OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Norali Ochilov. Darcha (hikoya)

Abdufattoh anchadan buyon odam oyog‘i yetmagan boloxona derazasini ochib yuborgandi, dimog‘iga toza havo urildi. Bir muddat vujudi qonib, ko‘ksini to‘ldirib-to‘ldirib nafas oldi. Yuqoridan hovli sahniga ko‘z yugurtirdi. Daf’atan tonggi g‘ira-shirada akasi ikkovining hovlisini ajratib turgan devor biroz og‘ib qolganini payqadi. Avvaliga ishonib-ishonmadi. "Qiyshiq ko‘ringan bo‘lsa bordir", degan o‘yga bordi. Biroq qor-yomg‘irda obdon sillasi qurigan soyabonning yotinqiraganini aniq-tiniq ko‘rgach, shubha-gumoni tarqadi. "Qachon qiyshaya qoldi ekan?" shuuridan o‘tkazdi u. Anchadan buyon chegara — devorga razm solmagani, uning ortida umrguzaronlik qilayotgan jigargo‘shasini xayoliga keltirmaganini o‘ylab ichidan zil ketdi.
Hovli sahnidan uncha-muncha ko‘zga tashlanmaydigan bu o‘zgarish yuqoridan yaqqol ko‘rinib turardi. Abdufattoh sinchiklab qarasa, qasddan qilinganga ham o‘xshamaydi. Devor-darmiyon qo‘shnisi — akasidan shubhalanishiga mutlaqo asos yo‘q. Devorning bu yoqqa emas, qaytanga, narigi tomonga og‘ishi ham bunday gumonsirashga izn bermaydi. Qolaversa, qondoshlari o‘zining ustiga devor yiqitadigan darajada nodon emas...
Xonaga yopirilgan salqin havodan eti junjikkan Abdulfattoh beixtiyor xayolini band etgan ayqash-uyqash fikrlardan tezroq qutulish ilinjida ishga tutindi. Mo‘yqalamni suvga botirib, bo‘yoqni yumshatdi. Ko‘pdan buyon bitmay yotgan, ustini bilinar-bilinmas g‘ubor qoplay boshlagan dag‘al matodagi eskiz ustidan qalam yurita boshladi. Ammo qiyshaygan devor haqidagi o‘y-xayollari tinchlik bermagach, qo‘li ishdan sovudi.
...Bir zamonlar Abdulxay bobodan meros hovlida bola-baqra qaynardi. Ayniqsa, hovli etagidagi qari tut daraxti hosil qilgan kezlarda mahallaning yitgan-yo‘qolgan bolasi borki, shu hovlidan topilardi. Shahar kengayib, dahadagi hovlilar buziladigan bo‘lgach, bir-biri bilan etu tirnoqqa aylanib ketgan mahalla-ko‘y hash-pash deguncha tariq donalaridek har tomonga tarqab ketdi. Ko‘chish onlarida ko‘z yoshi qilganlar, gina-kuduratini esdan chiqarib bir-birini bag‘riga bosganlar, xayr-ma’zurni qiyomatga qoldirganlar bo‘ldi. O’shanda Abdurasul bobo uy-joy qilib bu yoqlarga kelib qolgandi. 
Bir paytlar odam kunduz kuni yurishga qo‘rqadigan biyday dalalar o‘n-o‘n besh yilda binoyidek gavjum mahalla-guzarga aylandi. Abdurasul kosib uzoqni ko‘ra oladigan dono kishi edi. "Jo‘jabirday jonmiz,bolalar ulg‘aygach, shoshib qolmaylik", degan mulohaza bilan hovlisini ancha keng qilib qurdirdi. Keyinchalik ana shu go‘shadan jondan aziz qizlarini uchirma qildi. O’g‘illarini uyli-joyli qilish mashaqqati ham yengil kechgani yo‘q. Kattasidan ko‘ngli to‘lmadimi, ishqilib unga o‘zining ko‘z o‘ngidan — hovlisining bir burchagidan joy berdi. Qolganlariga qo‘shni dahalardan yer-suv olishda ko‘maklashdi. Supraqoqdisi — Abdufattohning boshini ikki qilish fursati yetganida Abdurasul bobo kelinni o‘zlari o‘tirgan uyga tushirib, kampiri bilan hovli etagidagi zinasiz, xiyla pastqamroq uyga ko‘chib o‘tdi...
