OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nosirjon Jo‘rayev. Kunning oxiri (hikoya)

Yirtiq paypog‘ini kiyayotgan onam meni ko‘rmasin deb narigi yoqqa o‘girilib oldi. Men esa kuzatib, sezib o‘tiribman — uning ko‘ziga yosh keldi. Yig‘laganini bildirmaslik uchun paypog‘ini kiyib bo‘lgach ham birpas o‘sha alpozda o‘tirdi-da, keyin menga qaramay qo‘zg‘aldi. O‘zini xushnud ko‘rsatishga urinib:
— Bugun maosh olaman, o‘g‘lim! — dedi.
Men faqat jilmayib qo‘ydim. Eh, koshki, anglamasam ekan onamning bu so‘zlarida shodlikdan ko‘ra qat-qat alamning, dardning nafasi borligini. Bir oy tinmay ishlab oladigan haqi kunda olinadigan ikkita nonning uchta bo‘lishiga yetmasligini ikkalamiz ham yaxshi bilamiz-ku. Baribir u o‘zini dadil tutadi. Onam ko‘chada har kun har tur kiyinadigan o‘zi tengqur ayollarni ko‘rmaydi, hashamatlar haqida soatlab maqtanadigan satanglarni eshitmaydi, yillab bir xil ko‘ylak kiyib yurishdan or qilmaydi. U faqat meni ko‘radi, meni biladi, yolg‘iz o‘g‘lini. Onam bir narsadan yomon qo‘rqadi. Endigina aqli to‘lishib, murti sabza urayotgan jigarbandining hamma-hammasidan erta sovib qolishidan hadik tortadi.
— O‘qishingga kech qolmagin, bolam! 
Onamning qaltiroq tovushi meni seskantirib yubordi. Shu titroq tovush esimni taniganimdan buyon qulog‘imda jaranglab keladi. 
“O‘qishingga bor” degani uning mendan kutayotgan jamiki orzu-umidlarining yig‘indisi ekanini, shu gapi “Bor umidim sendan, o‘g‘lim” degan o‘tinchga, iltijoga teng ekanini yosh ko‘nglim bilan his qilaman.
Onam odaticha devorlari sho‘rlashgan shu qadrdon uyimizga tikilib-tikilib qaraydi-da, sumkasini qo‘liga oladi. Qaydam, ehtimol har safar uydan chiqayotganda shu ostonaga omon qaytishini, unga kuch va umid beruvchi o‘g‘lining yoniga tezroq kelishini tilar. Sumkasiga ko‘zim tushib ezilaman. Olinganiga o‘n yillar bo‘lgan bu sumkaning hammayog‘i titilib, ko‘rimsiz holga kelgan. Hozir bunaqa matohni onamdan bo‘lak hech kim tutmaydi.
Onamning ham hamma narsaga havasi keladi, ko‘p narsalarni istaydi. Lekin barini mening ertam — o‘qishim, ishlashim, yaxshi pul topishim bilan bog‘laydi. Uning uchun eng shirin, osuda hayot — mening huzurim.
Ammo bularning birontasiyam bo‘lmasa-chi? Mendek devonadil o‘g‘lining bu umidvorlikka qurbi yetmasa-chi? Unda erta qariyotgan umrini yolg‘iz menga sarflagan mushtiparning mukofotini kim beradi? Tuproqqa ko‘milgan havaslarning haqini kim to‘laydi, yarim ko‘nglini kim butun qilarkin? Meni shunday savollar endi-endi rosmana qiynay boshladi.
Onam ketganidan so‘ng men ham ko‘chaga chiqib ketdim...
...Kechqurun hayotimda ilk bor uyga onamdan keyin kirib keldim. Uning xavotirini — meni yo‘qotib qo‘ygan yuragining potirlashini otamdan keyin bir yildayoq so‘lib bo‘lgan chehrasiga bir qarashda sezdim. Jovdirab turganicha qotgan onamning yoniga bordim. Mushtimda siqilib, g‘ijimlangan pullarni asta uzatdim. U mening bir kunda qadoq bog‘lagan, shilingan kaftlarimga, kulib tursam ham horg‘in ko‘rinayotgan yuzimga boqib barchasini tushundi. Meni bag‘riga mahkam bosib uzoq, juda uzoq yig‘ladi.

2003 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.