OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Norto‘xta Qilich. Jumboq (hikoya)

O’qigan xabariga ishonib-ishonolmay, Shoir, ko‘lida gazeta, bir mudtsat hayronsirab qoldi: bunga ishonmaslik — g‘irt mutaassiblik bo‘lar... Shu asno, xayolida o‘tmish bir xotirot ham g‘ujg‘on o‘ynayverib, battar dong qotdi: yopiray!.. Demak, hammasi rost ekan-da!.. Keyin, to‘shakka cho‘zilib, takroran xabarga ko‘z yugurtira boshladi.

YANA NOMA’LUM OB’EKT HAQIDA


Avstraliyalik bir oila noma’lum uchuvchi predmet hujumiga duch kelganligi haqida mahalliy politsiyaga shikoyat qilgan. Aniqrog‘i, hujumga odamlar emas, balki ularning mashinasi uchragan.
Ayol mashinani ochiq joyda to‘xtatib, uch o‘g‘li bilan mashinadan tushgan. Shu payt to‘satdan uchuvchi ob’ekt mashinaga yaqinlashib kelgan va uni yerdan ko‘tarib, rosa silkigan, Nihoyat, g‘ildiraklardagi havoni chiqarib, mashinani yerga qo‘ygan. Mashina egalari butalar orqasiga berkinib, ob’ekt jo‘nab ketgungacha kuzatib turganlar. Ob’ekt ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha, ona-bolalar ovozi xuddi sekin aylanayotgan magnitofon tovushiga o‘xshab chiqqanini politsiyachilarga aytib berishgan.
Yaroqsiz bo‘lib qolgan mashinani ko‘zdan kechirgan politsiyachilar uning kulga o‘xshagan modda bilan qoplanganligini aniqlaganlar.
Hozir bu modda bilan noma’lum uchuvchi ob’ektlar haqidagi ma’lumotlarni tadqiq qiluvchi xalqaro  Markaz mutaxassislari shug‘ullanmoqdalar. Tadqiqot natijalari kelajakda e’lon qilinadi.

Shoir xayolchanlik bilan gazetani chekkaga qo‘yayotib, dahshat, deb o‘yladi: agar shu rost bo‘lsa, barcha toatu ibodatlar bir pul-ku!..
Noma’lum uchuvchi ob’ekt haqida oldin ham bir necha bor eshitgan, gazetalarda o‘qigan, lekin hech qaysisi manavi xabarchalik favqulodda ta’sir qilmagan edi. Negadir, tobora noxush bir hayratga tushyapti. Nazarida, bugunmi-ertami, muqarrar bir nimadir ro‘y beradigandek.
Darvoqe, anavi voqea esa!..
Hammasi xuddi hozirgina sodir bo‘lganday yodida, o‘shanda, — bundan yigirma besh yil avval, — otasiga aytganida ishonmay, bil’aks, qo‘l siltab, kallamni qotirma, tushingga kirgan bo‘lsa kerak yoki ko‘zingga ko‘ringandir, degan edi.