Abdufattoh bo‘yoq chaplanaverib ajabtovur ranglar kompozitsiyasini hosil qilgan fartugini yechib, o‘rindiq suyanchig‘iga tashladi. Ustaxonani, unga qo‘shib... ko‘nglini tartibga solgisi keldi.
...Huv pastdagi, devor adog‘idagi uy bir paytlar suhbatxona bo‘lardi. Ayniqsa, tizza bo‘yi qor yog‘ib, havo zaranglagan kezlarda chol kampiri va bolalari bilan tancha atrofiga yig‘ilishib, gurunglashardi. Abdurasul bobo soqolini tutamlaganicha uzoq sukutga ketar, bir payt tomoq qirib, salmoq bilan gap boshlab qolardi. Uning oldida bolalari odob bilan tizilishganicha so‘zlariga some’ bo‘lib turishar, ahyon-ahyonda supraqoqdisi namoyishkorona tantiqlik bilan suhbat o‘zanini burishga tirishardi. Davra ahli bunday beodoblikni Abdufattohning "kenjatoylik imtiyozi"ga yo‘yishar, uning bu taxlit urinishiga sabr-toqat ko‘rsatish bilan javob qilishardi.
Abdurasul bobo bolalariga, jumladan, kenjatoyiga nisbatan haddan tashqari qattiqqo‘l bo‘lgan. O’rtoqlari chillak yoki lanka o‘ynagan kezlarda Abdufattoh kursidan uzilmay kavushdo‘zlik qilardi. Bobo tashqariga chiqarish u yoqda tursin, uning derazadan mo‘ralashini ham taqiqlagandi. Keyinchalik keksaligi g‘olib keldimi yo hayotning bemavrid zarbalariga dosh beraverib, irodasi shikast yedimi, har holda yuragi bir qadar yumshab qoldi. Garchi bobo o‘sha-o‘sha o‘jarligicha qolgan bo‘lsa-da, bora-bora fe’lidagi qattiqqo‘llik xilmga, nafrat va g‘azab mehrga aylandi. Buni ayrim mahalladoshlari uning tabiatidagi zaiflikka, ayrimlar esa keksalik — nochorlikka yo‘yishdi.
Bobo maktabda dastro‘molchasiga atir sepib oladigan, opalari bilan talashib-tortishadigan, ba’zan oiladagi dilxiraliklarda goh er-xotin, gohida opa-akalari o‘rtasiga tushib, ularni o‘zicha murosa-yu madoraga chaqirib yuradigan ana shu zumrashasidan durustroq odam chiqishiga ishonardi. Shu komil ishonch uni kenjasining ayrim shartakiliklaridan ko‘z yumishga undardi.
Bolaligidan musavvirlikka ishqi tushgan Abdufattoh ulg‘aydi-yu so‘zamolligidan asar ham qolmadi. Ilgarilari davraning "guli" o‘laroq, birovga gap bermagan yigitcha uch-to‘rt kunlab miq etmay yurishni kasb qilib oldi. U o‘zi chizgan kartinalarining ich-ichiga kirib ketadigan xayolparastga aylandi. Suxanbozlikdan ko‘ra tevarak-atrofdan manzara axtarishni xush ko‘radi. Uylanganida ham fe’lida katta o‘zgarish kuzatilgani yo‘q. Qaytanga, ichidagi bor-budini sug‘urib oladigandek odamning ko‘ziga tik qaraydigan odat chiqardi. Shunday qilsa, portreti jonli chiqarmish...
Kechagidek yodida. Bir kuni u bisotidagi arzirli kiyim-boshini kiyib, xotini yetovida hovliga chiqdi. Ayvonda ko‘nga ishlov berib turgan keksa otasiga yuzlanib, qaynotasinikiga borib-kelishga izn so‘radi. O’shanda bobo ishdan bosh ko‘tarmay o‘g‘lini yomon izza qilgan: "Kiyinib bo‘libsanlar-ku, endi ijozat so‘rab nima qilasan?!".
