OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Norto‘xta Qilich. Oshiqdara tutqunlari (hikoya)

Uyqusi buzildi. Ko‘zlarini ochmadi, lekin negadir bemahalda uyg‘onganiga taajjublandi... Shu asnoda allaqanday anglab bo‘lmas tovushlar qulog‘iga chalina boshladi, kimlardir uvvos solib yig‘layotgandekmi-ey, kimlardir qahqaha urib kulayotgandegu, tag‘in kimlardir tinmay balabonu surnay chalayotgandekmi-ey!.. 
Ko‘zlarini ochmay, battar taajjublandi. 
... qiziq, tush ko‘rayapmanmi-yo? Uyg‘oq holda-ya!.. Charchaganim uchun bo‘lsa kerak. 
Chindan ham juda charchagan, — avval samolyotda, keyin avtobusda, undan so‘ng taksida uzoq yo‘l bosdi, uydan tong-saharda chiqib, bazo‘r xufton chog‘i manzilga horib-tolib yetib kelgan edi, — behuda aytishmagan axir, yo‘l azobi — go‘r azobi, deb. 
Manzilga yetib kelib, shinamgina xonaga o‘rnashganidan so‘ng, osmonu falakdan birdan yer komiga tushib qolgandek his etgan edi o‘zini. Avval samolyotda uchganiyu, so‘ngra ulovlarda yo‘l bosgani uchun emas, yo‘q, aeroportdan to ushbu makonga qadam qo‘yganigacha adirlar, qirlar, tog‘lar oralagan yo‘l nuqul pastlikka qarab esgani bois shunday tuyulgan edi... Keyin, uydan olib chiqqan yeguliklaridan yengil-elpi tamaddi qilib, uyquga yotgan va oppoq choyshablardan ohor hidi burqiyotgani esida, oradan hayal o‘tmay, dong qotib uxlab qolgan edi. 
Mana, endi... Hamon ajabtovur tovushlar olislardan elas-elas qulog‘iga eshitilgandek bo‘layapti. 
... yo dalada odamlar televizor tomosha qilishayaptimikan? Yo‘q, hozir tomosha payti emas, allaqachon tun yarimdan oqqan yoki hademay tong otib qolsa kerak. 
Halovatini qizg‘anib soatga qaramadi. Yonboshiga o‘girilib, oppoq choyshabli adyolni boshiga tortdi. 
Ammo, hanuz o‘sha-o‘sha kimlardir uvvos solib yig‘layotgandekmiey, kimlardir qahqaha urib qulayotgandegu, tag‘in kimlardir tinmay balabonu surnay chalayotgandek edi. 
... ajab, roppa-rosa bir kechayu bir kunduz miriqib uxlagandekman-a! Nimaning sharofati ekan bu?
To‘shagidan turdi. Kerishdi. Yengil kiyindi. Oynaband eshik qiya ochiq edi, chorgoh peshayvonga chiqdi. Va beadad bir hayratdan tek qotdi, chindan ham yer komiga tushib qolgandek tuyulganicha bor ekan, — gird tevarakni baland tog‘ qoyalari halqadek o‘rab olgan, — istirohatgoh ko‘rkam dara qo‘ynida joylashgan edi. Qoyalarga tutashib ketgan dara yonbag‘irlarini yam-yashil maysalar qoplagan, siyrak jiyda bargli daraxtlar esa soyabonlargami yoxud tobora yuqorilab borayottan allanimalargadir mengzab ko‘rindi ko‘zga. Yassi qiyaliklarda oppoq tog‘ echkilari daraxtlar oralab o‘tlab yuribdi. Kunchiqar tomondagi tikka o‘rlagan yo‘l bo‘yida katta bir ko‘l quyosh nurida tillalanib jimirlamoqda. Ammo, qiziq, nechundir ko‘l sirli-sinoatli tuyuladi. Uning atrofinn ming kokilli majnuntollar, sershox-serbutoq oqqayinlar, ko‘m-ko‘k archalar qurshagan. Yomg‘ir hidiga to‘yingan, namxush havo esa shu qadar mayin, shu qadar musaffoki, nafas olgani sayin odamning bahri dili yayraydi. 
Ko‘kragini kerib, to‘yib-to‘yib nafas olarkan, qishlog‘ining turfa kuyindi islarga qorishgan achimsiq havosini eslab, o‘ychan bosh irg‘adi. Keyin, peshayvon panjarasidan mahkam ushlab, pastga engashdi, dabdurustdan boshi aylanganini sezib, qomatini tikladi. 
Tongda yomg‘ir savalagan shekili, pastda bino ro‘parasidagi namchil g‘ishparchin yo‘lkada, — odamlar erinchoqlik bilan kezib, nonushta paytini kutishmoqda. Ularga sinchkov nazar tashlab, negadir ko‘nglini g‘ashlikkami, o‘kinchgami moyil bir nimalardir chulg‘ayotganini his etdi. 
... yopiray, halitdan-a? Kezib o‘rganlgaganligimdan bo‘lsa kerak. Albatta-da!.. 
Hazil xo‘rsindi. 
Yo‘lkadan quyiroqdagi ollchazorga tutash keng maydonchada ko‘kraklari lorsillagan ayollar, xipcha bel juvonlar irg‘ishlashib, badan tarbiya qilishayapti. 
Istirohatgoh g‘aroyib bir sokinlik og‘ushida. Ushbu sokinlik esa go‘yo kishini erkalab allalayottandek. 
Yengilgina entikdi. 
... dunyoda jannatsifat joylar ham bor ekan-da!.. 
Orom kursiga yaslanib, dunyoning boqiyligiyu umrning o‘tkinchnligi to‘g‘risida nadomat bilan o‘y surgan ko‘yi, oppoq bulutlar orasida oqarib ko‘rinayotgan qorli qoyalarga xomush tikilib qoldi. 
Bir mahal, qo‘shni ayvonga sarg‘ish sochlari yelkasida mavjlangan, o‘ttiz yoshlardagi durkungina bir juvon chiqdi. Dorga oppoq bir matoni osdi. Momiq xalati tugmalari o‘tkazilmagan ekan. 
Juvonning shafaqrang badaniga nigohi tushar-tushmas, izza chekib, ilkis yuzini chetga o‘girdi. Orom kursi g‘ijirlab ketdi. 
Juvon sergak tortib, o‘rtadagi pastak panjara to‘siqqa yaqinlashdi:
— Salom, yigit, — dedi. 
— Salom, — dedi yigit. 
Juvon birin-birin xalati tugmalarini o‘tkazarkan:
— Kecha keldingizmi? — deb so‘radi. 
— Ha, kecha kechqurun keldim. 
Dabdurust ko‘zlari ajabtovur chaqnab, juvon:
— Yaxshi, — dedi. Ovozi tovlanib ketdi. — Mening kelganimga uch kun bo‘ldi. 
Tunda qulog‘iga chalingan g‘alati tovushlar yodiga tushib:
— Kechirasiz, uyqungizda bezovta bo‘lmadingizmi? — dedi yigit. Juvon kulimsiradi. Indamadi. Lekin uning kulimsirashi bir qadar sirlidek edi. 
... bu durkun juvon — Durkunxonim nimanidir biladi. Biladi. Jo‘rttaga aytmayapti. 
— Boyonlarga o‘xshab yalpayib o‘tiribsiz, — dedi Durkunxonim, yanayam navozishli jilmayib. — Nima, nonushta qilgani bormaysizmi yoki sizga opkelishadimi?
— Yo‘q... Boramiz, — dedi yigit. 
Ayni kezda istirohatgoh radiosi zang chalib, nonushtaga chorlamoqda edi. 
Nonushtadan so‘ng, Yigit kecha kelgan o‘ttiz chog‘li odamga qo‘shilib, birinchi qavatdagi kengroq bir xonaga kirdi. Oldiigi qatorga o‘tib, yumshoq o‘rindiqqa o‘tirdi. 
Katta do‘xtirni kuta boshladilar. 
Kattakon ko‘p kuttirmadi. Miqti gavdali, qirq yoshlardagi yigit ekan. O’zini tanishtirgach, istirohatgohning joriy tartib-qoidalari haqida gapirdi. Biryula ming kishi dam olib davolanishini aytdi. Har un besh daqiqada istirohatgohdan shaharga maxsus avtobus qatnab turishini ma’lum qildi, rosa istirohatgohni maqtab:
— Gaplarimga ishonaveringlar, yaqin atrof-tevarakda bunaqasi yo‘q, — dedi. — Havosi nihoyatda sof, nihoyatda shifobaxsh. Sanatoriyamiz asosan yurak va asab kasalliklarini, takror aytaman, ayniqsa asab kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan. Ta’kidlashim kerakki, tabiiy muhitimizning o‘zi ham shuni taqozo qiladi, deb ochiq derazalar tomon ishora qildi u. — Ana ko‘rib turganlaringizdek, sanatoriyamiz Oshiq-Ma’shuq tog‘lari bilan qurshalgan... 
