OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Normurod Norqobilov. Yetim qolgan gullar (hikoya)

Qaynoq garmsel har quturganda, shaharcha quyuq to‘zon ichida qoladi.
U biydek dashtning qoq kindigida bo‘y rostlagan bu shaharchani yer yuzidan supurib tashlamoqqa ahd qilgandek, to‘lg‘onib, yulqinib quyun uyurib esadi. So‘ng shiddati andak susaygandek bo‘ladi-da, tag‘in yangidan kuch olib, ko‘p qavatli qizg‘ish g‘ishtin uylaru ko‘kka nayzadek sanchilgan quvuridan kunu tun ko‘kish-qoramtir tutun arimaydigan korxonaning katta-kichik, baland-past binolarini qaynoq nafasi bilan yalab, shahar ko‘chalari bo‘ylab och bo‘riday izg‘irgan, o‘tkinchilarning yuzi-ko‘ziga qum sochgani yetmagandek, qandaydir mo‘‘jiza bilan omon qolgan yo‘l bo‘yidagi yakkam-dukkam daraxtlarga yopishadi, ular vujudidagi oxirgi namlikni so‘rib olish payida kuyib-pishadi.
Garmsel azaldan yashil rangni yomon ko‘radi.
Dasht sap-sariq.
Shaharcha ham shu tusda.
Daraxtlar esa yashil dog‘dek juda xunuk ko‘rinadi ko‘ziga.
Yashil rangga esa, singlisi — sarin yel o‘ch. U ko‘klamda uyg‘onib, saratongacha dashtda javlon urarkan, borliqqa bahor nafasini ufuradi. Bu paytda qaynoq garmsel qirning gadoy topmas biror o‘ngirida biqinib yotadi. Havo qizib, sarin yel olisdagi tog‘lar bag‘ridagi archazorga chekinishi bilan garmselga jon kiradi. To‘shov uzgan ayg‘irdek irg‘ishlaydi. Maysalarni quritib, chechaklarni qaqshatib, shunday quturadiki, uning o‘tli nafasidan yashil borliq sarg‘ish tus oladi. Ko‘cha bo‘ylaridagi ariqchalar qurib, o‘t-o‘lanlar xas-xashakka aylanadi. Qisqasi, akasi — kuz shamoli qo‘zg‘olgunga qadar, u dashtda tanho hukmron — yashil tusda neki bor, barini quritib, mahv etmoqqa urinadi.
Har yili shu hol, shu ahvol.
Biroq bu safar shunday bir sinoat yuz berdiki, tongdanoq yer-ko‘kka otash purkab kelayotgan garmsel hayratdan bir lahza dong qotdi. Qaynoq nafasi ichiga urib, bir qalqib tushdi. So‘ng ko‘zlariga ishonmay, aylanib-o‘rgilib boqdi. 
Yo‘q, ko‘zlari aldamagan.
Shaharchaga kiraverishdagi to‘rt qavatli binoning chap qanotida, oppoq harir parda tutilgan eng quyi deraza tagidagi kaftdek yerda bir necha tup atirgul chamanday ochilib turardi.
Qip-qizil!
Shaharchaga xos bo‘lmagan hol edi bu.
Sarin yelning erkasi bo‘lmish bu gullar, o‘zlariga ne balo ko‘z tikib turganidan mutlaqo bexabar, tong nurlarini xushnud qarshilamoqda edi. Garmsel ularning bu navozishidan qah-qah urib kuldi. Qaynoq nafas ufurib kuldi. Oqibat, kechga tomon atirgul yaproqlari shalvirab tushdi.
U tantana qildi.
Ammo ertasi gullarni tiyrak holda ko‘rib, taajjubdan garmselning esi og‘ib qolayozdi. Bu jumboqning tagiga yetmoq niyatida, chir aylanarkan, tunda va tongda gullar sug‘orilganini payqadi, bildiki, atirgullar dashtdagi himoyasiz chechak emas, mehriboni bor ularning.
Qaynoq garmsel shundagina ilk bor kishi xonadoniga mo‘ralamoq istagini tuydi. Oppoq to‘shakda pish-pish uxlayotgan qizchasi tepasida xayolchan o‘tirgan xushro‘y juvonga ko‘zi tushdi. Negadir g‘amgin edi u. Shaharchaga begona, garmsel ilgari uni hech uchratmagan. Yotligi — shaharcha ahliga xos loqaydlik yo‘q edi chehrasida. Turish-turmushidan nafosatga moyilligi sezilib turardi. Hayotga tashna, o‘z navbatida, g‘oyat ma’yus edi.
U goh juvonga, goh suv to‘la stakanga solib qo‘yilgan bir dona atirgulga, goh harir pardaning bejirim burmalariga, goh to‘shakda beg‘am, betashvish uxlayotgan qizaloqning lo‘ppi yuzlariga o‘shshayib tikilarkan, birdan g‘azab-la ichkariga intildi. Ammo uning bu harakati deraza oynalariga behuda bosh urish bilan cheklandi. Keyin beixtiyor juvonning xayoliga ergashdi. Shu paytgacha o‘zini eng tezkor deb bilardi. Axir dasht bag‘rini qovjiratib, qir-to‘shini qaqshatib, shaharchani to‘zonga burkash uning uchun bir lahzalik ish edi-da. Buni qarangki, juvonning xayoli undan uchqur chiqib qoldi.
