OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nigora Jaloliddin qizi. Unutilgan eski choriq (hikoya)

Munisxon ushbu dargohda ish boshlaganida endigina institutni bitirib qaytgan edi. Atigi ikki yilgina to‘quvchilik tsexida texnolog bo‘lib ishladi, oradan bir oy o‘tgach, turmushga chiqdi. Qo‘shni tumanga kelin bo‘lib tushdi. O‘shanda eri Salohiddin poytaxtdagi yirik banklardan birida hisobchi bo‘lib ishlar, uyga juda kech qaytardi. Shu bois shahardan ijara uy topib, Munisxonni ham o‘zi bilan birga olib ketishga qaror qildi. Garchi o‘zi ish boshlagan korxonaga, ayniqsa, bir-biridan xushchaqchaq tikuvchi qiz-juvonlarga o‘rganib qolgan kelinchakka erining qarori yoqmasa-da, qarshi borishga jur’ati yetmadi.
Mana endi qadrdon dargohga oradan yigirma yil o‘tib, qaytib keldi. Eri shu shahardagi banklardan biriga boshliq etib tayinlandi. Munisxon hali qarib qolgani yo‘q, ayni ishlaydigan vaqti, boz ustiga, o‘z sohasining bilimdoni. O‘n besh yil poytaxtda qo‘shma korxonada, yangi texnologiyalar asosida ishlab, charxlandi. Dizayn bo‘yicha mutaxassislikka o‘qib, malakasini ham oshirib qaytdi. Bu yerda to o‘z firmasini ochguniga qadar birinchi ish boshlagan joyida ishlashni istadi. Shu bahona shaharning past-balandini bilib oladi.
Institutni bitirib, ana shu korxonada yangi ish boshlaganida Mahfuza bilan juda qadrdonlashib ketishgandi. Bugun razm solib qarasa, birovning o‘n gapiga bitta javob qaytarmaydigan og‘ir-vazmin Mahfuza anchayin yo‘g‘onlashib, dimog‘idan qor yog‘iladigan holatga kelibdi. Avvaliga qadrdon dugonasini tanimaganga olgan ayol hatto kadrlar bo‘limining boshlig‘i darajasiga yetibdi. Ilgari oddiy tikuvchi edi. Hayot o‘zi shunday, yaxshi ot keyin choparkan...
–Hmm-m, siz bizda yana ishlamoqchimisiz? Nega, poytaxtda sig‘ishtirishmadimi? Ishlab nima azob sizga, pensiyangizga atigi o‘n yilgina qolibdi. Ana, eringiz bankir, o‘g‘illaringiz oliy o‘quv yurtlarida o‘qisharkan, hovlingiz, mashinangiz bor ekan, tushunmadim...
Mahfuzaning avvalgidek dimog‘ida ming‘irlab gapirishi qolmabdi. Munisxon o‘ziga qadrli bo‘lgan dugonasini dabdurustdan taniyolmadi. Bu rostdan ham o‘sha o‘zi bilgan Mahfuzami yoki boshqa? Nahotki, bu o‘sha bo‘lsa? Birovning hovlisi, mashinasi, eri bilan uning nima ishi bor? Aytganlaricha bor ekan. Mahfuzani tanib bo‘lmaydi. Tavba, u azroildan qo‘rqqandek qo‘rqadigan eri Holiq ham o‘zgaribdi. Xotinining ishxonasiga tinimsiz kelib turar, ko‘pincha tushlik ko‘tarib keladigan erkakning yuvosh tortib qolganini ko‘rgan Munisxon boshida xursand bo‘lgan ekan. Har holda, ilgarigidek xotinini urib-so‘kib tursa yomon-da. Voajab, nahotki dunyoi dun shunchalar o‘zgaruvchan? Yoki odamlar o‘zgarganmi?
Munisxon ishxonada Mahfuzaning boshqa ishchilarga ham bepisand gapirishini sira hazm qilolmasdi. Juda g‘alati, yaxshiyamki, bu ayolning oliy ma’lumoti yo‘q, katta dargohlarda boshliq bo‘lib ishlamaydi. Atigi o‘n kishi bilan ishlaydi. Yo‘qsa, o‘zini vaziri a’lam his etarkan. Uning nega bunchalik havolanib ketgani Munisxonni o‘ylantirib qo‘ydi.