* * *

Nogoh, nimadir ko‘z o‘ngida harir parda yanglig‘ titrayotganday tuyuldi. Oradan hayal o‘tmay, g‘ijjak nolasiday inja bir sas ohista qulog‘iga chalina boshladi. Keyin, dabdurustdan qosh-qovoqlari og‘irlasha-og‘irlasha, uyqusi kelayotganligini sezdi.
Ayni peshin chog‘i. Issiq... Atrof-tevarakda hech bir zog‘ ko‘rinmaydi. Ota hamda uka uyga ketgan. Adoqsiz uzumzorning kunbotaridagi shiypon ayvoniga osig‘liq to‘rqovoqlardan ahyon-ahyonda sayroqi bedanalarning xonishi eshitiladi.
O’rnidan turdi. Yon-veriga alangladi: biydek uzumzorning kunchiqar tegrasi olmazor bog‘. Undan nari esa paxtazor — oppoq oqarib yotibdi. Bog‘ bilan uzumzor etagi Majnuntepa qabristoniga tutashib ketgan. Qabristonning u yer-bu yerida temir panjaralar bilan o‘ralgan qabrlar, qalin yulg‘un butalari, o‘skin qamishlar ko‘rinadi. Kamishzordan berirokda esa turfarang alamlar xilpiraydi... Hech kim yo‘k. Go‘yo, jimjitlik. Lekin, hamon uzumzor uzra simobiy nimadir betinim titrayotgandek, g‘ijjak nolasiga mengzash inja bir sas esa tobora avjlanayotganday edi. Beixtiyor, — go‘yo, shunday qilsa qulog‘iga chalinayotgan sas tinib qoladigandek, — behishtiy ishkom-chayla tepasiga o‘rnatilgan tunuka shaqildoq chilvirini siltab tortdi. Birdan hammayoqni jaranglagan tovush tutib ketdi. Shu barobarida gur etib, g‘arq pishgan uzumzorning qabristonga tutash etagidan bir gala mayna, chug‘urchiq havoga ko‘tarildi. Lekin, sas tinmadi, bo‘shliqlar bag‘ridagi allatovur simobiy titroq ham o‘sha-o‘shaligicha qolaverdi. Keyin, hafsalasiz kartga cho‘zilib, uzumzorning kunbotar tomonidan o‘tgan kumloq yo‘l bo‘yidagi adl teraklar osha osmonga mudroqli bir nazar tashladi. Va, ixtiyorsiz ko‘zlari kattarib ketdi: bulutmi, tutunmi, — baayni halqa-xalqa bo‘lib, — yaqkrl ko‘rinib turardi. Xuddi birov atay qo‘l bilan yasab ko‘ygandek.
...yopiray, osmonda-ya?!
Hayratlanib qaddini tiklarkan, betoqatlik bilan ishkom-chayla butalarini surib, g‘aroyib halqalarga sinchkov tikildi, ko‘zlarini yumib ochdi, kipriklarini pirpiratdi: yo‘q, xayolida emas. Ana, aniq-tiniq ko‘ryapti. Qiziq!.. Shartta kunbotar tarafga o‘girilib, yanayam taajjublandi: ana, bir halqa ohista yerga yaqinlashyapti. Qiziq, nimaning oqibatiykin bu?! Hali otasiga aytib beradi, nima ekanligini so‘raydi. Otasi bilar buning sirini.
Ayni peshin. Issiq. Ishkom-chaylada esa havo yanayam dimroq. Harchand hayratga tushmasin, tobora uyqusi zo‘rayayotgan edi. Kartda kulala bo‘lib yotdi. Xayolida g‘aroyib halqaga doxil fikrlar charx urgan ko‘yi, allanechuk mubham bir xavotir bilan ko‘zlarini yumdi. Oradan hayal o‘tib-o‘tmay, vujud-vujudi bo‘ylab taralayotgan allaqanday huzurbaxsh bir titroqni sezdi. Keyin... bir mahap, qumloq yo‘l bo‘yidagi Tegirmonariqdan baxmaldek mayin ovoz eshitila boshladi: Shoir... Shoirjon, qaerdasan? Tezroq kelmaysanmi axir, seni kutyapman-ku, jonim?!
Beixtiyor hayrat aro Tegirmonariqning chog‘roq bir aylanmasi sari oyog‘i yerga tegib-tegmay yugurib borarkan, mana men, deb javob bergisi keldi-yu, lekin, tuyqus onasining bir o‘giti yodiga tushib, taqqa to‘xtadi: aslo ariq bo‘yida o‘ynamanglar, bolam! Suv tagidan Suvpari otingni aytib chaqiradiyu, oqizib ketadi. «Suvpari keyin bizlarni nima qiladi, ona?» «Ruhingni suv ostiga olib tushadi... Eting baliqlarga yem bo‘ladi. Tushundingmi?» «Ona, ruh nima?» «Ruh — odamning joni...»
Tisarila-tisarila, Shoir ortiga qaytdi. Qocha boshladi. Nogoh, Majnuntepa kabristoni pastqamligida bazm qurgan o‘liklarni ko‘rib qoldi. O’rtada gulxan gurillab yonyapti. Gulxan tevaragida kafani uvada o‘liklar, odamsiyoq suyaklar... Kafani uvada o‘liklarning sochlari to‘zg‘in, tirnoqlari o‘sib ketgan, ko‘zlari qoziq o‘radek qorayib ko‘rinadi. Odamsiyoq suyaklarning esa tishlari irshaygan. Qay birlari jazavasi qo‘zib qiyqirishadi, yana birlari esa, burg‘uyu balabon sadolari ostida jununvash raqs tushayotirlar.
Shoir battar qo‘rqib ketdi. Keskin ortiga burilib, ishkom-chayla tomonga yugurdi. Ichkariga kira-sola, eshik tepasidagi sholni tushirdi. So‘ng, shartta kartga chiqib, tag‘in kulala bo‘lib yotib oldi.
...endi chirt ko‘zni yumib, o‘likka o‘xshab yotish kerak. Qimir etmay!.. Suvparisi, — qiziq, qanaqa bo‘larkin o‘zi? — shaklu shamoyili rasmlardagi yarim ayol, yarim baliqqa o‘xsharmikan? Uzoqdan mo‘ralab ko‘rsa bo‘lardi. Ah, mayli!.. Tinchib qoldi ishqilib. Uning ovozi bunchayam mayin, bunchayam shirali ekan... Iy-e, borgan sari burguyu balabon tovushi avj olyapti-ku!.. Ana, kimdir ichkariga kirdi! Ah, shu tobda Bo‘ynoq bo‘lganda edi! Zohir tirmizak kelsin hali, Bo‘ynoqni ergashtirib ketgani uchun boplab adabini berib qo‘yadi... Ana, kim bo‘lsayam asta yaqinlashyapti. Uzum o‘g‘rilagani kelgan bolalardanmikan-yo?..
Yaqinlashaversin. Qo‘rqayotganligini sezdirsa bo‘lmas. O’likka o‘xshab yotaversa, kaytib ketar axir. Yo‘q, qaytib ketmoqchi emas shekilli. Ana, sekin ko‘lidan ushladi. Kafti, barmoqlari issiq, yumshoq. Ana, nimadir deyapti.
— Tur deyapman!
...iy-e, bu... odamning ko‘nglidan kechayotgan gaplarniyam bexato biladi chog‘i.
— Bo‘lmasa-chi! — dedi, hamon ko‘lidan ushlab turgan kimsa. Uning ovozi sal boshqacharoq — allatovur cho‘ziq edi. — Och ko‘zingni. O’zingni o‘likka solib yotganing yetar.
Shoir:
— Nima deysiz menga?— deb, ko‘zini ochdi-yu, ro‘parasida bo‘yi kartdan sal tikroq, sochlari jingala, yuzlari tiniq, ko‘zlari benihoya chaqnoq bir odamchani ko‘rib, beixtiyor hayratdan dong qotdi: kim o‘zi bu?! Yoshi nechada buning?.. Qiziq, lekin judayam tanishdek — biror kinoda ko‘rganmi yo togasidan eshitgan ertaklarida shunaqa odamcha haqida gap bormidi?.. — Kim kerak sizga?
— Sen keraksan.
— Men?
— Ha, sen.
Yoshi nechadaligi noma’lum, dam yoqimtoy bolakaydek, dam navqiron yigitday bo‘lib tuyulayotgan, bo‘yi pakanagina bu Odamchaning kafti allatovur yumshoq ham xiyla issiq edi.
Shoir qo‘lini tortib, kartda oyoqlarini tushirib o‘tirarkan:
— Men sizni tanimayman-ku? — dedi.
Odamcha so‘zlarni cho‘zibroq shirador talaffuz etib:
— Seni tanishing shart emas,— dedi. — Ketdik!
— Qayoqqa?!
Odamcha, yanayam ko‘zlari chaqnab, osmon sari ishora qilgan ko‘yi:
— Arshu a’loga-da! — dedi.
— E, men nima qilaman u yoqda?
— Bu yerda nima qilmoqchisan?
— Uzumzorni qo‘riqlayman.
Odamcha bir sapchib, kartda oyoqlarini osiltirib o‘tirgach, bepisand kulimsirab:
— Bema’ni... behuda! — dedi. — Ana, ko‘r. — Odamcha shunday deb, ishkom-chayla eshigi yonidagi g‘arq pishgan shivirg‘oni uzum tomon ko‘rsatkich barmog‘ini cho‘zdi. Birdan uzumning tillarang barglari lovullab yona boshladi. — Ko‘ryapsanmi?
Beixtiyor tahlikadanmi, ko‘zlari kattarib, Shoir sharp etkazib, Odamchaning ko‘liga urdi:
— O’chir!
— Qo‘rqma, — dedi Odamcha kulib. — Xo‘sh, ketdikmi?
— Yo‘q... O’zing ketaver. Odamcha tag‘in g‘alati jilmayib:
— Odamzod umr bo‘yi osmonga talpinib yashashini sen hali bilmaysan-da! — dedi. — Osmon qavatlarida qanday mavjudotlar borligini, ular nima ishlar bilan mashg‘ulligani odamlarning juda-juda bilgilari keladi, lekin hech qachon bilolmaydilar. Agar hozir men bilan ravona bo‘lsang, ko‘p sirlarga oshno bo‘lasan, uchib-kezib yurasan. Maza!
— I, ota-onam-chi? Ukamla-chi? Opalarim-chi? Nima, ularni sog‘inmaymanmi?
— Hech qachon!.. — dedi Odamcha. — Zamindan uzilganing sayin, osmonga ko‘tarilganing sari, beparvo... beg‘am bo‘laverasan.
— Keyin, meni topolmay, ota-onam yig‘lab yuradilar-a, shundaymi?
— Ko‘rqma, jasadingni qoldirib ketamiz. O’zlari ko‘mishadi.
— E, yo‘q!.. — dedi Shoir, keskin bosh chayqab. — Ketmaydi bunaqasi.
— Bilib ko‘y, bari bir erta bir kun oborishadi. Lekin, unda qayoqqa tushishingni Xudo biladi.
Shoir yalt yuzlanib:
— Xudo bormi o‘zi? — deb so‘radi. Odamcha yanayam dilkash jilmayib:
— Bilib turibman, bor desam ham, yo‘q desam ham ishonmaysan, — dedi. — Chunki odamsan-ku!.. Odamzod har xil shubhayu xavotirlar bilan biri-birining boshini yeb yuraveradi. Ey, ins... inson, tushunyapsanmi gaplarimga?!
Shoir indamadi.
Odamcha asta kiftiga qoqib:
— Hozir eng beg‘ubor payting, hali dunyoning ko‘p kirdikorlaridan bexabarsan, — dedi. — Erta bir kun davradoshlaringdan o‘zib ketaversang, olayib qarashadi. Agar qolib ketaversang, burun jiyirishadi. Keyin, bot-bot vijdonsizlarga duch kelib o‘rtanaverasan. Dardmand dilingga hamdamu dardkash izlaysan, lekin, topolmaysan. Do‘st deb bilganlaringning deyarli bari oxir-oqibat manfaatparast, ta’magir bo‘lib chiqadi. Keyin, ne qilaringni bilolmay, bosh changshshab qolasan.
— Yo‘q... yo‘q!
— Yo‘q, dema, bolakay... Aytmoqchi, ukang qani — uyga ketganmi? Uning nopisand gap ohangi, tag‘in allanechuk o‘smoqchilayotgani malol kelib:
— Kimsan o‘zing? — dedi Shoir.
— Aytdim-ku, osmondan tushgan farishtaman, — dedi Odamcha, yana jilmayib.
— Gapimga ishonaver!..
— Farishta emassan. Sen — shaytonsan!
— Mayli, shayton bo‘la qolay. Lekin gaplarimga ishon: bu dunyoda hamma narsaning o‘z o‘rni, o‘z qadri bor. Ammo, Xudo haqqi, qasam ichib aytamanki, bu olamda faqat odamzod o‘z o‘rni, o‘z qadrini topolmay, nima uchun kelganiyu nima uchun ketib borayotganligini bilolmay o‘tadi. Shu bois odamzodning boshi umr bo‘yi har xil g‘alvayu tuganmas ta’qiblardan chiqmaydi. Men esa seni muqarrar uqubatlardan, qayg‘ulardan xalos qilmoqchiman... Xo‘sh, ketdikmi?
Odamcha sakrab pastga tushdi-yu, Shoirning qo‘lidan tortdi. Shoir kartdan uchib tusharkan, jonhovri Odamchaning oyog‘iga yopishdi.

* * *

— Shavkat!.. — deb qichqirdi xotini, tajanglik bilan. So‘ng, qiziga buyurdi. — Nodira, tur, qo‘l-betini yuvib, ukangni uyga olib kir. Loyda o‘ynamasin. Ana, zor qolgur havo yanayam ayniyapti.
Shoir, xayoli to‘zg‘ib, beixtiyor uf tortdi: xotin kasal. Ayniqsa, mana shunday beqaror bahor kunlari qo‘l-oyog‘ining barmoqlari, bo‘g‘imlari kaqshab og‘rigani og‘rigan. O’g‘ilchaning ham sog‘ligi chatoq... Hammasiga shu... qafasdaygina hovlicha sabab. Quyoshga terskayligiyu jarlik etagida joylashgani uchunmi, qishin-yozin zahxona. Mudom dahlizning devorlariyu xonalar shiftidan achimsiq bir rutubat ufurib turadi.
Aslida bu ikki xonalik hovlini olish fikri hatto xayolida ham yo‘q edi-ku, lekin ijaraxona uchun tish qo‘portirganday har oy sayin falon so‘m to‘lagandan tashqari, badfe’l ijaragirning qosh-qovog‘iga mutelarcha qarab yashash azobi ham rosa joniga tekkan edi; keyin, bu xovlicha uchun pulni o‘sha kunlarda mehmon bo‘lib kelgan ota to‘lagan — u paytlarda o‘zi aspirant edi, ilmi tolibda pul nima qilsin!.. Xullas, yaxshimi-yomonmi, boshpanalik bo‘lganlariga er-xotin benihoya suyungan edilar. Ammo, oradan uch-turt yil o‘tar-o‘tmas, sevinchlari og‘riqli bir hasratga aylandi — avval xotin bedavo dardga chalindi, yaqinda esa o‘g‘ilchaning ham xastaligi ayon bo‘ldi.
Tuyqus, huv o‘shanda Odamchaning cho‘zib-cho‘zib aytgan bir sitamkor gapi Shoirning kuloqlari ostida aks-sado berib jaranglayotganday tuyuldi: gaplarimga ishon — bu dunyoda hamma narsaning o‘z o‘rni, o‘z qadri bor. Ammo, Xudo haqqi, qasam ichib aytamanki, bu olamda faqat odamzod o‘z o‘rni, o‘z qadrini topolmay, nima uchun kelganiyu nima uchun ketib borayotganligini bilolmay o‘tadi.
Shoir, hamon xotini diltang koyinayotganligini eshitgisi kelmay, xayolchanlik bilan ko‘zlarini yumdi: qiziq, Odamcha o‘shanda tushiga kirganmidi yoki... Agar tush bo‘lsa, nega bari bu qadar ravshan xotirida muhrlanib qolgan? Mana, shu tobda ham Suvparisining mayin, shirali ovozini aniq eshitayotgandek; Majnuntepa qabristoni pastqamligidagi o‘liklar bazmini ayon ko‘rayotgandek... Undan keyingi g‘aroyib manzaralar ham, ana, yasov tortib ko‘z o‘ngidan o‘tmoqda.

