OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Norto‘xta Qilich. Zilzila (hikoya)

Erta tong mahali, hali Bahrom chol qotib uxlayotgan edi. Nogahon karavotning qattiq silkinishidan cho‘chib uyg‘onayotgani hamono, vassajuft shiftdan shuvillab tuproq to‘kilayotganligini eshitdi.
Uy ancha eski edi.
...tomni o‘yib birov tushdi-yov! – Beixtiyor shunday bir gumon xayolidan kechar-kechmas, Bahrom chol ko‘zlarini katta-katta ochdi, quloqlarini ding qildi. – Yo tavba, badavlat deb o‘ylabdilar-de!.. – O‘sha asnoda rahmatli o‘g‘li bor bo‘y-basti bilan ko‘z o‘ngida bir yolqinlandi: o‘g‘lining o‘tganiga ikki oydan ko‘proq... sal kam uch oycha... yo‘q, to‘g‘rirog‘i, tong otsa, yetmish yetti kun bo‘ladi. – Po‘lat... Po‘latjon!.. – deb shivirladi, tuganmas bir g‘am bilan. – Ha-a-ay-y, bolajonim-a!..
Yo piray, hammasi bir zumda – ko‘z yumib ochguncha – ro‘y berdi-qo‘ydi: odatdagiday o‘g‘lining dilkash jilmayishidan chaqnagan yuz-ko‘zlari xayolida namoyon bo‘lar-bo‘lmas, birdan osmondan, yo‘q... osmondan emas, yer komidan taralayotgan momaqaldiroqday gumbirlagan bir tovush aralash, – yo chindan ham momaqaldiroqmidi? – Olaboyning allatovur betoqat, zorlanib uvlayotgani qulog‘iga boshqacha chalindi. Irg‘ib o‘rnidan turdi. Va, ko‘ngli yomon bir nimanidir sezib, beixtiyor boshyalang, oyoqyalang eshik tomon yugurdi. Ayni o‘sha asnoda ajabtovur yashin chaqnadiyu, uy ichi op-oydin nurdan ko‘zni qaraqtirguday nurafshon bo‘ldi va oyog‘ining tagida yer chayqalayotganligini sezdi.
...ermi yo o‘zim chayqalvommanmi? Yer... yer shekilli. – Bahrom chol aniq bir xu-losaga kelib-kelolmay, sarosar hovliga chiqib, endi ortiga o‘girilgan ham ediki, dahlizning kunbotar tarafdagi devoridan bo‘yraday joy po‘p etib o‘pirilib tushdi. – Yo tavba, yer qimirlavotti-ku! Subhonolloh...
Bahrom chol, og‘zi yarim ochiq ko‘yi, qo‘ni-qo‘shnining g‘ala-g‘ovuri qulog‘iga olis... olislardanmi taralayotganday g‘alati chalingancha, bir muddat karaxtday angrayib qoldi. 
Olaboy esa, o‘pirilib tushgan devor kesaklarini oldingi oyoqlari bilan nega-dir jonhovri tatalarkan, g‘ingshib-g‘ingshib, damba-dam ko‘zlari cho‘g‘day chaqnagancha, Bahrom cholga qarab-qarab qo‘ymoqda edi.
Nogoh, qattiq to‘lg‘oq tutgan xotinday yer yana bir to‘lg‘andi.
Olaboy vangillab qochdi-da, hovlini zuv aylanib, betoqat iziga qaytdi, Bahrom cholning oyoqlariga to‘shini berib yotdi; tag‘in allanimadan zorlanayotganday chingsib, oyoqlarini yaladi. 
– Xayriyat, O‘zi bir asradi. – Bahrom chol xayolchan shivirlarkan, tag‘in Po‘latjoni kulib-jilmayib ko‘z o‘ngidan o‘tdiyu, o‘g‘lining qazosi kunlari yeru ko‘kka sig‘may qolgani yodiga tushib, Bahrom chol tajanglik bilan to‘ng‘illadi. – E, dunyosi tuf degan tupukka arzimas ekan-ku! Buncha?!.
Bahrom cholning yuragi sancha boshlagan edi, to‘ng‘illagan ko‘yi, chap ko‘kragining ostiga kaftini bosdi. Voajab, yolg‘izining qazosiga qadar yuragining boru yo‘qligi yodiga ham tushmagan, endi esa bot-bot shunaqa xuruj qiladigan odat chiqardi.
Ishkom ostidagi kartga xomush o‘tirdi.
Olaboy orqa oyoqlariga cho‘nqayib, cho‘zib-cho‘zib uliy boshladi.
Bahrom chol xo‘mrayib, itga: o‘chir, demoqchi bo‘ldi, lekin... demadi.
...mayli, uliyversin. Po‘latimmi qazosi kunlaridayam jonivor...
Olaboy osmonga qarab uliyverdi.
Allaqachon tong yorishgan – tobora osmon oqish-kulrang tus olmoqda. Ko‘chaga yopirilib chiqqan qo‘ni-qo‘shnilarning g‘ala-g‘ovuri lahza sayin avj olayotgan edi. O‘sha asnoda birdan bir nechta “Tez yordam” mashinasi olam-jahonga qiy-chuv solib, katta yo‘ldan yelib o‘tdi. 
Hamon Bahrom chol boshyalang, oyoqyalang edi. Turib, ko‘chaga qaragisi, qo‘ni-qo‘shni bilan omonlashgisi keldi. Lekin... buning uchun uyga kirishi... kiyinishi kerak edi, shu tobda uyga kirish-kirmaslikni hamda oppoq ishton ko‘ylakda o‘zining arvohday bo‘lib o‘tirganligini o‘yladimi, o‘ylaganday bo‘ldimi – bilolmay, borligu yo‘qlik aro mahv bo‘lgan ko‘yi, chap ko‘kragining ostini xomush... xayolchan siypalayverdi.
Ishkom chekkasidagi quvur jo‘mragi mahkam buralmay qolgan ekan, undan ko‘z-yoshiday uzluksiz suv tomchilamoqda edi: chak... chak... chak!..
 
* * * 

Bahrom chol, baribir, ko‘chaga chiqmadi.
...chiqib ham nima qilardim, – deb o‘yladi. – Birovning ko‘zi uchvottimi. 
Xushlar-xushlamas nonushta qilganidan so‘ng, Bahrom chol erinmay, elan-qaran unnab, sersomon loy qordi. 
...qayoqqayam shoshilaman – borar manzilim aniq: ana, anetta kampirimu o‘g‘lim-ning mangu makoni yonidan tegadigani ikki gazgina joy; faqat, vaqti... noma’lum-de!.. O‘zi, azaldan shunday: bandasi kelariyu ketar vaqtini bilolmaydi.
Bahrom chol tag‘in bir chelak suvni loyning ustiga shilta qilib sepdi. Endi loy bir oz damini olishi – yetilishi kerak edi.
Bahrom chol yuzlariga, peshonasiga ko‘pchigan terlarini belbog‘iga artgan ko‘yi, kartga borib, horg‘in... g‘amgin cho‘zildi. Lo‘la bolishga boshini qo‘yayotib, kampirini esladi: xo‘rsindi!.. 
Aslida, e s l a d i deyish – sal to‘g‘ri emas; chunki, eslasa-eslamasa, o‘ylasa-o‘yla-masa, dam o‘g‘li, dam kampiri, goho har ikkala azizi dilining tub-tubidami yo miyasi-ning allabir qat-qatidami yonayotgan shamday big‘illayotganini mayin bir og‘riq bilan mudom his etib turadi. Biladiki, mana shunday paytlarda rahmatli kampiri darrovgina bir piyola iliq-issiq choy quyib uzatardi: mang, xalqumiyizzi ho‘llavoling, chol derdi.
Endi bunday o‘ylab qarasa, kampirining ch o l degan shu birgina jumlasida ona-ning erkatoyiga b o l a m deganidagiday bir mehribon taft bo‘lgan ekan; endi esa, o‘sha taft...
...yo‘q-de, yo‘q!
Shuni o‘ylayotib, beixtiyor Bahrom cholning kampiriga ham havasi keldi, ham... Ko‘z jiyaklari jimirlab ketdi. Yutindi.
...rahmatli vaqtida etak siltagan ekan, – deb ko‘nglidan o‘tkazdi so‘ng Bahrom chol, tirsagiga tiranib choy quygach, iliq choydan bir qult ho‘playotib. Bahrom chol na-faqaga chiqqan yili, kampiri, og‘rimay-netmay, bir peshin chog‘i qo‘lida dabdurust-dan qanot qoqib, jon taslim qilgan edi. – O‘zbekning odatlari qursin ekan: onang – mahalla, otang – mahalla, deb o‘sha kuni qo‘yarda-qo‘ymay, asr namoziga chiqargan edi-lar; tili tanglayida qotmay, mayitni joyi rostoniga topshirish kerak emish!.. Ana keyin – ikki yildan sal kamroq o‘tganidan so‘ng, Po‘lat!.. Po‘latjon, agar... Boyo-qishning yuragi yorilib ketardi-yov!
Bahrom chol – ota ekan, chidadi.
...e, chidaganim qursin! – deb shivirladi Bahrom chol, o‘zigagina ayon bir alamzadalik bilan, uf tortib. – Aytishga oson – farzand dog‘iga chidab bo‘larkanmi?!. O‘shandan beri tong otadiyu kun botadi. – Ha, Bahrom cholning bilgani shu: tongi otmagan tun, quyoshi botmagan kun yo‘q ekan. – Bir nafas evrilmadi, davron mani komim bila, degani shu bo‘ladi.
Bugun... haliroq dahlizning o‘pirilgan devorini hamda chordoqqa chiqib, tom-ning teshilgan kaftday joyini suvaganidan so‘ng, asr namozi paytini mo‘ljallab, qabristonga borishni diliga tugdi: kampirining ruhi poki haqiga, o‘g‘lining navqiron ruhi poki haqiga bilganicha tilovat qilib, ko‘nglini sal yozib qaytadi. 
Erta tongdan beri goh hud, goh behud xisr-pisr yuraverganigami, Bahrom chol rosa charchagan ekan, asta qo‘lidan piyolaning ko‘rpachaga sirg‘alib tushganini ham payqayolmay, ko‘zlari uyquga ilindi. 

* * *

Tong yorishar mahalidan ancha avvalroq Bahrom chol tush ko‘rdi: tushida – onasi!.. Onaginasi emish-ey!.. O, necha zamonlar bo‘p ketgan edi tushiga onasining kirmaganiga. 
...nechuk bunday?.. – Bahrom chol ko‘nglida unutilayozgan bir minnatdorlikni tuydi. – O‘zingga shukur-ey!.. Lekin, nimaning alomati bo‘lishi mumkin bu-a?
Onasi uyda: eshikning o‘ng tomonidagi to‘shakda o‘ranib yotgan emish. Xona ichi go‘yo ko‘zni qaraqtirguday yop-yorug‘ emish!.. Oyi, dedi Bahrom chol, asta onasi tomonga engashib. Va, ovozi tovlanib: o‘zingizmi, oyi? – dedi Bahrom chol yana. O‘zimman, bolam, o‘zim! – dedi onasi, ko‘zlarini ochmay... Qiziq, olis bolalik yillaridagi kabi onasining quchoqlariga kirmoqchi bo‘ldi, lekin onasi birpas orom olmoqchi ekanligini aytib, yoniga yaqin yo‘latmadi.
Shu!..
Bahrom chol yostiqdan bosh uzib, qomatini tikladi. Boya onasiga gapirayotganida, negadir bo‘g‘zi kuyishib, – yo piray! – boladay yig‘lagisi kelgan edi. Xayolchanlik bilan shuni eslarkan, ko‘zlari jimirlab, parishon yonveriga qaradi: uyda emas, kartda – ishkom ostida tunab qolganini bildi.
...qiziq, nega uyda emas? 
Kecha chordoqqa chiqib, tomning teshilgan tuynugini sersomon loy bilan suvayot-ganida, uyning bir necha joyidan darz ketganini ko‘rib, ko‘ksi shilinguday og‘rigan; keyin, radio ham: hali zilzila qaytalashi mumkin, deganga yaqin mujmal bir gap qilgan edi. Bildiki, uyda tunamaganligi shundan. 
...sabil, jon – shirin-de!..
Tag‘in xayoli tushiga og‘di.
...nechun oyim ko‘zlarini ochmadilar-a? – Boya beixtiyor tushida engashganida Bah-rom chol asta onasining yonoqlariga lablarini bosganini esladi. Va, go‘yo hamon du-doqlarida qadrdon bir nimanidir tuyadiganday lablarini yaladi: karch-karch yorilgu-day qurqshapti... – Ichimda tutayotgan g‘ussamning hovuridan bu, – deb, Bahrom chol tag‘in lablarini yaladi. – Bitta o‘zim bilaman. – Tushida bo‘lsa hamki, onasini ko‘rganiga ko‘p zamonlardan beri unutilgan bir iliqlikni ko‘nglida his etdi. Lekin, kecha, asr namozi mahali qabristonga borib, kampirining, o‘g‘lining oyoq uchlarida ko‘z yumib o‘tirganida onaginasi yodiga tushgan-tushmaganlarini eslolmay, xijillandi. Endi qiblaga yuzlanib, onasining ruhi pokiga uzoq duoyi fotiha bag‘ishlashni niyat etarkan, hanuz taajjubda edi. – Nimaning alomati bo‘lishi mumkin-a? Oyimning tushimga kirganlari bejiz emasdir axir?!.. – Kecha Bahrom chol kampirining yillar shamoliyu, yog‘in-sochinida yer bilan bitta bo‘layozgan joyi rostoniga, o‘g‘lining barra maysalar qoplayotgan go‘riga mo‘lt-mo‘lt termilib: ochig‘ini aytsam, u yoqda mani qilar ishim qolmadi. Sizlarni juda... judayam sog‘inyapman. Maniyam yonlaringizga olinglar axir, deb tilangan edi. Shuni o‘yladi. – Balki, ko‘zlarini ochib manga qaramaganlari yaxshilikkadir. Shoshilma, hali erta, bolam, deyayotganlaridir bu. 
Bahrom chol kartdan tushdi. Kavushini kiydi.
Olaboy kart ostida yotgan ekan, chiqdi. Oldingi oyoqlariga tiranib, og‘zini katta ochgancha esnab, uzoq kerishgach, ko‘zlari chaqnab, erkalanayotganday xushhol hurib qo‘ydi: vau-u-uv – yaxshi yotib turdingizmi, xo‘jayin?
– Hm-m, o‘zing-chi, Olaboy? – dedi Bahrom chol, dahliz tomonga jilib. – Man tu-shimda oyimni ko‘rdim. Bildingmi, oyijonimni?..
Gazo‘choqni yoqib, Bahrom chol olovga bir chelak suvni qo‘ydi.
Hali erta: tongotargacha ancha vaqt bor. Suv isigandan so‘ng, maza qilib boshdan-oyoq bir quyinadi.
...g‘usul deydimi buning otini?.. Ana keyin, yuvib qo‘yilgan oppoq ishton-ko‘ylak-lardan birini kiyib... – Beixtiyor yuragi sug‘urilguday bo‘lib, Bahrom chol, yoshiga yarashmagan bir zoriqish bilan: – Oyijo-on! – devordi baralla. – Iloyo?!.