Abdufattoh bolaligini, o‘smirligini, yigitlik davrlarini kinotasmadan bir-bir o‘tgan lavhalardek uzuq-yuluq yodga oldi. Rahmatli otasi, onaizori, aka-opalari bilan o‘tgan hayotining eng totli lahzalarini eslab, qadrdonlari diydorini sog‘indi. Ular bilan xuddi o‘sha uzundan-uzoq qish tunlaridagidek, suhbatlashishni qo‘msadi...
Chamasi o‘shanda bahor fasli edi. Abdufattoh mehri iyib, akasining o‘g‘liga hovlidagi daraxtdan bir-ikki hovuch dovuchcha terib berdi. Xom mevadan ko‘proq yegani ta’sir qildi chog‘i, jiyani og‘rib yotib qoldi. Shu voqeaning ertasi kuni akasi otasiga arz-hol qildi: "Xotinlarning g‘idi-bidisi ko‘paygandi, endi bunisi o‘tib tushdi...". Bobo boshini xam qilganicha chuqur o‘yga toldi. Otasining tili kalimaga kelmay qolganidan foydalangan o‘g‘il "kashfiyoti"ni o‘rtaga tashladi-qo‘ydi:
— Mashettan, — qo‘lini nuqib hovli o‘rtasini ko‘rsatdi u, — devor tortsak, qandoq bo‘larkan-a, ota?
"Bechora bolam qiynala-qiynala, nihoyat, dilidagini tiliga ko‘chirdi", yuragidan o‘tkazdi bobo. To‘ng‘ichining gapi unga xuddi "devor tortsak, uyimga balo-qazo yo‘lamaydi", degandek tuyuldi. Ilgarigi holi-quvvati bo‘lganida-ku o‘g‘lining esini kiritib qo‘yardi. Biroq bobo endi og‘ziga zo‘r berishga yarasa ham katta gap edi.
— Ko‘zim ochiqligida-ya? — o‘pkalandi ota.
Ammo o‘g‘li otasiga quloq tutmadi. Chunki u otasidan maslahat so‘ramagandi, niyatini bildirgandi, xolos. Devor tortish hukmi esa oilasi davrasida allaqachon o‘qib bo‘lingandi.
O’g‘lining devor qurishga qurbi kelmadimi yoki insof qildimi, har holda hovli o‘rtasidan simto‘r tortdi. Otasini "andisha" qilib simto‘rning bir chekkasini ochiq qoldirdi. Hovli ikkiga bo‘lingach, aka-ukalarning o‘zaro qatnovi ancha siyraklashdi. Yangi topilma akaning oilasida yaxshi qabul qilindi, uka xonadonida "arzimas" ko‘ngilsizliklarni keltirib chiqardi. Shu voqeadan so‘ng boboning yegani ichiga tushmay qoldi, o‘z hovlisida o‘zini begona his eta boshladi...
Abdurasul bobo boqiy dunyo eshigini qoqqan kunning ertasiga simto‘r chetidagi shartli eshik vazifasini o‘tab turgan yog‘och panjara olib tashlanib, uning o‘rni berkitildi-yu bordi-keldi barham topdi. Akasining bu navbatdagi yangiligi Abdufattohga og‘ir botdi. Hatto, u otasining bir marosimida jigargo‘shasining qilig‘ini betiga solmoqchi ham bo‘ldi. Ammo akasining ahvolini ko‘rib-kuzatib ich-ichidan ezildi, alamini ichiga yutdi...
Bir ota-onadan tug‘ilgan aka-ukalar yagona hovlida bir-birovi bilan bosh silkib hol so‘rashib yursa g‘alati bo‘larkan. Nachora, ko‘nikishdan osoni bor ekanmi. Simto‘r mashmashasi tufayli o‘rtaga tushgan sovuqchilikka qaramay, Abdufattoh jiyanlarini "chegara"ga chorlab, ular bilan hazil-mutoyiba qilishga vaqt topardi. Po‘lat simlar ortidan bo‘lsa-da, ularni o‘ziga yaqin olib erkalar, bir amaki sevganichalik sevardi.
Yozning jazirama kunlaridan birida Abdufattoh ishdan erta qaytdi. Ostona hatlab hovliga kirganida g‘alati manzaraning ustidan chiqib qoldi. Uch-to‘rt usta g‘ayrat bilan hovli o‘rtasidagi simto‘r o‘rniga pishiq g‘ishtdan devor tiklamoqda edi. Abdufattohning peshanasini reza-reza sovuq ter bosdi. Akasining yangi topilmasi unga yomon alam qildi. Qo‘lidagi to‘rxaltani qizchasiga berib, hovlining akasi yashaydigan qismiga o‘tdi.