* * *

Kimdir kiftiga turtyapti.
Shoir asta ko‘zlarini ochib, tumshug‘i kirlanib-ko‘karib ketgan latta etikni ko‘rdi: tagin kim bo‘ldiykin bu? Odamcha... qip-yalang‘och edi shekilli. Ana, tag‘in kiftiga nuqiyapti.
— Tur, o‘g‘lim.
Shoir otasining ovozini tanidi: iy-e, etik axir otamniki-ku!
— Nima uchun yerda yotibsan? — deb so‘radi otasi.
Shoir taajjublandi: chindan ham nega tap-taqir yerda yotibdi, kartda edi-ku?! Ha-ya!..
— Uyqungda bosinqirabsan-da, a?
Shoir turayotib, maykasi hamda ishtoniga ilashgan chang-chungni qoqdi:
— Zohir qani? — dedi.
— Shiyponda, — dedi otasi.
Kunbotardagi shiypon tomondan bedanalarning xonishi eshitilib turardi. Nima uchun Bo‘ynoqni ergashtirib ketdingizlar? — dedi Shoir. — Oldimga bitta Odamcha keldi. Bo‘ynoq bo‘lganda kelolmasdi.
— Qanaqa Odamcha ekan u?
— Bilmayman... Arshu a’lodanman, dedi. Farishta emish. 
Otasi kulib:
— Esing joyidami, o‘g‘lim! — dedi.
— Rost aytyapman, ota. Ishonmasangiz, ana, ko‘ring o‘zingiz!..
Shoir yugurib, ishkom-chayla eshigi oldidagi shivirg‘oni uzum yoniga bordi. Va, hayrat ichra tek qotib, kiftlarini qisdi: uzum gurullab yonmaganday edi, aslidagi holicha barglar xiyol tillarang tusda tovlanib turardi.
— Ha, tinchlikmi? — dedi otasi. — Jim bo‘lib qolding?
— O’sha Odamcha o‘zining osmondan tushganligini menga bildirib qo‘ymoqchi bo‘lib, barmog‘i uchini to‘g‘rilashi bilan ana shu uzum lovullab yongan edi. Men, o‘chir, deb uning qo‘liga urgandim, olov o‘chib qoluvdi. Keyin, Odamcha meni o‘zi bilan olib ketish uchun ko‘limdan tortganida, kartdan uchib tushib, oyog‘iga yopishgan edim. Hoynahoy... sizni ko‘rib qolib, Odamcha qochib ketgan bo‘lishi kerak, ota.
Bir oz jimlikdan so‘ng, otasi chimirilib, qo‘l siltadi:
— Qo‘y, tog‘angga o‘xshab ertak to‘qima, o‘g‘lim! — dedi. — Kallamni qotirma, tushingga kirgan bo‘lsa kerak yoki ko‘zingta ko‘ringandir.
— Yo‘q, ota... Gapirgani qo‘ymay, otasi:
— Bas qil, o‘g‘lim, — dedi. — O’zing tuppa-tuzuk bolasan-u, lekin, ba’zan oshirvorganing yomon-da!
Shoir, gaplari chinligiga otasini qanday ishontirarini bilolmay, ensa qashidi. Kuldi. Ex, ota, dedi... Keyin, Suvparisi chaqirganini ham, o‘liklar bazmini ko‘rib qo‘rqqanligini ham aytmadi — bari bir, otasi ishonmaydi.
— Shiyponga bor, — dedi otasi, sochlarini silab. — O’sib ketibdi, pokida oldirishing kerak... Ukang ovqat keltirdi. Qorinlaringizni to‘yg‘azgandan keyin, o‘t teringlar.
Shoir xayolchan alfozda shiypon tomonga yurib ketdi.