Keyin bilsa, boshliqning o‘ng qo‘li, ya’ni kim ishga kech keladi, kim erta.. kimning eri, kimning o‘ynashi.. hamma-hammasini oqizmay-tomizmay yetkazib turgani uchun siylanib, mukofot pullari olib turarkan... Munisxonning undan batamom ko‘ngli qoldi. Boshlig‘i ayol kishi bo‘lgani bois Mahfuzaning kuni tuqqandir, ehtimol. Aslida ilgari oddiy tikuvchi bo‘lib ishlagan, ma’lumoti bo‘lmagan ayolning kadrlar masalasi bilan shug‘ullanishi ham g‘alati.
Eski chorig‘ini unutgan dugonasining sharofati bilan qanchadan-qancha yaxshi ishchilar bo‘shab ketibdi. Buni boshqalardan eshitgan Munisxon avvaliga ishonmadi, keyin ichki muhitga moslashib, vaziyatni tushunib yetdi. Sobiq hamkasabalari ora-sira uchrashib qolishganida, “Siz har gal ko‘rishganimizda Mahfuza tuzukmi, hayoti yaxshi bo‘lib ketdimi, deya jonhalak bo‘lardingiz. Opa, dugonangiz siz jon kuydirishga arzimaydigan xilidan, yuvosh qo‘y ko‘ringani bilan ichidan pishgan, qo‘ying o‘sha g‘izg‘izonni. U haqiqiy ko‘rpacha, kim boshliq bo‘lsa, mayingina to‘shaladi-qo‘yadi...”, deyishlarining sababini teran anglab yetgandek bo‘ldi. Razm solib qarasa, bu dargohda Mahfuzaning biror yaqin dugonasi yo‘q ekan. Eri o‘sha-o‘sha hech qaerda yolchitib ishlamaydi, qizini amallab o‘zining biqiniga tikuvchi qilib ishga joylashtirib qo‘ygan. Ha, odamni sinamoqchi bo‘lsang, amal berib ko‘r, deganlari shu bo‘lsa kerak-da...
Kenjasining kechasi bilan issig‘i tushmay, Munisxon ertalab ishga kirib kelgunicha besh daqiqa kechikibdi. Shuni darhol “keldi-ketdi” daftariga yirik raqamlar bilan qayd etgan Mahfuzaga vaziyatni tushuntirdi, ammo bo‘lmadi. Intizomda go‘yo qattiqqo‘l boshlig‘iga esa doim yangi g‘oyalar bilan yuradigan, kezi kelsa, mahsulotlar sifatsizligini ro‘yi rost aytadigan ishchisidan qutulishda arzimagan mana shu qaydnoma qo‘l keldi...
Ko‘p o‘tmay, Munisxon o‘z firmasini ochdi... U ozgina muddat ishlab, tor muhitdagi tomoshalarga chidolmagan, ayniqsa, kibr va riyo nuqsi urib qolgan Mahfuzaning va kaltabin boshlig‘ining kirdikorlari horitgan o‘sha korxona kasodga uchrab, butunlay yopilib ketdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan, Munisxonning ishlari yurishib, firmasiga o‘n chog‘li qizlarni ishga oldi. Tikkan mahsulotlari, buyurtmalari hajmi tobora kengaya bordi. Qizlar hattoki kelin liboslarini tikishning ham hadisini olishga muvaffaq bo‘lishdi. Tanlovlarda g‘olib bo‘lgan qizlar endi esa zo‘r berib navbatdagi tanlovda ishtirok etishga hozirlanishmoqda.
Kunlardan bir kuni Munisxonning eshigidan horg‘in qiyofadagi Mahfuza kirib keldi. Kutilmagan takallufdan karaxt boshliq uni o‘tirishga taklif qildi. Uning ovozidagi muloyimlik Munisxonni lol qoldirdi, tavba, ishdan bo‘shaganiga salkam yil bo‘libdi va bitta shaharda yashashadi, lekin u bilan biror marotaba to‘qnash kelmabdi. Mahfuza ish so‘rab kelgan ekan. “Mayli, meni olmasangiz ham qizimni ishga oling, erimning qorvullikdan topgan oyligi kam-ko‘stimizga yetmayapti, bolalar ulg‘ayib qolishdi, o‘rtoqjon”, dedi zo‘rg‘a ovozi chiqib. Xodimlar bilan janjallashib qolgan kezlarida ovozi chaqmoqdek chiqadigan ayolning popugi pasayib, shashti tushib ketgani Munisxonni o‘ylantirib qo‘ydi. Axir, bu ayol korxonani ostin-ustin qilib tashlashga qodir edi, boshliq uning har bitta gapiga ishonib, qancha yaxshi xodimlarning rizqi qiyilgandi-ku?