... e, oti juda qiziq ekan: Oshiq-Ma’shuq! Albatta biror qiziqarli rivoyati ham bo‘lsa kerak:
— ... Ustimizda to‘xtovsiz aylanib turgan salqin shifobaxsh tog‘ havosi shahardan uzluksiz yopirilib kelayotgan zaharli islarni mutlaqo yaqin yo‘latmaydi. Demak, qadimgi sharq maqoli bilan aytadigan bo‘lsak, toza havo — tanga davo. Bu yerda o‘zingizni bir oy baxtiyor hisoblashingiz mumkin. Xo‘sh, endi bizga savollar bormi? 
Ana shunda Yigit tungi g‘aroyib tovushlar to‘g‘risida so‘rashni o‘yladi. Ammo, ikkilandi: mabodo tushida yo xayolida... Yo‘q, aniq-tiniq eshitgan edi. Mana shu tobda ham nozik bir sas quloqlari ostida titrayotgandek... Yoki, u yoqda achimsiq islar, turli tashvishu havotirlar iskanjasida zo‘riqqan asablari bu yoqda musaffo havodan shishinib, endi nag‘ma ko‘rsatayaptimikan-a? Yo‘g‘-e, anov Durkunxonimning haligiday ishshaygani ham bejiz emasdir axir. Ha, shubhasiz bu yerda nimadir bor... nimadir bo‘lishi kerak. 
Tezroq soatning uch bo‘lishini kutayapti — ruhiy ta’sir vositasida davolovchi do‘xtir huzuriga borishi kerak. Vaqt esa imillab o‘tmoqda. Zerikayotganini his etib, og‘ir entikdi. Keyin, bekorchi bekor o‘ylaydi, deganlaridek, chetdan begona nazar bilan o‘ziga razm soldi: ana, sham «paypog‘»u sham «belbog‘»dan so‘ng to‘shakda o‘ranib yotibdi. Peshonasn hamda ko‘z ostlarida siyrak ter rezalari yiltiraydi. Ko‘rinishidan dam olib davolanayotgan baxtiyor odamga aslo o‘xshamaydi, xuddi bandining o‘zi horgin, xomush. 
... nega, nima uchun shunday? Ko‘ngilda na bir sevinch va bir hayajon. 
Nazarida, ikki-uch kundan beri emas, allazamonlardan buyon ushbu daraga tushib qolgandegu, endi hech chiqib ketolmayotgandek edi. 
Avval-boshdanoq xushlar-xushlamas yo‘lga otlanayotib, hardam xayol bir holatga tushgan, leknn allaqachon yo‘llanma hamda samolyotga patta olib qo‘ygani bois, — go‘yo uydan uzoqda turmush tashvishlaridan xalos bo‘ladigandek, jannat sifat joylarda rosa yayrab hordiq chiqaradigandek, — qani, boraveraylikchi, deb kelavergan edi. 
Ammo, asli o‘shanda ko‘ngli sezgan ekan: mana, ro‘zg‘or tashvishlaridan qutulish qayoqda! O’zi bu yerdayu, yodu xayoli oilasida. Ozib-yozib shaharga tushib qolsa, goh xotiniga, goh bolalariga nelar xarid qilarini bilolmay, boshi qotadi. Xali ota-ona, og‘a-inilar ham bor. Qo‘l esa qisqa. Qashshoqlik qursin-a, qashshoqlnk!.. O’lganni tepgan, deganlaridek, istirohatgohdagi galatiyu garoyib dahmazalar ayni dard ustiga chipqon bo‘layanti: na kunida halovat bor, na tunida — allamahalda uyg‘onib ketadi: quloqlari ostida qandaydir ayqash-uyqash tovushlar elas-elas eshitilgan ko‘yi, yomg‘ir sevalayotgan qoramtir osmonga xayolchan tikilib yotadi, tong bo‘zararga yaqin uxlab qoladi, keyin ertalab ajab uyqudan tetik turadi. Lekin... ayvonga chiqmoqqa yuragi bezillaydi-yu, baribir chiqadi. Oradan hayal zamon o‘tib-o‘tmay, Durkunxonim ishshayib paydo bo‘ladi-da, och g‘unajinchadek mo‘ltirayveradi... Tepa qavatdagi sarisoch Guloyim esa, yopiray, xuddi oshig‘u beqaror bo‘lgan o‘n to‘rt yoshli bo‘ysara qiz kabi dam qizil gul tashlaydi, dam sariq gul!.. Battar bo‘l-e!.. Ro‘paradagi xonada yashayotgan do‘ndiqchaga nogoh duch kelib qolsa, o‘zini qayga urarini bilolmay qoladi. U esa ma’yus tabassumdan yuzlari yashnab, shartta qo‘ltig‘idan oladiyu, toshbag‘irlikda ayblay ketadi. Oshxonaga-ku noiloj boradi. Bordimi, tamom — poytaxtlik oppoqbilak Afrika qahvasiyu faranggi konyagini bot-bot maqtab, mehmonlikka taklif qilgani qilgan. Xudoning bergan kuni ahvol shu. 
... yo tavba! Yo Parvardigor, bu ojizalaring bu qadar behayo, bu qadar beqadr!.. Axir, jannat — ayollar poyidadir, demaganmisan?! Agar jannating shu ayollar poyida bo‘lsa... Qoyil-e!.. Ayolning xudosi ikkita biri... ayoq, yana biri tayoq. Xalq to‘qigan buni. Xo‘sh, xalqni nimalar, kimlar bu darajaga tushirib qo‘ydi axir?.. Asli jamiyat ichdan chirib bitgani rost shekilli. Bo‘lmasa... Yopiray, anavi munkillagan rais ham ikkinchi xotinini, ham o‘ynashini olib kelganmish. Rais — xalqning otasi-ya!.. Navjuvon o‘ynash bechora endi duch kelgan ayoqqa qashinib yuribdi... Bunaqa joylarga o‘zi ayollarning asosan badbaxti kelar ekan chog‘i. Rost-da, baxtiyor ayollarning istirohatgohlarda tentiramoqqa illo xohishi yo‘q. Shunday!.. 
Darvoqe, bu manzil-makonning o‘zida odamni har ko‘yga solib tentiratadigan nimadir bo‘lsa kerak. Binobarin, Oshiq-Ma’shuq to‘g‘risidagi rivoyat ham behuda to‘qilmagan va ruhiyatidagi ajabtovur beqarorlik ham bejiz emas. Chunki uyda uyquga yotardiyu, toshdek qotib uxlab qolardi. So‘nggi marta uyda qachon tush ko‘rganini ham aniqroq eslayolmadi. Bu yerda esa, — davomli tushkar ko‘radimi-ey, alahsiraydimi-ey, — hamon durustroq orom ololgani yo‘q. 
... iy-e, soat uchdan o‘tayapti-ku!.. 
Qani, borsin-chi, ruhshunos do‘xtirdan biror ma’nili gap chiqar ehtimol. 
Yoshi ellikni oralagan, baqaloq do‘xtir ayol:
— O’tiring, — dedi sovuqroq ohangda. — Nima uchun ko‘zlaringiz bejo?
Yigit so‘rok nomani uzatib:
— Shunchayam savol bo‘ladimi! — dedi. — Yuztadan ko‘proq. Ba’zilari judayam kulgili. Chet elda bo‘lganmisiz? Qiziq, bemorning chet elda bo‘lgan yo bo‘lmaganligining xastalikka nima aloqasi bor?
— Bu anketani biz emas, Minzdrav tuzgan, — dedi do‘xtir, so‘roqnomaga sinchkov ko‘z yugutirarkan. — Shuni bilib qo‘yingki, tuzumlar o‘rtasidagi tafovut bemorning dunyoqarashiga, pirovardida ruhiyatiga ham keskin ta’sir qilishi mumkin. 
Yigit bir zum o‘ylanib qoldi, ko‘nglida do‘xtirning fikriga qo‘shilgach:
— Do‘xtir, siz ruhiyatga ishonasizmi? — deb so‘radi. Baqaloq do‘xtir yalt qarab:
— Kelishib olaylik, — dedi, so‘roqnomani chetga surib. — Men savol beraman, siz javob berasiz. 
Yigit so‘roqnomaga ishora qilib:
— Ana, men javob berib qo‘yganman, — dedi. — Ko‘pchilik qatori qo‘ng‘ir, qizil ranglarni yaxshi ko‘raman, ko‘k, yashil, ranglarni yoqtiraman, qoraga toqatim yo‘q. Kunning tong payti menga judayam yoqadi. Lekin, rostini aytsam, shu kunlarda tongdan ham, shomdan ham, hatto dunyosidan ham ko‘nglim sovib ketdi. Ayniqsa, ayollarning bu qadar beqadr bo‘lib qolganligini ko‘rib, qiynalayapman. 
— Shoshmang!.. dedi do‘xtir. — Psixoterapiyaga ishonasizmi?
— Psixoterapiyaga, psixoanalizga doir asarlardan ancha-munchasini o‘qiganman. 
