background
logotype

Nodirabegim Ibrohimova. Azon (hikoya)

Aeroport gavjum. Hamma qayoqqadir shoshadi. Tit­roq qo‘llari bilan hassasini tutganicha, xira tortgan ko‘zlarini odamlarga tikib o‘tirgan bu chol bilan hech kimning ishi yo‘q edi. Ba’zi ko‘ngli bo‘shlar esa uning yonidan o‘tayotib chaqa tashlab ketishar, lekin chol tangalarga qarab ham qo‘ymasdi. Chol bu yerga ko‘p keladi. Ayniqsa, shu oyning tongidan kechiga dovur shu yerda. Quyosh nurlarini baland binolar ortiga ola boshlagach, istamaygina uyi tomon yo‘l oladi. Kelini Lizaga bildirmay xonasiga qamaladi. Tunlari esa xotiralar qiynaydi. Negadir… otasi yodiga tushaveradi. Iloyo, o‘zingdan qaytsin, deb o‘tkir nigohlarini tikkan edi u. Hartugul, otasiga uncha qiyin bo‘lmagandi. Ismat kerakli joylarga otasining qilmishlari haqida yetkazdi: o‘tmish sarqitlari – bolaligida onasi uzun kechalarda mutolaa qilib beradigan dilgir g‘azallar, diniy o‘gitlar, hadislarni xufiyona saqlashi haqida xabar berdi. To‘g‘ri, o‘sha payt otamni sotib qo‘ydim degan o‘y xayoliga kelmagan, nima bo‘pti, otammi, boshqami, muhimi, davlatni bitta dushmandan tozaladim, deb o‘ylardi, partiyam uchun xizmat qildim, deb majlislarda ko‘kragini kerardi, hammaga go‘yo namuna bo‘lardi. Otasini ko‘p siquvga olishdi. O‘rtaga onasini tiqishtirishgach, Mahkam ota indamay imzo chekdi. Ha, baribir otasiga o‘zi kabi qiyin bo‘lmagandi, axir yonida hamdardlari bor edi. Onasi suyanch bo‘ldi, opasi, ukalari tirgak edi, yolg‘iz qo‘yishmadi, to qamoqda vafot etguncha… Ismatning-chi? Yonida kimi bor? Xotinga yolchimadi. To‘rt marta uylandi. To‘g‘ri, ular o‘zbek edi-yu… lekin qandaydir Enaxonga o‘xshamasdilar. Enaxon boshqacha edi, Ismat buni kech angladi, juda kech…
Ismat bo‘g‘ilib derazani ochdi. Quyoshning chiqishini kuta boshladi. Shu payt qaerdandir… azon ovozi eshitildi. Ismat avvaliga anglamadi. Keyin tuyqus esiga tushdi. Otasi… azon aytardi. Oxirgi marta qachon eshitgandi? Ellik yildan oshdi-yov. Balki undan ham ko‘pdir… lekin unutmapti, unutolmaydiyam. Ha, otasi masjidda azon aytardi. Ovozida yurakni entiktiruvchi nimadir bor edi. Keyin masjidlar yo‘qotildi. Ismat ham qanchasini aniqlab, buzdirtirib tashladi. Qiziq, bu ovoz qaerdan kelayaptiykin? Yo qulog‘iga chalin­yaptimikin, – bilolmadi…
 Ismatning birdan nabirasini ko‘rgisi kelib ketdi. Yigirma yil burun ota-onasi uni harbiy internatga yuborishgandi. Avval ko‘p kelardi. Ulg‘aygach, kelmay qo‘ydi. Yaqinda uylandi, deb eshitdi. Lekin Liza buni to‘ydan qaytgach aytdi. Ismat baribir xursand bo‘ldi. Avlodining davomchisi shu axir…
Ismat uchta xotinidan ham farzand ko‘rmadi. Oxiri, sal yengiltakroq bo‘lsa-da, to‘rtinchisiga uylandi. Kutganidek, undan o‘g‘il ko‘rdi. Va ko‘p o‘tmay xotini o‘g‘lini tashlab, Ismatning bor-budini shilib o‘ynashi bilan qochib ketdi. Ismat o‘g‘li bilan shumshayib qolaverdi. Uni katta qilaman, deb kirmagan teshigi, qilmagan ishi qolmadi, hisob. Oqibat nima bo‘ldi? O‘g‘li ham onasiga tortdi. Dadasi topgan pulga ichadigan takasaltang bo‘ldi. Harholda, Lizaga uylangach, sal odamga o‘xshab yashay boshladi. Ismat o‘g‘lini kam ko‘radi. O‘g‘li ham uni yo‘qlab xonasiga kirmay qo‘ygan.