— Akam qani? — so‘roqqa tutdi u kelinoyisini.
Kelinoyi mujmal javob qildi:
— Bugun navbatchilar, uyga kelmasalar kerak...
— Oqibatga o‘t tushsin, — g‘udurlaganicha iziga qaytdi Abdufattoh.
Akasi uyida bo‘lganida-ku, ichida yig‘ilib qolgan bor gap-so‘zni ayamay to‘kib solardi. Qaytanga, yuragining chigili yozilardi, yengil tortardi.
U alamini o‘ziga peshvoz chiqqan xotinidan oldi:
— Yana nima gap?
— Nodirjoningizning varragi antenalariga ilinibdi...
— Ko‘zing qayda edi? Varrak uchirishga joy qahat ekanmi, o‘g‘lingga? Bu bir bahona... — vajohat bilan o‘shqirdi Abdufattoh.
U hali esini tanib-tanimagan boladan xafa bo‘layotganini mulohaza qilib damini ichiga yutdi. Kiyimlarini almashtirdi-da, to‘g‘ri ustalarning oldiga shoshildi. "Kattalaring kim?" dedi o‘sha-o‘sha vajohat bilan. Savoliga javob ham kutmay yarimlab qolgan devor yoniga borib qat’iy ohangda: "Mana shu yerdan eshikka joy qoldirlaring!" dedi. Ustaboshi "Xo‘jayin bizga..." deb endi og‘iz juftlagandi, Abdufattoh uning og‘ziga urdi: "Xo‘jayin-po‘jayiningni bilmayman, aytganimday qilasanlar, tamom-vassalom!".
U o‘sha kuni yo‘lning huv naryog‘idagi xiyobonda alla-pallagacha tentirab yurdi. Uyga qaytganida ham yolchitib uxlay olmadi. Tikanga ag‘anagandek a’zoi badani zirqirab og‘rirdi. Ming turli o‘ylovlar iskanjasida qolgan boshi tars yorilgudek edi. Shu kech boqiyga rixlat qilgan ota-onasi-yu yana allakimlar tushiga kirib chiqdi...
Aka hafta-o‘n kun qorasini ko‘rsatmay yurdi. Bu orada katta hovlini o‘rtasidan ikkiga ajratgan devor oqlanib, o‘rtadagi ochiq joyga ixchamroq eshik o‘rnatildi. Dastlab o‘tib-qaytish erish tuyulgan bu mo‘‘jaz eshik keyinchalik ovsinlarning kunda-shunda bo‘lmasa-da, ma’raka mavridlarda qatnaydigan ishonchli yo‘liga aylandi. Har holda ana shu eshik besh-olti qovun pishig‘igacha "bor tovog‘im, kel tovog‘im..."ga yarab turdi...
Xazonrez kunlarning birida qo‘shni hovlini ayol kishining dod-faryodi tutdi. Oyog‘ini qo‘liga olib chopgan Abdufattoh bilan xotini gap nimadaligini so‘rab-surishtirganida kelinoyi yig‘idan to‘xtadi-da, bor kuchini ko‘ziga to‘plab ularga chunonam yovqarash qildiki, boyoqishlar hayratining zo‘ridan tovonigacha muzladi-qoldi. Ayon bo‘lishicha qo‘shni hovli bekasining ona-meros asl tilla uzugi yo‘qolgan edi...
Abdufattohning boshi xam bo‘ldi. Birovning halol luqmasi u yoqda tursin, "buzoqning haqi" deya sut ichishga botinolmaydigan, oila a’zolariga ham shu yo‘sinda talab qo‘yadigan kishi bugun jigargo‘shasi xonadonidan yo‘qolgan buyum uchun o‘zini aybdordek his eta boshladi. Abdufattoh, qo‘li egriligini tasavvuriga sig‘dirolmasada, xotini va bolalarini qiyin-qistovga oldi. Biroq qilayotgan ishini o‘ylab o‘zidan xafa bo‘lib ketdi. Norasidalari oldida o‘zini gunohkor sezdi. Yelkasini qisganicha boloxonasiga chiqib ketdi. To kechga qadar ishga ko‘milib, kuymalanib yotdi.