Do‘xtir qo‘rslik bilan gapni bo‘lib:
— Psixoterapiyaga ishonasizmi, deb so‘rayapman, — dedi. — Nimani o‘qigan-o‘qimaganligingiz meni qiziqtirmaydi. 
Yigit ko‘zlarini pirpiratdi:
 — Lekin savolga javob bermadi. 
Tuyqus do‘xtir xatosini anglab yetgan kabi mayinroq ohangda, lekin jiddiyat bilan:
— Xo‘p, menga ishonasizmi? — deb so‘radi. 
— Sizgami?... Siz mening savolimga javob bermadingiz. Endi o‘rtamizda samimiyat bo‘lishiga ishonolmayman. 
— Ancha ta’sirchan ekansiz... — Do‘xtir zo‘raki kulimsirab, so‘roqnomaga ishora qildi. — Ko‘nglingizda xavotiringiz kuchli ekanligini qayd etgansiz. Aytingchi, aynan nimadan xavotirdasiz?
— Birinchi marta bunaqa olis safarga chiqishim. Bundan keyin sirayam chiqmasam kerak. Kutilmagan biror falokat... 
— Shoshmang! — dedi ayol, tag‘in gapni bo‘lib. — Savolga... savolga javob bering?
... iy-e, bu do‘xtirning o‘zi davoga muhtoj-ku! Bunaqa fe’li charsligiyu betoqatligi bilan xo‘ppa semirgani qiziq. Hoynahoy, choliniyam qil qilvorgandiro-ov!
— Xo‘sh, nima sizni ko‘proq xavotirlantirayapti?
— Do‘xtir, iltimos, avval siz mening savolimga javob bering?
Tag‘in do‘xtir zo‘raki kulimsiradi:
— Nima uchun ruhga ishonish-ishonmasligim sizni bu qadar qiziqtirib qoldi? 
— Bilasizmi do‘xtir, men bu yerda atigi bir necha kundan beri emas, balki allazamonlardan buyon yashab yurgandekman, keyin, kechalari allaqanday tovushlar qulog‘imga chalinib uyg‘onib ketaman-da, allamahalgacha o‘nggimda ham o‘sha tovushlarni elas-elas eshitayotgandek bo‘laman. Nazarimda, Oshiq-Ma’shuqning bezovta ruhlari bizlarni... 
— Bizlarni emas, sizni! — dedi do‘xtir. Bir zum Yigit do‘xtirga tikilib qoldi. 
... hm-m, demak, ruhga ishonmas ekan. So‘ng, yigit parishon bosh irg‘ab:
— Mayli, meni ta’qib qilayotgandek, deylik, — dedi. — Tag‘in bir mulohazam bor bu yerdagi ayollar yengiltakligi Ma’shuqaning haliginday ruhi ta’siridan emasmikan?
— Bunday o‘ylashingizga jiddiyroq asosingiz bormi?
— Oshiq-Ma’shuq rivoyati shu yerda to‘qilgan. Rivoyat bejiz emasdir axir. To‘g‘rimi?
— Lekin siz shuni unutmangki, bu yerning havosi salomatlik uchun zarur bo‘lgan gazlarga nihoyatda boy. Bundan tashqari, narzan degani — polvon suv degani ekanligiii ham nazardan soqit qilmang-da!.. Narzan vannada yotganingizda o‘zingizni qanday his etayapsiz?
— Xuddi limmo-lim shampan to‘la hovuzchada cho‘milayotgandek maza qilaman. Vijillaydi. Iliq-issiq puffakchalar mavjlanib qitiqlaydi. Kayf!.. 
— Juda to‘g‘ri! — dedi. — Albatta, shifobaxsh havo, tog‘ bosimi, narzan vanna — erkagu ayol shahvatini qo‘zg‘ab yuboradi-da!.. 
... qiziq, o‘zi ruhiy usul bilan davolovchi do‘xtir-u, lekin ruhga ishonmas ekan. Ammo, gapida jon bor. Bir zum jimlikdan so‘ng:
— Men ko‘proq Kashpirovskiyga ishonaman, — dedi Yigit. — Chunki u ijtimoiy kelib chiqishingiz bilan halq, chet elda bo‘lgan-bo‘lmaganligingiz bilan ham qiziqib o‘tirmay, muolajani boshlayverarkan. Hatto televizor orqali ham davolay oladi. Siz bo‘lsangiz yuzdan ortiq savolga yozma javob olganingizga ham qanoatlanmay, yana so‘rab-surishtirayapsiz. 
— Agar menga ishonmasangiz, mashg‘ulotlarimda qatnashishingizdan foyda yo‘q, — deb, do‘xtir soatiga nigoh tashladi. Sekin o‘rnidan turdi. — Mabodo fikringiz o‘zgarsa, ertaga shu paytda kelarsiz. 
— O’zgarmasa-chi?
— Baribir kelishingiz kerak. 
Zinhor kelmasligiga ishongan ko‘yi, indamay, xomush chimirilib, Yigit xonadan chiqdi. 
Tushlikdan so‘ng, Do‘ndiqchaga chap berib, gulzorlar oralagancha, sekin dara adog‘i tomon yurdi. Do‘ndiqcha boya, birga shahar aylanib qaytaylik, deganida, — yuz amri shirin, — xushlamayroq rozi bo‘lgan edi. O’sha zahoti taklifni rad etolmaganiga endi afsuslanayapti. Nachora, biror bahona to‘qib, uzr so‘rar. Yoki, shundan keyin uning o‘zi ma’shuqona sa’y-harakatlari behudaligini anglaru, qayta suykalmay qo‘yar. 
Tog‘ poyida parishon turib qoldi. Keyin... atrofga xayolchan ko‘z yugurtirdi. Bir-biriga mingashib ketgan cho‘qqilarga tikilib, ayni chog‘da o‘ziii tabiatning bir bo‘lagi ekani-yu, lekin tabiatga uyg‘unlashib ketolmasligini o‘yladi, yo‘q, bunday sharafga ojiz bandasi munosib emas. Zero, ona tabiat bilan uyg‘unlashib ketolganlar — hurdirlar, ya’ni baxtiyordirlar. Odamzod baxtiyor bo‘lmog‘i uchun juda ko‘p to‘siqlarni yengib o‘tmog‘i kerak. Loaqal o‘zligidan o‘zib, xokisoru loqayd, beg‘amu beparvo... Yo‘q, yo‘q... tabiatdan, jamiyatdan nimalarnidir kutib yashayotgan odam aslo xokisor bo‘lolmaydi. 
Ushbu fikr ko‘nglidan kecharkan, Aziziddin Nasafiydan o‘qigan bir hikmati yodiga tushdi. Darvesh, sen— kichik odamsan, butun olam — bepoyon olam, sen — har ikki olamning bir zarrasisan. Darvesh! O’zligingni angla, tashqi va ichki olamingni tushun. Zero, anglash — bepoyon olamning ibtidosi va intihosidir... Bundan o‘zga yo‘l yo‘qdir. 
Nasafiyning hikmati chinligiga yana bir karra iymon keltirib, boshini ko‘tardi. 
Nogoh, taajjubdan ko‘zlari kattarib ketdi. 
... i, ana, Oshiqning papog‘i!
Burksimon kattakon bir tosh ulkan xarsang chekkasida to‘ntarilib yotardi. 
... ana, Oshiqning o‘ziyam cho‘zilib yotibdi. Bechora!.. Biqini bilan tushgan ekan. 
Chindan ham, burksimon toshdan ancha yuqorida odam-siyoqli bir xarsang yaqqol ko‘zga ko‘rinib turardi. 
... O’sha tobda Oshiq nihoyat o‘zini baxtiyor his etgan bo‘lsa kerak. Albatta-da! Hademay ruhlari qovushib-chirmashib ketaridan umidvor bo‘lgan axir. 
Xayolidan g‘alati manzaralar kecharkan, Oshiq-Ma’shuqning so‘nggi lahzadagi alamli, armonli rozlari quloqlariga ohista chalinayotgandek tuyuldi: modomiki bu dunyosida bizga qovushish nasib qilmas ekan, kel, u dunyoga birga ravona bo‘laylik, Ma’shuqam!.. Tanu jonim bilan senikiman, Oshig‘im!.. Ketdik, Ma’shuqam!.. 
... ana, Oshiq toshdan toshga, cho‘qqidan cho‘qqiga urilib, pastga uchib borayapti. 
Bexos dahshatga tushib, birdan qichqirib yuboradi: Ma’shuqaaaaa!.. 
Va beixtiyor orqaga qayriladi. 
Keyin, Ma’shuqaning jonhovri qochib borayotgaiini ko‘rib turgan qo‘ylar, ko‘zgilar, hatto shayton echkilar ham dong qotib, alamdan toshga qo‘nishadi. Oshiq... chala o‘lik Oshiq esa Ma’shuqaning nogahoniy xiyonatiga bardosh berolmay ingrab yuboradiyu, ko‘zlaridan yosh aralash qon toma boshlaydi. 