 Ismat biladi… Bu barcha gunohlari uchun berilayotgan jazolar. Bu dunyodagisi shu bo‘lsa… Oxirat haqida o‘ylasa yuragi orqaga tortadi. U qo‘rqadi, juda qo‘rqadi… Og‘ir xayollar bilan tong ottirgan Ismat o‘sib ketgan soqolini siladi-da, qandaydir hafsala bilan qirtishlay boshladi. Keyin uniqib ketgan ki­yimini almashtirdi, qo‘li bilan dazmol qilgan bo‘ldi. Va yana aeroport tomon yo‘l oldi. Nega bu yerga kelaveradi, o‘zi ham tushunmaydi. Balki turli davlatlardan turli xil odamlarning tashrifi, ularning o‘z yurtlari nafasini olib kelayotgani uchundir. Axir ular orasida O‘zbekiston ham bor…
 Ismat doimiy o‘rindig‘iga cho‘kdi. Qo‘liga kitobini olib, qiyshiq ko‘zoynagini taqdi: so‘nggi paytlarda Mashrabni o‘qiydi. Asli ona tilisidagi bor-yo‘q kitobi ham shu. Ikki yil burun xuddi mana shu yerda bir o‘zbek otaxon bergan edi. Avvaliga chang bosib yotdi. Ammo keyinchalik bu misralarsiz turolmay qoldi. Onasining ohangi yodiga tushaveradi. Sohir ovozda shu g‘azallarni o‘qir edi-ya…
 – Otaxon, o‘zbekmisiz? – bir cholga, bir uning qo‘lidagi kitobga qarab turgan notanish yigit uning xayollarini to‘zg‘itib yubordi.
 – Ha… – Ismatning yuragi tez-tez urib ketdi. – O‘zbekman…
 – Samolyotdan tushiboq, dunyoning u chekkasida o‘z yurting odamini uchratish… – yigit sevinib ketdi. Ke­yin qo‘lini uzatdi. – Ismim Azamat, ota, sizga O‘z­be­kis­tondan alangali salomlar!
 Ismat o‘rnidan turdi.
 – O‘zbekiston… mustaqil bo‘ldi, deyishadi, rostmi, o‘g‘lim?– Ismatning ko‘zlarida yosh g‘iltilladi.
 – Albatta. Anchadan beri bormagan ko‘rinasiz?
 – Ha… ko‘p bo‘ldi.
 Yigit juda odamoxun, xushchaqchaq ekan. O‘zbekiston haqida ancha so‘zlab berdi. Keyin esa ketdi. Bu yerga ish bilan bir haftaga kelgan ekan. Ismat yana og‘ir xayollar ichida qoldi.
Bir hafta o‘tgach, Ismat yigit qaytar, deb sahardan beri odamlarni kuzatardi. Maqsadi, unga bir omonat gapni yetkazish… Enaxon va o‘g‘li Abdukarimga…
 – Ie, ota, sizmisiz? – yon tomondan kelgan ovozdan Ismat quvonib ketdi. Bu Azamat edi.
 – O‘g‘lim, seni kutayotgandim. Yurtimga, bir odamga omonat gapim bor…
 Azamat o‘ylandi.
 – Ota, o‘zingiz bora qolganingiz durustdir, balki. Ona yurtga qaytish vaqti yetdi, endi erkinmiz. Men bilan keting, ota.
 Ismat yerga qaradi.
– Ketolmayman, o‘g‘lim…
 Azamat cholning yelkasidan tutdi.
– O‘zim olib ketaman, otaxon. Savob ham kerak. Xarajatini o‘ylamang…
Ismat yarq etib unga qaradi. Go‘yo hozir yurtini ko‘radigandek, yuragi hapqirib ketdi.
– Axir… o‘g‘lim, senga tag‘in og‘irligim tushib…
– Omonatingizni o‘zingiz yetkazasiz, ota. Keyin qaytaman, desangiz o‘zim kuzatib yuboraman.