* * * 

Tavalloyu tilovatdan so‘ng, ancha ruhiyatini tetik his etib, Bahrom chol boqqa o‘t-di: niyati – nonushta paytigacha bir oz unnab, qolgan ikki-uch pushta egatni shibbalab qo‘ymoqchi; keyin, suv taraydi; yer yetilgach, ekadi: pamidor, bulg‘or qalampiri, baq-lajon. Uch yuz... uch yuzu ellikta ko‘chat yetib ortadi. Bugun kech xufton paytiga dovur singgitib suvga qondirsa, ikki kun, uzog‘i bilan, uch kunda yetiladi.
...ermak-da, – deb shivirladi Bahrom chol. – Bekordan – Xudo bezor emish.
Yulduzlar birin-birin so‘nib, tong bo‘zarmoqda edi.
Ikki tup gilos, ikki tup olxo‘ri qiyg‘os gullagan. Olma, shaftolilarning guli endi ochilayapti. Har ikkalovining ham guli ochpushti tusda. Gilos hamda olxo‘rining guli esa oppoq – yangi yoqqan qor yanglig‘... Tong yog‘dusida ajabtovur tovlanib-tuslanayotgan shoda-shoda gullarga suq bilan termilarkan, beixtiyor dilida Bahrom chol: – chiroyli-e! – dedi. Va, dimog‘ida gullarning mayin iforini tuyub, yutoqib-yutoqib nafas oldi. Ayni o‘sha asnoda inja bir sas ham qulog‘iga chalindi.
...hoynahoy, asalari bo‘lsa kerak, – deb taxmin qildi. Lekin, negadir, taxminiga o‘zining ishonib-ishongisi kelmay, sekin gilosga yaqinlashdi, boshini ko‘tardi. Va, g‘uj-g‘uj gullarga burkangan novdalar orasida bir nechta asalarini ko‘rdi: bari betoqat... behalovat g‘o‘ng‘illab, guldan gulga uchib qo‘nayapti; barining jimitday orqa oyoqchalari allaqachon gulchanggiga to‘la. – O‘, qoyil-e!.. Mana, yashashni n i m a d a n o‘rganmoq kerak. – Kecha, asr namozi mahali kampiriga, o‘g‘liga qilgan vovaylosi yodiga tushib, Bahrom cholning ko‘ksi bir qalqidi. – San bo‘lsang: bu yoqda mani qiladigan ishim qolmadi, deb... Odamning har narsa bo‘lgani yaxshi-e!.. Nima qipti, yer qimirlasa qimirlapti-da, shungayam ota go‘ri qozixonami. Xudoning ming bir ishlaridan birida buyam. 
Olaboy g‘ingshidi. 
Xayoli chalg‘ib, Bahrom chol ortiga o‘girildi: sal narida jonivor orqa oyoqlarida cho‘nqayib, nega angrayib qoldingiz, xo‘jayin, deyayotganday tik qarab turardi.
– Olaboy?.. – dedi Bahrom chol. – Boringga shukur-ey!..
Bahrom chol sekin egatlar oralab, ortidan Olaboyni ergashtirgancha, oxirgi uch pushtaga yetdi. Qo‘liga ketmonchani oldi: endi shoshilmay shibbalashi kerak; nonushta qilganidan so‘ng, suv taraydi.
Olaboy avval chelda orqa oyoqlariga cho‘nqaydi, so‘ng xo‘jasining astoydil ishga kirishganini ko‘rib, yerga to‘shini berib yotdi. 
Tong otayapti.
Tarvaqaylagan, baland gilosning shoxlariga dam sayin, lahza sayin har yoqdan izma-iz pirillab uchib kelib qo‘nayotgan qushlarning, asosan chumchuqlarning chug‘ur-chug‘uri avj olmoqda edi.
...qushlar – xufton kirar-kirmas uyquga ketadiyu, tong otar-otmas uyg‘onadi, – deb, dilida qayd etdi Bahrom chol, ketmonning orqasi bilan kesaklarni maydalab, egatni shibbalarkan. – Lekin jonivor asalarilar baridan erta uyg‘onarkan-ey!.. 
Ayni o‘sha tobda esa qushlarning tonggi bahsma-bahs xonishi har qachongidan ham shodon, har qachongidan ham ajabtovur yoqimli edi. Birpas Bahrom cholning qushlar bazmiga mahliyolik bilan termilib, dilkash sayrog‘iga quloq tutgisi keldi. Lekin, kesaklarni xayolchan tap-tup maydalab, egatni tekis shibbalayverdi.
Bu yil, negadir, ancha kechikdi. Bundan avvalgi yillari o‘n beshinchi, juda nari borsa – uzog‘i bilan, yigirmanchigacha ekib bo‘lardi. Bugun – yigirma yettinchi. Kecha... yigirma oltinchi edi. 
...26 aprel – zilzila ro‘y bergan kun, – deb o‘yladi Bahrom chol. – Po‘latimning qazosining yetmish yettinchi kuni. Hay, bolajonima-a – Po‘latjonima-a!.. Raqamlardayam bir karomat boro-ov!
 O‘ylab qarasa, bu yil qariyb o‘n... o‘n besh kunga kechikibdi.
 ...bir kun erta eksang – bir hafta oldin o‘rasan. Mirishkor o‘zbekning gapi bu. Demak, man... E, maniki – ermak. Nima, man bozorga opchiqarmidim.
O‘g‘li ikkovi, odatda, bozor kuni choshgohda ish boshlab, quyosh botar-botmas, hava-sakka egat olib bo‘lgach, suvni jildiratib qo‘yardilar. Ertalabgacha yer miriqib suvga qonardi. Ana keyin – yer yetilishi bilan, birpasda ota-o‘g‘il avvaldan kampiri chirigan go‘ng to‘ldirilgan yashiklarga sochma qilib ekib qo‘ygan ko‘chatlarni nonushta paytigacha qadab, tag‘in darhol suvni mildiratib qo‘yardilar-da, ishga jo‘nardilar... Boyoqish kampiri esa, qo‘lida teshacha, to kech kuzak kunlarigacha har bir ko‘chatni ermakka alohida parvarishlardi. Endi bari o‘ziga qolgan.
...mayli, shunisigayam shukur, – deb o‘yladi Bahrom chol. – Yaxshiyamki, shu ermagim bor ekan. 
Allaqachon tong yorishgan, qushlarning jo‘rovoz xonishi tingan, o‘qtin-o‘qtinda goh u, goh bu daraxtdan chumchuqlarning churq-churqlagani eshitilar edi.

