OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nosirjon Jo‘rayev. Nuroyim (hikoya)

O‘n uch yil deganda Nuroyimdan xat oldim. Yozuvi juda qisqa — “Shoirim, rahmat. Kitobingizni o‘qidim” degan gap edi. Maktubning oradan shuncha yil o‘tib yozilganiga, meni qanday topib kelganiga hayron bo‘lmadim. Faqat hanuz o‘z kuchini, qadrini zarracha yo‘qotmagan “shoirim” degan so‘z dilimni o‘rtab yubordi. O‘rtamizdagi hamma xotirani bor bo‘yi bilan ko‘rsata oluvchi shu birgina so‘z edi. Mana, hozir gulqog‘oz to‘shalgan yozuv stolim ustidagi konvert, ikki enlik xat meni tag‘in ulkanlashtirib, dunyodan kechgudek holga olib keldi. Derazamdan daraxtlarning eng uchi, qator uylarning tomlari osha bu yerdan judayam olisdagi qishloq tomonga qaradim. Yana Nuroyimdan boshqani o‘ylamay qo‘ydim.
O‘sha yili maktabimizga yangi qiz kelganini hammadan oxiri bildim. Ammo ko‘ngli-yu vujudi bilan tamoman o‘zgacha, ehtimol, mening ko‘nglimdagidek qiz ekanini eng oldin ilg‘adim. O‘ylaganlarim rost keldimi, juda qattiq sevishib qoldik. Yuzi tiniqligidan qoshlari nihoyatda qora ko‘rinadigan bu qiz ikki yilcha hayotimni to‘ldirib yurdi. O‘qishni bitirar yilimiz o‘z niyatimni o‘zgartirishga majbur bo‘ldim. Unga uylana olmasligimni ro‘y-rost tushuntirdim. Tushundi. Tushungani uchun ham hamon ezilaman. So‘nggi ko‘rishganimizda:
— Meni o‘ylab, boshqa siqilmang, — dedi.
Indamadim. Tag‘in gapirdi:
— Baxtingiz hali yo‘lingizda.
— Sizniki-chi?!
— Mening baxtim bugungacha bo‘ldi.
Men boshqa so‘z topolmadim.
Endi esa imkonlarim yetarli. Yaxshi yashashni, ko‘p pul topishni uddalayman. Hattoki, kitob chiqardim. Biroq bundan o‘n yillar narida topilmagan qurbim hali-hanuz yo‘q.
Shahardan onamning uyiga kelgunimcha kech tushdi. Devorlar eskib, nuraganidan tor ko‘chalarda tuproq ko‘paygan. Onam yilda bir keladigan o‘g‘lini ko‘rib xursand. Men esa uning tezroq holi qolishini kutaman. Yarim kechada og‘ir boshimni onamning tizzasiga qo‘ydim. Gapi tugashini poylab, keyin so‘radim:
— Aya, Nuroyimni tanirdingiz-a?
— Qo‘shni qishloqlik sinfdoshingmi?
— Uniyam bolalari katta bo‘lib qolgandir.
Onam gapirmay qo‘ydi. Keyin oppoq boshini tebratib, chuqur izlar bosgan yuzini siladi.
— Bolam, u bechoralar bir yaxshi yashayotgandi. Hech kim sababini bilmay yaqinda ajrashib ketishdi. Esiz-a, shuncha yillik turmush.
Vujudimga og‘riq kirdi. Xayolimda to‘rt dona so‘z aylana boshladi.
“Shoirim, rahmat! Kitobingizni o‘qidim”.

2002 yil

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.