…Ismat samolyotda o‘tirar ekan, negadir tush ko‘rayapman, deb o‘ylardi. Nahotki bir necha soatlardan so‘ng…
– Ota, agar bobom hayot bo‘lganlarida ularga yax­shi hamsuhbat olib kelayotganimdan quvonardilar…
– Ha, keksachilik, o‘g‘lim.
– Bobomni ko‘rish nasib qilmagan-da, ota. Ular otam ikki yasharligida olamdan o‘tganlar. Xudoga shukr, buvim hayotlar. Bobom vafot etgach, turmush qilmay, otam­ni o‘stirdilar. Ko‘p qiynalganmiz, deydilar. Hozir dadam ham, onam ham ularni yeru ko‘kka ishonishmaydi. Yaqinda Hajga yuborishmoqchi…
– Niyatlariga yetishsin, – Ismat Enaxonni esladi. Qiziq, u turmushga chiqqanmikin? Shuncha bergan azob­lariga miq etmay chidardi. Lekin bir kun g‘azabdan tit­rab pichirlagan: «Iloyo mana shu qo‘llaringiz…». Yo‘q, qarg‘amagandi, hatto gapini tugatmagandi ham. O‘shanda Ismat … Qur’oni karimni uloqtirgandi!
– Farzandlaringiz bormi, ota? – iymanib so‘radi Azamat.
– Ha, bor… Ikki o‘g‘lim bor. Biri u yerda, biri bu…
– Diydor shirin-da, – Azamat shunday dediyu, biroz o‘tib uyquga ketdi.
Ismat yana azobli xotiralar girdobida qoldi. Otasi qamalgach, hamma qarindosh-urug‘i undan yuz o‘girdi. Faqat Enaxon negadir uni tashlab ketmadi. U qandaydir umid bilan yashardi. Ismat bir kun insofga kelar, derdi. Ba’zan yurak yutib «Allohga shak keltirmang», deb Ismatga so‘z qotardi. Ketidan kaltak yerdi. «Agar tepadagilar eshitsa bormi, sen dinparastga qo‘shib meniyam yo‘q qilishadi. Kimsan Ismat Xoltoevning xotini shunday desa? Yig‘ishtir safsatangni!».
Ismatning siri baribir ochildi. Bir-ikki g‘a­lamislar Ismat uyida Qur’onni saqlashini oshkor qilishdi. Ismatning o‘zi ham bilmasdi bu haqda. Enaxonga ona meros bu kitobni ko‘rpa qatidan izlab topdi-da, xotinining ming qo‘liga osilib yolvorishiga qaramay, ko‘chaga – daraxt yonidagi anhorga uloqtirdi. Bo‘tana loyqa suv uni bir yamlab yutdi. Enaxon shunda tushundi: bari umidlari bekor ekan… Ismat baribir qutilib qolmasligini angladi. Endi uni tinch qo‘yishmaydi. Ishonishmaydi… shuncha yillik xizmatlari bir pul! U qochdi. Ha, bor pulini cho‘ntakka joylab hech kimga hech nima demay, tunda uyidan chiqib ketdi. Darvozadan chiqar ekan, ichkaridan o‘g‘lining uyg‘onib xarxasha qilganini eshitdi. Enaxon uni ovutdi. Ismatning negadir ichkariga kirgisi, o‘g‘lini bag‘riga bosgisi keldi. Lekin oyoqlari ko‘cha tomon boshladi.
– Keb qoldik, ota, – Azamatning o‘ktam ovozi Ismatni ko‘zini ochishga majbur qildi. – O‘zbekistondamiz!
Ismat negadir qo‘rqa boshladi. Qo‘llari titradi. Onasi Ismat bolaligida musichaga ozor berma, qo‘llaring qaltiroq bo‘lib qoladi, deb uqtirardi. Ismat bu gaplarga amal qilardi. O‘rtoqlari musichaga tosh otganini ko‘rsa, ular bilan yoqalashardi ham. Ha… qushlarga ozor bermasdi Ismat. Lekin… necha-necha oilalarning sho‘rini quritdi, qancha musichadek beozor bolalarni tirik yetim qildi.
Samolyot qo‘ndi. Ismat Azamatning yordami bilan zinalardan pastga tusharkan, unutilib ketgan havodan to‘yib simirdi. Atrofga qorong‘ulik cho‘kkan edi. Afsus, quyoshni ko‘rmadi-da.