* * * 

Rosa uch kun deganda yer yetilgach, avval pomidorni, o‘rtaga baqlajonni, keyin shirin qalampirni ekdi. So‘ngra, qaytadan qondirib sug‘ordi. 
Nihoyat, ekin-tikin ishlarini saranjomlagach, erinmay, bog‘ni begona o‘t-alaf-lardan tozaladi.
Qarasa, nazarida, endi bog‘da paysalga solmay bajargulik biror bir ish qolma-gan; vaqti-vaqti bilan ko‘chatlarning ostini yumshatib, suv tarab, begona o‘tlardan tozalab tursa bo‘lgani.
9 may – bayram kuni, ertalab, odatdagiday xushlar-xushlamas, nonushta qilib bo‘lganidan so‘ng, choshgohdan avval shahar aylangisi keldi. Negadir oyog‘i tortmadi. Xayolparishonlik bilan kamzulini yechdi. Ustundagi gulmixga ilayotib, kamzuliga qadalgan qator nishonlar shodasiga birrov ko‘ngli sust ketib qarab qo‘ydi: yaltir-yultir – ko‘zni qaraqtiradi-e!.. Nishonlari qatorida qirg‘inbarot Girmon urushida – be­omon jang maydonlaridan birida tekkan jangovar Qizil yulduziyam bor... 
Ayni o‘sha damda radio bir big‘illab, ajab mardona ovozda harbiy qo‘shin turlari namoyishidan eshittirish berilajagini xabar qildi.
Olaboy – jonivor, avvalboshdan ishonmagan esa-da, hamon ko‘chaga chiqishdan ta-yin umidvor bo‘lib, kallasini xiyol qiyshaytirgan ko‘yi, qarab turgan edi, negadir, xo‘jasining fe’li ayniganligini ko‘rib, g‘alati hurib qo‘ydi: vov-vov – ha, xo‘jayin, nima bo‘ldi, chiqmaymizmi axir?!.
– Olaboy, boringga shukur-ey! – dedi Bahrom chol, itiga bir qaragach, kartga emak­lab chiqayotib. – Paradni eshitamiz. Bildingmi, bayram paradini.
Olaboy xafa bo‘ldimi, xo‘jasining gapini oxirigacha eshitmay, boring-e, degan-day bir g‘ingshib, kartning ostiga kirib ketdi. 
Bahrom chol ko‘rpachaga cho‘zilib, boshini yostiqqa qo‘ydi, ko‘zlarini yumdi.
O‘zi, aslida, radio xabarlariga u qadar ishqivozligi yo‘q; asosan – kechki mahal, uyqu oldidan o‘zimizning manzur qo‘shiqlarni tinglaydi: Hojixon Boltaev... Yunus Rajabiy... Mulla To‘ychi hofiz... Berta Davidova... Tamaraxonim... Ko‘proq Berta Davidovaning qo‘shiqlari yoqadi. Ayniqsa, uning bir qo‘shiq avjida: dunyoning kori shul ekan, bildik, angladik: goho birov azizu goho birov xoru zor o‘lur, deb nola chekkanida, kampiri, o‘g‘li, o‘zining aziz bo‘lgan davrlari beixtiyor yodiga tushib, nimalardir dimog‘ini achishtirvoradi.
Bir mahal, bosh maydondan, mamlakat tank qo‘shinlarining jangovar vakillari bir necha qator tizilib o‘tayotganligini aytdi radio.
Bahrom cholning xayoli chalg‘ib, beixtiyor ko‘z o‘ngida qirg‘inbarot janglardan biri bori kulfatiyu, dahshati bilan namoyon bo‘ldi: o‘shanda naq o‘lib ketayozgan edi-ya!.. E, necha martalab unaqa o‘limlar bilan yuzma-yuz bo‘lgan. Lekin, o‘sha gal ham... – urushdan qaytganidan so‘ng, boshida bunaqa ko‘rgiliklari bor ekan-u, shoshmay tur, degan ekan-da!.. – omon qolgan; agar zambarakchi Ivan... U hech balodan qo‘rqmas, hali uylanmagan, juda kuydi-pishdi yigit edi, Bahromni yaxshi ko‘rib, Bagramyan, der, Bahrom esa uni: Ivan emas – Ivon, der, goho u jig‘ibiyron tutaqib: Balda, ya – ne Ivon, a – Ivan, panimaesh, I-i-va-a-an?!. Skoro vayna kanchaetsya, a t? kagda nauchishsya nazvat menya pravilna?!. der edi, – qo‘lida qo‘sh granata bilan jonhovri otilib bormaganida, gurullagancha, osmonga sapchiguday vahshat solib yelib kelayotgan nemis tankining zanjiri ostida majaqlanishi tayin edi. 
Hammasi hozirgiday yodida: Belorussiyani ozod qilayotgan edilar. Ayni ertalab chog‘i o‘rmon bag‘ridan avval o‘ntacha, sal keyin taxminan yana o‘shancha nemis tanki yopirilib chiqib, tish-tirnog‘igacha qurollangan son-sanoqsiz fashistlarni ergash-tirgan ko‘yi, mo‘r-malaxday shitob yopirilib kela boshladi. Rotalarida esa jangga yaroqli atigi to‘rttami, beshta zambarak qolgan edi. O‘qlari ham sanoqli edi. Ana-mana deguncha, nemis tanklari keng maydonning teng yarmiga yetayozdilar; yo‘l-yo‘lakay avtomatlaridan tarillatib ajal o‘qini selday yog‘dirib kelayotgan fashistlar esa ularning panasida!..
Nihoyat, to‘pchiboshi – telpagining quloqchinini tushirib olgan Dato gruzin, bor ovozda: – Agon!!. – deyishi bilan, qiyomat-qoyim boshlandi: fashistlarning biri o‘q yeb yiqilgan, biri portlagan tankka qo‘shilib yonayapti, yana biri o‘q yomg‘iri ostida qo‘llarini boshi uzra to‘lg‘agancha, telba-teskari qochib borayotir... O‘sha asnoda o‘qchi qozoq yigit – Muldaboy, qo‘lida zambarak o‘qi bilan sarosar yaqinlashayotib, yuz-tuban yiqildi. Gurs etib qulayotganidayoq, Muldaboyning joni uzilgan ekan, qimir etmadi, snaryad esa qo‘lidan uchib ketib, nari dumaladi. Ayni o‘sha damda, Ivan jonhovri baqirdi: – Bagramyan, davay! Snaryad davay, snaryad!!. U – oxirgi o‘q edi. Bahrom ila-chila o‘qni zambarakning o‘qdoniga joyladiyu, o‘lar-netariga qaramay, avvaldan bog‘lab qo‘yilgan qo‘shgranatalardan birini changallab, tobora dahshatli guvillab yaqinlashayotgan ikki tankdan biriga – oldinroqdagisi tomonga ildam emakladi. Agar shunday qilmasa, tank zambarakni bosib-yanchib o‘tishi, ana keyin, ehtimolki, egallab turgan istehkomlari qo‘ldan ketishi yoki omonat bo‘lib qolishi muqarrar edi.
Ajab, o‘shanday qaltis lahzalarda kishi mutlaqo o‘limni o‘ylamas, hatto, xayoliga ham kelmas ekan: baribir, odam o‘limga chap berishiga – ajaldan ustun kelishiga ishonar ekan-ey!.. Oraliq masofa yigirma qadamlarcha qolganda, shartta qomatini tiklab, bor kuchi bilan qo‘shgranatani uloqtirayotganida... Hammasi ana o‘shanda ro‘y berdi: yon-yoqdan jaladay yog‘ilgan ajal o‘qlaridan bir nechasi ko‘ksini ilma-teshik qilvordi!.. Hayal o‘tmay – ko‘z yumib ochguncha bo‘lmay, ortidan Ivan yetib keldi; to o‘sha dahshatli lahzalargacha oldinma-keyin o‘qday uchib kelayotgan ikki tankning birini – orqadagisini yer tishlatgan: endi u gurillab yonayotgan edi; Ivan qo‘shgranatani mahkam changallab, cho‘zala tushib yotgan ko‘yi, shitob tankning g‘ildiraklari ostiga irg‘itdi. 
Ana, hozir... hozir!.. 
Qiziq, o‘shanda qo‘qqis qizi Mahliyo... o‘g‘li Mehribon ko‘ziga aniq-tiniq ko‘rinib ketganday tuyulgan va beixtiyor: nahotki, ajalim yetgan bo‘lsa-ya?! – degan vahimali bir o‘kinch ko‘nglidan kechgan; shuning barobarida, qishloq Sho‘rosining hovlisidan qator saf tortib chiqayotganlarida biri uzun, qora charm plash, qora charm shapka kiygan, ikkinchisi uzun shinel, qizil shapkali ikki o‘ris kishi urushga jo‘nayotgan o‘n yetti yigitga, negadir, hech kimni yaqin yo‘latmagani; boshqa qari-qurri, yosh-yalang hamqishloqlari qatori, ko‘zlarida jiqqa yosh bilan onasi, akasi, qizi Mahliyo, o‘g‘li Mehribonning ham kuzatib qolganlari bir zumgina xayolida yalt namoyon bo‘lgan; o‘g‘li Mehribon esa, onasining bo‘ynidan mahkam quchgancha, o‘shanda otani oxirgi marta ko‘rib qolayotgandek, adda-addalab bo‘zlagan; tajjubki, hademay qo‘shgranataning g‘ildirak ostida portlashini intiq, ilhaq kutarkan, o‘g‘ilchasining shirin, aziz yig‘i tovushi ham qulog‘iga ma­yingina chalinayotganday tuyulgan edi. 
Ana, ayni o‘sha asnoda, birdan gumburlagan tovush taralar-taralmas, tankning g‘ildiraklari ostidan quyuq chang to‘zg‘ib, zanjiri uzilib tushdi... Va, loaqal kip-rik qoqquli lahza kechib-kechmay, shundoq ko‘z o‘ngida Ivan chalqanchasiga ag‘darildi: uning chap ko‘zi hamda bosh chanog‘ining yarmi, qo‘shgranataning biror parchasi tekkanmi, o‘pirilgan, katta ochilgan og‘zi tomonga esa quyuq qonday oqish-sarg‘ish nimadir oqmoqda edi... 
Tamom, qadrdoni Ivanning yuzi... ko‘zi... boshining abjag‘i chiqqanini ko‘rib, – ruhimi-hushidanmi ayro tushayotganini ham sezolmagan!.. – uyog‘ini eslolmaydi. 
Keyin...
...ertasimi, indini dala gospitalida hushiga kelgan edi. O‘shanda o‘lmay qolga-niga daf’atan ishongisi kelmagan: negadir, hanuz ko‘zlariga hammayoq quyuq-oqish tuman pardasiga chulg‘anganday ko‘rinarkan, qulog‘iga esa o‘g‘ilchasining yig‘i tovushi ma­yingina eshitilayotganday tuyulavergan edi.
Endi bunday o‘ylab-chamalab qarasa, o‘g‘ilginasi o‘sha kunlarda uzilgan ekan-da!.. Bo‘lmasa, nega ko‘ziga ko‘ringanu nima uchun yig‘i tovushi quloqlarida jaranglay-vergan?.. Mayli, buyam bir jumboq. O‘zi, aslida, dunyosining ishlari turgan-bitgani jumboq ekan; hatto, bandasining nima uchun kelishiyu, nima uchun ketishiyam.
Jangovar Qizil yulduz nishoni Bahrom cholga ana o‘shanda nasib qilgan. Xolisanlillo aytganda, o‘sha nishon Ivanniki... Muldaboyniki... Shunday. Lekin, shahidi a’lo­larning har biriga Belorussiya o‘rmonidagi nomsiz tepalikdan ikki gazdangina yer tekkan xolos. Ha... ne alamki, shunaqa.
Voajab, bir qo‘shiqda kuylanganidek, – Berta Davidova aytadimi o‘shani? – um-ri davomida na bir lahza o‘ynabdi, na kulibdi: ko‘zlarini yumib, kechmishiga bunday-roq sin solsa, bahri dili tatalanib ketadi – boshi g‘ussadan chiqmabdi-e!
...qoyil... Qoyilman-e!
Otasi?.. Otasiniku eslayolmaydi. Onaginasi, – iloyo, ruhi poklari to abad Jan-natida yayrasin! – tishida tishlab, yemay yedirib, kiymay kiydirib, aka-ukani oyoqqa qo‘ydi. Hamon o‘sha kunlarini eslasa, beixtiyor ko‘ksidan achchiq bir xo‘rsiniq toshayotgani barobarida, shukur... behisob shukur, o‘tgani chin bo‘lsin u kunlarning, deb qo‘yadi.
Birov aytgan ekan: kambag‘alning aql tishi sut tishidan avval chiqadi, deb. Amal-taqal uylanib, qarzu qavoladan qutilgach, endi eru xotin – qo‘sh ho‘kiz, nafas rostlamoqqa chog‘lanayotganlarida Katta urush barchaning tinkasini quritib, juda ko‘p yoshu qarining umriga zomin bo‘ldi: to‘g‘ri-da, Mahliyosiyam, Mehriboniyam o‘sha oti o‘chgur urushning qurboni!.. O‘g‘il-qizining o‘tganini esa to urushdan qaytgunigacha bilmabdi: ayashganmi – yashirishgan. 
Urushdan qaytganidan keyin, – o, qaqshatqich qonli janglar paytlaridagidan-da ko‘proq gangib!.. – karaxtday bo‘lib qolgan; avval kattasini, oradan yil o‘tib-o‘tmay, kenjasiniyam tuproqqa topshirgach, bechora xotin, negadir, – avvalboshdan ovsini bi-lan chiqisholmay yurganigami? – ketib qolgan ekan.
Biladi: kelinoyisining fe’li chars, tili chatoq... Bo‘larkan-da, ko‘ngliyam shunga yarasha. Asli o‘shanda urushga jo‘nab ketayotgan qaynukani kuzatgani bormay, hovlida xayr-xo‘sh qilib qolganiyam shundan.
Mayli, shunisigayam shukur qiladi: o‘rtada aka bor, aka!.. Akasiga bir emas, besh birday o‘g‘il tug‘ib bergan.
O‘shanda xotini: dam ko‘zlari chaqnab, dam achchiq-achchiq yoshlarga g‘arqob bo‘lib, o‘g‘il-qizdan qanday ayrilgani hamda qanday ota-hovlisiga qaytganini ko‘ksiyu, bo‘g‘zida bir dunyo alam bilan uzuq-yuluq aytgach, hovliyizga bormiyvuza, deb, uv tortgancha, ko‘ksiga boshini qo‘ygan. Adamlanikida birga yashayvuza, yo‘q demang. Xo‘p deya qoling?!. Ana, bizani uyivuza ko‘p!.. – deb, jig‘i biyron yalingan. Qaynotasi esa, rahmatli, xo‘p bir ajoyib – imoni but kishi edi, qizining qaysarlanayotganidan xabar topgach, yo‘q, ona qiziy, degan, dastasi burama hassasi bilan yer chizib; kuyov ham – o‘g‘il, lekin ayolinikida sig‘indi bo‘lib yashash – erkakka yarashmaydi. Er – juvoldiz, xotin – ip. Xotin uchun erning aytgani-aytgan!.. Mayli, bugunchalik mehmon bo‘liyla. Bahromjonning ajal komidan sog‘-omon qaytgani uchun erta peshinda beradigan xayru ehsonimizni o‘tkaziylu, innaykeyin ota hovlingdan qorangni o‘chir, ona qiziy!.. – degan, naq hassa bilan yelkasidan tortvoradigandek, qiziga boshqacha qarab.
Keyin... 
...to kech kuzak kunlarigacha, kelinoyisining tumshayishlariyu, chars-churslariga chidab, murosayi madorada yashaganlar. Lekin... har kecha tun allamahalda boyoqish xotin erinmay, azza-bazza bir tog‘ora suvni opchiqib, supa etagiga to‘kardi. Hoy, jinni, naga bunaqa qivossan o‘zi, deganida, xotini har gal qitmirlik bilan: qo‘yovuring, shiltani ko‘rib, yashamagurning bir joylari xo‘p kuysin, derdi g‘alati kulib. Holbuki, o‘rusiyo qishlarining beayov qahratonlari savil pushtini urib ketgan ekanmi, urushdan qaytganidan beri tuzuk-quruq mardigarchilikdan asar ham yo‘q edi o‘zi. 
...ovsin ovsinga paxta otarmish, deganlari shu-da! 
Nihoyat, uzil-kesil ishga o‘rnashib, bo‘sh vaqtlarida izlay-izlay, axiyri topganidan so‘ng, zavodning yotoqxonasidan ijaraxonaga – mana shu hovliga – o‘tgach, xotinini ham shaharga ko‘chirib qaytgan edi.
Mana, shungayam sal kam yigirma bir yil bo‘layapti.
Bahrom chol barini xuddi kechagiday yaxshi eslaydi: endi ko‘chib kelgan chog‘lari bog‘da yovvoyi o‘t-o‘lanlar g‘ovlab ketgan, ba’zi daraxtlar esa quriyozgan, tarvaqaylagan g‘umaylar, devorga chirmashgan chirmovuqlaru ilonpechaklar oralab kaltakesaklar, mov mushukday kalamushlar, barmoqday biqqi, bir qarichday keladigan echkiemarcha-lar ko‘zlari chaqchayib devor kovaklarida o‘rmalab yurar edi. Eru xotin o‘zlari egal-lagan manavi bir dahlizu ikki xonani obdan pardozlab, yangi tushgan kelinchakning uyiday bezaganlaridan so‘ng, uy egalari – o‘ris cholu kampirning – roziligi bilan, bog‘ni obod qilgani kirishganlar.
O‘ris chol – Pyotr Xristoforovich – SAGUda, kampiri – Ulyana Petrovna – Tosh-MIda domla; ularning yolg‘izgina qizlari esa Leningradda o‘qiyotgan ekan.
Pyotr Xristoforovich supa etagida – barq urib yashnayotgan gulzor bo‘yida, labida trubkasi, ko‘zida ko‘zoynak, quyoshga betkay ko‘yi oromkursida yaslangancha, gazeta va-raqlamoqda edi. Bir mahal, Pyotr Xristoforovich qattiq yo‘taldiyu, shartta pastak stolchaga trubkasini taraqlatib qo‘yib, ko‘ksini changallagancha:
– Baxram, daragoy! – dedi, ovozi bo‘g‘iq xirqiragancha, tobora ko‘zlari kattarib. – Choto... shtota mne... Pazavi... pazavi!.. Pajaluysta, skoree... Skoree!..
O‘shanda Bahrom chol ikki sakrashda uyga yetgan, kampir – Ulyana Petrovna, stolga muk tushib, nimadir yozib o‘tirgan ekan. Daf’atan gap nimadaligini anglayolmay, bir zum gangib qolgan; so‘ng, sarosar xonadan halloslab chiqib, cholining bilagidan tutganu, birrov, bir lahza tahlikali angraygach, o‘sha zahoti Bahromga:
– Ulaji! – degan. – Na zemlyu!.. B?stro!..
Supa g‘ishtparchin, tongda xotini suv sepib supurgan – top-toza edi. 
Pyotr Xristoforovichni dast ko‘tarib, – rahmatli uzun bo‘yli, ozg‘inroq kishi edi, – supaga yotqizayotganida Bahrom bildiki, cholning joni uzilgan!.. Pyotr Xristoforovichning ko‘zlari xiyol kattaygan, qorachiqlaridagi nur esa allaqachon so‘ngan edi. 
...yo qudratingdan, bir zumda-ya?!. – O‘zining kampiri ham tappa talosdan qanot qoqib, qo‘lida jon taslim qilgani yodiga tusharkan, Bahrom chol xayolchanlik bilan boshini sarak-sarak qildi. Mamlakatning harbiy qo‘shin turlari namoyishidan berilayotgan eshittirish tugagan, endi radiodan bayramga atalgan kansertdan o‘zbekcha bir qo‘shiq yangramoqda edi. – Bo‘larkan-da!.. 
Shartta Ulyana Petrovna cholining ko‘kragidan bir necha bor kaftlari bilan bo-sib-bosib, burun parraklarini siqdi-da, og‘ziga og‘zidan havo bera boshladi.
Bahrom – kechagi jangovar to‘pchi, yonginasida yuzlab halok bo‘lganlarni ko‘raver-ganidan diydalari qotib ketgan emasmi, angrayib turmay, darhol Pyotr Xristofo-rovichning chap ko‘ksini takror-takror bosgach, cholning chap qo‘li barmoqlarini siqib-siqib uqalamoqqa tushdi. Cholning barmoqlari yarim yumilayozgan, allaqachon soviy boshlagan edi. 
Bir mahal, Ulyana Petrovna qaddini tiklab, so‘nik, titroq ovozda:
– Xvatit, – dedi. – Sarstvo nebesnova yemu!.. – Kampirning ko‘zlari jiqqa yosh edi. – Teper... bezpolezno. Teper... 
Kampirning ko‘zlariga qarash... katta-katta yosh tomchilarining asta dumalayotga-niga hayratangiz tikilib turish... azob edi.
Bahrom ilkis engashib, cholning og‘ziga chuqur-chuqur puflay boshladi. Cholning og‘zidan, lablaridan achimsiq tamaki hidi anqir, lekin hayot asari sezilmas edi. 
Mana, oradan yigirma yillar o‘tganiga qaramay, ayni chog‘da ham o‘sha tanish ta-maki hidi hamon Bahrom cholning dimog‘idan ketmagandek!.. 
– Baxram, – deb, Ulyana Petrovna cholini uyga olib kirishni aytdi. – Baxram, xvatit muchat. Davay, ya pamagu tebe.
Taqir supaga yotqizayotganida sezmagan ekanmi, shiftga tekkuday javonlari tur-fa kitoblarga liq to‘la uyga opkirayotganida mayitning ancha og‘irligidan inqillab qolayozgani hali-hanuz yodida.
...o‘risning o‘ligiday og‘ir ekan, degan gap kimdan qolgan ekan-a? – deb o‘yladi Bahrom chol, bir-bir o‘sha kunlarni xayolidan o‘tkazayotib. – Xudo yarlaqagur, xushfe’l, xushsuhbat, olim odam edi... Cholu kampir umr bo‘yi topganiga kitob olganmi, kitob­lari ko‘p edi. 
O‘sha kuniyoq hayal-zamon o‘tmay, hovli odamga to‘lib ketgan: bari qora kiyingan olimlar – ayoliyam, erkagiyam; shaharning kazolari, bozor kuni ekanligiga qaramay, hatto, hukumat a’zolari ham kelishgan.
Rosa uch kun marhumning tobuti atrofidan motamsaro odamlar arimagan: sho-girdlari, hamkasabalari... 
...bari, yo tavba, go‘yo – ro‘yoday, – deb o‘yladi Bahrom chol, o‘sha kunlarning manzara-lari ovozsiz kino lavhalariday ko‘z o‘ngidan o‘tayotib. – Uch kun hayhotday hovlidan tiq etgan tovush yo biror bir sas-sado eshitilmagan-a!..
Kechki paytlar esa, tun allamahalgacha Bahrom xotini bilan Ulyana Petrovna-ning yonida bo‘lardi. 
Uch kunda boyoqish Ulyana Petrovna mung‘ayib, so‘lib qolgan edi. Shungami, marhumga kuyganidan ham ko‘ra ko‘proq kampirga yuragi achishganidan, Pyotr Xristoforovichga – ko‘zlari chirt yumiq; yuzlari, peshonasi, ko‘kragi ustida qovushtirilgan qo‘llari mumrang marhumga – qarayolmay, xotini dam-badam dimog‘ini tortib-tortib, yum-yum yig‘lar edi.
– Lola, tebya volnavatsa nenada, – derdi Ulyana Petrovna, o‘shanday lahzalarda so‘lqim lablari titrabgina; eru xotin olima kampirning uzoq muolajasidan so‘ng, nihoyat, navjuvon kelinu navqiron kuyov kezlaridagi kabi xush-xurram edilar. – Lolichka, ne nado, ne plach...
Uchinchi kuni ertalab mayitni mashinaga yuklab, SAGUga jo‘nagan edilar.
SAGUning binosi Nikolay poshsho zamonida qurilgan; hashamatli, g‘ishtin; bi-noning keng-mo‘l doloni o‘rtasida baland joy tayyorlab, qizil duxoba to‘shashgan ekan. Tobutni o‘shaning ustiga qo‘ygan edilar.
Keyin, tirsagidan yuqorisiga alvon bog‘lagan, tepa sochi to‘kilgan, besh-olti mo‘y-safid olim tobut atrofida motamsaro tek qotgach, marhum bilan vidolashuv marosimi boshlangan.
Quchoq-quchoq gullar, gulchambarlar ko‘tarib kelayotgan vidolashuvchilarning izi peshingacha uzilmagan: ko‘cha tarafdagi lang ochiq eshikdan kirgach, sekin... xomush odimlagan ko‘yi, kimlardir ko‘zyoshlarini tiyolmay, kimlardir marhumga g‘amgin termila-termila, hovli tarafdagi eshikdan chiqaverganlar.
Ana o‘shanda bilgan edi Bahrom chol: professor Pyotr Xristoforovich ham, Ulyana Petrovna ham SAGUning ilk tashkilotchilaridan bo‘lgan; keyinchalik kampiri Tosh-MIga o‘tgan ekan. 
Umri bino bo‘lganidan beri Bahrom chol uningday ulug‘ motam marosimini – katta yo‘lni to‘ldirgan, adog‘i ko‘rinmas motamsarolar izdihomini ko‘rmagan; yetib borganlaridan keyin esa, qabristonga odam sig‘magan... tobut ortidan ergashganlarning ko‘pchiligi ko‘chada qolib ketgan edi. 
...ha-ya, bugun man ziyoratga... Ziyoratga borishim kera-a-ak!.. – deb o‘yladi Bah-rom chol, beixtiyor qabriston darvozasi yonidagi hamisha gavjum gul bozori ko‘z o‘ngi-dan o‘tayotib. – Albatta-de!..
Borishi kerak. Boradi. Qadrdonining qabri atroflarini o‘t-o‘lanlardan tozalagach, barq urib ochilib yotgan oq, sariq, qizil atirgullarning ostini yumshatadi, chelaklab suv quyadi. So‘ng... odatdagiday dilkash, unutilmas, ham olisu ham aziz o‘t-mishni armonla xotirlab, birpas xayol suri-i-ib o‘tiradi.
Qarz qiyomatga qolmas, deganlari shu bo‘lsa kerak. Xudo yarlaqagur cholu kampirning sharofatlari bilan... arzimas bir hovuch pulga eru xotin, mana, tayin boshpanalik bo‘lgan. Bo‘lmasa, to hanuz o‘z yurtida ijarama-ijara sig‘indi bo‘lib sarsirmidi?..To‘g‘ri-da, yaqindagina qirg‘inbarotdan qaytgan sobiq jangchida hovli-haramga yetgulik sarmoya nima qilsin edi o‘shanda.
O‘sha yili yozda Pyotr Xristoforovichning qabriga SAGU haykal o‘rnatgan: ko‘r-sangiz, hayron qolasiz – olim, haybatli oromkursida, chap kaftini peshonasiga bo-sib, xayol surayapti. 
...yo qudratingdan-ey, ayni o‘zimi, deysiz, – deb o‘yladi Bahrom chol, ko‘zlari yumuq holda lablari shivirlab. – Qizg‘ish marmarning toshday chag‘irligini demasa, xuddi tirikdek!
O‘shangacha – cholining qabriga haykal o‘rnatilgunigacha, Ulyana Petrovna ikki uy to‘la javonlardagi kitoblarining barini – choliga qarashlilarini SAGUga, o‘zini-kilarini esa ToshMIga topshirib, endi qizining hamrohligida o‘z yurtiga jo‘nash taraddudiga tushgan edi. 
Qizlari, – Tanyajon! – Tatyana, bo‘ychangina, sochlari qo‘ng‘iroqday, mallarang, ko‘zlari ko‘m-ko‘k; o‘zi juda xushfel, onasidan ham ko‘ngilchanroq, onasidan-da saxo-vatliroq ekan. To jo‘nab ketgunlarigacha, Lola, – hm, o‘shanda Po‘latga og‘iroyoq – endi... endi qorinchasi do‘mpayayotgan kunlar edi, – ikkalasi opa-singilday inoqlashib qolgan; Lola o‘rischani suyak g‘ajiganday: saniki-maniki – tvayo-mayo qilib gapirar, Tanya esa, xush-xandon kulib-jilmayib, bolaligi o‘zbek mahallasida kechganigami, yarim o‘zbekcha, yarim o‘rischada fikrini tushintirar edi; jo‘nab ketayotganlarida esa, yo‘lovchilar bilan gavjum perronda har uchala ayol, bamisoli bir tanu bir jonday bo‘lib, ancha paytgacha ko‘zyoshlarini tiyolmaganlar; hatto, o‘zining ham jonu dili jimirlab, ko‘zlarining jiqqa yoshga to‘lgani hozirgiday yodida.
...e, unaqa kunlarni unutib bo‘larkanmi? 
Poezd, – bir-biriga tirkalgan uzundan-uzoq qizil vagonlar, – bir siltanib, joyidan jilishidan sal avval yuraklarga allatovur g‘ulu solgancha, uzoq chinqirgan; Lola... Lolasi esa, endi ko‘risholmasliklarini sezgandek, jamalaksoch qizaloqlar kabi piq-piq yig‘lagan edi o‘shanda. 
Haytovur, xotira – so‘nmas... xotira – o‘lmas ekan: mana, hamon cholu kampir o‘tmagan – yashayotgandek, barhayotdek!.. Ana, chol supa labida, oyog‘ining birini ikkinchisiga qo‘yib, quyoshlamada, allambalo trubkasi labida, oromkursiga yaslangan ko‘yi, gazeta o‘qiyapti; ana, kampir, ko‘zida oltin gardishli ko‘zoynak, anavi ochiq de-raza ro‘parasidagi stolga muk tushib, “baqa” peroda xat yozayotir... Aslida ham shun-day... Shunday. Chirt ko‘zlarini yumib, ko‘ngliga sin solsa, bari bir-bir ko‘z o‘ngidan o‘taveradi: ana, Pyotr Xristoforovich... Ulyana Petrovna... Lola... Lolaginasi... o‘g‘li – Po‘lati!.. 
...hay, Po‘latjonim-a! – Beixtiyor Bahrom cholning jismu jonini zirqiratib, ko‘ksidan otashin bir xo‘rsiniq toshib chiqdi. – Tirikman – yodimdasan, o‘lsam – yoningdaman, o‘g‘lim. – Biladiki, shundan boshqasiga kuchi yetmaydi. – Mayli, shunisigayam shukur.
Ha, erta bahor kunlari edi, quyosh ufqqa oqqan mahali, pochtachi – baland bo‘yli, yarimi chekilgan, uzun “Belomor”i labidan hech tushmaydigan o‘ris kampir, xat tashlab ketdi.
Xat Tatyanadan ekan.
Oy kuni yaqinlashganigami, ertalabdanoq Lolaning oyoq olishi og‘ir, ko‘zlari bejoroq edi.
Eru xotin hayajonlanib tanish xatni o‘qiyotib, birinchi jumladanoq onajonlariday kuyinchak kampirning – Ulyana Petrovnaning, o‘tganiga roppa-rosa o‘n kun bo‘layotganligini bilishi bilan, birdan Lolasining mazasi qochib, qo‘shqo‘llab qor-nini changallagancha, ingravorgan edi. 
Keyin...
...hayal-zamon o‘tmay yetib kelgan “Tez yordam” Lolasini ToshMIga olib jo‘nagan; Lolasi esa, hamshiraning ko‘magida mashinaga chiqayotib, bir qaragan edi.
O-o, hali-hamon Lolasining o‘sha lahzadagi mo‘ltirashini eslasa, Bahrom chol-ning ko‘ksi jizillayotgandek, shuning barobari, ko‘zlari ham jimirlayotganday tuyulaveradi. 
Po‘lati ana o‘sha kuni tug‘ilgan edi.
...hay, Po‘latjonim-a!.. – Birdan shamol-duvalang girdobida chirpirak to‘zg‘igan bargi xazonlarday bir-biridan dilgir xotiralar, – ana, qorniga mindirib o‘ynata-yotganida, o‘g‘ilchasining choptirvorgani; ana, bog‘da guldan gulga uchib qo‘nayotgan kapalaklarni Po‘lati sho‘x-shodon qiqirlab quvalayotgani; ana, bo‘yi baravar toshoyna ro‘parasida Po‘lat sochini tarayotgani; ana... ana... Uf-f!.. – bari... bari Bahrom cholning ko‘z o‘ngida g‘ujg‘on o‘ynab, ko‘ksi kuyishdi. Behud boshini chayqarkan, bot-bot tiliyu dilida beixtiyor alamangiz aylanadigan o‘sha gapini yanayam so‘nik, yanayam dilgir ohangda og‘zi to‘lib aytdi. – Ha-a-ay, Po‘latjonima-a! Hay, qadrdonima-a!..
Keyin, oqshom mahali bir farrosh xotin orqali Lolasi ikki enlikkina qog‘ozga qoshqalamda aji-buji bitilgan xat chiqartirgan: yaxshiman, o‘g‘ilcha muborak adasi.
O‘shanda sarosar hovliga tushib, qayta-qayta xatchani o‘qirkan, dam-badam lab­lariga bosib-bosib, xuddi ayni tobdagiday Bahrom cholning, – kuni kecha qirg‘in ba-rotlarda qon kechib qaytgan sobiq jangchining-a! – ko‘zlaridan qaynoq yosh toshib chiqqan edi.
...to‘g‘ri-de, agar... agar Ulyana Petrovna chorasini qilmasa... O, o‘tdi umrim, vo darig‘!.. 
Ha-ya, o‘sha-o‘sha, to yaqin-yaqinlargacha Lolasi, kampirning – Ulyana Petrovna o‘tgan kunning oqshom mahallarida bo‘g‘irsoq pishirib, sham yoqib qo‘yar edi. 
Mana, endi... baridan mosuvo.
Qo‘qqis Olaboy kartning ostidan chiqib, bir kerishdi-da, og‘zini katta ochib g‘ingshidi: bugun bayram-ku, xo‘jayin, u yoq-bu yoqqa chiqmaymizmi axir – vav-vav?!.
– Chiqamiz, Olaboy, chiqamiz, – deb, Bahrom chol yostiqdan boshini og‘ir ko‘tara-yotib, itning zanjiriga birrov ko‘z qirini tashadi: hamishagiday zanjir kartning ayvoni ustuniga ilib qo‘yilgan edi. – Boringga shukur-ey, Olaboy!..
Qardoshlar qabristoni uzoq emas, ana – yaqin, piyoda-piyoda itini ergashtirib boradi.

