OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Normurod Norqobilov. Kurash (hikoya)

Boyg‘ozining to‘yi ertasi qishloqqa yoyilgan xabar to‘y dovrug‘ini butunlay bosib ketdi. Endigina og‘iz ko‘pirtirmoqqa tushgan odamlar dabdabali o‘tgan to‘yniyam, obro‘talab Boyg‘ozini ham unutishdi. Barchaning og‘zida shu gap, emishki, Hamida momoning qo‘li sinib, to‘shakda mixlanib yotganmish. Hay, qo‘l sinsa yeng ichida, shunga shunchami dersiz. Biroq hamma gap shundaki, kampirning qo‘li tasodifan emas, balki o‘g‘li Shomurod polvon tomonidan sindirilgan.
Eshikdan ko‘ngil so‘ragani kirganlar momoni to‘shakda emas, chap qo‘li bo‘yniga osilgan ko‘yi, tomorqasida g‘imirsib yurgan holda uchratardilar. Keyin oydinlashadiki, qo‘li sinmagan, chiqqan. To‘g‘rirog‘i, chiqarilgan.
Kirganlar uning tomdek gavdasiga, bo‘yniga osilgan qo‘liga, sog‘ qo‘lidagi teshaga bir-bir boqisharkan, momoning yuz-ko‘zidan ezginlik alomatlarini topmoqqa tirishadilar. Negaki, momoning chars fe’li birinchi bo‘lib so‘z qotmoqqa izn bermaydi. Omonlashdingmi, bu yog‘iga andak sabr et, uning o‘zi yuragini ochadi. Basir emas, ne vajdan kirganingni bilib, ko‘rib turibdi. Aks holda, chivin chaqsayam, ne gap deb yugurib kelaverasanlarmi, deya bobillab berishi mumkin.
Momo esa ularning ko‘zlarida hamdardlikdan tashqari, g‘iybat istagi mavjudligini ilg‘agani bois, xushlamayroq qarshilaydi. Sababi, qishloq oralagan gap tongdayoq qulog‘iga yetib kelgan. Nima emishki... Bu yog‘ini momoning eslagisi kelmaydi. Biladiki, gapni kecha oqshom kirganlar tarqatgan. Axir, momo ne voqea yuz berganini jiddiy tushuntirgan. Yo‘q, odamlar o‘z bilganlaridan qolishmagan, momoning gapidan ko‘ra, o‘z tasavvurlariga ko‘proq ishonishgan. Momoning tik oyoqda yurganidan ko‘ra, ko‘rpa-to‘shak qilib yotgani ma’qulroq edi ularga. Ana shunda ezilishib, hol-ahvol so‘ralardi. Oqibatsiz farzandlar obdon g‘iybat qilinib, qo‘lga uni suring-buni suring, deb g‘amxo‘rlik ko‘rsatilardi. Biroq, momo kirganlarni bu lazzatdan mahrum etib, odatdagidek, kundalik yumush bilan band edi. Boshda mezbon sifatida yumshasa-da, so‘ng birdan o‘dag‘aylab beradi: «Nima, hech muvadak* ko‘rmaganmisilar?! Aytdim-ku, olishaman deb qo‘limni chiqarib oldim... deb...»
Yo tavba, bu xotinni jin chalganmi? Qanaqa kurash haqida gapirayapti u? Jin chalgani chinga o‘xshaydi. Emasam, kimsan, Shomurod polvon bilan ham kurash tushadimi kishi. E, yo‘q, olib qochayapti bu. Fe’li tufayli dakki yegan. Azaldan og‘zi botir, yuzingda ko‘zing bormi demay, shartta betingdan oladi. O‘g‘liga tamizsizroq gap qilgan bo‘lsa, bexos turtgan chiqar. Jasadli odamning yiqilishi yomon-da, biron yeri lat yemasdan qolmaydi. Ammo ajab bo‘pti. Bunga o‘g‘li bas kelmasa, boshqaning teng bo‘lishi qiyin. 
Faqat momoning yaqin dugonasi Mayram chaqqongina bu fikrdan yiroq edi. U qiyg‘ir changaliga tushgan poloponini qutqarmoqqa intilgan ona tovuqdek potirlab kirib kelganida, Hamida momo navbatdagi «mehmon»larni endigina kuzatib, qayta chopiqqa tutingandi. 
