OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nigora Jaloliddin qizi. Intizorlik (hikoya)

Muxlisa nima qilishini bilmasdi. Uy to‘la mehmonu yeru ko‘kka sig‘maydi. Betoqatlanib u yoqqa chiqdi, bu yoqqa kirdi. Ammo sira o‘ziga qo‘nim topolmasdi.
 – Muxlis, mehmonlarga qarasang-chi? Buncha ko‘chaga ketaverasan? Bor, anovi uyda o‘tirganlarga sho‘rva solishsin, ayt. – Eri Abdumalik nimadandir bezovta xotiniga norozi qaragancha yulqinib erkaklar o‘tirgan xonaga kirib ketdi.
Muxlisa oshxonaga kirganida ukalarining xotinlari zir yugurib xizmat qilishardi.
– Opa, sho‘rvani solaveraylikmi?
– Birpasgina sabr qilinglar-chi, akam kelib qolishlari kerak edi.
Muxlisa chopib ayvonga kirdi:
– Yanga, akam yo‘lga chiqqanmikinlar?
– Og‘aynimnikida suyuq oshi tortilsin, keyin yo‘lga chiqaman, degandi. Ayting, oshxonadagilar suyug‘ini tortaverishsin.
Muxlisa behol o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Bir uy odam, ammo yuragiga malham bo‘lguvchi suyanchig‘i, otasi o‘rnida ota sanagan akasi bir amaldor og‘aynisinikiga iftorlikka ketgan.
– Hammasiga siz aybdorsiz! Akamdan so‘rashimiz kerak edi. U kishining bo‘sh vaqtlariga qarab ish tutaylik degandim...
– Ho‘v-v, noinsof, axir akangning oldidan o‘tmay katta xolamning oldidan o‘tdimmi? O‘zi akang biror ma’rakamizga vaqtida kelganmi, shuni ayt, a-a?! - Abdumalik atrofdagilarning oldida tishini g‘ichirlatdi. – Nima, har gal ota-onam bir chekkada qolib, korchalon akangning oldidan o‘tishim kerakmidi? Xo‘jayinchiligi jonimga tegdi. Bizni ozgina hurmat qilsa shu vaqtgacha kelardi-da. Og‘aynilari mushtipar singillaridan yaqin bo‘lib ketgan. To‘g‘ri, menda na mansab, na boylik bor. Ammo g‘ururim bor, xotin, senam asabimni buzma!
 – Pochcha, hammaning oldida shu ishingiz yaxshimi? – Oraga tushdi qaynsingil.
 – Ko‘rmaysizmi, Shoiraxon, boyadan beri ko‘chadan beri kelmaydi.
 – Nima qilsin, ota o‘rnida otamiz, axir...
Abdumalik opa-singillarga istehzoli nigoh tashladi-da, qo‘l siltagancha oshxonadan chiqib ketdi.
 – Pochcham haqlar, opa, akamga nima bo‘lgan o‘zi? O‘sha mansabdor og‘aynisi aksa urib qo‘ysayam chopib boradi. Nima kuniga yarayapti o‘sha Mustafoboy? Qiladigan ishi yo‘qmi, a? Kuyovingiz bilan necha marta yo‘qlab borgan bo‘lsak uyda o‘tirmaydi. Hali uning to‘yida, hali buning tug‘ilgan kunida... Turmushga chiqqanimga o‘n yil bo‘ldi, ammo tug‘ilgan kunimni akam biror marta bo‘lsin, esiga olmaganlar. Amaldor ulfatlarining iti tug‘sayam chopadi yoki gapim noto‘g‘rimi?
 – Qo‘y, senam pochchangga o‘xshama, akamning boshidayam tashvishi ko‘p.
Mehmonlarga suyuq ovqat tortilgach, erkaklar tarovih namozini o‘qishga turdilar. Ayollar xonasida esa bir keksa o‘qituvchi ayol chiroyligina amri ma’rufni boshladi. Bir-ikki qo‘shnilar Muxlisadan akasini surishtirdi. “Hozir kep qoladilar”, deya ma’yus jilmaygan Muxlisa o‘zini qo‘yishga joy topolmasdi. Akasisiz yuragi huvillab qolgandek, o‘tgan yili kuzda yolg‘izgina o‘g‘lining tobi qochib bir ma’raka qilganida ham akasi birrovga kelib ketgan, ustma-ust telefon qilganida mensiz o‘tmaydimi shu yig‘inlaring, deya qo‘rs javob qaytargandi. Bugungi iftorlikda Abdumalik bechora ikki kun avval ataylab borib uning oldidan o‘tgan, bo‘sh vaqtiga qarab iftorlik belgilagan edi. Muxlisani erining oldida ham yuzi shuvut bo‘ldi.