 * * *

Qadrdonlari qabrlari tevaragidagi o‘t-o‘lanlarni tozaladi; barq urib ochilgan oq, sariq, qizil atirgullarni butadi, ostini yumshatdi, maxorka tutunidan mo‘ylovi tim qo‘ng‘ir bo‘pketgan qorovul choldan ikkita chelak olib, barini qondirib sug‘ordi; so‘ng, qadrdonining haykalini obdon yuvib, artib-tozalagach, ziyoratchilar bilan xiy-la gavjum qabristonda qosh qorayar mahalgacha o‘rindiqqa lolu ma’lul cho‘kib, borligu yo‘qlik aro xayol surgan edi.
Mana, oradan yana bir kun o‘tdi.
...ha-ya, kecha?.. – Kecha... kunni qanday kech qilgan edi?.. Ana, yodida yo‘q. Esida qolgani shuki, ekinlarning o‘tini yuldi, keyin... – E, birrov choyxonaga chiqqanimni demasa, xisr-pisr-da, shundan boshqa nimayam bo‘lardi. Tong otib, quyosh botayapti, deymiz-u, aslida izsiz, samarsiz umr o‘tayotir, umr!..
Nimadir qilishi – albatta, ko‘ngilxushi bir ermak topishi kerak. Ushbu fikrni kecha... yo‘q – kecha emas, o‘tgan kuni qadrdonini ziyorat qilayotib, horg‘in xayol surib o‘tirganida diliga tukkan edi. Zavodga borsa, darrov munosibroq bir ish topib be-rishadi. Lekin endi po‘lat eritishga yaramaydi. Albatta-da!.. Ammo-lekin, zavodga bormaydi... Borolmaydi.
...bugun... bugun?.. – Bahrom chol bir-bir barmoq bukib sanay boshladi: Po‘lati-ning o‘tganiga to‘qson bir... to‘qson uch kun bo‘libdi. – Uch oyu uch kun. – O‘g‘lining o‘tganining yetmish yettinchi kuni yer qimirlagan edi. – Demak, bugun – to‘qson uchinchi kun. Umrning o‘tishini-ey!.. 
Yaxshisi, ana, anavi qurilishga borgani durust: ham yaqin, ham... 
Magazindan non, qand-qurs xarid qilayotganida bir necha bor eshitgan; kecha choy-xonadayam chollar biri olib biri qo‘yib aytayotuvdi: yonma-yon qurilayotgan besh qavat-li g‘ishtin binolar qurilishi bitganidan keyin, atrof-tevarakdagi mahallalarning odamlarini o‘sha bir-biriga mingashgan kataklarga ko‘chirisharmish; uy joy talabgorlariga Yunusobod, TashGRES tomonlardan bog‘-hovli uchun yetti so‘tixdan yer berishar ekan. 
...atta-a-ang, mahalla to‘zg‘ib ketadi, – deb o‘yladi Bahrom chol. – Ha-da!.. Bi-rovlar – qavmidan, birovlar – kindik qoni tomgan ota hovlisidan uzoqlashadi.
Bog‘-hovli qilmoqqa endi Bahrom cholning qurbi... Yo‘q, yetmaydi. Keyin... buyog‘i ko‘rinib qoldi. Go‘riga olib ketarmidi. 
Kecha xufton mahali suvni jildiratib qo‘ygan edi. Ekinlar rosa miriqib qo-nibdi. Lekin begona o‘tlarning ham avji ancha baland. Yer yetilgach, mayda chopiq qilib, pomidorlarning, baqlajonlarning bo‘g‘ziga tuproq tortadi. Ana keyin yana bir chopiq qilsa, begona o‘tlarning tomiri qirqiladi.
...o‘t-alaf bizga begona, yerga emas, – deb o‘yladi Bahrom chol, suvning jo‘mragi-ni bo‘g‘ayotib. – Yerga o‘z farzandiday. O‘saveradi. Ha-de, biz ekkan ekinlar avjining sustligi... hamisha parvarishga muhtojligi shundan.
Bahrom chol dahlizga kirdi. Shkafni ochdi. Shoshilmay, xotirjam ishton-ko‘yla-gini almashtirdi. So‘ng, birpas tek qotib, nihoyat, fason kamzulini kiydi. Boshiga kulrang, movut shlyapasini qo‘ndirdi-da, birrov oynaga qaradi: ana, nishonlarining yaltir-yultiri ko‘zni oladi, besh yulduzi yonay deydi.
Beixtiyor olis, qonli jang manzarasi Bahrom cholning ko‘z o‘ngidan o‘tayotib, bu gal nishonini boshqacha siypalarkan, rahmatli safdoshi Ivanning bir qadar tajang va o‘sha qadar dilgir ovozi quloqlari ostida jaranglayotganday tuyuldi: balda, skora vayna kanchaetsya, a ti kagda nauchishsya menya pravilna nazvat?!.
...balda... Baldasi?.. O‘zicha jinnivoy degani shekilli, – deb o‘yladi Bahrom chol, dahlizdan chiqayotib. – Ortidan eslaydigani bo‘lsa – odamning o‘tmagani shu. Man uchun Ivan... o‘tmagan. O‘tmagan. Mo‘ldaboy... o‘tmagan. – O‘sha asnoda beixtiyor Bahrom chol o‘zining azizlarini – ayniqsa, Lolasiyu o‘g‘lini o‘ylarkan, ko‘ksidan bir xo‘rsiniq toshib chiqdi. – Hay, Po‘latjonima-a!..
Olaboy eshikning ro‘parasida cho‘nqaygan edi, xo‘jasining qayoqqadir shaylangan-ligini ko‘rib, shodon o‘ynoqladi, qo‘lini yaladi.
Bahrom chol ishkom ustunidan zanjirni oldi. Kumushrang, nozik to‘qilgan ushbu zanjirni vaqtiyi zamonida Po‘lati xarid qilgan... Hali u paytda Olaboy yo‘q edi. Shuni o‘ylayotib, Bahrom chol zanjirning to‘g‘asini Olaboyning bo‘ynidagi qayishning halqasiga o‘tkazdi.
Olaboy xushhol, betoqat darvoza tomonga yo‘l boshladi.