Dugonasini ko‘rib, momoning etdor afti tirishdi. Mayram chaqqonni gap bilan tinchitish mushkul, voqeaning tub-tubiga yetmay qo‘ymaydi u. Surishtiraverib jonini oladi endi.
–Qani, u mushtumzo‘r?! – Mayram chaqqon eshikdan baqirib kiradi. Keyin rangi uniqqan jelagini bilagiga solib, tezgina hovli yuziga ko‘z yugurtirarkan, battar shang‘illaydi: – Enani uradigan u zo‘r qani? Erkak bo‘sang chiq bu yoqqa!
Hamida momo qo‘lidagi teshani uvat ichida qoldirib, qomatini tiklashga majbur bo‘ladi.
Mayram chaqqon pildiragancha u tomon yuradi, yugurgilaydi.
–O‘ldiribdi-ku seni! – deya chakak otishda davom etadi. – O‘ldiribgina qo‘yibdi-ku seni. Qo‘lginangni sindirib, muvadakkina qip qo‘yibdi-ku seni u! O‘zi qani u zo‘r! Gaplashay o‘zim! Gaplashibgina qo‘yay o‘zim!
Hamida momo tog‘ tomonga ishora qiladi.
–Ketdi, tovga ketdi.
–Qochibdi-da, – Mayram chaqqon uning qoshiga yetarkan, turgan yerida bir irg‘ishlab oladi. – Qilg‘ilikni qip tovga qochibdi-da. Qo‘limga tushar. Qo‘limga tushsin, uling ekan deb turmayman. Butginasini yirtaman.
Momo eshikda iymanibgina turgan kelini oldida hijolat tortgan bo‘ladi.
–Yoqasini yirtaman de, but yirtishing nimasi, – deydi kulimsirab. – Uyalmaysanmi.
–Enani urib u uyalmaganda, nega men uyalishim kerak.
Hamida momo hech kimga ravo ko‘rmagan iltifotini namoyish etib, uvat chetiga chiqarkan, uning yelkasidan quchganicha hovliga boshlaydi. Yo‘l-yo‘lakay keliniga choy qo‘yishni buyuradi.
Mayram chaqqon uning quchog‘idan yulqunib chiqadi.
–Ichmayman buning choyini.
–Nimaga?
–Eriga seni urdirib, indamay qarab turgan ayolning choyini ichmayman.
–Qay go‘rdan topding bu gapni? – Momo endigina uning gap-so‘zlariga e’tibor bera boshlaydi. – Qulog‘ingni kim qizdirdi?
–Katta ulimnikiga ketuvdim, – Mayram chaqqon o‘choqqa unnayotgan kelinga adovatli tikiladi. – Uch-to‘rt kungina turib kelmoqchi edim. Tongda naynov nevaram borib qoldi yumush bilan. Shu-shu, dugonangiz ulidan kaltak yeb, qo‘lini sindiribdi, dedi. Chopdim keyin.
–Sinmagan, chiqqan, – Hamida momo beparvo holatda aniqlik kiritadi.
–Yomon urdima,a? – Mayram chaqqon uning mayib qo‘liga achinish-la tikiladi.
–Urmadi, deyapman-ku.
–Unda nima bo‘ldi?
–Aytgiligi yo‘q...
–Aytaqol endi, ichimni it tirnatmay.
–Shu-shu... kurash tushuvdim.
–Kim bilan?
–Ulim bilan.
–Shu gapingga meni ishonadi deb o‘ylayapsanmi?
–Seni ishontiray deb o‘lib o‘tirganim yo‘q.
–Kurash tushdim emish, – Mayram chaqqon o‘pkalanib, supa chetiga cho‘kadi. – Bahonaning tuzukrog‘ini topsang o‘larmiding. Axir, uning seni tappi qip tashlaydi-ku, yashamagur.
–Meni-ya! – Momoning qoshlari kerilib, ulkan ko‘ksi bir qalqib tushadi. – To‘ra polvonning qizini-ya! Omon cho‘ponni o‘xshatganim esingdami. Chirillab oraga tushmaganingda, dashtda go‘rini qazirdim.
