga sal qolibdi.
- Qayoqdan paydo bo‘lishdi bular? Gazetalarimiz juda shov-shuv qilishdi-ku. Bironta ham qolmadi, katta yutuqlarga erishdik, deb, - dedi ikkinchisi hiqichoq aralash.
Tovushlarda ham maxluqning o‘kirishiga taqlid borligini sezib, uning yuragi orqaga tortib ketdi.
- Bilmadim, - dedi yana birinchisi, - Bugun maxsus guruh tuzilgan. Ayol tasvirlab berganni har tomondan izlab yurishibdi.
U birdan hushyor tortdi. Eshikka qaradi – bir necha qadam kelar, biroq eshik og‘zida barvasta g‘anim turardi. Biroz kutishga to‘g‘ri keldi. So‘ng ochilishi bilan o‘zini eshikka urdi: kimgadir, aftidan, barvastaga surinib ketdi, kimdir so‘kindi; lekin u hech narsaga e’tibor bermay, o‘zini chiroqlar parchalay olmagan bekat orqasidagi tun qo‘yniga urdi.
U shahar chetidagi ochiq dalada uzoq aylanib yurdi, sekin jimirlab yomg‘ir yog‘ardi; shudgorlangan yerda yurish og‘ir edi; lekin u negadir o‘zini qiynab, nuqul shudgordan yurardi. Shunday qilsa, iz qolmasligini u yaxshi bilardi. U saroyga allamahalda qaytdi. Tuynukdan oshib o‘tdi-yu bir ichki tuyg‘u bilan ichkarida kimdir yurganini sezdi. Shu payt “kelyapti” degan sekin shivirlash eshitildi: u bir zum toshday qotib qoldi. Tuynukdan sakrab tushib, ochiq dalaga qarab chopdi, biroq tezda bu xavfli ekanini bilgach, shaharga qarab burildi. Izidagilar avval shovqin-suron bilan yugurishdi, biroq zim-ziyo tunda bu qochoqqa qo‘l kelishini o‘ylashdimi, tovush chiqarmay quvlashga tushishdi; ular oyoq tovushlariga qaraganda, to‘rt kishi edi. Ta’qibchilar tobora yaqinlashib kelardi. Ular qancha desa yugura oladigan va yugurganlari uchun boqiladigan kishilar edi. U tezroq yugurish uchun qanchalik harakat qilmasin, oyoqlari chatishib ketar, yiqilguday bo‘lib surinar, qorong‘uda ko‘lmaklarga kirib ketar, yomg‘ir ivitib tashlagan yo‘lda toyg‘onar, juda holdan toygandi – ikki kun oldingi peshona terlashi va qaltiragan vujudi bugun varajaga aylangan, agar joni xavf ostida qolganini o‘ylamasa, qulay kelgan yerga tobora tashlab uyquga ketgan bo‘lardi, - agar shu maromda ketsa tez orada holdan toyib yiqilishi va osongina qo‘lga tushishi hech gap emas edi. U izidagilarni chalg‘itish uchun qandaydir jin ko‘chani aylanib o‘tdi, qaysidir kinoda tajribali josus shunday qilganini ko‘rgan edi. Tor va devorlari yarim qulab tushgan jin ko‘cha tugab, qandaydir qutilarsimon binolar boshlandi – binolar keng va ko‘pqavatli edi, bu yerda aylanib yurish boshini jodiga tutib berish bilan barobar, har qanday eshikdan g‘anim chiqib qolishi mumkin edi. U yo‘lni chapga oldi va shaharning eski va tashlandiq qismiga qarab yugurdi. Ta’qibchilar iskovuch itday chaqqon edilar-izidan qolmay yuugurib kelardi. U qandaydir yarim vayrona hovli oldida nafas rostlash uchun bir zum to‘xtadi-yu, ko‘chaning ikki tomonidan o‘ziga qarab yugurib kelayotgan ko‘lankalarni ko‘rdi – yana bir necha soniyadan so‘ng uning hayot-mamoti hal qilinardi – u so‘nggi kuchlarini to‘plab tavakkal qildi: hovliga yugurib kirdi va o‘ylab o‘tirmay birinchi ko‘ziga tushgan to‘rdagi kichkina hujraga qarab yugurdi. Hujraning eshigi ichkariga qo‘porilib tushgandi, uni ko‘lmak va mosliq hidi tutgandi. Bulutlar ostidan sekin sirg‘alib chiqayotgan xira oy nuri tushib turgan derazasida kattakon qush qafasi osig‘liq turar, bolalar o‘ynab solib ketgan bo‘lsa kerak, qafasda oyoqlari osmondan kelib, qafasning panjarasini tishlagancha xiyla yirik kalamush o‘lib yotardi – mosliq hidi qafasdan chiqayotgandi. Ta’qibchilar qulagan qo‘rg‘onga o‘xshash hovliga yugurib tushishganda u endi taqdirga tan berganday, hujraning qorong‘u qismiga chekindi, chekinarkan, hamisha ilon solib qo‘yishgan bo‘lmasin tag‘in, deb xavfsiraydigan yuragi urayotibdimi, yo‘qmi bilolmadi, balki umuman yurakning o‘zi qolmagandir? U kalamushga qararkan, “hatto kalamush ham menga qaraganda mazmunliroq o‘lim topibdi”, deb o‘yladi va xalqobga cho‘kka tusharkan, “Hayot qafasdan ham torroq” degan gap xayolidan lip etib o‘tdi.
- Chamamda, shu hujraga kirdi, - dedi hujra oldiga kelgan izquvar.
- Menga ham shunday tuyuldi, - dedi sherigi.
Ular hujra eshigi oldida biroz gaplashib turishdi, so‘ng barvastasi eshikni gavdasi bilan to‘sib ichkariga sal egilib kirdi. Sherigi eshik oldida qoldi. Barvasta nimagadir qoqilib, xalqobga yiqilib tushdi,u turarkan, juda yomon so‘kindi, cho‘ntagidan qo‘l chirog‘i olib, hujrani ko‘zdan kechirdi.
- Nima gap, - dedi sherigi eshikdan bosh suqib. Agar uning shlyapasi va erkakcha kiyimi bo‘lmasa, ovoziga qarab xotin kishi deb o‘ylash mumkin edi.
- Hozir, - dedi barvasta xirillab va nimanidir tappa bosdi.
- Yordamga boraymi, - dedi sherigi olazarak bo‘lib, ichkariga yana bo‘y cho‘zib qararkan.
Unga javoban barvasta qo‘ltig‘ida ichkaridan nimadir ko‘tarib chiqdi.
- Nima bu, - so‘radi tovushi xotinchalishi.
- Qo‘zichoq, -dedi barvasta, - Biz adashibmiz. Bu yerda hech zog‘ yo‘q. Aftidan, bu qo‘zichoq adashib kirib qolganga o‘xshaydi.
U nimjongina, qo‘rquvdan dildirab turgan qo‘zichoqni qo‘ltiqlab tashqariga chiqdi. Sherigi hassasi bilan qo‘zichoqning kichkina endi ko‘zga tashlanayotgan dumbasini turtib qo‘ydi.
Ikkalasi qo‘zichoqni qo‘ltiqlagancha hovlidan chiqdilar. Bulut tarqab, tunni oyning yog‘dusi yoritib yuborgandi; ko‘chadan yomg‘ir va yer hidi kelar, endi ularga ko‘nikkan qo‘zichoq esa barvastaning barmog‘ini ochiqib so‘rardi.
-Och qolibdi, ustiga-ustak xalqobga yotib, hamma yog‘ini ho‘l qilibdi, - dedi barvasta, ammo ajoyib qo‘zichoq ekan, bizga darrov elakishib qoldi.
-Ha, yuvosh ekan, - shunday deb sherigi qo‘zichoqning boshini silab qo‘ydi. – Terisi juda noyobidan, shekilli, yaltirashini qara. Uni o‘zim parvarish qilaman.
Qo‘zichoq o‘zaro suhbatni tushungandek, ko‘zlarini tantiqlik bilan yumib oldi; har-har damda u ko‘zlarini cho‘chib ochar, lekin hech qanday xavf yo‘qligini sezgach, yana barvastaning barmog‘ini ochiqib so‘rardi.
Tamom

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.