* * *

Nihoyat, Bahrom chol xomush, xayolchan qurilish maydoniga yetdi. Maydon ancha gavjum, xiyla shovqin edi. Itining zanjirini tarvaqaylagan bir o‘rikning shoxiga ilayotib:
– Mani sho‘tta kutasan, Olaboy, – dedi. 
Lekin, it ko‘nmadi: qisqa-qisqa hurib, xo‘jasining ortidan jon-jahdi bilan oti­laverdi – mani yolg‘iz qoldirib ketmang, xo‘jam, iltimos?.. Iltimos – hav-hav?!.
Bepoyon maydonlikda bir nechta qavatli imoratlar qurilmoqda edi. Quruvchilar ko‘p. Deyarli bari o‘ris yigitlar. Birovlari baland ko‘tarma kranlarning keng-mo‘l yukxonasiga g‘isht, ba’zilari katta-katta tog‘oralarga suyuq beton qorishmasi yuklayaptilar. G‘isht ortgan, beton qorishma ortgan katta mashinalar esa g‘uvillab izma-iz maydonga kirib kelayotirlar. Shovqin... Chang... 
Bahrom chol fason kamzulini kiyganiga pushaymon bo‘ldi. Va, itini yolg‘iz qol-dirmaslikni ma’qul bildi; zanjirni daraxt shoxidan yechayotganida, Olaboy o‘ynoq-lab, shodon hurdi: yaxshi qildingiz, xo‘jam. Ko‘rmayapsizmi?.. Ko‘p yashang – av-av!.. 
Bahrom chol itning zanjirini kaltaroq ushlab, shoshib o‘tayotgan bir yigitni to‘xtatdi. Yigit – Po‘latining yoshida: yigirma... uchlarda; ko‘ylakchan, boshyalang, mallasoch, ko‘zlari ko‘m-ko‘k; chaqnaydi.
Bahrom chol o‘rischalab ishga kirmoqchiligini aytib:
– Kimga uchrasam bo‘ladi? – dedi. – Boshliqlaringiz kim?
Yigit birrov bosh-oyoq ko‘z yugurtirgach, maydon o‘rtasidagi vagon-uychaga ishora qildi. Ayni o‘sha tobda ichkaridan bo‘ychanroq bir kishi chiqdi.
– Vot on nash prorab, – dedi yigit. – Pagavarite s nim. Da-da, idite... idite!..
Uzoqdan ishboshining ishchan, uddaburro alfoz yaqinlashayotganligini kuzatarkan, albatta ishga qabul qilinmog‘iga Bahrom cholning ishongisi keldi; oraliq masofa uch-to‘rt qadam qolganda, xiyla tetik ovozda:
– Assalom alaykum, – dedi.
Yigit yerga boqib kelayotgan edi:
– Salom, – deb, chetlanibroq o‘tmoqchi bo‘ldi.
Bahrom chol:
– Kechirasiz, inim? – dedi.
Yigit, qachonlardir yurak oldirib qo‘yganmi, itdan xavotirli nazarini uzmay, to‘xtadi.
Yigitning yoshi qirqlarda, mo‘ylovi o‘ziga yarashgan, tepa sochlari siyrak, ko‘zlari qora; egnida yenglari shimarig‘liq qo‘ng‘irrang ko‘ylak; qo‘ltig‘ida qappaygan qora papka; oyog‘ida yozlik tasma kavush.
– Mumkin bo‘lsa, ishga kirmoqchiydim, inim? 
Yigit, ancha xomushroqmidi, boshini chayqab:
– Bizda ish yo‘q, – deb, boyagiday shitob yo‘lga chog‘landi.
– Yo‘qmi? 
– Yo‘q-da!..
Yigit to‘xtamadi, qaramadi ham.
Avval emasa-da, endi Bahrom chol qaerdan bo‘lsayam biror ish topishni o‘ylagan-cha, ortiga qaytmoqchi bo‘ldi; fe’li shunaqa o‘zi – ko‘nglidan kechganini qilishi kerak, qilmasa – tinchiyolmaydi.
Lekin... Olaboy xo‘jasining xohishiga bo‘ysungisi kelmay, vagon-uycha tomon intildi. Xo‘jasining xomush uyga qaytmoqchi bo‘layotganligini bilib, boshqacha g‘ingshidi: nima, bilmaysizmi, mingta ijrochidan bitta buyruqchi yaxshi-ku, yuring, xo‘jam, yuring – vau-vauv?!.
Bahrom chol Olaboyning ra’yiga yurarini ham, yurmasligini ham bilolmay, birpas gangibroq turganida boyagi ko‘ylakchan yigitning ovozi eshitildi:
– Nu, cho, ates?..
Uning qo‘lidagi yashil to‘r-xaltada o‘n shishacha “Qibray” pivosi bor edi; ko‘zlari esa yanayam xushhol chaqnamoqda edi.
– Akazivaetsya, u vas rabota netu, sinok.
– Chush! – dedi yigit va yo‘lida davom etarkan, Olaboyning kallasini silayotib, ishonch bilan qo‘shib qo‘ydi. – Znayte, vi luchshe zaxadite nachalniku!.. On bolshoy dob­ryak. 
Olaboy boyayoq ko‘ylakchan yigitni yoqtirib qolgan edi, izidan keskinroq talpindi.
Hardamxayollanib, Bahrom chol Olaboyiga ergashdi.
Vagon-uycha tashqaridan ko‘ringaniday emas, bir dahlizu keng-kovul ikki xonali uyday ekan.
Aytilgani bo‘yicha, Bahrom chol o‘ng tomondagi xonaga kirdi. Va, kattakon stol ortida o‘tirgan o‘ttiz yoshlardagi o‘ris yigitga:
– Zdrastvuyte, – dedi.
Boshliq yigit salomga alik olib, bir zum... bir lahza hayronsirab qaragach, o‘r-nidan turdi, bamaylixotir stolni aylanib o‘tib, yuziyu ko‘zlarida mayin jilmayish bilan, Bahrom cholga qo‘lini uzatdi:
– Kak pajivaete, ates? – deb, kursi surib qo‘ydi. – Pajaluysta, prisajivayte.
Bahrom chol qo‘llarini ko‘ksiga bosib:
– Spasiba, – dedi. – Balshoe spasiba!.. Ya... ya na minutku, daragoy nachalnik. Ya prishol k vam, shtobi ustrayivatsya na rabotu. 
Boshliq yigitning egnida yengi kalta oq ko‘ylak, kulrang shim; soqoli qirtish-langan, sochi qo‘ng‘irrang, xiyol to‘zg‘inroq; ko‘zlarida esa odamga shoyon bir mehrmi, xayrixohlik balqiydi.
– Znachit, ustraivatsa na rabotu? – dedi boshliq, tag‘in birrov nishonlarga ko‘z tashab. – A... skolka vam let?
Bahrom chol uzoq yillar zavodning po‘lat quyuv tsexida ishlaganligini, zavodning faxriy po‘lat quyuvchisi ekanligini, lekin hozirda nafaqadaligini aytib, agar zavodga borsa, jon-jon deb boproq biror ish topib berishlarini, ammo-lekin borolmasligini; chunki, o‘g‘li – institutning kechkisida o‘qiyotgan yolg‘izi – bundan roppa-rosa to‘qson uch kun avval erigan po‘lat sachrab nobud bo‘lganligini tushuntirgach: 
– Eta – maya mahalla, – deb, darrov qo‘ynidan hujjatlarini chiqardi. – Vot pas-port, vot vaenniy bilet, vot pensionniy knijka. Pajaluysta?.. Magu rabotat storojom. Padsobnim rabochim.
Boshliq yigit hujjatlarga qaramay, qanday olgan bo‘lsa, birozdan so‘ng, o‘shanday qaytarayotib, allatovur kulimsigan ko‘yi: 
– Znachit, storojom? – dedi.
– Da, luchshe storojom.
Ayni o‘sha paytda Olaboy, – xo‘jasi tushunadigan ohangda, – betoqat hurdi.
 Deraza lang ochiq edi. 
 Hayal o‘tmay, Olaboy oldingi oyoqlarini derazaga qo‘yib, vagon-uychaga mo‘raladi-da, cho‘zib g‘ingshidi: man buyoqda qolib ketdim-ku, xo‘jam – vov-vov?!.
Bahrom chol vajohat bilan:
– Olabo-oy!.. – dedi, birpas sabr qil, degandek. Olaboy yanayam mayin g‘ingshib, derazadan oyoqlarini tortdi. – Eta – maya sabaka.
Boshliq yigit o‘rniga o‘tayotib:
– Volkadav? – dedi.
– Volkadav.
– Umnaya?
– Ochen!.. 
Har ikkala xonaning ham eshigi lang ochiq edi.
Boshliq yigit tik turgan ko‘yi, mushtini stolga tirab, xiyol baland ovozda:
– Larisa?!. – dedi.
O‘sha zahoti qo‘ng‘iroqday bir ovoz jarangladi:
– Idu-u!..
Zum o‘tmay, bo‘ychangina, yuzlari lo‘ppi, ko‘zlari shahlo, sochlari yelkasini, ko‘ksi-ni yopgan; sochlari to‘lqin-to‘lqin; shafaqrang matohdan kalta yengli, beli bug‘ma, uzun ko‘ylak kiygan bir qiz xonaga kirib:
– Slushayu, Ivan Vasilevich? – dedi.
Boshliq – Ivan Vasilevich, Bahrom cholga qarab:
– Da, kak vas velichat? – dedi
– Bahrom... Prosta Bahrom.
– S sevodnishnevo dnya Baxram a k a budet rabotat u nas storojom, – dedi Ivan 
Vasilevich, kotibasiga buyurib. – Pajaluysta, oformlyayte.
Kotibasi – Larisa:
– Budet zdelano, Ivan Vasilevich, – deb, Bahrom cholga ishchanlik bilan imo aralash: – Idyomte? – dedi-da, zippa ortiga qaytdi.
Bahrom chol esa yanayam xushhollik bilan qo‘llarini ko‘ksiga bosib:
– Spasiba vam! – dedi Ivan Vasilevichga, ortiga tisarilayotib. – Agromnoe spasiba!..
...ja-a boshqacha-ku! O‘zimiznikilardan emas bular, – deb o‘ylamoqda edi Bahrom chol, ko‘zlari chaqnoq, ko‘ylakchan quruvchi yigitning boyagina: on bolshoy dobryak, deganini yana bir bor eslarkan, boshliq yigitdan ko‘zlarini uzmay, minnatdorligini bildirayotib. – Bular – yigit ham, qiz ham – Toshkanni obod qilgani kelganlardan. Hoynahoy...
Ayni chog‘da Pyotr Xristoforovichning xushfe’lligi, Ulyana Petrovnaning hech kimnikiga o‘xshamagan boshqacha bir ko‘ngilchanligi beixtiyor Bahrom cholning yodiga tushib, bular – leningradlik bo‘lsalar kerak, degan fikr kechmoqda edi ko‘nglidan. Chindan ham, ko‘ngli cholni aldamayotgan edi.