Momo esga olgan hodisaga endi duch kelganday, Mayram chaqqonning nafasi ichiga tushib ketadi. Voqeani to‘laligicha ko‘z o‘ngida gavdalantirishga tirishadi. Biydek dashtda yolg‘iz o‘zi ko‘zi qizarib yurgan davongir cho‘pon avval ularga tashlandimi, yo uning niyatini ko‘zidan payqagan dugonasi oldinroq ot qo‘ydimi, bunisini eslayolmadi. Lekin dahshatli olishuv bo‘lgandi o‘shanda. Dugonasi kelbatidan ot hurkadigan omon cho‘ponning oyog‘ini osmondan keltirib urganida, betini yantoqtikan tilgan g‘animi bo‘g‘izlangan buqadek bo‘kirib yuborgandi. 
Bu voqea har uchalasi o‘rtasida sir bo‘lib qolgandi. Hamida momo g‘animining, har holda erkak kishi, sha’nini o‘ylagan, Mayram chaqqon dugonasining yuzidan o‘tolmagan. Bugun esa u to‘satdan yuzaga qalqib chiqdi.
Mayram chaqqon ushbu xotira ta’sirida dugonasiga havaslanib boqarkan, birdan o‘zining ham maqtangisi kelib ketadi. Biroq hayotida faxrlanib tilga olishga arzigulik favqulodda hodisa topolmagach, momoni uzib olgisi keladi.
–Unda yosh edingda, tinmagur, – deydi, nimangga maqtanasan, degan ohangda.
–Nima, hozir qarimanmi?
Mayram chaqqon unga sinchkov razm soladi.
–Ebi, chindanam qarimabsan, – deydi so‘ng hayratini yashirolmay. – «Momo-momo» deganlariga ko‘zimga keksarganday ko‘rinib qopsan-da. Chindanam, yoshsan hali. Erga teksang, ul tuvg‘iliq siyog‘ing bor seni.
–Shukr, rahmatli cholimdan qolganlariyam yetib ortadi menga.
–Unda «momo» degizdirma, – Mayram chaqqon ne tashvishda kirganini unutgan ko‘yi, yana unga boshdan-oyoq tikiladi. – Ko‘zga keksaytirib ko‘rsatarkan u seni.
–Anovu O‘tkir muallimning ishi bu, – Hamida dugonasi qavatiga bamisoli xirmonday cho‘kadi. – Maktabdagi bir yig‘inda, endi so‘z yurtimizning polvon momolariga dedi-yu, shundan «momo» bo‘lib ketdim.
–Ovziga bir urmabsan-da.
–Kimni?
–O‘tkirni-da.
–Hammaning oldida-ya.
–Tirkash qoraning ullarini urgansan-ku.
–Ular otani behurmat qip, bir-birlari bilan yoqalashgandi-da. Erkak emas ularing, – Momo ma’yus tortib, dugonasi tomon o‘girilarkan, beixtiyor yuragini ocha boshladi. – Bilsang, ulimdan ko‘nglim qolib, bovriginam yonib o‘tiribdi. Boyg‘ozining to‘yida To‘ra polvonning arvohini yomon chirqiratdi u. Otam aytmishli, g‘irrom olishdi. Bakavulniyam xudo urib qo‘yibdi ekan... Bu qishloqda o‘zi erkak qolmabdi...
–Sen go‘r, bari baloni bilasan.
–Nega bilmay, – Momo og‘ir xo‘rsinadi. – Otam rahmatli oldimni qaytarmaguncha yaylovda yigitlarning kuragini yerga ishqab yurganman... Rahmatli qaynotam shunimga havasi kelib, uliga so‘rattirgandi-da. Esingdami? Seni esa bir echkiga kuching yetmay yurardi.
–Ha-ya, yomon eding sen.
–Shu yomonligim uchun tunovgacha yuragimda bir ovruv yashardi, – Momo og‘ir tebranadi. – Endi u yo‘q...
–«Armon» de, – Mayram chaqqon tuzatish kiritadi, uning gapini bo‘lib. – Senda armon nima qiladi, gum bo‘lgur?
–Sho‘rlik cholimga bir martagina bo‘lsa-da yiqilib bermaganim manovu yerimda ovruv... yo‘q, armon bo‘p qogan-da, – Momo ulkan ko‘ksiga nuqiydi. – Bechora bekorga tirshanglab ko‘p ovora bo‘lardi.
–Ikkovlaring ham toza tentak edinglar, – Mayram chaqqonning ovoziga koyish ohangi inadi. – Bu yoqda bolalaring bo‘y cho‘zib kelayapti, silar esa kigiz titib olishib yotardinglar.
–Cholim, birgina yiqitmasam, armonda ketaman, deb qo‘ymasdi-da.
