OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul. San'at (hikoya)

SAN’AT- 1

Mamlakat podshosining oldiga bir kishi keldi.
-Men rassomman, - dedi u. – Umrim qashshoqlikda o‘tdi, hayotimda shunday kunlar bo‘ldiki, eslashning o‘zi dahshat. Men endi ochlikdan juda qo‘rqaman. Senga o‘zimning suratlarimni sotishim mumkin. Suratlarim juda g‘aroyib, u odam qurbi yetmaydigan ishlarga qodir. Agar xohlasang senga g‘alabaning suratini chizib beraman, u orqali sen qo‘shni shohlikni osongina bosib olasan yoki bo‘lmasa go‘zal bir qizning suratini chizib beraman.
Shoh endi oyog‘ini uzatib yotadigan darajada qarib qolgan, lekin yuragi tinch emas edi. Shohlikda tez-tez g‘alayon bo‘lib turardi. Odamlar o‘z haq-huquqlarini talab qilib, goh narh navoning oshib ketganiga, goh uzluksiz soliqlarga qarshi norozilik bildirib turishar, saroy ahli juda bezovta edi. Odamlarda shohga nisbatan ishonchsizlik kuchayib borar, ba’zi joylarda hukumat qo‘shinlari bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘layotgan edi. –Menga qo‘shni yerning keragi yo‘q,-dedi shoh rassomga.-O‘zimda ham ortiqcha yerlar oshib-toshib yotibdi. Agar sen rostdan ham shunday mo‘‘jizali suratlar chiza olsang, unda menga osoyishtalikning suratini chizib ber. Odamlar hech qachon g‘avg‘o qilmasinlar, g‘alayon ham bo‘lmasin, mening chizgan chizig‘imdan chiqishmasin. Mamlakatdagi masalalarni hal yetishda faqat mening haqim bo‘lsin.
Rassom darrvo ishgv kirishdi. U har xil bo‘yoqlarda avval shohlikning, so‘ng unda yashayotgan fuqoralarning suratini chizdi, - lekin suratdagi odamlar favqulodda itoatkor, mo‘min va mehnatkash edi. Rassom ularni g‘oyat qunt va ustaliku bilan chizar, uning qo‘li jodugarlarnikidek harakat qilardi. Surat chizilgan sayin shohlikdagi odamlarning ham tabiati asta-sekin o‘zgarib borardi: shaharlarda g‘alayonlar birin ketin tinchiy boshlagan edi. qandaydir sehrli kuch ularning ko‘ngillaridagi norozilik iplarini uzib tashalardi: odamlar ishlashar, nima berishsa qanoat qilishar, teatrga, kinolarga borishar, qo‘shiq ham eshitishardi, biroq g‘alayon qilishmasdi.
Rassom shohning talabiga binoan ularni rostdan ham maldaniyatli qilib tasvirlagandi. Mamlakatda hamma shohona kiyinib yurar va shoh bilan bir qozondan ovqat ham yeya olardi. Eng qashshoqchilik yillari ham bu shohlik fuqoralari to‘qlardek, shodu-xurram kun kechirishardi. Surat shohga juda ma’qul bo‘ldi. Ayniqsa, fuqarolarning o‘ziga haddan ortiq sodiqligidan xursand edi U Rassom ko‘ngli tusaganicha taqdirladi va suratni abadiy asrash uchun saroyning to‘riga osib qo‘ydi.
Rassom tirikchilik ilinjida hamma joyda – shaharda, qishloqlarda, kent va viloyatlarda, qo‘rg‘on va qal’alarda, qarorgoh va jang maydonlarida kezib yurar va uning suratlari hamma joyda munosib taqdirlanardi.
U uzoq yillar qirollarga va vazirlarga goh sirli qurolning, goh kishanning, goh boylikning, goh ochlikning, goh qullikning, goh hiyonatning, goh urushning suratini chizib berib yurdi. U uzoq umr ko‘rdi, biroq undan biron marta ham baxtnig suratini chizib berishni so‘rashmadi. 