U qizchasi boshida qolgan juvonning xayoliga ergashib, unga zo‘r-bazo‘r yetishib yeldi. Xayol uni ko‘m-ko‘k vodiy bag‘ridagi yam-yashil qishloqqa boshlab keldi. Biroq bu yerda uning shashti pasaydi. Negaki, bu o‘lka katta singlisi — mayin shabada tasarrufida edi. Singlisi bo‘liq boshoqlar boshini siypab, ko‘m-ko‘k daraxtlar yaprog‘ini o‘ynab, bu tomonga yo‘l yo‘qligini nazokat ila anglatdi. Ko‘z o‘ngida yastangan yam-yashil manzaradan toriqqan garmsel singlisidan juvonning kimligini so‘radi. Derazasi tagiga gul ekib, yomon g‘ashiga tegayotganidan nolidi. 
Mayin shabada daraxt yaproqlarini erkalab, ariq bo‘yidagi maysalar boshini silab, ma’yustob bir holatda qishloq hovlilaridan biriga imo qildi.
Garmselning olovkor ko‘zlari o‘tkir edi. U hovlida ivirsib yurgan qandaydir bir yigitni ko‘rdi. Uning didsiz va hissizligini bir qarashdayoq ilg‘adi. Ammo biror yomon ma’no topmadi. Axir o‘z hududidagi shaharchada bu xil kimsalar kim qancha. Shu bois, singlisining ma’yus tortishidan o‘zicha kuldi. Faxmlagani shu bo‘ldiki, juvon bu xonadonga sig‘may qishloqdan bosh olib ketgan. Unga qolsa, juvon dunyoning narigi chekkasiga uloqib ketmaydimi. Necha pullik ishi bor bu bilan uning. Yoqmayotgani, derazasi tagidagi atirgullarga nisbatan bo‘lakcha mehri edi.
O‘sha atirgullarni qovjiratmasa, ko‘ngli sira joyiga tushmasligini bot sezgan garmsel, singlisiga xayr-ma’zurni nasiya etib, shiddat-la iziga qaytdi. Qir betidan yalab, yaydoq dashtdan supurib olgan to‘zonni shaharcha ustiga socharkan, deraza tagidagi gullarga shu qadar g‘azab bilan tashlandiki, uning bu bemisl qahridan dala chechaklari zumda qovjirab tushgan bo‘lardi. Atirgullar esa pinak buzmadi. Bunga sari, garmselning juvonga nisbatan adovati orta bordi. Negaki, juvonning qarovi bo‘lmaganida, atirgul deganlari bir kundan ortig‘iga bardosh berolmasdi-da. Bundan ham yomoni, jazirama issiq tufayli lanjlik balosiga yo‘liqqan shaharcha ahli juvondan ibrat olgudek bo‘lsa, shaharcha gulga to‘lib, bu hudud o‘z-o‘zidan singlisi mayin shabada tasarrufiga o‘tib ketishi mumkin.
Bunga esa chidash qiyin.
Garmsel hadik og‘ushida shaharchani bir aylanib chiqdi. Yo‘q, havotirli hech narsa ilg‘amadi. Derazalarini qalin pardalar bilan to‘sib olgan shahar ahli o‘sha-o‘sha lanj va mudroq holatda edi. 
Hatto itlar qimir etmas, qushlar qanot qoqay demasdi.
Butun borliq jazirama issiq izmida, yolg‘iz atirgullargina olovday yashnab turardi.
Keyingi tongda dashtdan quvvat olib, shaharchaga oshiqarkan, odatdagidek, ko‘chalarda izg‘ib, binolar sirtini yalab-yulqadi. Uzun quvurdan burqsiyotgan tutunni to‘zonga qorishtirdi. Changga belangan ko‘rimsiz daraxtlar yuragiga vahima solib o‘tdi. Qarovsiz bolalar maydonchasida quyun ko‘tarib, bamisoli ilonday eshilib, to‘lg‘anib, bearmon o‘ynadi.
Va so‘ng birdan yana atirgullarni eslab qoldi.
Ular tomon oshiqdi.
Binoni yonlab o‘tayotganida, to‘rtinchi qavat derazalarining biridan o‘g‘rincha uloqtirilgan chiqindilar garmselning qanotiga ilashdi. Garmsel bir yulqinib, ularni chor-tarafga sochib yubordi. Qog‘oz parchalari, piyoz qobiqlari havoda o‘ynab, et va baliqdan bo‘shagan konserva bankalari yerga dumalab ketdi.