Musavvirni dunyoning barcha g‘am-anduhidan ana shu boloxona qutqardi. U bu yerni manzil tutgan mahalda oila a’zolaridan hech biri bezovta qilishga botinolmasdi. Qo‘ng‘iroqlar, mehmon-izlom keldi-ketdisi, hatto tayyor bo‘lgan ovqatga chaqirish uchun ham hech kim bu temir qonunni buzishga jur’at qilolmasdi. Zero, oila boshchisining diqqatini, tinchini buzish qanday ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi xonadon ahliga ma’lum edi. "Hech bo‘lmasa o‘z uyimda erkin bo‘lay?" derdi musavvir. Bu erkinlikka dunyo tashvishu quvonchlari ham daxl etolmasdi. Boloxonada Abdufattoh o‘z dunyosi bilan ovora baxtli insonga aylanardi-qolardi.
O’sha kuni ham ana shu daxlsizlik qonuniyati amal qilishda davom etmoqda edi. Qosh-qovog‘i solingan Abdufattoh yolg‘izxonasiga erta tongdan qamalib olganicha uni oqshom tark etdi. O’zigagina xos bo‘lgan oyoq uchida yurish bilan hovli sahniga chiqdi. O’rtadagi devorga ko‘zi tushdi-yu beixtiyor yuragi orqaga tortib ketdi: eshik olinib, o‘rniga g‘isht urib tashlangandi. U g‘ishtlar orasidan chiqib qolgan loy-chiziqlarga termulganicha bir muddat serrayib turdi. Manzaraga dilgir nigoh tashlagani sayin unga bamisoli ota-onasiga olib boradigan eshik ochilmaydigan qilib yopib tashlangandek tuyulaverardi. Shu topda miyasining qopqog‘ini go‘yo birov ochib-yopib o‘ynaydi — boshi qizib ketdi.
Abdufattoh ostona hatlab ko‘chaga otildi. Akasining darvozasiga yetganida bir xayoli ortga qaytmoqchi ham bo‘ldi-yu yana dadillashib, qo‘ng‘iroq tugmasini asabiy bosdi. Unga akasi peshvoz chiqdi:
— Kel ukam, qaysi shamol uchirdi? — Uning burni qip-qizil edi. — Hoynahoy kenayingni uzugi masalasida chiqqandirsan-da, a? Palakat bosib eshikni olib tashlashga andak shoshilibmiz, ukam. Uzuk topildi. Jiyaning oyisiga havas qilib, maktabiga taqib ketgan ekan... Shuni yuvayotgandik, qani, kir ichkariga. 
— Niyatiz eshik o‘rniga g‘isht urish ekan, jilla qursa darcha-parcha qo‘yib ketsangiz bo‘lardi, — dedi uka bo‘shashib. U akasining dilini xufton qilish istagidan voz kechgandi.
— Planda bor, — dedi akasi uning gapini bo‘lib. — Nima, bizzi oqibatsizga chiqaravossanmi, uka?..
Abdufattoh iziga qaytdi.
Ertasi ishdan uyiga kelganida kecha eshik o‘rniga urilgan g‘ishtlardan to‘rttasi olib tashlanganini ko‘rib, yuziga qon yugurdi, ko‘ngli yorishdi. Shu kundan boshlab xuddi ana shu darichadan nafas olayotgan odamdek suyunib yurdi. Kuniga ikki-uch bor unga o‘g‘rincha ko‘z tashlab qo‘yadi. Go‘yo osmondan tushgan farishtalar hovlisiga ana shu yerdan kirib kelayotgandek tuyulardi.
Bir gal kichikroq ma’raka qilganida darcha ish berdi: doshqozon akaning hovlisiga o‘rnatildi. Kosa-laganlar shundoqqina darchadan berib-olindi, qaytanga yaxshi bo‘ldi...