–Ana, ulidan yiqilibsan-ku, – deydi Mayram chaqqon chaqib oluvchi ohangda. – Tag‘in olish, bu qo‘lingni ham muvadak qilsin.
–Shu yiqilganim alam qilayapti-da, – Hamida momo mayib qo‘lini chaqaloq quchganday bag‘riga bosadi. – Yaxshi otasidan yiqilmay, yomon ulining himoyasidan yiqilib o‘tiribman, men tulup.
–Tag‘in orqang tutibdi-da, sen yashamagurni.
–Orqam tutsa, buytiblar tutab o‘tirmasdim.
–Emasam, nima? – Mayram chaqqonning jazavasi qo‘ziydi. – Nima bo‘ldi, nima qo‘ydi, ayt-da bunday.
Momo aytmoq istaydi. Ammo hasrati tiliga ko‘chmay dilida charx ura boshlaydi. Ulim bel olishadigan bo‘lganidan beri davralarga yaqin bormayman, deydi tili emas, dili so‘zlab, ko‘zimdan qo‘rqaman, so‘ng g‘ayratim qo‘zib, yuragim hapqiradi. Tunov kuni falokat bosib borib qopman desang. Qarasam, Shomurod sorigina bir yigit bilan bellashayapti. Birrovgina tomosha qilay-chi debman, men o‘lgiram. Odamlar orasidan qarab turibman. Ulim bovosining qo‘lini qilib, sori yigitning sonidan ildi. Ilgan bo‘lib, chotiga bir tepdi. Shunday bir yomon qiliq bor, kishi ko‘zi ilg‘amay qoladi. G‘irram qiliq. Yomon qiliq. Erkakka yarashmagan qiliq. Bundaylarni otam rahmatli yomon ko‘rardi, bolasi bo‘lsayam kechirmasdi. Bu qiliqqa duch kelgan polvonning nafasi ichiga tushib ketadi. Shu-u, sori bolayam yomon azob tortdi. Musofir-da, haqini ayirolmadi. Polvonidan tortib bakavuligacha g‘irram bo‘lgan bu qishloqda nimayam qila olardi u sho‘rlik. Jelak yechib, o‘rtaga tushay dedim bir. Tag‘in o‘zimni bosdim. Ichim kuyib uyga qaytdim. Izimdan qo‘chqor yetaklab ulim keldi. Gapirsam, irshayadi degin. Ursam – kam, so‘ksam, yana kam. Kel, bolam, senga olishni o‘zim o‘rgatay, dedim. Tag‘in irshayadi. Belidan oldim. Ulim polvon deb kerilib yurgan ekanmanu, buzilganidan bexabar qopman. Bilsang, ko‘zida quvlik, harakatida ayyorlik bor. Tikka keladigan polvon emas ekan u...
Bu xil sukutni o‘zicha anglagan Mayram chaqqonning battar ichi pishadi. Nima, o‘lib-po‘lib qoldingmi, deya uni turtadi. Hamida momo dugonasiga hamdard istab tikilarkan, beixtiyor deydi:
–Sigirday bo‘may o‘lay men. Jasadimni eplayolmay o‘zim yiqilib tushdim. Belbog‘i bo‘sh ekan, qo‘lim chiqib ketdi.
–Hozir yurgandir toza ichi achishib?
–Ena, sizga kurashni kim qo‘yibdi deb ustimdan kulib yuribdi.
–Qo‘limdan kemaydi-da, emasam, shu ulingni o‘zim...
–Qo‘lim tuzalsin, yerning ko‘ziga yopaman men uni.
–Voy, o‘lay, hali tag‘in olishmoqchimisan?
–Emasam-chi! – Momo dugonasiga balanddan boqadi, – Yomon polvonning enasi bo‘lguncha!.. Otamning arvohini chirqillatib qo‘ymayman men!..
Shu payt ko‘chadan ot to‘yoqlarining ovozi eshitilib, Mayram chaqqon uning gapini bo‘ladi.
–Uling keldi, shekilli.
Haqiqatan saldan so‘ng darvozada ot yetaklagan Shomurod polvon paydo bo‘ladi. Mayram chaqqon unga g‘azabli tikiladi. Ammo yigitning xushhol tabassumidan g‘azabi izsiz uchadi. Shomurod polvonning kulib turishlaridan, Hamida momoning da’volari noo‘rindek tuyuladi. Yo‘q, bu yigit g‘irromlik qilmaydi.