Bu xil chiqindi itqitishlar garmselga tanish holat bo‘lgani sababli, u bundan ajablanib turmadi. Ammo atirgul pushtasiga to‘kib ketilgan chiqindi uyumiga taassuf-la tikilib turgan juvonga ko‘zi tushgach, yuz bergan bu voqeadan o‘zida yo‘q quvonib ketdi. G‘ayrati jo‘sh urib, gullarga yopishgandi, chiqindi uyumidan badbo‘y hid taraldi. Juvon og‘zi-burnini to‘sganicha ortga chekindi. So‘ng uyidan chelak va supurgi olib chiqib, to‘kindilarni supurib-sidirarkan, orada qaddini tiklab, zich yopiq derazalarga bir-bir ko‘z tashlab chiqdi. Juvon, buni birov atay to‘kkan, degan gumonga borgandi. Garmsel uning bu o‘yidan kuldi. Bildiki, juvonga birovning qasdi yo‘q. Shunchaki erinchoq qo‘shnilaridan biri niridagi to‘kindixonaga borishga erinib, chelagini gullar tagiga ag‘darib keta qolgan.
Pana-da, birov ko‘rmaydi.
O‘sha kundan e’tiboran, u deyarli har tong juvonni atirgullar yonida g‘amnok holda uchratadigan bo‘ldi. Va qaramasdanoq anglardiki, yana kimdir gul pushtasiga chiqindi to‘la chelagini ag‘darib ketgan. Atirgullarni qovjiratib, suyukli tusi, sarg‘ish rang qatiga singdirolmasligiga allaqachon fahmi yetgan garmselga bu juda qo‘l kelgandi. Endilikda u alamini juvonning iztirobga to‘la nigohini tomosha qilish evaziga bosadigan bo‘ldi.
Juvonning alamnok ko‘zlari esa har safar qator derazalar bo‘ylab behuda kezinardi. O‘nlab xonadonlardan iborat bu uydan aybdorni topmoq mahol edi. Oxiri u haybatidan ot hurkadigan qo‘shnilaridan biriga dil yormoqqa majbur bo‘ldi.
Hozirgina muyulishdagi pastqamgina yemakxonadan yeb-ichib chiqqan kimsa juda beparvo edi. U tishini kavlay-kavlay, bir gullarga, bir juvonga tikilarkan, na gulning bo‘yini sezdi, na juvonning dardini ilg‘adi. Qaynoq havoda nafas olmoqning o‘zi dushvor bo‘lib turganida, qulog‘iga gap kirarmidi. Kimsa hissiz nigohini qayta gullarga tikarkan, qistalib turgan emasmi, tuygan birdan-bir istagi shu bo‘ldi: “Yengillashib olmoqqa zap pana joy ekan-da, lekin...” So‘ng tushga yaqin ziyofatga aytilganini, ungacha bir zumgini mizg‘ib olishi lozimligini o‘yladi. Uning bu qadar boqibeg‘amligi garmsel tomonidan qaynoq “o‘pich” ila taqdirlandi. Bundan betoqatlangan kimsa o‘zini salqin yo‘lakka urdi.
Garmsel esa tinmay quturishda davom etardi. Shaharchani to‘zonga burkab, bearmon charx urardi. Borliq yolg‘iz uning izmida edi. 
Faqat atirgullargina ...
U tonglarning birida shaharcha chekkasida qizchasini yetaklagan juvonga duch keldi. Ajabsinib, shaharchani bir qur aylanarkan, atirgullar nolasidan, juvon shaharchani butunlay tark etayotganini payqadi. Bu xil nolalarni sezmoqqa inson bolasi ojiz. Garmsel esa har baloni anglardi. Jazirama issiqdan ingrashayotgan daraxtlar ohini, qaqragan ariqlar zorini, yashil maysalar faryodini, qisqasi, hamma narsani anglardi, fahmlardi.
U tantanavor qah-qah urgancha dastlab juvonga yopishdi. Etagidan tortqilab, yuzi-ko‘ziga qum sochib, obdon alamini oldi. So‘ng egasiz qolgan atirgullar tomon yeldi. Gullarni tortqilab, tagidagi chiqindilarni sochqilab o‘ynamoqni boshladi.
Shu payt eshikda chelak ko‘targan bir yigitcha paydo bo‘ldi. U erinchoq harakat-la eshikdan berida to‘xtarkan, chelagini yerga qo‘yib, sigaret tutatdi. So‘ng keng maydonda bir-birlarini quvlashib o‘ynayotgan mayda quyunlarga, to‘kindixona tevaragida o‘ralashayotgan itlarga, toshyo‘lakni deyarli to‘sib qo‘ygan pachoq mashinaga birin-sirin boqarkan, kir olamga ko‘nikkan loqayd nigohi garmsel iskanjasida to‘lg‘onayotgan atirgullarni chetlab o‘tmadi. Shu orada bir zumga uzilgan ko‘zlari qayta gullarga qadalarkan, bu safar xiyla uzoqroq tikilib qoldi. Chetdan qaraganda, u gullarga mahliyodek edi. Aslida esa, u gullarni emas, ular tagiga to‘kib ketilgan chiqindilarni ko‘rib turardi.
U naridagi to‘kindixonaga o‘shshayibgina qarab qo‘ydi-da, so‘ng chelagini ko‘targancha, gullar tomon zipilladi.
Qaynoq garmsel esa hanuz tinmay qah-qah urar, u har qah-qah urganda, ko‘kdan to‘zon yog‘ilib, yerdan chang qo‘pardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.