Roviy rivoyaticha hamon Oshiqning ko‘zlaridan yosh aralash qon tomarmish. Ana, qarang. Koyaga ko‘tarilolgan odam toshga aylanib qolgan qo‘y-qo‘zilaru echkilarni ham albatta ko‘radi. 
... Chinmikan shu?.. Chin... chin bo‘lsa kerak. 
Balanddagi odamsiyoqli toshga kiprik qoqmay tikilib, uning ko‘zdek qorayib ko‘rinayotgan ikkita katta-katta teshigidan chindan ham zardobga o‘xshash allaqanday bir suyuqlik tomayotganiii ko‘rdi. Har bir tomchi chak... chak tomayotib, quyosh nurida yalt-yult shu’lalanmoqda edi. 
Nogoh, ingroq tovushga tasalli berguday, ayni kezda xo‘rsiniqni ham eslatadigan inja bir sas yuragiga oqib kirayotganini his etdi. 
... yoki cho‘qqilar, qoyalar oralab esayotgan shabadamikan-a?
Sekin so‘qmoqdan ko‘tarila boshladi. 
Bir mahal, qiyama tekislikda, qovjiragan o‘t-o‘lanlar ustiga adyol to‘shab, quyoshda toblanib yotgan — yopiray! — qip-yalang‘och ayollarni ko‘rdi. Ko‘rdiyu uyalib ketdi... Tag‘in xiyol yurgach, yana bir yalanglikda xolos ovratpo‘sh kiygan uch erkagu uch ayolga nigohi tushdiyu, to‘xtab qoldi. Ular bir-birining badaniga nimadir surib, bir-birlarini uqalamoqda edilar. 
Shu paytda, naridan kattakon bir echkiemar, tilini o‘ynatgan ko‘yi, ko‘zlarini chaqchaytirib, o‘rmalab o‘taverdi. Uning tili ilonniki singari qoramtir, leknn ancha uzunroq ekan. Unga qarab turib, seskanib ketdi. Ortiga qaytdi. 
Hamon ingroq bir sas yuragiga oqib kirayotgandek edi. So‘qmoqdan dara tomon qayta yotib, Oshiq tog‘ ruparasidagi Ma’shuq tog‘iga xomush tikilarkan, Ma’shuqa to‘g‘risida eshitganlarini esladi, buni ustiga yosh xotin olganidan so‘ng, Ma’shuqa huv bulutlar orasidan tumanlanib ko‘rinayotgan qoyadan o‘zini pastga otgan ekan. Hali-hanuz dara bo‘ylab Ma’shuqaning ohu fig‘oni betinim-beqaror kezarmish. 
... tunlari goh yigit kulgiga mengzab tuyulayotgan tovushlar chindan ham... Odamning ishongisi kelmaydi-yu, lekin... Qiziq!
Yotoqxonaga horg‘in qaytarkan, tobora zerikayotganini sezdi. Nazarida, yayrab hordiq chiqarmog‘i uchun nimadir kam, lekin ayni paytda iimalardir keragidan ham ortiqcha edi. Ayniqsa, anov guli beorlardan shu qadar bezorki, har daqiqada qochvorishga tayyor. Ajab, agar hamkasabasi Anvar Oxun shunaqa joylarga kelib qolsa, nima qilgan bo‘lardi-a?
Ko‘nglidan g‘alati bir fikr kechdi. Anvar Oxunni zo‘ravonlik bilan boshlab kelib, o‘ng tomondagi bo‘sh xonaga joylashtirsa-chi?... 
Anvar Oxun juda ajoyib yigit. Birovning haqiga, birovlarning xasmiga ko‘z olaytiradiganlardan emas. Hafta sayin ishxonada arzon go‘sht sotilyatganda, bismillosiz so‘yilgan, deb olmaydi hatto... Ammo, faqirning yuragi xasta. 
Bir qadar hayajon hamda xayolchanlik bilan marmar zinalardan ko‘tarilayotib, yuqoridan chaqqon tushib kelayotgan yigirma yoshlardagi chiroyli bir bo‘tako‘z qizning yo‘lini beixtiyor to‘sdi. Va hijolatangiz qizarib:
— Kechirasiz, — dedi. — Siz kecha kelgansiz-a? Qiz sirma ko‘ylak-shim kiygan, qaddi-qomati zebo, bo‘ta ko‘zlari osmon rangligidanmi yanayam chaqnayotgandek edi:
— Yo‘q, — dedi Bo‘tako‘z, kift uchirib. — Bugun beshinchi kun... Nima edi?
Negadir battar o‘ngaysizlanayotgan esa-da:
— Nechanchi xonada turasiz? — deb so‘radi yigit. 
Bo‘tako‘z kulimsisirab, tag‘in kift uchirdi:
— 555-chida, — dedi. 
— E... 553-chining ro‘parasidami?.. Men 551-chidaman. 
— Bilmas ekanman. — Bo‘tako‘z chetlanib o‘tmoqqa chog‘lanarkan, savolchan tikilib, yana yoqimli kulimsiradi. — Men sibirlikman, — dedi. — Tug‘ma yurak qiynog‘i dardim bor. Shuning uchun hech qachon turmushga chiqmoqchi emasman. Yigitlar bilan tanishish istagim ham yo‘q... Marhamat, yana savolingiz bormi?
— Tashakkur! — dedi Yigit kulib. — Kutganimdan ham ziyodaroq javob berdingiz. 
Yigit tavoze bilan Bo‘tako‘zga yo‘l bo‘shatdi. ... yaxshi bo‘ldi! Anvar Oxunni Bo‘tako‘z bilan tanishtirib qo‘yaman. 
«Vremya»dan so‘ng, Yigit xonasiga qaytdi. Achchiq choy damladi. Shopirdi. Keyin, yumshoq kursiga cho‘kib, qo‘liga gazetani oldi, erinchoqlik bilan varaqlay boshladi. 
Eshik tiqilladi. 
Noxush o‘rnidan turdi. To‘ng‘illab borib, eshikni ochdi. Ochdiyu, yengsiz, yoqasiz xalatda ko‘zlari chaqnab turgan Do‘ndiqchaga nigohi tushib, peshonasi tirishdi, lekin musulmonchilik yuzasidan:
— Marhamat, — dedi. 
— Ha, qochoq! — dedi Do‘ndiqcha jilmayib. — Mana taklif qilmasang ham, o‘zim keldim. Maylimi kiraversam?
— Mayli, kira qol. 
Yigitning u qadar xushlamayotganini sezgandek, Do‘ndiqcha bir zum navozishli mungraygach, sallona yurib, ichkariga kirdi. Xalati cho‘ntagidan shig‘ildoq qog‘ozga o‘rog‘liq nimadir chiqarib, stolga qo‘ydi. 
— Uf-f! Hoynahoy, aroq bo‘lsa kerak. 
O’shandan buyon, — birga shahar kezgani taklif qilingan kundal beri — Yigit uning ko‘ziga ko‘rinmay yurgan edi. 
Yigit kursiga ishora qilib:
— O’tir, — dedi. 
— O’zing kursida o‘tira qol, men bu yerga... — deb, Do‘ndiqcha adyol yopilgan to‘shak ustiga o‘tirdi. 
... e, mol! To‘shakniyam rasvo qildi. 
— Bugun biz Polvon qoyaga chiqqani borgan edik, — dedi Do‘ndiqcha. — Ajoyib! Salkam uch ming gaz-a! Bulutlar xuddi sochingizni, yuzlaringizni silab o‘tayotgandek. Shunaqayam yoqimliki!.. Lekin qor uchqunlab turgani uchunmi, ancha ayoz ekan. 
Yigit choy quyib uzatarkan:
— Choy ichsang qiziysan, — dedi. 
— Yo‘q, choy ichmayman, — dedi Do‘ndiqcha. — Konyakni och, o‘shani ichamiz. Polvon qoyadagi qahvaxonadan sen uchun olganman. 
Yigit bosh chayqab:
— Menga to‘g‘ri kelmaydi bu, — dedi. — Shuningsiz ham o‘zi kechalari bazo‘r uxlayapman. 
Do‘ndiqcha istig‘noli chimirilib:
— Ayol siylayotganda noshukrlik qilma, adabsiz, — dedi. 
Yigit xo‘rsindi. Mujmal kulimsiradi. So‘ng, noiloj tiqinini ochdi. Piyoladagi choyni ichib, ozroq konyak quyarkan, endi muqarrar nimadir ro‘i berarini o‘yladi. 
... barcha kasofatlarning kaliti bu axir. 
— O’ynashing bormi? 
Do‘ndiqcha, ko‘zlari noxush chaqnab:
— Ataylab jig‘imga tegyapsan-a? — dedi. — Judayam bilging kelayotgan bo‘lsa, oldin oz-ozdan ichaylik, keyin aytib berarman. 
— Mayli!.. — Yigit chirt ko‘zlarini yumib, konyakni ko‘tardi. So‘ng, yana piyolaga konyak quyib, Do‘ndiqchaga uzatdi. 