* * *

Namozshom chog‘i hovliga qaytganlaridan so‘ng, hammalari so‘rida davra qurib ovqatlanishgach, negadir, Shoir bemahat uyqu elitayotganligini sezdi. Keyin, esu xushdan begona, ko‘rpachaga cho‘zilib, uxlab qolganligini bilmadi.
Bir mahal, gangur-gungir ovozlar olis-olislardan qulog‘iga chalinayotganday eshitila boshladi:
— Uyg‘otma, onasi, uxlayversin... Boshiga yostiq qo‘y, ustiga ko‘rpa tashla.
— O’zingiz bilan birga olib ketmaysizmi?
Beixtiyor Shoirning ko‘zlari xiyol ochildi: yulduzlar!.. Tomga tegay-tegay deb turibdi. Tong otyapti...
— Bugun peshin payti behishtiy uzum ishkom-chaylada uxlab qolgan ekan, tush ko‘rib, kartdan yiqilib tushibdi.
— Vuy-ey!.. Otasi, ko‘rqmaptimi ishqilib?
Nogoh, Shoir vujudida oniy bir rohatbaxsh titroqni tuydi-yu, o‘zini yulduzlar sari parvoz qilayotganday his etib, yana uxlab qoldi.
Allamahalda rosa uyquga qonganday ko‘zlarini ochdi: yulduzlar ko‘tarilib ketibdi. Tepaga kelgan to‘lin oy esa hammayoqni sutday oydin nurga chulg‘agan. Daf’atan qaerda yotganini bilolmay, sekin qaddini tiklab, yon-veriga sergak ko‘z yugurtirdi: so‘rining chap tomonida onasi, opasi, u yoqda ukalari qator uxlashyapti. O’zi esa... Nega onasining oyoq uchida tunab kolgan? Axir, otasining yonida bo‘lishi kerak edi-ku? Qiziq, nima uchun otasi birga obketmabdi?
Tag‘in to‘shakka cho‘zilib, yostiqqa bosh qo‘ydi.
Yaxshi — uzoq uxlagan kabi uyquga qongan. Ruhi tetik. Ajab, nimadir qilgisi kelayotganday edi. Lekin nima qilishi kerakligini bilolmayapti... Endi hadeganda uxlayolmasa kerak. Oyga tikildi: o‘rtasida... tog‘mi? Ha, xuddi toqqa o‘xsharkan. Oyda... odam bormikan-a?
Dabdurustdan osmonga uchgisi kelib qoldi. Entikdi. Nazarida, dast o‘rnidan turib, shitob qo‘llarini yoysa — shuv etib uchib ketadigandek... Yana beixtiyor entikdi: uchsa... uchaversa. Yulduzdan yulduzlarga qo‘nib, sayr qilib yursa... Bugun, peshin vaqti, o‘sha Odamcha bilan Arshu a’loga uchsa bo‘larkan. Oyda, yulduzlarda nimalar borligini, nimalar bo‘layotganligini ko‘rib tushardi. Yo‘q, keyin qaytib tushmaysan, dedi-ku!.. Otasi ishonmadi. Mayli... biror kun o‘zlariga yo‘liqib qolsa, so‘ngra ishonib qolarla... Hozir shiyponga borish kerak.
Shu fikr ko‘nglidan kechgani hamono, irg‘ib o‘rnidan turdi. Onasiga, opasiga, ukalariga bir-bir qaradi: hammasi miriqib uxlayapti... So‘ng, so‘ri chambaragiga chiqib, qo‘llarini yoygan ko‘yi, pastga sakradi. Qiziq, negadir yerga tap etib tushmadi, go‘yo qushday ohista qo‘ndi. Suyunib ketdi. Chambarakka hardamxayollik bilan nigoh tashladi. So‘ng, bir zum osmonga orziqib tikildi: balaaand... Adog‘i bormikan-a?.. Yulduzlar... Ular buncha ko‘p. Ana, bir yulduz pizillab uchib, yana osmon bag‘riga singib ketdi.
Oyoq yalang yurib, darvozaga yakinlasharkan, qaerdadir bir itning g‘ayirlik bilan hurganini eshitdi, shu asnoda, tag‘in bir gala it vovulladi. Va, xiyoldan so‘ng, itlarning uni uchdi.
Jismu jonini atlanechuk bir xavotir chulg‘ayotganini his etarkan, bari bir qo‘rqmaslik kerakligini o‘ylab, sekin darvozani ochdi. Ko‘chaga chiqdi.
Hammayoq opoydin. Ko‘chada hech bir zog‘ ko‘rinmaydi. Jimjitlik. Ammo olisdagi sharsharaning bo‘g‘iq shovullayotgani kuloqqa elas-elas eshitiladi.
Darvozani mahkam yopgach, mayda toshlar tovoniga qadalayotganini sezib-sezmay, zarang ko‘cha o‘rtasidan ildam yurib ketdi. Zipillab borarkan, sovqatayotganini sezdi. Junjikdi. Maykasi ustidan ko‘ylak kiymaganiga afsuslanganday bo‘ldi.
Shu paytda...
...ana... Odamcha!
Odamcha ko‘cha adog‘idagi keng maydonlik o‘rtasidan gazlama do‘koni tomonga shamolday yelib o‘tdi.
Yo ko‘ziga ko‘rindimikan-a?
Allaqachon Shoir haykalday tek qotgan edi. Ikkilana boshladi: ancha yurib qo‘ygan, ortiga qaytgisi yo‘q. Biroq oldinda xavf borga o‘xshayapti. Qaytsa-chi? Yo‘q, qo‘rqmaslik kerak. Nimadir g‘urulladi!
Shoir ilkis maydonlikning narigi betidaga tor ko‘chaga tikilib qaradi: qorong‘iroq... Kitob do‘konining soyasi ko‘cha yarmini egallagan. Oldinda daraxtlar qorayib ko‘rinadi. Daraxtlar ohista shovullayapti.
...e, g‘urullasa — g‘urullar! Qo‘rqmaslik kerak. Onasi rost aytadi: qo‘rqqanga qo‘sha ko‘rinar. Qo‘rqmay, dadil yurish kerak.
Beixtiyor qo‘llarini musht qilgan ko‘yi, sekin joyidan jildi. Keyin, agar biror kori hol ro‘y berguday bo‘lsa, zuvillab qochajagini o‘ylab, tobora chaqqonroq yurdi. Ayni maydon o‘rtasiga yaqinlashayotganida, tunqus bir it yana g‘ayirlik bilan vovulladi.
Go‘yo Odamcha itga aylanib tashlanmoqchi bo‘layotgandek, Shoir keskin o‘girilib karadi: bir gala ko‘ppak tut soyasida bir qanjiqni o‘rab olgan ekan. Tapashishyapti.
...uf-f! Boya do‘kon tomon yelib o‘tgan ham... Yo‘q, Odamcha edi. Aniq!.. Qo‘rqmaslik kerak. Vuy, yurakning olatasir urishini: duk-duk, duk-duk!.. Qo‘rqmaslik kerak. Buyog‘i oz qoldi endi. Anavi daraxtzordan keyin, Tegirmonariq ko‘prigidan o‘tsa — u yog‘i bog‘.
Shoir, yon-veriga alanglagan ko‘yi, ildam yurib bormoqda edi. Bir zumda maydonlik ortda qoldi, keyin chaqqon tor ko‘chadan o‘tdi.
Daraxtzor oralagan so‘qmoq oy nuridan go‘yo bexad-behisob kumush tangalar sochilib yotganday bo‘lib ko‘rinadi. Shabadada ohista shovullayotgan daraxtlar orasida nimadir pinhondek, negadir Odamcha qadam-baqadam poylayotganday tuyulaveradi. Qovjiroq o‘t-o‘lanlar bag‘ridagi bedor hasharotlar esa ko‘ngilga yanayam g‘ulu solib shitirlaydi.
Bexos, bir boyqush tun sukunatini tilkalavordi: qiyuv-v!..
Shoir beixtiyor seskandi. Shu asnoda, birdan bir necha qush potirlab uchdi. Shoir g‘udranib so‘kinarkan, birga ergashtirib qaytmaganlari uchun dilida otasidan o‘ksidi... Keyin, Tegirmonariq ko‘prigiga yaqinlasharkan, jismu jonida beorom kezayoggan ko‘rkuv hissini utgutganday bo‘ldi: qurbaqalar basma-basiga sayrashyapti. Yeru ko‘kni jonivorlarning yoqimli bir nagmasi tutib ketganday edi. Qirg‘oq bo‘yidagi o‘skin qieqlar betinim titranadi. Qurbaqalar cho‘lp-cho‘lp suvga kalla tashlaydi. To‘lib oqayotgan simobiy suv yuzasi esa quyosh tig‘ida qolgan kumush la’liday jimir-jimir yaltiraydi. Bunaqasini hech kachon ko‘rmagan edi. Ajoyib!.. Oydin kecha.
Qumloq yo‘l betidagi adl teraklar oy nuriga cho‘milib, mayin shovullaydi. Yo‘ldan nari mevazor bog‘. Bog‘ uzumzorga tutashib ketgan. Ajab, atrof-tevarakda ko‘ngilga allaqanday xotirjamlik aralash zavq-shavq bag‘ishlovchi bir osudalik kezayotganday edi. Garchi, ushbu go‘zal tabiatning bir zarrasi ekanligini Shoir ayni kezda idrok etmayotgan esa-da, unga vujud-vujudi bilan qo‘shilib-qorishib ketgandek, endi qo‘rquv hissini tamomila unutgan — to hanuz fikru yodini band etib kelayotgan Odamcha xayolidan butunlay ko‘tarilgan edi.
Bir mahal, ro‘paradan o‘ynoklab Bo‘ynoq ko‘rindi.
— Bo‘ynoq! — dedi Shoir suyunib. — Bo‘ynoq!
Jonivor, allatovur yer bag‘irlab, oyog‘iga suykaldi, so‘ng yalinchoqlanayotganday g‘ingshib, qo‘llarini yaladi.
— Meni tashlab kelaveribsan-a, Bo‘ynoq! — dedi Shoir, uning kallasiga beozor shapatilab. — Yo‘lda bir gala kuchuklarga duch keldim. Eh-h, Bo‘ynoq!..
Bo‘ynoq tag‘in ixtiyorsizligidan noliyotganday chingsib, qo‘llarini yalab, qurib qo‘ydi. Nogoh, bezovta bo‘lgandek, ariq bo‘yidagi bostirma ostida eshak bir pishqirdi. Qo‘tondagi qo‘ylarning oromi buzildi.
Otasi shiypon ayvonidagi kartda yotgan edi, sekin qomatini tiklab:
— Kim? — dedi.
— Ota, — dedi Shoir.
Otasi, ovozi allanechuk tovlanib:
— Qo‘rqmadingmi? — dedi.
— Yo‘q, qo‘rqmadim, — dedi Shoir.
— Qo‘rqqandirsan-ov, o‘g‘lim... Bu yoqqa kelganingni onang biladimi?
— Uyg‘otgim kelmadi.
Bo‘ynoq tag‘in bir suykalib, narida cho‘nqaydi.
Shoir kart chekkasida oyoqlarini sholga artdi, so‘ng otasining quchog‘iga kirdi. To‘shak issiqqina edi. Kiftiga otasi mehrchan qoqib:
— Uxla, — dedi.
Hammayoq jimjit. Yeru osmon op-oydin. Yulduzlar ajab bir sehrkorlik bilan jimirlaydi. Terak barglari esa, allalayotgan kabi mayin shildiraydi. Negadir, Shoirning uyqusi kelmayotgan edi:
— Ota... — dedi. — Erta qanaqa kun?
— Nimaydi?
— Bozor kuni «Alifbe» olib beraman, devdingiz.
— Bozorgacha hali uch kun bor.
— Besh kundan keyin maktab, ota.
— Nasib!.. Endi uxla, o‘g‘lim. Shoir ko‘zlarini yumdi.
Keyin, tuyqus O d a m ch a hamda o‘ l i k l a r bazmi yodig‘a tushdi-yu, shartta ko‘rpani boshiga tortdi.
Xiyoldan so‘ng, nimasidandir ayro tushayotganligini his etib-etolmay, tobora uyqu g‘olib kelayotganligini sezdi.
Keyin...
...allamahalda, tushidami yoxud xayolidami, turnalar bilan osmonu falakda uchib yurganday tuyuddi. Va, oradan hayal o‘tar-o‘tmas, birdan ko‘ngli aynib, shartta kart chekkasiga cho‘zilar-cho‘zilmas, qayt qilvorarkan, turnalar alyori qulog‘iga bo‘g‘iq chalindi: qur-ey! Qur-ey!..
A’zoyi badani qalt-qalt titrarkan, og‘zidan qusqi aralash so‘lak oqqancha, behol ko‘kka tikildi: tong bo‘zarib otmoqda, osmon bag‘rida qator tizilishib uchayotgan turnalar qatdirg‘ochlarday kichrayib ko‘rinadilar: qur-ey! Qur-ey!..
Shu paytda otasi ariq tomondan ildam kelib, muzday kaftini peshonasiga bosarkan:
— Aytgandim-ku, qo‘rqqansan, deb! — dedi. — Ana, lablaringga uchuq toshipti. Tag‘in birdan ko‘ngli aynib, ichak-chavog‘i og‘ziga kelganday bo‘ldi. Lekin, qayt qilolmadi.
— Qus! — dedi otasi, uning boshini kaftlari orasida tutib. — Qussang, yengil tortasan.
Shoir yanayam qalt-qalt titrab:
— Kelmayopti, — dedi. — Sovuq yeyobman.
— Isitmaniki... O’tib ketadi. — Otasi yelkasidagi belbog‘ni olib, lablarini artdi, yuzlarini siyirdi. Temir choynakdan piyolaga sovuq choy quyib, og‘zini chaydirdi. So‘ng, to‘shakka cho‘zilgach, ko‘rpani ikki qatlab ustiga yopdi. — Xudo xohlasa, yaxshi bo‘p ketasan, o‘g‘lim. O’ylama... hech nimani o‘ylama, otday bo‘p ketasan hali.
Shoir, oradan lahza kechar-kechmas, alaxsiray boshladi: ana, O d a m ch a... odamsimon s u ya k l a r... Ana, kimdir chaqiryapti. Iy-e, Suvparisi-ku! Qochish... qochish kerak!... Nogoh, yaydoq bir qizil ot paydo bo‘ldi... Ot tomon yugurish... Otga minib qochish... qochish kerak!..
Keyin...
... jiqqa terga botib uyg‘ondi.
Choshgoh mahali. Quyosh qizdirmoqda. Teraklar shoxida g‘uj-guj chumchuqlar chug‘urlashyapti. Shoir sekin to‘shakda cho‘nqayib o‘tirdi. Xiyla bedarmon edi. Yon-veriga xastahol qaradi: ota ko‘rinmaydi. Aqlu shuurini quyuq tumanmi, nimadir o‘rab-chirmab olganday edi... Nima qilsaykin-a? Sekin kartdan tushdi. Shiypon ayvoniga tutash xona eshigini ochib qaradi: ota bu yerda ham yo‘q. Qaerda bo‘lishi mumkin?.. Bo‘ynoq-chi?
Tuyqus, nimadir gurs etdi. To‘rqovokdagi bedanalardan biri bezovta pitirladi. Shoir Majnuntepa tomon nigoh tashlab, ishkom-chayla yonida otasini ko‘rdi. Ota qo‘lidagi allanima quyosh nurida yalt-yult qilmoqda edi. Otasi tomon jildi. Bir oz yurgach, charchadi. Namchil ariqcha bo‘yidagi quruqshab yotgan kesak ustiga cho‘nqaydi. Bemajol edi. Quloqlari shang‘illayapti. Ko‘zlari tinayotganini sezdi. Majolsizlikdan xo‘rligi keldi. Keyin, nechundir allakimlardan ko‘nglida o‘ksidi. Va, asta uv tortib, yiglay boshladi: ota, menga nima bo‘ldi? Otajon!..
Shu paytda, qayoqdandir Bo‘ynoq yelib keldi. Xalloslab-xansirab oyoqlariga suykaldi. So‘ng, poyida cho‘zilib, qo‘llarini yaladi. Chingsidi.
— Ha, Bo‘ynoq?..— dedi Shoir. — Mana... men nega yig‘layopman, bilasanmi? Bilmaysan. O’zim ham bilmayman.
Bo‘ynoq tumshug‘ini cho‘zdi... So‘ng, o‘rnidan turdi-yu, ariqchadan oshib, ishkom-chayla sari yo‘l boshladi. Besh-olti qadam nari borib, ortiga qaradi. Cho‘nqaydi. G’ingshidi.
Shoir sekin ariqchadan o‘tib, yer bag‘irlab yotgan uzumlar oralagan ko‘yi, ishkom-chayla sari yurdi. Chaylaga yaqinlashayotib, ko‘rayotganlariga ishonib-ishonolmay, serrayib qoldi: kechagina peshin chog‘i hushidami-tushidami tokning gurullab yongan shoxidagi barglar chindan ham gulxanda qovjiraganday quvragan; shig‘il-shig‘il shivirg‘oni shingillar esa po‘lqitlanib yotar; otasi uni chopgan; chopilgan joydan endi ko‘z yoshiday suyuqlik sizib oqmoqda edi.
— Nima uchun chopdingiz?
Otasi tokning yonbetida bir chuqur kovlayotgan edi, birdan seskanib qaradiyu:
— Ha, Shoirjon?.. — dedi. So‘ng, shartta ketmonni qo‘yib, kiftidan quchdi. — Peshonasidan o‘pdi. Lablaridagi po‘rsiq uchuqlarni ohista bosib ko‘rdi. —Yig‘labsan-ku, o‘g‘lim. Nima bo‘ldi?
— O’zim...
— Kap-katta bola-ya?! Uyat... uyat.
— Nima uchun uni chopib tashladingiz?
— Sen... bunga parvo qilma, o‘g‘lim.
Nazarida, otasi nimanidir payqagan, nimadandir bezovta edi.
— Chopmaslik kerak edi.
— Bog‘da qurigan daraxt, tok... xunuk ko‘rinadi-da! — Ota shunday deb, bir kundayoq qovjirab-quvragan tokni chuqurga bosib, ustidan tuproq torta boshladi. — Bor, chaylaga kirib, damingni olib yot. Uxlab qolma lekin!.. Birga qaytamiz.
— Ko‘mib tashlagancha, qo‘ylarga bersangiz bo‘lmasmidi, ota? Otasining ko‘ylagi terdan jiqqa ho‘l edi, peshonasidagi terlarni yengiga artib:
— Sen hozir bu yoqqa kelmasliging kerak edi, Shoirjon, — dedi. — Uchingansan axir, o‘g‘lim.
Tuyqus Bo‘ynoq irg‘ib turdi-yu, g‘ayurlik bilan yer tatalagancha, negadir qabristonga qarab hura boshladi.
Ota shartta bir kesakni olib otarkan:
— Bo‘ynoq! — dedi o‘shqirib. — O’chir!..
Shoir ilkis qabriston tomonga o‘girildi, ko‘ziga biror zog‘ ko‘rinmadi. Lekin, tag‘in ajabtovur burg‘uyu balabon sadolari qulog‘iga chalinayotganday tuyulib, boshi aylanayotganligini sezdi. So‘ng:
— Eshityapsizmi, ota? — dedi.
— Nimani? — dedi otasi, ko‘zlari bejolanib.
— Balabon tovushini.
Ota indamay, tok zanga yonidagi oyboltani belbog‘iga qistirdi-yu, ildam borib:
— Opich yelkamga, Shoirjon, — dedi.
— Kerak emas, ota. O’zim...
— Bo‘l, gapni ko‘paytirma!
Shoir xushlar-xushlamas otasining yelkasiga opichdi. Bo‘ynoqni ergashtirib, ishkom-chayladan ancha uzoqlashganlaridan so‘ng, ota o‘ychanlik bilan:
— Hademay, uzum uzishni boshlaymiz, — dedi. — Endi sen boqqa kelmasang ham bo‘ladi. Maktabga tayyorgarlik ko‘rishing kerak.
Shoir indamay, Majnuntepa qabristoni tomon o‘girilib qaradi: allatovur harir parda yanglig‘ nimadir tag‘in jimirlab, kumushranglanib ko‘rinayotganday edi.

