OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Barhayot murda (hajviya)

O'lgan odamning to'satdan qayta tirilib, lo'p etib hayotga qaytishi ancha ovoragarchiliklarga sabab bo'larkan. Afg'onistondaligimda bombardimonda qolib, kontuziya bo'lganman, shunga kalla ancha noboproq. Ikki kundan keyin meni tuproq ostidan topishib, gospitalga jo'natishgan. U yerda ikki oy davolanib, uyga qaytdim. Aeroportda bir kirakash tanishimdan o'zimning afg'on jangida bevaqt halok bo'lganimni eshitdim.

-Qirg'ingni  o'tkazishganiga ancha bo'lib qoldi, -dedi tanishim. -Hay mayli, yur, uyingdagilar tirilgan murdani ko'rishsa, menga kattaroq haq to'lashar. Faqat oldin ularni ogohlantirib chiqaman, yana qo'rqib yurishmasin...

Uyga keldik. Kirakash uyga kirib chiqqach, ichkaridan yov quvganday hamma oyoqyalang yugurib chiqdi. Xotin meni ko'rib bor bo'yicha o'zini yerga tashladi. Qolganlari talmovsirab haykalday qotib qolishdi. Keyin ins-jins emasligimga ishonch hosil qilishdi shekilli, hovli quvonchli qiy-chuvlarga, shodon yig'i-sig'ilarga to'lib ketdi. Birpasda tumonot odam yig'ildi, qo'y so'yilib, sadaqa berildi. Ma'raka tugagach, meni ko'mishgan qabristonga bordim. O'zingning qabringni o'zing tomosha qilsang, juda g'alati bo'larkan. Qabrim ustiga betondan tosh o'rnatishibdi, uning tepasida esa temir yulduz. "Afg'onistonda internatsional burchini bajarayotganida halok bo'lgan", -deb yozib qo'yilgan. Xo'rligim kelib ketdi. Shu payt orqamda birovning tomoq qirgani eshitildi. Ko'zimni shosha-pisha artib o'girilib qaradim. Tepamda hech narsadan bexabar qabriston qorovuli turardi. U indamay yonimga o'tirdi-da, Qur'ondan tilovat qildi. Fotiha o'g'ilgach, cho'ntagimdan 10 so'm olib unga uzatdim.

-Yaxshi yigit edi rahmatli, -dedi qorovul pulni olayotib. -Nima, qarindoshi bo'laa... -birdan uning ko'zi ko'zimga tushib ola-kula bo'ldi, gapi og'zida qolib, rangi og'ardi. Tili kalimaga kelmay "la.., la.., la..." dedi-yu, keyin voy-dod, deya baqirib qochib qoldi. Orqasidan borsam, duo o'qib, o'ziga dam solib o'tirgan ekan.

-Ergashmisan, -dedi u ovozi qaltirab, -yo arvohmisan? He, padari la'in, sen o'lgan eding-ku, gumburbosh? Go'rga sani temir tobutingni o'z qo'llarim bilan qo'yganman...

-Men ham shuni so'ramoqchiydim, go'rga meni qo'yganmiding, yoki boshqanimi? - Qorovul sal jonlandi, suv ichib, tomog'ini ho'llab biroz o'ziga keldi. Keyin u yoq-bu yog'imni ushlab ko'rdi.

-To'g'risini aytsam, o'shanda voyenkomatdagilar temir tobutni ochirishmagan, bildingmi? -dedi u ovozini pasaytirib, u yoq bu yoqqa alanglab. Lekin men ham anoyi emasman, qabrga qo'yayotganimda tunuka tobutning bir tomonini bolta bilan ochib paypaslab ko'rganman, latta-puttalardan boshqa hech narsa yo'q edi...

Harbiy komissariatda o'zimning tirikligimni isbotlash uchun bir hafta ovora bo'ldim. Hisobga oladigan qizcha ro'yxatlarni uzoq titkilab: "Bu odam ikki oy ilgari o'lgan", -deya hujjatlarimni qo'limga qaytarib berdi. "O'sha odam menman, mana, qarshingizda turibman", -desam ham ishonmaydi. "o'lgan odam qanday tirilib keladi, boring, boshimni qotirmang", -deydi. Oxiri komissarning oldiga kirdim.