Do‘ndiqcha kulib:
— Xalqlar do‘stligi uchun!.. — deb, konyakni sekin simirib ichdi. — Yaxshi ekan-a?
— Bilmadim... Negadir bu o‘lkaning suvi sho‘rroq, mevalari nordon ekan. Konyagi ham shunaqaroq shekilli. 
Do‘ndiqcha nimadir dedi. 
Ammo, Yigitning xayolini negadir yon qo‘shnisi Durkunxonning hasratli hangomasiyu ta’sirchan iqrori band etgan, lekin ko‘zlarida esa Do‘ndiqchaga yo‘naltirilgap savol ifodalari izg‘imoqda edi. 
Do‘ndiqcha, allanedir nash’a qilayotgandek kulimsirab:
— Mayli, kim bilan hamtavoq bo‘layotganingni bilib qo‘y, — dedi. — Chala yarim erim ham, chala yarim o‘ynashim ham bor. 
— E, qiziq-ku?!
— Ha, nega ajablanayapsan?.. Konyakdan quy... Erim ham, o‘ynashim ham shuning uchun chala yarimki, bizning rossiyalik yigitlarni aroqxo‘rlik, xotinbozlik kasali chinakam yor yoshiga yetgunigacha mayib qilib qo‘yadi. Ana keyin... 
— O’ynashing borligini ering biladimi?
— Albatta biladi! Nega bilmasin axir — yoshman, chiroyliman, keyin... Hatto senga ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, erim o‘ynashimni juda hurmat qiladi. 
Birdan yigit g‘ijinib:
— Qo‘y, gapirma! — dedi. 
... dahshat! Axir, bu ... Erkak uchun bundan ortiq xo‘rlik bo‘lmas. Yo‘q, bu — kasallik emas, bu — halokat — o‘lim talvasasidan oldin ro‘y beradigan muvaqqat karaxtlik. 
Yigit piyolani to‘latibroq konyak quydi. Ichdi. 
Gazak qilmadi. 
Do‘ndiqcha mastona o‘rnidan turib, birpas peshayvon yonida xayolchan tek qotgach, qizib borayotganligini aytdi, so‘ng:
— Chiroqni o‘chirsam maylimi, azizim? — deb so‘radi. 
— Shundoq yaxshi emasmi?
— Salqin bo‘ladi. 
— Ixtiyoring. 
Do‘ndiqcha chiroqni o‘chirdi. Xonani sutdek oydinlik chulg‘adi. 
Ro‘parada sirli jimirlayotgan yulduzlar oralab, ohista to‘lin oy suzmoqda edi. 
Do‘ndiqcha to‘shakka cho‘zildi. 

* * *

Yigit guldek ayollarning bu qadar beqadrligini o‘ylarkan, hamon yon qo‘shnisi Durkunxonning o‘sha — g‘amgin iqrori xayolida so‘nayotgan shamdek lipillamoqda edi. 
Durkunxon nimadir so‘rab kirgan paytda Yigit to‘shakda gazeta o‘qib yotgan edi. O’zidan bilib chiqib ketar, deb turmadi. Yotaverdi. 
Nihoyat, Durkunxon ishshayib joyidan qo‘zg‘aldi-da, chaqqon eshikni qulflab qaytgach:
— Shuncha o‘zimni ko‘z-ko‘zlaganim yetar! — dedi... 
— Xudbin ekansan. Bo‘l, nariroq suril! 
Tun edi. Allamahal edi. Ammo, Yigit mutlaqo bunaqasini kutmagan edi:
— Chiroqni o‘chirmaysanmi? — dedi, negadir ovozini o‘zi arang eshitdi. 
Durkunxon esa xushhollik bilan:
— Menga baribir, — dedi. 
— Ering yo‘qmi, Durkunxon?
— Durkunxoning nimasi?
— Senga o‘zimcha shunaqa ot qo‘yganman. 
— Hm-m, yaxshi ekan... Erim bor. Polkovnik. Harbiy bilim yurti boshlig‘i. Bittagina qizim bor. Bu yil beshinchiga o‘tdi. Hozir qizim Artekda... Bilasanmi, senga ochig‘ini aytsam, bu yoqqa kelganimdan keyin shunday bo‘ldim: kechalari orom olib uxlayolmayman — quloqlarimga har xil tovushlar chalinayotgandek, nikoh to‘yim bo‘layotgandek, hali zamon to‘y tugaydiyu, kuyovim bilan yolg‘iz qoladigandekman... Lekin qani o‘sha kuyov?.. Endi o‘zing kuyovim bo‘lasan, jonchig‘im!
... na chora. Ammo, negadir ko‘ngilda o‘limtik hirsdan bo‘lak biror bir yoqimli tuyg‘udan asar yo‘q. Yo‘q!
Durkunxonning badanidagi nozik tirtiqqa ishora qilib:
— Nima uchun unday bo‘lgan? — deb so‘radi Yigit. 
— A-a!.. — dedi Durkunxon, so‘ng hushlar-hushlamas qo‘shib qo‘ydi. — Doyalar qornimni yorib, qizimni olishgan. 
Nechundir tobora Yigitning ko‘ngli g‘ashlanmoqda edi. 

* * *

Bog‘ning ovloq xiyobonidan yuqori ko‘tarilib borishayapti. Atrof-tevarak poyonsiz o‘rmon kabi qalin daraxtzor. Siyrak yalangliklarda esa gulzorlar yashnab ko‘zga ko‘rinadi. Namxush havoda yomg‘ir isiga omuxta turfa gullaru asriy arg‘uvonlarning o‘tkir, yoqimli hidi anqiydi. Qayrag‘ochlaru oqqayinlarning tillarang barglari ohista pirpirab yerga qo‘nadi. Goho bargi gazonlarni shitirlatgancha hurkak olmaxon eppillab yo‘lni kesib o‘tadiyu, duch kelgan daraxtga tirmashib, zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi, saldan so‘ng yana iziga qaytib, qo‘l yetar balandlikda to‘xtaydi-da, xo‘rak ilinjida sergakkina mo‘ltirab turaveradi. 
— Ana, yana bir olmaxon yo‘limizni poylayapti, — dedi Durkunxon. — Yong‘oqdan qoldimi?
— Ko‘proq olsak bo‘lar ekan. Attang!.. Ko‘zmunchoqdek ko‘zlarini mo‘ltiratayotgan olmaxonga orqadan kelayotgan bo‘ychan bir qiz kaftida pista tutdi. Olmaxon qirs-qirs pista chaqqach, tag‘in yuqoriga o‘rmalab ketdi. 
Zinapoyadan yana bir baland sayxonlikka ko‘tarilishdi. Sayxonlikning o‘rtasi gulzor! Odamlar gulzor oralab, sayrona kezib yurishibdi. Tarvaqaylagan arg‘uvonlar ostiga o‘rindiqlar qo‘yilgan. 
Chekkaroqdagi o‘rindiqqa borib o‘tirganlaridan so‘ng, Yigit:
— Sen sira o‘ylaganmisan, kechalari uyqungni buzayotgan tovushlar nimaniki bo‘lishi mumkin? — deb so‘radi. 
— Axir, tog‘ bosimi ostida a’zoi badan qizib, hadeb miyaga qon uraversa... 
— Yo‘q, undan emas. Menimcha, chindan ham Ma’shuqaning arvohi tunu kun darada chirqillab yurgandek!.. 
— Ah-ha, mantig‘ing chakki emas, — deb kuldi Durkunxon. — Ruh mavzusida dissertatsiya yozsang bo‘lar ekan. 
— Men behazil gapirayapman. 
— Men ham behazil aytayapman!.. Sen juda ajoyibsan... 
— Polkovniging ko‘rib qolsa!.. 
— Menga desa general ko‘rmaydimi! — dedi Durkunxon va negadir birdan ma’yus tortdi. — Kechir meni. Men seni aldaganman... Erim yo‘q mening. 
... e, bechora!
— Qizing-chi?
— Qizim bor. Qizim aqlli. — Durkunxon xo‘rsindi. Boshini quyi egdi — Erim zaif edi. Yuradi deb o‘ylardi meni. Axiyri ajrashdik... Keyin bir kuni uyga mast-alast keldiyu, kindigimdan pichoq tortvordi. 
— Boshdayoq rostini aytsang bo‘lmasmidi?
— Nima desam ekan?.. Sen baribir meni tushunolmaysan... Biz o‘z ixtiyorimiz bilan shu kuyga tushibmizmi?!
... bu qanday zamona, bular bunchalar xoru zor?!
Ushbu fikr ko‘nglidan kechgani hamono, Yigit ko‘ksida achchiq bir og‘riqcha sezdi. odamning xo‘rligi keladi-e!
Yigit tush ko‘rmoqda edi. 
Tushida ko‘zlarini ochdiyu, yonida afsonaviy mnng kokilli ilonni eslatuvchi echkiemarni ko‘rib, o‘sha zahoti chirt yumdi. Qimir etmay, tahlika ichra yotaverdi. 