Negadir akasi otasiga o‘xshamasdi. Otasi rahmatli juda kichik fe’lli, kamtarin, xalqparvar odam bo‘lgan. Bir gal mahallasiga kelgan rahbarning oldida hamma eshilib-to‘lg‘onib salomlashgani, uning soyasiga salom solganlarini Muxlisa ko‘p kuzatgan. Birgina dadasi viqor bilan o‘tirgan joyidan turgan va o‘sha amaldorning o‘zi kelib u bilan so‘rashgandi. To‘g‘ri-da, yoshi ulug‘ otasi hammani bir ko‘zda ko‘rardi. Eshikdan birov pul so‘rab kelsa bor-budini to‘kib solar, qo‘li kaltalarga jonini bergudek saxovatli inson edi. Odamlar haligacha Ma’murali boboni hurmat bilan eslashadi. U mahallaga oqsoqol bo‘lganida xalqqa taqsimlangan mahsulotning bir misqoliga ham xiyonat qilmas, ularni barchaga barobar tarqatishga harakat qilardi. Otasidan keyin mahallaga oqsoqol bo‘lganlarning ko‘pini ko‘rdi, ular o‘g‘illariga emas, hatto nevaralariga ham yer olishgan. Otasi bo‘lsa yolg‘izgina o‘g‘limga o‘zimning hovlim ham yetadi, deb ortiqcha mol-hashamga berilmagan. Hozirgacha Ma’murali otani duoga qo‘l ochgancha yig‘lab eslaydiganlar ko‘pligidan Muxlisaning ko‘ngli ko‘tariladi.
Otasi birovga xushomad qilmaydigan, nochor oilalarni doim suyaydigan, kerak bo‘lsa, egnidagi kiyimini ham boshqalarga yechib beradigan tanti va mard bo‘lgan. Ayrim xalqni yulib o‘rgangan, og‘ziga kuchi yetmagan noshukrlar otasidan dakki eshitsa, borib-borib kunimiz shu zakunchiga qoldimi, deya orqavarotdan piching qilib qolishardi. Ana shunday halol, mard odam edi otasi. Akasi ham otasiga o‘xshab ketadiyu, ammo kezi kelganda mansabdor o‘rtoqlariga tavallo qilib qoladi. Muxlisa uning bu kamchiligini ilg‘amasa-da, Abdumalik dam-badam esiga solib turadi.
– O‘zingiz ham amaldorlar bilan oshna tutining, dadasi. Akamni yozg‘irgancha falon ishni qilib qo‘ysangiz-chi? – Muxlisa erini yengmoqchi bo‘ladi. Ichidagi isyonni arang bosadi. Eriga ta’na qilishga qildiyu, o‘zi xijolatga botdi. Axir, oiladagi to‘ng‘ich o‘g‘il Abdumalik singillari uchun jonini beradi-ku. Hatto jiyanlari salga uchinib qolsayam aka oyoqda tik turib beradi. Ota-onasini-ku, yelkasida tutadi. Kuni kecha kenja singlisining homilasi tushib yotib qolganida boshidan jilmadi. Singillari tugul jiyanlarini ham tug‘ilgan kunlarida birinchi bo‘lib Abdumalik qutlaydi. Eri o‘lib, beva qolgan opasi Sanobarning o‘g‘li institutda shartnoma asosida o‘qiydi. To‘rt yildan beri shartnoma pulini tog‘aning o‘zi to‘laydi. Ammo birovga bu haqda lom-mim demaydi. Agar jiyanining o‘zi yangasining oldida rahmat aytib ketmaganida bundan hatto Muxlisa ham xabar topmagan bo‘lardi. Ammo qilgan yaxshiliklarini sira ta’na qilmaydigan eri bugun birinchi marta xotiniga akasidan shikoyat qildi. Buning uchun uni ayblab bo‘larmikan?