...O’shanda jonni zirqiratadigan qahraton qish edi. Yangi yil kechasini oilasi bilan nishonlayotgan Abdufattoh nima bo‘ldi-yu toza havo istab hovliga chiqdi. Kerishdi, qo‘llarini oldinga uzatganicha pag‘a-pag‘a yog‘ayotgan qorga tutdi. Pardek qor parchalari kaftlariga tushib erib ketaverdi. Bunday sururli manzaradan uning yuragi cheksiz zavq-shavqqa to‘ldi. Qor yog‘ishi zabtiga olgan kezlarida u hovli o‘rtasiga borib yosh boladek yotib olar, samo suprasidan qoqilayotgan uchqunlarga ko‘milib ketgisi kelardi.
Abdufattoh bir muddat hovli etagidagi uyga termuldi. Derazalariga oq surp tortilgan uy mung‘ayib qolgan mushtipir kampirdek ma’yus turardi. Keyin darchadan qo‘shni hovliga ko‘z tashladi. Birorta ham yoniq chiroq ko‘rinmasdi. "Bayram tunida qayoqqa ketishdi ekan..." ko‘nglidan o‘tkazdi.
U ertasi kuni to‘ng‘ich jiyanini ko‘chada uchratib qoldi. Bayram oqshomi qanday o‘tganini surishtirdi. Qiz boyoqish xomush tortib dedi: "Adam bu bizning bayram emas, dilbuzar — bid’at, deb Yangi yilni nishonlashga qo‘ymadilar". Abdufattoh boshini saraklatdi, jiyanlariga ichi achidi, keyingi paytlarda akasining oyoq olishi boshqacha bo‘lib qolganini esladi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, kunlarning birida qo‘shni hovlida qiyomat qo‘pdi. Abdufattoh darchadan razm soldi. Akasi xotinini oldiga solib quvar, sho‘rlik ayol qorda yalangoyoq qochardi. "Yana asliga qaytibdi!" degan o‘y o‘tdi ukaning xayolidan. O’g‘il-qizlari bo‘yiga yetib qolgan odamning mast-alast yurishi xunuk ko‘rinardi. U "er-xotinning o‘rtasiga tushgan axmoq" degan gapni bir-ikki takrorlaganicha darchaga yaqin keldi. Hadiksirab ovoz berdi: "Tinchlikmi, aka? Kelinoyimni toza qiynab qo‘yibsiz-ku!".
— Olimligingni uyingda qil, bola! — Malomat qilishga tushdi aka. — Xotinchangga tishing o‘tmaganidan keyin uni sizlaysan, xumordan chiqquncha so‘kish, urish u yoqda tursin, burnidan baland gapirolmaysan. Tumshug‘ingdan ip o‘tkazib olib yetaklagani-etaklagan. Xotin — maniki, bilganimni qilaman. Tak chto, ishimga burningni suqma, bola, yomon bo‘ladi...
Aka gap bilan to‘xtab qolgani yo‘q. Muzlab yotgan yerni chopib loy qordi. To‘rtta g‘isht topib har ikki hovliga zeb berib turgan darchani yopib tashladi. Abdufattoh mast-alast akasiga bir nima deyishga botinolmadi. U go‘yo nafas yo‘li bekilib qolgan bemordek bo‘g‘ilib yurdi, bir muddat iztirob chekdi.
Darcha yopilib, qon-qarindoshlik yo‘llarini qum bosdi. Vaqt deganlari hovli o‘rtasida tekis devor bino qilganidek, Abdufattohning ko‘nglidagi chandiqlarini ham silliqlab o‘tdi. U "Balki, shu daxmaza oldinroq yopilganda bir dunyo gap-so‘zga qolib yurmasmidik..." degan mulohazaga ham bordi-yu biroq bilib-bilmay otasining hamyoniga qo‘l solgan o‘g‘ildek bema’ni xayolidan o‘zi uyaldi.
Abdufattoh xayol osmonidan tushgan pallada tong yorishib, qorong‘ulik sekin-asta chekinmoqda edi. Shu payt darvoza beo‘xshov taqillab qoldi. "Bemahalda kim kelishi mumkin? Bugun mahallada osh beradigan kishi bo‘lmasa...". U boloxona zinalaridan shoshilinch tushdi. Yo‘lakdan o‘tib ko‘chaga chiqdi. Darvoza oldida kelinoyisi tizzalarini mushtlab, izillab turardi. Abdufattoh "Tinchlikmi?" deb ulgurmay, ayol yig‘laganicha o‘zini unga tashladi: "Akangizdan ayrilib qoldik, inim!".

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.