Voajab, Munisxon Mahfuzaning rangi battar sarg‘ayib, ko‘zlari kirtayib qolganini ko‘rib rahmi kelib ketdi. Lekin o‘ziga qilgan yomonligi esiga tushib sergaklandi. Unga rahm qilib bo‘lmaydi. Sal o‘nglansa, yana qanchadan-qancha begunohlarni chaqadi... buni bilmaganida ham mayli edi...
–Dugonajon, sizga bitta iltimosim bor...
–Voy mayli, agar xarajati bo‘lsa uyalmay aytavering. Yoki bo‘yoqmi, ohakmi... ta’mirtalab joylar bo‘lsa, erimning qo‘lidan keladi... tekinga qilib beradi...- hovliqdi Mahfuza.
–Yo‘q, yo‘q, shukr, tikuv xonalarimiz chinniday, ta’mirga muhtojligimiz yo‘q, xarajat-parajat haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas. Sizdan boshqa bir iltimosim bor... agar ko‘nglingizga olmasangiz... Bizga haqiqatan yosh qizlarimiz, ya’ni tikish-bichish, to‘qishga uquvi bor qizlar kerak... demoqchi bo‘lganim shuki, siz o‘sha vaqtlarda... esingizdami, Holiq aka bilan rosa qiynalib ro‘zg‘or boshlagan davrlar... shu paytdan qolgan birorta eski chorig‘ingiz bo‘lsa eshigingizga osib qo‘yishingizni iltimos qilmoqchiman, xolos. Men doim dahlizdagi kiyim iladigan shkafimizga qiynalgan kezlarimizda kiygan bitta eski kostyumimni osib qo‘yaman. O‘sha kostyumni ham menga birga ishlagan Sayyora opamiz bergandi. Ba’zan o‘zim bilmay havolanib ketsam, mehribon opam ilingan o‘sha buyumni ko‘raman... keyin darrov hayotda har qanday holat bo‘lishi mumkinligi esimga tushadi, dugonajon. Shundan odamlarga ham bir xilda muomala qilishni, bir ko‘zda ko‘rishni o‘rgandim. Ishoning, buning hammasi yaxshilikka ekan. Bekorga ota-bobolarimiz eski chorig‘ingni unutma, deyishmagan. O‘shanda... ta’na qilayapti, deb ranjimangu, meni siz sabab boshliq nohaq ayblagan, oylik maoshimdan o‘n emas, qirq foizni qirqib tashlaganida dilim og‘rigandi. Chunki sizning qizingiz ishga yarim soatlab, ba’zan yarim kun kech kelsayam bu inobatga olinmasdi. Siz ham ish vaqtida o‘z shaxsiy muammolaringizni hal qilishdan bo‘shamasdingiz. Qolgan ishchilarning ana shunga jig‘ibiyroni chiqardi. Meni ishdan bo‘shatayotganda, sizga yer dumaloq, balki yana uchrashib qolarmiz, degandim og‘rinib. Siz hech qachon, deya yuzimga eshikni shartta yopdingiz... eng yomoni, boshliq sizning gapingizga ishonib, meni intizomsizlikda aybladi, uzrimni eshitmadi. Vaholanki, bir kun avval yig‘ilishda meni kerakli mutaxassisligim, tajribam kattaligini ta’kidlab, rag‘batlantirishini aytgandi... Mayli, ozgina hayajonga berildim, ertaga qizingiz hujjatlarini olib kelsin. Hozircha uni ishga olishim mumkin, qizlarimiz judayam beg‘ubor. Qizingiz ana shunday beg‘ubor muhitda qayta tarbiyalansa zora, sizning soyangizda orttirgan chaqimchilik, dangasalik illatini tashlasa nur ustiga nur, hunarli bo‘lsa deyman, chunki u hali yosh...
Mahfuza lom-mim demadi. Bo‘shashgancha eshikdan chiqib ketdi. Munisxon yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek o‘zini yengil his etdi. U shu tobda bir vaqtlar boshliqning pinjiga suqilib olib, ko‘ngliga cheksiz ozor yetkazgan sobiq dugonasining yuziga aybini ayta olganidan baxtiyor edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.