-Xo'sh..., dedi voyenkom ko'zoynagining tepasidan bir menga, bir hujjatga qarab. -Tirik ekansanda-a? Biz bo'lsak qancha ovora bo'lib pul sarflab mozoringga tosh qo'ydirib yuribmiz. Endi toshning pulini to'laysan, ZAGSdan tirikliging haqida ma'lumot olib kelasan. Keyin uchyotga qo'yamiz...

Tirikligimga guvohlikka o'tish uchun ZAGSga onam bilan xotinni olib bordim. Keyin  yangi pasport olish uchun yugurdim.

-O'lgan odamga pasport berolmaymiz, -dedi pasport stoli boshlig'i, kapitan. -Kim biladi, balki josusdirsan. Prokuraturadan spravka olib kel, keyin pasport olasan...

Prokuraturadagilarga kimligimni uzoq tushuntirishga to'g'ri keldi. Tergovchi xotinni, ota-onamni yuzlashtirishga chaqirdi. Ular mening men ekanligimni tan olishganidan keyin barmoq izlarimni olishdi, hech qayerga chiqib ketmaslik haqida tilxat berdim.

-Qip-qizil jinoyatchiga aylanib qoldim-ku, -ojizgina e'tiroz bildirishga harakat qildim.

-Qoidasi shunaqa, -dedi tergovchi. -Sizning ishingiz hali holva, biz vaqtida qor bosib, moshinaning ustiga yiqilib tushgan daraxtga ham jinoiy ish qo'zg'atganmiz, qolganini sud hal qiladi...

Xullas, sudgacha bo'lgan uch oy mobaynida mening tarjimai holimni surishtirib, ilma-teshik qilib yuborishdi. Harbiy qismdan, gospitaldan xatlar olindi, beshta notanish odamlarning ichiga qo'yishib, meni qo'shnilarga ko'rsatishdi, bor mahorat va hunarlarini ishga solishdi azamatlar. Lekin maqsad mening men ekanligimni aniqlashmi, yoki josus sifatida fosh qilishmi, shunisini tushunolmay qoldim. Qabrimni eksgumatsiya qilishdi-qabr toshini sug'urishib, temir tobutni ochishdi. Unda haqiqatdan latta-puttadan boshqa hech narsa yo'q ekan. Qabr toshini uyga olib borib qo'ydim-baribir bir kun kerak bo'lib qoladi-ku! Keyin sud bo'ldi. Bir qancha guvohlar qatorasiga so'roq qilinganidan keyin sud mening tirikligim haqida hukm chiqardi.

-Sud hukm chiqaradi, -dedi bunday chalkash holatga duch kelmagan rais ishonchsiz ohangda. -o'tgan olti oy mobaynida o'lik deb hisoblanib kelingan Ergash Tirkashev aslida tirik bo'lib chiqqanligi uchun tirik deb hisoblansin. Unga sud zalidan tirikligi to'g'risida guvohnoma topshirilsin. Olti oy mobaynida tiriklar hisobida bo'lmaganligi tufayli ushbu muddat sobiq marhumga ish staji sifatida qo'shib berilsin, -qalay, bopladimmi, deganday sud raisi o'z hukmidan mamnun tirjayib qo'ydi. - Sud hukmidan norozi bo'lgan tomon o'n kun muddat mobaynida kassatsiya tartibida shikoyat qilishi mumkin...

Ana shunday qilib narigi dunyo propiskasidan o'chib, yana bu dunyo propiskasiga o'tib oldim. Hozir endi yuribman chorig'imni sudrab tirikchilik tashvishida. Hech kimga o'ligimam, tirigimam kerak emas.  Undan ko'ra tirik o'lik bo'lganimda yaxshi edi, hammaning e'tibori menda edi, deb o'ylab qo'yaman ba'zida.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.