– Uyimiz olis emas, ota, yana biroz qiynayman sizni. Borgach damingizni olasiz. Hoynahoy hamma kutib o‘tirgandir. Ayniqsa, qizcham…
– Oilaliman, degin…
– Ha, bir o‘g‘il, bir qizim bor, Xudoga shukr.
«Xudoga shukr»! Bu jumlani qancha bo‘ldi eshitmaganiga. Onasi har ikki gapining birida takrorlardi. Hatto bir kun Ismat daraxtdan yiqilib qo‘li singanda ham «Xudoga shukr-ey, boshqa yering sinmapti», deb bag‘riga bosgandi. Ismatning ko‘zlari namlandi. Mashinadan tushishgach, Azamat cholni suyab oldi. Ismat tinmay qaltirar, yuragi gup-gup urardi.
– Mana, keldik, ota…
 Ismat qarshisidagi baland darvozali, naqshinkor uyga qaradi. Qo‘ng‘iroq chalishgach, ichkaridan xushro‘y bir juvon chiqdi.
– Assalomu alaykum, dadasi, yaxshi keldingizmi? – so‘ng mehmonga yuzlanib, u bilan ham quyuq salomlashdi.
– Vaalaykum assalom, yaxshi o‘tiribsizlarmi? – Azamat Ismat ichkariga kirgach, xotiniga imo qildi: «yaxshilab dasturxon tuza».
Kelin ularni mehmonxona tomon boshladi. U yerda Azamatning ota-onasi o‘g‘lini kutib o‘tirardi. Ularning xuddi ancha yillar ko‘rishmagandek quchoqlashib diydorlashishlaridan Ismatning yuragi orziqib ketdi. So‘ng Ismat bilan hol-ahvol so‘rashishdi. Azamatning dadasi uni to‘rga boshladi. Shu payt eshik ochilib, bir qo‘lida choynak ko‘targan kelin va uning yonida bir keksa onaxon kirib kelishdi.
– Buvijon! – Azamat ular tomon oshiqdi.
Ismat bu kampirni qaerdadir ko‘rganday bo‘ldi. Biroq eslolmadi… va xonani kuzatar ekan, birdan ko‘zi devorda osig‘liq turgan eski bir suratga… Enaxonning va …o‘zining suratiga tushdi. U karaxt bo‘lib qoldi tushdi. Qo‘llari titrar, chuqur-chuqur nafas olar, at­rofdagilarning gaplarini umuman anglamasdi. Shu payt tanish ovoz eshitildi.
– Keling, mehmon…
Ismat ovoz kelgan tarafga alangladi. Qarashi bilan Enaxonni tanidi. Avvaliga Enaxon ham biroz tikilib turdi. So‘ng birdan hushini yo‘qotib yerga yiqilayozdi. Azamat uni suyab qoldi. Hamma ular tomon oshiqdi. Enaxonni olib chiqib ketishdi, g‘ala-g‘ovurdan foydalangan Ismat esa sirg‘alib darvozadan chiqib ketdi.
Mahalla kimsasiz… Ismatning sal narida oqayotgan kichik anhorchaga ko‘zi tushdi. Esga oldi… o‘sha gunohiga guvoh anhor-ku! Ismat anhor bo‘ylab ketaverdi. Qaerga va ne maqsadda, bilmasdi. Enaxonga atalgan omonat gapi esa tilida tinmay aylanardi:
– Meni kechir, Enaxon… kechir nobakor otangni, o‘g‘lim…
Ismat bir uy qarshisida to‘xtadi. Shu payt u yerdan azon eshitildi. Ha… bu yer masjid, xufton namoziga chorlov edi.
– Ota, sizmi, ota?! – Ismat azondan sehrlandi. – Haliyam shu yerdamidingiz, otajon? Nihoyat topdim sizni. To‘xtamang, ota, azon aytishingizni qo‘msab keldim…
Ismat yerga cho‘kdi. Bir siqim tuproqni olmoqchi bo‘lib yerga kaftini urdi. Biroq titroq barmoqlarini qancha jamlashga urinmasin, tuproq to‘kilib ketaverar, bari urinishlari zoe edi…

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 12-son.

2004-2018 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.