* * *

Tusi uchib ketgan vassajuft shiftga Shoir xayolchan tikilgan ko‘yi, olis o‘tmishni xotirlarkan, hamon hayronu ma’lul edi: o‘shandan keyin, — ko‘p yillar keyin, — tapabalik kezlarida nimadandir siqilgan, kimningdir diydoriga ilhaq damlarida, ba’zan esa dabdurustdan uchib ketish uchun bot-bot osmonga talpinganlari yodiga tushdi. Tag‘in beixtiyor otashin entiqtsi. Qani edi, qulochini yoysa-yu, uchiiib ketsa!..
Nega... nima uchun shunday — hanuz biror-bir jo‘yali javob aytolmaydi. Ammo, shu armonli istak har gal ko‘nglidan kechgani hamono, sirli-sinoatli samo judayam yovuq tuyulib, ruhiyatida allanechuk sururbaxsh bir titratmani his etadi. Va, ko‘zlarini yumadiyu... quloqlari ostida shamol guvillayotgandek, jismu jussasi esa tobora yengil tortayotganday uchib ketaveradi.
Bu g‘alati holdan yaqin-yaqinlargacha bahri dili yayraganligini hali-hamon entikib eslaydi. O’shanday kezlarda: salom, to‘lin oy!.. Mana, menman, deb hayqirgisi kelganligi yodiga tushib, hali-hamon xurram jilmayadi. Biroq, bu ajabtovur holni hech qachon birovga aytmagan. Biladi: aytsa — hangomatalablar esariga yo‘yib qo‘ymasalar hamki, albatta kulishlari tayin. Darvoqe, o‘shanda nima uchun ishkom-chayla yonidan sarosar jo‘naganlari boisini bilolmagan, otasi esa dabdurustdan sarosimalanganligi sababini aytmagan edi.
Otasining tabiati o‘zi shunaqa: kamgaproq.
To xanuz qo‘qqisdan Bo‘ynoqning g‘ayurlik bilan yer tatalagancha, Majnuntepa qabristoniga qarab yovqur hurgani-yu, daf’atan otasining ko‘zlari bejolanganligi hamda nogoh o‘zining quloqlariga allaqanday sadolar chalinganligi sirini bilolmaydi.
Ha, garchi tahlika ichra bir kori holni kutgan esa-da, oradan bir yil o‘tgunga dovur hech nima ro‘y bermagan edi. Keyin, roppa-rosa bir yildan so‘ng, ayni uzum pishigi kunlarida biri-biridan dahshatliroq bir necha voqea ustma-ust sodir bo‘lgan edi.
Hamon o‘sha kunlar yodiga tushgan zahotiyoq, O d a m ch a maydonlikni kesib o‘tgan oydin kechadagidek, birdan yuragi olatasir ura ketdi.