... tavba, echkiemar xonada nima qilib yuribdi! To‘rtinchi qavatda-ya!.. Yoki, tog‘ so‘qmog‘ida echkiemarga duch kelganim uchun, endi ko‘zimga ko‘rinayaptimikan?.. Qiziq, shu paytgacha har maqomda qulog‘imga chalinib uyqumni buzgan ham manavi mahluqning tovushimikan-a?
Bir mahal, tushki hushi uyg‘anib, qadam tovushi kabi bir sas ohista qulog‘iga chalindi. Ko‘zlarini ochgisi keldi, lekin ochmadi. Keyin, saldan so‘ng, sekin eshikning ochilib yopilgani eshitildimi... eshitilgandek bo‘ldimi — bilolmadi. 
Yalt ko‘zlarini ochdi xona to‘linoy nuridan sutdek oydin edi. 
... jin ursin! Tezroq bu yerdan jo‘nab ketish kerak... Ajab, shu tobda Anvar Oxun o‘zining 553-xonasida nima qilayotgan bo‘lsaykin-a?
Ayni shu daqiqalarda Anvar Oxun botinan betoqatlanmoqda, agar hamon ro‘parasida xumorlanib o‘tirgan Bo‘tako‘z malak xonasiga chiqib ketsa, kundalik odaticha, suyukli munaqqasha mashg‘ulotini birpas davom ettirmoqchi, so‘ng maza qilib uxlamoqchi edi. 
... tur axir, Bo‘tako‘z, xonangga chiqa qol endi. Juda oshirvording-ku!
Bo‘tako‘z esa hayyorona kulimsirab:
— Yolgiz qolishni istayapsiz-a? — dedi, — To‘g‘ri topdimmi, Anvar? 
Anvar qizarib:
— Yo‘q, nega?.. — dedi. — Uxlashga ulguramiz hali. Uyqu — o‘lim, degan maqol bor bizda. 
— Juda serma’no maqol ekan, — dedi Bo‘tako‘z. — Lekin siz bilan men o‘lim haqida o‘ylamasligimiz kerak. 
— Bizga shunday o‘rgatishganki, chinakam musulmon har kuni yetti mahal o‘limni tan olishi kerak. 
— Eh-ha, azobku bu, Anvar!
— Kim aytdi snzga, musulmonlik, rohat, deb?
— Axir, biz o‘zimizga berilgan imkoniyatlardan foydalanib, hayot ne’matlaridan rohatlanmog‘imiz kerak emasmi?
— To‘g‘ri, biz bunga haqlimiz. Ammo, Islom ta’limoti bo‘yicha asl rohat-farog‘at u dunyoda, bu yoqdagilari... o‘tkinchi. Ya’ni, biz bu dunyoda birodarlarimiz baxtu saodati uchun fidoynlarcha mashaqqat chekib, o‘tkinchi rohat-farog‘atlarga ruju qo‘ymay, sabru qanoat bilan yashamog‘imiz kerak. 
— Bemavrid qartayib qolgan odamga o‘xshaysiz, Anvar. 
Anvar kulimsirab:
— Balki, — dedi. 
Xiyol jimlikdan so‘ng Bo‘tako‘z turishga chog‘lanarkan:
— Aytmoqchi, siz menga va’da bermadingizku, ertalab cho‘milgani borasizmi? — dedi. — Bilasizmi, ertalab chog‘i ko‘l suvi qanday bo‘ladi — yangi sog‘ilgan sutdek iliq, sutdek mayin!
Anvar chap ko‘ksini siypalab:
— Aytganman-ku, menga mumkin emas, — dedi. — Qo‘ying, tavonimga qolishingiz mumkin. 
— Anvar, — doktorlarga ishonmang!... Ular meni yigirma yil aldashdi tug‘ma yurak o‘ynoqi kasaling bor, deb. Yigirma yil-a!.. Men baribir ularga ishonmay, qishin-yozin cho‘milaverganman. Ana, o‘zingizning xabaringiz bor-ku, uch kun qatorasiga yapon apparatida tekshirishib, hech qachon siz yurak o‘ynoqi kasali bilan og‘rimagansiz, deyishdi. 
— Mening yuragimda choklar bor ekan-da... 
— Gapirmang!.. Ularga emas, ko‘proq Kashpirovskiyga quloq solib, ko‘proq cho‘milish kerak, Anvar, — deb Bo‘tako‘z o‘rnidan turdi. — Ertalab cho‘milgani boramiz-a?
— Ko‘ramiz. 
Bo‘tako‘z xush-xurram jilmayarkan, eshik tomon yurib:
— Ertalab uyg‘otaman baribir, — dedi. Anvar indamadi. 
— Yaxshi tushlar ko‘ring, Anvar!.. 
— Tashakkur!.. 
Anvar eshikni qulfladi. Ortiga qaytdi. Stol ustidagi kitoblarga nigoh tashlab, xazin entikdi. 
... yana bir kecha harom bo‘ldi. Esiz!.. 
Peshayvonga chiqdi. 
Havo salqin, mayin. Osmon esa yulduzlar bilan charog‘on. Ana, bir yulduz vizillab uchib, Ma’shuq qoyasi ortiga o‘tib ketdi. Nogoh ko‘l tomonda suv shaloplab, bir hovuch kumush tanga sochvorilgandek, uzoqdan oy nurida tomchilar yaltiradi. 
Anvar xonaga qaytarkan, bugun samarqandlik bir xonimcha qo‘yarda-qo‘ymay anavinaqa video-kinoga boshlab kirganini va kinodan qochib chiqqaniyu, so‘ng kunbo‘yi g‘ashlanib yurganini esladi. 
... qo‘tir echkiga o‘xshamay o‘linglar-e! Tavba, nega bular bunaqa-ya!... Agar shu kunlarda ko‘rgan-kuzatganlarimni bir hikoya qilib yozsam, hoynahay jipiriqilardan baloga qolib ketarmano-ov!.. Lekin nimadir yozmaslik... O’, xalq balo, xalq dono aytsam o‘ldirurlar, aytmasam o‘lim!
Anvar shartta kitoblar ustidan daftarni oldi. Ochdi. Odaticha, satr boshidan uch yulduz qo‘yib, yoza boshladi. 

* * *

Hikoya... Hikoyada maqsad-muddao bo‘rtiqligi — siqiqlik-o‘quvtani ezib qo‘yishi mumkin.
Men shunday bir roman yozishim kerakki, unda voqealar aralash-quralashligidan gap nima haqda borayotganligini daf’atan anday-munday kitobxon anglab yetolmasin, toki u hayot qadar bema’ni, hayot qadar beshafqat bo‘lsin. 

* * *

O’z layoqatini bilolganlar — baxtiyordirlar. 
Anvar shunday deb yozdiyu, bekor gap, deb o‘yladi. Keyin, bu yoqqa kelayotib, biror yigirma kuncha o‘z xayollari bilan yolg‘iz qolaridan umidlanib suyungani yodiga tushdi. Entikdi. 
Tag‘in yozishda davom etdi. 

* * *

Odam hech qachon tashqi kuchlar azobidan qutulolmaydi. Tashqi va ruhiy qiynoqlardan qutulmog‘i uchun hech bo‘lsa odam esar bo‘lmog‘i kerak. Binobarin, bu dunyoda odam ozod ham, baxtiyor ham bo‘lolmaydi. 

* * *

Yolg‘izlik — xomxayoldir ayniqsa, ushbu zamonda! Quloqlaringizga ko‘zlaringiz orqali tashqi dunyo bor bulganchliklari bilan miyangizga suqilib kiraveradi, kiraveradi, kiraveradi. Yoki bekinib olgan makoningizga kimdir kirib keladi, yoki bekinib olgan makoningizdan nochor-noiloj chiqasizu, nopok kimsalarga duch kelasiz, jirkanch g‘alvalarga guvoh bo‘lasiz. Oqibat, xayolingizda yaratgan yolg‘izlik olamingizdan yana mosuvo bo‘lib qolaverasiz. 
1989 yil. 

Anvar o‘rnidan turdi. Tunchiroqni o‘chirdi. Yechindi. So‘ng to‘shakka horg‘in cho‘zilarkan, tag‘in nima jin urib video-kino tomoshasiga borgani yodiga tushdiyu, ko‘nglida bir g‘ashlikni his etdi. 
... dahshat, deb o‘yladi eng muhim san’atlardan biri anavinaqa fohishabozlikka chorlab tursa-ya!.. Hoynahoy kinoda ko‘rganlarini samarqandlik xonimcha endi boplab amalda qo‘llayotgan bo‘lsa kerak. Albatta-da!.. Yo‘q, hamisha odamlarni itoatda saqlaguvchi ilohiy bir kuch-qudratli bir kuch zarur ekan... Xo‘sh, ertalab yangi sog‘ilgan sutdek iliq, sutdek mayin ko‘lda Bo‘tako‘z bilan birga cho‘milgani boramizmi endi, mulla Anvar?.. Buzilayapsiz, mulla Anvar, buzilayapsiz!