Yaxshiyamki, kennoyisi kamtargina, oqila ayol. Akasining ayrim nuqsonlarini ana shu yangasi yopib turadi.
Tarovih namozidan keyin dasturxonga ikkinchi taom ham tortildi. Akadan esa hamon darak yo‘q. Muxlisa tugul singlisi ham behalovat bo‘la boshladi. Yanga harchand ularni ovutishga urinmasin, bo‘lmadi. Odamlar tarqalishgach, Muxlisa Abdumalikning ta’nali nigohlaridan o‘zini olib qochish uchun oshxonadan chiqmadi. Yuragining bir cheti kuyib borar, akasining nega kelmaganidan bezovta edi. Oxiri chidab turolmadi. Mehmonlar tarqalishgach, tog‘oradagi norindan kosaga soldi-da, mahallaning u boshidagi akasining uyiga qarab chopdi. Ko‘chada qilt etgan jon ko‘rinmaydi, Muxlisa akasinikiga kirib borganida yangasi endi chiroqlarni o‘chirayotgan ekan.
– Ha, qiz, yarim kechada kelibsiz, tinchlikmi?
– Akam kelmaganliklariga xavotirlandim.
– Voy, sizni qarang, telefon qilsangiz bo‘lmasmidi?
– Esimga ham kelmabdi. O‘zi tinchmi, ishqilib? Keldilarmi?
– Kelsam xurrak otib yotibdilar. Kuni bilan ishda charchaganmi? - Yanga qaynsinglisining rangini ko‘rib, eri kuni bilan bir og‘aynisinikida xizmat qilib charchaganini undan yashirdi.
Muxlisa qo‘ltig‘idan tarvuzi tushib uyiga jo‘nadi. Ertasi kuni akasi ishga jo‘namasidan unga yana oshu ovqat ko‘tarib keldi.
Aka kecha iftorga bormagani uchun uzr ham so‘ramadi.
 – Iftorni o‘tkazib oldingmi? O‘zi zo‘rg‘a chorig‘ini sudraydigan eringga balo bormi iftorlik qilib, shartmidi, sizlarga yig‘in o‘tkazish... – deya to‘ng‘illab qo‘ydi. Muxlisaning dili og‘ridi. Abdumalikning topish-tutishi chakki emas, ustachilik qilib topgan pullari bilan yaqinlariga ham qarashib turibdi. Shu paytgacha akasidan biror marta pul so‘rab kelmagan...
– Hoy, dadasi, biz-chi? Ro‘za oyoqlab borayapti, axir? Biz uch-to‘rt odam chaqirib iftorlik qilmaymizmi? – Yangasi gapga aralashdi.
– Oshib-toshib yotgan bo‘lsa o‘zing qilaver. – Aka xotiniga kesatdi. – Ana, bizzi og‘ayni kecha iftor berdi. Dahshat! Mullaning o‘ziga yuz dollar atabdi-ya shovvoz, qoyil!
Muxlisa bo‘shashib ketdi. Abdumalikning pichinglari bejiz emasligi shundoqqina ko‘rinib turibdi. Akasiga bir og‘iz so‘z aytishga holi kelmadi, ko‘zlariga quyulib kelgan yoshni arang tiyib, o‘rnidan turdi.
 – Hm-m, o‘tirmaysanmi, choy ichib borarding-da!
Aka to‘satdan jiringlab qolgan qo‘l telefoniga yopishdi:
– Labbay, akajon, bo‘ldi, bo‘ldi, biz tayyormiz, akajon. Siz nima desangiz shu-da. Darrov yest qilamiz. “Toychoq”ni sizning xizmatingizga olganmiz, buyuravering, akajon. – Aka beo‘xshov xo-xoladi. – Yo‘-yo‘o‘o‘, siz ovora bo‘lmang, bozorga Sobit bilan birga tushib, aytganlaringizni muhayyo qilamiz. Xo‘p, akajon, ish bir gap bo‘lar, ishimiz sizning ishingizdan muhim emas...
Qayinsinglisini kuzatishga chiqqan yanga ham Muxlisaning ko‘zidagi namni ilg‘amadi. Akasini bosh ustiga qo‘yib, boshi to‘qmoqdan chiqmagan singil ko‘chaga chiqqach, o‘zini tutolmadi. Qari tol tagiga o‘tirgancha o‘kirib yig‘lab yubordi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.