* * *

Peshin payti edi, tuykus darvoza ochilib, hovliga avval qo‘ng‘izdek qop-qora bir kuchukcha yugurib kirdi-yu, tarvaqaylagan tut ostida mudrab yotgan Bo‘ynoqni ko‘rib, cho‘chonglab hura boshladi: chav-chav-chav!..
Kuchukcha tanish edi: oti — Tozigul. Bo‘ynoq erinchoqlik bilan g‘urillab qo‘ydi. Tozigul hurishdan tinib, og‘ilxona ayvoni ustunini hidladi. So‘ng, orqa oyoqlaridan bittasini ko‘tarib, ustun poyini ho‘lladi.
Shoir bog‘dan o‘t terib kelgan, endi so‘rida o‘tirib, qulfak  somsa yemoqda edi, onasiga qarab:
— Ana, qovog‘ingiz uchib turgan bo‘lsa, jo‘gi xolangiz keldi, — dedi. — Turing, kutib oling.
Zohir esa, shishib ketgan xasta oeg‘ini so‘ri chambaragi ustiga qo‘yib yotgan edi, bir ingranib:
— Ana, jo‘ga xolangizning Toziguli allaqachon ish bajarib qo‘ydi, — dedi.
Ona o‘g‘illarini beozor koyidi:
— Jim bo‘linglar-e, musulmonlar!..
Shu asnoda, yelkasiga xurjun tashlab, ko‘liga uzun hassa tutgan, baland bo‘yli, qoraparang, oltmish yoshlardagi bir lo‘li xotin darvozaxonaga tutash ayvondan o‘tib, so‘ri sari ildam yaqinlashaverdi.
— Assalom, Mayram xola!.. — dedi ona, ieshvoz yurib. — Keling... Xush keldingiz. Mayram lo‘li xurjuni hamda hassasini yerga qo‘yib, salomga alik olgach, atrof-tevarakka bir qur ko‘z yugurtirarkan:
— Adol, molu joning sog‘mi? — dedi. — Boyingu bachalaring eson-omonmi?
— Shukr, Mayram xolajon. So‘riga chiqing. Chalob qilib qo‘yibman. Muzdekkina.
Mayram lo‘li qars urib:
— Tozigul!.. — dedi.
Kuchukcha besabr hovli iskanib yurgan edi, zing‘illab borib, xurjun yonida cho‘nqaydi. Keyin, Mayram lo‘li so‘riga chiqayotib:
— Choriyorlar haqiga, aziz avliyoyu anbiyolar haqiga qozon osib, is chiqar, Adol! — dedi. — Kam bo‘lmaysan. Tavba gunohni yo‘qqilar, sadaqa-baloni!..
— Yaratgan Qodir egamga ertayu kech shukur qilib yuribman-ku, Mayram xola.
— Noshukurlik — yomon, lekin yakkash shukronangning o‘zi kamlik qiladi. Bildingmi?.. Saxiy bo‘l, saxovatli bo‘l.
— Ha, endi imkon qadar-da, Mayram xola! — deb, ona Zohirni ozorsiz koyidi. — Hay, beadab, nariroq surilsang-chi!
— Qo‘y, yotaversin, — dedi Mayram lo‘li so‘ri chekkasiga horg‘in cho‘kib. — Bachang xasta-ku, Adol?.. Ha, turkvachchalar! ..
Zohir cho‘zala tushib yotgan ko‘yi, xiyol surilgan bo‘lib, «jo‘gi xola»ga allanechuk bir qarab qo‘ydi. Quruqshagan lablarini qimtidi. Mayram lo‘li kaftlarini yoyib:
— Omin, Xudoyo xudovando sherimard jilovdoring bo‘lsun, Adol... Bola-chaqangni rohatini ko‘r. Ollohu akbar! — dedi.
— Iloyo aytganingiz kelsin, Mayram xolajon!..
— Ko‘changdan o‘tib ketayotuvdim. Tozigulim darvozangni oldida takqa to‘xtab, kirabiz, dedi. Xay, kirsak — kirayluk, dedim.
Zohir beixtiyor piq etib kuldi. Ona tag‘in unga noxush chimirilib:
— Hay, Zoyir!.. — dedi. So‘ng, Mayram lo‘liga choy quyib uzatdi. — Hamisha mehmon uchun darvozamiz ochiq, Mayram xola. Keyingi paytlarda kamdiydor bo‘lib ketuvdingiz o‘zi.
— Bu yil Samarqandda qishlab, Surxondaryoda amal-taqal bilan bahorni o‘tkazduk. Bilasan-ku, jo‘gi xolangni oyog‘i boqadu, Adol! Mana, yoz... pishiqchilik. Kecha, xufton mahali dayravotga kelib qo‘nganbiz.
— Oling, bichak dan yeng, Mayram xola, choyni quruq ichmang.
— Yeyman, — dedi Mayram lo‘li, choydan ho‘plab. — Oyog‘im tortmagan joyga kirmayman, ko‘nglim tusamagan joydan tuz totmayman. Lekin, san yaxshisan, Adol. Dasturxoning manga begona emas. Ko‘changda o‘zingga o‘xshagan uch-to‘rtta diltortarim bor. Bugun bir-bir diydorlashib chiqaman.
— Mayli, murodingiz hosil bo‘lsin, Mayram xola.
Mayram lo‘li choy ichdi, somsadan yedi. So‘ng, dabdurustdan boshini sarak-sarak qilib:
— Aytsam — tilim kuyadi, aytmasam — dilim!.. — dedi, negadir Zohirga bir necha bor suq bilan nigoh tashlab. — Nega qosh-qavog‘ing beqo‘nim uchishini, yuraging taka-pukaligi sababini aytaymi, Adol?
— Rost, ikki-uch kundan beri yuragim nimadandir bezillaydigan bo‘lib qolgan, — dedi ona. — Agar... agar yomon gap bo‘lsa aytmang, Mayram xola, kerak emas.
— Yomonni bilmay, yaxshiga yetolmaysan... Bu dunyosiga hammamiz omonatmiz. Lekin, man sanga hakki rosti aytar bo‘lsam, anavi turkvachchang... sanga omonat, Adol.
Birdan rang-ro‘yi bo‘zarib:
— Iloyo tilginangizga chipqon chiqsin-a, Mayram xolajon! — dedi ona. — Bas qiling!.. O’zim sizga bir ko‘ylaklik asl libosdan olib ko‘yibman. Bitta qora tovuq ham beraman. Bolaginalarimni duo qiling. Shuginalarim unib-o‘ssin, o‘zidan ko‘paysin.
— Qo‘rqma, bu dunyosining o‘zi aslida omonatxona, — dedi Mayram lo‘li, parvosiz qo‘l siltab. — Omonatini birov erta topshiradi, birov keyin...
Ona, yuz-ko‘zlari asabiy pirpirab:
— Agar yana bitta yomon gap aytsangiz, qarg‘ayman lekin! — dedi.
— So‘kaver, qarg‘ayver, Adol, — dedi Mayram lo‘li, mayin kulimsirab. — So‘ksang bitim to‘kiladi, qarg‘asang — gunohim... Lekin, man — esini tanigandan beri to‘g‘ri gapini aytib kelayotgan jo‘gi xolangman. Parilarim shu paytgacha mani aldamagan, shu paytgacha chiltonlarim manga pand bermagan. — Shunday deb, Mayram lo‘li tag‘in Zohirning jarohati bog‘lab qo‘yilgan oyog‘iga uzoqdan razm soldi. — Ko‘rib turibman, turkvachchangning oyog‘iga kizil jangalning tikani kirib, sinib qolgan. To‘g‘rimi, bacham?
Zohir ilkis qaddini tiklab, ixtiyorsiz ag‘rayarkan:
— Rost... rost! — dedi. — Ana, ona, sizga aytuvdim-ku! Mayram lo‘li esa shartta onaga yuzlanib:
— Adol, darrov bir tog‘oracha namakob tayyorla! Xamirdan kil sug‘urganday qilib, tikanni qo‘lingta olib beraman hozir.
Zohir keskin bosh chayqab:
— Yo‘q-yo‘q, kerak emas! — dedi — Qo‘rqaman... Ona, kerak emas, og‘ritadi.
— E, jon desang-chi, Zoyirjon!.. — Ona ildam oshxona tomonga o‘tarkan, Shoirga buyurdi. — Bor, tavanxonadan eski tog‘orachani olib chiq, o‘g‘lim.
Mayram lo‘li chakqon o‘rnidan turib, baxmal nimchasini yechdi, ro‘molini qayta turmaklab bog‘ladi, so‘ng yenglarini shimardi. Hayal fursat o‘tar-o‘tmas, ona namakob tayyorlab, yerga sholcha yozdi, ko‘rpacha to‘shadi, so‘ng Zohirni chaqirdi:
— Kel, o‘g‘lim... Imillama!
Zohir inqillab so‘ridan tusharkan:
— Ona, oyogimni o‘ziz ushlab turasiz, — dedi elanib.
— Qo‘rqma, bacham. — Mayram lo‘li ko‘rpachaga Zohirni chalqancha yotqizib, oyog‘idan dokani yechdi. Oyoqning ham osti, ham usti shishib, jarohat maddalab ketgan ekan. — Bay-bay, qanday chidading-a, turkvachcha?! — deya Mayram lo‘li jarohat tevaragini silab-siypaladi. So‘ng, sekin oyoqni namakobga botira boshladi. — Kuydirmayaptimi?
— Yo‘q, bilinmayapti, — dedi Zohir.
Bir ozdan so‘ng, oyoqni namakobdan chiqarib, Mayram lo‘li allanimalarni pichirlagan ko‘yi, jarohatga kuf-suf qilgach, tag‘in namakobga solarkan:
— Adol, endi san jinday kiyiz kuydirib kel, — dedi.
— Hozir opkelaman, Mayram xolajon, hozir!.. Tag‘in oradan xiyol fursat o‘tdi.
Mayram lo‘li avaylabgina Zohirning oyog‘ini kaftiga qo‘yib, takroran jarohatni silab-siypalay boshladi. Madda yanayam shishib, yanayam bilqillab qolgan edi.
— Og‘riyoptimi, bacham?
— Yo‘q, sezmayapman, — dedi Zohir.
Mayram lo‘li xonish qilaetgandek bosiq ohangda pichirlab:
— Mani qo‘lim emas, Luqmoni Hakimning qo‘li, madadkor bibi Gulyor parimning qo‘li... Kuf! — deya barmog‘i bilan tilib yubordimi yoki maddaning o‘zi yorildimi, tog‘orachaga yiring aralash qon chakillab toma boshladi. — Ana bo‘ldi... Yana birpas jim yotasan.
Hamon Shoir kiprik kokmay, barcha xatti-harakatni kuzatib o‘tirgan edi, angrayib qoldi: Zohir loaqal qilt etmadi-ya!
Shu paytda ona shoshilinch pildirab, bir parcha doka hamda temir tovoqchada kigiz so‘xtasi keltirdi:
— Mana, Mayram xolajon...
Nogoh, Zohir tishlarini g‘ich qilib, baqirib yubordi:
— Vo-ah-h-x!..
— Jim, turkvachcha, jim!.. Ana, tomosha tamom. — Mayram lo‘li tishkovlagachdan xiyol nozikroq bir tikanni barmoqlari uchida tutib onaga uzatdi. — Ma, ko‘rib qo‘y akun.
Tikanni qo‘liga olarkan, beixtiyor peshonasi tirishib, ona bosh chayqadi:
— Bolam bechoragina-ya! Rosa azob yebsan-ku, Zoyirjon. Umriginang uzoq bo‘lsin-a, bolajonim!..
Zohir ma’nodor, mehrchan qarab qo‘ydi. Indamadi. Mayram lo‘li jarohatga so‘xta bosib, doka bilan bog‘lab qo‘ygach:
— Manga chap qo‘lingni cho‘z, — dedi. Va, uning kaftiga uzoq tikilib, negadir parishon bosh irg‘adi. — Akun shu oftobro‘yada uxla. Yum ko‘zingni!
Zohir itoatkorlik bilan ko‘zlarini yumdi.
Xiyoldan so‘ng Mayram lo‘li vazmin o‘rnidan turib, so‘riga yaqinlashdi. Omonat cho‘nqaydi. Onaga savolchan tikildi: aytaymi, Adol?
— Ha, nima uchun jim bo‘lib qoldingiz, Mayram xola?
— Adol, man sanga aytsam... shu hafta ichi boshingda bir ko‘rgiliging bor.
— Yana boshladingizmi, Mayram xola!.. Shoshmang axir, Mayram xolajon, nafasimni sal rostlavolay.
— Gapimni bo‘lma akun!.. Kuloq sol: ko‘zimga bir bog‘ ko‘rinayopti. Bog‘ o‘rtasida bir ishkom-chayla...
Birdan Shoir hayajonlanib:
— Ona, rost! — dedi. — Axir, u — o‘zimizning chayla-ku!
— Man sanga aytsam... ana o‘sha chayla yonida o‘g‘lingga bir farishtaning nazari tushgan.
Beixtiyor Shoir entikdi, jim qoldi.
— Tikan ham o‘sha yerda oyog‘iga kirgan, — dedi Mayram lo‘li. — Ana, ishonmasang o‘g‘lingdan so‘ra.
Dabdurust besabrlik bilan ona:
— Zoyir? — dedi. — Zoyirjon?!
— O’g‘ling uxlayopti, Adol, — dedi Mayram lo‘li allanechuk kulimsirab. — Uyg‘onganidan so‘g‘in so‘raysan.
Chindan ham Zohir allaqachon uxlab qolgan, bir maromda pishillab nafas olmoqda edi. Negadir ona shitob Zohir yoniga bordi, bir zum termilib turdi, so‘ng chaqqon uyga kirayotib:
— Shoirjon, yugur, katakdan bitta qora tovuq tutib chiq! — dedi. Og‘ilxona ortiga Shoir yugurib o‘tdi-yu, zumda bir qora tovuqni qaqog‘latib ko‘tarib qaytdi.
Mayram lo‘li tovuqni qo‘liga olib:
— Diding binoyi-ku, turkvachcha! — dedi. So‘ng, shartta dasturxon chetida turgan pichoq bilan tovuqning shalpaygan tojisini tilib, Zohirning jarohati bog‘langan dokaga bir necha tomchi qon tomizdi. Keyin, kaftiga bir oz qon oqizib, avval Zohirning boshiga, so‘ngra, qo‘yarda-qo‘ymay, Shoirning ham boshiga surtdi. — Buning karomatini keyin bilasan, nodon!..
Shu paytda ona uydan ikkita non hamda bir ko‘ylaklik gazlama chiqarib uzatarkan:
— Mana, Mayram xolajon, bu pulniyam olib ko‘ying? — deb, elandi. — Bolalarimni duo qiling! Shuginalar ortimizda qolsinlar, iloyo dog‘u hasratlarini ko‘rmaylik.
— Arzingni Olloh eshitgay, Adol, — deb, Mayram lo‘li gazlama bilan nonni hamda tovuqni xurjunga soldi. So‘ng, nimchani kiyib, tag‘in kaftlarini yoydi. — Adol!.. Omin, aziz avliyoyu anbiyolar sani ko‘llab, farzandlaring umrini ziyoda qilsin. Boying bilan qo‘sha piru badavlat bo‘lg‘aysan. Ollohu akbar!..
— Omin, iloyo aytganingiz kelsin, xolajon!.. Agar yo‘lingiz tushsa, ertagayam kiring!
— Mayli... — Mayram lo‘li xurjunni yelkaga osib, hassasini duq-duq yerga urdi. — Agar ertaga kelolsam, sanga bir rivoyat aytib beraman. Zo‘r rivoyat!
Beixtiyor Shoir betoqat bir hayajon bilan:
— Hozir ayting, jo‘gi xola! — dedi yalinib. — Ayta qoling, jo‘gi xolajon?
— Ertaga, turkvachcha, ertaga!.. Adol, Xudoyim bachalaringdi barining umrini ziyoda qilsin, lekin man sanga aytsam, shu o‘g‘ling zo‘r odam bo‘ladi. Ko‘rasan!.. Xayr, omon bo‘l, Adol!
— Xayr, Mayram xolajon!..
Mayram lo‘li Tozigulni ergashtirib, shaxdam xovlidan chiqib ketdi. Ammo, nima uchundir Mayram lo‘li ertasi kelmadi. Indini, choshgoh maxali ota eshakka ikki chelak meva-cheva yuklab, layravotga yo‘l oldi.
Ota qo‘nalg‘aga borsa, buzib ketilgan chaylalardan qolgan parcha-purcha laxtagu kog‘ozlar shamolda to‘zg‘ib, o‘chokdarda chala yongan o‘tinlar tutayotganmish.