Ko‘ngil manzarasi
(San’at-2)

Bir mamlakatda kambag‘al rassom yashardi. U ayanchli darajada qashshoq, ustiga-ustak juda ham yolg‘iz edi: u hayotni qanday tushunsa, shunday ko‘rinishda chizar, lekin uni hech kim tushunmas, suratlari past narxda sotilardi. Omadsiz rassom bir kuni ko‘chada – aynan ko‘chada, chunki malikalarni boshqa joyda uchratish mumkin emas, buni ertaklar ham tasdiqlaydi, - shahar aylanib yurgan malikani ko‘rdi-yu, unga oshiq bo‘lib qoldi; muhabbat uni devonaga aylantirdi: u malikaning ismini aytib, ko‘cha-kuyda sang‘ib yuradigan va esiga tushib qolgan joyda – toshga ham, devorga ham uning suratini chizadigan bo‘lib qoldi. Bu holni malikaga yetkazdilar. Malika qah-qah urib kuldi-yu, rassomni chaqirib, avval masxara qildi. Lekin malika rassomning ko‘zlariga boqib dong qotdi. Bu ko‘z emas, tun qo‘ynida porlab turgan mash’ala edi: u yerda musibat va sitamlarning yog‘dulangan bo‘yoqlari jilva qilardi. «Agar mening suratimni xuddi o‘zimdek qilib chizolsang, men senga tegishga roziman – dedi malika.- Faqat surat ham men kabi jonli bo‘lishi shart.» U qashshoq kishilarni yoqtirmasdi, biroq, mamlakatdagi yagona rassomning ko‘nglini qoldirishdan ham qo‘rqardi, shuning uchun hech qachon amalga oshmaydigan shart bilan uning muhabbatini rad etmoqchi edi.
Rassom mashaqqat bilan uzoq yillar yolg‘iz surat ustida ishladi. U yana ham qashshoqlashdi, egnidagi kiyimlar juldurga aylandi, yeyishga noni qolmadi, tushkunlikning barcha ayanchli va xaroba ko‘chalarini bir-bir kezib chiqdi, lekin ixlos bilan ishlayverdi. Charchagan yoki umidsizlikka tushgan paytlari malikaning go‘zal chehrasini ko‘z oldiga keltirib, unga yalinib yolvordi, iltijo qildi, yig‘ladi, sog‘inch va visol onlariga umid hamda yolg‘izlik musibati unga kuch bag‘ishladi: u bo‘yoqqa o‘zining qonini qo‘shib yangi-yangi ranglar topdi, qarochiqlarga ko‘zlarining nurini baxshid va etdi, oradan yillar o‘tib, rassomni masxara qilish uchun malikaning o‘zi unikiga tashrif buyurdi. U rassomni ko‘rib, yanada hayratda qoldi – rassom juda ham yasharib ketgan, ko‘zlarida baxt va muhabbatning olovlari yonar, yuzida ulug‘vorlik aks etar, yonida esa xuddi malikaga o‘xshash, go‘yo malikaning egizagiday, xuddi malikaning ko‘zga tashlanar va tashlanmas nuqsonlari taroshlab chiqilganday malikadan-da latofatliroq, endigina ochilgan guldek so‘lim va nazokatli qiz ham turardi. qiz malikadan ham go‘zalroq va jozibaliroq edi – rassom unga xayolning ranglarini bergandi, muhabbatning buyukligi bilan ishlangan go‘zal bir iloha yaralgan edi: u qah-qah otib kula olar, rassomning xonasini mushku anbarga va gul xidiga to‘ldirib farishtalarday raqs tushib yurardi. Bu rassom qalbi va muhabbatining timsoli edi. Rassom o‘zi yaratgan ilohani ko‘rib, aqli-xushidan ayrilgan, u malikani ham, bergan va’dasini ham unuttgandi; «Malikam, - dedi rassom, - men sizning muhabbatingizda yillar mashaqqat chekdim, yig‘ladim-siqttadim, qalbimni g‘am-anduh so‘ndirdi. Ko‘zlarim yo‘lingizda nogiron bo‘ldi, lekin siz shu yillarda hatto mendan biron marta ham hol so‘ramadingiz, aksincha, ustimdan kulib, meni telba, deya ovoza qildingiz. Men uchun eng og‘ir bo‘lgan uqubatli davrda menga faqat shu suratgina taskin berdi, menga qunt va ishonch bag‘ishlab turdi. Suratni chizib bo‘lgach tushundim, men sizni emas, aslida sizning qiyofangizda bo‘lgan bu siymoni sevgan ekanman. Men izlaganimni topdim, biz ahdu-paymon qildik, mendek bir qashshoq rassom faqat shu malakning tengiman, sizning emas, malikam». Shunday deya rassom chehrasidan malohat taralib turgan qizni yetaklab uyiga kirib ketdi...
Biz aslida sevganimiz timsolidagi boshqa qiyofani sevamiz. Buni anglash uchun rassom kabi xo‘rlikni boshdan kechirishimiz kerak.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.