* * *

Mana, ishga kirgani yaxshi bo‘lgan ekan: quyoshning qizarib-bo‘zarib botayotganli-gini ham bilmay qoldi. Bo‘lmasa, ko‘p ko‘rgan... ko‘p bor parishon xayollarga tolib ku-zatgan: quyosh Toshkanda boshqacha botadi.
...ba’zan odamning yuragini ezvoradi-e! – deb dilida qayd etdi Bahrom chol, bot-bot ko‘rgani – rosa qizigan tandirning og‘ziday qip-qizil, quchoqqa sig‘mas quyosh xayolidan kechayotib. – Kun o‘tdi. Yana bir kun!.. Umrning betakror bir kuni.
Ishga qabul qilinganidan so‘ng, kun davomida anavi tarvaqaylab o‘sgan qo‘sh gujum ostida o‘ziga siniq-sarsiq g‘ishtlardan baland qilib supa yasadi. Yo‘q, avval Olaboyiga eshikchasini keng olib, uycha qurdi; lekin, eshik qo‘ymadi... Keyin – ham uychani, ham supani sersomon loy qorib suvadi. 
Shunday qilib, ana, qarorgoh tayyor – ham o‘ziga, ham itiga!.. 
Ammo-lekin, hali loyi qurigan emas. Buguncha karavotni pastda – qo‘shgujum soya-sida qo‘ya turadi. Ertadan supaga chiqaradi.
Yaxshi bo‘ldi: boshliq yigit, – baraka topgur, Ivan Vasilevich! – buyurgan ekan, Ishboshi o‘zining “UAZ”igida o‘ttiz metr shlang, elektr samovar, plitka, ikkita sirlangan paqir, qalin bir to‘shak, jun adyol, ikkita par yostiq, karavot, ancha-muncha idish-tovoq keltirdi. 
Ashqal-dashqallarning barini Bahrom chol uyidan keltirmoqchi edi.
...mayli, qaytaga yaxshi.
Ishboshi karavotning zo‘ridan olibdi: yap-yangi, poyalari qubbali, kumushrang.
Bahrom chol Pyotr Xristoforovichdan qolgan eski, urunganroq yig‘ma karavotini keltirmoqchi edi.
Yigitlar darrov gujumlardan biriga pishiq kabeldan tortib, tok tushirib berishgach, katta simchiroqni bir necha bor yoqib-o‘chirib ko‘rishdi. 
...odamzotning qo‘li gul, – deb o‘yladi Bahrom chol, o‘zi ham simchiroqni o‘chirib-yoqib ko‘rgach. – Ammo-lekin, araq-sharobga o‘chliklari yomon-da qistaloqlarning. Tavba, piva deganiyiz ayolu erkagining jonu dili. Yo‘masa, bari odam-ning jonidayku-ya!..
Vagon-uycha atrofiga Bahrom chol obdan shakarob qilib suv sepganidan so‘ng, endi qo‘shgujum tevaragiga xiyla mo‘lroq sepayotgan edi.
...yaxshi-de, sal bo‘lsayam changni bosib turadi. Ibn Sino aytgan emishki, agar dunyosida chang bo‘lmasa, bandasi yuz yil yashardi.
Yigitlar, – hayron qolguday bir-biridan quvnoq, bir-biridan abjir, – ishdan yotoqxonasiga qaytayotganlarida, deyarli bari bir-bir yaqinlashib: otaxon, aroq to-piladimi, dedi. Bahrom chol biroviniyam betiga tik qaramay, xiyol qo‘rsroq ohangda: yo‘q, topilmaydi, dedi. Ana, do‘konda boshini yeb yotibdi!.. Ba’zilari esa haliginday pul cho‘zib, shipshidi ham: ertalabga ikki-uch yashik pivo olib qo‘ysangiz, avvalo o‘zingizga yaxshi bo‘lardi, otaxon. Bahrom chol keskin bosh chayqab: rosa ter to‘kib ishlagansan, bor, damingni ol, o‘g‘lim, dedi bariga. Manga nima yaxshiyu, nima yomonligini o‘zim bilaman. Davay!..
...to‘g‘ri-da!.. Ana, tag‘in bittasi yaqinlashayapti. Qistaloqlarning zuvalasi araq-sharobga qorilgan-de! Qani edi, loaqal bittasi bir piyola choy so‘rasa ekan. Yo‘q so‘ramaydi. Choyni o‘zbekka chiqargan.
Namchil yerni ship-ship bosib yaqinlashayotgan oyoq tovushining egasi, sal narida to‘xtab:
– Ates? – dedi, boshqacharoq ohangda.
Bahrom chol bezor bo‘layozgan edi, ovoz egasining ko‘zlariga ilkis tik qaradi: ko‘m-ko‘kkina; ustidan suv quyinib yuvinganigami, sochlarini chiroyli tarab, manglayi ustiga ko‘pirtirib qo‘yipti; yelkalari keng, mushaklari bo‘rtiq; egnida hali ohori to‘kilmagan, yengi kalta, bo‘zrang ko‘ylak, kulrang shim; oyog‘ida yangi “Sebo” – qo‘ng‘ir-tus, charm kavush; qaroqlarida esa bir o‘tinch, bir iltijo javdiraydi; yoshi – rahmatli Po‘latining yoshidan yo bir yosh katta, yo bir yosh kichik.
– Da, sinok?
– Pajaluysta, ates, do poluchki pyat rubley adaljite, a?
...besh so‘m. Besh so‘mga nechta araq beradi? – deb o‘yladi Bahrom chol, indamay, qo‘lini shimining kissasiga tiqayotib. – Ikkitami?.. Ikkita araq – gazagi bilan. 
– Na, – dedi Bahrom chol, bir hovuch pulning orasidan bitta besh so‘mlikni yigitga uzatib. – To‘lka ni pey, sinok?
– Net... net, ates! – dedi yigit, shodon kulimsib-jilmayib. – Eta mne ochen po vajnomu delu... Spasiba. Menya zavut Aleksandr. Ya... 
– Idi, sinok, idi. Mi ni chujiyi.
– Ye?yo raz vam balshoe spasiba. Day box vam!..
...zdarovya, dedimi? – deb o‘yladi Bahrom chol, yengilgina entikib. – Zdarovya nichevo, sinok. Lekin... yuragim yara, sinok, yuragim. 
Bahrom chol birrov yigitning ortidan qararkan, uning shunchaki yurib emas, huv narida yelka o‘girib turgan, ko‘ylagi qizil gulli, uzun etagi boldirlarini yopgan, somonrang sochlari yelkalari uzra mavj urayotgan bir qiz sari uchib borayotganday uzoqlashayotganini ko‘rib, ko‘nglida ajabtovur bir iliqlikni tuydi-da, nimadir deya asta shivirlab, jo‘mrakni buradi – suvni bo‘g‘di, so‘ng shoshilmay shlangni kartning ostiga yig‘ishtirib qo‘ygach, Olaboyni zanjirdan bo‘shatdi.
Olaboy suyunib, qo‘lini yaladi, so‘ng birpas to‘shini yerga tegizguday dam chapga, dam o‘nga ikki oyoqlab o‘zini otib, xo‘jasi bilan o‘ynashmoqchi bo‘ldi.
– Yaxshisan-da, Olaboy, – deb, Bahrom chol itining boshini silab-siypaladi. Tumshug‘ining ostidan tutdi. Ko‘zlariga qaradi: o, u n i n g k o‘ z l a r i !.. Va, shuning barobarida, Po‘latining qazosi kunlari Olaboy motamdorlardan qochib, bog‘ etagida bir necha kun yemish yemay, suv ichmay, oldingi oyoqlariga tumshug‘ini tiragancha, achchiq ayozlarda uzoq-uzoq chingsib, yum-yum yig‘lab yotganini esladi. – Sani bahoying yo‘q, Olaboy. 
...sanga rostimni aytsam, man Po‘latimni sog‘indim. Yomon sog‘indim, Olaboy. San-chi, san ham sog‘indingmi? 
Ushbu jumlalarni Bahrom chol ovoz chiqarib aytdimi yo dilidan o‘tkazdimi – bi-lolmadi: itini ergashtirib, qurilish maydonining orqa-oldini bir aylanib chiq-moqqa chog‘lanmoqda edi.
...hammayoq ochiq-sochiq. Ammo-lekin, shukur, odamlarning ko‘zi to‘q.