* * *

Ha, o‘sha kuni, — Mayram lo‘li chiqib ketganidan so‘ng, — nihoyat, hushiga kelgandek, ona bir mudtsat Zohirga o‘ychan termilib turdi. Zohir jiqqa terga botib uxlamoqda edi. Ona sholchaga mungrayib cho‘kdi. So‘ng, uning peshonasi, yuzlaridagi terlarni ohista artayotib:
— Shoir, bor, bolam, — dedi. — Jo‘gi xolangdan eshitganlaringni oshirmay-yashirmay otangga yetkaz. Hayallama!.. Namozgar ertaroq qaytinglar.
Shoir dasturxonga o‘rog‘lik qulfak somsa, bir mashrapa ayron olib, boqqa jo‘nadi. Sarosar yetib borgach, hamma gapni otasiga aytdi. Ota, birdan yurak-bag‘riga o‘t ketgandek, muzdek ayrondan simirib:
— Ukang haliyam uxlab yotibdimi? — deb so‘radi.
— Uxlayapti, — dedi Shoir.
Bir oz jimlikdan so‘ng, ota g‘udranib:
— Aql bovar qilmaydi-ya!.. — dedi. Keyin, ta’kidli nazar bilan tikilib, tayinladi. — Ukangni yolg‘izlab qo‘yma, o‘g‘lim!
Shoir bosh irg‘adi: xo‘p bo‘ladi!..
Ota oyboltani belbog‘iga qistirib, qo‘lida tokqaychi, boshini quyi eggancha, Majnuntepa tomonga sekin yurib ketdi.
Shoir dasturxonni ayvon havozasiga osgach, bedanalarning suvdoniga suv kuydi. Keyin, o‘rokli olib, bokqa kirdi. O’t terayotib, otasining negadir xavotir bilan tayinlagan toshniriga xayolidan kechdi: demak!.. Va nogoh, atigi bir yil emas, go‘yo allazamonlar tushidami yoxud xushidami ro‘y bergan o‘sha g‘aroyib voqea yodiga tushib, yana ko‘z o‘ngida tanish manzara yorqin namoyon bo‘ldi: ana, mayin ovozda kimdir chaqiryapti... Ana, qabriston pastqamligida o‘liklar bazmi. Ana, Odamcha!..
Bexos quloqlari ostida Odamchaning allanechuk cho‘zinchoq ovozi eshitilayotganday tuyuldi:
— ...Odamzod umr bo‘yi osmonga talpinib yashashini sen hali bilmaysan-da, bolakay! Arshu a’loda qanday mavjudotlar borligini, ular nima ishlar bilan mashg‘ulligini odamlar juda-juda bilgilari keladi, lekin hech qachon bilolmaydilar. Agar sen hozir men bilan ketsang, ko‘p sirlarga oshno bo‘lasan, uchib-kezib yurasan. Maza!..
Xayolchan alfozda Shoir o‘tlarni ariqcha bo‘yida chosh qilib, ustiga o‘tirdi. Havo issiq, terlab ketgan edi, terlarini artayotib, ishkom-chayla tomonga qaradi. Qaradiyu, hayratdan angrayib qoldi: iy-e, chayla qani?!.
Shoir dik etib o‘rnidan turdi: negadir ishkom-chayla yo‘q...Ko‘rinmaydi.
Ota esa o‘sha atrofda kuymalanib yurardi.
Beixtiyor ko‘ksiga bir vahm o‘rlab, Shoir:
— Bo‘ynoq! — deb qichqirdi. — Bo‘ynoq?!
Bo‘ynoq teraklarning namchil soyasida mudrab yotgan edi, bir zumda yetib keldi.
— Qaramaysanmi axir, chaylani buzib ketishibdi-ku! Yugur!..
Go‘yo farmoyishni tushungandek, Bo‘ynoq ariqchadan sakrab o‘tdi. Shoir ildam itning izidan ergashdi. Yaqinlasharkan, otasi chayla yog‘ochlarini yig‘ishtirayotganligini ko‘rib:
— Ha, ota, chaylani nima uchun buzdingiz? — deb so‘radi.
Ota belidan belbog‘ini yechib, peshonasiyu yuzlarini horg‘in siyirgan ko‘yi:
— Ana, shiypon bor-ku, o‘g‘lim, — dedi. — Yetadi o‘sha.
Javobdan qanoatlanolmay, battar Shoirning taajjubi ortdi: nega axir?! Yo chindan ham biror nimani payqaganmikanlar-a?..
— Ota, chalob keltiraymi?
— Ketamiz, — dedi ota, uzum to‘la savatni ko‘tarib. — Bu yerda qiladigan ishimiz qolmadi endi, o‘g‘lim.