Yigitning tabassumidan ko‘ngli iyigan Mayram chaqqon dugonasiga iltijoli tikiladi, kechiraqol endi. Yo‘q, dugonasi kechiradigan emas, u hatto o‘g‘liga boqmoqni lozim topmay, qo‘shni hovlidagi terak uchlariga tikilib o‘tirardi.
–Uling keldi, –Mayram chaqqon dugonasini turtkilaydi.
–Kutib oladigan xotini bor, – Hamida momo holatini o‘zgartirmaydi.
–Buncha diydang qattiq.
–Bo‘larim shu! – Hamida momoning ko‘zlari endi ko‘kda ohista parvoz qilayotgan burgutga qadaladi. – Senga o‘xshab ikkibet emasman, irshayganga irshayib.
–Voy o‘lay! – Mayram chaqqon kichkina mushti bilan uning yelkasiga bir tushirarkan, supaga yaqin kelib salom bergan Shomurod polvonga shikoyat qiladi: – Bu qo‘liniyam sindir buni, Shomurodjon. Qara, odamni odam o‘rnida ko‘rmayapti. E, polvondi qizi bo‘may, tovning toshi bo‘gir. Qovog‘ini qara buning. E, kapaday bo‘may, o‘l sen!
Hamida momo o‘g‘lining salomini javobsiz qoldirgandek, dugonasining chirillashlariga ham e’tibor bermadi. Nigohi hanuz burgutda edi. Qiziq, qishloq ustida burgut aylanmasdi, nechuk bugun paydo bo‘lib qoldi? Xuddi o‘g‘lining izidan kelgandek. Tag‘in bu To‘rapolvonning arvohi bo‘lmasin. Qo‘rqib ketgan momo beixtiyor ko‘ksiga tuflarkan, o‘g‘li va dugonasiga og‘rinib nazar tashlaydi. Keyin tag‘in ko‘kka tikiladi. Biroq endi burgut ko‘rinmas, terak shoxlariga tegay-tegay deb o‘laksaxo‘r bir qush qanot qoqardi. Bundan momoning yuragi battar siqiladi. So‘ng naq qansharida o‘g‘lining ermaklovchi tabassumini his etib, yalt etib unga qaraydi.
– Men sizdan yiqildim, ena, – deydi o‘rtadagi dilxiralikni quvmoq niyatida o‘g‘li. – Istasangiz, umbaloq oshib yana yiqilib beray.
U picha gapirmoqchi edi. Enasining ko‘nglini ovlamoq maqsadida erkalanib, hazil-huzil qilmoqchi edi. Biroq... Enaning qarashida shunday bir istehzo mavjud ediki, bu na g‘azabga o‘xshardi, na pichingga. Botirning qo‘rqoqqa, mard-ning nomardga qarashiga o‘xshash nimadir edi bu. Bu xil qarash qarshisida kishi o‘zini mayda va arzimas his etadi.
Shomurod polvon beixtiyor ko‘zlarini olib qocharkan, yaqindagina xuddi shu xil qarashga yana qaerdadir duch kelganini o‘yladi. Qaerda va kim edi u? Darvoqe, Boyg‘ozining to‘yida birinchi tovoqqa talabgor bo‘lib chiqqan mallatob yigit mana shu tarzda qaramaganmidi? Ha, og‘riqdan qizargan, bo‘zargan, tishlari orasidan ingrangandi-yu, lekin, g‘irrom olishding-a, nomard, demagan. Buni ko‘zlarida bildirgan. Bildirganda ham alamu g‘azab bilan emas, ko‘pni ko‘rgan polvonlarga xos bosiqlik ila taassuf-la ifoda etgan. So‘kishu haqoratdan ko‘ra, bu qarashning yomonligini Shomurod polvon o‘shanda bilgan va so‘ng unutib yuborgandi. Endi shu ifodani enasining ko‘zlarida ko‘rib turardi. Yo‘q, enasi- ning nigohi zalvorliroq, kishini yanchib yuboray deydi. Bu zalvorni yumshatmay, nafas olmoq mushkul.