* * * 

...yoz o‘tdi. Kuz?.. Ku-u-uz!..
Hali tong otganicha yo‘q: xonada ham, tashqarida ham jimjitlik – tiq etgan tovush eshitilmaydi. Xonaning havosiga poldan hamda devorlardan taralayotgan bo‘yoq hidi, ohak hidi qorishib ketgan.
Fasllar bilan bog‘liq yuqoridagi parishon, og‘riqli fikrlar esa, ko‘zlari yumuq ko‘yi, Bahrom cholning xayolidan kechmoqda edi.
Yotog‘i o‘zgarganigami, qachon uyqusi qochganini Bahrom chol durustroq eslolmadi – biror soat avvalmi yo bir oz mizg‘iganidan keyinmidi – bilolmaydi – qush uyqu bo‘lib qolgan; ustiga-ustak – yaqindan beri esi ham kirdi-chiqdi. Har qanday tuppa-tuzuk odamni hayotdan bezdirguvchi bunaqa davosiz dardga saratonning jaziramasi avj olayotgan g‘alog‘ul kunlarda yo‘liqqan edi. 
...kuz ham adoqladi, – deb o‘yladi Bahrom chol, nihoyat, xayoliy o l i s l a r d a n kimlaridir, – onasimi, Po‘latimi yo Lolasimikan? – yorqin manzillar sari imlab chorlayotgandek tuyuldi. Ana o‘shandan so‘ng yarim mudroq, yarim karaxt uyqusi tamomila o‘chdi. Betoqat... behalovat chap yoniga o‘girildi. Lekin chap yoni bilan uxlasa, har xil noxush tushlar ko‘rar, shu bois, kamdan kam hollardagina – o‘zi bilmagan ravishda, chap yoniga uxlab qolar edi, shuni o‘ylab, garchi endi uxlayolmasligini bilayotgan esa-da, avvalgi holatiga qaytdi. Va, shuning barobarida, ayni yozning avji saraton kunlari mahallaning bog‘li-charvoqli hovlilarining bari yer bilan bitta qilinganligi yodiga tushib, xayolchan shivirladi: – Buyam bir o‘zicha zilziladan battar musibat-de!.. 
O‘shanda... jiyanlari chapdastlik bilan tomlarning suvog‘ini ko‘chirayotib, hamma-yoqni chang-to‘zonga chulg‘ayotganlarida, baridan, hatto o‘tmish azizlarining yodi-xotir-laridan ham mosuvo bo‘layotgandek, ko‘ksi tatalanaverib, ho‘ng-ho‘ng yig‘lagisi kelavergan, lekin har gal chakagi qaltirab, o‘z-o‘zini yupatgan: yig‘lama, Bahrom, yig‘lama!.. Joningdan aziz Po‘latingning oldida bir hovuch tuproq nima bo‘pti?!. Yig‘lama, azamat, yig‘lama!.. 
Ammo-lekin... osonmi – bir umrli g‘amkash... balokash boshpanadan ayrilayotgani yetmagandek, ustiga ustak – ko‘ngilning yanayam abgor bo‘layotgani-chi!?. 
Mana, shu tobda ham dimog‘i kuyishib, bo‘g‘ziga nimadir qadalayotganini sezayap-ti... Nazarida, chindan ham, eng azizlaridan qayta boshdan ayrilgandek – nimadir kam, nimadir yo‘q.
...yo‘q-da, yo‘q – hidmi... sharpami? 
O‘sha kunlari g‘arq pishgan olma, shaftoli, noklardan kotiba Larisaga, boshliq yigit – Ivan Vasilevichga, quruvchi-pardozchi yigit-qizlarga tog‘ora-tog‘ora, chelak-chelak eltib berdi. Bunaqasini kutmaganlaridanmi, ularning buvasidan xo‘rozqand undirgan boladay ko‘zlari chaqnab, irg‘ishlaganlarini ko‘rarkan, sal-pal og‘riqlarini unutganday... 
...e, qayog‘da!.. Pamildorilar, baqlajonlar, qalampirlar... – bari kunpayakun bo‘ldi-ku! Yolg‘onning nima keragi bor, – deb alamangiz dilidan o‘tkazdi Bahrom chol. – Odam o‘z-o‘zini aldayolmaydi-ku! 
Imoratning taxta-yog‘ochlari, to‘sinlari, eshik-derazalarini akasining to‘ng‘ichi, o‘g‘illari bilan kelib, ikki kun mashinada tashidi: ko‘p narsa ekan!.. 
Bahrom chol akasining to‘ng‘ichi Shokirjonni, vaqtiyi-zamonida, – Shokirjon bolaligida kasalvand, shungami, ko‘p yig‘loq edi, – mehri singganigami, hamon boshqacha ko‘radi. Ancha lash-lushlaru ashqal-dashqallarni ham bervordi. – Aslida, bandasiga kerakli tosh ham zarurku-ya!.. Ammo-lekin qo‘ymoqqa joy bo‘lmasa, turgan-bitgani g‘alva ekan. Ana, bir necha sandiq, ko‘rpa-to‘shak, gilam-palosu balo-battarlar – bari – bir xonani band qilib yotibdi. Erta bir kun ular ham... Albatta-de!.. 
Bahrom chol behalovatlanib, go‘yo hademay, uxlab qoladigan kabi ko‘zlarini ochmay, chalqancha yotdi.
Ha-ya, ortiqcha kiyim-kechaklarni Shokirjonning o‘g‘illariga bervorganidan ke-yin, o‘sha kecha bir tush ko‘rdi: yopiray, tushida – o‘g‘li – Po‘lati!.. Xuddi o‘tmagandek, ko‘z o‘ngida bor bo‘yi basti bilan namoyon bo‘lib, aniq-tiniq gina qilayapti: adajon, nima uchun do‘ppimni go‘rkovga bermadiyizlar, boshim sovuq qotvotti-ku!.. 
...sochi tusday qalin-a! Caratonda-ya?!. Yo tavba, bu qanaqasi?.. – O‘shanda tong otayozgan edi. Lahza kechib-kechmay, jonu jismiga o‘t ketdiyu, xomush-xayolchan to‘shakdan turib, odaticha, bosh-oyoq suv quyindi. Qiblaga yuzlanib, o‘g‘lining haqiga, o‘tmish barcha azizlarining haqiga duoyi fotiha qilgach, bir-bir sandiqlarni timirskilay boshladi. Qarasa, Lolasining bisot sandig‘ida buklab-taxlab qo‘yilgan oq ishton-ko‘ylak, ustida do‘ppi!.. Do‘ppi oppoq, shirriq qog‘ozga o‘ralgan, yonida ikki qulochdan mo‘lroq ipaksifat matoh... – Hay, Xudoyima-a!.. Boyoqish ona o‘g‘lining chimildiqda kiymog‘iga atab oq ishton-ko‘ylak, nikoh o‘qilayotgan mahalda boshiga qo‘ndirmog‘i uchun do‘ppiyu dastorlikni elburundan tayyorlab qo‘ygan ekan-da!.. 
O‘sha tong mahalida Bahrom chol sassiz-sadosiz yig‘lagan – selday quyilgan achchiq ko‘zyoshlarini tiyolmagan edi. Keyin – nonushtadan so‘ng, do‘ppiyu dastorlikni hamda ishton-ko‘ylakni bir ro‘molga tugib, qabristonga borgan; ko‘ngli sezgan ekanmi, go‘rkov yigit, paymonasi uzilgan birovga atab, o‘riklarning quyuq soyasidan go‘r qaziyotgan ekan; chavandozlarday boshini qizg‘ish bir belbog‘ bilan tang‘igan, egnida yengsiz, paxtali jujuncha, bilaklari, panjalari, yuzlari jiqqa terdan kir-chil... Salom-alikdan so‘ng, uzr-ma’zurini aytib, omonatni topshirgach, Lolasining, Po‘latining go‘rlari yonida uzoq o‘tirib, Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilgan edi. Qancha bo‘layapti shunga?.. Yo‘q – eslayolmadi. O‘g‘lining o‘tganigachi?.. 
...tavba, bo‘larkan-da!.. – Xayolidan ko‘tarilipti. Avvallari bunaqa emas edi. – E, nechanchi kunligining nima qizig‘i bor?! O‘g‘lim hamisha, har nafas dilimda-ku! Kuni kecha Shokirjonning to‘ng‘ichi – TashDUda o‘qiydigani – Shukurjon kelgan edi. Katta bir qopda kartoshka, sabzi, piyoz keltiribdi. Yaxshi bo‘ldi: ko‘ch-ko‘ronni ko‘chirishga ko‘maklashdi. Keyin, xufton mahali jiyani qaytayotganida: Olaboyni olaket, jiyan, dedi Bahrom chol, nochor-noiloj – til uchida. Ko‘rvossan-ku, jonivor tangu tor katalakda qiynalmasin... Rostisi, o‘g‘li papalab o‘stirgan itini – qadrdonini – birovga bergisi yo‘q, lekin bermaslikning ham iloji yo‘q-da!.. Jiyani aytdiki, o‘zlarida ikkita emish: biri – bog‘da, ikkinchisi – hovlida… 
...yo Xudo! – Erta bir kun itidan ham ayrilsa... – Uf-f-f!.. – Hatto, buni o‘ylash ham dahshat. – Keyin qanday yashayman-a? – Prapiskang sho‘tta. Bundan keyin man bi-lan yashayver. Sho‘ttan o‘qishingga qatnayverasan. Harna, bir qadam yaqin-ku, Shukur-jon, degan edi, jiyani mujmal javob qildi: mayli, amaqi. Ko‘ramiz. – Nimasini ko‘-rasan, nodon. Mishiqi! – deb shivirladi Bahrom chol, hazin entikib. – Xursand bo‘la-vermaysanmi – bari bugunmi-ertami o‘zingga qoladi-ku, noshukur. 
Nogoh, nimadir qitirladi.
Bahrom chol yalt ko‘zlarini ochib, quloqlarini ding qildi. Deraza tomonga oyog‘ini uzatib yotgan edi, osmonga qaradi: osmon yorqin binafsharangga do‘nipti.
...iy-e, tong otipti-ku! – Yana nimadir qitirlagani barobarida, itining g‘ing-shigani qulog‘iga chalindi. – Olaboy!.. Ayvonchaning eshigini tirmalavotti... Jo-nivor... Bu... bu katalak – manga ham, kenglikka, erkinlikka o‘rgangan jonivorga ham – qafas-de!.. Uf-f-f!..
Bahrom chol karavotdan oyog‘ini tushirdi. Lekin, dast turib ketolmay, bir muddat tek qotdi. 
Karavotning g‘ichirlaganini eshitib, Olaboy allatovur qisqa-qisqa – shodon – hurdi: vov-vov – bormisiz, xo‘jam?!.
– Hozir, Olaboy, hozir!..
Bahrom chol bilmadi-da, bari ana o‘shandan keyin boshlandi: bori ko‘rgilik zan-jir halqasiday bir-biriga ulanib ketaverdi: hademay ro‘y berajak g‘alvalardan be-xabar, ayvonchaning eshigini ochishi bilan, dimog‘iga noxush bir hid urilib, beixtiyor burnini jiyirdi.
...yaxshiyamki, derazalarning lang ochiqligi.
Olaboy esa, allaqachon har ikkala oldingi oyog‘ini xo‘jasining ko‘ksiga tirab, yuzlaridan, lablaridan, ko‘zlaridan yalab-yulqalamoqqa urinmoqda edi.
Bahrom chol keskin boshini orqaga tortib:
 – Olaboy! – dedi. – Sanga aytvomman, Olaboy-y?!.
Olaboy, xo‘p-xo‘p, tushundim, xo‘jam, deganday bir chingsib, oyoqlarini tushirdi-da, xo‘jasining qo‘llarini yaladi.
Bahrom chol mixdan zanjirni olayotganida, Olaboy hurib-o‘ynoqlab, dahlizga chiqdi. Xo‘jasiga qaramay, eshik tomonga yo‘rtdi.
Bahrom cholning xayoli parishon edi, Olaboyni zanjirlash esidan ko‘tarilib, eshikni ochdi.
Eshik ochilar-ochilmas, Olaboy o‘zini yo‘lkaga urib, yashasin – erkinlik, deganday baralla hurdi: hav-hav – yashang, xo‘jam!.. Va, zinapoyalardan bir sakrab, sho‘x-shodon hurgancha, ko‘cha eshikka otildi.
Zum o‘tmay, bir qizaloqning chinqirab yig‘lagani hamda paqirning daranglab dumalagani yo‘lkani tutib ketdi.
Daf’atan nimalar ro‘y berganini bilib-bilolmay, Bahrom chol – qo‘lida zanjir, nogahon yashin urganday bir lahza tek qotdi-yu, so‘ng ilkis ko‘cha eshik tarafga shoshildi.
O‘sha asnoda ro‘paradagi xonadonning eshigi shitob ochilib, ichkaridan uzun ishton kiygan, maykachan, ko‘ksini qalin jun qoplagan, qoshlari baroq, yoshi o‘ttizlardan o‘tgan birov otilib chiqdi-da, Bahrom cholga bir o‘qraygancha, zinapoyadan yugurib tusharkan, armanchalabmi, gruzinchalabmi, hovliqib yupatgancha, og‘zi-burnidan qon oqayotgan o‘n-o‘n bir yoshlardagi qizaloqni dast ko‘tarib, bag‘riga bosdi, tag‘in o‘zining tilida nimalardir dedi.
Hamon qizcha chinqirab yig‘lamoqda edi.
Bahrom chol zinapoya ro‘parasida ota-qizga yo‘l bo‘shatayotib, ko‘zlarida bir dunyo hadigu bir dunyo tavallo bilan:
– Sased – daragoy, ya benavat, – dedi. – Ne uspel... Izvinite, pajaluysta?.. 
Yuzlari rapidadek, qoshlari baroq qo‘shni yigit, qizini bag‘riga bosgancha, Bahrom cholga vajohat bilan o‘qrayarkan:
– Ya sechas tebe pakaju! – dedi so‘kinib. – Za takie shutki zaplotish... Suka!..
...o‘zing suka, – deb g‘udrandi Bahrom chol, emchaklari uzluksiz so‘rilaverganidan cho‘zilib ketgan bechora bir daydi qanjiq – s u k a – beixtiyor ko‘z o‘ngidan o‘tarkan, zinapoyadan tushayotib. – Ko‘rinmas balo oyoq ostida, deganlari shu-da, ko‘ramiz.
Bahrom chol – hanuz bir qo‘lida zanjir, xomush-xafagazak alfoz, paqirni o‘nglab, qo‘shnining sochilgan axlatlarini termoqqa tutindi. Endi hovuchidagi chiqindilarni paqirga tashlayotganida, qo‘shnining eshigi taraqlab yopildi; nihoyat, qizaloqning yig‘i tovushi o‘chdi. 
Va, hayal o‘tmay, Baroqqosh – qo‘lida qo‘shtig‘, Bahrom cholni devorga taqab, ko‘ksi-ga miltiqni qadadi: 
– Pryam seychas-je vizovyosh svoyu sabaku! – dedi. – Ya pri tebya prstirilyu yeyo. A to ti sam poluchish pulyu v lob. Yasno, tebe , gad?!.
– Ti menya ne pugay, sased, – dedi Bahrom chol, qilt yutinib, bosiq, lekin xiyol xirqiroq ohangda. – Ti sam gad. Ya ni iz tex puglivix. Panyatno tebe?
Baroqqosh bunaqasini kutmagan edi, birdan ko‘zlari qonga to‘lguday qizarib, kes­kin bir qadam orqaga tisarildi:
– Ax, gad! – dedi. – Ax, gad!.. 
Nogoh, shitob o‘rtadagi eshik ochilib, Aleksandr ko‘rindi. U uzun trusida, latta shippakda edi:
– Bahrom aka! – dediyu, otilib tushib, shartta Baroqqoshning qo‘lidan miltiqni yulqib oldi. Va, bo‘g‘ziga chang solib, shitob devorga taqadi. So‘ng, to Baroqqosh es-hushini yig‘volguncha, qulochkashlab miltiqni zinaning temir panjarasiga urdi: miltiq ustma-ust gumburlab, teng o‘rtasidan ikki bo‘lak bo‘ldi. 
Xayriyat, o‘qlar sochma ekan, hech kimga daf qilmadi. 
Shaqr-shuqr miltiqni Baroqqoshning qo‘liga tutqazayotib, Aleksandr:
 – Ey, ti – gad! – dedi. – Zapomni – raz i na vsegda: yesli ye?yo raz piknish Baxrom ake, pinay na sebe. Teper idi!..
Baroqqosh – qo‘lida bo‘lak-so‘lak miltiq, zinapoya tomon jilayotib:
– Ya s taboy pa raschitayus, – dedi, chakagi qaltirab. – A yevo pagannuyu sabaku se-ravno ubyu!.. – Uning ko‘ksida qizining og‘zi-burnidan oqqan qon qotib qolgan edi. – Ya... ya... eto tak ne astavlyu. Uchti: krepka zaplotish ti za vsyo eto!
– Kagda? – dedi Aleksandr. – Gde?!. – Shunday deb, qahr bilan bilagini tirsa-gidan bukib, cho‘qmorday mushtini ko‘rsatdi. – A vot etu ne xochesh?..
O‘q gumbirlagan zahoti Baroqqoshning xotini – do‘mboqqina juvon – jonhovri dahlizga otilib chiqqan edi: ko‘zlari ola-kula, sochlari to‘zg‘igan, uzun tunko‘ylakda; tunko‘ylagining bir yon bog‘ichi kiftidan pastroqqa osilib, momiqday ko‘kragi xiyol ko‘rinib turardi. 
Xotin, labi-labiga tegmay, nimalardir deb, javray boshlagan edi, Baroqqosh o‘zining tilida qahrchan bir gap aytib, darrov ortiga qaytardi.
Eru xotin ko‘zdan pana bo‘lar-bo‘lmas, taraqlab o‘rta eshik ochild-yu, Aleksandr-ning xotini ko‘rindi: u oldi ravaraq xalatda, oyoqyalang edi:
– Sasha! – dedi. – Sasha?!. – Nogoh Bahrom cholga ko‘zi tushib, ila-chila yoqasini yopdi. – Oy, Baxrom aka, shto s vami?
Bahrom chol – qo‘lida zanjir, devorga suyanib turgan edi. Indamadi.
– Vsyo v paryadke, – dedi Aleksandr. – Idi, ya seychas... Nu, idi-je?!. – Xotini iziga qaytgach, Aleksandr Baxrom cholga yuzlandi. – Alabay gde, Baxram aka?
Ro‘y bergan bedodlikdan Bahrom chol diltang, parishon edi:
– Olaboy?.. – dedi. – Olaboy na ulitse. Gulyaet. 
– Idyomte, ya vas pravaju, Baxram aka?
– Spasiba, sinok, – dedi Bahrom chol, ko‘cha eshik tomonga yurib. – Spasiba... – Bahrom chol ikki odim otib, to‘xtadi. Aleksandrga qaradi. – Vintovku jalka... – Yo‘lka Bahrom cholga judayam tanish porox hidiga to‘lib ketgan edi. – Va vsyom ya benavat.
– A vi ab etom ne dumayte, Baxram aka. Maxnite!..
– Da... Maxnutbi... 
...ax, qani edi, qo‘l siltashning iloji bo‘lsa?!. – Bahrom chol ko‘chaga chiqdi. Xomush borib, qo‘shgujum ostidagi supaga cho‘nqaydi. – Yaxshi bo‘lmadi.
Hali supa buzilmagan edi; ana, Olaboyning uychasiyam...
Kim ham buzardi. Buzsa, Bahrom cholning o‘zi buzadi. Shu kungacha buzmaganligi-ning sababi shuki, uycha – jonivorga boshpanalik qilarmikan, degan umidda edi. O‘ylab qarasa, uychaga ishonib, o‘g‘lidan bir tirik xotiraday aziz qadrdonidan ayrilib qoladigan: bunaqasi bir to‘ragan-da!.. Jonivor aqlli: iznsiz hech kimga, hech nimaga daf qilmaydi; juda boshqacha.
Olaboyning boshqachaligiga mahliyo bo‘lganidanmi, kecha – birinchi kuni – uyga olib kirgan edi. Endi esa pushaymon: boya ayvonchaga kirgisi kelmay, cho‘zilib, arang zanjirni mixdan olayotganida burnini jiyirgani ham shundan edi; qo‘shni qizchaning ola qoniga bo‘yalganiyu, miltiqning singani, mana, dard ustiga chipqon bo‘ldi. 
...baribir, tilsiz jonivor-da, – deb o‘yladi Bahrom chol. – Boshqa bir chorasini topish... Bunaqasi ketmaydi... Ketmaydi. 