Bir mahal tush ko‘ra boshladi: osmon falakda, oppoq bulutlar oralab kinodagi momiqbadan qizlar bilan suzib yurganmish. 
Yigit kiyinib, peshayvonga chiqdi. So‘lib yotgan gullarni chetga surib qo‘ydi. 
Ertalab. Qoyalar orasidan quyosh mo‘ralab, mo‘l-ko‘l nur sochayapti. 
G’ishtparchin yo‘lkalardan oshxona tomon tizilishib borayotgan odamlarni kuzatarkan, g‘animat g‘amida g‘alla g‘arami sari oshiqlayotgan chumolilarga, ayni kezda ularni o‘tlagani taqir yaylov tarafga yo‘l olgan podaga ham taqqoslab, kulimsirab qo‘ydi. 
... hademay o‘zimiz ham ular safiga qo‘shilamiz... Bir to‘da ayollarga bir gala erkaklarni qo‘shib... Buning nimasi kurortmish-a! Kimdan chiqqan o‘zi bunaqa odat. 
Bo‘ynini cho‘zib, Durkunxonning xonasiga kirdi: Durkunxon peshayvon ro‘parasida soch taramoqda edi. 
— Salom berdik. 
Durkunxon indamadi. Tumshaydi. 
— V. I. Lenin iborasi. 
Yigit atay beparvo ohangda so‘radi:
— Nonushta qilgani bormaysanmi?
— O’zing boraver. 
Yigit achchiq kulib, ortiga burildi. 
Xiyoldan so‘ng, odamlar oqimiga qo‘shilib, oshxonaga kirib bordi. 
Oshxona gavjum, lekin hamishagiday dasturxonlar huvillaydi. To‘yish uchun emas, ochdan o‘lmaslik uchun nimadir tanovul qilish mumkin. 
Stolga yaqinlashayotib, hamdasturxoniga bosh irg‘ab yoqimli ishtaha tiladi. 
Poytaxtlik Oppoqbika jilmayib:
— Marhamat, shoir janoblari! — dsdi. — Achchiq ayron, yorma bo‘tqa va hokazo. 
— Iltimos, kesatmang, — dedi yigit. — Men shoir emasman. 
— G’alati ekansiz-ku, — dedi Oppoqbika qizarib. — Gazetada ishlayman, degan edingiz. Jurnalist... shoir baribir emasmi?
— Yo‘q, baribir emas. 
— Men... meni kechirasiz. Ko‘rmayapsizmi, yemoqqa arzigulik biror vaqo yo‘qligidan sizga arz qilmoqchi edim. Bizning nomimizdan gazetaga feleton yozarmikansiz deb. 
— Salkam yigirma yil feleton yozganman, — dedi yigit, taassuf bilan bosh chayqab. — Feleton bilan hech nimaga ershiib bo‘lmaydi. Faqat bitta yo‘li bor yoppasiga ochlik e’lon qilish kerak. 
— Juda to‘g‘ri! — dedi Oppoqbikaning ro‘parasida o‘tirgan tepakal baqaloq pishillagancha, sanchqini havoga niqtab. — Siz o‘zbekistonliksiz-a?
— Ha, o‘zbekistonlikman. O’zbekman. 
— «Literaturka»da bosilib chiqqan G’oyibovning sirli o‘limiyu markazlik tergovchilarning kirdikorlari haqidagi feleton to‘g‘risida qanday fikrdasiz?
— Jurnalist haq. 
Baqaloq:
— Ana, aytmovdimmi senga! — deb, sherigi — qirra burun, qirq yoshlardagi yigitga qaradi. — Hali hammasi fosh bo‘ladi... O’sha davrlarda xalqingizga qarshi puxta o‘ylangan jarayon boshlanib ketgan edi. Ha-ha!.. Hali hammasi fosh bo‘ladi. Men sizlarning respublikangizda bo‘lganman. Bilasizmi... 
— Bas! — Qirra burun Baqaloqni gapirgani qo‘ymadi. — Hozir og‘zingdan gullaysanu, keyin pushaymon bo‘lib yurasan. 
Oraga jimlik cho‘kdi. 
Saldan so‘ng Qirra burun tovoqni nari surib, xayr ma’nosida bosh irg‘agach, vazmin o‘rnidan turarkan, sherigiga:
— Ketdik, — dedi. 
Baqaloq uzrchan kulimsirab, shoshqaloqlik bilan uning izidan ergashdi. 
Ular xiyol uzoqlashgach, Oppoqbika taqsimchadagi ulushi — chaqmoqqanddek saryog‘ni uzatib:
— Marhamat... Qo‘limni qaytarmang, — dedi. Yigit to‘ymagan edi:
— Rahmat, — dedi va yog‘ni pichoqqa ilib, nonga surdi. 
Bir ozdan so‘ng Oppoqbika:
— Baqaloq oshpazning gapiga qaraganda sizlarda ayollar hamda bolalar umuman go‘sht yeyishmasmish, — dedi. — Lekin kunora choyxonada erkaklar palovxo‘rlik qilisharmish. To‘g‘rimi shu gap?
... suyuq. Alamzada! Parvo qilmaganim uchun endi zahrini sochmoqchi. Chayon!
Yigit yog‘ surilgan non bo‘lagining yarmini yegan edi, qolgan qismini dasturxonga qo‘ydi: Og‘zidagi rizqini bazo‘r yutib:
— Ham rost, ham bo‘hton, — dedi. — Rostligi shundaki, choyxonada palovxo‘rlik qiladigan erkaklarning xalqqa aloqasi kamroq. Ularning uyida hamisha bir pud go‘sht osig‘liq turadi. Bo‘htonligi hadeb gapiradigan bo‘lsak, yaqin o‘tmishda ham xonadonlardagi xumlarda o‘z yog‘iga qovurilgan qo‘ylar nimtalab bosib qo‘yilgan bo‘lardi. Keyingi yillarda esa jumhuriyatimizda aholi jon boshiga atigi o‘n kilodan go‘sht to‘g‘ri kelayapti. Bunga kim aybdor deb o‘ylaysiz?
Oppoqbika ko‘zlarini pirpiratib:
— Tushunarli, — dedi, so‘ng. Mashinangiz bormi? - deb so‘radi. 
Daf’atan Oppoqbikaning muddaosini anglayolmay:
— Bor, — dedi Yigit. 
— Ko‘pchilikdami?
— Ko‘pchilikda.
Oppoqbika g‘alati kulib:
— Ana! — dedi. 
— Nima ana?! — dedi Yigit. 
— Demak, sizlardagi qandaydir noqonuniy daromad manbai to‘g‘risidagi gaplar uydirma emas. Axir, birgina maoshning o‘ziga mashina olish mushkul-ku?!
... bu chayonga nima deb javob berish kerak endi — bizning ayollarimiz bolalarini chirqillatib kurortlarda besar izg‘imaydilar, erkaklarimiz bolalari rizqidan qiyib shaharma-shahar kezmaydilar; ayollarimiz oddiygina kiyinadilar, erkaklarimiz ikki yuz so‘mlik kostyum to‘g‘risida hatto o‘ylamaydilar; farzandlarimiz bir-birlarining kiyimini kiyib ulg‘ayadilar: topgan-tutganimizni yig‘ib-terib to‘ylar qilamiz, uylar quramiz: shulardan orttib qolsak, ana undan keyin mashina olamiz, desammi? Ammo, baribir tushunolmasa kerak bu chayon. 
— Atrofiigizga bir ko‘z yugurtiringchi, mana shu mingdan ortiq dam oluvchi odamlar orasida o‘zbeklar jami besh kishi chiqarmikan?
Merovsirayotgandek tag‘in Oppoqbika ko‘zlarini pir-piratdi. Miq etolmadi. 
Yigit indamay o‘rnidan turdi. Nimadir bo‘g‘zidan bo‘g‘ayotgandek yo‘g‘riqib ko‘chaga chiqdi. Sayrona kezayotganlarni, oshiqona juftlarni oralab, chetga o‘tdi. Olmazor yonidagi ariqcha yoqalab, xomush keta boshladi. Bir mahal, ohista yelkasiga kimdir kaftini bosdi. O’girilib qaradi, ko‘mko‘k ko‘zlari bir dunyo hayajon bilan ro‘parasida gulgun yashnab turgan sarisoch Guloyimni ko‘rdi. 
— Sezayapsizmi, bugun kechagidan ham issiq bo‘ladi, — dedi Guloyim qiqirlab kulib. — Karang, quyosh qanday qizdirayapti. 
Chindan ham avji saraton kunlaridagi kabi qilt etgan shabada sezilmas, osmon tiniq, ufq tomonda esa alvon bulutlar suzmoqda edi. 
— Toqqa chiqmaymizmi?
— Tog‘da nima qilamiz?
— Menda xitoylarning giyohlaridan tayyorlangan ajoyib malhami bor. — deb, Guloyim uning bilagidan oldi. — Ko‘rasiz, badanni rosa yayratadi. Chiqamizmi?