* * *

Namozgar ona, ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lib, malomat bilan qarshi oldi:
— Baraka toping, otasi, keching bahridan o‘sha bog‘ning!
— Esing joyidami o‘zi!
— Xo‘p... siz eslik bo‘la qoling, otasi. O’tgan yili Shoiringiz aytganida ishonmovdingiz, Zoyir aytganda ishonmadingiz. Axir, bugun Mayram xolayam o‘t tushgur o‘sha behishtiy ishkom-chaylangizni tilga oldi-ku!..
— Folbinda, valaqlayveradi. Nima, hamma gapiga ishonaverasanmi axir. Bor, kallamni qotirma!
Shoir onasini yupatgisi kelib:
— Ona, chaylani buzdik, — dedi. Negadir, birdan ko‘zlari kattarib, ona:
— Buzdingizlar?!. — dedi. So‘ng, yuz-ko‘zlarida allatovur bir mayin tabassum jilolandi. — Ajab qilibsizlar!.. Otasi, manga qarang, endi o‘sha yerda bitta qo‘y so‘yib, Qur’on o‘qitsangiz?
— E!.. — dedi ota, chimirilib. — Zoyiring yaxshimi o‘zi?
— Yaxshi. Ko‘chada o‘ynab yuripti... Otasi, yengmishlik qilmang, bitta qo‘y bolalaringizning boshu ko‘zidan sadag‘a. Jon otasi, yo‘q demang?
— Qo‘ylar sal semirsin xay.
Otaning piching qilayotganini tushunib, ona qahr bilan: — Bilib qo‘ying, bugundan boshlab bolalarimni boqqa borgani qo‘ymayman! — dedi.
— Yo‘q! — dedi Shoir. — Zoyiringiz bormasa bormasin. Lekin, men shiyponda otam bilan yotaman.
Keyin ona yalinchoq ohangda:
— Bilmayman, o‘z-o‘zidan yuragim ko‘yishgani ko‘yishgan, — dedi zorlanib.
— Bejiz emasdir axir, otasi! Rahmingiz kelsin munday?..
— Mayli, — dedi ota, nihoyat yon bosib. — Agar ertaga Mayram xolang kelsa, bog‘dan meniyam chaqirtir. Childirmasini chatdirib, o‘zim bir fol ochtiray qani.

* * *

Peshin. Ota, kecha dayravotdan xomush qaytganidan so‘ng, uyda bamaylixotir o‘tirolmay, boqqa kelgan, negadir, kechqurun ovqatlangani ham bormagan; mana, boyagina tushlik qilib, endi shiypon ayvonida mudramoqda edi.
Zohir, Fozil, o‘zi — uchovlashib, Bo‘ynoqni ergashtirgan ko‘yi, Tegirmonariq yoqalab, qumloq yo‘ldan xandon-xushon gurunglashgancha, Majnuntepa tomonga o‘t tergani borishyapti. Dabdurustdan Mayram lo‘lining qayoqqadir g‘oyib bo‘lganligini bilgach, ona ham, ota ham Zohirga yolg‘iz yurishni man etgan, shu bois, birga o‘t tergani Fozil jo‘rasini hamroh qilib kelgan edi.
Fozil kecha okshom brigadaning dala shiyponida «Chapaev» kinosini ko‘rgan ekan: og‘ir yaralanganiga qaramay, o‘q yomg‘iri ostida, qonday qip-qizil daryodan Chapaevning suzib o‘tganligini zavq-shavq bilan hangoma qilmoqda edi.
Atrof-tevarakda dilkash bir sokinlik hukmron... Adl teraklarning barglari ohista shitirlaydi. Ahyon-ahyonda, u yer-bu yerda chigirtkalar erinchoqlik bilan chirillab qo‘yadi.
Bir mahal...
Yopiray, hammasi bir zumda ro‘y berdi-ko‘ydi: birdan Bo‘ynoq tahlikali g‘urullab, ura uzumzor sari qochdi. Ayni shu barobarida Zohir allakimgadir darg‘azab o‘qtalib:
— Onangni!.. — deya shitob oddinga yugurdi. — Hozir ko‘zlaringni o‘yaman sani!.. Daf’atan Fozil nimalar sodir bo‘layotganiga tushunolmay-anglayolmay, hadik aralash yalt etib Shoirga qaradi: jin chaldimi uni?! Shoir esa jonhovri:
— Bo‘ynoq, bos! — deb baqirdi. — Bo‘ynoq!!.
Go‘yo birov bo‘ynidan sudrayotgandek, uzumzorda Bo‘ynoq oldingi oyoqlariga tiranib, tishlarini yovqur irshaytirib turar, ko‘zlari xonasidan otilib chiqquday chaqnar edi.
— Zoyir, qayt! Orqaga qayt, ukajon?!
Nogoh, jin ko‘chgan kabi allaqachon qumloq ko‘chada duvalang ko‘tarilgan, teraklar esa tomir-pomiri bilan qo‘porilguday karsillab shovullamoqda edi.
Hayal o‘tmay, quyun ichra Zohir ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Shoir jon-jaxdi bilan o‘kirib, quyun tomonga otildi. Yetib borgunicha, duvalang tinib, quyun bosildi. Va, ko‘zlariga ishonib-ishonolmay, bir lahza Shoir haykalday qotdi-qoldi: uka qumga belanib yotar, peshonasida bir tomchi qon yiltiramoqda edi.
— Zoyir... Zoyirjon! — Shoir behud engashib, ukani kiftidan ko‘tardi. Zohirning boshi shilq etib osildi. — Uka... ukajon! — Va, beixtiyor Shoirning bo‘g‘zidan alamnok bir infok otilib chiqdi. — Ota-a!.. Otajooon!..
Ko‘ngli sezganmi, ota, yer bagarlagan uzumlar osha sakrab-sakrab, yelib kelmoqda edi.
— Ota, ukam-ukam!..
Otaning rang-ro‘yi surpdek oqarib ketgan edi, daf’atan tili kalimaga aylanmay, asta cho‘nqayarkan, Zohirni bag‘riga bosdi, qo‘li qaltirab, yuzlarini siladi, so‘ng:
— O’g‘lim, och ko‘zingni, o‘g‘lim? — dedi ovozi xirqirab. — Zoyirjon, bolajonim!..
Shu paytda Bo‘ynoq gunohkorona chingsib yaqinlashdi, sekin bo‘ynini cho‘zib, Zohirning oyoqlarini yaladi, so‘ng, osmonga qarab, cho‘zib-cho‘zib uvlay boshladi.

* * *

Tun qorong‘iligi chulg‘ayotgan yotoq bo‘lmada Shoir ko‘zlari jimirlab, gazetaga tikilarkan, tag‘in bot-bot osmonga ruhan talpingan damlarini entikib eslab, odamzod tabiatning eng oliy mavjudotimi yoki yanayam oliyrog‘i bormikan, deb o‘yladi: bor... Bo‘lsa kerak. Bordan yo‘q bo‘lmaydi, yo‘qdan bor bo‘lmaydi. Binobarin, jon — ruh bor-ku axir!.. Ehtimol, ruhlar yanayam oliyroq mavjudotlar uchun ozuqa yoki ermak manbaidir. Va nogoh, yana xayolida olis o‘tmish manzaralar yorqin namoyon bo‘laverdi: ana, O d a m ch a barmog‘ini havoga nuqishi bilan tokning tillarang barglari lovullab yona ketdi... Ana, birdan ukasi allakimgadir o‘roq o‘qtalib, quyuq quyun ichra ro‘eday ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi... Ana...
Tavba, tushiyu hushi bu qadar qorishig‘-ey!.. Tushmi, hushmi — har ne bo‘lsayam, hammasi aniq-tiniq yodida ekanligi g‘alat. Tag‘in Odamchaning allanechuk cho‘ziq ovozi qulog‘ida aksu sado berib jaranglayotganday tuyula boshladi:
— ...Erta bir kun... yolg‘onchilarga duch kelib o‘rtanaverasan, zor-zor qaqshab hamdard izlaysan-u lekin topolmaysan. Ta’magirlar... manfaatparastlar... ta’qiblar... g‘alvayu g‘urbatlar...
Ajab, hayot — kun bilan tun betinim charxpalaqday aylanayotgan qo‘nalg‘ami yoki xiyonatu diyonat beto‘xtov kurashayotgan bir tomoshaxonami — nima o‘zi? Nega tomoshaxona, kimlar uchun tomoshaxona — yanayam oliyroq mavjudotlar uchun emasmikan mabodo?.. Nahotki, odamzod nima uchun dunyoga kelgani-yu, nima uchun dunyodan o‘tarini bilolmay ketsa?!
O’zi shu yoshga yetguniga dovur, shu darajaga erishganiga kadar ne-ne uqubatlarga, qanchadan-qancha xiyonatlarga duchor bo‘ldi. Agar umrining davomi ham uqubatlaru xiyonatlar ichra kechar bo‘lsa... Qarama-qarshiliklar kurashining birligi — hayotdir, deganlari shumi-yo? Kurash?.. Xo‘sh, ko‘rar ko‘ziday, shirin joniday ukaginasi nimalarga qarshi, kimlarga qarshi kurashda nobud bo‘ldi? Axir... qani mantiq?!. Nahotki, rost bo‘lsa?!.
Nogoh, eshik ochilib, ostonada qizi ko‘rindi:
— Dada, ovqat pishdi. Onam aytdila, peshayvonga chiqarmishsiz. Peshayvonda chiroq za’faron nur taratar, xona ichi esa nimqorong‘i edi. Gazetani g‘ijimlab, xomush o‘rnidan turarkan, Shoir hamon xayolida javobsiz bir savol beqo‘nim charx urayotganini idrok etdi: nahotki, rost bo‘lsa — xo‘sh, nima rostu nima yolg‘on?

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.