Quruvchilar har uchala besh qavatli g‘ishtin binoning pardoz-andozini ham tugatganlaridan so‘ng, jo‘nab ketishlaridan avval shaharning kazolari, hukumat arboblari ishtirokida katta to‘y-tantana bilan, kalitlarni xonadon egalariga topshirgan edilar. Boshliq yigit – Ivan Vasilevich, endi toshkentlik bo‘lib qolayotgan o‘n chog‘li vakillari – yosh kelin-kuyovlar – qatorida, Bahrom cholga ham o‘sha tantana chog‘ida ikki xonali uyning kalitini hamda vasiqasini bergan, lekin Bahrom chol Olaboyini deb kuni kechagacha ko‘chmagan edi. Aslida haliveri ko‘chmoqchi emas edi-ku, lekin shishaday tonglarning ayozi... Har ne qilsa ham, kuz – kuz-da!.. Keyin, bir xayoli, mahalla o‘rnida qurilayotgan anavi to‘qqiz qavatlik uylarning qorovulligini qilmoqchi edi. Afsuski, ular temir-betondan ekan; qorovul kerak emas emish. 
...qarovullik bahonasida yana tunu kun Olaboy bilan... – Diltanglanib qisma-tini o‘ylarkan, ajab bir hikmat Bahrom cholning yodiga tushdi. – Nasib qilmadi-da, mashoyixlarning ham bilgani bilgan ekan.
Kecha, asr payti jiyani Shukurjon bir qop sabzi-piyoz opkelib qoldi-yu, chodirda bosilib yotgan lash-lushu ashqal-dashqallarni yangi qo‘shni yigitlar yordamida ko‘chirdi-qo‘ydi. Asl mahalladosh qo‘shnilar esa: nima, tobutim derazamdan chiqadimi, qavatli kataklari o‘zlariga nasib qilsin!.. – deb, har yoqlarga to‘zg‘ib ketdilar: birlari – Yunusobod tomonlarga, yana birlari – TashGRES taraflarga. 
...at-ta-a-ang! – deb o‘yladi Bahrom chol, erta bir kun qo‘ldan-qo‘lga lapanglab o‘tajak o‘z tobutini tasavvur etayotib. – El qatori men ham bir parcha yer olaversam bo‘lar ekan. Har bir ishning pushaymoni bor, deganlari shu-da!.. – Biladi, endi bari behuda. Harduri, qurama qo‘shnilarga ko‘nikishi kerak. Yaxshiki, uchala uyda ham o‘z farzandiday bo‘pqogan leningradlik navqiron oilalar bor – bir-biridan mehribon, bir-biridan kuyinchak yigitlar, qizlar. – Baraka topishsin!.. Lekin anavi Baroqqoshga o‘xshaganlar ham har yoqlardan oqib-yog‘ilib... Mahallada o‘g‘ri yo‘q edi, aroqxo‘r-pyanista yo‘q edi, buzuqi... yo‘q edi. Yo‘q... yo‘q!.. Endi... Oxiri baxayr bo‘lsin. Esizgina musulmonobod mahalla-ya!.. – Ayni o‘sha tobda sirma xalat kiygan lo‘ppi bir juvon, ana – sanga, mana – sanga, deyayotganday xiromon yurib, axlat tashlagani o‘ta boshladi. – Yo tavba, ertalabdan-a?!. – Bahrom chol yuzini chetga burayotib, nima uchun g‘ishtin supada cho‘nqayib o‘tirganligini eslarkan, beixtiyor Lolaginasining bir gapi quloqlari ostida jaranglab ketganday tuyuldi: biz qaddu qomativuzani, hatto, to‘pig‘ivuzaniyam otavuzadan yashirib o‘sganmiza. – Xudo rahmat qilsin baringni, Lolajon. Otangniyam. Omin!..
Xayolchan yuzlariga fotiha tortgach, Bahrom chol:
 – Olaboy, – dedi. – Olaboy!..
Jonivor, – ovozni eshitguday yaqin atrofda ekan, – halloslagan ko‘yi, yetib kel-di-da, cho‘nqayib, ko‘zlari chaqnagancha, xiyol kallasini burib qaradi: buyuring, xo‘jam?
– O‘zing yaxshisan-u, lekin... ba’zan oshirvorganing yomon-de! – Bahrom chol zan-jirning to‘g‘asini qayishning halqasiga o‘tkazayotganida, Olaboy qo‘llarini yalayotib, zanjirlamang mani, xo‘jam, deyayotganday mayin chingsidi. – Tushunsang-chi, man sani palakatdan qutqarishim kerak, Olaboy. Lekin qanday... qanday qilib? Aqllisan-ku, o‘zing yo‘l ko‘rsat?
Bahrom chol zanjirni uychaning yonidagi qoziqqa bog‘ladi. So‘ng uyiga yo‘l olayotib, endi paysalga solmasligi kerakligini o‘ylarkan, tuyqus xayolidan kechayotgan fikrlar o‘ziga ma’qulday tuyuldi: zopark qulaymi yo tsirk?
Sirk – uzoq; gavjum ko‘chalarni kezib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Tramvayga chiqsa bo‘ladi-ku, lekin... noqulay – katta shaharda mo‘ysafid odam, bahaybat itni yetaklab yurishi... Kulgili-da!.. Qishloq?.. Qishloq yanayam uzoq. Qishloqqa eltsa-ku, darrov ega topiladi. Negadir qishloqqa sira oyog‘i tortmaydi: sababi ham ma’lum, ham... noma’lum.
...yo‘q – ma’lum, – deb o‘yladi Bahrom chol, achchiq xo‘rsinib. – Ma’lum!.. Sirkdan ko‘ra, zopark ma’qul shekilli.
Bahrom chol Baroqqoshning uyi tomonga qaramay, o‘zining qiya ochiq eshigidan uy-ga kirayotib, agar iloji bo‘lsa, hayvonot bog‘ining qorovulligimi yo farroshligini olishni ko‘ngliga tugdi – ushbu niyati amalga oshsa, har qalay, Olaboyidan ayrilib qolmaydi.
...yaxshi-de, – deb o‘yladi Bahrom chol, go‘yo hali-zamon ishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyruq qo‘liga tegadigandek, shimining kamarini har qachongidan ham mahkamroq tortayotib – Yaxshi... yaxshi!..
Eshikni yopganidan so‘ng, Bahrom chol bir muddat nimasinidir unutganday tek qotdi, lekin nimaligini eslayolmadi.
Ko‘chaga chiqdi.
Allaqachon mahalla gavjum bo‘layozgan edi, birovlar ishiga, bolachalar maktabga shoshilayaptilar: ana, yasan-tusan ayollar, ikki bolacha esa hammadan oldinda, yelka-larida maktab jildlari, har ikkaloviyam kimo‘zarga yugurib ketyapti.
Xo‘jasining yaqinlashayotganini ko‘rib, Olaboy, – hademay, nafaqat xo‘jasi bi-lan, balki, umuman yorug‘ dunyosi bilan vidolashajagini bilmay, – shodon o‘ynoqlab hurdi: hav-hav – o, xo‘jam!..
Bahrom chol yaxshi biladi: hayvonot bog‘iga eltsa, jon-jon deb olishadi, lekin Olaboyni qiynashlari tayin: to‘p tepishni, yer qimirlagan tongda osmonga qarab nola qilganidek, – huv bir zamonlar Po‘latini tomoshaga eltganida, o‘zi guvohi bo‘lgan! – karnay-surnaylaru tomoshabin bolachalarning chapaklari ostida jonivorga ulib-ulib nola chekishni; tasqara bir masxaravoz minvolgan allambalo aravani tortishni; lovullab yonayotgan olovli halqalardan sakrashni... E, yana allaqancha burdi-balolarni uzun qamchi bilan savalab-savalab o‘rgatadilar. O‘shanda – ming yillar avval – Po‘lati bilan tomoshaga borganida havoni shuv-shuv kesib qarsillagan uzun qamchining tovushi, mana, shu tobda ham quloqlari ostida sovuq-sovuq qarsillayotgandek!..
...yo‘q, zopark yaxshi. Ishqilib... – O‘ylay-o‘ylay, nihoyat, Bahrom cholning qarori yanayam qat’iylashdi. – Mayli, moyana bermasangizlar ham mayli, deyman. Ana keyin – jon deyishadi. Albatta-de!..
Bahrom chol zanjirni yechayotganida, Olaboy oyoqlariga suykandi. So‘ng, qayoqqadir borishlari kerakligini bilib, ildam yo‘l boshladi.
Olaboyga yetib yurish uchun, Bahrom chol yanayam chaqqonroq odimlashi kerak edi:
– Olaboy, – deb, zanjirni ozorsiz siltadi.
Olaboy, to‘xtagisi kelib-kelmay, kallasini burdi: ha, xo‘jam?
– Qatga shoshvossan, jinni? A san qatga boravotganivuzani, nima uchun boravotganivuzani bilmaysan-ku!..
Shundan so‘ng sekin, yonma-yon yurib, katta yo‘lga chiqdilar.
Katta yo‘lda bir-biridan o‘zib, zuvillab yelayotgan mashinalar ham, yo‘laklarda shoshilinch ketib borayotgan yo‘lovchilar ham ko‘p edi.
...hamma qayoqqadir shoshvotti, – deb o‘yladi Bahrom chol, biri plashiga, biri paltosiga chulg‘angan ayolu erkak aralash-quralash yo‘lovchilarga xomush nazar solar-kan, bir lahzaga o‘z g‘ussasini unutib. – Shu-de, odamzot degani.
 Chorrahaga yaqinlashib qolgan edilar, orqadan mataseklini pat-patlatib yeldirib kelayotgan matasekilchi, Olaboyga birrov qaradi-yu, birdan tezlikni pasaytirib, besh-o‘n qadam narida taqqa to‘xtatdi.
Bahrom chol, garchi taajjublanayotgan esa-da, parvo qilgisi kelmadi.
Matasekilchi, – qo‘nji uzun etik kiygan, yoshi o‘ttizlardan o‘tgan, g‘o‘labirday yigit, – shartta tushib, qalpog‘ini o‘rindiqqa qo‘ydi-da, kulimsirab, Olaboydan hayiqmay, Bahrom cholga dadil yaqinlashaverdi.
Olaboy, noxush nimanidir sezganday yovqur irillab, matasekilchiga tishlarini ko‘rsatgach, yorib tashaymi, xo‘jam, deganday Bahrom cholga qaradi.
– Olaboy, – dedi Bahrom chol, shoshma-chi, deyayotgandek, jonivorning kallasini silab. – Jim!..
Ikki-uch qadam qolganda, matasekilchi:
– Assalom alaykum, amaqi! – deb, eskitdan qadrdonlarday ko‘ngilchan jilmayib, qo‘lini uzatdi. – Itiyizga suqim tushdi, amaqi.
 Bahrom chol alik olayotib, matasekilchining qo‘li kattaligini, kafti qattiqligi-ni sezgan edi:
– Siz it urushtiradiganlardanmassiz, – dedi. – Dehqon bo‘lsayiz kerak.
– To‘g‘ri topdiyiz, amaqi, – dedi matasekilchi, yanayam jilmayarkan, Olaboyning kallasini siypalab. – Bog‘bonman... bog‘bon! Rohatti bo‘yida kotta bog‘im bor, polizim bor. Itiyizzi manga soting, amaqi?
– E, nima devossiz?! – dedi Bahrom chol. – Sotmayman. Yo‘q... yo‘q. Zoparkka ber-gani opketvomman.
– Parodasi olaboy bo‘lsa kerak-a?
– Otiyam Olaboy, – dedi Bahrom chol, uyga... uyiga iti sig‘maganligini aytib. Yana ko‘p gaplarni ham hangoma qilgisi keldi-yu, gapirmay qo‘ya qoldi: begona birov tu-shunarmidi. – Domga ko‘chib o‘tdim. Noilojman.
– Manga qarang, amaqi, qo‘lingizni bering? – deb, matasekilchi Bahrom cholning qo‘lini mahkam siqib, kaftini ko‘ksiga bosdi. – Iltimos, sazammi o‘ldirmang, amaqi, manga bering shu Olaboyizzi? Toshkan bozorlariga birinchi bo‘lib man qovun-tarvuz olib chiqaman. Oloyning eng shirin-shakar mevasi maniki: o‘rik deysizmi, olma deysizmi, shaftoli yo anor deysizmi – baridan manda bor. Qishin-yozin meva-chevangizni o‘zim yetkazib turaman. Manga adresizzi ayting, amaqi, iltimos?... Iltimos-de, amaqi?!. Ayting, amaqi, ayting-ayting?
– Domim ana: huv anetta, – deb, Bahrom chol boshi bilan ishora qildi. – Ana, o‘r-tadagi dom. Bo‘ttan ko‘rinmavotti. Huv ana, qo‘shqayrag‘ochchi oldida. Ko‘rvossizmi?..
– Domiyizzi o‘zim topvolaman, amaqi, – dedi matasekilchi yigit, zanjirga qo‘l uzatib. – Zoparkka berganiyiz bilan birov sizdan minnatdor bo‘larmidi. Manga bering, amaqi, manga?.. Olaboyiz bahonasida ota-o‘g‘il bo‘lib qolavuza. Mani Po‘lat payvand deydila. Payvandchilikning ustasiman: tarvuzzi – jangalga, yantoqqa – qovunni payvand qilaman. Hali man olib keladigan qovun-tarvuzlardan yeb ko‘rganiyizda o‘ziyiz ham aytasiz, amaqi!..
...oti Po‘lat ekan. Po‘lat, – deb o‘ylamoqda edi Bahrom chol, endi Po‘lat pay-vandning gaplarini aniq-tiniq eshitib-eshitolmay. – Po‘latjon... O‘g‘lim!..
Qarasa, zanjir Po‘lat payvandning qo‘lida, qachon berib qo‘ygan – bilmaydi; Olaboy – o‘rtada – cho‘nqayib o‘tiribdi: dam Po‘lat payvandga, dam Bahrom cholga jav-dirayotganday tikiladi: ha, xo‘jam, nima qivossiz o‘zi?!.
– Manda shunaqa bir zo‘r qanjiq bor, – dedi Po‘lat payvand, tag‘in Olaboyning kallasini silab. – Uyam olaboy naslidan. Shu yil mayda Chimkentga erta pishar o‘rikdan oborganimda, qozoqlardan opkeganman. Juda xohlasayiz, bahorda sizga bolasidan opkelaman. Maylimi, amaqi, berasiz-a?..
...to‘g‘ri aytvotti, jonivor o‘zidan ko‘paysin, – deb o‘yladi Bahrom chol, erta kuz kunlari daydi qanjiqlarga Olaboyning zanjirni uzguday otilganlarini eslab. – Zoparkka eltib, jonivorni temir qafasda chingsitgandan ko‘ra... 
– Bo‘pti, – dedi Bahrom chol, allatovur shavqsiz kulimsigan ko‘yi, bosh irg‘ab. – Sizga nasib qilgan ekan, Po‘latjon. 
– Yashang, amaqi! – deb, Po‘lat payvand Bahrom cholning kiftidan quchdi. – Xudo xohlasa, bundan keyin siz bilan ota-o‘g‘il bo‘lib qolovuza... Yur, jonivor, yur!..
Olaboy joyidan jilmay, g‘ingshib, Bahrom cholga qaradi: ha, xo‘jam, bu qanaqa-si?!.
– Manga bering? – dedi Bahrom chol, Po‘lat payvandning qo‘lidan zanjirni olib. – Boshlang.
Olaboy Bahrom cholga ergashdi.
Bahrom chol kajavaga chiqdi. O‘rindiq tomonga o‘tdi.
Xo‘jasining ortidan Olaboy bir sakrab, kajavaga ko‘tarildi; o‘rindiq tomonga o‘tmoqchi bo‘lganida, Bahrom chol yo‘l bermay, zanjirni Po‘lat payvandga uzatdi:
– Kajavaning tutqichiga bog‘lang!..
Olaboy katta emasmi, kajavaga sig‘madi. 
Bahrom chol jonivorning belini mayishtirib, orqa oyoqlarini kajavaning oyoq uzatadigan tomoniga bir amallab o‘tkazdi.
Olaboy orqa oyoqlariga chor-nochor cho‘nqaygan kabi oldingi oyoqlarini o‘rindiqqa tirab, tag‘in zorlanayotganday chingsidi: xo‘jam?.. Hoy, xo‘jam?!.
Bahrom chol Olaboyning allatovur javdirayotgan ko‘zlariga qaramoqdan yuragi bezillab:
– Xayr, Olaboy! – dedi, beixtiyor ovozi boshqacha tovlanib. – Mandan rozi bo‘l, qadrdonim?..
Nihoyat, Po‘lat payvand, shitob matasekilini patillatib, xushhol o‘rindig‘iga o‘tirarkan:
– Ishonavering, amaqi, hali Olaboyingiz sizni ko‘p duolar qiladi, – dedi. – Bo‘pti, amaqi, xayr!..
Matasekil keskin siltanib, joyidan jildi.
Olaboy nimalar bo‘layotganligini anglayolmay, avval g‘alati vangilladi, so‘ng xo‘jasidan ko‘zlarini uzolmay, qattiq, qahrchan hurdi-da, birdan bor kuchi bilan otil­di.
Yurak hovuchlaguday bir titroq bilan Bahrom chol barini kuzatib turgan edi, Olaboyning jonhovri osmonga sapchiganini ko‘rgan zahoti, chirt ko‘zlarini yumdi. Va, lahza kechib-kechmay, yalt ko‘zlarini ochdi-yu, ko‘rayotganlariga ishonolmay-ishongisi kelmay, bir zum, bir lahza qotdi-qoldi: Olaboy – jonivor, yo‘l bo‘yida oyoqlarini cho‘zib, ana, jimgina yotibdi.
Bahrom chol lolu ma’lul itiga yaqinlashdi. Cho‘nqayayotib, jonivorning og‘zidan qon oqayotganini ko‘rdi:
– Olaboy, – dedi asta, tobora bo‘g‘ziga nimadir qattiqroq qadalayotgandek, qilt yutinib. – Olaboy?..
Bahrom chol itining kallasini ko‘tarmoqchi bo‘ldi, lekin bo‘yni uzilgan shekilli, shilq etib osildi.
...tamom! – Bahrom chol, ko‘zlarida jiqqa yosh bilan, huv narida hamon matasekilidan tusharini ham, tushmasligini ham bilolmay, angrayib turgan Po‘lat payvandga qaradi. – Nima qilib qo‘yding?.. 
Xuddi it egasining alam bilan qarashini kutayotgandek, Po‘lat payvand sekin matasekilini jildirdi; katta yo‘l serqatnov edi, hayal o‘tmay, mashinalar oqimida ko‘zdan yitdi.
...ax-x!.. – Bahrom chol behud Olaboyiga o‘girildi: haligina ko‘zlari qop-qora ko‘zmunchoqday edi, endi ko‘m-ko‘k – sovuq, shisharang tus olipti. – Huv o‘shanda Po‘latining jonsiz – ruhsiz – ko‘zlarini silab-silab, arang yumdirolganligi yodiga tushdi. Qo‘llari mayin titramoqda edi. Olaboyning ko‘zlarini ozorsiz silab-siypalay boshladi. – Yo‘q, behuda. Endi man bu ko‘zlarni... Po‘latjon?.. – Iloyo, chin dunyosida bizga yorug‘ yuz bilan diydorlashmoq nasib etsin, bolajonim, degan yoniq bir tavallo dilidan kechdi. – O‘g‘lim, ko‘rvossan-ku, O‘ z i shohid, man Olaboyingni asrayolmadim.
Po‘latining qazosi kunlarida Olaboyning motamdorlardan qochib, bog‘ning eta-gida, achchiq ayozlarda bir necha kun yemay-ichmay, bot-bot chingsib, dam-badam osmonga qarab uluganlari; keyinroq – erta kuzak kunlari – gala-gala ko‘ppaklarni izidan ergashtirgancha izg‘igan qanjiqlarga zanjirni uzguday betoqat talpinib-talpinib hurganlari bir-bir Bahrom cholning xayolidan o‘tarkan, ko‘zlaridan oqayotgan qaynoq yosh tomchilari yuzlarini kuydirib, mo‘ylovini oralamoqda edi.
...Olaboy... Olabo-o-oy!.. 
Uzoqdan tramvay taraqlab yaqinlasha boshladi.
Biroq, Bahrom chol nimanidir ko‘radigan, nimalarnidir eshitadigan ahvolda emas, hamon Olaboyning ko‘zlarini asta, behud silab-siypalamoqda edi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.