— Bilmadim... Hamshaharlar bilan bugun bir palovxo‘rlik qilmoqchi edik. 
Guloyim ayanchli mungraydi. Yigit hazin entikdi. 
... ha, shoir haq meni xoru rasvo qiladurg‘on bu ko‘ngildir, bu ko‘ngil. (Alisher Navoiy satri). 
Po‘panoq tog‘jiydalarining olachalpoq soyasida davra tuzishgan. O’rtada sharqona dasturxon, po‘ltoni non bo‘laklari kosalab karjlangan qovun, yong‘oq, parraklangan qazi... Oshxonadan olingan ikkita chinni tovoqda esa oz-ozdan palov qolgan. Bir nechta shisha quvragan o‘t-o‘lanlar orasida dumalab yotibdi. 
Bazm avjida. 
Ammo, negadir Anvar Oxun pinhona betoqat, tezroq davra tarqasa, Bo‘tako‘z yoniga bormoqchi. Lekin, chamasi, haliberi davra davom etadigan. U esa nima qilariga hayron, o‘tiraversinmi yoki?.. 
Davrada kosagullik qilayotgan dog‘istonlik Musulmonqul:
— Qardoshlar, ichamiz!— dedi. Tut shinnisidan tayyorlangan aroq bu. Zo‘r!.. To‘qsonga kirgan otam o‘z qo‘li bilan tayyorlagan — tabarruk. Olinglar, qardoshlar!
— Shoshma, Musulmonqul! — dedi qashqadaryolik savlatli yigit, dog‘istonlikning kiftiga shapatilab. — Biz alkagol emasmiz, og‘aynim. Qani, kim tost aytadi, nima uchun ichamiz?
— Men aytam endi, men! — dedi samarqandlik xonimcha, sarxushlikdan quvnab, chayqalib. — Ya — internatsiopalistka. Papam — cho‘qingan — rus, aniyim — tatarka, o‘zim o‘zbek naturi, erim — xaxul. Internatsionalizm uchun pit icharga kirak, druzya!
— Oling-e, qinizini go‘miyn! — dedi xorazmlik qovunchi mastona kekirib. — Internasiyonalizminiyam sadag‘asi getay!.. 
Kadahlar jarangladi. 
Keyin, gazak qilmay, Savlat bilan xonimcha o‘pishdi. 
— Ey, Xonimcha, men-chi?!— dedi Qovunchi. — Jo‘jjingdan aynanayin, manga muchchi bermaysanmi axir?!
— Al... al! — dedi Xonimcha, g‘amza bilan yonog‘ini tutib. — Sinda silovat it indi, qiyashim!.. 
Beixtiyor yomon bir narsani ko‘rgan kabi Anvar Oxun yuzini chetga o‘girdi. 
— Ey, Oxun, san nechun burningni jiyirasan, jo‘ra? — deb so‘radi Qovunchi. — Oyog‘im sasimaydi. Kunda ikki mahal jo‘roi almashtiraman. Hovva, man bu yurtlara o‘ynab-kulgani kelganman, so‘pilik qilgani emas jo‘ra. Axir, o‘zlaringiz har kuni erta azondan radioda qo‘shiq aytasizlar-ku — Ye, ich, o‘yna, kul!... 
To‘g‘rimi?
Anvar Oxun indamay bosh irg‘adi. 
... buzilayapsan, mulla Anvar, buzilayapsan, birodar. Mana, o‘tiribsan-ku!.. Ustiga ustak xayolan Bo‘tako‘z huzuriga oshiqayottaningchi?... Be’mani davralardan ma’ni izlamoqchisan... Yolg‘on, yolg‘on, yolgon!
Birdan davrada kulgi, qiyqiriq yangradi. 
Anvar Oxun sergak tortdi. Va davrada tamomila o‘zining begonaligini his etdi. So‘ng, sekin daraxtlar ortiga o‘tib, davra tomon eltuvchi so‘qmoq sari yurib ketdi. 
Peshayvondagi orom kursida yaslanib, botib borayotgan quyosh nuridan allatovur shafaqlanib ko‘rinayotgan ko‘ldan nigohini uzmay, negadir yigit bu yoqlarga kelganigami yoki hanuz ketolmayotganigami o‘kinmoqda edi. Ko‘lda kimlardir yayrab cho‘milishayapti. Cho‘milgisi keldi. Ammo... 
Ammo, allanechuk asablari tarang. Ko‘ngil g‘ash. Boz ustiga nimadir movmushuk kabi dam ko‘ksini tirnab dam ishtiyoq bilan gajiyotgandek. 
— ... ayamay g‘aji-e, la’nati!... Kiziq, sezgi birlamchimi yoki idrok? Qaering og‘risa joning o‘sha yeringda. Bu gap sezgi azobiga aloqador. Undan dori-darmon bilan qutulish mumkin, vaqt ham malham xizmatini o‘taydi, jarohat bitib ketadi. Ammo, idrok azobi, idrok qiynog‘i-chi?
Bu yoqqa kelayotib, ro‘zg‘or tashvishlariyu turfa g‘alvalardan ma’lum muddat ozod bo‘lariga ishongan edi. 
Biroq, mana, bilayaptiki, ozod bo‘lolmas ekan — yuragi qa’ridanmi, miyasining teran qatlamlaridami o‘rtaguvchi nnmadir betinim g‘imirlayotgandek. To‘g‘ri, kelganiga necha kun bo‘ldi — bir haftami, o‘n kunmi — kelganidan beri, yo‘q... allazamonlardan buyon ushbu darada tutqun kabi kun kechirayotgandek. 
... demak, idrok birlamchi. Zarur nimadir yetishmayotgandek jismu jonimda beadad bir og‘riq kezayapti. Xo‘sh, nima bo‘lishi mumkin o‘sha — zarur nimadir?
Otashin xo‘rsindi. 
Darvoqe, muhit birlamchimi, axloq? Albatta, axloqshunos, axloq birlamchi, deb ishontirishga harakat qiladi. Lekin... 
Hamon nigohini shafaqrang ko‘ldan uzmagan edi. Ko‘nglidan boshqa bir fikr kecharkan, beixtiyor qaddini tiklab, tobora ko‘zlari kattargan ko‘yi, ko‘lga tikilib qoldi. 
... ana, kimdir cho‘kib ketdi. Iy-e, mulla Anvar shekilli! Ha, aynan o‘zi! O’shaning o‘zi!.. Ana, Bo‘tako‘z! Bo‘tako‘z uvvos solib, zir yugurayapti. Ko‘l tevaragi odamlar bilan tirband bo‘lib ketdi. 
Yigit irg‘ib o‘rnidan turdi. Peshayvon panjarasidan mahkam ushlab, yana xiyol fursat ko‘l tomon tikilib qoldp. G’alati kulimsiradi, ko‘l tevaragida hech kim yo‘q. Odamlar... beg‘am-beparvo odamlar qator tizilishib oshxona sari o‘tib borishmoqda edi. 
Yuqoridan odamlarga nazar solarkan, negadir tag‘in kulimsiradi. 
Shu paytda bekatga avtobus kelib to‘xtadi. 
... bas, ketish kerak. Ermak ham tugadi — mulla Anvar cho‘kib ketdi... Bunaqada aqldan ozish hech gap emas. Ana, avtobus tayyor. Biror soatlarda, mayli ikki soatda bo‘lsin, aeroportga eltib qo‘yadi. Chipta masalasi bir gap bo‘lar. Jo‘nash kerak!
Yigit shartta xonaga kirdi. Shoshqaloqlik bilan kiyimlariyu lash-lushlarini yig‘ishtirib, jomadoniga joyladi. So‘ng sarosar eshikni qulflab, pastga tushdi. Paypoq to‘qib o‘tirgan darbon kampirchaga kalitni topshirib, jo‘nab ketayotganligini aytdi. Xo‘shlashib ko‘chaga chiqdi. Tanishlardan birortasiga duch kelmaganiga suyundi. Va yugurib borib, avtobusga kirdi. Saldan so‘ng ko‘l yonidan o‘tisharkan, yanayam sirli-sehrlidek tuyulayotgan sokin ko‘lga xomush tikilib, parishon bosh irg‘adi. 
Mulla Anvar — jo‘rajon, ermak uchun seni xayolan bu yoqlarga olib keldimu, mana, endi o‘zim qochib ketayapman. Agar maboda palakat bosib bu tomonlarga kela qolsang, suvga cho‘kib o‘lmasang hamki, bo‘g‘ilib o‘laring tayin ekan, jo‘rajon!.. Hayriyat... hayriyat! Alvido, Oshiqdara!... 
Birdan avtobus ichini nimtatir qorong‘ilik chulg‘ab, dimoqqa namxush, xushbo‘y epkin urildi. Endi avtobus asriy chinoru arg‘uvonlar bilan qurshalgan nishab yo‘ldan ko‘tarilib, tobora Oshiqdaradan uzoqlashib bormoqda edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.