Bu orada Hamida momo o‘rnidan asta qo‘zg‘alib, hovli etagidagi hujrasi tomon yuradi. Shomurod polvon gunohkorona iljayib yo‘lini to‘sadi. Odatdagidek yelkasidan quchib, erkalanmoqchi bo‘ladi. Shunday qilsa, enasi hamisha tez kechirardi. Biroq momo yumshamadi. Yumshayolmadi. O‘g‘liga jiddiy tikilarkan, ich-ichidan g‘alati bir his xuruj qilayotganini tuydi. Bu tanish tuyg‘uni u allaqachon o‘tmish qa’riga ko‘mgandi. Buni qarangki, u to‘satdan tag‘in bosh ko‘taryapti. Momo dimog‘ida yaylov hidini tuyganday bo‘ladi. Tunlari o‘tov qavatida yoqiladigan gulxan alangasi ko‘z o‘ngida aks etadi. Gulxan tevaragiga umidvor yigitlar qadam qo‘yguvchi edi. «Meni kim yiqitsa, o‘shanga tegaman», degan g‘aroyib qizni kimning ham ko‘rgisi kelmaydi. Bu ahdini qiz uydagilariga emas, dugonalaridan biriga bildirgan. Dugonasi tushmagur bu gapni yelga aytgandi. Yel esa qanotiga ilib, tevarakka sochadi. Ota bu gapni juda keyin eshitadi. Bu paytda qiz anchagina yigitning kuragini yerga ishqashga ulgurgandi. Uzoq-uzoqlarda to‘ylab, davralarni gullab qaytgan ota qarshisida ajdodlari timsolini qo‘rganday bo‘ladi. Hech balodan tap tortmas momosining qovoq chitishlarini-yu, enasining polvonnamo kelbatini qizida ko‘radi. Bir ammasi bo‘lgich edi, bir himodayoq har qanday erkakning suyagini shiqirlatib yuborardi. Nazarida, qizi kurashga tug‘ilgandek, buning esa iloji yo‘q edi. Ota bosh chayqab «uyat» dedi, «bas» dedi. Oqibat, qiz tabiiy mayl va tug‘yonlarini jilovlashga majbur bo‘ladi. Aniqrog‘i, hislarini kishanlab, tug‘yonini qalbiga qamaydi...
Ushbu tug‘yonlar qayta bosh ko‘tararkan, momo yana kurash istadi. Bu istak kechagisiga o‘xshamasdi. Kechagisida g‘azab bor edi. Bugungisi uning ixtiyoridan tashqarida yuz bermoqda. U beixtiyor o‘g‘lining beliga qo‘l yuboradi. O‘g‘li avvaliga belini bo‘sh qo‘yadi. Kulib nimadir deydi. Chamasi, odatdagi hazilini qildi. Biroq momo shu qadar kurash istardiki, qulog‘iga gap kirmasdi. O‘g‘lining vujudi taranglashayotganini sezarkan, saldan so‘ng jiddiy qarshilikka o‘tganini his etadi. Bu qarshi harakatdan momo rohatlanadi. Istagi tiyiqsiz bir kuch oladi. Mayib qo‘li rostlanib, o‘ng yag‘rinini «raqib»i tomon xiyol egarkan, dimog‘ida o‘tkir ter hidi, otasi To‘ra polvonning davra aylanishlari ko‘z o‘ngida bir zumga aks etdi-da, qizligida so‘nggi bor aytgan o‘sha xitob bo‘g‘zidan ko‘chdi. 
–Yo-yo, pirim!
O‘z xitobidan qulog‘i ochilib, ko‘zi ravshanlangan Hamida momo o‘g‘lini oyoqlari ostida ko‘radi. Shomurod polvon, bu ne sinoat, deganday ko‘kka termulib yotar, narida tik qotgan kelinining og‘zi ochilib qolgan, Mayram chaqqonning hayrati unikidan kam emasdi. Ana u ko‘makka oshiqqanday dik etib o‘rnidan turadi-da, hanuz lolu hayron cho‘zilib yotgan Shomurod polvonning boshiga keladi. So‘ng kutilmaganda uning atrofida irg‘ishlab aylana boshlaydi.
–Yo‘qitdi! Yiqitdi! Hamida polvon Shomurod polvonni yiqitdi!
Qo‘liga qayta kuchli og‘riq kirganini sezgan momo o‘g‘lidan uzoqlashar ekan, ko‘kda boyagi burgutning paydo bo‘lganini ilg‘aydi. O‘laksaxo‘r qushning izi uchgan, burgutning parvozi esa osmonga juda-juda yarashib tushgan edi.
_____________________
* Muvadak – mayib

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.